Atrofi kungira panjaralar bilan o‘ralgan uch qavatli bu uyni mikrorayondagilar «Oq uy» deb atashardi. Unda obkom va gorkom xodimlari yashaydilar. Faqat pastdagi ikki xonali uy semon zavodining ishchisi, jindek-jindek otib, shiringina kayf qilib yuradigan, bir etak bolaning otasi Qodirjon akaga tekkandi.
Shundoq kazo-kazolar orasiga bu odam qanday qo‘shilib qoldiykin, deb o‘ylashingiz mumkin. Obkomning ma’muriy-xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i Tursunboev bir ish qilsa, bilib qiladiganlardan edi. Bu uyda shonli ishchi sinfining vakillari ham bor, deb aytish uchun atayin shunday qilgandi. Qodirjon aka uyning o‘q o‘tmas qalqoni hisoblanardi.
Boshqa uylar bir-biriga yelka tirab, bir-biriga oftob tushirmaydigan qilib qurilgan. Ammo «oq uy» atrofi ochiq. Bahavo. Oldi gulzor, ikki yonida archayu sarvlar qishin-yozin ko‘m-ko‘k bo‘lib turadi. Bolalar maydonchasi manjara ichkarisida bo‘lganidek boshqa «dom»lardagi bolalar buyoqqa kiritilmasdi. Semon hovuzchada faqat «oq uy» bolalari cho‘milishardi.
«Oq uy»ning mikrorayon hayotidagi ijobiy o‘rni to‘g‘risida ham gapirish kerak. Shu uy bor ekan, mikrorayonda elektr o‘chmaydi. O’chsa ham ikki minutga qolmay yonadi. Vodoprovod quvurlari yorilmaydi. Gaz bir me’yorda kelib turadi. O’g‘ri oralamaydi, tong otguncha militsioner uy atrofini aylanib yuradi.
Tong otar-otmas «oq uy» oldiga «Moskvich» furgoni keladi. Oq xalat kiygan davangirdek bir yigit etajma-etaj yurib karton qutilar tarqatadi. Bu qutilarda bir kun oldin telefonda berilgan buyurtmaga binoan qora-qizil ikra, yangi so‘yilgan qo‘y go‘shti, qog‘oz bankada qaymoq, apelsin, hind choyi, ko‘k choy va qazi kabi noyob yemishliklar bor.
Qodirjon nevarasining apelsin po‘chog‘ini hidlab yurganini ko‘rib yuraklari ezilib ketdi. Ertasi kuni u furgonda kelgan yigitdan ikki dona apelsin so‘ragandi, bermadi. «Hojimatova ayadan so‘rang, «xo‘p» desalar beraman», dedi-yu yuqoriga chiqib ketdi. Bir ozdan keyin ikkinchi qavatdan Hojimatova ayaning shang‘i ovozi eshitildi. «Obbo, shu alkashning bolasiga apelsin yeyishni kim qo‘yibdi!».
Dili vayron Qodirjon bozorga borib apelsin topolmadi, oxiri vokzalga chiqib, vagon-restorandan ikkitagina apelsin sotib oldi.
«Oq uyda»gilar mahallada bo‘ladigan to‘y-marosimda qatnashmaydilar. Xonimlar esa qalang‘i-qasang‘i qo‘shnilarni nazar-pisand qilmaydilar.
«Oq uy»ga biron marta bo‘lsin piyoda odam kelganini birov eslayolmaydi (Qodirjonning uyi bundan mustasno). Bolalari yaslidan to institutni bitirmagunlaricha mashinadan tushishmasdi. (Qodirjonning bolalari bundan mustasno).
Uchinchi qavatda yashaydigan Marlen degan kishi bandalikni bajo keltirdi. «Oq uy» xonimlari atele moddan shoshilinch ikki chevar chaqirtirib ertalabgacha qora ko‘ylak tikdirishdi. Marhum detdomda o‘sgan ekan, birga tarbiyalangan uch-to‘rtta do‘stlari yetib kelishdi. Ammo o‘g‘li kelmadi. BAMda uylanib, qolib ketgan ekan. Undan: «Kvartal oxiri bo‘lgani uchun ishlar ko‘p, ob’ekt topshirishim kerak, o‘zlaring ko‘mib qo‘yaqolinglar!» degan telegramma olindi.
