OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. To'yboshi (hikoya)

Qo‘ziboy raisning bugun shunday ishi ko‘payib ketdiki, «dod» deb yuborishiga sal qoldi. Hali u kiradi, hali bu kiradi, hammasi ham ataylab qilgandek, janjalli ish bilan kelgan. U idora oldida to‘planib turgan kishilarning baravariga gap boshlaganidan ikki qulog‘ini berkitib: «Voy, baraka topkurlar, qornim ochib, ko‘zim tinib ketyapti, uyga borib, jinday bir balo yeb kelay» — dedi-da, qochgandek yugurib chiqib ketdi.
O‘chakishganday, uyda ham Kokila tushlik qilmabdi. Oyoq mashinada gumburlatib atlas ko‘ylak tikyapti.
— Hoy, insofing bormi, o‘ldim-ku, nahotki to‘rtta kartoshka bilan bir chaynam go‘shtni qozonga tashlab qo‘yish qiyin bo‘lsa!
Kokila labi-labiga tegmay, bobillab berdi:
— Ishim boshimdan oshib yotibdi-yu, shu mahalda sizga ovqat pishirib o‘tiramanmi! Sizni kim aytadi, rais deb? Har raislar borki, qorni mana bundoq. Raissiz, haddingiz sig‘maydimi. Otaboyga ayting, tushlikka osh buyurib qo‘ysin.
— Otaboy tuyaning dumi yerga tekkanda osh qilib beradi, — deb po‘ng‘illadi Qo‘ziboy ensasi qotib.
Otaboy kolxozning ham xo‘jalik mudiri, ham buxgalteri. Kolxoz hali yosh, kichik bo‘lgani uchun har ikki vazifani uning o‘zi bajaradi. Otaboy xasis bo‘lganda ham uncha-muncha xasislardan emas, bitta gugurt cho‘pini ikki bo‘lib yoqadiganlardan. Odamlarning aytishlariga qaraganda, u ombordan don berayotganda taroziga ishonmay donalab sanab berarmish. Bir kuni reviziya komissiyasining raisi: bitta osh qilib bersang-chi, kechasi hisobot tayyorlaymiz, uyga borib o‘tiramizmi, deganda: palovni o‘lsam — yil oshimda yeysan, degan ham mana shu Otaboy bo‘ladi.
Otaboy aslida Zarkentdagi kolxozning zavxozi edi. «Bo‘ston» yosh kolxoz deb Usmonali aka uni bu yoqqa ataylab «qarz»ga bergan edi. Hali bironta kolxozning zavxozi mukofot olmagan, ammo Otaboy shu vazifada turib bir marta «Hurmat belgisi», ikki marta «Shavkatli mehnati uchun» medali bilan mukofotlangan.
«Bo‘ston» oyoqqa turib, belini ko‘tarib olgandan keyin Usmonali aka: endi bo‘ldi, Otaboyni o‘zimga ber, deb qistab kelganida Qo‘ziboy yarim hazil, yarim chin qilib: cho‘lga kelgan odam qaytib ketmasdi-ku, dedi.
— Qandoq bo‘ldi, Otaxon, hamma o‘z odamini olib ketaversa, cho‘lda kim qoladi?.. Yana o‘zingiz bilasiz!..
Usmonali akaning bir nima deyishga tili bormay, gapi og‘zida qoldi. Xuddi Otaboyni jonidan sug‘urib berayotgandek, arang rozi bo‘ldi.
Shu-shu bo‘ldi-yu, Otaboy cho‘lda qolib ketdi. Bu yerda uni yomon ko‘radiganlar ham oz emas. Yomon ko‘rishining sababi, har narsaga tixirlik qilaverishidan. Kechasi kelib idorani bir aylanadi, qopqog‘i ochiq qolgan siyohdonlarni ko‘rsa joni hiqildog‘iga keladi: «Bu nima? Siyoh qurib qoladi-ku, ha, kolxozniki-da, ayama-ya, ayama!» Chiroq yoniq qolsa: «Stantsiyani tekinga qurganmiz, yoqaver, beli og‘rimagan» deb shovqin soladi. Shofyorlarni aytmaysizmi, undan zirillashadi. Benzin olgani kelishganda albatta kilometrajni tekshirib ko‘radi, agar mo‘ljaldan ortiq sarflangan bo‘lsa, bobillab beradi: «Ha, Otaboyning benzin anhori bor, shundoq chelakni botiradi-yu, olib beradi. Kirakashlik qilishni bilasanlar, bir litr benzin sotib olsalaring asakalaring ketadi. Bor, toshingni ter, kim kataysa qilgan bo‘lsa, ben-zinni o‘sha bersin!» Traktorchilar bilan bo‘lsa doim g‘ijillashgani-g‘ijillashgan. Agar bironta traktorchi mo‘ljaldan oldin kombinezon olaman deb kelsa bormi, oldiga solib quvlaydi: «Ha, xotinchangizning qo‘llariga xasmol chiqkanmi, bundoq yuvib, yirtig‘ini yamab bersalar».
