Bozorning nimasi yaxshi? Istagan narsani sotishingiz mumkin. “Yaxshi olma! Yeb qo‘ymasangiz bahorgacha turadi”, deb maqtovini keltirsangiz, bas. Yoki “Zo‘r oshqovoq. Qaynatib, dimlab, qovurib yesangiz sarg‘ayib, sarg‘aytirib yuraverasiz!” deya ovozga zo‘r bersangiz chirigan molingizni ham sotib yuborasiz. “Eshaklarning eshagi! Go‘shti odamlar uchun harom, kabobpazlar uchun top-toza. Kelib qoling, minib qoling!” degan gaplarni qilsangiz, eshakka qo‘shib o‘zingizni ham sotib olishlari shubhasiz.
Xullas, olmaday pishib, oshqovoqday yetilib, eshakday ishlash uchun yo‘llanma bilan tumanga keldim. Kattalarning kichik yig‘ilishidan keyin boshlangan kichiklarning katta yig‘ilishining oltinchi soatida mening masalamga navbat keldi. Aniqrog‘i, bozorim boshlandi. Xaridorlarim ham unchamuncha odamlar emas, xo‘jalik raislari, korxona, tashkilotlarning rahbarlari.
— Tumanimizga yo‘llanma bilan yosh mutaxassis ishga yuborilgan, — hokim o‘rinbosari gap boshladi. — Kasbi —bug‘oltir. Kim ishga oladi?
Pinakka ketgan, sherigiga astoydil tushini aytib berayotgan xaridor akalarim nima deyapsan deb qarab ham qo‘yishmadi.
— Imtiyozli diplom bilan tamomlagan! — o‘rinbosar narximni biroz oshirdi.
Natija yomon bo‘lmadi — bitta rahbar akam yurakdan chiqarib, rosa cho‘zib esnab qo‘ydi.
— Nahotki, butun boshli tumanda so‘qqabosh bir yigitga ish topilmasa! — savdosi yurmaganidan “dallol”imning jahli chiqdi. — Uylanmagan!
Ana shu oxirgi so‘z maqtovimning eng yuqori cho‘qqisi bo‘ldi. Uxlab o‘tirganlar sergaklandi, gaplashayotganlar bir-birlariga ma’noli qarashdi. Ammo birortasi, men ishga olaman, demadi.
— O‘ylab ko‘ringlar, — dedi o‘rinbosar hafsalasi pir bo‘lib, — ukamiz mehmonxonada turibdi.
Tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib mehmonxonaga qaytdim. Meni ishga jo‘natganlarni rosa yarim soat “duo” qildim. Bir payt eshigim taqillab qoldi.
— Kiravering, eshik ochiq! — dedim yotgan joyimda.
— Assalamu alaykum, Nusratullajon oka! — eshikdan oldin shu tovush, ortidan ellik yoshlardagi, tepakal egasi kirdi. — Bezovta qilmadimmi? Yotavering-la, yotavering-la, o‘zim-la.
Bunaqa muloyim so‘zni umrimda eshitmagandim. Uni ustiga barmoqlarini ayting, so‘rasharkanman qo‘lim ipakka tekkanday bo‘ldi.
— Qo‘chqor akam-la jo‘natgandi-la, ish bor ekan, borarkansiz-a, — davom etdi Muloyim akam.
Undan oldin eshikka yo‘rg‘alabman: chemodanimni Muloyim akam ortimdan olib chiqdi. Qo‘chqor aka mashina jo‘natgan ekan, zumda xo‘jalikka ham yetib bordik.
— Hozir, Nusratillojon oka! — deb Muloyim akam meni yuziga dog‘ tushgan kotiba qiz bilan yolg‘iz qoldirib, ichkariga kirib ketdi. Kotiba qiz menga boshdan-oyoq razm solib, kulib qo‘ydi. Menam kulib qo‘ydim, negadir.
— Kirarkansiz-a, Nusratillojon oka! — Muloyim akam ichkaridan chiqib, qo‘li ko‘ksida zalvorli eshikka imo qildi.
Ichkariga kirdimu qovunning xushbo‘y hidi dimog‘imga urildi. Darhaqiqat, bo‘yni bilan boshi bitta bo‘lib ketgan pahlavon stol yuqorisida qovun yeb o‘tirardi.
— Assalomu alaykum.
Salomimga javoban pahlavon qo‘lida qovun bilan yonidagi stulga ishora qildi. O‘tirdim. Yurakdan chiqarib gaplasha ketdik, qovun yeb o‘tirib. Akam o‘zi xo‘jalikda ish yo‘qligi, meni akalik qilib ishga olayotganini qistirib o‘tdi. Hozircha bug‘oltir yordamchisi sifatida ishlab, mehmonxonada yashab turarkanman. Agar kelishib ishlab ketsak, uy-joyga yer berishini, imorat qurilishida ham yordamini ayamasligini ta’kidladi. Bir qo‘limda qovun, ikkinchisi ko‘ksimda, ta’zim qildim.
Mehmonxona so‘lim bog‘ning o‘rtasida ekan. Orqasidan anhor oqib o‘tarkan. Oldida baliq to‘la hovuz, yonida sauna. Jannat! Muloyim akam bilan u yerga kirib borganimizda, kotiba qiz ayvonni supurayotgan ekan.
— Latofatxon, siz-a qo‘shni olib kelyapman, — Muloyim akam unga so‘z qotdi.
