OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Tog‘ afsonasi (hikoya)

Mashina xo‘p yaxshi narsa-yu, uning ham o‘ziga yarasha nag‘malari bor-da! Mattshna olgan odamlarning xotinlari hazil aralash, bu mashina emas, kundoshim, deyishar ekan. Sababi, er ishdan keliboq ovqatga ham qaramay, mashinasining tagiga kirib ketganicha yarim kechada moyga qorishib chiqar, azonlab yana mashinaga unnab ketarkan.
Vahobjon rayvodxozda texnik. Uning ham o‘ziga yarasha ko‘rimsizgina «Moskvich»i bor. O’zi haydaydi. Eski mashina mingan odam yaxshi shofyor hisoblanadi. Hadeb buzilavergandan keyin u yog‘ini kovlaydi, bu yog‘ini kovlaydi, xullas, ichida nimasi bo‘lsa, barini bilib oladi. Yaxshiyamki, Vahobjon hali uylanmagan. Uylanganida, albatta, xotiii chidamasdi, yo meni deysan, yo mashinani deysan, deb turib olardi. Rostda, u bo‘sh qoldi deguncha mashinani kovlaydi. Uni gurillataverib qo‘ni-qo‘shnilarning joniga tegdi. Qo‘shnilar, shu Vahobjon uylana qolsaydi, o‘zidai tinchib ketarmidi, deyishadi. Ammo Vaxobjoining hali-beri uylanadigan niyati yo‘qqa o‘xshaydi. O’zi mundoq birortasini topmaydi, qarindosh-urug‘lar topganini yoqtirmaydi. Kampir oyisi nolib qolsa, xazilga oladida, yana mashina tagiga kirib ketadi. Oxiri jonidan bezor bo‘lgan qo‘shnilar kampirga yalinishadi:
— O’g‘lingiz mashinani kechasi garajga oborib qo‘ysin. Uxlatmayotibdi.
Rayvodxozning garaji yo‘q, qayoqda qoldiradi. Undan tashqari, o‘zingizga ma’lum, Vahobjonga kechalari ham u yoqni suv urib ketdi, bu yoqqa suv kerak, deb raislar telefon qilib turishadi. Shofyor olaylik deyishsa, qaysi shofyor bunaqa shaloq mapshnaga — bunaqa bezovta ishga ko‘nadi. Bitta-yarimta yanglishib kelib qolgan shofyorlar ham ikki kunga chidamay tashlab qochishadi. Xullas, 6u ishga Vahobjonning o‘zidan boshqasi to‘g‘ri kelmaydi.
Mana shu Vahobjon bahor toshqinida suv olib ketib, haligacha tuzatilmagan kanal to‘g‘onini tuzattirishga bir haftadan beri ovora edi. Shu paytgacha raislar shox bostirib, bu yog‘iga shag‘al to‘ktirib eplab kelishayotgan edi. Shu alpozda paxta sug‘orib bo‘ladimi, kim qancha suv olayotganini bilib bo‘lmasa! Raislar bay-baylab vodxoz masalasini byuroga qo‘yib qolishdi-ku. Ana vodxoz boshlig‘ining tipirchilab qoligaini ko‘ring. Ikki kunda tsement xam topildi, buldozer xam, beton plitalar xam topildi. Kechasiyu kunduzi ish. Kolxozlar odam xam topib berishdi. Dorotdel yo‘lga «o‘tilmasin!» degan belgi qo‘yib, mashina va avtobuslarni vaqtincha boshqa yo‘ldan qatnaydigan qilib qo‘ndi.
Soch-soqoli o‘sib ketgan Vaxobjon, projektor yenida turgan montyor bolaga baqiradi, shag‘al to‘kayotgan samosvalga chirokni to‘g‘rila, kabelni tort, suv tegmasin, deb qichqiradi. Orqasiga tisarilib, shag‘alli mashinaga yo‘l ko‘rsatadi. Ish qizigandan qizib ketgan. Yoz kechalari shunaqa ishlashlik bo‘ladi. Ayniksa, bu tomonlarning oqshomiga hech narsa teng kelolmaydi. Daryo shovullaydi, tog‘ orqasidan osmonga sut purkagandek bo‘lib, avval oy shu’lasi ko‘rinadi, keyin o‘zi salmoqlab osmonga ko‘tariladi-da, tog‘ cho‘qqisiga ayri minib, turib qoladi. Biram chiroyli, biram yoqimli shamol esadi. Saraton dazmoldek qizdirgan toshlarni shu shabada puflab sovutadi. O’t-o‘lanlarni silkitadi. Jo‘jasi hali uchirma bo‘lmagan ona o‘rdaklarning allaga o‘xshash g‘alati g‘aqillashini uzoqlardan olib keladi. Kanalning beto‘siq beto‘lqin suvi oydinda xuddi poyoni yo‘q yaxlit oypadek yaltiraydi. Quloq boshida suv ochayotgan miroblarning tovushi eshitilib qoladi. Ayniqsa, bittasi ezib-ezib ashula aytadi. Kechasi olisdan kelgan qo‘shiq g‘alati bo‘larkan. Odamning tomir-tomiriga kirib ketaman deydi. Betonchi bola xam qo‘shiqqa ishqivoz ekan, ovozi biram do‘rillagan. Qo‘shiq so‘zlarini poyma-poy qilib xonish kilib qoladi. Quruvchilar atayin UNI mayna qilib «yana bo‘lsin», «do‘st» deb qo‘yishadi. Yigit ham ularning «iltimosi»ni yerda qoldir-may, ashulaga ashulani ulab ketadi:

Toshga yomgir kor qilurmi,
Muttasil yoqqan bilan...

