OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Zumrad (hikoya)

Azizaning bu yerga kelganiga endi bir hafta bo‘ldi. U yo‘lga chiqayotganida, o‘zim ham bir dam olib kelarman, deb o‘ylagan edi. Dam olish qayoqda, vaqtida ovqat yeyishga ham qo‘l tegmaydi.
Bunda ikki yuzdan ortiq bola dam oladi. Biri cho‘milib shamollasa, boshqasi parmanchak teraman deb oyoq-qo‘lini timdalatib keladi. Bularning hammasi vrachga tashvish. Ayniqsa futbol degan narsaga bolalarning o‘chligini aytmaysizmi. Ishqilib, kuniga yo tirsagi, yo tizzasi shilinib ketishiga qaramay, to‘p tepishgani tepishgan.
Bolalar-ku, mayliga-ya, kuniga savat-savat narsa tashib, uzoq-yaqindan keladigan ota-onalarning xarxashasini aytmaysizmi!
Aziza ovqat olib kelgan ota-onalarni lager ichiga kiritilmaslik masalasida boshliq bilan bir necha marta urishib ham oldi.
— Bunaqada bolalar dam olish u yoqda qolib, qaytaga kasal orttirib ketishadi-ku.
Uning bu gapiga boshliq yelka qisib, chorasizligini bildirdi.
— Qandoq qilamiz, eng kamida sakson kilometr yo‘l bosib kelsa-yu, bolasini ko‘rolmay ketsa, yaxshimas-da, doktor.
Albatta, boshliqning gapida ham jon bor. Ammo Aziza ularning dardga chalinib qolish xavfidan bezovta. Mana, eshik oldida velosiped ruliga savat ilgan o‘rta yashar bir kishi hansirab turibdi. Aziza uni lager ichiga kiritmadi. Hozir derazadan unga qarab turarkan, birdan rahmi keldi.
Bechora sakson kilometrli tog‘ yo‘lidan velosipedda kelibdi. Yana shuncha yo‘l bosib qaytib ketishi kerak. Terga botib ketibdi. Uning ahvolini ko‘rib chidab turolmadi. Oldiga chiqdi:
— Nima qilardingiz, axir bola sizni ko‘rib uyiga ketgisi keladi. Bu ovqatlarni ham chakki olib kelibsiz.
U xijolat chekkandek javdirab qaradi.
— Endi singlim, shu bittagina bolamiz... Onasi yig‘lab esi ketyapti. Men-ku chidayapman...
Azizaning ham bolasi birgina. Bordi-yu, u ham olisda bo‘lsa qay ahvolga tusharkin, ehtimol, bundan ham uzoq yo‘lni piyoda bosib kelarmidi. Birdan Azizaning ko‘ngli yumshab, jilmaydi.
— Mayli, bitta shart, opkelgan ovqatlarni bermaysiz. O‘zi bilan bemalol to‘yib gaplasha qoling.
Aziza uni boshlab ichkariga olib kirdi-da, bolani chaqirib kelish uchun odam yubordi.
Ichkaridan bolalarning qiy-chuvi eshitilib turibdi. Trusichan qora-qura bolalar u yoqdan-bu yoqqa bir-birini quvlashib yurishipti. Tanasiga ohak surtilgan daraxtlar orasidan chodirlar, fanerdan qirqib ishlangan fil, tuya, sherlar ko‘rinib turibdi.
Ko‘zlari qisiqqina qizcha xuddi eshik tagida boyagi kishining tizzasiga o‘tirib olib nimalardir deb javrayapti. Dadasi unga qarab yayrab iljayadi. Uning basharasi xuddi erib ketayotganga o‘xshaydi. Sertomir qo‘llari bilan qizchaning sochini silaydi, tinmay peshonasidan o‘padi.
Aziza unga qarab o‘tirib juda zavqlanib ketdi. Derazaga bag‘rini berib, undan ko‘z uzolmay qoldi. Dadasi qizga ikki plitka shokolad berdi. Qiz doktorxona tomonga bir qarab oldi-da, shoshib ro‘molchasiga o‘rab, orqasiga berkitdi. Aziza uning qilig‘idan iljayib qo‘ydi.
Eshik taqilladi. Aziza to o‘girilib qaraguncha, eshik ochilib, o‘ttiz besh yoshlardagi bir juvon kirdi.
— Doktor, mumkinmi? — Ayol qimtinib unga yaqin-lashdi.
— Nima gap, tinchlikmi?
— Tinchlik, o‘g‘lim ikki-uch kundan beri bot-bot isitmalab qo‘yadi. Nimaligini bilolmayapman. Bir ko‘rib qo‘ying, baraka topkur.
