Xolmatning yuragiga g‘ulg‘ula tushdi. U novcha bo‘y, sochlari o‘siq, charmkamzul kiygan yigitning anchadan beri kuzatib turganini payqab qolgan edi.
“Pulga ehtiyot bo‘lish kerak, pulga”, — xayolidan o‘tkazdi Xolmat lash-lushlarini apil-tapil yig‘ishtirarkan. Uning pishiq matodan tikilgan xaltasi pulga to‘la. Naqd to‘rt yuz ming so‘m. Sal kam olti yuz kilo olmaning puli bu!
Qo‘yliq bozoriga g‘ira-shira shom qorong‘usi indi. Lekin tevarak hali gavjum. Shovqin-suron, baqir-chaqir avjida.
Xolmat yana zimdan o‘sha yoqqa ko‘z tashladi. Yigit hanuz pista chaqqan ko‘yi piyozfurushlarning “KaMAZ”i yonida bezovta turardi.
Xolmat tikanakdek o‘sib qolgan soqol-murtini qashlab tevarakka razm soldi. Bu yaramasning ko‘zini shamg‘alat qilib qochib qolish kerak.
Xolmat olato‘nlik. Ha, bu o‘zining o‘rigiyu olmasi bilan mashhur qishloq. Olib sotarlar har kuz Olato‘nga yopirilib borib, chorbog‘ egalaridan arzon-garovga meva-cheva undirish payida bo‘lishadi. Lekin olato‘nliklar ham anoyi emas. Osonlikcha ularning nayrangiga uchmaydi. Meva-chevani yo qimmatiga pullashadi, yo o‘zlari mashinaga yuklab poytaxtga olib kelishadi. Lekin qishloq elektr stantsiyasida qorovul bo‘lib ishlaydigan Xolmatning bunday oldi-sotdilarga ko‘p ham uquvi yo‘q. Shu bois bog‘idagi meva-chevalarni olibsotarlarga arzon-garov berib qo‘ya qoladi.
Biroq bu mavsum reja andak o‘zgardi. Xolmat kenja o‘g‘lining xatna to‘yini qish oldiga mo‘ljallangan. Ammo qo‘l qurmag‘ur — yupqa, bel — ingichka. U qishloq kayvonilariga dardini dasturxon qildi, maslahat so‘radi.
“Binoyidekkina bog‘ingiz bor, — dedi Ibrohim oqsoqol, — olibsotarlarning sariq chaqasiga ko‘z tikmay, meva-chevani yig‘ib, o‘zingiz Toshkentga boring. Ana, sizga daromad, mulla Xolmat”.
Hamqishloqlari Olqor polvon bilan Sayfulla ham oqsoqolning gapini ma’qullashdi.
“Hech g‘am chekmang, — dedi Olqor polvon til tagiga bir chimdim nos tashlab, — kakraz bizga hamroh bo‘lasiz. Xudo xohlasa, Sayfulla ikkovimiz bu hafta Toshkentni ko‘zlab turibmiz. Siz ham taraddud ko‘ring”.
Xolmat taraddud ko‘rdi, o‘z bog‘idan chiqqan olma roppa-rosa ikki yuz ellik kilo bo‘ldi. Poytaxt safari uchun bu kam. Kamiga qo‘ni-qo‘shnilaridan olma yig‘di. Sotib kelgach, pulini uzishga kelishishdi. Hamsoyalar andak og‘rinishsa-da, rozi bo‘lishdi. Nihoyat, olti yuz kilo yuk bilan yo‘lga otlandi.
Keldi, ko‘rdi. Shahar deganlari shu ekan — g‘ij-g‘ij odam...
Xolmat og‘ir so‘lish oldi. Shuning barobarida boyagi shubhali nusxa tomon oshkora ko‘z tashladi. Yigit ham zimdan Xolmatga tikilib turgan ekan. Nogoh ko‘zlari to‘qnashdi-yu, u darrov nigohini olib qochdi.
