OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Rahmat, azizlarim! (hikoya)

Buvaydadan avtobusga chiqishim bilanoq Muazzamga ko‘zim tushib qoldi. U tirsagini derazaga qo‘yib xayol surib borardi. Boshida rangi ko‘tarilgan sarg‘ish kosinka, egnida oddiygina shtapel ko‘ylak. Sochini nari-beri o‘rib orqasiga tashlab qo‘yaqolgan. Muazzamni hech shu ahvolda ko‘rmagan edim. U studentlar ichida eng yaxshi modalarni tanlab kiyardi, sochini bo‘lsa kuniga har xil prichyoska qilmasa ko‘ngli joyiga tushmasdi. Uning o‘ndan ortiq sumkachalari bo‘lguchi edi. Hozir u og‘ziga qog‘oz yopib ip bilan bog‘langan shisha banka, kostryulka, olma solingan to‘r savatni tizzasiga qo‘yib o‘tiribdi. Muazzam shu ahvolda ham chiroyli edi.
Uning yoniga borishni ham, bormaslikni ham bilmay, ikkilanib turib qoldim. Axir ko‘rmaganimga ikki yildan oshdi. Uning ustiga Muazzam meni jinidan yomon ko‘rardi. Studentlikda har ish o‘tadi, hozir o‘sha ishlarni o‘ylasam badanimdan sovuq ter chiqib ketadi.
Kursdoshlarimiz orasida Muazzamning ishqida kuymagani yo‘q desam mubolag‘a bo‘lmas. Men-ku jinnidan battar edim. Shu uchun kuniga soqol qirardim, yuvilaverib asli rangi qanaqaligi bilinmay ketgan shimimga kuniga dazmol bosardim. Ammo u menga qaramasdi. Men bo‘lsam hadeb atrofida aylanishaverardim. Keyin bilsam, u frontdan duduq bo‘lib kelgan Odil degan bola bilan kinoga borib yurar ekan. Juda diqqatim oshib ketdi. Shu bevafo dunyoda yashab nima qildim, deb o‘zimni pichoqlamoqchi ham bo‘ldim. Oxirgi marta o‘zimga kuch yig‘ib, yotog‘ining eshigini shartta ochib kirdimu, bilagidan ushlab: Muazzam, seni yaxshi ko‘raman, sensiz yashayolmayman, dedim. U hiringlab kuldi.
— Mensiz bemalol yashayverasiz,— dedi Muazzam ko‘zimni baqraytirib turib.
— O‘zimni osib qo‘yaman,— dedim. Bilmadim o‘shanda bu gapni baqirib aytdimmi yo pichirlab aytdimmi, esimda yo‘q. Muazzam battar ermak qilib kuldi.
— Osolmaysiz, jon shirin. Agar osadigan bo‘lsangiz, sport zalida arqon bor, o‘sha yoqqa kirib osing!
Ko‘zimga qon to‘lib ketdi. Yotoq eshigini taraqlatib yopdimu, sport zaliga yugurdim. Darhaqiqat arqon bor ekan. Olib bir uchini bog‘laydigan joy qidirayotganimda hushim joyiga keldi. Shoshma, o‘zimni osishga-ku osaman. Undan keyin nima bo‘ladi? Osilib yotgan o‘ligimni ko‘rganlar ham, osilib o‘lganimni eshitganlar ham, "ahmoq ekan" deydi-ku. Albatta shunday deydi. O‘zimni o‘ldirib bo‘pman! Men hali unga ko‘rsatib qo‘yaman.
Ammo nima qilib unga ko‘rsatib qo‘yishni o‘ylab-o‘ylab topolmadim. O‘qishlar tugab, har qayoqqa tarqab ketdik hamki, unga ko‘rsatib qo‘yolmadim. Bolalarning aytishiga qaraganda, uning ko‘ziga ko‘rinmay qolgan paytlarimda, ulardan meni so‘rarkan, ular ko‘rmadik deyishsa: xudo rahmat qilsin, yaxshi bola edi... deb kularkan. Eshitib battar jahlim chiqardi.
Bu gaplarga ham ikki yil bo‘pti. Vaqtning tez o‘tishini qarang!
