Nizom institutdan qaytganda oyisi ichkari uyda kim bilandir gangur-gungur gaplashib o‘tirardi. Ona uning sharpasini darrov sezdi. Suhbatini to‘xtatib, odatdagidek yengil, sharpasiz qadamlar bilan uning yoniga keldi.
— Keldingmi, bolam?
— Him, yaxshi o‘tiribsizmi?
— Shukur. Mehmon bor.
— Kim?
— Lutfi opoqing.
— A?! — Nizom endigina yechgan kostyumini negadir qaytadan kiydi, — nega? Nega kiritdingiz?
— Jim. Uyat bo‘ladi. Qarindoshlarinikiga kelgan ekan, ko‘chada ko‘rishib qoldik. O‘zim olib kirdim uyga. So‘rashib qo‘y..
Nizomning rangi oqarib ketgan edi. Bahri xola jonsiz, qaltiragan qo‘llari bilan uning yelkasidan silab, sekin shivirladi:
— Jon bolam, gina saqlashni o‘rganma. Hammasi o‘tib ketdi. Uyigacha kirgan odamga qattiq gapirish, so‘rashmaslik odobdan emas. Meni hijolatga qo‘yma.
Bahri xolaning muloyim, mehribon ko‘zlari o‘g‘liga yolborib qarar, Nizomning yuragida qancha alam, g‘azab yotgan bo‘lsada, bu ko‘zlarga qarshi bir nima deyolmasdi. Bahri xola mehmon huzuriga kirib ketdi.
— Nizomjon ekan. O‘qishdan keldi. Bu yil oxirgi kurs. Kiraver, bolam, opoqing bo‘ylaringni bir ko‘rib qo‘ysin.
Ostonada Nizom paydo bo‘ldi. Mehmonning lablari pirpiradi. Nizomning avzoyiga qarab, kulishini ham, so‘rashishini ham bilmay, oxiri burni tagidagi ikki dona tishini ko‘rsatib iljaydi, o‘rnidan turdi.
— Omonmisan, Nizomjon?
— Keling. Yana nimaga...
— Bolam! — Nizom sakrab o‘rnidan turgan onasining ko‘zlariga bir qaradi-yu, shaxt o‘girilib chiqib ketdi. U to‘xtamadi, orqasiga ham qaramadi. Uylaridan ancha
olislab ketganini ham bilmay qoldi. Nimagadir chekkisi keldi. Yo‘l chetidagi budkadan bir dona sigaret olib, hiyobonning bir chetidagi bo‘sh skameykaga borib o‘tirdi. Hozir uning ko‘ngli bo‘m-bo‘sh, huddi mana shu sokin, kuzgi hiyobonga o‘xshab qolgandi. Sigaret olibdi-yu, gugurti yo‘q. Sigaret donasini barmoqlari bilan ezg‘ilab, atrofga alangladi. O‘tib ketayotgan bir yigitdan tutashtirib oldida, qattiq so‘rdi. Burni, og‘zidan buralib chiqqan achchiq tutun hushini o‘ziga keltirganday bir oz yengillashdimi, sekingina entikib qo‘ydi. Uning ko‘ziga yana burni tagidagi ikkita tishini ko‘rsatib iljaygan bashara ko‘rinib ketdi. Uning bag‘ri butunligini shafqatsizlik bilan tortib olgan bu ayolni ko‘rishga Ni-zomning toqati yo‘q edi. Hozirku aqli-hushi bor, kap-katta yigit. U vaqtlarda go‘dak edi. Na ota-onaning hidiga, na ularning bag‘rida erkalanishga to‘ygan edi. Ana shu bag‘ri tosh ayol, ma’sumgina bir go‘dakning erkalikka, erkalanishga bo‘lgan haddiga birinchi bo‘lib tirnoq botirgan, chang solgan edi. Bahri xola juda yuvosh, birovdan ozor ko‘rsa ham ozor bermaydiganlardan. Nizomni ham shunaqa tarbiyalashga harakat qilardi. O‘sha paytlarda qancha qiynalsa ham Lutfixonga bir og‘iz qattiq gapirmagandi. Mana, hozir ham uyiga olib kirib mehmon qilib o‘tiribdi.
O‘sha paytlarda ular bir mahallada yashashardi, Lutfixonning Sodiq degan o‘g‘li bilan Nizom o‘rtoq edi. Sodiqlarning hovlisi ancha katta bo‘lgani uchun sabzi, po-midor ekishar, sigir boqishardi. Onasi, birovning qo‘lidan ishini olgin, mehnatdan qochma, erinma, deb ko‘p nasihat qilgani uchun Nizom Sodiqqa doim yordamlashar, sigir o‘tlatar, ko‘kat yular, qarashgani-qarashgan edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Lutfixon uni yaxshi ko‘rar, kirib qolsa, ming o‘rgilib, ming aylanardi.