Otaboy ko‘chada yurganda ikki ko‘zi tomda, Mabodo bironta bola tomdagi kaptarga tosh otsa, shiferni teshasan, tirmazak, deb uyigacha quvib boradi.
Raykom sekretari byuro majlisiga kelganda mashinasining yog‘i tugab qolgan ekan. Qo‘ziboy jindek bering, deb Otaboyga xudoning zorini qildiyamki, bari bir ko‘nmadi.
— Hoy, birodar, mening mashinam hisobidan bering. Ertaga piyoda yursam yurarman, keling, uyatga o‘ldirmang!
Otaboy bari bir unamadi. Uning fe’lini sekretar ham bilar ekan, kulib ko‘ya qoldi. Bir amallab yetib olarman, deb jo‘nab ketdi. Shu voqeadan keyin odamlar sekretar Otaboyni sog‘ qo‘ymaydi, bir kuni qasdini oladi deb yurishgan edi. Ammo sekretar rayon paxtakorlarining slyotida Otaboyni rosa maqtabdi. Qani endi, boshqalar ham kolxoz mulkini Otaboydek tejasa, debdi. Ana shundan keyin Otaboy battar bo‘ldi. Simyog‘ochga chiqib elektr tuzatayotgan montyorlarga ham baqiradigan bo‘ldi.
— Hay, esing joyidami, arra kavushingni sekinroq botir, xodani timdalavorasan!
...Qo‘ziboy ana shundoq odamga osh buyuradimi? Koki-la bu gapni o‘ylab gapirdimi, yo‘qmi! Qo‘ziboy yalinishga o‘tdi.
— Jon xotin, hech bo‘lmasa bitta choy damlab ber, idorada odamlar kutib qolishdi.
Kokila tikayotgan ishini chetga olib qo‘yib, choynak ko‘tarib hovliga chiqib ketdi. Qo‘ziboy ko‘rpachaga yonboshladi. U necha yillardan beri Kokila bilan yashab, haligacha uning fe’liga tushunolmasdi. Bir qarasa, undan mehribon odam yo‘q, bir qarasa tepa to‘nini teskari kiyib oladi. Shu topda qilib o‘tirgan ishini qarang! Mexanik Rahmatulla uylanayotibdi, kelinga ko‘ylak tikib o‘tiribdi. Chevarligimni ko‘rsatib qo‘yaman, deb ertalabdan beri atlasni oldiga yozib, u yog‘idan o‘lchaydi, bu yog‘idan o‘lchaydi. Yaqinda hamma yoqni ivirsitib, o‘n oltita atlas ko‘ylak tikkan edi: havaskor qizlar kontsert ko‘yishar emish. Bu atlaslarni Otaboydan undirguncha naq Qo‘ziboyning ona suti og‘ziga keldi. Qo‘ziboy hozir yon-boshlab yotib ko‘zi ilingan ekan, Kokilaning kulgisidan uyg‘onib ketdi.
— Turing, tura qoling, rais buva, Otaboy ataylab bir tog‘ora somsa yoptirib berib yuboribdi.
Qo‘ziboy qarasa, stolda bug‘i chiqib turgan bir lagan somsa.
— Tushimmi, a! Shu o‘zimizning Otaboy yuboribdimi-a, yo‘q-e!
Kokila kulib yubordi:
— Oling, sovumasin. Otaboydan qishda qor, yozda oftob so‘rasangiz ham bermaydi. O‘zim yopdim. Kecha, somsa yegim kelyapti, deganday edingiz.
Qo‘ziboy to‘yib somsa yeb bo‘lgandan keyin xotinini «duo» qildi.
— Krujogingning rivojini bersin. O‘yinchi qizlaring Mukarramxon bo‘lib ketsin! Yasha, xotin, juda bopta bo‘ldi.
U shoshilganicha idoraga yugurdi. Ko‘p odamlarning ishini sekretarning o‘zi bitkazib yuboribdi. Bir to‘da komsomol qizlar uni kutib turishgan ekan, baravar chuvillashib idoraga kirishdi. Yaqinda komitet sekretarligiga saylangan Anzirat degan qaqajon qiz bidirlab gapira ketdi:
— Bilasizmi, bilasizmi, rais aka, yangicha to‘y qilmoqchimiz. Bilasizmi, Rahmatulla Naimani olyapti. Taniysiz-ku!
