Bahor boshlanyapti. Oppoq uvada bulutlarni shamol haydaydi. Osmonning ko‘ngillarga yorug‘lik to‘ldiradigan shaffof rangi ko‘rinadi. Quyoshning issig‘i nam tuproqdan, ivigan bo‘g‘otlardan hovur ko‘taradi. Daraxtlarning badaniga ham yashillik yugurib qolgan. Qishdan zerikkan odamlar hovli tozalashga shoshiladilar. Bu fasl yoshlarning ko‘ngliga muhabbat olib kelsa, keksalarning dilidagi xotiralarni tiriltiradi, g‘ayratlarini qo‘zg‘ab, ruhlarini yengillatganday bo‘ladi. Umriniso buvi derazalarni lang ochib yubordi. Doim berk turaverganidan zax, nam hidi to‘lgan uyiga oftob nuri aralash iliq havo kirdi. Elektr plita ustiga suv to‘ldirilgan choynakni qo‘yib, hovliga chiqdi. Bultur ikki-uch jo‘yak pomidor bilan rayhon, jambil ekilgan yerda qolgan uncha-muncha pollar ustiga shama to‘kilibdi. Dorda erkaklarning ko‘ylagi bilan yonma-yon sochiq osig‘liq. Kir tog‘orasi ham hovlining o‘rtasida mag‘zavasi bilan qolaveribdi. Umriniso buvi uni kir o‘raga to‘kib, tog‘ora orqalarini yaxshilab yuvdi-da, bir chetga devorga suyab to‘nkarib qo‘ydi. Nima qilsa ham o‘g‘il bolalar-da. Yana ham bechora bolalar ovqat pishirishadi, idish-tovoq, kir yuvishadi. Dazmol bosganlari-chi! Umriniso buvi kvartirant student yigitlar haqida shunday o‘ylardi. Goh jahli chiqib, goh mehri tovlab yurib har kelganda hovlidagi ivirsiqlarni yig‘ishtirib, yigitlarga o‘z qo‘li bilan osh damlab yedirib ketardi. Hozir ham hovlining selgigan joylarini, eshik oldilarini supurdi. Choy shamalarini ham tozalab, yerning bir chetini o‘yib ko‘mib qo‘ydi. Arqondagi kirlarni qoqib, silkib boshqatdan yoydi. O‘choq-boshlarini tozaladi. Pechka trubasi chiqib turgan derazadan yigitlarning uyiga qaradi. Stol ustida kitoblar qalashib yotibdi. Non, choynak, piyola ham shu yerda. Karavot chetiga shim, ko‘ylaklar osig‘liq. Choynak qopqog‘i shiqirladi. Umriniso buvi qo‘lini yuvib uyiga kirdi. Choynak jo‘mragidan povillab oppoq hovur ko‘tarilardi. Eskigan bufetning tepadagi oynali ko‘zidan kichkina choynak oldi. Uning qopqog‘ini ochib, negadir yoruqqa tutib qaradi-da, qaynoq suv bilan chayib tashladi. Choy damladi, ikkita patirdan bittasining yarmini ushatib, oq qand bilan piyolani tancha ustidagi mis barkashga qo‘ydi-da, asta o‘tirdi. Piyolaga choy quyayotganida tashqaridan:
— O‘rtoq, darvozangiz ochilib qopti, kelganga o‘xshaysiz, — degan ovozni eshitib, o‘rnidan turdi. Jigarrang jemper kiyib, kichkina qora sherst ro‘molini dahanidan bog‘lab olgan novcha, qotma bir ayol kira solib, u bi-lan quchoqlashib ko‘rishdi.
Umriniso buvi kulib, taxmondan yangi ko‘rpacha olib yozdi:
— Qani, o‘tiring. Eson-omon yuribsizlarmi? Qizlar, kelinlar tinchmi?
— Rahmat. O‘zingizdan so‘rasak?