Nizomning dadasi kasalligi tufayli erta pensiyaga chiqqan, yolg‘iz onasi ishlardi. U ayollar ko‘ylagini juda chiroyli tikardi. Ishxonadan kelgandan keyin ham mashina tepgani-tepgan edi. Nizom bolalarning kattasi, o‘shanda oltinchi sinfda o‘qirdi. Ukasi bilan singlisi hali kichkina edilar. Birdan ularning boshiga og‘ir tashvish tushib qoldi. Dadasi qazo qildi. Bir oyning ichida onasi cho‘pdek bo‘lib ozib ketdi. Nizom endi dad-si qolib, onasiga achinar, u yig‘lasa, chidayolmas, bag‘riga kirib yupatgisi kelar, lekin dilidagi gaplarni aytolmay, qo‘shilishib yig‘lardi, xolos. Bir kuni onasi Nizomning boshini silab, ko‘zlariga tikildi-yu, orqasiga qoqib dedi:
— Bor, bolam, o‘rtoqlaring bilan o‘ynab kel. Avji o‘ynab o‘yinga to‘ymaydigan paytlaring. Bor, o‘rgilay.
Nizom ko‘chaga chiqdi. Dadasi o‘lgandan beri o‘ynamaganini ham shunda sezdi. Sekin Sodiqlarnikiga kirdi. Lutfixon so‘rida eri bilan qotgan jo‘xorilarni uqalab o‘tirardi.
— Voy kel, Nizomjon, bormisan?
Nizom salom berib, so‘rining bir chekkasiga o‘tirdi.
— O‘rtog‘ing xozir kelib qoladi. Magazinga makaronga chiqazuvdim.
Shu payt ko‘chada birdan to‘polon bo‘lib qoldi. Nima gap ekan, deb hammalari barobar yugurib chiqishdi. Darvoza tagida qog‘ozga o‘rog‘liq makaron sochilib yotar, Sodiq bo‘lsa qandaydir bir notanish bola bilan mushtlashardi. Ular huddi jo‘jaxo‘rozga o‘xshab bir-birlariga tashlanishar, hansirashar, atrofda bo‘lsa bolalar qichqirishardi. Nizom nima gapligini surishtirmasdan, begona bolani do‘pposlay ketdi. Sodiq ikkalasi uni tuproqqa belashib rosa urishdi. Sodiqning oyisi bilan dadasining bezrayib kulib turganini ko‘rgan yo‘lovchi kishi g‘uldirab kelib, jahl bilan ularni ikki yoqqa ajratdi. Begona bola yig‘lab usti-boshini qokdi-da, birdan yugurib qochib ketdi. Sodiq bilan Nizom kula-kula hovliga kirishdi. O‘g‘lining zo‘ravonligidan otasining og‘zi qulog‘ida, Lutfixon bo‘lsa o‘g‘lining yelkasiga urib changlarini qoqar ekan, Nizomni ham erkalab qo‘ydi:
— Chinakam do‘stisan-da, o‘g‘limning. O‘rtoq degan shunaqa bir-birining yonini oladi-da. Nega mushtlashding o‘zing, kimning bolasi u, — deb o‘g‘liga yuzlandi Lutfixon.
— Qaysi kuni ko‘chada pomidor sotib o‘tirganimda ikki kilo pomidor olgan edi. Bugun magazinda ko‘rib, pomidor tamom bo‘ldimi deyman, juda qimmatfurush ekansan, desa bo‘ladimi. Og‘zingni yum, desam vaysayapti, chayqovchi, deydi.
Lutfixon o‘g‘liga mehr bilan qarab turib iljaydi:
— O‘la qolsin. Ajab qilibsan urib!
Shu kuni Nizom uyiga kirsa, onasining qovog‘i soliq.
— Men odam boqdim desam, kuchuk boqibman-da, — dedi birdan uning zardasi qaynab. — Sendaqa bolam yo‘q mening, ko‘zimga ko‘rinma hozir. Uyalmasdan mushtlashib yuribdi-ya...
