OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Yer uyg'ondi (hikoya)

Omontoyning bu yerda hali tanish-bilishlari yo‘q. Qo‘ziboyga suyanib qolgan. Ayniqsa yangi kelgan kunlari qilgan yaxshiliklarini o‘la-o‘lguncha esdan chiqarmaydi. Xotini Iltifotxonning o‘g‘ilchasi Tavakkaljondan ko‘ngli notinch edi. Omontoy bolaga raisning xotini Kokila qarab turganini aytib tinchlantirdi, chaqaloqqa yaxshi qarashini tayinlab, tug‘ruqxonadan xotirjam chiqib ketayotganda Qo‘ziboy idora oldida Usmonali aka bilan gaplashib turgan edi.
Omontoy Usmonali akani tanimaydi. Chiybaxmal gimnastyorkasining ko‘kragida orden yaltirab turgan, qoshi, sochi oppoq, lekin mo‘ylovi to‘sdek qop-qora bu odamning oldiga borishga xijolat bo‘lib, chetrokda Qo‘ziboyning bo‘shashini kutib turdi. Qo‘ziboy nimalarnidir goh kulib, goh qizishib gapirar, Usmonali aka bo‘lsa qo‘lidagi tol novdasini karki pichoq bilan yo‘nib, uning gaplariga diqqat bilan quloq solar edi. Ko‘chaning narigi betida chang bosgan, qanotlari bo‘yalaverib toshbaqaning kosasidek olachipor bo‘lib ketgan eski «Pobeda» turardi. Usmonali aka shofyorga nimadir dedi. Peshonasining chap tomoni chandiq shofyor bola mineral suvidan bo‘shagan shishasini ko‘rsatdi.
— Qolmabdi, po‘kagi otilib, to‘kilib ketibdi. Qo‘ziboy Usmonali akaning cho‘llaganini bilib, uyiga choy ichgani taklif qilgan edi, ko‘nmadi. Mashinani samovarga burishni buyurib, ikkovi piyoda yo‘lga tushishdi. Qo‘ziboy yo‘lda to‘xtab, Omontoyga o‘girildi:
— Ishing bormidi menda, matros? Qani, yuraver, samovarda gaplashamiz.
Qo‘ziboy yo‘lda uni Usmonali aka bilan tanishtirdi.
— Matros bola. Boltiqning xo‘rozlaridan. Yaqinda kelgan.
Usmonali aka uning quyib qo‘ygandek tiqmachoq gavdasiga, ko‘ndalang beqasamga o‘xshash telnyashkasini yorvoraman deb turgan ko‘kraklariga, ikki qulog‘iga yetay deb turgan mo‘yloviga qaradi.
— Ustaxonaga, mexanikka pomoshnik qilib qo‘ysam taysallab ko‘nmayotibdi, traktor berasan, o‘zim ekib, o‘zim teraman, deydi.
— Gapi to‘g‘ri-da, shundoq bolani ustaxonada olib o‘tirasanmi? Qo‘y, dalaga chiqsin. Paxta eksin.
Kolxoz qishlog‘i orqada qoldi. Erta bahor shamoli g‘irillab esib turgan yassi cho‘lning olis-olislaridan traktor gurillagani eshitiladi. Shudgor qilingan yerlarda hali ham sovuknafas karg‘alar alamzadalik bilan qag‘illab qor chaqirib, uchib-qo‘nib yurishibdi. Usmonali aka qo‘lini orqasiga qilib, keksalarga xos og‘ir qadam tashlab boradi. Uning kapaki solinaverib tag charmi qalinlashib ketgan etigining qo‘njlari buklanib chang yig‘ilib qolgan. Atrofi ajin bosgan ko‘zlarini qisib, olislarga tikilib, jimgina o‘y surmoqda. Qo‘ziboy har zamon gap qotib, uning xayolini bo‘ladi. Omontoy esa orqarokda allaqanday bir kuyni hushtakka solib pildirab boradi.