Voxlikkina yetib kelgan yuvg‘uchi pastda, ko‘pchilik ichida o‘tirar, bu hunar unga bobosidan qolganini, padari buzrukvori Toshkentni o‘rislar olganda shahid bo‘lganlardan ikki yuz kishini, hatto Toshkent begi Alimqul bekni ham o‘zi yuvganini, «Shahidon» qabristonida yotgan marhumlarning deyarli hammasini o‘zi kafanlaganini shirin bir entikish bilan gapirib o‘tirardi. Dadasi esa ikki ministr, uch artist, polkovnik-mayorlardan o‘n bittasini yuvgani, u kishidan keyin o‘zi ota kasbini ulug‘lab, uch yozuvchi, besh deputatni yuvganini zavq-shavq bilan hikoya qilardi.
Yuqoridan «murda tayyor» degan xabar tushdi. Yuvg‘uvchi «bismillo» deya yuqoriga chiqib ketdi. O’n minutcha vaqt o‘tmay, qaytib tushdi.
— Bo‘lmaydi. Yuvmayman, dedimmi, yuvmayman. Sunnat qilinmagan murdani yuvib, gunohga botmayman. Vsyo!
U shunday dedi-yu etagini silkitganicha ketdi-qoldi. Endi nima qilish kerak. Murdani sunnat qilib bo‘lmasa.
Maslahat bilan murdani Qodirjon aka yuvadigan bo‘ldi. Unga bosib-bosib ikki piyola ichirishdi. U «opkel, o‘ligingni» degancha murda yotgan xonaga kirib ketdi...
Buni qarangki, to‘satdan zamon o‘zgardi. Yer kurrasi teskarisiga aylanib, hammayoq ostin-ustun bo‘ldi. Mikrorayondagi «oq uy»dan putur ketdi. Endi elektr tez-tez o‘chadigan, shu o‘chganicha ertasigacha yonmaydigan, vodoprovod quvurlari bot-bot yoriladigan ikki-uch kungacha suv kelmay qoladigan, gaz sham piligidek lipillab yonadigan bo‘ldi.
Har kuni tong paytida keladigan «Moskvich» furgon yo‘q bo‘lib ketdi.
«Oq uy» aholisi qimtinib, atrofga alanglab, magazinga nonga chiqadi. Ertalab yonboshiga «Moloko» deb yozilgan mashina kelganda shisha banka ko‘tarib, navbatda turishadi.
Ular sekin-asta to‘ylarga, janozalarga chiqa boshlashdi. Ayniqsa bittasi gorkomning sobiq ideologiya bo‘limi mudiri, Qur’onni juda chiroyli qiroat qilar ekan, uni iftorliklarga olib boradigan bo‘lishdi.
«Oq uy» xonimlari ham binoyidek odamlar ekan. Beshik to‘ylariga, qizlar bazmlariga qatnashadigan bo‘lishdi. O’rtaga tortishsa, shox tashlab, barmoqlarini shiqillatib o‘yinga tushadiganlari ham bor ekan.
Mikrorayonga erta azon «musor» mashinasi keladi. U tinimsiz signal berib, to‘xtamay ketaveradi. Boshqalar qatori «oq uy» erkaklari ham paqirda, karton qutida, tog‘orada, qog‘oz qopda axlat ko‘tarib mashina orqasidan yugurishadi.
Shunday paytlarda bosh og‘rig‘ini bosish uchun jindek otib olgan Qodirjon ular orqasidan qichqiradi:
— Kommunistlar, olg‘a!
Keyin Qodirjon birpas nafasini rostlaydi. Chap qo‘lini shimining cho‘ntagiga tiqadi. O’ng qo‘lini oldinga cho‘zib:
— Siz to‘g‘ri yo‘ldan ketayapsiz, o‘rtoqlar! — deb qichqiradi.