Aziza bu juvonni shu atrofda yashaydiganlardan ekanini darrov bildi.
— Ambulatoriyaga bormadingizmi? Axir men lagerdagi bolalarga qarayman.
Juvon bir muddat indamay turib qoldi-da, yalingan ohangda dedi:
— O‘zingiz ko‘rib qo‘ya qoling. Uyimiz uncha uzoq emas. Ambulatoriyaga borish qiyin, o‘n ikki kilometr yurish kerak.
Aziza noiloj qoldi, kiyinib, u bilan boshlashib tashqariga chiqdi. Boyagi kishi hamon qizchasining boshini silab o‘tirar edi.
— Doktor, kelasi gal oyisini olib kelsam, maylimi, — dedi u Azizaga o‘girilib. Aziza kulib bosh irg‘ab qo‘ydi.
... Juvon oldinda so‘qmoqdan yo‘l boshlab borardi. Aziza uning orqasidan qarab borarkan, bu juvonni qayda ko‘rganman, deb o‘ylardi.
So‘qmoq yuqoriga ko‘tarila boshladi. Juvon oyoq izi tushaverib tekislanib ketgan kattakon xarsangga chiqib Azizaga qo‘l uzatdi.
Shunda Aziza uning ikki qoshi orasidagi juda ham kelishgan chiziqqa ko‘zi tushdi. Endi tanidi. Bu bir vaqtlar o‘z raqslari bilan tomoshabinlarni maftun qilgan Zumrad edi. Nima bo‘ldi? Bu tomonlarda u nima qilib yuribdi? O‘sha davrdagi qiyofasidan ikki qoshining orasidagi chiroyli chizig‘u kulganda yoyilib ketadigan o‘ng betidagi kuldirgichi qolipti, xolos. Rostdan o‘shamikin?
Juvon uni qo‘lidan tortib, oldinga o‘tkazib oldi.
— Yo‘q, yo‘q, men ketingizda yuraman. Qomatingiz juda chiroyli ekan, tamosha qilib ketaman.
Juvon xandon tashlab kulib yubordi. Uning oppoq sadafdek tishlari yuzlarini yashnatib yubordi.
Bo‘ldi. Bu o‘sha Zumradning o‘zi. Azizaning ko‘ziga bundan besh yillar oldin Zumradning televizordagi o‘yini ko‘rinib ketdi. O‘sha o‘yin uning oxirgi o‘yini bo‘lsa kerak. Shundan keyin Zumrad butunlay ko‘rinmay ketgandi.
O‘sha paytlarda Aziza medinstitutni endigina bitirib, aspirantura harakatida edi. U aspiranturaga kira olmadi. Bekorga ikki oy umri o‘tib ketdi. Ministrlikning taqsimotidan ham tushib qoldi. Uning ustiga, Hakimjonning kimligi ma’lum bo‘ldi. Ikki yil qalbida e’zozlangan muhabbat hislari uni aldadi. Hakimjon u bilan hamkurs, kelishgan, qora qosh, qora ko‘z yigit edi. Bir-birlarini yaxshi ko‘rishardi. Institutni bitirib, to‘y qilishmoqchi edi. Diplomlar qo‘lga tekkandan keyin Hakimjon butunlay boshqa odam bo‘ldi qo‘ydi. Qo‘lida vrachlik diplomi bo‘la turib, eski kasbini qilib, allaqaysi poliklinikaga tish texnigi bo‘lib joylashib oldi. Aziza ko‘p o‘ylardi. O‘ylagan sari Hakimjon undan nari ketardi. U ertangi kunini ko‘z oldiga keltirishga urinardi. Ammo ertasi Hakimjonsiz bo‘lib ko‘rinardi.
Nimalar bo‘lyapti, deb o‘zidan so‘rayolmasdi Aziza. Ammo shu xayollar orasida Hakimjonning qop-qora ko‘zlari bir yalt etardi-yu, uning qalbini bir dam yoritib, butun vujudiga hokim bo‘lib olardi.
Aziza o‘yladi, o‘yladi, bu o‘ylarning oxiri shu bo‘ldiki, qanchalik qiyin bo‘lmasin, uni yurakdan sidirib tashlash kerak, degan xulosaga keldi.
Hakimjon endi u bilan juda beparvo gaplashar, hissiz, hayajonsiz, o‘lik gaplar bilan uning vaqtini olardi. Shunday uchrashuvlarning birida Aziza unga endi uchrashmaylik, yo‘limiz boshqa-boshqaga o‘xshaydi, dedi.
