Saratonning jazirasi avjga chiqqan, quyosh osmondan nur emas olov to‘kayotgandek.
Yotoqda mendan boshqa hech kim yo‘q. Hamyotoqlarim salqin parklarda dars tayyorlagani, ba’zilari konsultatsiyaga ketishgan.
Sal kamxarjroq bo‘lganimdan nonga kunim qolib, issiq yotoqda dimiqib dars tayyorlayapman, kunning issig‘i hatto boshimdagi do‘ppimni ham kuydirayotganga o‘xshaydi. Miyamga o‘lay agar bir nima kirsa. O‘qiganim kallamga kirmay, sochlarim orasida qolib ketayotganga o‘xshaydi.
Saratonning jazosi ko‘kchoy deganlar. Choynakni ko‘tarib pastga tushdim. Ko‘chaning narigi betidagi choyxonaga o‘tmoqchi bo‘lib avtobus o‘tib ketishini kutib turibman. Birdan qayrag‘och tagidagi skameykada yonboshlab yotgan bir kishiga ko‘zim tushdiyu, orqamga qaytdim. Yoshi oltmishlarga borib qolgan bir kishi boshini skameykadan osiltirib yotibdi. Avvaliga uni uxlab qolgan gumon qilgan edim. Yaqiniga borsam uxlaganga o‘xshamaydi. Yerda eskirib ketgan bir charm portfel. Portfelning qopqog‘i ochilib qolgan. Yerda bir-ikkita o‘n so‘mlik sochilib yotibdi. Shoshib uni uyg‘ota boshladim. Boshini ko‘tarib to‘g‘rilab yotqizib qo‘ydim. Chol hamon uyg‘onmas edi.
Birdan ko‘nglimga shayton kirdi. O‘yim buzildi. Shoshib atrofga qaradim, hech kim yo‘q. Cholning yarim ochiq ko‘zlarida nazarimda nur so‘ngandek edi. Ajib bir chaqqonlik bilan portfelni oldimu qo‘ynimga tiqqanimcha yotoqqa qarab chopdim.
To‘rtinchi qavatga qanday chiqqanimni bilmayman. Yotoqqa kirdimu portfelni to‘shagim tagiga tiqib ustiga o‘tirib oldim. Yuragim shunday dukillab urardi-ki devor soatning tukillashiga o‘xshab o‘zimga ham eshitilib turibdi.
Nima qilishimni bilmay yana o‘rnimdan turdim. Deraza oldiga kelib pastga qaradim. Chol hamon o‘sha holicha qimirlamay yotibdi.
Xayolimga, o‘rtoqlarim kelib qolsa nima qilaman, yo bo‘lmasa qochayotganimni birov ko‘rgan bo‘lsa qidirib kirsa nima qilaman, degan o‘y keldi. To‘shak tagiga qo‘l suqib yana portfelni oldimu pechkadek qizib yotgan cherdakka chiqa boshladim. Emaklab borib uyilib yotgan uvadalar orasiga portfelni tiqib, qaytib tushdim. Yotoq eshigini ochishim bilan yana o‘zimni derazaga urdim.
Endi cholning tepasiga odam yig‘ilgan. Gullarga qarab yuradigan bog‘bon amaki qo‘lidagi piyoladan uning yuziga suv sepyapti. Darrov derazadan nari ketdim. Tashqariga chiqishga ham, yotoqda yolg‘iz qolishga ham qo‘rqaman.
Bir soat o‘tdimi, ikki soat o‘tdimi bilmayman. Shuncha vaqt qimirlamay tik turganimni ikki tizzamda darmon qolmaganidan bildim.
Qilib qo‘ygan ishimning dahshatini mana shu o‘tgan vaqt ichida bilib qoldim. Peshonamga shatillatib tushirdim.
— Nima qilib qo‘ydim? O‘g‘ri bo‘lib qoldimmi?
Shart o‘rnimdan turdimu cherdakka chiqdim. Uvada orasidan portfelni olib yana yotoqqa tushdim. Uni pastga, to‘dalanib turgan kishilar tepasidan irg‘itmoqchi bo‘lib derazadan qaradim.
Endi skameyka oldida hech kim yo‘q. Tez yordam mashinasi shitob bilan chorraxani kesib o‘tib ketdi. Tamom! Bo‘shashib yana karavotimga o‘tirdim. Portfelni ochdim. Bir dasta pul. Vedomost. Pulni sanadim. Bir ming ikki yuz o‘n olti so‘m. Yana allaqancha tanga-chaqa. Vedomostga ko‘z tashladim. O‘n yettinchi maktab o‘qituvchilarining otpuska puli.
Koridorda oyoq tovushlari eshitila boshladi. Qo‘rqib portfelni yana to‘shak tagiga tiqdimu qimirlamay o‘tiraverdim. Eshik ochilib Sayfi bilan Umar kirdi. Ular basharamga qarab hayron bo‘lib qolishdi.
— Nima bo‘ldi? Tobing yo‘qmi? Ranging oqarib ketibdi.
Ularga nima deb javob berganim hozir esimda yo‘q. Sayfi choynakdan suv topolmay stakanda ilib qolgan choyni og‘zimga tutdi.
— Ich, ich, og‘ayni. Oftob urgan bo‘lmasin tag‘in.
Choyni ichmay qaytardim.
— Bunaqa o‘zingni qiynab dars tayyorlama-da. Dam olib, kallani mundoq shamollatib tayyorlash kerak. O‘zingni urintirib qo‘yibsan, oshna, — dedi Sayfi. — Pastdan qaynoq choy opchiqib beraymi?
Sayfi tunika choynakni qo‘liga oldi. Shu topda mening birdan-bir dushmanim bo‘lib shu choynak yiltirab turardi.
— Yo‘q, — dedim qat’iy qilib. — Choy ichmaymai. Oftobda sal ko‘proq yurib qo‘ygan ekanman. Boshim aylandi. Salda tuzalib qolaman.
Ular birpas hayron bo‘lib turishgandan keyin kitob daftarlarini tumbochkaga qo‘yib yana chiqib ketishdi. Yana yolg‘iz qoldim. Bu xilda o‘tiraversam qiynalib ketadiganga o‘xshayman. Asta o‘rnimdan turib boshimga shuncha kulfatlar solgan portfelni to‘shak tagida yolg‘iz qoldirib chiqib ketdim.
Bog‘bon amaki gullar tagini ketmonlab yurgan ekan. Menga bir qaradiyu, indamay ishini qilaverdi.
Yuragim shuv etib ketdi. Nega unday qildi? Ilgarilari har ko‘rganda gulqaychisini beliga qistirib ahvolimni so‘rardi. Mening musofirligimni, qarashadigan hech kimim yo‘qligini bilib nevarasi tushlik olib kelganda, albatta, chaqirtirib tushardi. Birga tushlik qilardik. Nechuk bu gal menga bu xil sovuq qaradi? Yo qilmishimni ko‘zimdan bilib oldimi? YO bo‘lmasa portfel olib qochganimni ko‘rganmidi? Qo‘rqib ketdim. Indamay boshimni egib o‘tib ketaverdim.
Sal nari borib sekin orqamga qaradim. U hamon o‘z ishi bilan band. Ketmonini nazarimda jahl bilan yerga urayotganga o‘xshardi. Orqamga qaytdim. Yaqin kelib salom berdim. Chol boshini ko‘tarib salomimga sovuqqina alik oldi-da, ketmonini marzada qoldirib, chetga chiqdi. Nos chekdi.
— Sal xafaroq ko‘rinasiz? — dedim uni sinamoqchi bo‘lib.
Chol ko‘zlarimga ma’nosiz tikilib turib, noinsof, dedi.
Tovonlarimgacha zirqirab ketdi. U jahl bilan og‘zidagi nosni tupurib tashladi-da skameykaga o‘tirdi.
— Noinsof, noinsof ko‘p, bolam. Kuppa kunduzi bir bechorani shilib ketishdi. Agar o‘sha yaramas qo‘limga tushgandami, shu ketmon bilan kallasini majaqlab tashlardim.
Tanamga sal jon kirgandek bo‘ldi. Xayriyat, chol bilmagan ekan. Holdan toyib uning yoniga o‘tirdim. Bog‘bon amaki o‘zidan-o‘zi xunobi oshib gapirardi.
— Necha marta aytganman, pensiyaga chiq, deb. Yo‘q, ko‘nmadi. Yuragi o‘zi ma’lum narsa. Hoy do‘stim, endi bas, ishlama, dedim, qani endi bu o‘jarni ko‘ndirib bo‘lsa. Mana, nima bo‘ldi? Bir ming ikki yuz so‘m-a. Qoshki o‘ziniki bo‘lsa. Xalqniki, muallimlarniki-ya!
Chol boshini sarak-sarak qilib bo‘lgan voqeani gapirib berdi.
— Bankadan pul olib kelayotgan ekan. Issiqda yuragi besaranjom bo‘lib qopti. Tramvaydan tushibdi-yu, Mardonni oldida birpas o‘tirib dam olay deb mening oldimga arang yetib kepti. Aksiga olib men o‘lgur qovun olgani ketgan edim. Qovun yemay zaharni yesam bo‘lmasmidim. Boyaqish meni kutib o‘tirib ko‘ngli bexud bo‘lib qopti. Pul to‘la papkasini bir noinsof ko‘tarib ketibdi. Olgan odamga buyurmasin. Kafaniga, o‘limiga yarasin shu pul.
Chol o‘g‘rini astoydil qarg‘ardi. Uning har bir gapi yuragimni teshib ketyapti. Uning gaplari qulog‘imga emas, badanimga o‘q bo‘lib sanchilardi.