Bahor oftobi yashnab ko‘zni oladi. Iliq shamol yuzga uriladi. Usmonali aka to‘xtab, engashib, shudgordan bir kesak olib, yuziga bosib ko‘rdi. Keyin panjalarining orasiga olib, uqalab, yana marzaga otdi. U chang bo‘lgan qo‘lini xuddi chapak chalayotgandek bir-biriga qoqib, Qo‘ziboyga qaradi.
— Yer uyg‘onibdi, uka.
Uning harakatlarini kuzatib turgan Omontoyning xayoliga bir narsa keldi. U Boltikda xizmat qilib yurganda qirg‘oqqa kelgan bolalar chig‘anoqni quloqlariga tutib ko‘rishardi. Chig‘anokdan dengiz shovqini, dovullar, to‘lqinlarning guvullashi eshitilarmish. Usmonali akaning kesakni yuziga qo‘yib ko‘rishidan, u xuddi yer qa’ridagi sadolarni eshitayotgandek edi.
Omontoyning ko‘zlarini katta-katta ochib qarab turganini ko‘rib, Usmonali aka iljaydi.
— Bu chol nima qilyapti, deb o‘ylayotgandirsan-a, matros o‘g‘lim? Ajablanma. Bahor kezlari, oftob yerni qizdirganda yotib quloq sol. Ziyrak bo‘lsang bilib olasan. Hozir yerning tagi to‘polon. Shovqin-suron.
Omontoyning qulog‘iga yerni turtib chiqayotgan giyohlarning shitirlashi, tanasiga iliq o‘tgan daraxt tomirlarining ilondek vishillab chuqurlikka kirib ketayotgani, qurt-qumursqalarning harakati, nam tuproq tagida ko‘pchib, po‘stini tashlayotgan urug‘larning quyosh betini ko‘rishga shoshib, yerni chatnayotgani eshitilib ketdi. Hozir yonma-yon ketayotgan kishi har kuni ko‘rib yuradigan odamlaridan shu gapi bilanoq ajraldi-qo‘ydi. Usmonali aka yer ilmini hammadan ko‘ra yaxshi biladigan aqli raso odamga o‘xshaydi...
Bahor bahorligini qilib, yerni qizdirib, timdalab, giyohlarning bosh ko‘tarishiga yordamlashmoqda. Iliq shamol yerning oppoq ko‘rpasini qimirlatib ketganiga hali unchalik ham vaqt o‘tgani yo‘q. Bo‘g‘oz yer lorsillab, to‘lg‘oq tutib uyg‘ondi. Gurullagan motor shovqinlari uni bu yil barvaqtroq uyg‘otib yubordi. Qadimdan xotirjam, shoshilmay bosh ko‘taradigan giyohlarni odamning qistalangi, turtkisi, shoshirishi bedor qildi. Asrlar o‘z erki, o‘z ixtiyori bilan yashagan bo‘z dala odamga tobe bo‘lib qoldi.
Xuddi mana shu yerlarning uyqusini qochirgan Usmonali aka bo‘ladi. U shu yerlarni goh qadamlab, goh otda, goh mashinada shamoldek kezib qaridi. Uning bolaligi ham, yigitligi ham shu yerlarda qoldi.
Norin suvlari kanaldan oqib, Yozyovon cho‘llari oralab, hali yerni qondirmay turib, kanal bo‘ylariga ekilgan tollar hali tuzukkina poya bermay turib, urush bosh-lanib ketdi. Cho‘lga otlanib turgan yigitlar shinel kiyib, dalani ayollarga tashlab ketishdi. Cho‘l cho‘lligicha qolaverdi. Kanal yoqalarida ochilgan yangi yerlargagina ketmonlab chigit ekildi, xolos.