Bu gap Hakimjonga uncha malol kelmadi. Go‘yo bu gapni u ko‘pdan kutayotgandek:
— Ixtiyor o‘zingda, ammo bilib qo‘y, bir kun pushaymon bo‘lib yurma, — dedi.
Aziza uning yuziga tik qaradi:
— Hech qachon!
Ana shundan keyin oralarida hech narsa qolmadi. To‘rt oydan keyin uning uylanganini eshitgan Aziza bir seskangandek bo‘ldi. Shu paytgacha yuragining bir chetida Hakimjon o‘chayotgan cho‘g‘dek goh yilt etib, goh so‘nib turardi. Endi bu cho‘g‘ning yuzini butunlay kul bosgandek bo‘ldi. Ammo biron bahona bo‘lib birinchi muhabbat esiga kelganda, Aziza bekor ketgan hislariga achinardi-yu, Hakimjonning ko‘zlari olovdek chaqnab, vujudining bir chetini jiz etib kuydirib qo‘yardi.
U kunlar o‘tib ketdi. Aziza chinakam muhabbatini topgan, shu muhabbat hislari bilan endi u baxtiyor edi.
Zumradning sadaf tishlari Azizani bir nafas bo‘lsa ham bolalik ko‘chalariga sudragandek bo‘ldi.
Tepalikka chiqquncha Aziza charchab qoldi. Ikkovlari ko‘katga o‘tirishdi. U juvonning atrofini ajin o‘ray boshlagan ko‘zlaridan ko‘zini uzmasdi.
Qanday chiroyli qiz edi-ya. Husn ham shunchalik tez tugarkanmi?
Bir vaqtlar husni, san’ati bilan hammani lol qilgan qiz qandaydir ayanch bir ahvolda Azizaning qarshisida o‘tirardi. Uning egnida rangi o‘chib, gullari bilib bo‘lmaydigan holga kelgan krepdeshin ko‘ylak, oyog‘ida allaqachon modadan qolgan qora tufli, boshida durracha.
Qandoq kiyinardi-ya! Studentlar yotog‘idagi qizlar faqat uning kiyimlarini gapirishardi, gazetadan andaza qirqib, jo‘n matolardan unikiga o‘xshagan ko‘ylak tikishardi.
Juvon o‘rnidan turdi. G‘irillab esayotgan shabada ko‘ylaklarini tortqilab, etaklarini beliga o‘rab tashladi. Hali ham uning qomati o‘shanday nozik, allaqanday yoshlik tarovatini ufurib turardi.
Yo‘lga tushishdi. Pastliklardagi archazor orasidan dam olish uylarining korpuslari, baland cho‘qqilarda erigan shamdek osilib qolgan qor uyumlari ko‘rinib turardi. Pastda asfalt tasmasidan yugurgan qizil, ko‘k avtobuslar bolalarning o‘yinchog‘idek bo‘lib ko‘zga tashlanardi.
Ular so‘qmoqdan oshib, kenggina yo‘lga chiqib olishdi. Sal o‘tmay, tog‘ qishlog‘ining obodgina guzari ko‘rindi.
— Yetdik, — dedi u. — Hu, anovi qayrog‘ochning tagi bizniki.
Guzarda bir-ikki magazin, choyxona, avtobus stantsiyasi, sartaroshxona bor edi.
— Shoshmang, — dedi Aziza to‘xtab. — Sizdan bir narsani so‘ramoqchi edim, siz Zumradxon emasmisiz?
U bosh irg‘ab qo‘ydi. Ammo bu savol ko‘ngliga og‘irroq botdimi, yo biror ko‘ngilsiz voqeani eslatib qo‘ydimi, jadal yurib oldinga o‘tib oldi-da unga qaramay dedi:
— Ha, o‘sha Zumradman. Mana, keldik.
Uning ovozida qandaydir alamli titrash bor edi.
Bir tavaqali eshikdan kenggina hovliga kirishdi. Uy bilan ayvon poydevori tog‘ qishloqlariga xos xarsangdan ko‘tarilgan bo‘lib, devorning narigi tomoniga qarab o‘sgan keksa tutning ildizlari ochilib yotardi. Aziza tomirini sel yuvib ketgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi.
Tandirga o‘t qalayotgan kampir tutayotgan kosovining uchini ariqqa tiqib, chetga tashladi-da, ularning istiqboliga chiqdi.
— Keldingizmi, aylanay. Erkinjon endi uxladi. Ayvondagi kichkinagina pashshaxonada bola uxlardi.
Aziza pashshaxonaning chetini ko‘tarib, bolaning peshonasini ushlab ko‘rdi: sal isitmasi bor.