Pulni olib tushib bog‘bon amakimning qo‘liga bersammikan? Nima deb beraman? Men olgan edim, desam keyin yomon bo‘lmasmikin? Topib olgandim, deyaymi? Yo‘q, bo‘lmaydi. Ko‘zimga tergov, sud, qamoq ko‘rinib ketdi.
Yaxshisi yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qolavelsin. Olganimni hech kim ko‘rmapti-ku nimadan qo‘rqaman. Biroq bog‘bon amakimning qarg‘ishi, ko‘ngli behuzur bo‘lib qolgan kassir cholning yarim ochiq nursiz ko‘zlari ichimni timdalardi.
Chol o‘rnidan turib yana gullar orasiga kirib ketdi. Bir o‘zim qoldim. Nima qilishimni bilmayman. Asta turdimu boshim oqqan tarafga qarab keta boshladim.
Ancha kech kirib qolgan. Ishdan qaytayotgan kishilar trotuarlarni to‘ldirgan. Kallamga hech narsa kirmaydi. Odamlarga turtinib-surtinib ketyapman. Qornim ochmi, to‘qmi bilmayman. Kim menga qarasa turgan joyimda qotib qolaman. Qochishga payt poylayman.
Ba’zan qilib qo‘ygan xatomni tuzatish qiyin ekanini anglab o‘zimcha rejalar tuzaman.
Yangi kostyum olsam. Endi yotoqda turib nima qilaman. Kvartira olib ko‘chib ketaman. Soat olaman. Tilla soat olsam ham bo‘ladi. Yangi etik olish kerak. Uylanib olsammikin?
Shunday shirin orzularimni bo‘lib cholning yarim ochiq nursiz ko‘zlari ko‘rinib ketadi.
Uning holi nima kechadi? Yuragi yomon ekan, o‘lib qolsa nima qilaman? O‘qituvchilar nima qilishadi?
Shu payt ko‘zim magazinning yaltiragan vitrinasiga tushib qoldi. Bu yuvelir magazin edi. Tilla soatlar, billur idishlar ko‘zni qamashtiradi. Beixtiyor ichkariga kirib qopman. Shunday badavlat edimki, bu do‘kondagi eng qimmatbaho buyumlarni xarid qilishga ham qurbim yetardi. Shoshilmay rosa aylandim. Qay xil soatni olishimni mo‘ljallab qo‘ydim. Oyna tagida ustiga tilla suvi yurtilgan kumush papirosdon turipti. Ana shuni ham olish kerak. Bu papirosdonga qahrabo mushtuk yarashadi. Albatta olaman.
Nimaga qo‘l uzatsam yetadigandek edi. Rosti ham shunday. Endi eng yaxshi restoranda ovqatlanaman. Bundan buyon stipendiya kutib o‘tirish yo‘q. Jag‘imga qoplama qilib tilla tish quydirsam ham bo‘ladi.
Ana shunday niyatlar bilan magazindan chiqdim. Ertaga bugun o‘ylagan, niyat qilgan narsalarimni olaman. Ertaga mening hayotim yangicha boshlanadi.
Men baxtiyor edim. Ilgari hech qachon o‘ylab ko‘rmagan, hatto xayolimga kelmagan narsalar to‘g‘risida o‘ylayman. Qadam tashlashim ham, atrofga qarashim ham boshqacha edi. Men yerni bosib ketayotganim yo‘q. Yer meni ko‘tarib borayotganga o‘xshaydi.
Hushtak tovushidan cho‘chib ketdim. U yoq-bu yoqqa qaradim. Mo‘ylovdor bir militsioner lunjini to‘ldirib hushtak chalardi. Unga qarasam jahl bilan meni imlab chaqiryapti.
Kallamdagi xayollar, shirin orzular shu topdayoq qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. O‘zligimni yo‘qotib murdaga aylandim. O‘limga o‘z oyog‘i bilan ketayotgandek unga qarab yura boshladim. Birdan, qochsammikin, deb o‘yladimu, shu topdayoq orqamga burilib tiraqaylab qocha boshladim. Yana hushtak ovozi quloqlarimni teshgudek bo‘ldi. Qarshimdan kelayotgan baquvvat bir yigit oyog‘imdan chalib yubordi. Munkib ketdimu, yiqilmadim. Zum o‘tmay militsioner yetib keldi.
Tamom bo‘ldim!
Sud, dahshatli qora kursi. Hukm!
Militsioner o‘ng qo‘lini chakkasiga qo‘yib chest berdi.
— Grajdanin siz...
G‘uldirab qoldim.
— Men, men bilmasdan... — boshqa gap aytolmadim.
— Siz, — shoshilmay salmoqlab gapirardi. — Siz nega ko‘cha qoidasini buzasiz? Oz bo‘lmasa mashina urib ketay dedi-ku...
U boshqa nimalar dedi bilmayman. Entikaman xolos.
Atrofni odam o‘rab olgan edi. Militsioner to shtraf kvitantsiyasini yozib bo‘lguncha sal o‘zimni o‘nglab oldim.
Yotoqqa qarab ketyapman. Yurayotganim yo‘q. Sudralayapman. A’zoyi badanimda jon asorati yo‘q. Murdaga o‘xshayman.
Nazarimda kaltak yegandek butun vujudim zirqirab og‘riydi.
To to‘rtinchi qavatga chiqquncha ikki marta zinada o‘tirib dam oldim.
Sayfi bilan Umar shaqillatib domino o‘ynashayotgan ekan, ularga ham qaramay o‘rnimga cho‘zildimu ko‘zimni yumdim. Ammo to‘shak tagidagi portfel belimga botib uxlagani qo‘ymasdi. U yoqqa ag‘darilaman, bu yoqqa ag‘darilaman, bo‘lmaydi. Meni shunchalar notinch qilayotgan portfelni olib uloqtirgim keldi. Iloji yo‘q-da!
Shunchalar charchashimga qaramay uxlayolmadim. Endi ko‘zim ilinganda tushimga yarim ochiq nursiz ko‘z kiradi, uyg‘onib ketaman. Yana ko‘zim ilinishi bilan o‘zimni tergovchi oldida ko‘raman, yana uyg‘onaman.
Bir mahal qattiq uxlab qolgan ekanman. Nima bo‘ldi-yu, bog‘bon amaki qaydandir paydo bo‘ldi. Belimdan azot ko‘tarib derazadan uloqtirdi. Pastga shitob bilan tushib ketyapman. Pastda katta gulxan. Mana hozir olovning qoq o‘rtasiga tushaman. Yonayotgan olov emasmish. Pul to‘la portfel emish. Portfel ustiga belim bilan tushdim. Dod deb ko‘zimni ochib yubordim.
Sayfi bilan Umar ham qattiq uxlab qolishgan ekan. Xayriyat alaxsiraganimni, dod deganimni bilishmadi.
Belimga botayotgan portfelni tortib yastiq tagiga bostirdim-da yana ko‘zimni yumdim. Bu gal qattiq uxlab qopman. Hech qanaqa tush ko‘rmadim.
Juda qattiq uxlab qolgan ekanman. Allanarsaning portlashidan uyg‘onib ketdim. Ko‘zimni ochsam Sayfi elektrplitaga choy qo‘yaman deb ag‘darib yuboripti. Plita spirallari bir-biriga tegib zamikanie bo‘lib, yotoq koridoridagi probkani kuydirib yuboripti. To kiyinib olgunimcha komendant kirib shovqin ko‘tardi.
— Yotoqqa o‘t qo‘yvorib tinchiysizlarmi? Bundan keyin kimda kim plita qo‘ysa mendan xafa bo‘lmasin. Pojarniyga o‘zim tutib beraman.
Sayfi undan uzr so‘rab elektrni tuzatib qo‘yishni bo‘yniga oldi.
— Kerakmas, — dedi komendant. — Elektrdan ham zarur ish bor. Qani bo‘linglar. Pastda mashina kutib turipti. Qurilishga hasharga borasizlar. Bugun texnikum bo‘yicha jami studentlar yotoq qurilishiga hasharga boradi. Qani, tez-tez. Elektrni montyor chaqirib o‘zim tuzattirib qo‘yaman.
Komendant qistalang qilib hammamizni pastga haydab tushdi. To avtobusga chiqib jo‘nab ketgunimizcha turib oldi.
Shahar chetida texnikumimiz uchun yangi bino, yotoq qurilayotgan edi. Bundan ilgarilari ham ba’zan hasharga borib turardik. Qurilish ishlari cho‘zilib ketib sentyabrda o‘qish boshlanguncha asosiy korpusning bitmay qolish xavfi tug‘ilganidan direktsiya keyingi paytlarda xasharga zo‘r bergan edi.
Student xalqi g‘alati xalq bo‘ladi. Och bo‘lsa ham ashula aytadi, to‘q bo‘lsa ham ashula aytadi.
Bir avtobus bola ovozining boricha qo‘shiq aytib ketyapmiz. Men ham yotoqda uncha-muncha xirgoyi qilib turardim. Quvnoq, g‘am-tashvish nimaligini bilmaydigan o‘rtoqlarimga qo‘shilib ashula aytib ketyapman. O‘rtoqlarim avjini sen aytasan, deb qolishdi. Yo‘q demadim. Endi katta avjga chiqqan ham edimki, xayolimga lop etib yastiq tagidagi portfel kelib g‘iq etib to‘xtab qoldim. Sayfi ovozining boricha qichqirdi.
— Patefonning tanobi uzilib ketdimi?
— E, olsang-chi!
— Ha, qani, — degan ovozlar ko‘tarildi.
Harchand ovoz chiqaraman deyman, qani ovoz chiqsa. Hiqillayman xolos.
Kimdir zarda bilan dedi:
— E, bor-e. Umar, o‘zing ol.