Usmonali aka o‘sha paytlarda qirq besh yoshlarda, ayni kuchga to‘lgan, har yelkasida bittadan odam ko‘tara oladigan baquvvat yigit edi. O‘zi ishlab yurgan «Zarkent» kolxozida yigitlar birin-ketin frontga jo‘nab ketib, miltiq ko‘tarishga yaraydigan bir o‘zi qolganida, xijo-latdan harbiy komissariatga ketayotganida, rais Rahimberdi aka yo‘ldan qaytarib keldi. Usmonali uning bir gapini ikki qilolmasdi. U ittifoq bo‘yicha boobro‘ raislardan sanalardi. Shunday bo‘lsa ham, ikkovlarining orasida birov sezmaydigan jindek sovuqchilik ham bo‘lib o‘tdi. Usmonaliga bari bir Rahimberdi aka bilan birga ishlash nasib qilmadi. Raykom uni ko‘z ostiga olib yurgan ekan, cho‘lda yangi tashkil qilinib, hali qaddini ko‘tarmay turib, azamatlarini jangga kuzatgan, o‘zi ni-hoyatda quvvatsizlanib qolgan kolxozga raislikka tavsiya etdi. Usmonali xotinlarga onaboshi bo‘lib, urush davrini ham o‘tkazdi. Hatto rayonda uni «xotinlar kolxozining raisi» deb ham atashardi. Urush tugab, o‘sha «xotinlar kolxozi» hammaning og‘zida doston bo‘lib qoldi. Usmonali cho‘ldan yangi joy ochdi. Qo‘ziboy armiyadan qaytib kelgan yili kolxozning kichik bir uchastkasi alohida kolxoz bo‘lib ajralib chiqdi. Yosh kolxozga Usmonali otaliq qildi. Cho‘lda nimaiki barpo qilgan bo‘lsa pravlenie shu kolxozga hadya qildi. Bu orada Usmonali akaning belidan quvvat ketib, qariligi bilinadigan bo‘lib qoldi. Ayniqsa, Rahimberdi akaning vafoti uning qaddini ancha bukib ko‘ydi. Pravleniega ariza berdi. Hali yig‘ilish bo‘lmay turiboq, chet el sayohati degan gap chiqib, bir oydan oshiq aylanib keldi. Keldi-yu, arizasini stol g‘aladonidan olib yirtib tashladi. U har yig‘inda, to‘yu hashamlarda faqat bitta gapni qaytaraveradigan bo‘lib qoldi:
— Ko‘rgan kuningga, yegan noningga, kiygan kiyimingga ming marta shukur qil! Odamzodning xorligini o‘z ko‘zim bilan ko‘rib keldim. Belingda jindakkina quvvat bo‘lsa, mehnat qil, ko‘zingda zig‘ircha nur bo‘lsa, mehnat qil. Ota-buvalarimizda bir gap bor: haddingdan oshsang, mozor kez. Ne-ne zukkolarning qabrini, odam bolasining yerda yotganini ko‘rib, shukur qilasan. Men tiriklar mozorini, och-yalang‘ochlar o‘lkasini kezib keldim. 
Odam deganning xor bo‘lishini o‘sha yerlarda ko‘rdim. Ko‘rdimu, o‘z uyimni, jannatga o‘xshagan yurtimni sog‘inib ketdim. Shunday qilib, Usmonali aka raislikdan tushmadi. Faqat ikki qo‘lini orqasiga qilib, sal bukilib yurishini, mo‘ylovini bo‘yashini aytmasangiz, qariligi ham uncha bilinmay qoldi.
Cho‘l o‘rtasidan kesib o‘tgan katta yo‘l yoqasidagi samovarga yetib kelishganda oftob ancha tik kelib qolgan edi.
«Bo‘ston»ning choyxonasi Farg‘ona, Andijonga olib boradigan, cho‘lni kesib o‘tgan katta yo‘lning yoqasida edi. »
Olis yo‘l bosib, cho‘l quvib kelayotgan «ulug‘»lar ham shu choyxonaga qo‘nib, bitta yaxna ko‘k choy ichmasdan o‘tolmasdi.
