Qo‘y oldim, qop-qora, peshonasida oppoqqina holi ham bor. Yuvoshligini ayting. Uni ustiga ikki haftadan keyin tug‘ib ham berarkan.
Hovliga kelgach, arqonini ustiga tashlab, «Ko‘rib qo‘y» deganday xotinga qoshim bilan imladim. Xotin qo‘yni obdon aylanib ko‘rdi, narxini aytgandim:
— Arzon olibsiz, arzon! — deb quvonib ketdi.
So‘riga yonboshladim. Choynakni mag‘rur ko‘tarib, oxirgi tomchisi qolguncha simirdim.
— Ishqilib, sovliqligi aniqmi? — so‘rab qoldi xotinboy birdan.
— Hov, bizi... — deb so‘z boshlab xotinni gap bilan pachoq qilib tashlamoqchi bo‘ldim-u, o‘tgan galgi xaridim esimga tushib, tilimni tishladim. Aytarli ja, xunuk voqea bo‘lmagandi: qo‘chqor sotib olgandim, bir oy o‘tmay «qo‘chqor»im tug‘ib berdi!
— Sovliq, sovliq! Ko‘rib oldim! — dedim alamimni ichimga yutib.
Hovlining o‘rtasini kovlab, gulhovuz qilgandik. Qo‘yim o‘sha tomonga yurdi. «Ha, endi mehmon, gul-pullardan yeyaqolsin», deb tursam, Sovliqoy hovuzga kalla tashlab yuborsa bo‘ladimi! Eru xotin hay-haylashib u tomonga chopdik. Qochdi. Xotin supurgi bilan, men kosov bilan qurollanib qo‘yxona tomon haydadik. Qo‘y negadir, eshik qolib devorga kalla urdi: «gurs» etib yiqildi.
— Qanday balo qo‘y oldingiz, ko‘rmi bu? — xotin hayqirdi.
— O‘zing ko‘r! — dedim jahl bilan. — Ko‘zlari porlab turibdi-yu, ko‘r deysan. Yangi joy, yangi odamlar — hayajonlanayapti.
— Hayajonlanmay o‘lsin! Qo‘y ham hayajonlanadimi? Buningiz ko‘r! Ochiq ko‘r! — xotin zarda bilan supur-gisini qo‘y tomonga otdi.
— Tinchlikmi, tinchlikmi? — ko‘cha eshikdan qo‘shnim Meli jimjima kirib keldi.
«Ja, ko‘zim uchib turgandi-da!» dedim ichimda. Xotin bilan endi «aytishuv»ni boshlasak, janjal tomosha qilgani boshqorong‘u bo‘lganmi, hamisha hoziru nozir-da. Lekin o‘zi yaxshi bola. Hatto, «Oyni olib chiqaman», deb kayf ustida quduqqa kalla ham tashlagan. Unchalik katta falokat bo‘lmadi: olti oygina kasalxonada yotdi! Shifokorlarimizga rahmat, Melivoy hozir zo‘r. Faqat chap ko‘zi svetoforning sariq chirog‘iga o‘xshab pirpirab — jimjima qilib turadi. Bezarar. Begona ayollarning erlaridan, aka-ukalaridan ikki kunda bir kaltak yeb turishiga o‘zi aybdor. «Begona qiz-juvonlarning oldida kafting bilan ko‘zingni berkitib o‘tgin!» deymiz, quloq solmaydi-da!
— Peshonamga ko‘r qo‘y olib kelibdi akangiz! — xotin shu debocha bilan gapini boshlab, meni zumda tuproqqa qorib tashladi. «Ko‘rsavdo», «Laqma» kabi «fazilat»larim haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Jimjima barmoqlarini likillatib, ko‘ziga puflab, qulog‘ini tutib qo‘yni tekshirgan bo‘ldi.
— Ha-a! — dedi ko‘zini pirpiratib. — Haqiqatan ham ko‘r qo‘y olibsiz. Qo‘yingiz — ochiq ko‘r!
— Qalaygina arzon-garovga olib kelibdi deb turgandim! — xotinga Xudo berdi.
— Aldashibdi-da, — dedim bo‘shashib.
— Aldaganlarni tanirsiz? — so‘radi jimjima.
— Bozor bo‘lsa, mingta odam...
— Bozor bo‘lsa deb to‘g‘ri kelgan qo‘yni yetaklab kelaveradimi? «Kimsiz? Qaerliksiz?» deb so‘rab, surishtirib olmaydimi odam? — xotin avjiga chiqdi.
