OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. O‘n sakkiz yoshing (hikoya)

Ne ajab, chun sarvinozim o‘n sakiz yoshindadir. 
O‘n sakiz ming olam oshubi agar boshindadir
 Navoiy


O‘n sakkizga kirgan odamning ko‘ziga olam jilva qiladi. Kamalakning yetti rangidan yetmish ming rang yasaydi. Echkining yoqimsiz ma’rashi ham qulog‘iga bul-bul navosi bo‘lib kiradi. Yulduzlarga qo‘li yetadi, tubsiz ummonlar tizzasidan keladi.
O‘n sakkizga kirmabsiz, dunyoga kelmabsiz!
Mana, o‘n sakkizga kirganlardan biri kattakon terak tagida xayolchan turibdi. U hali shu yoshga yetib og‘ziga ichkilik degan narsani olmagan. Ammo qip-qizil mast. Ovozi do‘rillaydi, husnbuzar toshgan yuzlarida bir chiroyli xayol izlari bor. Mana shu bolaning o‘n sakkizga kirganiga bugun roppa-rosa to‘rt oy bo‘ldi. Shu yoshga kirdi-yu, shunaqa xayolchan, bo‘lar-bo‘lmasga xo‘rsinadigan, kechasi oyga qarab o‘zicha she’r to‘qiydigan bo‘lib qoldi.
Keksalar! Siz ham shu yoshingizni eslang!
Qishda sarimsoq piyoz yegan odamning og‘zidan ko‘klam jalasi quyib o‘tgan terakzorning isi keladi. Siz ham bolaligingizni eslasangiz unutilgan muhabbat yana tug‘yonga keladi. Mana shu xo‘rsinib turgan, yuziga husnbuzar toshgan yigit sizsiz, shu sizning o‘n sakkiz yoshingiz.
Yigitcha xo‘rsinib turgan ko‘chaning bu ko‘chaning bu betida baland imorat bor. Ikkinchi qavatning balkonida yaqinda o‘n sakkizga kirgan bir qiz kaftini iyagiga tirab o‘tiribdi. O‘zi uncha chiroyli emas, ammo o‘n sakkizga kirgan qizning xunugi bo‘lmaydi, buni bilasiz. Bechora qiz kelin ayasining pardoz qutisini titkilab yo‘lakda yuziga upa surayotganida akasi kelib qolib bir tarsaki yeganidan, yonidan bir juft kino bileti chiqib qolib gap topib berolmay dovdiraganidan uning necha yoshga kirganini bilib turgandirsiz. Bunaqa ish o‘n sakkizga kirgan qiz bolaning qo‘lidan keladi.
E, ayajonlar! Ko‘chadan kuyovnavkar o‘tsa qavib turgan ko‘rpangizni supada qoldirib devordan qaraydigan, buvijonlar, ha, nima, o‘n sakkizga kirmay hatlab o‘tib ketmagandirsiz. Kulmang, o‘zlaringiz ham xuddi shunaqa bo‘lgansiz. yig‘lagansiz, kulgansiz, xo‘rsingansiz, do‘rillagan ovoz eshitganingizda yuragingizda ot o‘ynagan.
Yo‘l o‘rtasida ezmalanib gaplashib kelayotgan ikki keksa o‘tib ketgandan keyin, yigit jadal yurib balkon tagiga keldi. Uning sharpasini sezgan qiz barmog‘ini lablari ustiga ko‘ndalang qo‘yib qoshlarini kerdi-da, chiroqni o‘chirib g‘oyib bo‘ldi. Zum o‘tmay, u yigit oldida paydo bo‘ldi. Hamma yoqni atir hidi tutib ketdi.
Ikkovi indashmay yo‘l yoqalab ketaverishdi. Anhor tomonga burilishayotganda qiz majnuntolning osilib yotgan novdasidan barglarni qisimida sidirib oldi-da, yigitning ustidan sochib yubordi. Yigit undan qasdini olmoqchi bo‘lib intilgan edi, qochdi. Ko‘prikka yetmay yigit uni tutib, bag‘riga bosib, o‘pib-o‘pib oldi. Qiz uning quchog‘idan yulqinib chiqib, katta xarsangga o‘tirib qoldi.
— Shunaqasan-da, Anvar,— dedi qiz undan o‘pkalagandek kulib.
Anvar unga yaqin kelishga yuragi dov bermay sal nariroqda xansirab turardi.
