OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Anvar. Oloviddin (hajviya)

Odam deganlari xo‘p ajoyib mahluq-da! Undagi tuyg‘ularning ko‘pligini ayting. Ulardan biri, masalan, maqtanchoqlik. Ajoyib deysizmi, g‘aroyib deysizmi, ishqilib bir tuyg‘u-da. O‘zini odam deb atovchi jonzod borki, hammasida ham bu tuyg‘udan uncha-muncha topiladi. Bir narsani yegan, ichgan, kiygan, olgan, mingan, ko‘rgan va hokazo, yangilik bo‘lsa bas, darrov atrofga alanglaymiz. «Ie! Shunaqami!? Voy! Bay-bay-bay, eshitmay qolganimizni qarang! A!? Qoyil! Yo‘-g‘e!» degan xitoblarni shunaqa yaxshi ko‘ramiz, ularni shunaqangi maza qilib eshitamiz, dunyoda bundan ortiq huzur yo‘q!
Odam deb atalgani uchun Oloviddin aka ham bu tuyg‘udan benasib qolmagan. 
Oloviddin aka o‘zi yaxshi odam — yaqinda qamoqdan chiqdi! Aslida qamalmasdiyam. Qo‘shnisi Miltiqboyda ham bo‘lgan maqtanchoqlik sabab bo‘ldi. Shahardan tuman madaniyat uyiga qatnab ishlovchi Chamanoy otliq jonon bor edi. Oloviddin aka u bilan «uchrashib» turardi. Buni Miltiqboy tushmagur tushida oltin topib olgan jinniday, Chamanoyning eriga suyunchilabdi! Eri o‘z navbatida Oloviddin akaga kuchayibdi: «Palonchiboy meni akaxonim bo‘ladilar, u qilib, bu qilib yuboraman!» Oloviddin akani «u, bu» qilisholmadi, ammo «razbor»dan keyin Miltiqboyga qiyin bo‘ldi: o‘ng oyog‘ini siltab bosadigan, kallasini o‘ynatib turadigan bo‘lib qoldi.
 Oloviddin akaga esa jin ham urmadi. To‘g‘ri ikki yilmi, uch yilmi qamalib chiqdi, ammo kechagi kuni mashina oldi. O! Ana mashina! Darvozasining oldiga chiqarib qo‘yib rosa uch soat yuvdi — maqtanchoqlik qamalsa ham qolmas ekan-da. Artdi, yarim soat. Mashina yaraqlab ketdi. Ammo akaning ko‘ngli to‘lmadi: «Vo! Muborak bo‘lsin! Xo‘roz yigitlar mashinaniyam xo‘rozini minarkan-da!» deb yurakdan aytiladigan gaplar qani?
Oxorli kostyum-shimini kiyib, gasltuklarini taqib, rulga o‘tirdilar. Qalamning tili bo‘lganda, «Mashinaning Oloviddin akaga, u kishining mashinaga yarashganini qarang!» der, buni qahramonimiz ham eshitgan bo‘lardi, afsuski... Xo‘p qalamda zabon yo‘q ekan, ammo odamlarda-chi, odamlarda, tillari uzilib tushganmi? Tuman markazini kesib u yoqqa o‘tishdi, bu yoqqa o‘tishdi biror xitob yo‘q. Aqalli e’tibor bilan qarashib, qoyil deganday qosh ham qoqib qo‘yishmaydi! 
Madaniyat uyining oldida signal berib to‘xtashdi. Viqor bilan mashinadan tushib, eshik tomon yurishdi. Vey, bo‘lar ekan-ku! Sobiq kasbdoshlaridan to‘rt-beshtasi o‘rnilardan turishib, bo‘ylab-bo‘ylab qarasha boshlashdi. Mana o‘sha hayratlar-u, xitoblar: «Oh! Zo‘r narsa ekan! Voh, o‘lib qolaman! Yangisi chiqibdimi?!»
Oloviddin aka cheksiz bir huzur bilan qo‘lidagi kalitni o‘ynagancha ularga yaqinlashdi: «Ha, endi, meni bilasizlar-ku!..»
Ammo kasbdoshlari unga parvo ham qilishmadi. Bo‘ylashib, hamon hayratlanishda davom etishardi: «Zo‘r narsa, joningni bersang arzirkan!»
Oloviddin aka ortiga o‘grildi va hamkasblari bo‘ylashayotgan tomonga boqib qotib qoldi: mashinasining orqasidagi yo‘lakchadan, «Zamon-zamon, bizning zamon» degan yurish bilan, bir parizod lov-lov yonib o‘tib borardi.
E, maqtanchoqlik deganlari yomon dard ekan.
Oloviddin aka dardiga ertasiga davo topdi. Zulukday mashinasida tuman markazidan o‘tib borarkan, 
«Oh! Qoyil! Zo‘r ekan!» degan hayqiriqlar uni kuzatib qoldi. Yonida Sumakxon o‘tirgani uchun bu so‘zlar unga qarata aytilayotganini sezsa-da, Oloviddin aka huzurlanardi. Mayli-da! Bu huzurni aka kechgacha davom ettirmoqchi edi, Sumakxon zumda rejasini chippakka chiqardi:
— Oloviddin aka, hov, anovi boboyni ko‘ryapsizmi? — dedi u yo‘l chetida arava yetaklab ketayotgan cholga ishora qilib.
Qaradi, tanidi, otasi, xo‘p nima bo‘pti? Sumakxon jim ketaversa bo‘lardi-ku, yo‘q:
— Kechagi kuni mana shu boboyning ham besh ming so‘mini qurtday sanab oldim! — deya maqtandi.
Suzib ketayotgan mashina qo‘qqis to‘xtadi. Oloviddin aka Sumakxonni zo‘rlab mashinadan tushirdi-da, gap-so‘zsiz shitob bilan jo‘nab qoldi. Mana, maqtanchoqlikning oqibati!
Bu voqeani Oloviddin akaning o‘zlari maqtanish ohangida so‘zlab berdi.
— Nega endi mashinadan tushirib yubordingiz? — so‘radim atay.
— Ie, tushirmasang bo‘ladimi!? — dedi u ko‘zlarini katta ochib. — Sumakxon enam bo‘lib qolishiga jinday qolgan ekan-ku!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.