Nizom bir nafas serrayib turdi. Onasi darrov eshita qolibdi. Bahri xola uning aftiga qaramadi. Qo‘lidagi kosadagi suvni hovliga sepib yubordi-da, borib jiz-biz qilayotgan qozonni kovladi. Nizom onasining avzoyiga zimdan qarab qo‘yib, uyga kirgani yuragi betlamadi. Sekin qaytib chiqib ketdi. Yana Sodiqlarnikiga kirdi. Ular makaron qovurma yeb o‘tirishardi. Lutfixon aylanib o‘rgilib uni ovqatga taklif qildi.
— Ola qol, ol, jonim. Nasibang qo‘shilgan ekan. Nima balo, tumshayib qolibsan?
— Oyim urishib berdilar, — dedi Nizom yig‘lamsirab. U onasidan hech qattiq gap eshitmagani uchunmi, juda og‘ir botgandi.
Lutfixon bir xo‘rsinib oldi-da:
— Peshanang ham qursin, — dedi achingannamo, — onasizliging yetmasmidi, Hudo otangdan ham ayirdi. Endi chidaysanda, bolam.
Nizom yalt etib Lutfixonga qaradi. Uning ko‘zlarida ham hayronlik, ham qo‘rquv bor edi.
— Nima deyapsiz?
— Voy, bilmasmiding? Qaerdan ham bilasan sen bechora. Sening onang chaqaloqligingda o‘lib kettan bolam. Bu onang o‘gay. Agar seni turtkilasa, indamay biznikiga chiqib kelaver. O‘rtog‘ing bilan yuraverasan.
Nizom o‘shanda qaysi ahvolga tushganini bilmaydi. Qichqirdimi, chinqirdimi, yig‘ladimi hali-hali bilmaydi. Har qalay, bu uning uchun kutilmagan dahshat edi. Yugurib hovlilariga kirdi. Sochiq yuvayotgan Bahrixonning oldiga borib, yosh yuqi ko‘zlarini tikib chinqirib so‘radi:
— Ayting, ayting, siz mening oyimmasmisiz? Nega aldaysiz?! Qani mening oyim?!
Bahrixonning rangi dokadek oqarib ketdi. Qo‘lidagi kir shalop etib tog‘oraga tushdi. Ko‘pik qo‘li bilan uni mahkam quchoqladi.
— Bekor gap! Qaysi noinsof aytdi? O‘zim tuqqanman seni, o‘zim!
Nizom siltanib uning quchog‘idan chiqdi. Onasi uning ko‘ziga birinchi marta begona, yot ko‘rindi o‘shanda. Mehribonchiliklarining hammasi endi yuzakidek, uning go‘dak qalbidagi kemtikni to‘ldirolmay qoldi. Onasining yalinib yolborishi, yig‘lashiga qaramay, chopqillab chiqib ketdi. Bahri xola ko‘cha boshigacha ergashib, quvlab bordi. Uning ketidan ukalari ham yig‘lab ergashib borishardi. Lekin Nizom qaramadi. Chopqillagancha ketaverdi. Kechqurun uni Sodiq topib keldi. Topib keldi-yu, o‘zlarinikiga olib kirib ketdi. Buni sezgan Bahri xola ularnikiga chikdi. Lekin Nizomni uyga yashirib qo‘yishgan edi. Nizom uyda turib onasining yig‘laganlarini eshitdi. Yuragi g‘alati bo‘lib ketdi, yugurib chiqqisi keldi-yu, begona degan sovuq bir so‘z uni yana o‘rniga mixlab qo‘ygandek jilolmadi. Onasi chiqib ketdi. Boshini egib yig‘lagancha chiqib ketdi. O‘shanda ham kuz, avji uzumlar pishgan payt edi. Ertalab Lutfixon bir tog‘ora uzumni uning boshiga qo‘yib, Sodiqqa qo‘shib bozorga jo‘natdi. O‘sha kuni Nizom birinchi marta maktabga bormadi. Baxrixon qidirib maktabdan topolmabdi. Ko‘rganlar uni bozorga ketganligini aytib qo‘yishibdi. Bir vaqt Nizom bilagidan kimningdir yumshoqqina ushlaganini sezib o‘girildi. Bu onasi edi.
— Esingni yedingmi, bolam? O‘qishing-chi? O‘qishing nima bo‘ladi?
Nizom to‘nglik bilan javob berdi:
— Bormayman. Menga baribir endi.
— Bekor aytibsan. Menga baribir emas, men onangman, bolam.
— Yolg‘on gapirmang. Bormayman, baribir. Mening hech kimim yo‘q.
— Odamlarni qaratma, yur, qo‘zim.