“Uh, yaramas, tekinxo‘r”, — hayolan so‘kindi Xolmat.
Qorong‘ulik tobora quyuqlashmoqda. Odamlar oqimi ancha siyraklashib qolgan. Bozor darvozasi yonida uymalanib turgan og‘ir-engil avtoulovlar betoqat chinqiradi. Keng ko‘cha bo‘yidagi, bozor ichi-tashidagi chiroqlar birin-ketin yonaboshladi. Biroq Xolmatning ko‘ngli zim-ziyo. Yuragi bezovta.
“Agar yolg‘iz bo‘lsa, bir amallab tinchitaman”, o‘yladi u kamariga osilgan pichog‘ini paypaslab qo‘yarkan.
Aslida, Xolmat do‘ppisini osmonga otib, quvonchdan qiyqirsa arziydi. Axir, uning omadi chopdi. Besh kundan beri joyidan jilmagan yigirma besh quti olmasi shom oldi birvarakayiga “optom” sotildi. Sheriklarining holi ne kechdi — Xudo biladi.
Olqor polvon bilan Sayfullo, ochiq gap, savdoning piri bo‘lib ketishgan ekan. Ular Toshkentga yetib kelishgach, yukni Qo‘yliq bozoriga tushirishdi. Shu orada koreys kampirning torgina hovlisidan bir hujrani ijraga olishdi.
“Hali Xudo biladi, Toshkanda qancha turamiz, — dedi Olqor polvon. — Harqalay, boshpanamiz bo‘lgani yaxshi-da”.
Olqor polvon avliyolik qilgan ekan. Chindan ham ikki kun bir dona ham olma sotishmadi. Bundan Xolmatning hafsalasi pir bo‘lib, tushkunlikka tusha boshladi. Lekin sheriklarining sirtiga suv yuqmasdi. Aftidan, oxir-oqibat ko‘ngildagidek savdo bo‘lishiga ularning ishonchi komil edi.
“Chernyaevkaga ketamiz, — deb qoldi Olqor polvon uchinchi kuni ertalab, — u yoqda olma Qo‘yliqdan ko‘ra qimmat. Ikki hissa foyda ko‘ramiz”.
Xolmat bir sapchib tushdi. Sayfullo esa polvonni qo‘llab-quvvatladi.
“To‘g‘ri, Chernyaevkada klient ko‘p. Ketdik, Olqor aka”.
“Men hech qayoqqa bormayman, — dedi Xolmat arang, sheriklariga norizo ko‘z yugurtirarkan, — mazam yo‘q. Nima bo‘lsam shu yerda bo‘lay”.
Sheriklari uni ko‘ndirishga harakat qilishdi. Lekin Xolmat oyoq tirab turib oldi.
“Bo‘pti, — dedi Olqor polvon oxiri, — keyin pushaymon chekmasang bo‘ldi. Sen qolaver. Ikki kundan so‘ng uchrashamiz”.
Yo‘q. Xolmat pushaymon emas. Qo‘ling o‘rgulsin savdo bo‘ldi-da, o‘ziyam. Foydaning ham cho‘g‘i tuzuk. Ammo... ko‘zga tushgan cho‘pdek manavi g‘urbatni qarang.
Xolmat bilinar-bilinmas titrayotgan qo‘llari bilan u yoq-bu yog‘ini sarishtalagan bo‘ldi. Hanuz qoqqan qoziqday turgan o‘g‘rinusxa tomon ko‘z tashladi.
“Men unga olato‘nlik kimligini ko‘rsatib qo‘yaman. Huv, “Zil”ning panasiga o‘tib olsam bo‘ldi, kvartirga qarab yuguraman. Ishqilib, bir amallab kampirnikiga yetib olsam bo‘ldi. Sheriklar ham kelib qolishgandir”.
