— Sto-o-op, to‘x-tal-sin!
Bu gapni qishlog‘imiz bo‘yicha faqat Haqberdi aka o‘xshatib aytdi. Aytganda ham, juda kiftini keltirib, «sto-o-o-op» deydi cho‘zib, so‘ng chuqur nafas olib, uni chiqargach, «to‘x-tal-sin!» deydi. Ammo har kimga, har vaqt ham aytavermaydi.
O‘zlari qo‘li gul usta. Har qanday mashinaning u yog‘idan kirib, bu yog‘idan chiqishadi.
— Xo‘-o‘-o‘sh, nima bo‘lyapti? — deb so‘raydi bosh va ko‘rsatkich barmog‘i bilan do‘ppisini biroz tepaga ko‘tarib, qolgan barmoqlari bilan boshini qashlagancha.
Mashinada borganimizdan keyin bilishadi-da, bir ish bilan kelganimizni. Dardimizni aytamiz.
— Kapotni oching-chi!
Topshiriqni zumda bajaramiz. Usta akamiz gap-so‘zsiz motorning u yog‘idan o‘tib qarashadi, bu yog‘idan o‘tib qarashadi… Ostiga yotib olib qarashadi, halaqit bermay, «qo‘limizdan kelgan ish» — qozonga o‘t qalab, biror ovqat unnaymiz.
— Obobakir! — yarim soatlardan o‘tib, ustaning ovozi eshitiladi. — Ochish kerak!
— Ochdik, aka, ochdik! — Obobakir qoshini uchirib, qo‘lidagi aroq to‘la piyolaga ishora qiladi. — Keling, ustaka!
Ustaka xiyol kulimsirab, o‘choq boshiga yaqinlashadi:
— Motorni deyapman.
— Motorniyam ochamiz, — Obobakir unga piyola uzatadi. — Ochilganidan olvolaylik oldin!
— Ob-bo! Shuna qilasizlar-da!
Ovqat pishguncha mashina, unga qo‘shilib boshlar ham tuzaladi.
Ana shundagina aka:
— Sto-o-o-op, to‘x-tal-sin! Endi turamiz, uyga borisham kerak! — deyishadi.
Yangiqo‘rg‘ondan kelar ekanmiz, qishloqqa burilganda shu so‘zni eshitdik. Yanglishmabmiz, Haqberdi aka poya ortayotgan traktor tomondan kelardi.
— Xo‘-o‘-o‘-o‘sh, qaylardan so‘raymiz? — dedi aka orqa o‘rindiqqa o‘tirarkan.
— O‘rmon tom shuvoq qilayotgan ekan, hasharchilarga u, bu obkelayotgandik, — javob qildi Karim.
— Xmm… Bojam to‘y qilgan ekan, — aka qo‘ltig‘idagi ko‘ylak tugilgan «to‘qqiz» ga ishora qildi, — o‘shani o‘tkazib kelyapman. —To‘yam zo‘r bo‘ldi-da, o‘ziyam. Katta-katta artislarni aytgan ekan, kengash kuniyoq to‘rttasi kelib olibdi. Biri qo‘yib, biri oladi!..
Mashina O‘rmonning eshigi oldiga kelib to‘xtadi.
— Sto-o-op, to‘x-tal-sin, demadim-ku! — Haqberdi aka savol nazari bilan Karimga qaradi. — Haydang, uyga boramiz.
— Ertalabdan buyon qaynab yotibdi, — Kirim izoh berdi, — yarim kosadan sho‘rva ichamiz. Hasharchilar ham begonalarmas, o‘zimiznikilar…
— Bo‘lmasa, ularga bir narsa obkelishimiz kerak edi-da?
— Hamma narsa bor, — Karim qo‘lidagi so‘mkaga ishora qildi. — Qani, aka!..
Sho‘rva tortildi. Ammo akaning ichgani ichiga tushmadi.
— Karimjon, mashinani chuding, pavarotdan baliq olib kelamiz, hasharchilarga! Bunaqa bo‘lmaydi-da, endi! — dedi dasturxonga fotiha qilinishi bilan. — Yuring, Saitali.
Turdik.
— Oldin uyga haydaysiz, — u qo‘li bilan ishora qildi, — besh-o‘n so‘m olvolaylik.
— Aka, pul bor… — Karim ko‘kragiga urib qo‘ydi.
— U sizi cho‘ntagingizdagi pul-da! — dedi aka keskin. — Menam ustayo‘qlov qilishim kerakmi, yo‘qmi? Keyin opangiz to‘yga borib, kelganimni ko‘rsin, mana bu tugunchani berib qo‘yay. Uch kun bo‘ldi deyapman, uydan chiqib ketganimda…
Akaning uyi tomon burilishimiz bilan, buyruq qilishdi:
— Sto-o-o-o, to‘x-tal-sin! — So‘ng menga qarab: — Qani, Saitali, yursinlar, — dedi.
— Boshqa safar…
— Ie, opangizni ko‘rmaganingizga nech oy bo‘ldi? Bir og‘iz o‘tiribsizmi, deb qo‘ysangiz, xursand bo‘lib qoladi-yu!
E’tirozga xojat qolmadi, kirdik. Opa akaga tumtayib bir qarab qo‘ydi-da, mendan ochiq chehra bilan xol-ahvol so‘ray ketdi.
— Sto-o-o-op, to‘x-tal-sin! — aka mag‘rur turib, bir qo‘li belda, ikkinchisidagi tugunchani opaga uzatdi. — Mana buni olib qo‘ying, bojam berib yubordi, to‘yniki tabarruk! E, bojamga gap yo‘q-da. To‘yidan bir kun borib qolibman. Oldin bojam, meni kemaydi deganmikan, hayron bo‘lib qarab qoldi. Anchadan buyon ko‘rishmagandik-da! Keyin tanib, meni o‘tqizgani joy topolmay qoldi. Endi qo‘ylar so‘yilgan, aroq serob… Meni rosa uch kun shunaqangi mehmon qildi, bo‘kib qolayozdim!.. Mashina olibdi, uylarni ham boplab tushlabdi. To‘yga kelgan artislarni ayting… Bergan yigirma mingingizni o‘shalarga qistirib yuboribman! Puldan opchiqing.
Opa lab burdi. So‘ng so‘radi:
— O‘zi qaysi bojangiznining to‘yga borib kelyapsiz?
— Qaysi bojam bo‘lardi, singlingiz Qulpincha tekkan-u, Kenagasdagi Sultonaliga, o‘shanikiga-da!
— Bojangiznikiga to‘yga bormay, siz o‘ling, siz o‘ling! — opa qo‘lini siltab, sannay ketdi. — Singlim Qulpinsa Sultonalidan ajrab, boshqa erga tegib ketganiga besh yil bo‘ldi-yu!
Akamiz do‘ppisni ko‘tarib, boshini qashlagancha bir dam turib qoldi. So‘ng sekin, o‘ziga gapirganday, so‘z qotdi:
— Aytdim-a, to‘yda sizlaram, bojamlardanam birortasi ko‘rinmadi deb!