Bu yerda qadimdan bir tup sadaqayrag‘och bor. Uning necha yoshga kirganini, kim qachon ekkanini ham birov bilmaydi. Shu qayrag‘och bahona bo‘lib, uni nishon qilib cho‘l kezganlar salqinda dam olish uchun yo‘lni shu tomonga solganlar. Vaqt-soati kelib, Yozyovonga hujum boshlaganda, yana shu qayrag‘och nishon bo‘lib, haybatli mashinalarning g‘ildiragi uning ro‘parasidan iz solib o‘tdi. Motorlar gurulladi, artezian quduqlardan shaffof suvlar chashmasi otilib chiqdi. Katta Farg‘ona kanalining bo‘tana suvlari cho‘l qo‘yniga kirdi. Endi o‘sha bir tup sadaqayrag‘och atrofida qum bo‘ronlarini yelkasida silkitib tashlaydigan azamat teraklar, g‘uj-g‘uj tollar qad ko‘tardi. Kustanay, Ko‘kchatog‘ bo‘z yerlarining g‘allalarini elevatorga tashib bo‘lgan, to yangi hosilgacha bo‘sh turgan sanoqsiz samosvallar shu tomonlarga qurilish uskunalari tashishga hasharga yetib keldi. Qog‘ozdek oppoq uylar, kaftdek tekis yo‘llar, kechalari yo‘lovchilarni imlab chaqiradigan minglab chiroqlar cho‘l jamolini ochdi. Cho‘lda birinchi marta hosil olinganda Otaboy qiziqchilikka: «Cho‘l kelini suvdan tiniq chiqdi!» deb hammani kuldirgan edi.
Uchovlashib samovarga kirishdi. Boshmaldog‘ida ortig‘i bor samovarchi sergapgina yigit ekan, Usmonali akani ko‘rib, bosar-tusarini bilmay qoldi. Birpasda: akademiyadan kelgan professorlarga devzira guruchdan o‘zi osh qilib bergani, Tamaraxonim «Bo‘ston»ning bog‘ida kontsert ko‘rsatganda parda orqasida turib yaxna ko‘k choy quyib turgani, o‘zining talabiga binoan Halimaxonim radioda ikki marta qo‘shiq aytib bergani, O‘rik domla kelini bilan arazlashib qolib, uning samovarida yana ikki kecha yotib qolgani, Toshkentdan kelgan bir yosh shoirga cho‘lni «polniy» tushuntirganini gapirib berdi. Usmonali aka uning gaplariga kulib, iljayib quloq solardi.
Choy ustida Usmonali aka yana cho‘l kezib yurganining sababini aytib qoldi.
— Uka, anchadan beri bir narsa miyamdan hech nari ketmaydi. Qizilsuvga bordim, kechadan beri qirg‘oqlarda sanqib yuribman.
Qo‘ziboy hayron bo‘lib, uning og‘ziga tikildi. Usmonali aka chorvadan gap boshladi. Kolxozlarning moli to Oloy vodiysiga borguncha piyoda necha yuzlab kilometr yo‘l bosishi, semirib, ko‘katga to‘yib kuzda qishlovga qaytishida yana shuncha yo‘l bosib, boyagi-boyagidek ozib qolishi anchadan beri boshini qotirayotganini aytdi.
— Agar shu tomonlardan Qizilsuvga ko‘prik qurilsa, yo‘l qisqarishi mumkin-ku, ammo injenerlar bunga ko‘nishmayapti. Qizilsuv bu tomonlarda juda yoyilib oqadi. Ko‘prik qimmatga tushadi. Ular millionning nari-berisiga xomcho‘t qilishyapti. Besh-olti kolxoz birlashib, shu ishga qo‘l ursak qandoq bo‘larkin, deb ataylab oldingga qo‘ndim. Nima deysan? — deb Qo‘ziboyning og‘ziga tikildi.
Boyatdan beri gapga aralashmay bir chekkada mo‘ylovini o‘ynagancha jimgina quloq solib o‘tirgan Omontoy Qo‘ziboyga qaradi. Qo‘ziboy chakkasini qashib, nima deyishini bilmay, xayol surib qoldi.
— O‘ylanib qolding? — dedi Usmonali aka unga qarab. — Nima, yuraging dov bermayaptimi?