— Bo‘ldi, endi — dedi qiz jiddiy ohangda. —Endi nima qilamiz. Juda boshim qotdi-ku. Aytdim-ku, sen bilan mendan kinoartisti chiqmaydi, deb.
Anvar qo‘l siltadi.
— Ko‘risholmaydi, rejissyorining gapini qara, ilm kerak, deydi. Nima o‘ninchini bekorga bitirib qo‘yibmizmi? Rolni bersinu o‘ynaganimizni tomosha qilaversin. Mayli, kimligimni ularga ko‘rsatib qo‘yaman. Qurilishga boraman. Sen nima qilasan? Senga nima, sendan artist chiqadi. Sal kunda xizmat ko‘rsatgan artist Umidaxonim Boltaeva bo‘lib ketasan.
Umida sharaqlab kulib yubordi.
— E, omon bo‘l-e, bo‘lmadi. Arizamning ustiga bo‘lmaydi, degan rezolyutsiya qo‘yib qaytib berishdi. Xayr, alvido kino ekrani! To‘qimachilik kombinatiga ishga kiraman. O‘sha yerda havaskorlar to‘garagidan o‘sib chiqaman.
Ular goh kuyinib, goh kulishib ancha paytgacha anhor yoqalab aylanib yurishdi.
Anvar bilan Umida bir partada o‘n yil yonma-yon o‘tirib o‘qishdi. Shu o‘n yil ichida ozmuncha xayol surishmadi. Anvar kuniga bir kasb tanlardi, Goh uchuvchi, goh mashhur artist, goh diplomat bo‘lib dunyo kezardi. Mana bugun hammasi chippaka chiqdi ketdi. Umida bo‘lsa qaysi jurnalda kinoartistlarning surati chiqsa qirqib olar, hind qizlariga o‘xshayman, deb ikki qoshining o‘rtasiga xol qo‘yib, kapron sharfga piston qadab kunora suratga tushardi. Uni ham kinoga olishmadi.
Beqaror, beqo‘nim yoshlik ularni ne ko‘ylarga solmadi.
Bu kecha ham ularning maslahati pishmadi. Ertaga yana shu yerda uchrashishga ahd qilib ajralishdi. Yana o‘sha ko‘cha betidagi balkonning chirog‘i yondi. Yana o‘sha xayolchan o‘tirish...
Anvar bo‘lsa mast odamdek kalovlab sanqib uyiga qaytdi. O‘rniga yotib ko‘zi ilinmadi. Umidaning yuzi ekranda kattakon bo‘lib ko‘rinaverdi, U go‘yo bu yoqqa kel, deb uni ekranga chaqirayotganga o‘xshayverdi. Oxiri xayoli tushga ulanib ketdi.
Ikkovi o‘ynagan rangli kino qo‘yilayotgan emish. Zalda o‘tirganlar bir ekrandagi Anvarga, bir zalda o‘tirgan Anvarga qarab qanday baxtli odam ekan-a, deyishayotgan emish. Kino tugagandan keyin ularning har ikkovini ham tomoshabinlar o‘rab olib chapak chalisharmish. Bir tomoshabin xuddi uning qulog‘i tagida juda ham qattiq chapak chalar emish. Anvar uyg‘onib ketib qarasa, u yotgan karavotning bosh tomoniga qo‘nib olgan xo‘roz qanot qoqib endi qichqiraman, deb turgan ekan.
Anvar tushni bo‘lgan xo‘rozning oyog‘idan ushlab uloqtirdi. Baribir xo‘roz ariq labida turib uni masxara qilgandek yana qichqirib yubordi.
To‘kilgan olmalarni terib yurgan ichkuyov pochchasi piching qildi:
— Yotaverasizmi, xalq artisti. Boshingizga oftob kelib qoldi-ku, ishlar nima bo‘ldi? Qabul qilishmaganga o‘xshaydi. Yaxshisi, yuring men bilan, ekspeditsiyaga olib ketay. Ikki yil mening partiyamda ishlab, keyin institutga kirasiz.