— Do‘st, bu Navoiydanmi?
— Yo‘g‘-e, Mashrabnikidir. Qiyqiriq, kulgi.
Shu zaylda kulgi bilan, ko‘shiq bilan ish davom etadi. Vaxobjon u yoqdan-bu yoqqa zir yugurib, ishni jadallatadi. Kattakon bak oldida choy damlangan tunuka choynakni cho‘kqa qo‘yib o‘tirgan cholning yoniga tushib ketayotgan edi, uzoqdan mashina chirog‘ini ko‘rib to‘xtadi. Ma-shina «o‘tilmasin!» belgisi qo‘yilgan muyulishdan o‘tib, to‘ppa-to‘g‘ri kelaverdi. Vaxobjon ijrokomdan birov kelayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Tikilib qarasa, tangadek zangori chirog‘i bor. Nechuk taksi mashinasi bu tomonlarga o‘tdi ekan, deb yo‘lga chikdi-da, qo‘lini ko‘tarib uni to‘xtatdi.
— MUMKIN emas, belgini ko‘rmadingizmi, qayting!
Shofyor kabinadan bosh chiqarib, qo‘lini ko‘ksiga
ko‘yib, uzr aytgan bo‘ldi.
— Ko‘ktoshga ketayotgan bo‘lsanglar. Xonimobod tomondan aylanib o‘tasizlar.
Xonimoboddan aylanib o‘tish uchun ortiqcha o‘n to‘qqiz kilometr yo‘l yurish kerak. Har qanday odamga xam taksida borish jabr bo‘ladi!
Shofyor kabinadan tushdi. Ikki qo‘lini beliga qo‘yib, U yoq-bu yoqqa qaradida, o‘tib ketishning sira iloji yo‘qligini bilgandan keyin, noiloj orqa eshikni ochib, ichkariga qarab yelkasini qisdi.
— Iloji yo‘q, opajon. Buyog‘i ko‘p qolmadi. Piyoda yigirma minutda yetasiz. Xonimoboddan borsangiz qimmatga tushadi. Mayli desangiz, yana o‘zingiz bilasiz. Menga bari bir.
Mashinadan chamadon ko‘targan bir ayol tushdi. Vahobjon qorong‘ida uning yuzini anik ko‘rolmadi. Ayol shofyor bilan ancha vaqtgacha nimanidir gaplashib turib qoldi. Keyin mashina orqasiga qaytdi. Ayol bitta-bitta bosib Vahobjonning oldiga keldi. Ko‘ktoshga qaysi tomondan borishni so‘radi. Tavba, ovozi tanish. Qaerda eshitgan bu tovushni? Shu payt shag‘al to‘kib bo‘lgan samosval keskin burilgan edi, uning o‘tkir chirog‘ida ayolning yuzi bir dam yorishib ketdi.
Sochlari boshiga chambarak qilingan, lablariga bilinar-bilinmas qizil surtilgan, yigirma-yigirma ikki yoshlardagi kelishgan qiz. Vahobjon uni tanidi. Bu qizni u bir marta, atigi bir marta ko‘rgan. U bilan yonma-yon o‘tirib choy ichgan. Shu qizning o‘zi unga choy quyib bergan. Ammo Vahobjon, to‘g‘risini aytganda, u quyib bergan choyni qiynalib ichgan, nsgaki, bu kizning bir qo‘lida odamning kalla suyagi bor edi. Vahobjon o‘tgan yilning avgustida sirtki institutga imtihon topshirgani Toshkentga tushgan edi. Konsultatsiya o‘tkazadigan o‘qituvchining tobi qochib qolib, institutga kelolmay qolibdi. Dekan Vahobjonga o‘qituvchining uyiga borishni maslahat bergan edi. Bordi. U Chilonzordagi katta ko‘cha betidagi uyning ikkinchi qavatida yasharkan. Kirib gaplashdi. Bilmaganlarini so‘rab oldi. O’qituvchi Vahobjonga imtixonga kirsangiz bo‘ladi, deb maslahat berdi. U xursand bo‘lib chiqsa, mashinasining bir g‘ildiragi shalpayib yotibdi, kameraning zolotnigini birov burab olib qo‘yibdi. Asfalt yo‘lkada «bosdimmi» o‘ynayotgan qizchalar unga qarab turishardi. Ularning biri yaqin kslib shivirladi.
