Bu odamni men o‘n bir yil burun Amir zindonining darvozasi yonida uchratgan edim. U xontaxta ustiga jevachka, sigaret, bir shishada nos, sho‘rdanak, qovurilgan no‘xot qo‘yib, xaridor kutib o‘tirardi.
Bir zamonlar, ya’ni amir vaqtida bu joy juda gavjum bo‘lgan deyishadi. Endi zindonning sharti ketib, parti qopti. Ilgarilari odamlar bu joydan damlarini ichlariga yutib, oyoq uchida yurib o‘tar ekanlar. Hozir unaqa emas. Zindonning mutlaqo obro‘si ketgan. Bezori bolalar uning devoriga bo‘r bilan uch harfli o‘rischa so‘z bitib ketibdilar. Xo‘l latta bilan o‘chirganning foydasi yo‘q. Kuriganda yana o‘sha yozuv paydo bo‘ladi. Qirib tashlashning ham iloji yo‘q. Shuvog‘i Nekalayning somonidan qorilgan. Tosh metin deyavering. Amir Olimxonning zindoni hozir muzey emish deb eshitgandim. Bu da’fa Buxoro safarimda bir borib, tomosha qilishni niyat qildim.
Afsus. Zindon yopiq ekan. Bu joyga dunyoning bari joyidan xorijliklar kelardi. Shularning jamisiga tushunadigan qilib o‘rischa yozib qo‘yilgan. «Zindon zakr?t, vse ushli na xlopok».
Urush yillarida jang bo‘layotgan rayonlarda ham raykom idorasi eshigiga shunaqa deb yozib qo‘yishardi.
Chol tilining tagiga bir otim nos tashlab o‘z ishlaridan nolib qoldi.
— Haminqadar yashab zindonning bundaqchiqin beobro‘ bo‘lganini man ko‘rmagan. E, aka mullo, bachalar hozir paxtaga, shaharga to‘lka boboylar qoldi. U nokaslar jevachka chaynamaydu, papiro‘s tutatmaydu...
Cholning yoniga o‘tirib gapga soldim.
— Man amir zamonida ham shu zindonga qorovul bo‘lgan. U paytga zindonmisan, zindon edi. Ichiga kirgan odamning sira chiqqisi kelmasdi. Boshlariga qaroqo‘l qalpoq, bellariga qilich taqqanlar uyoqdan buyoqqa savlat to‘kib yurar edilar.
— Amir qanaqa odam edi, ko‘rganmisiz? — deb so‘rayman.
— Amirni man ko‘p ko‘rgan. Uning kogonli shoir do‘sti bo‘lar edi. O’zi zo‘r mergan, ya’ni ovchi edi. Shig‘rining oxiriga Kogon Ovchi deb nomini ham qo‘shib ko‘yar edi.
Amirga cho‘ldan kiyik urib kelardi. Amir ertalab qirg‘ovul go‘shtini, tushlikka kiyik go‘shtini, kechasilikka qora qo‘chqorning ba’zi joylarini qaynattirib sho‘rposini ichardi. Kogon ovchi uni ko‘p martalab Shofirkon tomonlarga qirg‘ovul oviga olib borgan. Kechka yaqin bir olam qirg‘ovul urib kelardilar. Shu desangiz-ki amir ovchi do‘stiga bir yaxshilik qilmoqchi bo‘ldi. Ovchining yolg‘izgina bachasini Maskopga o‘qishga yubordi. Ilm olib, o‘rischaga o‘rganib, yurt ko‘rib kelsin, deb shunday chiqin ish qilgan-da!
Odam bolasiga yaxshilik qilib bo‘lmas ekan. Maskopga borib o‘rislarga qo‘shilib, ota-onasini unutdi. Istalin bilan jo‘ra bo‘lib katta ishlarga ko‘tarilib ketibdi. Kogon Ovchiev deyishga Istalinning tili kelishmay fomilasini o‘zgartiripti. Ya’ni Kogonovich qilib boshpurt beripti. Sho‘roning jami otash aravasi, ya’ni poyizlariga kattakon qilib qo‘yipti. Kattakon o‘zimizdan chig‘di, endi uruslarning yerini ham Buxoroga qo‘shib olamiz, degan gaplar tarqaldi. Maskop ham o‘zimizniki bo‘ladi, deb o‘ris pulini yig‘a boshladilar. Gapimning boshiga odam bolasi yaxshilikni bilmaydi, devdim-ku: o‘sha Kogon ovchining pisari, ya’ni Kaganovich to‘rt-beshta jo‘ralari bilan lak-lak sho‘ro askarlarini ergashtirib kelib, muborak Minorayi Kalonni ayamay zambarakka tutdi. Ayripilon bilan amir o‘rdasiga bo‘mbalar yog‘dirdi. Ularning ichiga Qo‘ygo‘shiv degan bir badtarini bor ekan. Hech birovni ayamadi. Bechora amir tilla to‘la ikki xurjunni foytunga ortib Avg‘onga qochdi. Sitorayi Moxi xossadagi amirning ikkita tilla qubbali kalovatining bittasini Kogon ovchining o‘g‘li ildirib ketdi. Bittasini Maskop muzeyiga qo‘ydilar.