Haqiqatda atrofga odamlar yig‘ila boshlagan edi. Nizom:
— Meni tinch qo‘ying! — deb baqirdi-yu, odamlar orasiga kirib ko‘zdan yo‘qoldi. Bahri xola tarozi ushlab turgan Sodiqqa ma’yus, sovuq nazar bilan qarab qo‘yib, asta yurib ketdi. Kechqurun u yana Sodiqlarnikiga chiqdi. Nizomni yana uyga yashirib qo‘yishdi.
— Nasihat qilish o‘rniga shunaqa qilasizlarmi, — derdi Bahri xola kuyib. — Axir men kelganimda sakkiz oylik edi. Dadasi bechora boqolmay qiynalib ketgan ekan. O‘zim ham go‘r og‘zidan qaytarib olganman. Eti suyagiga yopishib qolgan ekan. Bu bolalarimga o‘shanchalik mehnatim sinmagan. U yosh bolalik qilyapti. Lekin menga farqi yo‘q sira. Bolalarimdan kam ko‘rgan emasman. Kechasi bilan mijja qoqmadim. Otasining arvohi ham chirqillab yurgandir...
Nizomning yuragi allanechuk bo‘lib ketdi. Chiqqisi keldi-yu, lekin chiqolmadi. U kechadan beri o‘z onasini tasavvur qilishga urinardi. Surati bormikan...
— Juda kuyavermang. Siznikiga kirmasa, biznikida yurar, — deb yupatgan bo‘ldi Sodiqning dadasi.
— Nega siznikida yuradi? O‘z uyi, onasi, ukalari turib-a!
— Boshqa joylarda yurgandan ko‘ra, biznikida yurgani yaxshiroqmasmi? Chiqmay qayoqqa boradi, chiqadi-da, bir kun, — deb bidirladi Lutfixon.
— Hech qaerda yurmaydi. Uyga kiradi. O‘qishidan qolmasligi kerak. Ukalari ham kechasi bilan menga qo‘shilishib uxlashmadi. Ra’no sira ovqat yemayapti.
Nizomning yana chiqqisi keddi. Lekin yana jilolmadi.
— Men o‘zim aytar edim. Vaqti bilan aytar edim. Hali u go‘dak. Nimani biladi. Hozir shu go‘dakning ko‘nglini sindirish kimga kerak bo‘lib qolibdi. Kecha ishga ham borolmadim. Uni topmagunimcha bormayman ham. Sodiqjon, o‘rgilay sendan, bor, topib kel. Bo‘lmasa militsiyaga xabar beraman. Yuragim yonib ketyapti. O‘zim zo‘rg‘a yurgan edim. Men ham yotib qolsam, bu go‘daklarga kim qaraydi?
Nizom yana bir talpindi. Lekin yana to‘xtab qoddi.
— Onasining suratini ayab-asrab berkitib qo‘yibman. Uy ko‘rganda aytarman, derdim. Yoniga bir suyanchiq, ovunchoqni tayyorlab qo‘yib aytarman derdim. Mana buni uyingga kattaytirib osib qo‘y, tug‘ib bo‘yingni, baxtingni ko‘rmagan bu bechora hech bo‘lmasa suratidan qarab tursin, deyman deb o‘ylardim...
Nizom otilib hovliga chiqib qolganini o‘zi bilmay qoldi. U hansirar, yig‘lardi. Bahri xola uni bag‘riga bosdi.
— Bolam, bolaginam, bolajonim, — Bahri xolaning butun vujudi titrardi. Issiq ko‘z yosh tomchilari Nizomning yuziga tushdi. Nizom bu gal indamadi. Sekin-sekin yurib, onasining pinjida uyiga chiqib ketdi.
O‘shanda Ra’noning sevinganlari. Nizomning yonidan sira ketmas, endi hech qayoqqa bormaysizmi, biz uxlamadik, ayam ko‘p yig‘ladi, deb bijirlardi. Lekin Nizomning xayoli boshqa narsada edi. U onasining suratini ko‘rmoqchi. Uni dunyoga keltirgan, uni tuqqan onasi qanaqa edi? Kechadan beri o‘z tashvishi bilan bo‘lib qozon osmagan Bahri xola ovqatga unnab yubordi. U dam-badam Nizomga mehribonlik bilan jilmayib qarab qo‘yardi. Nizomning tomog‘idan ovqat ham o‘tmadi.
— M-menga, — dedi u duduqlanib, — suratni ko‘rsating. Surati bor ekan-ku, oyimning!
— Xo‘p, o‘rgilay. Oldin ovqatni yegin. Men sen uchun asrab qo‘yganman. Ol, jonim, ovqatni ye.
Birdan Nizomning xo‘rligi keldi. Yig‘lab turib qaysarlik bilan chinqirdi:
— Nega shu vaqtgacha aytmadingiz? Nega meni aldadingiz?