— So‘yib sotsangiz qanday bo‘larkan? — qo‘shnim taklif kiritdi.
— Bo‘g‘oz. Ikki oydan, yo‘-g‘e, ikki haftadan keyin tug‘ib berarkan.
— Unda sotib qutilasiz! — Melivoy xukm chiqardi.
— Ko‘r qo‘yni kim ham olardi... — dedim.
— Ko‘rsavdo faqat bitta siz emasdirsiz bozorda! — xotin qo‘l siltab, ko‘z-yoshini etagiga artgancha nari ketdi.
Melivoyga iltijo bilan bi-i-ir boqish qildim.
— Sotamiz, aka. O‘zim sotib beraman, — dedi umringdan baraka topkur Melivoyjon.
— Aybini aytib sotmasak gunoh bo‘larmikan? — dedim chaynalib.
— Aybini aytib sotamiz, bu yog‘iga erisangiz bas! — deya Abdumelivoyjon kulib yelkamga qoqib, eshik tomon yurdi. — Bozor kuni ko‘rishamiz.
Bir hafta Sovliqxon bilan birgalashib yotdik, turdik, o‘t yedik, suv ichdik: og‘iroyoq, uning ustiga pulga kelgan jonivor-da.
Yakshanba kuni Abdumelivoyjon bilan bozorga bordik. Qo‘yni ushlab turibman-u, jinoyat qilayotganday qal-tirayman.
— Seni qo‘ying bo‘laqolsin, qanchaga kirsa sot dardisarni, men roziman.
Arqon jimjimaning qo‘liga o‘tishi bilan bir yigit qo‘yning atrofida aylanib qoldi.
— Qo‘y olmoqchimisan, uka? — so‘radi Melivoy.
— Go‘ng hidlagani kelganim yo‘q, aka, — yigitdan javob bo‘ldi.
— Unda qo‘yni ko‘r! — jimjima ko‘zlarini pirpiratib sayray ketdi. — Raz, olmoqchimisan, qo‘yni yaxshilab ko‘r. U yog‘idan ham aylanib ko‘r, bu yog‘idan aylanib ham ko‘r. Qo‘y — ko‘r!
Yigitga qo‘yim ma’qul bo‘ldimi yoki Melivoyning tez-tez «margat» qilib turishi ta’sir qildimi, qo‘yga chippa yopishdi- qo‘ydi.
— Olaman, aka, — dedi baralla. — Narxini ayting.
— Yo‘q, oldin sen ko‘r! Qo‘y — ko‘r deyapman! — «Jimjima» qo‘lini qo‘yga niqtadi. — Yaxshilab ko‘r!
— Uff! Muncha qo‘y ko‘r, qo‘y ko‘r deyaverasiz!? — yigitning jahli chiqdi. — Ko‘rdim. Ma’qul. Narixini kelishsak olib ketaman! — dedi so‘ng.
— Yuz deyapman, so‘rayverasan, ukam! — Melivoyi qurg‘ur olganimga ikki baravar narx aytdi.
— Yuzni ikkiga bo‘lamiz, ellik ming beraman! — yigit ham dangalchi ekan.
— E! — Melivoyning afti burishib, chap ko‘zi yo‘q bo‘lib ketdi. — Qo‘yning turishiga qarab baho aytgin, ukam. Qo‘y — ko‘r. Ellik ming deysan. Ikki oydan keyin tug‘ib beradi bu!
— Ellik birga bo‘ladimi? Ellik ikkiga-chi? Boring aka, ellik beshga bor barakami? — yigit astoydil jimjimaning qo‘lini siltay ketdi.
Bosh chayqaydi-da, nomard! Yigitning orqasida turvolib, «Bervor!» deb imo qilaman, yoniga borib oyog‘ini bosaman, biqiniga turtaman, qani parvoyiga kelsa Meli esh-shakning!
— Meni taniyapsanmi o‘zi? Mullavalining tanti yigitlaridan bo‘laman. Istasam, besh-o‘n ming so‘mni bir o‘tirishda sarf qilib yuboraman! Bir ming, ikki ming deb maydalashasan! Ellik beshlik qo‘ymi shu! — deydi-da uning ustiga.
Chidolmay nari ketdim. Bir oz o‘tib qaytib kelsam, harqalay, savdolari pishibdi shekilli, Melivoyjon pul sanab olyapti. Yigit qo‘yni yetaklab ketdi. Melivoyjonqo‘zi g‘o‘dayganicha kabobxona tomon yurdi.