— Akbar minnarsangizni burab olib qo‘ydi.
— Qanaqa Akbar?
— Hu anavi uyda turadi. Hozir qochib chiqib ketdi. Inobat opamlarning ukalari.
Vahobjonning juda jahli chiqib ketdi. Bu qanday gap! Zapas g‘ildirak bo‘lganda ham boshqa gap edi.
Vahobjon boyagi qiz ko‘rsatgan uy eshigining tugmasini bosdi. Javob bo‘lmadi. Yana qo‘ng‘iroq tugmasini bosgan edi, ayol kishining: «Ho Akbar, eshikni och, birov keldi» degan tovushi eshitildi. Hadeganda eshik ochilavermadi. Anchadan keyin shippak tovushi yaqinlashdida, eshik qarsillab ochildi. Vahobjonning qarshisida odamning kalla suyagini ushlagan ko‘hlik bir qiz turardi. Vahobjonning yuragi orqasiga tortib ketdi. Qiz qoshlarini kerib, kimda ishingiz bor edi, degandek hayron bo‘lib turibdi.
— Akbarda ishim bor edi. Chaqirib bersangiz. Qiz ermak qilayotgandek orqasiga qarab qichqirdi:
— Hoy, Akbar, o‘rtog‘ing keldilar, bu yoqqa chiq! Ichkaridan trusichan, olti yoshlardagi bir bola bur-
nini tortib chikdi. U Vahobjonni ko‘rishi bilan to‘xtadi. Keyin Vahobjonning o‘rtog‘i birdan orqasiga tiraqaylab qochib qoldi. Qiz nima gapligiga tushuna olmay xayron. Vahobjon bo‘lgan gapni aytib berdi. Qiz xijolat bo‘lib, undan uzr so‘radida, hozir o‘sha buyumni olib beraman, deb orqasiga burildi. Keyin to‘xtab, qo‘lidagi kalla suyagini Vahobjonning qo‘liga tutqazdi.
— Hozir, hozir olib bsraman.
Akbar vannaxonani ichidan berkitib olgan ekan. Qiz yalindi.
Oxiri Akbar eshikni ochdi. Vahobjon qarasa, u vannaga suv to‘ldirib, ming yamoq bo‘lib ketgan avtokameraga nasos bilan yel berayotgan ekan.
— Bu o‘lgur cho‘milishga kerak-da. Suzishga o‘rganayotganmish. Qani, ber, kim o‘rgatdi senga birovning narsasini olishni?!
— Magazinda yo‘q-da, bo‘lmasa olarmidim, — dedi Akbar burnini tortib.
Shunday dedi-yu, vannadagi ilma-teshik kamera og‘zidan zolotnikni chiqazib berdi. Vahobjon qizga rahmat aytib, tashqariga chiqdi. Ust kiyimini yechib, mashinaga domkrat qo‘yib, g‘ildirakni ko‘tardi, uni chiqarib olib, boshqatdan yel bera boshladi. To u ishini bitkazguncha kora terga tushib ketdi. Ancha kech bo‘lib qolgan edi. Uning qiynalayotganini balkondan ko‘rib turgan qiz:
— Kirib yuvinib oling, — dedi.
Vahobjon bir so‘z demay qaytib kirdi. Qiz yelkasida sochiq, qo‘lida sovun bilan uni kutib turardi.
U yuziga sovun surtayotganida ham, oppoq, kraxmallangan sochiqqa artinayotganida ham bir o‘y kallasidan ketmasdi: «Qanday chiroyli qiz-a, ammo qo‘lidagi odamning kalla suyagi nimasi».
— Choy damlab qo‘ydim, ichib ola qoling, qorningiz ham ochgandir.
Vahobjon uzr aytsa ham qiz qo‘ymadi. Choy quyib uzatdi. Bola bechora ichishni ham, ichmaslikni ham bilmay hayron edi. Ichdiyu yana boyagi kallani esladi. Oxiri, u qizga rahmat aytib ketar ekan, Akbarga zolotnik keltirib berishga va’da qildi.