Hamma ashula aytayapti. Bitta men aralasholmayman. Yuragimda ot chopyapti. Shuncha pul yastiq tagida yotibdi. Uning ustiga komendant montyor olib kirgan bo‘lsa, bordi-yu ko‘zi tushib qolsa, nima bo‘ladi? O‘ldim!
To qurilish bo‘layotgan joyga yetgunimizcha bo‘ladiganim bo‘ldi.
Tengqurlarim orasida baquvvati men. Shuniig uchun ham meni zambil ko‘tarishga qo‘yishdi. Qizlar g‘isht solib berib turadigan bo‘lishdi.
Ishga kelganda o‘g‘il bolalardan ko‘ra qizlar durust. Qizlarning joni qirqta, degan gapga shu yerda ishonib qo‘ydim. Menga bir minut dam berishmaydi. Uchinchi qavatga pillapoyadan g‘isht to‘la zambil ko‘tarib chiqish osonmi? Qaytib tushishimiz bilan darrov to‘ldirib qo‘yishadi. Yana likonglab yuqoriga o‘rmalab ketamiz. Umar ozg‘in, chillakdak yigit bo‘lsa ham juda chayir. Shundoq issiq kunda terlamaydi ham. Ha, jindek dam olaylik, desam ko‘nmaydi. Qizlarni oldida sharmanda bo‘lamiz, deb orqamdan pildirab ko‘tarib ketaveradi. Jindakkina orom olsam edi. Yotoqda qolgan pulimni o‘ylardim. Umar ham, Sayfi ham, qizlar ham nima g‘amda ekanimni bilishmaydi-da, ularga bu gapni aytib bo‘larmidi?
Qo‘llarim qavarib ketdi. Oxirgi g‘ishtni yuqoriga opchiqib tushdik. Yana mashina kelguncha birpas dam olmoqchi bo‘lib o‘tirdik.
To‘g‘risi shu dam bahonasida juftakni rostlab qolmoqchi edim. Shu niyat bilan bolalarga qanday bahona topsam ekan deb o‘ylab o‘tirgan edim. Men o‘tirgan beton supacha sekin-sekin lapanglay boshladi. Avvaliga Umarmi, Sayfimi, tegajog‘lik qilib qimirlatayotgan bo‘lsa kerak deb indamay o‘ylab o‘tiraverdim. Qarasam, supacha osmonga chiqib ketyapti. Qo‘rqib ketdim, qo‘rqqanimni qizlardan yashirib iljayib turaverdim. Qeyin bilsam, beton armaturaning ustida o‘tirgan ekanman. Ko‘tarma kran meni ham armaturaga qo‘shib ko‘tarib chiqib ketyapti. To o‘zimni o‘nglab olgunimcha to‘rtinchi qavatning tomi ro‘parasiga opchiqib qimirlamay qoldi. Betonning bir tarafi ko‘tarilgan bo‘lganidan kranchi meni ko‘rmay qolipti.
Pastda qolganlar qiyqirib kulishadi. Men bo‘lsam jonimni hovuchlab kran zanjirini mahkam ushlab olganman. G‘iqillab turgan kranning ovozi o‘chdi.
To‘rtinchi qavat devorida turgan xotin qo‘lidagi bayroqchasini silkitdi. Kranchi butkasidan bosh chiqarib:
— Tok yo‘q. Obed payti bo‘lganidan tokni uzib qo‘yishdi, — deb qichqirdi.
Obbo! Rasvo bo‘ldi. Yana qancha vaqt osmonda muallaq turishimni bilmayman. Bu padar la’nati tok qachon ulanadi. Kran zanjiri uzilib ketsaya! Yerdan meni otashkurakda ham qirib olib bo‘lmaydi. Faqat ko‘ylagimning tugmasigina butun qolishi mumkin.
Agar men urf-odatlarga ishonsam, tirik qolish uchun portfeldagi pullarni sadaqa qilib yuborardim. Qayoqdan ham qurilishga keldim. Mana, pastda hamma o‘rtoqlarim tushlik qilishyapti. Umar kattakon qovunni tilimlab qizlarga uzatyapti. Sayfi bo‘lsa hadeb tilini chiqarib meni ermak qiladi. Shu topda hazilga balo bormi? Echkiga jon qayg‘i, qassobga moy qayg‘i.
Nima bilandir o‘zimni alaxsitmasam bo‘lmaydiganga o‘xshaydi. Pastga qarasam ko‘zim tinib ketyapti. Yuqoriga qarasam ingichka simga besh tonnalik men o‘tirgan beton ilinib turipti.
Ko‘zimni chirt yumib oldim. Durustroq, ko‘ngilni ko‘taradigan narsalarni o‘ylash kerak. Nimani o‘ylasamikin?
Nimani o‘ylasam ham ko‘zimga portfel ko‘rinadi. Yaxshisi yana shuni o‘ylab qo‘yaqolay.
O‘zimcha bir ming ikki yuz so‘mga nimalar olishimni o‘ylayman. Xayolda shahar magazinlarini aylanib chiqaman. Ilgari ko‘rganda ko‘zni o‘ynatadigan buyumlarni nazar-pisand qilmay qo‘yganman. O‘zimcha, nima balo, do‘konlarda durust mol yo‘q, deb savdo ministridan nolib qo‘yaman, rost-da, puling bo‘lsa-yu, bo‘yingga loyiq qorako‘l palto topolmasang.
Xotin-qizlardan jahlim chiqadi. Dunyoda qandoqki yaxshi mato bo‘lsa xotin-qizlarga. Biz sho‘ring qurg‘ur erkaklarning kiyimlari bir xil. Qora, ko‘k, kul rang, jigar rang, vassalom. Mototsiklning yaxshisi necha pul turarkin? Velosiped minishga uyalaman. Ko‘rganlar nima deydi?
Shirin xayollardan mast bo‘lib sekin ko‘zimni ochaman. Ko‘zimni ochamanu, osmonu falakda muallaq turganimni ko‘rib xafa bo‘lib ketaman. Pastda chap qo‘li bilan boshidagi do‘ppisini ushlab Sayfi hazil qiladi.
— Hoy, kosmonavt papiros chekma, havoning quyuq qatlamida kuyib ketasan.
Uning bu bema’ni hazili uchun boplab bir so‘kay deyman-u, qizlar oldida aytishga istixola qilib indamayman. Tishlarimni g‘ichirlataman. Hali shoshmay tur.
Shu alpozda oyog‘im yerga, boshim osmonga tegmay o‘tirdim.
Xayriyat tok keldi. Kranchi beton bilan qo‘shib meni ham to‘rtinchi qavatning devoriga qo‘ndirdi. Gandiraklab o‘lar holatda pastga tushdim. Umar shapkasini buklab mikrofonga o‘xshatdi-da, og‘zimga tutdi.
— Diqqat, diqqat, kosmodromdan gapiramiz, Mikrofonimiz qo‘lbola kosmonavtning og‘ziga to‘g‘rilangan. O‘rtoq kosmonavt, uchish qanday o‘tdi?
Jahlim chiqib ketdi.
— Bor-e, aravangni tort, — deb yubordim.
Shu orada to‘rtta samosval oldinma ketin g‘isht to‘kib ketdi. Sayfi yana zambilni ro‘para qildi.
— Insofing bormi? Hali tushlik ham qilganim yo‘g‘a.
— Birato‘lasi kechki ovqatga qo‘shib yeysan. Qani ko‘tar!
Zarda bilan uni itarib yubordim-da, nari ketdim. Umar mehribonchilik qilib mening tarafimni oldi.
— Ko‘p qiynama. Ovqatini yeb olsin.
Taxtadan omonatgina tiklangan barakka kirib sovub qolgan shavlani yeya boshladim. Ovqat yeyapmanku, xayolim qochishda. Ha, qochish kerak!
Shavla ham chala qoldi. Barakning orqasiga o‘tib vodoprovoddan suv ichmoqchi bo‘lib taxtalar oralab ko‘chaga chiqib ketdim.
Yo‘l bo‘yida bugun kuni bilan bizga g‘isht tashigan samosval turardi. Shofyor yigit maykachan bo‘lib olgan, qora moyga qorishib ketgan qo‘llari bilan hadeb peshona terlarini sidiraverganidan apti-basharasi qopqora bo‘lib ketibdi. U meni ko‘rib iljaygan edi oppoq tishlari yaltirab ketdi. Uning bu ko‘rinishi fotosuratning negativini eslatardi.
— Vox. Seni qaysi shamol uchirdi, uka? Beri kel!
Menda nima ishi bor ekan deb oldiga bordim.
— Uka g‘ildirakka mix kirib yelini chiqazvordi. Prorabga necha marta aytaman, havozadan bo‘shagan taxtalarni yo‘lga tashlanmasin, deb. Shu bugun ikki marta balonim teshildi. Kel, uka, yangi kamera qo‘ydim. Yel urishib yubor.
E, bor-e, deb ketib qolmoqchi edim. Shofyor shunday ishonch bilan, xuddi ukasiga ish buyurayotgandek qilib gapirgan ediki, beixtiyor nasos tutqichiga qo‘l yuborganimni bilmay qolibman.
Ikkalamiz galma-galdan yel berib balonni shishirib oldik. Shunga ham salkam bir soat ketdi. G‘ildirakni o‘qqa joylayotganimizda u yana oppoq tishlarini yaltiratib mamnun jilmaydi.
— Rahmat uka. Yaxshi bola ekansan. Qani endi hamma ham senga o‘xshagan insofli bo‘lsa. Bitta yaramas tog‘amning portfelini o‘g‘irlab ketibdi. Kasalxonaga borib ko‘rib keldik. Yuragi yomon edi, o‘lib qolishiga sal qoldi. Bo‘ldi, rahmat uka.