— Ha, taniyman. Xo‘sh, nima qil deysizlar!
— Bilasizmi, shu haligi to‘y xarajatlarini kolxoz bo‘yniga olsa, kelin bilan kuyovning sarpolarini ham...
Qo‘ziboy boshini qashidi. Iljayib, entikib turgan Anziratga qaradi.
— Xo‘p. Otaboyga aytinglar, hamma narsani to‘g‘rilab bersin.
Anzirat tizzasiga shapatilab urib, stolga o‘tirib qoldi. Boshqa qizlar ham hafsalalari pir bo‘lib, bir-birlariga yer ostidan qarab olishdi. Anzirat ko‘zlarini pirpiratib o‘rnidan turdi.
— Mayli, qo‘ya qoling bo‘lmasa. O‘zimiz bir amallab eplashtiramiz. Kunimiz Otaboy akaga qolgan bo‘lsa, toza bo‘lgan ekan.
Qiz hali gapini tugatmagan ham ediki, eshik ochilib Omontoyning mo‘ylovi ko‘rindi. Rais shoshib qichqirdi:
— Hoy, Mo‘ylov, bu yoqqa kir! Sovuq suvdan ham zarur bo‘lib turgan eding.
Omontoy nima gap degandek bir qizlarga, bir raisga qarab angrayib turardi.
— Og‘ayni, manovi qizaloqlarning dodlarini eshit. Qo‘ziboy unga hozirgi bo‘lgan gapni aytib berdi. Otaboy Omontoyni juda yaxshi ko‘rardi. Uning qiziq-qiziq gaplarini eshitib qotib-qotib kular, g‘ayratiga, qilgan ishlariga qoyil qolardi. Omontoy ham uni eritish yo‘llarini bilardi. Hech kim, hatto rais ham undirolmagan narsalarini Omontoy ikki og‘iz gap bilan undirib ketardi.
Maslahat bilan Otaboyni shu yerga chaqiradigan, gapni avval Omontoy boshlaydigan bo‘ldi.
Zum o‘tmay, qo‘lida kalit, ko‘zoynagi peshonasida Otaboy kirib keldi. U hamma bilan bir-bir ko‘rishib chiq-qach, raisning stoliga bir qog‘oz qo‘yib, xitob alomatidek, qaqqayib turib oldi.
— Bu nima? — dedi Qo‘ziboy qog‘ozga qarab.
— Choyxonadagi televizorni tuzattirishgan ekan, pulini buzgan odam to‘lasin, men to‘lamayman.
Qo‘ziboy, bu ish bir gap bo‘lar, deb qog‘ozni stol tortmasiga solib qo‘ydi.
— Omontoyning sizga gapi bor ekan, eshiting. Omontoy bir yo‘talib gap boshladi:
— Otaboy aka, qizlar sizni to‘yga aytib kelishibdi. Kuyov yetim bola. Quda tomon bilan oliq-soliqqa o‘zingiz turib berasiz. To‘yboshi qilib pravlenie sizni tasdiqladi. Bilib qo‘ying, agar to‘y yaxshi o‘tmasa, o‘zingizni yaxshilab muhokama qilamiz. To‘yda mundoq soqol-poqolni tarashlab, ordenlaringizni taqib oling.
Otaboy yoyilib iljaydi.
— Boplaymiz, matros bola, bu yog‘idan xotirjam bo‘lavering. Kuyovni menga ro‘para qilib qo‘ying, dastmoyasini ekonom qilib, yaxshi to‘y qilib beraman.
Omontoy do‘ppisini peshonasiga surib, qoq miyasini qashib raisga ma’noli qarab qo‘ydi. Rais, bo‘sh kelma, degandek unga imladi.
— Gapimga tushunmabsiz, — dedi Omontoy unga jiddiy tikilib. — To‘y kolxoz hisobidan bo‘ladi.
— A? Xarajatni qaysi moddadan olaman?
— Qaysi moddaga to‘g‘ri kelsa o‘shandan-da!
— Reviziya komissiyasi naq meni g‘ajib tashlaydi-ku!
Qo‘ziboy «xotirjam bo‘laver» deb uni sovuta boshladi.
— Bu yog‘ini kelishib olganmiz. Madaniy-oqartuv fondimiz hisobidan smeta qilinglar. Bilib qo‘ying, cho‘lda birinchi to‘y bo‘lyapti-ya! Bu xalqaro ish. Yeshlar bilan hazillashmang, agar shu ishni buzsangiz, keyin chatoq bo‘ladi, bir aytib qo‘radim-da, ha.