— Kolxoz yangi bo‘lsa, a’zo hali yuzga ham yetmagan bo‘lsa. Chorva ham, o‘zingiz bilasiz, hamin qadar. Kassada bo‘lsa xemiri yo‘q. Qurilish boshqarmasi uylarni nasyaga qurib tashlayapti. Selxozbank bir kun kelib giribonimdan xippa bo‘g‘ib, pulini qistaydi. Hozircha ko‘prikka unchalik muhtojligim yo‘qqa o‘xshaydi.
Usmonali akaning qoshlari kerilib, basharasi tirishdi.
— Haliyam xom ekansan-ku! Kolxoz shu yetmish uch boshdan bo‘lak ko‘y boqmaydi, shu bilan tamom deb yuribsanmi? Bekor aytibsan. Yo puldan cho‘chiyapsanmi? Agar cho‘chiyotgan bo‘lsang, pulni mendan ol. Uch yil muddatga qarz beraman. Ko‘nasanmi? Mayli, o‘ylab ko‘r. «Guliston» rozi.
— «Guliston»ning puli ko‘p-da!
— Qarab tur, seniki ham ko‘payadi. Xarajatning yarmini davlat ko‘taradi. Yo‘q dema, bari bir, sen yo‘q desang, o‘zimiz ham quraveramiz. Keyin bu yo‘ldan mol haydagani xijolat bo‘lib yurasan.
Ko‘prik to‘g‘risida boshqa gap bo‘lmadi. Usmonali aka u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirgandan keyin qo‘shni kolxozga o‘tib ketdi.
Oradan besh kun o‘tib, Omontoyning qistovi bilan Qo‘ziboy bu masalani pravlenie majlisiga qo‘ydi: bu fikrni juda ozchilik ma’qulladi. Ko‘pchilik qarzga botishni istamay, hozircha ko‘prik zarur emasligini aytishdi. Pravlenie ko‘prik xususida aniq bir fikrga kelmay tarqaldi.
Omontoy ikki marta mototsiklda Qizilsuv bo‘ylarini aylanib chiqdi. U har gal o‘sha tomondan qaytib kelganda injenerlarning xomcho‘t hisobiga hayron bo‘lardi.
Kechasi o‘g‘lini uxlatib qo‘yib, muk tushganicha qog‘ozga nimalarnidir chizdi, nimalarnidir hisobladi.
Omontoy bola vaqtlarida ham temir-tersakka o‘ch edi. Ota frontdan qaytmagan, yolg‘iz qo‘l ona nogironlikda dalada ishlab durustgina ro‘zg‘or tebratolmas edi. Uyda pilla tutib, ko‘rpa qavib, tirikchilikni amal-taqal qilib turardi. Sho‘x-olov Omontoyga kiyim chidamasdi. Bugun kiyganini ertasigayoq yirtar, allaqayoqlardan temir-tersak surib kelib, kiyimlarini rasvo qilar edi. Onasi, Birinchi may arafasida o‘rtoqlari oldida o‘ksimasin, deb qo‘liga pul berib, o‘zini bozor kuni Marg‘ilonga avtobusda jo‘natdi. Orqasidan: «Etik ol, shim ol, bo‘ynigga o‘lchab to‘n ol. Belingdagi pulni Qosim akaga ber, ehtiyot bo‘l, yo‘qotib qo‘yma!» deb tayinlab qoldi.
Omontoy shaharni toza aylandi. Magazin vitrinalari oldida velosiped tuzatadigan ustaning do‘koni oldida erinmay uzoq-uzoq turib qoldi. Ayniqsa, kultmagdagi yap-yangi yaltirab turgan mototsikl ko‘zini o‘ynatdi. Sira ketolmadi. Xullas, shunday bo‘ldiki, Omontoy kechqurun uyga shalag‘i chiqib ketgan bir eski mototsikl yetaklab kirib keldi. Onasining ko‘ngli ozib qolay dedi. Yig‘ladi, siqtadi. Umrida birinchi marta bitta-yu bitta o‘g‘lining yuziga shapaloq tortib yubordi. Yosh bolaga pul berib shaharga tushirgan o‘zini kuyib-kuyib qarg‘adi.