Ana shu voqeadan keyin Vahobjon qizni uchratmadi. Uyiga Akbarga va’da qilgan narsani olib borganda kiz yo‘k ekan. Mana, oradan bir yil o‘tdi. U o‘sha qizni eslaganida nihoyatda ko‘hlik bir qizning yuzi, ko‘zi, kslishgan gavdasi ko‘z oldiga kelardi-da, zum o‘tmay, bu go‘zallik o‘rnini tirjaygan kalla suyagi egallab olardi. Shuning uchun ham Vahobjon uni eslamaslikka tirishardi.
Mana bugun dars shovullagan, shag‘allar qaldiragan tog‘ oqshomida ikkovi yana baqamti kelib turishibdi. Qiz uni tanimagan bo‘lsa kerak. Negaki, Vahobjonning soch-soqoli o‘sib ketgan, kiyimlari chang, tuproq edi.
Ularning xar ikkovi bir-birlariga qarab ancha turib qolishgandan keyin Vahobjon gap boshladi:
— Ko‘ktoshga ketyapman deng. U yerda qarindoshlaringiz bormi?
— Yo‘q, — dedi qiz. — Ishga shu yoqqa tayin qilishdi. Rayzdrav ixtiyoriga...
Qizning ovozi biram yoqimli, biram jarangli. Vahobjon seskanib ketdi. Demak, bu qiz rayonga doktor bo‘lib kelyapti. U doktorlikni bitirgan. Odamning kalla suyagini bekorga ko‘tarib yurmagan ekan u...
— Meni taniyapsizmi? — dedi Vahobjon.
— Yo‘g‘-a, — dedi kiz yelkasini qisib.
— Uyingizga borgandim. Akbarning orqasidan vannaga kirgandim...
Vahobjonning gapi og‘zida qoldi.
— A-a-a, o‘sha sizmidingiz, buni qarang-a, tanimapman. Uyimizga yana bir kelgan ekaisiz. Yo‘qligimni qarang-a.
Buldozerchi Vahobjonni chaqirib qoldi. U qizga: «Hozir kelaman» deb chopganicha ketdi.
Allamahal bo‘lib qolgan edi. Vahobjon prorabga topshiriqlarni berib, qizning oldiga qaytdi.
— Qani, mehmon, ketdik. Ko‘ktoshga o‘zim oborib qo‘yaman.
Qiz qarshilik qilmay, «Moskvich» eshigini ochdi. Yo‘lga tushishdi. Oy xuddi mashina bilan yonma-yon ketayotganga o‘xshaydi. Soyadek bo‘lib ko‘rinayotgan tog‘ tizmalari biram ajoyib, biram ajoyib.
Vahobjon rul boshqarib borarkan, o‘y o‘ylardi:
«Qani edi shu qizga uylansam, menga tegarmikan? Tegmas, balki sevgani bordir...»
Mashina motori bir-ikki yo‘talib o‘chdi. Vahobjon shoshib tushib, kopotni ochdi. Ventilyatsiya tasmasi uzilib ketibdi. Zapasi yo‘q. Endi nima bo‘ladi? Shu yerda tunab qolishdan boshqa iloj yo‘q! Ularning ikkovi ham hafsalalari pir bo‘lib, toshga o‘tirishdi.
— Qiziq bo‘ldi-ku! — dedi Vahobjon xijolat chekib. Qiz indamadi. U azamat tog‘ tizmalariga, qoya uchiga jig‘a bo‘lib qo‘nib turgan baldokdek oyga jimgina qarab o‘tirardi.
— Bilasizmi, men hech toqqa chiqmaganman. Buni qarang, kechasi, ayniqsa, oydinda juda g‘alati bo‘larkan. Biram yaxshiki.
Kizning tovushidan sovuqqotganligi shundoqqina bilinib turardi. Vaxobjon mashinani ochib, old suyanchig‘ini tushirib, ketidagisiga yondashtirib qo‘ydi.
— Siz kirib bir oz mizg‘ib oling.
Qiz avvaliga ko‘nmay turdi. Keyin sovukdan titrab ichkariga kirib ketdi. Vahobjon radioni sekinlab burab qo‘ydi. Qiz to‘nga o‘ranib oldi.
Tog‘ o‘ngirida yoqimli kuy oqar, kichkinagina, ko‘rimsiz mashina ichida esa husnda yagona bir qiz uxlardi.
Vahobjon uning atrofida papiros chekib aylanib yuripti.
Bu holat gerdaygan tog‘ etagida tug‘ilayotgan yangi doston, yangi afsonaga o‘xshardi.
Kim biladi, balki Vahobjon afsonavor bu oqshomda o‘z baxtini, muhabbatini qo‘riqlayotgandir. Zora shunday bo‘lsa!

1969 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.