— Shukur.
Umriniso buvi shisha bankadan idishga murabbo quyib, mehmon oldiga qo‘ydi. Keyin choy uzatdi. Nonning qolgan yarim bo‘lagini ham ushatib qo‘ydi.
— Ushatmang, bo‘ladi.
— Nega endi. Qani, Oyshabuvi, oling.
— Haftada bir ko‘rinib yuraverasizmi? Bolalaringiz ham berahm deyman?
— Yo‘g‘-e.
— Qariganingizda tinch qo‘yishsin-da endi. Unisi tortib, bunisi sudrasa, bu nima degan gap? Yana hammasi o‘qimishli, tushungan bolalar-a!
— Onaizor shu ekan-da. O‘zimning ko‘nglim tinchimaydi. Oling, quruq ichmang. Murabbodan oling. O‘zim behidan pishirganman. Ming shukur, shular borki, tash-vishlari bor.
— Sal insof ham kerak. Qaysi kuni Zuhrangizga telefon qilsam, Shakarxonnikida, deb aytdi.
— Ha, Shakarxonning sal tobi yo‘q, — Umriniso buvi asta xo‘rsinib qo‘ydi.
— Tirik jon shu-da. Goh og‘riysan, goh tuzalasan. Pensiyaga chiqibmanki, yuragim qisiladi. Zerikib ketaman. Bo‘ldi endi, ketmang. Mehmonga olib boraman. Kechqurun gaplashib, gurunglashib o‘tiramiz.
Umriniso buvi yumshoqqina kulib qo‘ydi.
— Bola-chaqa deymiz-ku, o‘nta bola bitta ota-onani boqolmaydi. Shularga sarf qilgan umringizning yarmini hukumatga ishlab qo‘yganingizda, beminnatgina pensiyani olib yotar edingiz.
Umrinisoga bu gap yoqmadi. Labini yalab, yuzini sal chetga o‘girdi-da, bir narsa qidirganday nazar bilan:
— Gap puldami? Omon bo‘lishsin, — dedi. Shunday dedi-yu, lekin yuragining bir cheti g‘ash bo‘lib qoldi. Shuncha qilgan mehnatlari nahotki ko‘zga ko‘rinmasa. Mana, bolalari ishlayapti. Ular yomon odam bo‘lishmadi. Ularning hammasida mehri-mehnati, umri, yo‘qolgan husni bor. To‘g‘ri, hukumat ishini qilmagan. Lekin hukumatga yaxshi-yaxshi farzandlarni tarbiyalab berdi. Bu o‘ringa o‘tmasmikan-a? Yetti bolani tarbiyalash oson bo‘ptimi? Agar shularning birontasi noqobil chiqqanda, hukumatga, odamlarga qancha tashvish ortardi.
Umrinisoning o‘ylanib qolganini ko‘rgan Oyshabibi uni afsuslanyapti, degan hayolga borib, ovutgan bo‘ldi:
— Hay, nima bo‘lsa, bo‘lib o‘tdi. Endi omon bo‘lishsin. Biri rahm qilmasa, biri qilar. Bugun ketmassiz?
— Buguncha shu yerdaman.
— Kechqurun chiqing bo‘lmasa. Kelinimga chuchvara buyurdim.
— O‘zingiz chiqing, osh damlayman.
— Bir o‘zingiz uchun urinib nima qilasiz?
— Bola bechoralar ham toliqib kelishadi. Oyshabuvi o‘rnidan turar ekan, boshini sarak-sarak qilib kuldi:
— G‘alatisiz-da, o‘rtoq. O‘zingiz-chi! O‘zingiz charchamaysizmi?! Mayli, qaerda bo‘lsangiz ham omon bo‘ling. Kechqurun ko‘risharmiz.
Umriniso buvi uni darvozagacha kuzatib qo‘ydi. Qaytishda ustiga pechkaning katta cho‘yan qopqog‘i yopilgan o‘rani ochib sabzi oldi.