Xolmat atay olib qolgan bir-ikki kilo olmani pul solingan to‘rva ustiga to‘kdi. Haligina non sotuvchi boladan olib qolgan to‘rt dona obi nonni ham to‘rvaga tiqishtirdi. Xullas, o‘zicha pul ustini bekitgan bo‘ldi. Ammo olato‘nlik ulgurmadi. Yigit tuyqus u tomon yurdi. Xolmat sergaklandi, zimdan bir qo‘lni biqinidagi pichog‘i ustiga qo‘ydi.
— Assalomu alaykum, aka, — yigit nogoh tavoze bilan salom berdi.
Xolmat azbaroyi shoshib qolganidan arang, uzuq-yuluq alik oldi.
— Va alay...
Tavba, qo‘rqqanga qo‘sh ko‘rinar deganlari chin ekan, manavi boyagina ko‘ziga chayir, baquvvat yigit bo‘lib ko‘ringandi. Oriq-ozg‘in o‘spirin ekan-ku, yoshi nari borsa o‘n sakkizda. Odob-axloqi ham tuzukka o‘xshaydi.
— Kechirasiz, bezovta qildim. Aka, siz olato‘nlikmisiz?
— Ha, — dedi Xolmat hanuz hadik-xavotir iskanjasida.
— Men ham shunday deb o‘yladim-a... Lekin ikkilandim, biroz sizni kuzatib turdim. Oxiri, sizni tanidim aka, istantsiyada qorovul bo‘lib ishlaysiz-a, ismingiz Xolmat, Xolmat aka.
— Ha, shunday, — deb g‘udrandi Xolmat yuzi andak yorishib, — sen meni qaerdan taniysan?
Go‘yo ko‘pdan beri izlab yurgan odamini uchratganday, yigitning yuz-ko‘ziga quvonch qalqdi.
— Men xumchalik Ikrom mirobning o‘g‘liman. Ismim Ahad. Sizni ko‘p ko‘rganman, aka.
— Ha-a, shunday degin, — dedi Xolmat kulimsirab.
Uning yelkasidan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. Xumcha shundoqqina qo‘shni qishloq. Lekin Xolmat Ikrom deganni tuzuk tanimaydi, bir-ikki u-bu davralarda ko‘rgan, xolos. Lekin manavi yigitcha xuddi qon-qarindoshiga yo‘liqqanday, xushxandon iljayib turibdi.
— Bu yerlarda nima qilib yuribsan, Ahad? — so‘radi Xolmat.
— Bu yil o‘qishga kirdim, universitetga.
— O‘h-o‘, zo‘r-ku. Tabriklaymiz.
—Rahmat, lekin, — deb chaynaldi Ahad, — sa-al tashvish chiqib qoldi. Men kontraktga zo‘rg‘a ilashganman Xolmat aka. Kontrakt pulini to‘lab qo‘yishim kerak. Ertaga oxirgi muddat. Agar to‘lamasam...
— Otang... xabardormi?
— Ha, — dedi Ahad kalovlanib. Otam bilan telefonda gaplashgandim.
Uning goh hayajonlanib, goh hijolatlanib tushuntirishicha, Ahad otasi bilan telefonda gaplashgan. Otasi hozir ilojim yo‘q debdi. Lekin o‘n-o‘n besh kun ichida albatta pul toparmish.
“Sen ungacha, — debdi otasi, — Qo‘yliq bozoriga chiqib qara. U yerda xumchalik, olato‘nlik mevafurushlar ko‘p, birortasidan pul olib, kontraktni to‘la. O‘sha odamga men qishloqqa kelgach, pulini qaytaraman”.
— Shuning uchun bozorga chiqqandim, — dedi Ahad entikib, — sizni menga Xudo yetkazdi.
Olato‘nlikning dami ichiga tushib ketdi. “Ob-bo, o‘g‘ridan battariga yo‘liqdim-ku, qarz so‘ramoqchi...”
