Bir jurnalda «Xotinboz chumchuq» degan hikoya bosildi.
Hikoyada nimalar deyilganini bu yoqqa qo‘yib, uni kim yozganidan gaplashaylik.
Choyxonachi Alimat buva uvali-juvali chol. Nevaralari shunday ko‘pki, nomlarini adashtirib Solini Vali, Valini Soli deb yanglishib yuradi. Alimat buva nevaralariga qaysi ertakni aytsa, buni aytgansiz, deb janjal qilishadi. U o‘ylab, ichidan to‘qib ertak aytadigan bo‘lib qolgan. Ayniqsa ertakka to‘ymaydigan bitta Kenjavoy degan nevarasi ham bor. Choy ustida xam, osh ustida ham:
— Buva, davay, ertak aytib bering, — deb harxasha qilaveradi.
Chol dunyodagi jamiki ertaklarni aytib bo‘lgan. Yangisini to‘qib charchagan. U oxiri o‘ylab-o‘ylab ertak to‘qidi, ya’ni:
— Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bitta chumchuq bor ekan...
Oradan ancha vaqt o‘tib, nima ham bo‘ldi-yu, bir jurnalda o‘sha «Chumchuq» lop etib chiqib qoldi. Chol mundoq qarasa, o‘zi to‘qigan ertak hikoya bo‘lib chiqibdi. Hikoyachaning tepasiga Kenja Alimatov, deb yozib qo‘yipti. Kenja — Alimat otaning o‘sha zumrasha nevarasi, endi o‘n to‘rt yoshga kirgan. Samovardagilar «Xotinboz chumchuq»ni rosa cho‘zg‘ilab o‘qib chiqishdi.
Hay, bu ham o‘tdi. «Xotinboz chumchuq» odamlarning esidan ham chiqib ketdi. Ammo oradan bir oy o‘tar-o‘tmas gazetada «Xotinboz chumchuq» sarlavhasi ostida maqola chiqdi. Gazeta qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. O‘qigan ham o‘qidi, o‘qimagan ham o‘qidi. Maqola shunday boshlanardi:
«Yozuvchi Kenja Alimat o‘zining «Xotinboz chumchuq» asari orqali oramizdagi xotinbozlarni satira o‘ti bilan kuydirishga uringan va uni muvaffaqiyatli hal qila olgan.
Asarda yozuvchining katta hayot tajribasi borligi yaqqol sezilib turibdi. Uning ko‘zi o‘tkir, fikri tiniq. Ayniqsa tili o‘ynoq va jozibador. Tabiat manzaralarini juda usta rassomdek noziklik bilan chizadi.
Avtor hayotni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Undai ma’lum darajada falsafiy xulosalar ham chiqaza oladi. Hayot tajribasi, klassiklarni qunt bilan o‘rganishi, o‘zidan oldin shu mavzuga qo‘l urgan yetuk avtorlarning asarlaridan ijodiy foydalanishi avtor mahoratiga o‘z ta’sirini o‘tkazgan.
Ayniqsa, asar oxiridagi xotinboz chumchuqning boshqa chumchuqlar orasida fosh bo‘lib, o‘z xotini tomonidan ushlab olinish kartinasi nihoyatda yorqin, o‘quvchining u yoki bu esida qoladigan darajada aniq tasvirlanishi muvaffaqiyatni ta’minlagan... O‘quvchi xotinboz chumchuqning proobrazini ko‘z oldiga keltirib turadi. Undan jirkanadi, nafratlanadi, g‘azablanadi, v. b.
Xotinboz chumchuq Kant aytgandek, men bor — olam bor, deb o‘ylaydi.
Avtor chumchuq qiyofasini yaratishda novatorlik yo‘lidan boradi. Personajini individuallashtiradi. Xarakter yaratadi. Misollarga murojaat qilamiz:
«Uning ikkita qanoti bor, bir tumshuq, ikkinchi oyog‘i mavjud».
Qarang! Naqadar tiniq, aniq, ajoyib, noyob portret.
Kenja Alimat chumchuq ini orqali salbiy chumchuqlarning xususiy mulkchiligini alamli satrlarda fosh qiladi.
...Keksa tol poyalari orasida o‘ziga xos xashaklardan haromxo‘rlik bilan yig‘ilgan uya...
Yuqoridagi misollar avtor mahoratini belgilovchi omillar sifatida bizni quvontiradi. Yana misol...
«Xotinboz chumchuq gulzor oldida bir oyog‘ida romashka ushlab, tumshug‘i bilan uning barglarini bittalab yulyapti:
— «Keladi, kelmaydi, keladi...»
Ana gulzor tomondan olifta patli satang chumchuq paydo bo‘ldi.
Xotinboz chumchuqning yuragi o‘ynadi. Shoshib uning istiqboliga chiqdi».
Bunday tasvirlar asarda ko‘p.
Ammo asar bir qator kamchiliklardan ham xoli emas.
Ayniqsa kompozitsion tarqoqlik seziladi. (Chumchuqlar har yoqqa tarqab uchib yurishadi.)
Xotinboz chumchuqning chirqillashi jibilajibonning sayrashini eslatib qo‘yyapti. Satang chumchuq Qarqunoqning xuddi o‘zginasi.
Asar syujeti ko‘proq ocherkni eslatadi.
Avtor bundan buyon chumchuqlar orasida ko‘proq bo‘lsa, ularning hayotini o‘rgansa, tili, odatlarini qunt bilan kuzatsa, faqat yutadi, yana ijod cho‘qqilariga parvoz qiladi.
Umuman olganda «Xotinboz chumchuq» keng kitobxon ommasining o‘sib borayotgan didini, talablarani qondira oladigan ajoyib sermazmun asardir.
Biz talantli Kenja Alimatdan ariq bo‘ylaridan sovun o‘g‘irlaydigan Zag‘izg‘on, uzumlarimizni cho‘qib ketadigan Chug‘urchiq, giloslarimizni yeb qo‘yadigan Tutxo‘rak singari parrandalar haqida polotnolar kutishga haqlidirmiz...»
Ana shu maqola bosilib chiqqan kuni ertakchi chol Alimat buvaning zumrasha nevarasi, ya’ni «hayotdan falsafiy xulosalar chiqarib oladigan yozuvchi Kenja Alimat» tomda o‘z tengi bolalar bilan kaptar quvib yurardi.