Tog‘orachaga solib vodoprovod jo‘mragi tagida ularni obdon yuvdi. Uch tomondan ozroq oq soqol chiqara boshlagan sabzilarning sap-sariq badani hali ancha tarang edi. Uyga kirib ularni archdi. Keyin ko‘kishroq matodan ikki qavat qilib tikilgan to‘rt burchak kichkina dasturxonchani yozib, ustiga taxta qo‘yib to‘g‘ray bosh-ladi. Oyshabuvining beg‘araz gapirganini bilsa ham hayoli parishonroq bo‘lib qolgan edi. U turmushidan, o‘tgan umridan rozi edi. Lekin, ana shu roziligini tu-shuntirib berolmas edi. Har zamonda pichoq taxtaga taq-taq tegib ovoz chiqarar, uning xayoli goh bo‘linib, goh ulanardi.
Uni yoshgina erga berishdi. Endigina kimningdir hayoli ko‘ngliga ilashgandi-yu, lekin uning o‘zi qaerdaligini bilmasdi. Undan so‘rab ham o‘tirishmadi. Eri Otajon oilada o‘rtancha o‘g‘il bo‘lib, rahmdil, kamgap, ammo mehnatkash yigit edi. Qaynotasi tabiblikka qiziqar, har xil giyohlarning xosiyatlarini yaxshi bilar, o‘z yaqinlariga bemalol dori-darmon berar va buyuraverardi. Bu havas Otajonga ham yuqqan edi. Otajon o‘n sakkiz yoshida yangi maktab ostonasiga qadam qo‘ydi. U juda zehnli, tirishqoq edi. O‘qishga shunchalik qattiq bel bog‘ladiki, ikki yildayoq to‘rtinchi sinfga o‘tdi. Qaynotasi ro‘zg‘or tashvishlarini boshqa o‘g‘illariga yuklab, Otajonga mumkin qadar imkoniyat yaratib berar, lekin undan umidi ham katta edi. Ayniqsa, Otajon texnikumga o‘tganida chol yayrab ketdi. O‘g‘lining mulla, o‘qimishli odam bo‘lishini juda ham orzu qilar edi. Hullas, Otajon yigirma olti yoshida feldsher bo‘ldi. O‘sha paytlarda Otajon doktor bo‘lib kelibdi, Otajon falon dori buyuribdi, degan gaplarni Umrixon ichki bir g‘urur bilan tinglar edi. Fotima-Zuhralar birinchi marta maktabga qadam qo‘yganlarida Umrixon savodsizlar kursiga o‘qishga qatnay boshladi. Kechqurun bo‘lsa, oilada kitobxonlik boshlanardi. Keyin bolalar ko‘payib ketdi. Umrixon gazeta-jurnallarni yaxshi o‘qiydigan bo‘lib oldi-yu, u yog‘iga davom ettirolmadi. Bolalarning kir-chiri, ovqatiga qarash, erining parvarishini buzmaslik uchun Umrixon o‘qish haqida so‘z ochmay qo‘ya qoldi. Ro‘zg‘or yumushi bilan kechgacha na oyog‘i va na qo‘li tinardi. Kechasi bilan yana qo‘sh beshik tebratib chiqar, ba’zan juda holdan toygan kezlarida Otajonni uyg‘otmoqchi bo‘lsa ham yana ayar, uyg‘otishga ko‘ngli bo‘lmasdi. Shu ahvolda tong ottirar, kunduzi ham bir piyola choyni xotirjam icholmas, to‘yib uxlashga zor-zor bo‘lib ketardi ba’zida. Lekin bolalarining bitta kulgisi, bitta shirin qilig‘i uning badanidagi charchoqni quvib, yana kuch kiritib yuborardi.
