Kupega kirganimda pastki qavatning ikkalasi ham band edi. O‘ng tomonda hassaga tayanib bir mo‘ysafid, chap tomonda esa tugunchasini tizzasiga qo‘yib homilador xotin o‘tirardi. Xotin meni ko‘rishi bilan o‘rnidan turdi.
— Joyingizni olib qo‘ymadimmi?
Mening joyim yuqorida edi. Uni tinchitib, chamadonchamni polkaga irg‘itdim-da, o‘zim ham bir sakrab chiqib oldim. Poezd jo‘nashiga uchinchi qo‘ng‘iroq urilganda ikki qo‘lida zildek chamadon ko‘targan bo‘yni yelkasiga tutashib ketgan bir kishi kirdi. U atrofga qaramay, to‘ppa-to‘g‘ri xotinga yuzlandi.
— Joyni bo‘shating, bu meniki.
Xotin iymanib o‘rnidan turdi. Shu payt eshik oldi-da provodnik paydo bo‘ldi.
— Grajdanin, siz yuqoriga chiqa qoling, bu odam, ko‘rib turibsiz-ku, homiladorlar.
Bo‘yni yo‘g‘on passajir istehzo bilan kuldi.
— Attang, bilet olayotganda kassirga qorinni ko‘rsatmagan ekanman-da.
Xotinning lablari titrab, ko‘z milklari namlandi. Bu beodob odamning qiliqlariga chidayolmagan chol o‘z joyini bo‘shatib, inqillab yuqoriga chiqdi. Xotin hijolat, chol tajang. Bo‘yni yo‘g‘on bo‘lsa pixillab, qornini qashiydi.
Men uning sovuq qiliqlariga qarab yotib, yoshlikdagi bir o‘rtog‘imni eslab ketdim. Bolaligimda Oppon degan bir o‘rtog‘im bo‘lardi. Sira boshidan qasmoq arimasdi. Onasi uni cho‘miltiradigan bo‘lsa ertalabdan boshiga qatiq chaplab qo‘yardi. Oppon ko‘chaga chiqiboq boshidagi qatiqni barmog‘i bilan sidirib yalab qo‘yardi. Oppon bilan soyda mol boqardik. Sigirlarni o‘tga haydab, yumronqoziqning iniga suv quyib o‘ynardik. Oshnam do‘ppisida suv tashir, men esa in og‘zida yumronqoziqning chiqishini kutib o‘tirardim. Bir gal oshnam juda uzoqlab ketdi. Kutib o‘tirib zerikdim. Uni qidirib borsam, sigirimizning tagiga kirib, miq-miq emyapti.
Ikki oyoqli buzoqning badnafsligiga chiday olmagan sigir shatirlatib uning peshonasiga tepdi. Oshnam o‘tga dumalab ketdi.
Bu bo‘yni yo‘g‘on odamning qaeridir o‘sha oshnamga o‘xshab ketardi. Axir, oradan 30 yildan ortiq vaqt o‘tdi. Unutgan bo‘lishim mumkin. O‘sha oshnamning o‘ng peshonasida sigir tuyog‘ining izi bor edi. Engashib qaradim. Yo tavba, o‘zi. Beixtiyor qichqirib yubordim.
— Hoy, hoy, menga qara! Oppon emasmisan?
Oshnam bo‘ynining yo‘g‘onligidan darrov qaray olmadi. Butun gavdasi bilan burildi. Qoshlarini kerib, yelkasini qisgandek bo‘ldi. Yelkasi bilan bo‘yni bir bo‘lganidan qornining o‘zi silkindi, xolos.
— Tanimayapman, birodar, o‘zingizni taniting.
Cho‘kkalab o‘tirib oldim.
— Nahotki tanimayapsan?! Peshonangdagi tir-tiq...
Oppon endi tanidi.
— E, u gaplar o‘tib ketgan.
— Qaerdasan? Nima ish qilyapsan?
Oppon bu savolga hali-beri javob bermoqchi emas edi. Oldiga yozib qo‘ygan yaxna go‘sht, shokolad, sarimsoq, piyoz, olmalarni bitta-bitta tanlab lunjiga tiqardi. Uning o‘rniga chol javob qildi.
— Opponbek yog‘liq ish topib olganlar. Tug‘ruqxonada peredacha qabul qiladilar. Uncha-muncha suyunchi olib turadilar.
Chol Opponni gapirgani qo‘ymay, qulfi-dili ochilib ketdi.
— Esingizdami, Opponbek, kelinimdan xabar olgani borganimda sizga yo‘liqqan edim. Qog‘ozga ham qaramay, javob qilgan edingiz. Keliningiz o‘g‘il tug‘di, nevara muborak, deb besh so‘mimni olgan edingiz. Shu gapdan keyin kelinim rosa ikki hafta o‘tganda qiz tuqqan.
Oppon qirrali stakan labiga tuxum urib chaqdi-da, yaxshilab archib, lunjiga soldi. Keyin palag‘da tovush bilan po‘ng‘illadi:
— Tuhmat.
— Axir, Oppon, jiyaning seni institutni bitirib, injener bo‘ldi degan edi-ku.
U tuxumni yutib, ketidan og‘ziga soladigan narsa qidirarkan, javob berdi:
— Yoningda bitta diploming bo‘lsa biqiningdan teshib chiqmas, biron kuningga yarab qolar.
Kattagina bir stantsiyaga yaqinlashar edik. Oppon shoshib-pishib yuklarini yig‘ishtirib koridorga otildi. Kupeda undan yodgor bo‘lib tuxum po‘choqlari, sho‘r baliqning dumi, g‘ijimlangan qog‘ozlar qoldi.
Chol afsuslangandek uh tortib qo‘ydi.
— Xudo ko‘rsatmasin, shunaqa odamlar hukumatga bir ish ko‘rsatib qo‘ysa bormi, tramvayga ham pul to‘lamay qo‘yadi. Shu toifa odamlar hamisha yurt mendan qarzdor deb biladi. Yurtdan qarzi bo‘lsa bermaydi. Axir, nomard, yo‘ling bir stantsiyagina ekan, nima qilarding xotin kishini bezovta qilib?
Chol stol ustida tebranayotgan stakanga qarab nimanidir o‘yladi.
— Poezd tezlab ketdimi deyman?
— Ha, — dedim, — boyagi og‘ir yuk tushib qoldi. Parovoz yana tezlab ketadi endi.
Darhaqiqat, poezd uchar, provodnik bo‘lsa Oppondan qolgan sarqitlarni qirtishlab so‘kinardi.