— Koshki o‘zimning pulim bo‘lsa, birovniki-ya! Endi nima qilaman, egasiga nima deyman?
Bu gaplarga Omontoy ko‘zini lo‘q qilib, burnini tortib quloq solar ekan, ko‘zidan mo‘ltirab yosh oqayotganini sezmasdi. Ona o‘g‘lining ahvoliga qarab ichi achishdi. Otasi bo‘lsa unga nimalar qilib berardi! Unda nima ayb? Bola bola-da, havas qiladi! Dadasiz o‘sib nima orzu-havas ko‘rdi bola? Ona bechora ham nima qilsin, qo‘lida bo‘lsa qarab turarmidi. O‘rikka suyanib qiyshayib turgan mototsiklga qarab ona yig‘ladi, bola yig‘ladi. Oxiri Qosim akaga erining tilla soatini yuragidan sug‘urgandek qarz o‘rniga olib borganda juda xafa bo‘lib ketdi.
— Singlim, xafa bo‘lmang, bola-da, soatni ehtiyot qilib qo‘ying. Omontoy katta bo‘lganda taqadi. Marhum o‘rtog‘im shu umid bilan sizlarni menga tashlab ketganmidi? Pulga muhtoj emasman. O‘sha pul sizlarga mening yordamim bo‘lsin. Mana bu pulga, — u yonidan pul olib, sanab, uch yuz so‘m uzatdi. — Omontoyga bayramga uncha-muncha olib bering, o‘ksimasin.
Ona birovning qo‘liga qarab qolganidanmi, yo Qosim akaning odamgarchiligidanmi, kiprik qoqib birdan yig‘lab yubordi. Qosim aka uni yupatib, ostonagacha kuzatib qo‘ydi. Nimaiki kerak bo‘lib qolsa, tortinmay kelaverishini tayinladi.
Ona qachonlardir, nasib qilsa bu saxiy, odamgarchilikni biladigan muruvvatli kishiga bir yaxshilik qilishni diliga tugib qo‘ydi.
Omontoy o‘sha eski mototsiklning u yoq-bu yog‘ini titkilab, oxiri yurgizdi. Kolxoz ustaxonasidagilarning miya-sini achitib, hali undan u asbobni, hali bundan bu asbobni so‘rab, eshitadigan gapini rosa eshitdi. Bu xira, o‘z so‘zli bola oxiri ustaxonadagilarning mehrini o‘ziga tortdi. Omontoy deyarli har kuni ustaxonaga kelar, nima balolarni yasab, uyiga olib ketar edi. Yoz oylarining birida Omontoy birvarakayiga o‘n kuncha ustaxonaga kelmay, yo‘q bo‘lib ketdi. Bola o‘sha kezlarda tomorqadagi hujraga kirib olib, odamning g‘ashiga tegadigan tovush chiqazib temir arralar, daraxtlarga sim tortib, lampochkalar ilar edi. Onasi bir kun daladan qaytsa, ayvonning shiftida elektr yonib turibdi! Tomorqada mototsikl tinmay potillaydi. Hovli to‘la bola.
Ayvonning devoriga choyshab osilgan. Unda nima balolar lip-lip qilib ko‘rinyapti. Bu Omontoyning «kino»si edi. U onasining ko‘zoynagidan, non qutisidan, qo‘l mashinasining g‘ildiragidan kino apparati yasagan edi. Qishloqqa keladigan ko‘chma kinoning uquvsiz mexaniklari uzib tashlagan yamoq lentalardan yig‘ib, olaquroq «kinofilm» qilgan edi. Unda Tarzan, Radj Kapur, Charli Chaplin, Bag‘dod o‘g‘risi hamda har xil josuslar bor edi.
Hamma yoqni ivirsitib yuborgan bolalarni haydashga onaning ko‘ngli bo‘lmadi. Bir chekkada o‘tirib u ham «kino» ko‘rdi.