Umriniso buvi xayol bilan bo‘lib, student yigitlarning kirib kelganini ham bilmadi. Kampirning har kelishi ularni behad quvontirar, uning mehriga, iliq so‘zlariga o‘rganib qolishgan edi. Ular bir-biriga gal bermay so‘rasha ketishdi.
— Yaxshi yuribsizmi, xolajon?
— Endi bir-ikki kun turasizmi yoki yana ketib qolasizmi?
Umriniso buvi ham ularga o‘rganib qolgan, ko‘ngli ochiq, sodda bu qishloq yigitlari uning kelinlik davrini, Otajonning yoshligini eslatardi.
— Qalay, ota-onanglar sog‘-salomatmi? Xat-xabar kelib turibdimi?
— Ha, sizga ham salom aytishadi doim.
— Xavotir oldirmay, o‘zlaring ham tez-tez yozib turinglar, bolalarim.
U har kelganida buni uqtirishni unutmasdi. Yigitlar saranjom bo‘lib, ochilib qolgan hovliga qarab, bir-birlarini turtishib, lablarini tishlashib qo‘yishdi. Ular har doim shunaqa. Ko‘zlariga hamma narsa o‘rin-o‘rnida ko‘rinar, qachon kampir kelib yig‘ishtirgandagi-na, nima qilish kerakligini tushunib qolishardi.
— Hozir pechka yoqamiz. Sandalingizga o‘t bo‘ladi, xola. Bo‘lmasa, kechqurun sovuq yeb qolasiz.
Umriniso buvi o‘tgan payshanbadan qolgan go‘shtni yaxshilab tuzlab ketgan edi. Havo sovuq bo‘lgani uchun mayizday turibdi. Kampir uni ivitib qo‘yib, o‘zi o‘choqqa olov yoqishga tutindi.
Yigitlardan biri go‘sht-yog‘ olib chiqdi.
— Xolajon, ola qoling endi.
— Axir uyda hamma narsa bor, bolam. Keyin o‘zinglar ishlatarsizlar.
Umriniso buvi qaysi bolasinikida bo‘lsa ham payshanba kuni albatta uyiga keladi. Sabzi-piyozni qovurib, chiroq yoqib qo‘yadi. Shu bilan ko‘ngliga yorug‘lik to‘lib, yengil tortganday bo‘ladi. Shu tufayli yigitlarning narsasini hech qachon olmasdi. Ular ham buni bilishar, lekin har gal xijolat bo‘lishganidanmi, albatta aytib ko‘rishardi.
Umriniso buvi bu gal ham shunday qildi. Nimalarnidir shivirlab, yuziga fotiha tortdi-yu, hayol surganicha, o‘ltirib qoldi. Qaynonasi qiz tug‘magandi. Hamma kelinlariga ham mehribon edi, lekin Umrixonni yana ham yaqinroq ko‘rardi o‘ziga. Choli vafot qilgandan keyin ko‘proq shular bilan bo‘lib qolgandi. Bir kuni kechqurun nimagadir uzoq vaqt hayol surib qoldi. Umriniso kunduzi yuvgan kirlarining yirtig‘ini yamab o‘tirardi. Qaynonasiga dam-badam qarab, tobi qochdimi, deb qo‘rqib ketdi.
— Biron yeringiz og‘rimayaptimi?
— Qariganingdan keyin og‘rimagan kuning ham bo‘lmay qolar ekan. — U shunday deb bir xo‘rsinib qo‘ydi. Keyin yana asta gap boshladi:
— Bundan keyingi umrga ishonch yo‘q, bolam.
— Unday demang.
— Qizim o‘rniga qizimsiz. Bir narsani so‘rasam maylimi?
— Mayli, nima edi u?
— Qur’on o‘qishni bilasizmi? Umriniso qizarib javob berdi:
— Ha, uncha-muncha bilaman.
— Men bor ekanman, otangizni yo‘qlab yuraman. Mendan keyin unutib yubormanglar, bolam.
