OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Olqindi (hajviya)

Ko‘zoynagining bir poyi darz ketgan bu odamni ilgarilari ham bir-ikki ko‘rganman. U, doimo NEP davridan qolgan qo‘sh qulfli portfel qo‘ltiqlab yurardi. Basharasi lazarimda muhri o‘chib ketgan sovunga o‘xshardi. Uni ko‘pincha redaktsiya koridorlarida, pochta qutilarining yonida ko‘rardim. O’zi kim, nima tirikchilik qiladi, unisiga e’tibor qilmagan ekanman. Mana, bugun ikkovimiz baqamti kelib turibmiz. Gap bundoq bo‘lgan edi: qadrdon bir oshnam farzand ko‘rdi. Er-xotin yosh otani tabriklagani bordik. U bilan tug‘uruqxonadagi chaqaloqning salomatligiga jindak ichib yubordik. Bunday paytlarda, ichish, umuman, gunoh sanalmasa kerak, deb o‘ylayman. Xullas, tabiatim ravshan, shirakayfgina bo‘lib uyga qaytsam, eshigim oldida o‘sha olqindibashara odam meni kutib turibdi.
Odatda kayfi bor odam birovga boshdan-oyoq bir yo‘la qarayolmaydi. Bo‘lib-bo‘lib qaraydi. Avval tuyaning tizzasidek yedirilib, taqir bo‘lib ketgan peshonasini, keyin tarvuzni butun yutgandek dumaloq qornini, ana undan keyin har xil siyoh uzun-uzun tomib beqasamga o‘xshab ketgan shimini ko‘rdim. Dimog‘imga birdan gup etib mog‘or hidi urilgandek bo‘ldi.
Doktorxona devorlarida odamning sovundan yasalgan basharasi, ko‘li, qulog‘i va burnining nusxasi ilig‘liq bo‘lardi. Bu odamning hammayog‘i birvarakayiga o‘sha doktorxonaning devoriga o‘xshab ketdi.
— Uka, — dedi olqindi, — zarur bir ish bilan kelgan edim.
Uyga taklif qildim. Kirdik. U loyga botgan tuflisini ostonadagi lattaga surtmay, to‘ppa-to‘g‘ri gilamni bosib kirib kelaverdi. Indayolmadim. O’tirdi. Mahsiga o‘xshab ketgan portfelidan beshta tuxum olib, stol ustiga ko‘ydi.
— Quruq kelishga ko‘nglim bo‘lmadi. Bolalaringizga nashiba. Tovuq o‘zimizniki.
U tilini tanglayiga bosibroq gapirar ekan, «s» deganda «sh»ga o‘xshashroq tovush chiqardi.
Boya mehmonga ketayotib, shoshilib stol ustini yig‘ishtirmagan ekanmiz. Mehmon lagan chetidagi qoshiqni olib, o‘ynab o‘tirdi. Qoshiqning orqasi bilan iyagini qashidi. Juda g‘ashim keldi. Bir nima deyolmay, diqqatim oshib ketyapti. U qoshiq bilan lagan o‘rtasiga uyib qo‘yilgan shovlani atrofga yotqizib, laganning gulini ochdi-yu, tikilib turib qoldi.
Bir chekkasi charchaganligim, bir chekkasi kayf, ko‘zimni uyqu bosib kelyapti. Kaftimning orqasi bilan og‘zimni to‘sib, tinmay esnab turibman. Oxiri u kir dastro‘moliga burnini shilqillatib qoqib, maqsadga o‘tdi:
— Uka, gazetaga maqola yozsangiz. Uch-to‘rt so‘m ishlab olshangiz. Material juda pishiq.
U o‘zi ishlaydigan idoraning boshlig‘idan nolib ketdi. Uni poraxo‘r, byurokrat, yomon odam, judayam yomon odam, dedi.
— Aniq faktlar bormi? — dedim.
— Bor, — dedi u tantana bilan, — gazetaga yozavering, maqola yuzashidan tekshirish o‘tkazilganda hammasi ochiladi. Bu ikkinchi mashala. To‘ylarga borsha hammadan oldin masht bo‘lib oladi. Bufetchidan pora olganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Shiz yozavering...
Unga birovni ayblash uchun bu gaplar asos bo‘lolmasligini, bunaqa materialni, umuman gazetalar bosmasligini uvvalo tushuntiramanki, qani tushunsa.
— Hozir kayfingiz bor ekan, keyinroq gaplashamiz, bo‘lmasha.