Mana, Muazzam bilan bir avtobusda o‘tiribmiz. Uning ilgarigi oliftaliklari qolmagan ko‘rinadi. Nima bo‘ldi? Nahotki shunday tam-tam qiz darrov boshqacha bo‘lib qolgan bo‘lsa? Yo erga tekkan bo‘lsa, eri mundayroq odam chiqib qoldimikin? To‘rvadagi narsalarni qayoqqa olib ketyapti? Boshiga biron kulfat tushdimikin? Balki unga narsa olib ketayotgandir? Sabrim chidamadi. Eski ginalarni unutib, oldiga borib o‘tirdim. U meni ko‘rishi bilan ko‘pdan yo‘qotgan kishisini topib olgandek ko‘zlari yashnab ketdi. Shu mahal dilimdan bir gap o‘tdi. Uning bu qarashini o‘zimcha yo‘yib, nega senga tegmadim, senga tekkanimda bu ahvolga tushmasdim, degan ma’noni anglabman. Ko‘rishdik, hol-ahvol so‘rashdik. Ishlarimni so‘radi. Uylanganimni, xotinim vrach ekanini aytdim. U bilinar-bilinmas kulib qo‘ygandek bo‘ldi. Men undan ortiqcha gap so‘ramadim. Nimani ham so‘rayman. Ahvoli ma’lum bo‘lib turibdi-ku. Turmushi yaxshi emasligi, erdan baxtsiz bo‘lgani kiyim-boshidan, rangi ro‘yidan bilinib turibdi.
Qo‘qonda avtobusdan tushdik. Ostanovkada meni kutib turgan shofyorim rosa eshitadiganini eshitdi. G‘ildirak yel chiqazib yuborganini aytsa ham quloq solmay so‘kaverdim. Muazzamga o‘zimning kimligimni ko‘rsatib qo‘yish uchun atayin shunday qildim. Mashinaga chiqa turib Muazzamga qo‘l uchini berib xayrlashmoqchi bo‘lgandim, u gapim bor, ketmay turing, deb qoldi.
Axa, dedim ichimda, menga yetkazgan ozorlaringning qasdini olyapman, deb ich-ichimdan sevinib ketdim.
— Sizni ko‘rib qolganim yaxshi bo‘ldi. Yuring, bir joyga borib kelamiz. Shofyorga javob berib yuboravering!
Rozi bo‘ldim. Ikkovlashib piyoda ketdik.
— Yo‘ldan qoldirganim uchun xafa bo‘lmaysiz-da. Atayin shunday qildim. Odiljonni ko‘rib kelasiz.
Yurishdan to‘xtab qoldim. O‘sha o‘zim yomon ko‘radigan Odilning oldiga boramanmi? Kallamni shartta kesib tashlasa ham bormasman.
— Yuravering, yuravering, sizni ko‘rsa sevinib ketadi.
U qo‘limdan ushlab sudradi. Beixtiyor yurib ketdim. Ancha joygacha indamay bordik. Muazzam yo‘l chetida osilib turgan tol novdasidan ko‘m-ko‘k barglarini qisimlab sidirib oldi-da, ma’yus gapira boshladi.
— Bilaman, meni yomon ko‘rasiz. Odiljonni bo‘lsa ko‘rarga ko‘zingiz yo‘q. Hech bo‘lmasa birga o‘qiganimizning hurmati bordir. Bilasizmi, xafa bo‘lmangu, sizni hali ham uncha xush ko‘rmayman. Ko‘ngil xushlamagan, har bir odam dushman emas-ku!
Hayronman, nima demoqchi, nima qilmoqchi? Shunaqa tushunib bo‘lmaydigan xayollar bilan shahar kasalxonasi yaqiniga kelib qolibmiz.
— Shu yerda birpas kutib tura turing. Hozir chiqaman.
