Ismim — Alijon. Qurilish boshlig‘ining haydovchisiman. Bir kuni xo‘jayin, «Toshkentga boramiz», deb qoldi. Azonda soqollarni olib, shimlarni dazmollatib, yangi do‘ppilarni kiyib shaharbop bo‘lib, uydan chiqsam, mashinam oldida bir kishi turibdi. Yoshi elliklarda. Gavdasi qovun solingan qopga, yuzi ko‘pchib pishgan nonga o‘xshaydi.
— Assalomu alaykum, Valijon aka, — dedi qo‘shqo‘llab so‘rashib.— Yaxshi ketib qolmagan ekansiz, — u av-tomatday tarillab gapira ketdi. — Uchuylikman. Siz bizga yaqinda ishga borgansiz, meni tanimaysiz. Ammo ekkan piyozim haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak: xo‘jayinlar o‘rtasida talash bo‘lib ketgani bizga qarashli edi. O‘ziyam kosaday-kosaday piyoz bo‘lgandi-da. Endi shu piyozning o‘rniga sabzi eksam, deb kelgandim.
— Qanaqa odamsiz, men...
— Yaxshilikni unutmaydigan odamman, — u gapimni ilib ketdi. — Siz qilgan yaxshilik ham yerda qolib ketmaydi, yo‘q demang, jon Valijon aka! Xudo beraridan qismasa, kuzda xursand qilaman.
Xo‘jayin uyida meni kutib turibdi, buning gapi tugamaydi, tushuntirgani qo‘ymaydi.
— Sabzi ekmoqchimisiz? Men Valijon bo‘ladigan bo‘lsam, ekavering-e! — dedim jahl bilan.
— Rahmat, Valijon aka, rahmat, — deya yuzlari ko‘pchigan akam meni kuzatib qoldi.
Toshkentda uch-to‘rt kun yurdik. Qaytib kelsam, eshigim og‘zida «akam» turibdi.
— Yaxshi borib keldingizmi? — u qo‘llari ko‘ksida davom etdi. — Ikki kundan buyon kelaman, «Toshkentga ketgan», deyishadi... Aytganingizday qilib, piyozning o‘rnini haydatib, ekishga tayyorlab qo‘ygandim. E, bitta Valijon degan adashingiz bor ekan, «Ekmaysan!» deb oyoq tirab turib olsa... «Hov, o‘zlari aytgan!» desam ham unamaydi. Shunga bir og‘iz tayinlab qo‘ymasangiz bo‘lmaydi, Valijon aka.
— Ekaman ekan, xo‘jayin aytdi deng! — dedim kulgimni arang bosib.
— Bir gektar yerga sabzi ekadi, deb ikki enlikkina xat yozib bersangiz...
— E, bir gektar yerga ham qog‘ozmi! Ekavering borib! — deya qo‘l siltab, uyga kirib ketdim.
Bu voqea esimdan ham chiqib ketgan ekan. Kech kuzda tomga g‘o‘zapoya bosayotsam, sabzi ortgan yuk mashinasi kelib to‘xtadi. Kabinadan «akam» tushdi.
— Ha, tinchlikmi? — so‘radim tomda turib.
— Ulushingizni olib kelgandim, — deb javob qildi u qo‘li bilan mashinaga ishora qilib.
— Shoshmang! — dedim-da, tomdan tushib, ko‘chaga qarab yurdim. Afsus kechikibman. Mashina sabzini eshigim og‘ziga ag‘darib, jo‘nab qolibdi.
Bola-chaqa bilan sabzini uyga tashiyotsak, qo‘shnim — Uchuyning agronomi Valijon kelib qoldi.
— Ha, Ali, sabzi ekkanmiding? — deb u beparvo so‘radi-da, javobimni ham kutmay, uyiga kirib ketdi.
Sabzidan qoplab uyiga olib kirib berdim — Valijon bo‘lgani uchun.