Anvar pochchasining ishini yomon ko‘rardi. Shu ham ish bo‘ldimi, cho‘lu biyobonlarda tuproq kovlab, eski imoratlarning qoldig‘ini topish. Bu ishda qahramon bo‘lish qiyin. Bo‘lsa pochchasi bo‘lardi. Ming yil oldingi tangalarni, ko‘zachalarni topgan. Nimasi qiziq! Kosmonavt bo‘lsa boshqa gap. Bir marta osmonga chiqib orbitani aylansa bo‘ldi, yerga tushishi bilan Oltin Yulduz tayyor. Ammo kosmonavt bo‘lish uchun matematikani, fizikani yaxshi bilish kerak. Anvar har ikkalasidan ham zo‘rg‘a uchga ilingan. Undan tashqari, Anvarning bo‘yi uzun, novcha. Kabinaga sig‘maydi, siqqanda ham ikki bukilib o‘tirish kerak.
Bola bechora ming xyl o‘ylar bilan tentib qurilish maydoniga kelib qolibdi. Hamma yoq chang, shovqin. Samosvallar u yoqdan-bu yoqqa vag‘illab o‘tib turibdi. Sharaqlatib shag‘al to‘kadi, qaerdadir qaldirab beton qoradigan mashina aylanadi. Birpasdayoq Anvarning boshi aylanib ketdi. Kimdir: «Qoch, e, bola», dedi. Anvar o‘girilib qarasa, tsement devorni xartumida ko‘tarayotgan bahaybat kranning tagiga kelib qolgan ekan. U chetga chiqib kran boshqarayotgan kishining harakatlarini kuzatib turdi. Kran xartumi devorni havolatib oborib uchinchi qavat tomining qirg‘og‘iga qo‘ndirdi. Devor qo‘ngan joyda elektr payvandlari chaqnadi. Anvar angrayganicha turib qoldi. Kranchi Anvarga qarab nimadir dedi. Anvar u nima deyotganini tushunmadi. U ikki barmog‘ini labiga qo‘yib nafasini ichiga tortib ko‘rsatdi-da, nimanidir unga irg‘itdi. Keyin u do‘ng orqasidagi avtolavkani ko‘rsatdi. Anvar u tashlagan narsani olib qarasa «Belomor»ning pachkasiga o‘rab tashlangan pul ekan. Anvar darrov tushundi-yu, papiros olgani do‘konga qarab chopdi. U qaytib kelganda kranchi yana bitta devorni qo‘ndirib bo‘lgan ekan. Anvar unga papirosni ko‘rsatgan edi, u bu yoqqa chiq, deb imladi. Anvar shoshib temir pillapoyalarga tarmashib chiqa boshladi.
Kran pastdan uncha baland ko‘rinmagan edi. U to kranchining oldiga chiqqunicha naq qora terga botib ketdi. Birdan muzdek shamol esib uning bahri-dilini ochib yubordi. Papirosni egasiga berib atrofga qaradi. Hamma yoq ko‘rinib turibdi. Shahar chetidagi imoratlar xuddi tuman orasidan ko‘rinayotganga o‘xshaydi. Hamma yoq imorat, imorat. Uzoqda ko‘m-ko‘k daraxtlar orqasidan Komsomol ko‘li oynadek bo‘lib yaltirab turibdi. Kranning qoq belida Anvarning shundoq takkinasida bir gala kaptar pildirab uchadi.
Kranchi papirosni o‘t oldirib bir-ikki marta to‘yib-to‘yib tortdi-da, Anvarga qaradi.
— Rahmat, akasi, zap ish qilding-da, juda xumor bo‘lib turgap edim.
Anvar unga ma’noli iljayib qo‘ydi.
— O‘qiysanmi, ishlaysanmi? — dedi kranchi pastga, xartum ilgagiga tsement qorishmasi solingan temir tosni ilayotganlardan ko‘z uzmay.
— Ishlamayman ham, o‘qimayman ham. O‘qishni bitirdim, endi ishlamoqchiman.
— Menga shogird tushmaysanmi?—dedi u qorishmani to‘rtinchi qavati bitmagan bino tepasidan aylantirib o‘tib yangi poydevor qo‘yayotganlarning oldiga tushirarkan.
Anvar nima deyishni bilmay o‘ylanib qoldi,
— Yo kosmonavt bo‘lmoqchimisan? Hozir hamma yoshlar kosmonavt bo‘lishni mo‘ljallashyapti. Ke, sen bilan biz o‘sha kosmonavtlarga uy quraylik, nima deysan!