Ana shu voqeadan keyin Qosim aka, bolani injenerlikka o‘qitish kerak, degan o‘y bilan onasiga maslahat soldi. Ammo Omontoy birdan matroslikka havas qilib qoldi-yu, o‘ninchini bitirib, dengizga qarab ketdi.
Bugun Omontoy Qizilsuv bo‘ylarini aylanib kelgandan keyin ko‘prik qurish haqida uni, injenerlar aytgancha bir millionga emas, olti yuz ming so‘mcha xarajat qilib, yaxshilab qurish mumkinligini isbot qilmoqchi bo‘ldi. Hozir u muk tushgancha qog‘ozda ana shularni hisoblab ko‘rmoqda. Vaqt allamahal bo‘lib qolgan.
Tavakkaljon u yonboshidan-bu yonboshiga ag‘darilib: «Aya!» deb ijirg‘andi. Omontoy borib uning yuzidan o‘pdi-da, ko‘rpasini ustiga tortib, yostig‘ini tuzatdi.
Hamma vaqt shovqin-suron, to‘polon bilan yashagan, bola tabiati hatto ota bo‘lguncha saqlangan Omontoy o‘g‘liga qarab turib birdan katta bo‘lib qolganini sezdi. Bolasining pish-pish nafas olib yotganini ko‘rib, o‘z dadasini, onasini esladi. Cho‘lga tuz-nasiba tortib kelganidan tortib xotini, shu cho‘lda tug‘ilgan, hozir tug‘ruqxonada tamshanib yotgan chaqalog‘i Bo‘stongacha bir-bir ko‘z oldidan o‘taverdi. Onasi tirik bo‘lganda qanday bo‘lar-di-ya! Nevarasining peshonasidan o‘pardi, stol ustidagi qog‘ozlariga qarab: «Ko‘priging ham bitadi, mana ko‘rarsan!.. deb uning yuragiga dalda berardi.
Omontoy o‘g‘lining yuziga yuzini qo‘yib, birpas orom olmoqchi bo‘ldi-yu, ko‘zini uyqu bosib, mudrab ketdi. Otaboyning xo‘rozi qichkirganini ham sezmay, dong qotib uxlab qoldi.
Tashqarida birov gugurt chaqqandek, tong yorishib kelardi.

* * *

Omontoy Usmonali akani idoradan topolmadi. U Rahimberdi akaning qabriga marmar lavha o‘rnatish marosimiga ketgan ekan. Qachon qaytishi ma’lum emas. Omontoy yo‘lovchi mashinadan yalinib bakini benzinga to‘latib oldi-da, neft tozalash zavodi qurilishi montajchilariga yo‘liqmoqchi bo‘lib, mototsiklini potillatib ketdi. Montajchilar tushlikka chiqib, G‘ozi aka kontorada bosh injener bilan g‘ijillashib turgan ekan. U Omontoyga qaramay jahl bilan hovliga chiqib ketdi. Omontoy unga darvoza oldida yetib olib, zarur ish bilan kelganini aytgan edi, u sal yumshab nima ishi borligini so‘radi. Omontoy gapini aytdi. G‘ozi aka uni qo‘lidan yetaklab yana kontoraga olib kirdi. Chertyojlarini ko‘rib, tashlab ke-tishini so‘radi.
— Shu bugunoq ko‘rib chiqaman. Raschyotni to‘g‘ri olganmisan ishqilib?
Omontoy bosh irg‘ab ko‘zlarini pirpiratdi. G‘ozi aka uning kiftiga qoqdi.
Omontoy o‘sha kuni qishloqqa qaytmadi. Armiyadan kelganidan beri qo‘li tegib Qosim akadan xabar olmagan edi. Onasining ma’rakasida bir ko‘rganicha qayta ko‘rmagan. Borolmaganiga xijolat bo‘lib yurardi. «Shu bugun xonasi kelib qoldi, boboy bilan bir gaplashib yotay» deb bozordan uncha-muncha sovg‘a olib, Qosim akanikiga qarab jo‘nadi.