O‘shanda Umrinisoning yuragi g‘alati bo‘lib ketgan, ko‘ziga yosh kelib, qaynonasining ko‘nglini ko‘tarishga gap topolmay javdirab qolgan edi.
Yigitlardan biri olov kurakda o‘t olib keldi. Umriniso buvy rahmat aytib, uni tanchaga soldi-da, o‘choq boshiga ketdi. Osh damlab turganida bitta kosada chuchvara ko‘tarib Oyshabuvi chiqdi. Umriniso buvi mehmonni tanchaga o‘tqazib, oldiga dasturxon yozdi. Bitta kichik, bitta kattaroq lagan ko‘tarib o‘choq boshiga ketdi. Kattasiga yigitlarga, kichigiga o‘zlariga osh suzib qaytib keldi. Mehmonning qo‘liga suv quyib, sochiq tutdi. Keyin ustida choynak turgan elektr plitani tokka qo‘yib, kelib o‘tirdi:
— Qani, oling, o‘rtoq, sovimasin.
Kun botib, havo salqin bo‘lib qolsa ham badanga qattiq tegmas, xush yoqadigan sovuq edi. Shuning uchun deraza ham, eshik ham ochiq edi. Ular gurunglashib o‘tiri-shib, ozroqdan osh yegan bo‘lishdi.
— Tancha odamni juda dangasa qiladi-da, o‘rtoq. Mana, turgim kelmay, o‘tirdim qoldim.
— O‘rin solib beray, shu yerda yotib qola qoling.
— Shamollab qolaman, qo‘ying. O‘zingiz biznikiga chiqib yoting.
— Yo‘g‘-e, uyimni sog‘inib keldim.
— Cholimni eslab keldim, deya qoling.
— Ha, ishqilib endi, — dedi Umriniso buvi kulib. Yigitlardan biri qog‘oz paketda ozroq mayiz bilan turshak olib kelib o‘rtaga qo‘ydi.
— Choy bilan ichinglar, xola. Uydan posilka kelgan edi.
— Rahmat, o‘g‘lim. Qani, o‘tiring biz bilan.
— Dars qilayotgan edik.
Oysha buvi o‘tirgan yerida birdan bo‘y cho‘zib, devor tomonga qaradi. Devorning orqasi ularning hovlisi edi. Devorga ayvondagi chiroqning xira yorug‘i tushib turar, allakimning boshi ko‘rinib uni imlaganday bo‘lgan edi.
— Buvi!
Oysha buvi deraza oldiga bordi.
— Ha, nima deysan?
— Dadam keldi!
Bola shunday dedi-yu, tap etib o‘zini yerga tashladi.
— Esi pastni qarang. Ikki qadam yo‘lga erinib, uzumning so‘risiga chiqqan bu tentak. O‘g‘lim komandirovkada edi, kelibdi. Qani, yuring, bitta o‘zingiz nima qilasiz 6u yerda?
Umriniso buvi muloyimgina kuldi.
— Mayli, chiqa qoling. Ertalab ko‘risharmiz.
— Ertalab yana yo‘lga tusharsiz deyman? Umriniso buvi, shundoq, deganday jilmayib turardi. Oyshabuvi xayrlashib chiqib ketdi.
Umriniso buvi yolg‘iz emasdi. Ancha-muncha kunlarning guvohi bo‘lgan bu uy uning nazarida tirikdek edi. Ha, tirikdek u bilan so‘zlashardi. Ustunlari ba’zida qisirlab, eshityapsanmi, men ham qariyapman, men ham holdan ketyapman. Mening bag‘rimga ham inson nafasi, iliqlik kerak, deyayottanday bo‘lardi. Qandoq qilsin? Ertaga Shakarxon kasalxonadan keladi. Bormasdan tura oladimi? Qaysi barmog‘ini tishlasa ham joni og‘riydi. Boshqa nima iloji bor.
Ertalab uning uyiga yana qulf tushdi.