— Qalay qildim? — so‘radilar viqor bilan kabobpazning o‘tirg‘ichiga cho‘karkan.
— Gap yo‘q, ukam! — dedim yelkasiga qoqib. — Ammo yigit qo‘yning ko‘rligini bilgach, tashlab ketsa kerak. «Mullavali» deb qishloqning nominiyam aytvording.
— Tashlab ketsa ketar, — ukam beparvo qo‘l siltab, kabobpazga ko‘z qisa ketdi. — O‘nta jazligidan qo‘ying! — so‘ng menga yuzlandi. — Qo‘yingizni oltmish beshga urdim. Manovi ellik sizga, o‘n mingi mening xizmatimga, beshiga yeymiz, ichamiz, qo‘lni tashlang!
— Gap yo‘q. Ammo qo‘yni qaytarib kelsa, o‘zing javob berasan.
Qorinlarni qappaytirib, tomoqlarni ho‘llab, qishloqqa tebranib kirib borsak, aytganimday, bozordagi yigit Melining eshigida qo‘y ushlab turibdi.
— Senga aytmovdimmi! — dedim baralla kulib. — Xizmatingni berdim, endi bu yog‘i bilan ishim yo‘q.
Jimjima gaplarimga quloq ham solmay, yigitga yuzlandi:
— Ha, uka, tinchlikmi?
— Bu qo‘yingiz ko‘r ekan-ku! — dedi yigit jirillab.
— Ha, ko‘r edi, — qo‘shnim beparvo javob qildi.
— Bozorda molning aybini aytib sotmaydimi! — yigitning ovozi zardali yangradi. — Qanaqa imonsiz odamsiz!
— Ie, hov, sen, menga gapiryapsanmi? — Melivoy qo‘lini paxsa qildi. — Hali men senga imonsiz bo‘lib qoldimmi? Qo‘yning aybini aytmadimmi!? Qo‘y — ko‘r! U yog‘idan ham aylanib ko‘r, bu yog‘idan ham aylanib ko‘r, qo‘y — ko‘r, dedimmi, a, dedimmi?!
— D-d-dedingiz, — jimjimaning do‘qidan yigit duduqlanib qoldi.
— Degan bo‘lsam nimaga jirillaysan!? — Melivoy yerga tuflab, eshigi tomon yurdi.
— Endi buni men nima qilaman? — yigitning ovozi yig‘lamsirab chiqdi.
— Xohlasang ko‘z do‘xtiriga obor, xohlasang quchoqlab yot — bu sening ishing! — dedilar Melivoyjon ukam eshiklari og‘zida ortlariga burilib.
— Aka! Jon aka! — yigit chopib borib jimjimaning bilagiga yopishdi. — Gapga usta ekansiz, o‘zingiz sotib bering, rozi qilaman.
— E, men senga qo‘ypurushmidim! — Melivoy jerkib berdi.
— Qancha desangiz beraman, jon aka, yo‘q demang! — yigit yalinishga o‘tdi.
— Bo‘pti. Yakshanba kuni azonda bozor darvozasi oldida uchrashamiz! — Melivoy noz qila-qila rozi bo‘ldi.
Yigit qo‘li ko‘ksida qo‘yni yetaklab ketdi. Jimjimaning ustidan masxaralab baralla kuldim. So‘ng:
— Men qo‘ydan qutildim, sen esa tutilding! O‘n minglik tashvish sotib olding o‘zingga! — dedim.
Melivoy bir so‘z demay uyiga kirib ketdi.
Bekorga kulgan ekanman. Melivoyjonning ishlari shunaqangi yurishib ketdi... Olti haftadan buyon bozorga qatnaydi. Har safar qo‘yni sotyapti, xaridor qaytarib olib kelyapti. Abdumelivoyjonqo‘zi yana boshqasiga pullayapti!
— Xudoga shukur, qo‘yingizning orqasidan bozorligim chiqib turibdi. Oltitasiga sotdim qo‘yingizni. Hali yana qanchasining pulini olaman, o‘zimam bilmayman. Maboda bu ko‘r qo‘yingizning sherigi yo‘qmidi? Ko‘r mol yoki echki bo‘lsa ham bo‘laveradi! — deyaptilar Abdumelivoyjonqo‘zi akam, yo‘g‘e, ukamlar, bozordan qaytib, erib o‘tirganlarida. Hazil qiladilar-da. Hazillari ham o‘zlariga biram yarashadi-ey. Bozorlarini bersin, iloyim!