Shofyor bu gapi bilan g‘ildirakka emas, mening ichimga yel bergandek bo‘ldi. Yorilib ketay dedim. U bilan xayrlashmay yo‘lga chiqdim.
Kuni bilan surgan xayollarim havoga uchdi-ketdi. Shoferning birgina gapi meni shuncha rohatlardan mahrum qildi. O‘zimni o‘zim qarg‘ay boshladim.
Qayoqdan ham shu pul o‘lgurni ola qolgandim. Shu pul deb tinchimni yo‘qotdim. Hozir boramanu, portfel-mortfeli bilan anhorga uloqtiraman. Shunday qilsam tinchiymanmi?
Shoshma, dedim o‘zimga o‘zim. Egasiga qaytib berishning-ku iloji yo‘q ekan. Suvga oqizishdan nima foyda. Yo‘q bo‘ladi, ketadi. Yaxshisi bekor ketkizmaslik kerak.
Ha deb chol nima bo‘ldi, endi u nima qiladi deb tashvish qilavermasligim kerak. Bo‘lar ish bo‘ldi. Qarib qolgan odamni sud qilisharmidi.
Tamom! Pul endi meniki!
Tiqilinch tramvaylarga osilib yotoqqa keldim. Darvoza oldida komendant papiros chekib turgan ekan. U meni ko‘rishi bilan he yo‘q, be yo‘q familiyamni surishtirib qoldi.
— Familiyang Tursunov, a?
Nima deb javob qilishimni bilmay esankiradim.
— Karmisan? Soqovmisan? Nega indamaysan? Familiyang Tursunovmidi?
Sekingina ha, deb javob qildim.
— O‘qituvchilar xonasiga kir. Seni militsiya leytenanti kutib o‘tiripti.
Jon-ponim chiqib ketay dedi. Yuray desam oyog‘im qimirlamaydi. Gapiray desam tilim aylanmaydi. Ko‘zimga dunyo ostin-ustun bo‘lib ketdi. Hamma narsa teskari ko‘rinadi. Komendantning boshi yerda, oyog‘i osmonda, to‘xtab turgan mashina xuddi to‘ntarilib qolgan toshbaqaga o‘xshaydi. Maydondagi fontan osmondan yerga qarab suv purkayotgandek.
— Nega qimirlamay turib qolding. Kir ichkariga.
Komendantning ham ovozi tomdan tushayotgandek bo‘ldi.
Zo‘r mashaqqat bilan oyog‘imni ko‘tardim. Brezent tuflim cho‘yandan quyilgandek biram og‘irki, ko‘tarib bo‘lmaydi.
Hay, bir amallab ichkariga kirdim. Koridorga yetganda, sal hushim joyiga tushib nima qilsam ekan, degan gap kallamga keldi. To‘xtadim. Qochib qolaymi? Hali bu savolga javob topib ulgurmagan ham edimki, komendant orqamdan yetib keldi.
— Kiraver, kir!
Oldinma-ketin ichkariga kirdik. Stol oldida telefon trubkasini qulog‘iga qo‘yib militsiya ofitseri turipti. U menga boshdan oyoq xo‘mrayib qarab qo‘ydi-da, gapini davom ettiraverdi.
— Topamiz, topamiz, o‘rtoq nachalnik. Hali mening qo‘limdan bironta jinoyatchi qochib qutulmagan. Albatta topaman. Topdim deyavering. Xo‘p-xo‘p.
U maqtangannamo bir kerishib, trubkani joyiga qo‘ydi. Keyin menga sinovchan nazar tashladi. Biram ko‘zi o‘tkir ekanki. Qaraganni teshaman deydi.
— Familiyang Tursunov-a? Bilamiz. Hammasini bilamiz.
Qo‘lga tushdim, dedim ichimda.
— Xo‘sh, o‘zing ayt. Nima qilaylik. Ayt. Aytaver.
Bu odam hammasini bilarkan. Tonsammikin? Bordi-yu guvohlari bo‘lsa. Yaxshisi to‘ppa-to‘g‘risini aytib afv qilishlarini so‘raymi? Hayronman.
— Sheriklaring qani?
— Sheriklarim yo‘q, — dedim.
— Iya, — dedi ofitser qoshlarini kerib, — Halitdan yolg‘on gapiryapsanmi?
Bo‘lar ish bo‘ldi. Bor gapni aytaveraman.
— Bir o‘zimman. Sheriklarim yo‘q.
U cho‘ntagidan qog‘oz chiqazib hamyotoqlarimni birma-bir aytib chiqdi.
— Bular kim bo‘ladi?
— Kursdosh hamyotoqlarim.
— Men ham ana shularni so‘rayapman. Menga qara, bola. Qechadan boshlab sen, sheriklaring, bildingmi, sheriklaring bilan, — u labini tishlab ancha vaqt turib qoldi. — Drujinachilar safiga qabul qilindinglar, Tushundingmi, Tursunov? Ertaga kechqurun kelib mashg‘ulot o‘tkazaman. Eng avval samboni o‘rgataman. Bo‘pti. O‘rtoqlaringga aytib qo‘y. Kechqurun kino-pinoga quyon bo‘lib qolishmasin.
Leytenant qachon chiqib ketdi, xayrlashdimmi, xayrlashmadimmi, bilmayman.
Esimni o‘nglab koridorga chopib chiqdim-da, o‘qdek otilib to‘rtinchi qavatga ko‘tarildim. Yotog‘imiz eshigi ochiq. Kimdir karavotdagi ko‘rpa to‘shaklarimni yig‘ib qo‘yipti. Qo‘rqib ketdim. Jon holatda to‘shakni yozib yostiq tagini qaradim. Hayriyat, portfel joyida turipti. Allaqaysi karavot tagidan pol yuvayotgan yotoq navbatchisining ovozi eshitildi.
— O‘rningni men yig‘ib qo‘ydim. Montyor shnurni yangiladi. Ko‘rpangga ohak to‘kilmasin deb shunday qildim.
Portfelga birovning ko‘zi tushmasin deb yastiq jildi orasiga tiqivordim.
Qurilishdan qaytgan hamyotoqlarimning gangir-gungir tovushini eshitib darrov yastiq jildining tugmalarini sola boshladim.
Xayolimda bir gap. Portfel-ku turipti. Ichidagi omonmikin?
Ertalab bet-qo‘limni yuvayotib oynakda basharamni ko‘rib qoldim. Odamning beti ham shunchalik rasvo bo‘ladimi? Soqol degan o‘sib jingala bo‘lib ketibdi. Nazarimda quloq-burunlarimdan ham jun chiqib ketganga o‘xshaydi.
Oradan o‘tgan shu uch kun ichida sira o‘zimga qaramapman. Yonimda bir ming ikki yuz bo‘lsayu u yoq-bu yoqqa qarashga balo bormi? Ana shundagina pul odamni ne ko‘ylarga solishini fahmlay deb qoldim. Soqol olishga vaqtim yo‘q.
Shuncha pul kissangda tursayu imillab soqol olsang. Yo‘q, shoshilish kerak. Bir joyda qimirlamay turish puli yo‘q odamlarning ishiga o‘xshab ketdi. Shoshib betimni yuvdimu ko‘chaga otildim. Bugun menga eng ajoyib, lazzat baxsh etadigan kun. Shoshilish kerak. Shahar magazinlarida shamoldek yelib ko‘zga nima ko‘rinsa xarid qilaverish kerak.
To‘rt qavat imorat zinasidan yurib emas, uchib tushdim. Yo‘lda uchragan og‘aynilarim ko‘zimga juda mayda, nochor kishilar bo‘lib ko‘rinyapti, Hech kimni nazar-pisand qilgim kelmaydi.
Gulzor oldidan o‘tib ketyapman. Bog‘bon amaki skameykaga belbog‘ini yozib bir bosh uzum, non qo‘yib, nonushta qilyapti. Shu ham nonushta bo‘ptimi? Billur qadahlarga konyak, qovurilgan go‘sht bilan nonushta qilmagandan keyin shuni ham umr deb bo‘ladimi? Bu chol umrbo‘yi shu xil nonushta qilib kelgan bo‘lsa kerak. Bechora!
Birdan cholning ko‘zi menga tushib qoldi,
— E, bolam, kel. O‘zim ham kelib qolarsan, deb turgan edim. O‘tir, birga nonushta qilamiz.
Shuncha pulim, shuncha imkoniyatim bo‘la turib shu arzimas ovqatni yeymanmi?
— Olsang-chi, muncha imillaysan?
Chol uzumni shingillab qo‘limga tutqizib qo‘ydi.
— Malol kelmasa senga bitta ishim bor edi. Bolam, illo yo‘q demaysan.
Uning menda qanday ishi bo‘lishi mumkin ekan, deb hayron bo‘lib turgan edim, o‘tirgan yerida hassasi bilan skameyka orqasida tizza bo‘yi bo‘lib ochilib yotgan gullar orasini titkiladi. Ariq ichida kattakon tarvuz yotardi.
— Xoltoyni ko‘rib kelmoqchi edim. Tarvuzning kattarog‘ini olib qo‘yipman. O‘zim ko‘tarib borolmaydiganga o‘xshayman. Og‘ir, to‘qqiz kilo keldi. Birga borib kelaylik. Kasalxona uzoq emas, yaqin.
Nima deyishimni bilmay indamay turib qoldim. Yo‘q, desam chol ranjiydi. Boya aytdimku, chol uyida tansiqroq ovqat bo‘lsa menga ilinadi deb. Shundoq odamning gapini qaytarishga ko‘nglim bo‘lmadi. Xo‘p dedim.
Chol dasturxonga fotiha o‘qib belbog‘idagi ushoqlarini gulzor ichiga qoqdi.