— Keyin gaplashishning hojati yo‘q, — dedim, — o‘zingiz faktlarni aniq qilib, redaktsiyaga olib boring. O’sha yerda gaplashamiz.
Keyingi gapim malol keldi shekilli, u qo‘lini siltab o‘rnidan turdi.
— Mehnatkashlarning shikoyati shunaqa qolib ketaverar ekan-da! Xo‘p, mayli, gaplashadigan joyda gaplashib ko‘ramiz. Shizlarni ham tekshiradiganlar bordir. Biz bechoralar arzimizni kimga aytamiz? Azbaroyi hukumatimizga yordam bo‘lshin, hukumat idoralarida noqobil odamlar o‘tirmashin deb atayin arz qilgani kelsham, shiz eshnab o‘tiribshiz-a! Mayli, gaplashib qo‘yamiz. Kecha qaerda bo‘lganingizni, bugun qaerda ichganingizni bilamiz.
Olqindi zarda bilan o‘rnidan turib, portfelini buklab, javraganicha chiqib ketdi. U ketdi-yu, uyda allaqanday mog‘or hidi bilan beshta palag‘da tuxum qoldi.
Oradan besh-olti kun o‘tdi. Uni ikki marta ko‘rdim. Avtobusda keta turib, derazadan uning pochta qutisiga konvert tashlayotganiga ko‘zim tushib qolgan edi. O’tgan kuni uni yana redaktsiyamizda ishlaydigan feletonchi yigitning orqasidan ergashib ketayotganini ko‘rgan edim.
Bugun ishga kelsam, muharrir yo‘qlatgan ekan. Kirdik. Muharrir stoldan bosh ko‘tarmayoq gapira ketdi:
— O’n to‘rtinchi yanvarda qaerda ichgan edingiz? Nima deyishimni bilmay, hayron bo‘lib qoldim.
O’ylab-o‘ylab topdim. Oshnamning farzand ko‘rishi salomatligiga ichgan bir ryumka vino esimga tushdi. Esimga tushdi-yu, vino emas, zahar ichgandek bo‘ldim.
— Mana, — dedi muharrir, mayda qilib yozilgan olti varaq qog‘ozni qo‘limga tutqazar ekan. — O’qing!
O’qishga tushib ketdim. Xatda mening piyanistaligim, ko‘chalarda mast bo‘lib gandiraklab yurishim, bir ichganda ikki shishani ko‘rdim demay shimirishim, arz qilib kelganlardan pora olishim, misol uchun M. familiyali bir mehnatkashdan beshta tuxum olganligim yozilgan edi. Xat oxirida... «Bunaqa poraxo‘r, piyanistalarga matbuot dargohidan joy berilmasin!» deb talab qilingan edi.
Xatga aniq imzo qo‘yilmagan. Faqat, mahalla mehnatkashlari, deb bir xil siyohda bir odamning qo‘li bilan o‘n olti xil imzo chekilgan edi.
Xatni o‘qib turib, olqindini esladim.
Muharrir bo‘lgan voqeani gapirib berdi: — Bu ig‘vogar otning qashqasidek ma’lum narsa. Idoralarga yozgan shikoyatlari yolg‘on chiqqanidan, ig‘vogarligi, tuhmatchiligi ochilib qolganidan o‘zi redaktsiyalarga borolmay, xodimlarimizning yo‘lini to‘sib, uyiga borib, og‘zaki muxbirlik qilib yuribdi. Ehtiyot bo‘linglar, ig‘vogar bamisoli kaltakesak bo‘ladi. Allaqaysi kovakdan chuldirab ovozi chiqadi-yu, o‘zi ko‘rinmaydi. Ezg‘ilab tashlayman desang, darrov kovakka kirib ketadi. Shu kirib ketganicha kechalari ham chuldirab uxlatmaydi. Ig‘vogarni yo‘lga ham solib bo‘lmaydi. Bu jihatdan u qo‘ng‘izga o‘xshaydi. Qo‘ng‘iz to‘nkarilib qolib o‘nglanolmay, g‘o‘ng‘illay beradi. O’nglab qo‘yay, deb qo‘l uzatsangiz, qo‘lingizni sasitib yuboradi.
Kallam guvillab, ko‘zimga doktorxona devoridagi sovundan yasalgan marazning basharasi va axlat chelagida yotgan beshta palag‘da tuxum ko‘rinib ketdi.

1962 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.