Raisning po‘pisa qilib «xalqaro ish» deganidan keyin Otaboy sal bo‘shashdi. Lekin, javobgarligini olmayman, oldin qaror chiqarib, hujjatlarni mixday qilib berasizlar, deb turib oldi. Rais rozi bo‘ldi. Qizlar kechqurun Omontoy bilan uning oldiga keladigan bo‘lishdi. Bir soat oldin hamma gapga ko‘nib chiqib ketgan Otaboy kechga borib aynidi-qo‘ydi. Kitob-daftarlarini rosa varaqlab: «Hech qaysi moddaga to‘g‘ri kelmaydi» debdi-yu, omborni qulflab ketibdi. Kokila qidirib, uni uyidan topdi. Bir chelak iliq suvga margantsovka solib, oyog‘ini botirib o‘tirgan ekan. U Kokilani ko‘rdi-da, shimining pochasini tushirib, tizzasini yopdi. Xotini Shodmon xola o‘choqdan bir xokandoz cho‘g‘ olib chiqayotgan edi, shoshib qolganidan Kokila bilan xokandozni uning yelkasidan oshirib ko‘rishdi.
Shodmon xola Otaboydan yetti yosh katta, ba’zi hazilkashlarning gapiga qaraganda, u xarajatdan qochib, surnaychiga ham pulmi deb, atayin o‘zidan katta xotinga uylangan emish. Ularning to‘ylari ham unchalik dabdabali to‘y bo‘lmagan. Kolxozning godovoy to‘yi kuniga to‘g‘ri keltirilgan. Ularning ZAGSdan o‘tishlarini birov eshitsa, kulaverib ichagi uziladi.
Muhabbatdan mast, karaxt bo‘lgan Otaboy ZAGS mudirining savollariga poyintar-soyintar javoblar berib esankirayvergan. U shunchalik esankiraganki, yanglishib, xotinining familiyasiga o‘tib ketganini o‘zi ham bilmay kolgan. U hozir to‘rt bolali bo‘ldi, hali ham xotinining familiyasida!
Shodmon xola yelib-yugurib Kokilani to‘rga o‘tqazdi. Otaboy oyog‘ini chelakdan chiqazib, nima gap degandek, Kokilaga qaradi. Kokila he yo‘q, be yo‘q birdan bidirlab ketdi.
— Qani, shu to‘y buzilsin-chi, qani buzilsin-chi, radiouzeldan gapirib sharmanda qilarman, yoshlarning baxtli turmush yo‘liga g‘ov solyapti, deb ovoza qilaman. Gazetaga ham yozvoraman.
Otaboy munaqa po‘iisalarni eshitaverib eti o‘lib qolganidan pisand qilmadi. Qaytaga, jahli chiqib ketdi.
Omontoy aralashmasa ish buziladigan. U Otaboyni yengidan kirib yoqasidan, yoqasidan kirib yengidan chiqdi. To‘y yanagi haftaga tayin qilindi. Otaboy to‘yboshi bo‘ldi. U o‘sha kuni ordenlarini taqib, mehmonlarni kutib, dasturxonning kam-ko‘stidan xabardor bo‘lib turdi.
To‘y qizigandan qizib ketdi. To yarim kechagacha umrida o‘yin-kulgi ko‘rmagan cho‘lda hofizlarning xonishi eshitildi. Chirmanda qarsillar, nog‘ora taraklar, yigit-qizlarning qiyqirig‘i, gurillab yonayotgan gulxan uchqunlari cho‘l shamollari qanotida olis-olislarga uchib ketardi.
Otaboy kayf qilib qoldi. Gandiraklab o‘rtaga tushib, Kokilani o‘yindan to‘xtatdi. U qo‘l ko‘tarib shovqinni bosaman dedi-yu, yiqilay dedi. Odamlar birdan jim bo‘lishdi.
— O‘rtoooqlarrr! Qancha to‘ying bo‘lsa ko‘rsat! Oike, cho‘lingniyam uylantirvoraman! Qancha kerak? Pulning hammasi Otaboy akangda-da!
Omontoy uni dast ko‘tarib, davradan olib chiqdi-da, so‘riga yotqizib qo‘ydi. Kokila gulxan atrofida yo‘rg‘alar, Omontoy matroschasiga oyog‘ini yerga urib, quloch yozib, unga iyak qoqib borardi. Qiyqiriq, kulgi, chapak... Shu kecha cho‘l ham uxlamadi, odamlar ham...

1961 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.