— Qani, tarvuzni ko‘tar. Ketdik!
Chol oldinda hassasini do‘qillatib ketyapti. Men orqasida bugun qiladigan xarjlarimni o‘ylab ketyapman.
Dunyoda uch narsa yomon deyishardi. Biri — yolg‘iz qo‘yni yetaklash, ikkinchisi — birovni kutish, uchinchisi — tarvuz ko‘tarish.
Shu gapning chinligiga ishondim. Bu tarvuz qurib ketgurning ushlaydigan joyi bo‘lmasa. Silliqligini aytmaysizmi. O‘ng qo‘ltig‘imga olib ko‘raman, chap qo‘ltig‘imga olib ko‘raman. Bo‘lmaydi. Qornim ustiga qo‘yib orqaga gavdamni tashlab ko‘tarib ko‘raman. Shu payt bitta xira pashsha burnimga qo‘nib jonimdan bezor qilyapti. Kallamni silkitaman, qani bu xira o‘lgur uchib ketsa. Birdam uchadiyu yana yo qulog‘imga, yo iyagimga qo‘nib oladi. Juda yomon bo‘lar ekan. Jonim xalqumimda likillab turganga o‘xshaydi. Sal yo‘talsam g‘iq etib chiqib ketadigandek.
Dod devorgim keladi.
Yonimda naqd bir ming ikki yuz so‘m pul bo‘lsa. Uni ichimdan sirib bog‘lab olgan bo‘lsam. Axir shu ham insofdanmi? Cholning ketidan o‘lasi bo‘lib tarvuz ko‘tarib yurish mendek bir puldorga yarashadigan ishmi? Odamlarning gapiga ham ishonmay qo‘ydim. Puli borning qo‘li uzun bo‘ladi. Hamma unga ta’zim qiladi, deyishardi.
Bekor gap! Qo‘li uzun bo‘lsa men bo‘lardim, ta’zim qilishadigan bo‘lsa eng avval menga ikki bukilib ta’zim qilishardi. Qani u ta’zim?
Shu badbaxt tarvuzni yerga bir uraymi? Hozir uraman. Yerga tushib majaq-majaq bo‘lib ketsin. Menga desa urug‘lari hamma yoqqa sochilib ketsin?
Chol birdan to‘xtadi.
— Bolam, sen mana shu yerda sal damingni olib tur. Nonvoyxonadan ikkitagina issiq non olib chiqay.
Choyxonaga yaqin kelib qolgan edik. So‘riga o‘tirdim. Chol hassasini to‘qillatib bozor ichiga kirib ketdi. Xuddi atayin meni ermak qilgandek boyagi xira pashsha o‘tirishim, ikki qo‘lim bo‘shashi bilan uchib ketdi. Sal jonim orom olgandek bo‘ldi. Jindek sabr qilish kerak. Manavi tarvuz o‘lgirni kasalxonagacha oborib beray. Ana undan keyin ixtiyor o‘zimda. Nima qilsam ham o‘zim bilaman.
Shunday xayollar bilan bir oz o‘ylanib o‘tirdim. Chol keldi. Yana boshlashib yo‘lga tushdik.
— Senga ham ikkitagina issiq non oldim. Hali tushlik qilib olarsan. Ma, belingga tugib qo‘y.
Yo‘q, desam chol qo‘ymadi. Ikki qo‘lim band bo‘lganidan cholning o‘zi non o‘ralgan qog‘ozni qo‘ynimga tiqib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Etim seskanib ketdi. Mana, u nonni joylayapti. Naq eski bahoda o‘n ikki ming so‘m pul boylab qo‘yilgan joyga qo‘li tegay, tegay deyapti.
— Nima balo, bolam, nosqovog‘ing bormi? Belingga nima tugib qo‘ygansan?
Nima deyishimni bilmay dovdiradim.
— Hammomga tushmoqchi edim, sovun, sochiq, degandek...
— Bu ishing ma’qul. Odam degan pokiza yurishi kerak. Toza yurgan odamning tabiati ravshan bo‘ladi. O‘zi sog‘lom bo‘ladi. Yuz ko‘zidan nur yog‘iladi. Hammomga tushmagan odamni odam dema. Unaqa odamning basharasidan kul yog‘ilayotganga o‘xshaydi. Mening Homidvoy degan sayramlik oshnam bor, Hammomga tushishni ana o‘shanga chiqazgan. Qachon qarasang qo‘ltig‘ida sochiq. Basharasi bamisoli lampochkaga o‘xshab yaltarab turadi. Qaerda sovun ko‘rsa, albatta to‘xtaydi, bir yuvinib o‘tib ketadi. Uyda sovunga qiron keltiradi. Ana shunaqa, bolam. Toza yurgan odamning vijdoni ham toza bo‘ladi. Haromga yo‘lamaydi. Shu nazarimda og‘aynimning pulini olgan yaramas ham juda iflos odamga o‘xshaydi. Hammom betini ko‘rmagan isqirt bo‘lsa kerak. Soch soqoli o‘sib ketgan, basharasini pashsha talagan odam bo‘lsa kerak. Juvonmarg bo‘lsin u. Go‘rida to‘ng‘iz qo‘psin!
Padaringga la’nat boyagi pashsha hali ham ergashib kelayotgan ekan, yana burnimga qo‘nib olsa bo‘ladimi? Chol hozir, isqirt odamning, vijdoni nopok odamning basharasini pashsha talaydi, dedi. Menga atayin shunaqa deyatgani yo‘qmi? Azbaroyi xudo, shu pashsha qo‘limga tushsa naq g‘ajib tashlayman. Yo‘q, undan ham battar qilaman.
Qayoqdan ham cholga yo‘liqdim. Mana, yana to‘xtadi. O‘ziga o‘xshagan bir cholni topib qayoqdagi gaplarni cho‘zg‘ilayapti.
— Indingami, bo‘pti. Ammo-lekin sen yutib chiqsang kerak. Sening gullaring oldida meniki nima bo‘pti.
— Yo‘q, yo‘q, unaqa dema. Sening duxoba gulingga hamma qoyil qoladi. Bo‘pti. O‘sha yerda uchrashamiz.
Ular shu ko‘yi yarim soatcha guldan gaplashishdi. Oxiri og‘aynisi bilan xayrlashib yana yo‘lga tushdi. Qo‘llarim tolib ketdi. Belim naq uzilib ketaman deydi.
— Haligi o‘rtog‘imni tanimaysan-a. Gulchilikda undan o‘tadigani bo‘lmaydi. Indinga seni ham gul vistavkasiga olib boraman. Ko‘rasan! Mening gullarimni ham ko‘rasan. Bu og‘aynim, albatta, birinchilikni oladi. G‘alati odam, u. Burnoq yili terakka o‘n xil atir gul payvand qilgan. Qizil, sariq, pushti, oq gullar terakning qilt uchida ochilib turipti. Mahallasining qay burchidan qarasang ham ko‘rinadi. O‘sha gul payvand qilingan terakni uch marta kinoga olishdi. Jurnallarda ham surati chiqqan.
Chol, balki juda qiziq gaplarni aytayotgandir. Ammo bu gaplarning menga sira ham qizig‘i yo‘q. Mana, u bu gapni tamomlab boshqasini boshladi.
— Butilkaning ichida bodring bitganini ko‘rganmisan?
Istar-istamas, yo‘q, dedim.
— Bilmaysan, ko‘rmagansan, tushingda ham ko‘rmagansan. Mana bundoq bir shishaning ichida bodring. Uning ichiga qandoq qilib bodring siqqan? Hech kim bilmaydi. Bilasanmi, og‘aynim nima qilgan? Bodring guldan chiqib endi naychalayotganda shishaning ichiga tiqib qo‘ygan. Bodring o‘sha shisha ichida o‘sib pishgan. Pishgandan keyin dumini uzib tashlagan. Hozir uyida shunaqa antiqa bodringdan to‘rttasi bor. Tuzlab qo‘yipti. Yeyman degan odam shishani sindirib ichidan oladi. Ha, shunaqa, bolakay.
— Yetay dedikmi, ota? — dedim norozi ohangda.
— Charchading-a, bolakay, yetdik. Hu anavu darvoza kasalxona. Kiramizu oshnamni chaqirtiramiz. Shu bilan vassalom.
Kirib tarvuzni qo‘liga beramanu salom alikni nasiya qilib quyon bo‘laman.
Darvozadan kirdik. Kasalxonaning hovlisi kattakon bog‘ ekan. Daraxtlar tagidagi stulchalarda xalat kiygan bemorlar gaplashib o‘tirishipti. Chol u yoqdan-bu yoqqa alanglab oldi. Keyin bir tanishini ko‘rib undan og‘aynisining qaysi palatada ekanini surishtira boshladi.
— Xoltoy ota, hu anavu daraxt tagida direktorlari bilan gaplashib o‘tiriptilar. Boravering.
Ikkovlashib o‘sha tarafga ketdik. Bir ko‘zoynakli o‘rta yashar kishi kim bilandir qizishib gaplashyapti. Orqasini o‘girib o‘tirgan bemor hassasining uchi bilan yer chizyapti. Yaqiniga bordik. Bemor chol o‘girildi.
O‘sha. Skameykada ko‘ngli ketib qolgan chol.
Beixtiyor to‘xtab qoldim. Qo‘limdagi tarvuz tushib ketay dedi. Uning ko‘zlari men ko‘rgandagidek nursiz, xira emas. Ammo juda ma’yus.
Bog‘bon amaki u bilan juda quyuq ko‘rishdi-da, qo‘lidagi gazetaga o‘ralgan narsalarni stol ustiga qo‘ydi.
— Bolam, — dedi menga qarab, — tarvuzni bu yoqqa olib kel.