— Ha, shunaqa de, — arang po‘ng‘illadi Xolmat.
— Aka, — dedi Ahad olato‘nlikning yuziga bosgudek yaqinlashib. — Endi o‘zingiz yordam berib yuborasiz-da, iltimos.
Talaba shartnoma summasini aytdi. Buncha pul Xolmatning to‘rvasida bor edi. Lekin allaqanday xumchalik Ikrom deganning mishiqi bolasiga shuncha aqchani he yo‘q, be yo‘q berib yuboraveradimi?
— Endi-i, uka-a, — deb gap boshladi olato‘nlik salmoqlab.
— Qo‘ni-qo‘shnilardan nasiyaga olib kelganini, ular bilan darhol hisob-kitob qilmasa bo‘lmasligini aytib talabadan yumshoqqina qutulmoqchi bo‘ldi.
— Endi-i, ukam, gap bunday, — deya tag‘in takrorladi u tomoq qirib. Lekin tomog‘iga nogoh suyak tiqilganday jimib qoldi. Xayolida pishitib turgan gaplari tumtaraqay tarqab ketdi. Yigitcha unga umid bilan termulib turardi. Aftidan u mushkulining oson bo‘lishiga so‘zsiz ishonardi.
— Men... men sening qo‘lingga muncha pulni berib yuborolmayman... harholda... hali yoshsan.
Ahad Xolmatni astoydil qo‘ltiqlab oldi.
— Aka, pulni menga berishingiz shartmas. Hozir bizning yotoqxonaga boramiz. Yaxshilab dam olasiz. Ertaga ertalab universitet kassasiga to‘laymiz.
— Yo‘-o‘... — dedi Xolmat yana bir bahona topganidan quvonib, — sen bilan ketolmayman. Huv, somonbozor yonida kvartiramiz bor. Sheriklar Chernyaevkaga ketgan. Ularning xonasiga qarab turibman. Men... kvartiraga borishim kerak.
Ahad tuyqus to‘xtab olato‘nlikning yuziga tikildi.
— Aka, o‘zi yordam berishni xohlaysizmi, yo...
Xolmat yigitchaning nigohlari bilan tag‘in to‘qnashdiyu yana kalovlandi. Chunki bu nigohlar hanuz o‘sha-o‘sha quvonch va umidga limmo-lim.
— Bo‘pti, — deb g‘udrandi Xolmat, — roziman, shunga yuqinib kepsan...
— Lekin hozir kvartiraga bormasak bo‘lmaydi. Sen adresingni ayt, ertaga ertalab o‘sha joyga yetib boraman. Qolganiga Xudo poshsho...
— Rahmat, aka, — dedi Ahad quvonchdan yal-yal yashnab, — yordam berishingizni bilardik. Chunki siz olato‘nliksiz...
Talaba Xolmatni yana birmuncha alqab turgach, manzilini hijjalab tushuntirdi, hatto bir parcha qog‘ozga yozib-chizib ham berdi. Xolmat ham o‘z manzilini tushuntirgan bo‘ldi.
— Aka, sizga ishondim, — dedi u, nihoyat quyuq-suyuq xayrlasharkan. — Ertalab soat to‘qqizda sizni o‘sha yerda kutaman.
— Bo‘pti, kelishdik.
Ahad ko‘zdan yo‘qolar-yo‘qolmas Xolmatning ko‘ngli butkul xira tortib qoldi. Bo‘shanglik qilib, rozilik berib yuborganiga o‘zini rosa koyidi.
Sheriklari allaqachon qaytishgan ekan. Torgina hujra o‘rtasida dasturxon yasatib qarta o‘ynashardi. Dasturxon ustida meva-cheva, non, yarim shisha aroq, tabaka.
