O’lik degan o‘z izzati bilan kafaniga o‘ralib, tobutda qimirlamay yotgani durust bo‘larkan. Tobut yo‘lakda, kafan g‘assolning yelkasida. Ammo murda hovlida kelgan-ketganlarga qo‘l qovushtirib, derazadan patnis uzatib, ko‘ngil so‘raganlarga: «Bandalik ekan, qandoq qilay...» deb yursa, juda xunuk ko‘rinar ekan.
Mahalla qorovuli tong qorong‘isida xonadonlarning eshigini taqillatib, Boqi Xalfa omonatini topshirdi, peshinga janoza o‘qiladi, deb xabar berdi. Odamlar ertalab ishga ketish oldidan marhumning qarindoshlaridan birrov ko‘ngil so‘rab chiqaylik, deb yig‘ilishdi, ammo eshik oldida Boqining bel boylab turganini ko‘rib, hang-mang bo‘lib qolishdi. O’lgan boshqa Boqi bo‘lsa kerak, mahallada yana Boqi otli odam bormidi, deb o‘ylanib qolishdi.
Bu mahallada shu Boqidan boshqa Boqi yo‘q edi. «O’lgan» ham shu Boqining o‘zginasi edi.
Boqi Xalfa ancha toparmon-tutarmon kishilardan. Sibirga olma oboradi — pul topadi. Shisha banka yig‘ib, yuvib sotadi — pul topadi. Choydan chiqqan zar qog‘ozni qirqib, oynaga yopishtiradi, Makkai mukarramaning surati bu, deb sotadi — pul topadi. Xom yong‘oq po‘stlog‘ini quritib, elakdan o‘tkazib, xinaning asliga kepqoling, deb yana pul topadi. U yoqqa boradi — pul topadi, bu yoqqa boradi — pul topadi.
Yoshi ham payg‘ambarga akalik qilsa bo‘ladigan joyga borib qolgan. Shariatpanoh musulmonlar payg‘ambar yoshidan nariyog‘ini harom sanashadi. Xalfa ham harom yoshdan hazar qilib, tirik vaqtida janozasini o‘qitib qo‘ymoqchi bo‘ldi.
O’lib ketsam, zumrasha bolalar menga janoza o‘qitarmidi, harakatimni qilib qo‘yishim kerak.
Boqi shu niyatda katta qabristondan bir yarim murda sig‘adigan joyni olib, taksida g‘isht, tsement tashitib, tirik odamning ham havasi keladigan qilib sag‘ana qildirdi, patnisdek keladigan marmarga yarmi forscha, yarmi o‘zimizning tilda nomini qo‘shdirib, bayt ham bittirib qo‘ydi.
«Tuproq aro yotur munda,
Soqi o‘g‘li Boqi murda.
Tavalludi 12... hijriy, vafoti 13... hijriy».
Sag‘ana bitib, janozaga tayyorgarlik tamom bo‘lgandan keyin, Boqi katta qozonda osh damlatib, yurtga yedirmoqchi bo‘ldi. To‘rt mahalladan odam aytildi. Ikki qori biri olib, biri qo‘yib, o‘qib turibdi. Ayniqsa, Satang qori deganining ovozi bulbuldek ekan, qiroatini kelishtirolmasa ham patnis ashulaga o‘xshatib sura orasida ikkita katta avj qo‘shib aytarkan.
G’assol ko‘pni ko‘rgan, ishbilarmon kishi edi, «murda» ni chetga chaqirib:
— Boshpurtni topshirib, domovoydan o‘chmagan bo‘lsangiz, sizni yuvmayman, benovat bo‘lishdan qo‘rqaman, — deb qoldi.
Boqi Xalfa yonidan falonchi o‘ldi, ko‘mish mumkin, degan qog‘ozni olib ko‘rsatdi. Ana shundan keyin g‘assol ikki chelak suv olib, Boqini ichkari uyga boshlab kirdi. Uni yechintirib, taxtaga tortdi. Doka xalta bilan badanini obdan sovunlab yuvib, irimiga bosh-oyoq kafan aylantirib, uni yechib oldi.