Bolaning yuz tuzilishlari, qop-qora qoshlari uning ko‘ksiga nayzadek sanchilgandek bo‘ldi. Kim bu? Bu kimning bolasi?
Zumrad tut tagidagi salqin supaga joy qilib bo‘lgan edi. Aziza hardamxayol bilan supaga keldi. U Zumradning qandaydir mahzun qiyofasiga tikilar ekan, hayajo-nini yashirolmadi.
— Menga qarang, bu yerlarda nima qilib yuribsiz. Axir siz poytaxt yigitlarining orzusi edingiz. Nima bo‘ldi?
Zumrad ko‘zlarini bir nuqtaga tikib turib qoldi. Kipriklari orasida nimadir milt-milt qilib turardi. U ko‘zini yashirdi-da, durrachasining uchi bilan artib oldi. Zo‘r bilan iljaydi.
— Peshona ekan. Taqdir o‘yini kimlarni sarson qilmagan.
Kampir tandirdan uzilgan bir savat nonni supa chetiga qo‘yib ketdi. Zumrad cho‘g‘ ushlagandek chaqqonlik bilan to‘rtta kulchani dasturxonga olib qo‘ydi.
— Ayting. Zumrad, nima bo‘ldi? — deya yana savolini takrorladi Aziza.
Choy ustida Zumrad boshidan o‘tganlarini gapirib berdi:
— Hamma balo bitta oziq tishim og‘rishidan boshlangan. Indoneziyadan kelgan mehmonlarga kontsert berishimiz kerak edi. O‘sha kuni ertalab tursam, tishim zirqirab og‘riyapti. Bir kun avval parkda morojenoe yegan edim. Og‘riq zo‘rayganidan zo‘rayib, bir yoq yuzim-piyoladek shishib chiqipti. Nima qilishimni bilmayman. Poliklinikaga qarab chopdim. Yoshgina, kelishgangina tish doktori jag‘imni ochib qarab, shish paytida sug‘urib bo‘lmaydi, deb dori surib qo‘ydi. Og‘riq azobida uyimga ketyapmanu, doktorning qop-qora qoshlari xayolimdan ketmaydi. Kechqurun bo‘ladigan kontsert ham ko‘zimga ko‘rinmay, ko‘rpaga burkanib yotib oldim. Hali ham doktorning qosh-ko‘zi shundoqqina ko‘rinib turibdi. Yana oldiga bordim. Yana dori ko‘yib, yana ertaga keling, dedi. Hozir esimda yo‘q, tishimni sug‘urgandan oldinmi parkka bordik. Shu-shu bo‘ldi-yu, har kuni uchrashadigan bo‘lib qoldik. U har kontsertimizga kelardi. Oldingi qatorga o‘tirib, mening chiqishimni kutardi. Men o‘shanda faqat unga o‘ynab berayotgandek butun kuchimni, san’atimni sarf qilib o‘ynardim. Tamoshadan keyin birga ketardik. Uyimgacha kuzatib qo‘yardi. Bir kuni sahnada o‘ynab turibmanu, zaldan uni qidiraman. Yo‘q. Kelmapti. Bunaqa odati yo‘q edi-ku, deb tashvish qilaman. Qanday qilib o‘yinni tamom qilganimni bilmadim. Sahna orqasidan chiqib kelayotsam, chiroylikkina bir qiz ro‘molga o‘ralib turibdi. To‘xtadim.
Qiz botinqiramay oldimga keldi-da, titrok tovushda dedi:
— Baxtimga g‘ov bo‘lmang. Hakimjon akamni men sevaman.
Avvaliga hech narsa tushunmadim. Keyin birdan badanim muzlab qolgandek bo‘ldi.
O‘sha kuni uyga qandoq yetib borganimni bilmayman. Ertangi kontsertda birinchi raqsni juda ham yomon o‘ynadim. Bir-ikki odam irimiga chapak chalgandek bo‘ldi. Bir mahal qarasam, ikkinchi qatorning chetrog‘ida Hakimjon o‘tiribdi. Bilmadim, qaerdan kuch paydo bo‘ldi. Bir o‘ynab ketdim. Chapak ustiga chapak. To‘rt marta o‘ynatishdi. Chiqib ketayotganimda Hakimjon yo‘limni to‘sdi. Indamay o‘tib ketaverdim. Bir nima deyishga tilim yo‘q. Uni ham haydagim, ham chaqirgim keladi. O‘zimni qo‘lga olib, endi uchrashmaylik, sizni boshqa odam sevarkan, dedim. Hakimjon xandon tashlab kuladi. Hadeb, voy tentak qiz-e, voy ahmoq qiz-e, deb hiringlayverdi. Ana shundan keyin turmush qurdik. Boshida yaxshi yashadik. Keyin meni teatrga yubormay qo‘ydi, chidadim. Uni jo-nimdan ham yaxshi ko‘rardim. Nima desa tayyor edim. U ko‘p ishlar, ko‘p pul topardi. Bir bola ko‘rdim. Erim har yoz shu Osmasoyda do‘kon ochadi. Atrofda dam olish uylari ko‘p bo‘lganidan tish oldirib, tish soldiradiganlarning keti uzilmaydi.