— Juda yaxshi-da, — Latofatxon menga qiyo boqib, yana kuldi.
— Endi, Nusratillo oka, siz joylashib turingiz-a, —Muloyim akam menga yuzlandi. — Nima kamchilik bo‘lsa menga aytaverasiz-a. Bir joyga o‘tib, tezda qaytaman.
Latofatxonni endi gapga solib, tanishib turgandim, oppoq “Volga” kelib qoldi. Orqa eshigidan kichkina boshli, kalta oyoq-qo‘lli, ammo katta qorni bor bir odamcha tushib keldi. Negadir Latofatxon supurgisini chetga zarda bilan otib, ichkariga kirib ketdi.
— Endi bunaqa emas-da, uka! — gap boshladi odamcha men tomonga yumalab kelarkan. — Ishga kelgan odamni izlab yurarkanmiz-da! Yig‘ilishdan chiqib shunday mehmonxonaga kirsam yo‘qsiz-da. Yig‘ishtirining, bizda ishlaysiz. Keyin bunaqa mehmonxonalarda ham turmaysiz: yosh mutaxassislar uchun uylar qurib qo‘yganmiz. Ketdik.
— Nusratillo hech qayoqqa ketmaydi, — ortimdan Qo‘chqor akaning ovozi eshitildi. Qayrilib qarasam o‘zlari. — U bugundan e’tiboran ish boshladi, buyruqni chiqarib kelyapman, meni ruxsatimsiz bu yerdan bir qadam ham jilmaydi.
— Oqsoqol, shu bolaga mehrim tushib qoldi, menga bering, — dedi odamcha yalingannnamo.
— Nega mehring tushganini bilaman. Axir bizniyam o‘ylagin-da, hatto nabiralar ham uylanadigan bo‘lib qoldi, — dedi keskin Qo‘chqor aka.
Odamcha Qo‘chqor akaning bilagidan tutib chetga boshlab, shivirlay ketdi:
— Oqsoqol, bu yog‘i yaqin, olti oylik bo‘lib qoldi...
— Olti oylik bo‘lguncha ham yuraverasanmi?! — akam battar o‘dag‘ayladi.
— Ular yo‘lak bo‘ylab nari ketishdi. Qaerdandir Muloyim aka paydo bo‘lib qoldi.
— Yaxshi joylashib oldingiza-mi, Nusratillojon oka? Okamlarni orqalaridan yuraveramiz, bir piyola choy ichgani, — deya u raislar ketgan tomonga ishora qildi.
Ikkovimiz gaplashib yo‘lga tushdik. Muloyim akam xo‘jalik mudiri bo‘lib ishlarkan-la. Bu yerga quruq bo‘yi bilan ishga kelgan ekan. Qo‘chqor akalari bilan ishlashib, kam bo‘lmabdi: o‘zlari bosh bo‘lib uylashibdi, uy-joy qilib berishibdi. Mana xozir ham qo‘llashar ekan-la.
Biz yetib borganda raislar to‘kin dasturxon atrofida o‘tirishardi. Bir bitimga kelishishganmi, kayfiyatlar yaxshi. O‘z-o‘zidan birinchi qadax meni mana shu yerda unib-o‘sib, palak yozib, xomaklab ketaverishim uchun ichildi. Ikkinchi qadah “Yangi xodim qutlug‘ bo‘lsin”ga kelgan akamlarning sog‘liqlari uchun ko‘tarildi. Ammo juda dilkash insonlar ekan-da ular. Biri sigaretimga olov tutar ekan:
— Bu yerlarda nima qilib yuribsiz, men bilan yuring, hamma pul hozir soliqda, — dedi ohista.
Ikkinchisi:
— Moliyoda pichog‘ingiz hamisha moy ustida bo‘ladi, birga ishlaylik, — dedi mehribonlik ila zakuska tutib.
Uchinchi akam gapning dangalini aytib qo‘yaqoldi:
— Ularniki qari, hamma zo‘r narsalar savdodaligini bilasiz-ku!
— Hammalaring bilan birga ishlayman! — demoqchi bo‘laman, biroq Qo‘chqor aka, “Hech kimga bermayman seni, Nusratillo!” degan qo‘shiqni aytib, gapirtirgani qo‘ymaydi.
Shu payt yana bir oppoq mashina kelib to‘xtadi.
— Hokim! Hokim! — deyishib akalarim qo‘l qovushtirishib, safga chizilishdi.
— Yangi ishga kelgan xodim shu yerdami? — mashina oynasidan ovoz eshitildi. — Viloyatdagi yig‘ilishdan keliboq yangi xodimni so‘radi hokim buva. Mashinaga chiqar ekanlar, o‘zlariga yordamchi qilib ishga olar ekanlar.
Akalarimdan biri chetga zarda bilan tufladi. Ikkinchisi nimadir deb g‘udilladi. Uchinchisi baralla:
— Yosh kadrlar umuman hokimlikdan ortmaydi. Biz yuraveramiz boshimiz tashvishdan chiqarmay!
— Iltifotlaring uchun rahmat. Hammalaringni yaxshi ko‘raman! — deya akalarim bilan o‘pishib xayrlashmoqchi edim, ular yuzlarini chetga burishdi.
Ana shunaqa gaplar. Teshik uzuk ko‘chada yotmaydi. Ammo uni taqadigan bizga o‘xshagan yigitlar ham kerak. Nima dedingiz?