Eshik oldida oltmishlarga borib qolgan oppoq soqolli bir chol o‘tirardi. Chol uni ko‘rib bir-ikki qadam oldinga yurdi. Yurdi-yu, oyog‘idan quvvat ketib, cho‘kkalab yiqilay dedi. Omontoy ildam borib uning qo‘ltig‘idan ko‘tardi.
Bu chol, to‘qigan atlaslari vodiyga ovoza bo‘ladigan Usta Qosim edi. U Omontoyning dadasi bilan qadrdon, yoshlikdan o‘rtoq edi. Endi qarib, zax do‘konda orttirgan bodi kuchini ko‘rsatgan edi. U Omontoyning qaddi-qomatiga, shop mo‘yloviga qarab, ko‘zlari yashnab ketdi. Omontoy unga do‘stini eslatgandek bo‘ldi.
Omontoy ko‘p vaqtlardan beri suvga tushsa buzilmaydigan qo‘l soat olib qo‘ygan edi. O‘sha soatni olib, cholga tutdi.
— Hojati yo‘q, bolam, menga soatning zarurligi yo‘q. O‘zing taq, yosh narsasan!..
— Oling, oling, ota, ataylab sizga olganman. Onam shunday deb vasiyat qilganlar.
Ota bir vaqtlar kampirning qarz o‘rniga tilla soat olib kelganini esladi. Kulib turgan ko‘zlarini ma’yuslik bosdi.
— Marhuma topilmaydigan xotin edi.
Chol to yarim kechagacha uning dadasidan, onasidan gapirib berdi. Ertalab ketayotganida ko‘ziga yosh olib, uni duo qildi. Tez-tez kelib turishini so‘radi:
— G‘animat bo‘lib qoldim, bolam, — dedi.
...G‘ozi aka Omontoyning loyihasiga anchagina o‘zgartishlar kiritibdi.
— Aniq hisobda o‘sha injenerlarning xomcho‘tiga qaraganda uch baravar arzon bahoda ko‘prik qurish mumkin! — dedi.
Omontoy loyihani unga tashlab, o‘zi Usmonali akani xursand qilish uchun Zarkentga qarab jo‘nadi.

* * *

Bu bahor ham cho‘l shamollari maysa-giyohlarni silkib o‘ynayotgan tongda yana Markaziy Farg‘onaga bordim. Omontoyning qizi Bo‘stonxon toy-toy turadigan bo‘lib qolibdi. Tili ham chiqay-chiqay deb turibdi. Allanimalarni chug‘urlab gapirardi. Omontoyning ishi bo‘lsa juda jadal, kallayi saharda chiqib ketganicha yarim kechada qaytadi. Bolalari kutib o‘tirib uxlab qolishar ekan. Kokila hali ham o‘sha-o‘sha. Havaskor qizlarga o‘yin o‘rgatib, dala shiyponlarida kontsert qo‘yib yuribdi. Radio-uzelga ega chiqib, odamlarga gap eshittirmay, nuqul magnitafondan hindcha qo‘shiq eshittirgani eshittirgan. Qo‘ziboy rais hali ham undan zirillaydi.
Usmonali aka mashinasida yangi ko‘prikka olib bordi. Omontoy ham, Qo‘ziboy ham o‘sha yerda edi. Cho‘l kolxozlari Cho‘ng Oloy yaylovlariga poda haydashayotgan ekan. Omontoyning soch-soqoli o‘sib ketibdi. Osma ko‘prikdan o‘tayotgan qo‘ylarga qarab ikki qo‘lini beliga qo‘yib, chiranib qarab turardi. Pastda hayqirib oqayotgan Qizilsuv sharsharalariga parvo ham qilmaydi. Dengiz dovullari bilan olishgan matros bunaqa mayda to‘lqinlarni to‘lqin dermidi! Uning kekkayishiga anchadan beri razm solib tikilib turgan Usmonali aka zavqlanib ketdi:
— Yashavor-e, Mo‘ylov, cho‘l Ziganshini ekansan-ku!..

1961 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.