Bahri xola yana uni bag‘riga bosib shivirladi:
— Bolapsham, hali sen nimani bilasan?! Men senga yaxshilik qilaman, dedim, o‘g‘lim. Senga oson bo‘lsin, dedim.
Shundan keyin u ichkari uyga kirib ketib sarg‘ayib ketgan qog‘ozga o‘rog‘liq ikkita surat ko‘tarib chiqdi. Bittasida yoshgina qiz iljayib turardi. Ikkinchisida farqini yondan ochgan, iroqi do‘ppi kiyib, bir o‘rim sochini oldiga tashlagan yoshgina juvon Nizomga juda-juda tanish ko‘zlari bilan ma’yus termilardi. Nizom uzoq tikilib qoldi. Lekin yig‘lamadi. Bahri xola sekingina uf tortdi. Nizomning qo‘lidagi suratlarni astagina oldi-da, ehtiyotlik bilan qog‘ozga o‘rab uyga olib kirib ketdi.
Nizomning xayolida bu voqealar huddi kechagina o‘tganday jonlanib, hammasi bir-bir esiga kelaverdi. Endi u Bahri xolaning sabri-toqatiga, mehriga tan be-rar, o‘sha paytda uni qiynaganlarini eslab, o‘zi azob chekardi. Ozmuncha ta’nalar qildimi? Ketidan ozmuncha yugurtirdimi? Nima, Bahri xola bolaga zor xotinlardan emasdi-ku! Oldida o‘zi tuqqan bolalari bor edi. Ularni katta qilguncha sochining qorasi qolmadi. Xotinlarga o‘xshab ikkita ayol bilan bir zumgina gaplashib o‘tirolmasdi. Ishga borar, uyida ham tinmay ish tikardi. Bolalarni o‘ksitgisi kelmasdi. Nizom institutga kirayotgan kunlari-chi! Imtihonni Nizom emas, onasi berayotganday edi. Doim tashvishda, ilinjda, qo‘rquvda o‘tkazdi o‘sha kunlarni. Nizom ishlayman, desa unamadi, o‘qiysan deb turib oldi. Mana endi bo‘lsa uylantirishning tashvishida. Ba’zan o‘g‘lining ko‘ngliga sekingina qo‘l solib ham ko‘radi... Nizomning ko‘ziga yana xunuk iljayib turgan Lutfi xolaning og‘zidagi ikkita tish ko‘rinib ketdi. Nega uni haydab chiqarmadi? Onasi qanday qilib uning basharasiga qarab o‘tiribdi ekan. Toqatini qarang-a! Nizom o‘sha paytda onasining tortgan azoblari uchun ham bu ayolni haydab chiqarmaganiga afsuslanardi. U otadan ayrilgan bir paytda uni onasidan ham ayirgan edi bu ayol. Kichkinagina yuragiga qancha o‘kinch, qancha armon to‘ldirgan edi. Unda yosh go‘dak edi. Xaqiqatni bilmaslik uning bolalik baxti edi. Ana shu baxtdan mahrum qilgan edi uni bu xotin. Agar hozir bilganda, albatta, qancha azob chekmasin, Bahri xolani o‘shanchalik qiynamasdi. Bahri xolaning bezovta bo‘lga-nichalik bor ekan. Mana, Sodiq hali ham o‘sha-o‘sha. Tayin bir joyda ishlamay, oldi-sotdi qilib yurgani yurgan.
— Nizomjon, nima qilib o‘tiribsiz bu yerda? Nizom seskanib ketdi. Oldida munkaygan bir kampirni qo‘ltiqlab sumka ko‘tarib olgan qo‘shnilari Nurxon turardi.
— -Oyingiz qidirib yuribdi. Ra’noni bir yoqqa, ukangizni bir yoqqa jo‘natib, o‘zi ko‘chada o‘tiribdi.
Nizom sakrab o‘rnidan turdi-yu, unga hech narsa demasdan jadal yurib ketdi. Yana qiynadimi onasini? Bu munis, mehribon ayolning mehnati, muhabbatiga shumi javobi? Yo‘q, mana hozir yetib boradi. Hozir!
Nizomning qalbida farzandlik tuyg‘ulari jo‘sh urib ketgandi. Uning lablari beixtiyor shivirlardi.
— Oyijon, oyijon. Meni kechiring. Sizni tashvishga qo‘ygan bo‘lsam, kechiring. Qo‘rqmang, tashvishlanmang. Endi bag‘ringizdan hech qayoqqa ketmayman, hech qayoqqa...