Xolmat ular bilan hol-ahvol so‘rashgach, hovlidagi kran suvida yuvinib-chayinib qaytdi. Lekin ko‘nglidagi xiralikdan qutulolmadi. Bu xiralik xumchalik talaba bilan xayrlashganidayoq uning ichiga yopirilib kirgan edi. Axir odam degani ham shunday bo‘shang bo‘ladimi? He yo‘q, be yo‘q allaqanday mishiqiga va’da berib yubordi-ya?! Iloji yo‘q, uka, pulim o‘zimga hozir kerak, falon narsani olib ketishim kerak, desa, uni birov koyirmidi? Xo‘sh, endi nima bo‘ladi? Ko‘r bo‘lib allaqanday xumchalik talabaning shartnoma pulini to‘laydi. Keyin-chi? Balki Ahadboy g‘irt yolg‘on gapirgandir. Qarz qiyomatga qolsa-chi?
Xolmatning boshi g‘ovlab ketdi. U ola-chalpoq yoritilgan ko‘cha bo‘ylab kampirning hovlisiga qanday qaytib kelganini-yu, sheriklari bilan qanday hol-ahvol so‘rashganini ham bilmaydi. Bir-biridan vahimali o‘ylar uning ich-ichini g‘ijimlar edi.
— Xolmatboy, — dedi Olqor polvon yonboshlab yotgan joyidan go‘shtdor kallasini arang burib, — savdoni qoyillatgan bo‘lsangiz ham negadir shashtingiz past?
Sayfullo ham qo‘lidagi kartadan ko‘z uzmay ming‘illadi.
— Ha, to‘g‘ri, negadir ta’bi tirriq Xolmatboyning.
— E, charchadim-da, — dedi Xolmat parishon qo‘l siltab.
U bir intilib dasturxon ustidagi shishadan aroq quyib ichdi. Bir bo‘lak yaxni go‘shtdan gazak qildi. Ichi yayrab, o‘y-fikrlari biroz tiniqlashganday bo‘ldi.
— Olqor aka, — dedi u, ikkinchi gal piyolani to‘lg‘izarkan, — xumchalik Ikrom mirobni taniysizmi?
— Ha, taniyman, — deb qo‘ydi polvon qartadan ko‘z uzmay. — Nima gap?
— Shuning bir o‘g‘li o‘qishga kiribdi.
Xolmat shu orada ikkinchi piyolani uzuq-yuluq bo‘shatdi-yu, shom chog‘i ko‘rgan-kechirganlarini bir boshidan aytib berdi. Sheriklar sergaklandi. Qarta o‘yini to‘xtadi.
— Esing joyidami? — dedi Olqor polvon Xolmat tomon andak surilib, — rostdan ham pulingni berdingmi?
— Va’da berdim-da.
— O‘v, — dedi polvon, — sen pul topgani keldingmi yo topganingni havoga sovurganimi?
Xolmat po‘ng‘illadi:
— Nega sovurarkanman? Qarz bu, erta-indin otasi qaytaradi.
— Ob-bo, ovsar-ey, — deb piqillab kuldi Sayfullo, — hali shu paytgacha hech kim xumchalikdan qarzini undirib ololmagan. Ular g‘irt firibgar. Qancha odamni laqqa tushirib ketishgan.
— O‘sha Ikrom deganing o‘zi, — dedi polvon barmog‘ini bigiz qilib, — itdan bir suyak qarz. Ko‘ringanni gangitib, chuv tushirib yuradi.
Xolmat huzurlanib ko‘zlarini bir zum yumdi. Sheriklarining tanbehi unga moydek yoqib ketdi.
“Tavba, bu Ikrom deganlari xo‘b g‘alati odam ekan-ku. Bozorga bor, olato‘nlik mevafurushlarni top, ulardan pul ol, debdi-ya?! Xuddi olato‘nliklarga oshirib qo‘yganday. Qiziq, nega Ikrom mirob bunday dedi ekan? Bizning yordam berishimizga shunchalar ishonganmi? O‘g‘li-chi? Ortiqcha yalinib-yolvorgani ham yo‘q. Shunchaki, pul berishim shartday so‘radi-qo‘ydi. G‘irt surbet ekan-ku! Men uning ko‘zlariga qarab shamday erib o‘tiribman-a! Eh, galvars, yaxshiyam sheriklar ko‘zimni ochdi”.