Avvaliga bog‘bon cholning gapiga tushunmadim. Uning nima deganini anchadan keyin tushundim. Tarvuzni oborib stolga qo‘ydim. Qo‘ydim-u, yuragimning gupillab urishini aniq eshitdim. Bemorning ko‘zlariga qaramay sekin tisarilib yerga qarab turaverdim.
— O‘tir, bolam, — dedi bemor, — manavi stulga o‘tir.
O‘tirdim.
Oraga sovuq jimlik tushdi. Boya biz kelganda ularning gapi, bo‘linib qolgan ekan. Ulab yuborish qiyin bo‘ldi shekilli, direktor papiros tutatib yerdagi soyalarga ancha vaqt qarab turgandan keyin juda ham qiyinchilik bilan gapira boshladi.
— Nima qilishga hayronmiz. Maorifga xabar qildik. Militsiya bu ish bilan hozir qattiq shug‘ullanyapti. Qosimovning putyovkasi kelgan edi. Soyuzga qaytib topshirib yubordik.
Bemor chol ingraganga o‘xshash ovoz chiqardi.
— Oshqozonining mazasi yo‘q edi. Kurortga bormasa bo‘lmaydi. Meni deb putyovkadan ajralib qopti-da. Putyovkani chakki qaytarib yuboribsizlar. Kecha kampirim kelgan edi. Hovlimizning yarmini sotmoqchimiz. Yana bir ikki kun sabr qilinglar, to‘laymiz. Sog‘ayib chiqay.
Direktor xijolatlik bilan e’tiroz bildirdi.
— Sotmang. Hovli sotish nimasi. Boshqa biron ilojini topish kerak.
— Boshqa iloji yo‘q. O‘qituvchilar otpuskaga chiqishlari kerak-ku, axir, yil bo‘yi ishlab, endi dam olamiz deyayotganlarida bundoq bo‘lib o‘tirsa...
Ichimdan bog‘lab olgan pul to‘la belbog‘ tanamni kuydirib tashlayotgandek bo‘ldi. Agar sharmandalik bo‘lmasa, shu o‘tirganlarning ta’nali boqishlariga tob berishning iloji bo‘lsa belbog‘ni yechib pulni stol ustiga tashlardim. Afsuski, bunday qilishning sira iloji yo‘q. Bu ahvolda ularning alamli suhbatlariga quloq solib o‘tirish ham mumkin emas. Ularning har bir so‘zlari meni bo‘g‘izlar, har daqiqada ming martadan o‘ldirar edi.
O‘rnimdan turdim.
— Ketmoqchimisan? Shoshma, — dedi bog‘bon amaki. — Birga ketamiz.
— Zarur ishim bor, — dedim eshitilar eshitilmas.
— Ha, aytgancha hammomga tushmoqchi eding-a. Mayli, bora qol.
O‘lgandan battar bo‘lib tashqariga chiqdim.
Darmonim qurib uzoq borolmadim. Ko‘chaning narigi betiga o‘tib keksa tol tanasiga suyanganimcha qancha turganimni bilmayman. Ko‘chalarda chiroqlar yonipti. O‘tkinchilar ham siyraklashib qolipti. Kuni bilan tuz totganim yo‘q. Ammo hech narsa yegim kelmaydi. Tomog‘im qurib chanqab ketyapman. Ko‘zimni ochsam bemor cholning xira ko‘zlari ko‘rinadi, yumsam uning titroq tovushi eshitiladi.
Bu keksa, bemor kishining shundog‘am oz qolgan umrini men qisqartirayotganimni o‘zim bilib turibman.
Hayotda insonlarning ko‘p yaxshiliklarini ko‘rdim. Mana shu mutlaqo begona bog‘bon cholning o‘zi menga qancha yaxshiliklar qildi. U menga ishonadi. Xuddi o‘z bolasidek haddi sig‘ib ish buyuradi. Uyida tansiqroq ovqat pishirilsa nasibang, deb olisdan hassasini do‘qillatib olib keladi.
U mendan nima yaxshilik ko‘rdi. Shu yaxshiliklarning evaziga men nima qildim. Hatto tom shuvoq qildirganda ham xasharga bormadim. Men o‘zim kimman? Nimaman? Odammanmi? Undan ortiq o‘qituvchining yozgi dam olishidan, hatto oshqozoni yil bo‘yi azob bergan bir keksa o‘qituvchining davolanishidan ham mahrum qildim. Menga nima bo‘ldi? Bunday pastkashlik menga qaydan ilashdi? Turgan bitganim harom! Odamlar nega mendan jirkanishmaydi?
Balog‘at yoshidan hatlab o‘tganimga ham ancha bo‘ldi. Haligacha biron qizni yaxshi ko‘rib qolganim yo‘q. Sevgi odam yuragiga tiniqlik, nur, ko‘ngilga ezgu-orzular soladi, deyishadi.
Hamyotoq o‘rtoqlarim sevgi-muhabbatdan gaplashayotganda ko‘zlari, basharalari juda g‘alati bo‘ladi. Xuddi shirin bir narsa yeyayotgandek ko‘zlari yumilib ketadi. Kuniga soqol qirtishlashadi. Shimlariga suv purkab to‘shak tagiga bostirib yotishadi. Yaxshi ko‘rgan qizlarining suratini tumbochka ustiga qo‘yib, soatlab tikilib o‘tirishadi. Nega men shunday qilolmayman? Ko‘ngilni yoritadigan qanday niyatlarim bor?
Mana shu savoldan ko‘zlarim chaqnab ketdi.
Shu paytgacha bu to‘g‘rida sira o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Juda arzimas narsalar haqida kallani shishirib yurgan ekanman.
Pul, yaxshi kiyinish, yaxshi yeyish. Mana shular mening orzum, mening niyatim, qolaverea hayotdan ilinjim shular edi. Yo‘q. Ana shuning uchun ham yuragimga sevgi kelmagan. Sevgisiz yashashning dahshati butun tanimga zirqiroq soldi.
Uch kun bo‘ldi basharamni soqol bosib ketganiga. Shu uch kundan beri isqirt bo‘lib yuribman. Birovlarning mehnat qilib topgan pullarini belimga tugib pastkash niyatlarimdan mast bo‘lib, shabko‘r odamdek oyoq ostidan narini ko‘rolmay yuryapman. Xo‘sh, bu pullarni ham sovurib bo‘larman. Tilla soat taqib qaysi bir qimmatli umrimni hisoblayman. Eng yaxshi kostyumni kiyib olib qaysi bazmga, qaysi ziyofatga boraman? Kimim bor? Kim meni to‘yga aytadi? Xo‘sh pul ham tugaydi? Unda nima bo‘ladi?
Demak, demak qolgan umrim birovlarning cho‘ntagiga tikilib o‘tarkan-da! Mehnatchi? Qachon mehnat qilaman?
Mana shunday dahshatli xayollar bilan shahar kezib yuribman. Ko‘chalar jimjit. Tramvaylarda ham odam siyrak. Deraza chetiga bosh qo‘yib konduktorlar mudrab ketyapti. Mana, ikki pritsepini sudragan tramvay ostanovkaga kelib to‘xtadi. Hech kim chiqmadi ham, tushmadi ham. Hatto keksa konduktor bosh ko‘tarib qaramadi.
Bilaman. Bu odamning ham bola-chaqalari bor. Keksaligiga qaramay ishlayapti. Kuni bilan saraton cho‘qqa aylantirgan tiqilinch tramvayda shaharning u boshidan bu boshiga qatnaydi. Shu mehnati bilan ro‘zg‘or tebratadi. Ishlab topgan har bir tiyiniga qanchalab peshana teri tomadi.
Tramvay qayilishdan g‘iqillab o‘tib ketdi. Yana azamat shaharning sokin tuni hokim bo‘lib qoldi.
Oldimdan tez yordam mashinasi o‘qdek uchib o‘tib ketdi. Vrachning oq xalati ko‘zimga arang chalinib qoldi.
Qaerdadir, kimdir betob. Mana shu oq xalat kiygan kishi uni o‘limning omonsiz changalidan qutqaradi. Bu odam o‘lim bilan olishgani, uni yenggani ketyapti.
Xuddi kunduzdek yorug‘ sokin ko‘chaning o‘rtasida, asfaltda bitta-bitta bosib militsioner yuripti, Bu odam tong otguncha uxlamaydi. Odamlar tinch uxlasin, deb uyqusidan kechib tunni tongga ulaydi.
Qaydadir parovoz qichqirdi. Qaydan kelayotganikin? Olis cho‘llar, dovonlar, tog‘ tonnellaridan o‘tib kelayotgan bu karvon shahri azimga yetdim, deb qichqiryapti. Uning qichqirishi go‘yo, ey azamat shahar senga qo‘riq yerlarning nonini olib keldim, poyonsiz o‘rmonlardan yog‘och, yer qa’ridan ko‘mir, ma’dan olib keldim, deyayotganga o‘xshardi. Mashinistning o‘t yallig‘ida yaltiragan qoramoy basharasi ko‘zimga ko‘ringandek bo‘ldi.
Shahar uyquda. Qorong‘i kechada projektorini nurli o‘qdek otib tepamda ko‘tarma kran g‘iqillayapti. Elektr payvandi chaqin chaqyapti. Uy qurishyapti.
Yonboshiga «non-xleb» deb yozilgan mashina o‘tdi. Sokin kechada issiq non hidi ancha vaqtgacha turib qoldi.