Anvar mundoq qarasa kranchilik ham g‘alati ishga o‘xshaydi. Birdan unda kranchi bo‘lish orzusi tug‘ildi. Yoshlik shunaqa bo‘ladi. To bir kasbning boshini tutguncha o‘zini u yoqdan-bu yoqqa uraveradi. O‘n sakkiz yosh ana shu beqarorlikning marrasi — oxiri bo‘ladi.
— Rost aytyapman, shogird tushsang, sal kunda kranchi qilib qo‘yaman. Mana shu kran ikkovimizniki bo‘ladi. Bilasanmi, bu kran bilan respublikani aylanib chiqqanman. Bu yog‘iga ikkovimiz ishlaymiz. Qarab tursam yaxshi bolaga o‘xshaysan. Xo‘sh, nima deysan?
Anvar «bo‘pti» deb yuborganini bilmay qoldi. Tamom! Anvarning bolaligi bitdi!
— Hali obedda kontoraga birga boramiz, o‘sha yerda ishni bitkazamiz. Hozir uyingga borib hujjatlaringni olib kel. Ana, endi menga xalaqit berma. Texnika xavfsizligining inspektori ko‘rib qolsa boshim baloga qoladi.
Anvar pildiraganicha pastga tushib ketdi.
Yana o‘sha anhor bo‘yi.
Yana o‘sha sichqon teshgan elakdek oy. Yudduzlar kuygan qozon tagidek jimir-jimir qilib turishibdi. Anhor shaloplab qirg‘oqqa sapchiydi. Oy aksini maydalab oqizib ketmoqchi, majnuntol novdalariga osilib bir dam to‘xtamoqchi bo‘ladi-yu, eplolmaydi. Harsang tosh ustida oyog‘ini suvga botirib Umida o‘tiribdi. Anvar hovliqib-hovliqib gapiradi.
— Bilasanmi, bilasanmi, dunyoda kranchilikdek qoyil ish yo‘q. Shundoq tepasiga chiqib qarasang dunyoning narigi chekkasi ham ko‘rinadi. Men o‘sha yerdan turib sizlarning tomlaringizni ko‘rdim. Ko‘llar, bog‘lar, imoratlar... Bitta samolyot xuddi-xuddi oyog‘imning tagidan o‘tib ketdi.
Umida ko‘zlarini katta-katta ochib unga qarab turibdi. Choy qog‘ozini burdalab tashlagandek oy tangalari suv betida milt-milt oqadi. Katta ko‘prik ustidan o‘tayotgan mashina chiroqlarining aksi xuddi suvga bir sho‘ng‘ib olgandek narigi qirg‘oqqa yetmay so‘nadi.
Qiz yigitning gaplariga chidamay ketdi.
— Kombinatga borganmisan, o‘zing. Kombinatning qanaqaligini bilasanmi, o‘zing. Voy bo‘... Men tengi qiz bir yuz o‘n ikkita dastgohni yurityapti. Qirq ming odam ishlaydi. Kranni gapirasan-a. Kraning nima bo‘pti, bu dastgohlarning oldida. Kombinatda bir yilda chiqadigan matoni yer shariga o‘rasang yerning ochiq joyi qolmaydi. Kranlaringu, jamiki qurilishlaringni o‘rab tashlaydi.
Anvar ham bo‘sh kelmadi. U kranchini maqtayverib oxiri gap topolmay qoldi. Ammo Umida kombinatda ko‘rganlarini gapirib tugatolmasdi.
Anvar mundoq qarasa, Umida labiga qizil surtganga o‘xshaydi. Tikilib ko‘rsa rost.
— Bu nima, yapgi kalishning ichidek qip-qizil qilib.
Umida piq etib kulib yubordi. Uning bu kulgisida? Sen uchun, sen uchun tentak, degan ma’no barq urib turardi.
Shu kecha ularning xayoliga kinoartist bo‘lish degan gap kelmadi. Har ikkovi ham yangidan tanlagan kasblarini tildan qo‘ymasdilar.
O‘n sakkiz yosh shunaqa bo‘ladi. Go‘daklik xayollari yaratgan orzularini tumandek tarqatib, yangi orzular yaratadi. Yaratadi-yu, uni haqiqatga aylantiradi.
Ajab emas, endi bu ikki o‘smir kinoekranlarida artist bo‘lib emas, artistlar bular bo‘lib ko‘rinsa.
O‘n sakkizga kirmabsiz, dunyoga kelmabsiz!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.