U shunday dedi-yu, shoshib kasalxona darvozasiga kirib ketdi. Ancha hayallab qoldi. Poylab o‘tirib, zerikib ketdim. Bu yerda men nima qilib o‘tiribman, deb o‘zimdan so‘rayman. Meni yomon ko‘radigan odamning ketidan nima qilib ergashib yuribman? Keta qolaymi? Shu o‘tirishda Muazzamning meni xo‘rlaganlari ko‘zimga ko‘rinaverdi. O‘rnimdan turdim. Endi ketmoqchi bo‘lib turgan edim, Muazzam chiqib qoldi. Uning ko‘zlari qizargan, boshidagi kosinkasi sirg‘alib yelkasiga tushib qolgan edi. U oldimga kelib nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, gapirolmay birdan ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Nima deyishimni, nima qilishimni bilmay serrayib turib qoldim. Boya Odilning oldiga olib boraman degan edi. Demak, Odil kasalxonada. Nima bo‘ldi? Tinchlikmikan? Odilning tanasida yorilgan bombaning parchasi bor, davolatmay yuribdi, deyishardi. Dardi o‘shadir?
— Ketmoqchimisiz? Ketmang!— dedi Muazzam yalingan ohangda. — Ketib qolsangiz kim menga hamdam bo‘ladi?
— Nima bo‘ldi? Ayt?
Muazzam entikdi, jiqqa yosh to‘la ko‘zlarini javdiratib qaradi.
— Ertaga Odiljonning oyog‘ini kesishmoqchi.
Titrab ketdim. Bugun Muazzamni ko‘rganimdan beri kallamga kelgan qasos olish niyati, maqtanish, unga o‘zimni ko‘rsatib qo‘yish niyatlarim birdan qayoqqadir uchib ketdi-yu, vujudimga hokimlik qilayotgan o‘sha tuyg‘ular o‘rnini shafqat, odamiylik, hamdardlik egallab oldi.
— Oldiga kiring, yupating, darmon bo‘ling. Maktabdoshini ko‘rib tanasiga quvvat kiradi. yo‘q demang!
Nahotki yo‘q desam. Nahotki birgina boqishim, yonida bir dam turishim o‘limni yengish uchun kuch bo‘lsa-yu, yo‘q desam. Men ham odamman.
Vrachlar meni Odilning oldiga kiritishmadi. Charchagan, operatsiya oldidan dam olsin, deyishdi. O‘tirib xat yozdim. Qiziq-qiziq gaplardan yozdim. Universitetda qilgan qiziq-qiziq ishlarimizni, o‘sha paytda aytgan latifalarimizni yozib kiritdim. Xat tagiga imzo qo‘ydim. O‘qib yurgan paytimizda devoriy gazetaga burnimni katta qilib urib chiqishgan edi. Esimda turgan ekan, xuddi o‘shanday qilib surat chizib qo‘ydim. O‘zimga juda o‘xshaydi.
Xatni olib, albatta, xursand bo‘ladi. Bilaman. Bunaqa paytlarda bemorning xayolidagi dahshatli o‘ylarni qochirish uchun shunday qilish kerak. Kulgi dahshatni quvadi. O‘limni yengadi!
Muazzam bilan yana Buvaydaga qaytdim. Uni yolg‘iz qoldirgim kelmadi. Men ketsam, u qandoq qilib tong ottiradi? Shunday paytlarda yonida odam bo‘lsa tirgovich bo‘ladi.
U telefon stantsiyasining orqasidagi kichkinagina hovlida turar ekan. Uy egasi — keksagina xotin bizni ko‘rishi bilan tashvishlanib ayvonga tushdi. Muazzamning ko‘zlari qizarganidan qo‘rqib ketdi shekilli, menga savol nazari bilan qaradi.
— Tinchlikmi, Odiljonning ahvoli qalay?
Yaxshi gap bilan kampirni tinchlantirdim. Muazzam uyga kirib ketgancha qaytib chiqmadi. Uning uyida chiroq ham yonmadi. Kampir menga supaga joy qilib berdi. Yechinmay yonboshladim. Chelakda muzlagan suvdek nursizgina oy ko‘tarildi. Kampir hamon g‘imirsib, nimalardir qilib yuribdi. U mening uxlamaganimni bilib oldimga keldi.
— Yashirmang, mehmon, Odiljonning ahvoli qalay?—dedi u shivirlab.
— Ertaga oyog‘ini kesishmoqchi,— dedim xo‘rsinib.
Kampir qimirlamay turib qoldi. Oy orqa tomondaligidan uning yuzi ko‘rinmas, faqat sochlari kumushdek yiltirardi. U shu ko‘yi ancha turib qolgandan keyin birdan tizzasiga urib oh urdi.