Ketyapman. Shoshilmay o‘z taqdirim, qilmishlarim haqida o‘ylab ketyapman. Vaqt alla-palla bo‘lib qolgan. Tramvay, avtobuslar ham yotgan. Katta shahar ko‘chasida militsioneru men uyg‘oq. To‘rt qavatli uyning hamma uylarida chiroq o‘chganu ikkinchi qavatidagi bitta uyning derazasi yorug‘, undan pijama kiygan, sochlari to‘zg‘ib ketgan bir kishi ko‘rinadi. U tinimsiz sigareta chekyapti. U ko‘z oynagini qo‘liga olib, qorong‘i bo‘shliqlarga tikilganicha qimirlamaydi. Kim bo‘ldi bu? Shoirmi? Injenermi? U kim bo‘lmasin uxlamayapti. Bu odam tong otguncha yurtga bir nima sovg‘a qiladi. Ye she’r, yo yangi qo‘shiq, yo tarixning varaqlanmagan bir sahifasi paydo bo‘lyapti.
O‘rda ko‘prigiga kelib qolibman. Anhorga tikilganimcha o‘ysiz, hissiz turib qoldim. Suv jimir-jimir qilib oqyapti. Qirg‘oqdagi chiroqlarning aksi suvning eng tagigacha sanchilgandek. Mayda toshlar ustiga qadalgandek.
U yoq-bu yoqqa qaradim. Ko‘prikning u tomonidagi sabzavot do‘koniga pomidor tushirishyapti. Sekin belimdan necha kundan beri meni odamgarchilikdan chiqazgan pul tugilgan belbog‘ni yechdim. Uni hozir suvga uloqtiraman. Uloqtiramanu, asli holimga, jinoyatga qo‘l urmagan pok odamga aylanaman.
Belboqni changallab turipman. Mana o‘ng qo‘limni ko‘tarib qulochkashlab turib, anhorning o‘rtasiga uloqtiraman.
Oyoq tovushini eshitib qo‘limni shoshib pastga tushirdim. Ko‘prik tarafga qarab yoshgina bir yigit kelardi. U menga yaqin kelib to‘xtadi.
— Og‘ayni, bitta chektirsang-chi?
Shunday karaxt edimki, bu yigitning menda nima ishi borligiga, nima qilib oldimda to‘xtaganiga tushunmasdim. Boshdan oyoq qaradim.
Oyog‘ida etik, egnida jo‘ngina qora xalat.
— Bitta chektirsang-chi, karmisan?
Shundagina hushim o‘zimga keldi. Chekmasligimni aytdim. U afsuslangan bir qiyofada qoshlarini kerdi.
— Gugurt bor-u, papiros yo‘q. Ikki soat bo‘ldi tamom bo‘lganiga. Quloqlarim shishib, kallam g‘uvillab ketyapti.
Shu payt papirosini yiltiratib militsioner yetib keldi.
— Ha, montyor bola. Nima qilib yuribsan?
— Xumor bo‘lib ketdim, o‘rtoq nachalnik. Militsioner yonidan bir pachka papiros olib unga uzatdi.
— Chek, chekaver, og‘ayni. Ko‘chani shundoq yoritib qo‘yipsanu, sendan papiros ayaymanmi.
Montyor yigit shoshib papiros oldi, shoshib o‘t oldirdiyu, maza qilib cheka boshladi. Militsioner menga qaradi.
— Sen bola nima qilib shahar kezib yuribsan? U yoqqa borasan angrayasan, bu yoqqa kelasan angrayasan. Xo‘sh, nima qilib yuribsan?
Hech kimdan bunaqa so‘roq kutmaganimdan esankirab qoldim.
— O‘zim, shundoq.
— Hech kim o‘zi shundoq uxlamay yurmaydi. Manavi nima qilib yuripti? Bu menga ma’lum. Manavi ko‘chaning elektrlariga qaraydi. Bironta lampochka yonmay qolsa darrov boshqasini qo‘yib yondiradi. Men bo‘lsam o‘zingga ma’lum... Sen-chi?
Kallamga darrov bahona keldi.
— Imtihondan yiqildim. Uyqum qochib ketdi.
— E, — dedi u achinib. — Bu ishing chakki bo‘pti. Men ham bir marta yiqilganman.
Hayron bo‘ldim. U qanaqa imtihondan yiqilishi mumkin. O‘zi militsioner bo‘lsa.
— Hayron bo‘lma. Militsionerlar ham o‘qiydi. Men sirtqining uchinchisidaman. Yiqilganimning sababi shu bo‘lganki...
U xotiralarga berilib ketgandek suvning jimjimasiga tikilib ancha vaqtgacha turib qoldi. Keyin boshini ko‘tarib kulimsiradi.
— Mundoq bo‘lgan. U paytda men qidiruv bo‘limida inspektor edim. Ertaga imtihon bo‘ladi deb turgan paytimda boshlig‘imiz menga bir ish topshirib qoldi. Urush vaqtida Toshkentga kelib qolgan leningradlik bir bolani dadasi qidirtiribdi. Ikki yildan beri qidirib topisholmas ekan. Shuni o‘zing topasan, deb qoldi. Yo‘q deb bo‘ladimi? Bizda harbiy intizom. Bajarish shart.
— Topdingizmi? — dedim shoshib.
— Hovliqma, bola, hozir aytib beraman. Shu desang, imtihonlar ham qolib ketdi. Butun Uzbekistonni qidirdim. Xat yozmagan shaharim qolmadi. Oxiri topdim.
— Qaerdan topdingiz?
— Muni qarangki, o‘sha odam bilan har kuni ming marta gaplashib, bir xonada ishlarkanmiz. Hatto o‘sha odamning o‘zi menga qo‘shilib qidirishib yuripti. Bo‘limimizdagi laborant yigit o‘sha ekan. Rosa qiziq bo‘lgan-da, o‘shanda. Bola vaqtida nomi ham, familiyasi ham boshqa ekan. Boqib olgan odam o‘z familiyasiga o‘tkazib qo‘ygan ekan. Ana o‘shanda dars tayyorlash qolib ketib burnimning to‘g‘risidagi odamni o‘n beshta shahardan qidirganman. Oxiri boshqarmadan a’lo, institutdan ikki baho olganman.
Montyor bola yana ikkita papiros olib ketdi. Militsioner ham ketarkan, dedi:
— Endi bor. Yotib damingni ol. Hali zamon tong otib qoladi. Bo‘ladi. Studentlikda har gap bo‘ladi. Xo‘p bo‘lmasam, postni bir aylanib chiqay.
U ketdi. Pul to‘la belbog‘ni changallaganimcha yolg‘iz qoldim. Sal o‘tmay militsioner yana orqasiga qaytdi. Bu gal uning qovog‘i soliq. Menga juda yomon qarardi.
— Qani marsh, jo‘na. Sendaqa irodasi bo‘sh studentlarning ko‘pini ko‘rganman. Bilaman. O‘zingni suvga tashlamoqchisan. Boshimni baloga qo‘ymoqchisan.
Bir gap demay nari ketdim. Orqamdan u javraganicha qoldi.
— Ha, yoshlar, yoshlar. Jonining qadriga yetmaydi. Bitta bolaga ota bo‘l, jon shirinligini ana o‘shanda bilasan.
Yoz kechalari juda vaqtli tong otardi. Ufq cheti qizil alvondek bo‘zarib kelyapti. Avtobuslar serharakat bo‘lib qoldi.
Bu musaffo tong hammaning diliga yorug‘lik, olijanob rejalar solyapti. Odamlar orom uyqusidan keyin yangi umr, yangi istaklar bilan yostiqdan bosh ko‘tarishyapti.
Faqat mening yuragim bo‘sh. Bu tiniq, tarovatli tong mening yuragimga zarracha ham nur tashlamayapti. Mening yuragimda hali tong otgani yo‘q. Osmon to‘la yulduzlar birin-ketin o‘chib oftobga yo‘l bo‘shatishyapti.
Yotoqqa keldimu ko‘rpaga burkanib yotib oldim. Hali ham ko‘zlarimga uyqu ilinmaydi.
Uyg‘ongan shaharning shov-shuvidan, odamlarning oyoq tovushlaridan, oftob tig‘idan qochib burkanib yotibman.
Ko‘zimga bemor chol, mudragan konduktor, ikkinchi qavatda tong otguncha chirog‘i o‘chmagan ijodkor, o‘lim bilan olishgani ketayotgan vrach, uxlamay shaharga nur taratayotgan montyor yigit va nihoyat odamlar tinch uxlasin deb shaharning u boshidan bu boshiga piyoda qatnab turgan militsioner ko‘rinaverdi. O‘zimni ularga solishtirib ko‘ryapman.
Butun alamlarimni, xo‘rliklarimni bag‘rimdan chiqarib yuborgudek bo‘lib yig‘lab yubordim.
Qalbimdagi dog‘larni bu ko‘z yoshlari yuvolsa edi, butun vujudimni ko‘z yoshiga aylantirib yig‘lardim.
Bu ojizlik, chorasizlik ko‘z yoshlari ekanini bilardim...
Bugun badbaxtlik umrimning so‘ngi bo‘lishini istardim.
Shu niyat bilan o‘rnimdan turdim. Necha kundan beri bu oyoqlar jinoyat yukini ko‘tarib yuraverib holdan toydi. Endi bu oyoqlarning yukini yengil qilmoqchiman.
Sartaroshxonaga kirdim. Usta basharamga sovun surtib qirt-qirt soqol olyapti. U basharamni odam qiyofasiga kiritmoqchi. Oh, u birgina basharamni tozalash bilan qalbimdagi dog‘ni tozalayolmasligini bilsaydi. Sekin o‘z betimga qarayman. Naqadar hayosiz ko‘zlar bu. Ozib ketibman. Faqat shu beibo ko‘zlarimgina mushuk ko‘zidek yiltirab turipti.