Xaloyiq orasiga bir gap g‘imirlab qoldi. Minorayi Kalonni Maskopga ko‘chirib olib ketar emishlar. Bu gapga birov ishondi, birov ishonmadi. Bu luqma ham o‘zimizdan chiqqan baloning gapi ekan. Undan shundoq chiqin kalon minorni qandoq olib ketasan, deb so‘rashsa, u kaltafahm ellikta ayvoncha poyizni qatorasi qo‘yib ustiga minorani asta yiqitamiz, degan emish.
Bu gapdan xabar topkan Istalin, qo‘ygin, bunaqa qilma, deb dilgirom yuboripti. Yaqinda Maskopning qoq o‘rtasidagi butxonani buzganmiz. Narod orasida yaxshi-yomon gaplar yuripti. Minorani uning o‘rniga qo‘ndirsak musulmonlar ustimizga yopirilib bostirib kelishi mumkin deb, zo‘rg‘a to‘xtatipti.
O’ttiz yettinchi yilinda Buxoroning paxtasi bo‘lmadi. Yashnab turgan g‘o‘zalarni garimsel yalab ketdi. Axir, bu xudoning irodasi bilan bo‘lgan kor, bandaga nima ayb? Nechukkim Buxoro paxta pilonini to‘ldirmaydi, bu ishga dushmanning dasti bor, deb o‘ylagan Istalin Qo‘ygo‘shev bilan Kogon ovchining o‘g‘lini dushmanlarni fosh qilinglar, ayamasdan jazolanglar, deb yubordi. Bu nobakorlar odamlarning uyidan ko‘rpa-yastuqlarini tortib olib chnqnb paxtasini to‘kdilar. O’shanda har bir rayondan besh-oltitadan odam otildi. Lochindek-lochindek raykomlar, ordin taqqan sovlatli raislar o‘qqa uchib juvonmarg bo‘lib ketdi. Qamoqxonalar odamga to‘lib, mana shu .shpdonga ham elliktacha odamni tiqdilar. Zindon o‘sha paytga ham bir obod bo‘lib atrofi melisaga to‘lgan edi. Kag‘anovich o‘zimizniki, odamlarni qutqarib qoladi, deb umpd qilganlar barmoqlarini tishlab qolishdi. Keyin bilsak ish boshi shu Kogon ovchining o‘g‘li ekan. O’zingdan chpqqan baloga, qayga boray davoga degan gap bor, buxoroning xalqiga. Dono xalqimizning aytkanlari bo‘ldi. Kaganovich Kogon ovchining o‘g‘li ham emas, musulmon ham emas, degan gap chig‘di.
Mening qaynotam Buxoroning katta hammomiga xodimgar edi. Xodimgarning nimaligini bilasizmi? Bu misoli o‘rislarning massaji degan gap. Har yakshanbada Kaganovich shu hammomga tushib, xodimi qildirar edi. Odamlar qaynotamdan anig‘ini bilib bering, u musulmonmi, yo‘qmi, deb iltimos qilishdi. U kishi Kaganovich musulmon, o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, deb shohidlik berdilar. Desangiz, bu gap yo‘qqa chiqdi.
Xotirim faromush bo‘lib bitta zarur gap yodimdan chig‘ipti.
Amir qochgandan keyin kanizlarini bitta-bittalab majburlab erga berishdi. Men ham umid bilan ochirtka yozildim. Peshonam qursin, sho‘r ekan, navbat menga kelganda nachayli melisa bittasini benavbat ilib ketdiyu, menga amirning kanizlaridan yetmay qoldi.