Xalfa atir sovundek yiltirab chiqqanida, mahallaning o‘yinqaroq bolalari, savobdan quruq qolmaylik, deb o‘choq oldida qittak-qittak qilishayotgan edi. Ular Boqini ko‘rib, bir-birlariin turtib qo‘yishdi.
— Mulla amaki oydek chiroyli o‘lik bo‘ptilarmi...
Marosim tugadi. Janoza ham o‘qildi, murda armonda qolmasin, deb uni bir necha minut tobutga ham solib olishdi. Bo‘sh tobutni yerdan ko‘tarishayotganda boyagi mast yigitlardan biri:
— Mulla amaki qanaqa odam edilar? — deb qoldi. Bu gap o‘lik go‘rga qo‘yiladigan paytda aytilguvchi edi. Biroq shu topda mast odamning gapini chuvalashtirmaslik uchun:
— Durust odam edi, — deb qo‘ya qolishdi.
Shu kuni xotinlar yo‘lakda uvvos solib, tobut orqasidan sochlarini yulib qolishdi.
Mulla amaki odamlar ko‘ziga ko‘rinmay qo‘ya qolay, deb hammadan oldin «Volga»da mozor boshiga borib, to tobut ko‘targanlar yetib kelnshguncha go‘rkov bilan ko‘k choy ichib, foniy dunyoning ishlaridan gaplashib o‘tirdi.
Xuddi shu kuni yer kurrasi bitta musulmon bandasidan chala-yarim judo bo‘ldi. Boqi endi sonda bor edi-yu, sanoqda yo‘q edi.
Hangomaning qizig‘i keyin chiqdi. Boqi o‘lishga o‘lib qo‘yib, tirik paytida ko‘rmagan sho‘rishlarga duchor bo‘ldi. Murdannng uyda yotib yurganidan darak topgan uchastkavoy yo‘q odam uyda turishga haqi yo‘q, deb po‘pisa qildi. Shundan keyin u kechasi devor panalab kelib, tomda yotib yurdi. Kuz kirib, tomga qirov tushib, yotish qiyin bo‘lib qolgandan keyin ko‘rpa-yostig‘i bilan marmar viveskali dang‘illama g‘ishtin sag‘anasiga ko‘chib ketdi.
U qora kunimga yarab qolar, deb ikki ming so‘m pulni omonat kassaga qo‘ygan edi. Shu pul endn asqatib qoldi. Kassaga borgan edi, pasport so‘radi. U o‘lgani uchun pasport ko‘rsatolmadi, o‘lganman, deyishga qo‘rqdi.
— E, esi yo‘q murda, — deb peshonasiga shatirlatib bittani tushirdi.
Hozir Boqi Xalfa go‘rkovning cho‘zma-chalpagiga sherik bo‘lib, uning ensasini qotirib yuribdi. Go‘rkov ham anoyi emas ekan:
— Sizdaqa tekinxo‘r murdalarning ko‘pini ko‘rganmiz. Ishlagan tishlaydi. Cho‘zma-chalpak haqiga lahadbop qilib guvala quyib berasiz. Bo‘lmasa sag‘anangizga boshqa o‘lik qo‘yvoraman, — deb to‘polon qilib qoldi.
— Obbo! — dedi Xalfa. — Har bir bandai mo‘min vaqtida, o‘z ajali bilan o‘lgani durust ekan.
Taqdirga tan bergan Boqi, hozir belini boylab, guvala quyyapti. Charchagan paytlarida qaddini rostlab, do‘mbayib ketgan qabrlarga hasad bilan qarab qo‘yadi. Kech kirishi bilan marmar lavha tagidagi teshikdan emaklab kirib ketadi. Go‘rkov unga hazillashib:
— Joyingiz jannatda bo‘lsin, xalfam, ertaga vaqtliroq chiqing! Guvaladan qarzingiz bor, — deb hiring-hiring kuladi.