Bog‘bon amakini qidirib gulzor oldiga keldim. Yo‘q. Eng zarur paytda, mening taqdirim hal bo‘layotgan bir paytda shu yerda bo‘lsa-chi. Uni ko‘p kutdim. Kelmadi. Tezroq kela qolsaydi. Niyatimdan qaytmasdan, yana harom, nopok niyatlar kallamga uya qurmasdan kela qolsaydi.
Axir, men o‘zimni bilaman. Miyamda tug‘ilgan va qat’iy deb ishongan fikrlarimdan ham juda ko‘p marta qaytgan odamman. Men ana shunaqa subutsiz odam edim.
Xayriyat, bog‘bon amaki kelib qoldi.
— Baxayr, bolam, nima qilib o‘tiripsan?
— Dam olib o‘tiripman.
Shunday dedimu o‘rnimdan tura solib nari ketdim. Shu ketganimcha oldiga qaytmadim. Bir mahal qarasam, ko‘chaning narigi betida undan qochgandek yugurib ketyapman.
Hozirgina aytayotgan edim-a, fikridan, niyatidan tez qaytadigan odamman deb. Men cholning oldiga nima uchun kelayotgan edim? Unga butun qilmishlarimni aytmoqchi, uning bemor do‘sti boshiga tushgan kulfatning sababchisi menman, demoqchi edim. Mana, aytolmay qochib ketdim.
Endi birgina yo‘l qoldi. U ham bo‘lsa kasalxonaga borib bemorning oldiga pullarini qo‘yib, meni nima qilsangiz qiling, men o‘g‘riman, deb aytish. Shunday qila olamanmi?
O‘yladim. O‘ylagan sarim dahshatli olov ichiga kirib ketayotganga o‘xshayverdim.
Nima qilay bo‘lmasa? Nima qilsam pul egasiga tegadi? Bu xilda belimga boylab to o‘lgunimcha yurolmayman-ku?! Nimadir qilish kerak.
Ochiq oydin iqror bo‘lishga-ku qo‘rqyapman. Meni jazolaydilar, ta’na qiladilar, peshonamga o‘g‘ri, degan mal’un tamg‘ani bosadilar, deb qo‘rqyapman. Agar shu qo‘rquv bo‘lmaganda allaqachon pulni egasiga topshirib tinchib olgan bo‘lardim.
Pochtaga kirdim.
Birov xat jo‘natyapti, birov olis yurtdagi do‘stiga sovg‘a yuboryapti. Qaerda, mening kimim bor? Kimga xat yozamanu, kimga sovg‘a jo‘nataman?
Birdan miyamga yalt etib bir o‘y keldi.
Portfelni pochtadan jo‘natsammikin? Qimga yuboraman? Aytgancha vedomostda maktab adresi bor. Shunday qilaman.
Kichkinagina bir quti olib ro‘molga tugib olgan portfelni, ichidagi jamiki qog‘ozlari bilan, pullari bilan joyladim.
Shu payt ko‘nglimni yorituvchi g‘alati hislar birin-ketin quyilib kela boshladi.
Darrov bir varaq qog‘oz oldimu qalamni tishlab o‘ylab ketdim.
«...Sizlardan uzr so‘ramoqchi emasman. Faqat yuragimni bo‘shatish uchun nimalar deyishim kerak. Ha, men o‘g‘rilik qildim. Mehnat bilan topgan pullaringni olib qo‘ydim. Bu faqat pastkashlarning pastkashi qilishi mumkin bo‘lgan ish, xolos. Pulingizni yo‘qotgan kassir chol kasalxonada og‘ir ahvolda yotibdi. Agar men shu ishni qilmaganimda, balki uning dardi bunchalik og‘irlashmagan bo‘lardi. Hammasini bilib, ko‘rib, eshitib turibman. Vedomostning oltinchi qatoridagi Karimov familiyali o‘qituvchi sanatoriyaga borolmadi. Chunki putyovka puli menda. Endi u balki bu yil oshqozonini davolayolmas. Men uning ham dardini og‘irlashtirdim.
Pullaringizning bir tiyiniga ham tegmadim. Butunligicha qaytaryapman. Buning uchun rahmat eshitishni istamayman. Bu xil ishga rahmat aytilmaydi.
Bu qilmishlarim uchun meni sudga berish, jazoga torttirish kerak edi. Men ana shundan qo‘rqib bir necha kundan beri pullaringizni ko‘tarib yuribman. Endi o‘z jazomni o‘zim bermoqchiman, Axir dunyoda vijdon sudi ham bor-ku? Eng dahshatli, eng adolatli sud vijdon sudi. Bu sudning hukmi to umrning oxirigacha afv etmaydi. Jazolayveradi, jazolayveradi...».
Shu xat mening kimligimni, qilmishimning naqadar mudhishligini o‘zimga aniq ko‘rsatib qo‘ydi.
Quti ustiga maktab adresini yozdimu pochtachiga topshirib yana tashqariga chiqdim.
Qushdek yengil edim. Ko‘ksimni bosib yotgan yuk endi yo‘q. Bir o‘zim, bo‘sh xayollarim, qurumdan tozalangan, ammo hali o‘t yoqilmagan mo‘ridek huvullab qolgan qalbim bilan yolg‘iz qoldim. Endi bu yurakni yaxshi hislar bilan to‘ldirish kerak.
Xuddi umrim daftarining ikki baho qo‘yilgan ilk sahifasini yirtib tashlagandekman. Endi bu daftarni nima bilan to‘ldiraman?
Bu endi mening hayotdan ilinjim, birinchi qadamni qay xilda bosishimga bog‘liq.
Texnikum direktoriga, meni o‘qishdan chiqazishlarini so‘rab ariza qoldirdim-da, arzimas buyumlarimni ko‘tarib yo‘lga chiqdim.
Sayfi bilan ham, Umar bilan ham xayrlashmadim. Nopok qo‘llarim bilan ularning qadoqli qo‘llarini bulg‘atgim kelmadi.
Ketyapman. Shahar chetiga yetishim bilan qirg‘oqqa sapchib oqayotgan anhorda sho‘ng‘ib-sho‘ng‘ib cho‘milgim keldi.
Suv shu qadar tanga yoqardiki, aslo chiqqim kelmasdi. Anhor chetidagi tizza bo‘yi keladigan joyda tanimga sovun surib rosa ishqayapman. Kirlarim suv betida birdam aylanib olislarga oqib ketyapti.
Shu payt bog‘bon amakining gaplari esimga tushib ketdi.
— Toza yurgan odamning vijdoni ham toza bo‘ladi.
Shu gapning rostligiga endi ishonyapman. Qancha yuvinsam shuncha fikrim tiniqlashayotganga o‘xshaydi.
Katta tsement ko‘prik ustidan tinimsiz mashinalar o‘tib turipti. Odamlarning keti uzilmaydi. Men ham ana shu mehnatkash odamlar orasida bo‘lgim keladi. Qachonlardir men ham shulardek mehnat qilaman. Peshopa terim to‘kilgan tiyinni xarjlab kun kechiraman. Mana shu kun mening eng baxtli kunim bo‘lishi kerak. Men ana shu kunni tezroq ko‘rishga shoshilyapman.
Shoshib kiyindimu katta yo‘lga qarab so‘qmoqdan chiqdim.
Bu yo‘lning so‘nggi ko‘rinmaydi. Tekis asfalt go‘yo ufqqa nayzadek sanchilgan. Mana shu so‘ngsiz yo‘lning qaysi bir bekatida mening baxtim kutib turganikin? Shu yo‘lning qaysi bir bekatiga mening peshona terim to‘kilarkin? O‘sha bekatga tezroq yetishga intilyapman. Oyoq olishim ildamlashyapti.
Orqamga qaradim.
Sershovqin shaharning ko‘kka intilgan imoratlari, zavodlarning baland korpuslari hali ham ko‘rinib turipti.
Men shu shaharda bir yil yashadim. Bu shahar o‘z farzandidek boshimni silab bag‘ridan menga joy berdi. Non berdi, tuz berdi. Men...
Men uning nurli ko‘chalarida g‘ijimlab tashlangan chiqindi qog‘oz parchasidek u yoqdan-bu yoqqa uchib yurdim. Supurgiga chap berib sudralib yurdim. Odamlariga xiyonat qildim. Ko‘zga tushgan qum donasidek odamlarga azob berdim.
Kechir, onadek aziz shahar! Senga farzandlik qilolmadim. Biron imoratingga g‘isht qo‘yolmadim. Qo‘yningda burgadek o‘rmaladim, xolos.
Qachondir yana bag‘ringa qaytaman. Odam bo‘lib qaytaman. Farzandlik qarzimni uzgani kelaman. Shunda ostonangga qadam qo‘yishim bilan bosh egib ta’zim qilamanu, assalomu alaykum, ona deyman.
Hozircha huzuringga kelolmayman. O‘zimni o‘zim sud qildim. O‘zimga o‘zim dahshatli hukm chiqardim.
Bu hukm sud majlisida chiqarilib qog‘ozga yozilgan hukmdan o‘n chandon og‘ir. Bu hukm mening jigar bag‘rimga, qalbimga, butun vujudimga bitilgan.
Bu qat’iy, uni hech qanday farmon bilan afv qilib bo‘lmaydi.
O‘girilib yana so‘ngsiz yo‘lga tikildim.
Ishonch bilan, qandaydir yorqin umidlar bilan yo‘lga tushdim.
Ketyapman.
Bu mening kattakon yo‘ldagi birinchi qadamim bo‘lishiga ishonaman.
O‘ylayapman. Bu o‘ylar ertangi porloq kunimning aniq rejalari bo‘lishiga ishonaman.
Qaydasan, mening nurga burkangan qo‘nalg‘am?
Xuddi so‘rog‘imga javob bergandek simyog‘ochdagi qaldirg‘ochlar yuraver, yuraver, deb chug‘urlashadi.