O’rtoq Lelin xalqimizga xizmat qilaverib oxiri Kallelin bo‘lib qoldilar. U kishini men ko‘rgan. Buxoroga kurultoy bo‘lib u kishining o‘zlari keldilar, o‘rischalab dakalat qildilar. Men teatruvning sakkizinchi qatorida o‘tirganman. Silkingan saqollari, yaltiragan ko‘zoynaklarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, yana bir dona gap pamitimdan faromush bo‘libdilar. Buxoro bonqasiga bir tilmoch bor edi. O’zi xo‘jalardan edi. Otlari Nig‘matxon edi. O’zlariga Buxoriy deb yangicha ot qo‘yib olgan edilar. O’rischani shundoq bila edilar, shundoq bila edilar, gapirganlarida o‘rislarning og‘zi ochilib qola edi. Bo‘sh vaqtlarida Kogonga borib o‘rislarga o‘rischa o‘rgatar edilar. Buxoroga shundoq chiqin odam borligining hidini bilgan Lelin Nig‘matxonni zudlik bilan Maskopga oldirib ketdilar. Gaplashib ko‘rdilaru o‘sha zahoti o‘zlariga pomishnik qilib oldilar. Bir kuni Lelin bobo unga, sani o‘zbekcha otingni maskopliklar aytolmaydilar. Shuning uchun oting Nig‘matxon emas, Nikolay bo‘lsin. Buxoriy emas Buxorin bo‘lsin, dedilar. Shundan keyin yana bir gap aytdilar. Agar men o‘lsam o‘rnimga o‘zing o‘tirasan, deb vasiyatga o‘xshatib gapirdilar. Bu gapni mo‘yloving qirqilgur Istalin eshitib turgan edi. Alam qildi, unga. Bu joy zaynit, dedi o‘ziga o‘zi. Lelin bobo o‘lishlari bilan zemlyakimiz Buxorinni qamab otdirib tashladilar. Odami xo‘blar, ya’niy yaxshi odamlar Buxoroga tug‘iladi, Maskopga o‘ladi. Fayzulloxon ham xo‘jalardan edi. Uni ham Istalin Maskopga chaqirib otdirib tashlagan. Xudo rahmat qilsin Maskopda o‘lgan xo‘jalarni. Shuning uchun men sira Maskopga bormayman. Istalin ko‘rsalar otdirib tashlatadilar, deb qo‘rqaman.
Maskopda besh-o‘nta palid odam to‘planib palidbo‘yra tuzdilar. Qiladigan ishlarni o‘zaro taxsimlashdi. Istalinga odam qamashni, Beriyo deganiga odam otishni, Kallelin bobomizga ordin tarqatishni, hamyurtimiz Kaganovichga ja’mi poyizlarni yurg‘izishni topshirishipti.
Shu desangiz, Maskopdan palid buyroning suvrati palokat bo‘lib keldi. Hammamizga besh-o‘ntadan berib devorlarga yopishtiringlar, deb buyurishti. Men melisa boshlig‘iga bu palokatni qayga uray, deb so‘radim-u baloga qoldim. Mana shu zindonga uch kun bandi qildi. Nechuqqim sen plakatni palokat deysan, deb rosa kaltakladi. Tilim kelishmasa qandoq deyay deyman. Shu so‘zni to‘g‘ri aytadigan bo‘lguningcha zindonda mog‘or bosib yotaverasan, deydi. Kaltakning zo‘ridan palokat emas pilokat deydigan bo‘ldim. Istat g‘arning eri ana shundan keyin meni zindondan chiqardi.
E, jo‘ram, bu boshga nimalar tushmadi, bu qizlar nimalarni ko‘rmadi. Yolg‘izlanib qoldim. Bizning Buxorodan «navisandayi xalqiy» ya’ni xalq yozuvchisi chiqdi. Usto Aminning o‘g‘li. Shunga boshimdan o‘tkanlarni yozdirib yubordim. Kitob qilib chiqar, pisarim, dedim. Chiqsa aqchasining nimtasi, ya’ni palavinasi seniki bo‘ladi, dedim. Zindonga azob chekkan bir bechora Sangin Xamro ham tarixga qolsin oxi.
Cholning ichi to‘la g‘ij-g‘ij gap ekan. Zo‘rg‘a qochib qutildim.
Keyin bilsam Buxoroning eng rostgo‘y odamiga ro‘baro‘ kelgan ekanman.
Said Ahmad. Rostgo’y posbon (hajviya)
Ko‘xna Buxoroning beqiyos rostgo‘y fuqarosi Sangin Xamro to‘g‘risida haddan tashqari rost hikoya.
1998 yil.