— Voy oydekkina bola-ya, voy shundoq guldek yigit-a! Voy esiz bola. Urushga qiron kelsin, urushni yer yutsin! Bu qirg‘in kelgurdan yigirma yildayam qutulmasak...
— Sekin, sekin, aya! Nima qilasiz Muazzamning yuragiga vahima solib. Mana ko‘rarsiz, ko‘rmagandek bo‘lib ketadi.
Kampir boshini sarak-sarak qilib, ayvonga qarab ketdi.
Uxlayolmadim. Xayol ming yoqqa olib ketadi. U yoqqa ag‘darilaman, bu yoqqa ag‘darilaman, ko‘zim ilinmaydi. Bilib yotibman. Muazzam ham shu ahvolda. U dunyoda eng yaqin kishisi halokat yoqasida turgan shu daqiqalarda uning tanasiga jon bo‘lib kirishga tayyor. U eri bilan baravar o‘lim yo‘lini to‘sayotibdi. To‘shakda yotgan bemor hayot uchun yolg‘iz o‘zi kurashmayotganini bilib turibdi.
Do‘st mehri, yor muhabbati har qanday ofatni daf qila olishini bilib turibdi.
Muz parchasidek oyni oppoq tong nafasi eritib yubordi-yu, azim teraklar uchidagi yaproqlar alvondek yaltiradi. Shu tarovatli tong payti maktabdoshimga umr tiladim:
— Yashashing kerak! Hali oldingda uzoq umr yo‘li bor, hayotda hali haqqing ko‘p, hayot jomini umring oxirigacha sipqor, azizim!
Yana kasalxona ostonasidamiz. Bu gal Muazzam bilan ikkovimizga oq xalat kiydirib ichkariga boshlashdi.
Uzun koridordan oyoq uchida entikib, entikib boryapmiz. Odilni tezroq ko‘ra qolsam, operatsiyaga yotishi oldidan bir ikki qiziq-qiziq gaplar aytib ruhini ko‘tarsam deyman.
Palataga kirdik. Burchakdagi karavotda Odil ko‘kka boqib yotibdi. U nimanidir o‘ylab, har zamon iljayib qo‘yadi. Oxiri odam sharpasini sezib, boshini biz tomonga burdi-da, birdan ko‘zlari yashnab ketdi.
Muazzam ildam yurib, uning tepasiga keldi. Hayajonini yashirib uning hol-ahvolini so‘radi. Odil horg‘in-hasta tovushda javob berdi.
— Burunboyning xati menga jon berdi. Suratini ko‘rib, bir kulaman, xatini o‘qib, bir kulaman. Oyog‘imni qirtillatib kesishyapti hamki, kulgim qistaydi.
U menga qarab mamnunlik bilan iljaydi. Demak, shu kechayoq oyog‘ini kesishibdi.
— Rahmat, Burunboy...
Muazzamning ko‘zlaridan duv etib yosh to‘kilib ketdi.
— Xafa bo‘lma, Muazzam, omon qoldim-ku! Sizlar bo‘lmasanglar o‘lib ketadigan narsa edim. Operatsiyani ko‘taradigan holim yo‘q edi.
Vrach, bemorni charchatib qo‘yasizlar deb, bizni chiqazib yubordi.
Tashqarida oftob yashnagandan yashnab ketgan. Tiniq beg‘ubor osmonda bir gala kaptar nurga cho‘milayotgandek goh sho‘ng‘iydi, goh parlariga qo‘ngan nurni to‘kib yubormoqchidek qanotlarini tinimsiz silkitadi.
Yana avtobus ostanovkasida to‘xtadik. Muazzam chiroyli bir tabassum bilan qo‘l berib xayrlashdi.
— Rahmat!
Boshimdan zar sochsalar, oyoqlarim ostiga poyondoz yozsalar, nurdan ko‘ylak tikib kiydirsalar, baridan kechardim-u, shu bir og‘iz so‘z bilan qolardim.
Inson ko‘ksidan toshib chiqqan, uning qalbida eng ezgu hislari-tuyg‘ulari toblagan samimiy tashakkuridan qimmatliroq mukofot bormi odam bolasiga!
Bugun men o‘zimni tanidim. Bunga siz sababchisiz, azizlarim!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.