Tish soldirish bahonasi bilan bir juvonga ilakishib qoldi. Har kecha do‘konda qolib uning tishini kovlaydi. Axiri, u bilan ketdi. Bitta bolam bilan yo‘l poylab o‘tiribman. Kim biladi, birovning baxtiga chang solganim uchun takdir meni jazolayaptimi? Yolg‘izlik jonimga tegdi. Men muhabbatga o‘zimni qurbon qilmoqchi edim. Yo‘q, bo‘lmadi. Qars ikki qo‘ldan chiqar ekan. Endi yana teatrga qaytmoqchiman...
Bola uyg‘onib, onasini chaqirdi. Zumrad shoshib zinadan tushdi-yu, ayvonga qarab chopdi. Chopayotganida sochlarining to‘lqin urishi biram chiroyli, biram o‘ziga yarashiqli. Aziza piyoladagi choyni dasturxonga qo‘yib, uning ketidan bordi.
Bola ko‘zini ochgan. Zumrad tepasida mehr bilan unga qarab turardi. Aziza bolaning ko‘zini ko‘rdi. Ha, o‘sha Hakimjonning ko‘zlari.
— Ana, doktor opang dori beradilar, tuzalib ketasan, qo‘zim.
Aziza bolaning tomog‘iga choy qoshiqning orqasini tiqib, tanglayini qaradi, ko‘z milklarini ochib ko‘rdi.
— Tashvish qilmang, shamollapti. Dori yozib beraman, tuzalib qoladi.
— Ertadan kechgacha cho‘milgani cho‘milgan. Bilasiz-ku, tog‘dan muzdek qor suvi keladi, unga cho‘milib bo‘ladimi...
Zumrad Azizani guzargacha kuzatib chiqdi.
Kech kirib, quyosh cho‘qqidan hatlab o‘tib, endi yon bag‘irlarda gunafsha rang soyalar qolgandi.
Aziza sokin tog‘ so‘qmog‘idan ketarkan o‘ylardi. O‘ylardi-yu, o‘yi chuvalib, uni olislarga sudrab ketardi.
U yoshligini, birinchi muhabbatini o‘ylaganda, eslaganda hamisha o‘sha dilga mahkam o‘rnashib olgan muhabbat hislari bag‘riga chaqirardi. Hakimjonning olovdek yonib turgan ko‘zlari bir dam ko‘ksini boshqatdan kuydirib o‘tardi. Shu bir oniy xotira uni entiktirardi.
Endi-chi?
Aziza bag‘riga chaqirayotgan birinchi muhabbat bilan hozir yuzma-yuz turibdi. U ko‘zlarda endi o‘t yo‘q, ular sharmsizlik oynasi, yo‘q, yo‘q, nursiz bir shisha sinig‘i bo‘lib ko‘rinyapti unga.
Agar Aziza o‘shanda muhabbatning aldamchi hislariga berilganda, o‘z irodasini qo‘liga ololmaganda, u ana shu aldangan ayoldan ham avval qurbon bo‘lardi.
Aziza shuni esladi-yu, birdan seskanib ketdi. Qadami tezlashdi.
Zumrad-chi?
Bir vaqtlar sahnada yulduz bo‘lib porlagan bu san’atkor endi ojiz bir ayolga aylanibdi.
U shu ahvolda qolarmikin?
Chinakam zumrad porlashi kerak.
Sonsiz projektorlarning nurida u hali ko‘p ixlos-mandlarning ko‘zini o‘ynatishi kerak. Chinakam zumrad bo‘lib jilvalanishi kerak.
Aziza shunday xayollar bilan bitta-bitta bosib ketarkan, pastda, asfaltga chiqaverishdagi yolg‘izoyoq yo‘lda velosiped minib ketayotgan kishini ko‘rmasdi. U kishi hali past-baland tog‘ yo‘lidan shu ahvolda allaqancha yo‘l bosishi kerak.
Quyosh butunlay botib ketdi. Osmonu falakda suzib yurgan ko‘rpadek uvada bulutgina qip-qizil cho‘g‘ bo‘lib yonardi.

1965 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.