— O‘v, uxlab qoldingizmi nima balo? Xolmat Sayfulloning tovushidan ilkis ko‘zini ochdi.
— Yo‘g‘-e... o‘zim shunchaki...
— Boshingizni qotirmang, — dedi Sayfullo — xayoldan chiqarib tashlang unday bema’ni yordamlarni.
— Va’da berib qo‘ydim-da, — deb ming‘irladi Xolmat.
Olqor polvon istehzoli iljayib piyolani to‘lg‘azib aroq quydi.
— Mana buni ichib yuboring, — va’dani yuvib ketadi, tamom vassalom, — dedi u piyolani uzatib.
Xolmat piyolani oldiyu allaqanday tashnalik bilan aroqni sipqorib yubordi. Chindan ham yengil tortgandek bo‘ldi. Ko‘z o‘ngi jimirlab ketdi.
“Tamom. Xudoga shukur, qutuldim. Qandaydir mishiqini deb sarson bo‘lib yurmayman. Buning hammasi firibgarlik. Endi bildim. Nomard xumchalik meni boplab chuv tushirmoqchi bo‘lgan. Ovora bo‘ladi. Ular shoxida yursa, biz bargida chopqillaymiz...”
Xolmat sarxush yostiqqa bosh qo‘ydi. Hujraning pastak shipi ko‘z o‘ngida lop-lop silkindi. Yana qarta o‘ynashga chog‘langan sheriklarining tovushi g‘ira-shira eshitila boshladi...
...U ilkis ko‘zini ochganida hanuz o‘sha manzara edi. Olqor polvon bilan Sayfullo zo‘r berib qarta o‘ynashardi. O‘rtada to‘zg‘in dasturxon.
— Ha, kalla pishdimi? — deb so‘radi Sayfullo g‘imirlab qolgan Xolmatga ko‘z qirini tashlab.
— Soat necha bo‘ldi?
— O‘n ikki.
— Voy-bo‘-o‘, hali yotmadilaringmi?
Shu payt eshik g‘iyqillab qiya ochildi, beka kampir bosh suqdi.
— Ey, kto iz vas Xolmat?
— Men...
— Idi, seni chaqiryapti.
Kampir lip etib ko‘zdan yo‘qoldi. Xolmat “kim”, “qaerda” deb so‘rashga ulgurmay, hovliqqancha bekaning ortidan chopqilladi. Sheriklari uning izidan taajjub bilan qarab qolishdi.
Xolmat kuzning salqin epkinidan sergak tortdi. Bo‘y cho‘zib darvoza tomon alangladi. Qiya ochiq darvozada kimningdir sharpasi ko‘rindi.
— Assalomu alaykum, aka.
U muloyim tavoze bilan salom berib, Xolmat tomon yurdi.
Xolmat qarshisida xumchalik talabani ko‘rib hangu mang qotdi.
— Iya, Ahad! Nima qilib yuribsan kechasi?
— Kechirasiz, aka. Bir soatcha oldin otam og‘aynimning telefoniga qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Pul topibdi. Ertaga yetib kelarkan. Shuni... sizga aytib qo‘yay, bezovta bo‘lmang, ertaga sarson bo‘lib yurmang, demoqchi edim.
Xolmat kalovlanib qoldi.
— Hechqisi yo‘q, — deya arang g‘udrandi u. — Bekor ovora bo‘p kelibsan.
Ahad kulib Xolmatning qo‘lini samimiy qisdi.
— Aka, yordam bermoqchi bo‘lganingiz uchun sizga katta rahmat. Haqiqiy olato‘nlik ekansiz.
Xolmat sarosimalanib yerga qaradi.