OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Saidvafo Boboyev. Qora tundan qo‘rqma (qissa)

Qir etagida yastanib yotgan Pasurxi qishlog‘i asta-sekin shom qorong‘uligiga burkanib bormoqda. Podadan qaytayotgan mol-hol, qo‘zilarlarning ma’rashi, mo‘‘rashi avjida. Tuyoqlar ostidan ko‘tarilgan chang-to‘zon qishloq uzra kirchil pardaday yoyilgan.
Abdumurod qoramtir tusga kirgan osmon toqiga umidvor-umidvor ko‘z tashladi. Lekin izlaganini topolmay hafsalasi pir bo‘ldi.
“Chiqmabdi, bu kech ham yangi oy chiqmabdi”, xayolidan o‘tdi uning.
Abdumurod dashtdan qaytmoqda edi. Qishloq qo‘y-qo‘zilarini boqish navbatini qoyilmaqom do‘ndirib kelyapti. Bu navbat har xonadonga har oyda bir marta keladi. Xonadon ahlining mavqei, izzat-obro‘si qanday bo‘lishidan qat’i nazar, cho‘ponlik navbatiga borishi shart. Lekin baribir g‘o‘ddaygan boyvachchalar, tuman markazida allaqanday lavozimda ishlovchilar uch-to‘rt so‘m choychaqa evaziga o‘z cho‘ponlik navbatlarini birovlarga yuklashadi. Ular ko‘pincha Abdumurodga yalinib kelishadi. “Iltimos, Murodjon, manoviginani olib qo‘yib, mening o‘rnimga bir cho‘ponlik qilib kel” deyishadi. Bunday iltimoslardan Abdumurod yerga kirib ketgudek bo‘ladi, bag‘ri tirnaladi. Lekin nachora. Boyvachcha hamqishloqlar esa o‘lganning ustiga tepganday surbetlarcha tirjayishadi. Qo‘llaridagi aqchani namoyishkorona sanab, ko‘z-ko‘z qilishadi.
 Abdumurodning o‘z takliflarini rad etmasligini, to‘g‘rirog‘i, rad eta olmasligini juda yaxshi bilishadiki, Abdumurodning boshqa qilar ishi yo‘q, ustiga-ustak ro‘zg‘ori haminqadar, qo‘li yuqa, birovlar uzatadigan arzimas choychaqaga hamisha zor-intizor.
Abdumurod Xolnazar cholning yettinchi bolasi. Aka-opalari uyli-joyli bo‘lib, o‘zlaridan tinchib ketishgan. Endi navbat Abdumurodga kelib turibdi. Lekin bu hali uylanmayman, o‘qishim kerak deb g‘o‘dayib turgani turgan. Lekin o‘qish degani o‘z boshiga bo‘lmas ekan. Aftidan, uning uchun ham tanish-bilish, aqcha-maqcha kerakka o‘xshaydi. Mana, Abdumurod uch yildan beri hech qaysi oliy o‘quv yurtiga ilasholmay, yiqilib qaytadi. Yosh esa ketyapti. Bu yil roppa-rosa yigirma ikkiga kirdi. Lekin hanuz na o‘qish bo‘ldi, na biror ishning boshini tutdi. Ota-onasi yo aka-opalari biror narsa deb koyisa nuqul yerga qaraydi. Qaysi kun cho‘lga ko‘chib ketgan opasi va pochchasi mehmon bo‘lib kelishgan ekan. Pochchasi ijaraga kattagina yer olganini, yaxshigina yordamchi, ya’ni ishchi kerakligini aytdi. Zimdan Abdumurodni shu ishga taklif qilgan bo‘ldi.
– Men hali o‘qishim kerak, – deb odatdagiday to‘ng‘illadi Abdumurod.
Dasturxon tevaragida o‘tirgan onasi va otasining fig‘oni falakka chiqdi.
– O‘v, serri, – dedi Xolnazar chol bo‘g‘ilib, – shu paytgacha o‘qishga kirolmading, uch-to‘rt oylab shaharda daydib yurding, bor endi. Sen o‘qimasang ham zotimiz xafa bo‘lmaydi.
– Ko‘rpaga qarab oyoq uzatgan ma’qul, ukajon, – dedi opasi Xadicha, bosh chayqab. – Pochchangga yordam berib yursang, oyiga bir-ikki qop bug‘doy olib turasan. Harna, otamga, ro‘zg‘orga yordam.
Abdumurod ortiq gapirmay, xonadan sidrilib chiqib ketdi. O‘ksib-o‘ksib, silkinib-silkinib yig‘lagisi kelardi. Axir bu ne xo‘rlik, ne ko‘rgulik? Hali shu paytgacha unga hech kim hamdard, hamnafas bo‘lmadi. Nuqul turtkilashgani-turtkilashgan. Odam bo‘lmaysan deyishadi. Hali zotimizdan birov o‘qib yolchigan emas deyishadi. Zimdan Abdumurodning akasi Omonmurodga ishora qilishadi.
Omonmurod, poytaxtda teatr va rassomchilik institutida o‘qigan. Ayni paytda viloyat teatrida ishlab yuradi. Aktyor. So‘nggi uch-to‘rt yil ichida ichkilikka rujo‘ qo‘ygan. Viloyat markaziga borib kelgan bir-ikki hamqishloq uning mast-alast holda ko‘chada yumalab yotganini ko‘rgan emish. Xolnazar chol bunday mish-mishdan qattiq kuyindi, xafa bo‘ldi. Bir gal Omonmurod qishloqqa kelganda obdon koyidi, “sasisang qishloqda sasi, shaharni iflos qilma”, dedi, Omonmurod "ichsam o‘zimning pulimga ichaman, mening hayotimga hech kim aralashmasin", deb bo‘kirdi. Xullas, dahanaki jang rosa yarim tungacha davom etdi. Omonmurod saharmardon yana shahriga jo‘nab ketdi. Otasi uning ortidan g‘amgin qarab qoldi.
Abdumurod akasi Omonmurodga bir achinsa, bir undan jahli chiqadi. Uni ko‘p ham ko‘rgisi kelmaydi. Aftidan, Omonmurod ham uni sog‘inib yurmasa kerak, hatto, ukasi viloyat markaziga o‘qishga kirish ilinjida borganida ham, yordam berish u yoqda tursin, arang ikki marta ijara uyiga so‘roqlab bordi, xolos. Vaqtim yo‘q, bosh qashlashga qo‘l tegmaydi, deb o‘zini oqlagan bo‘ldi.
Abdumurodning sinfdoshlaridan to‘rttasi tala­balik gashtini surib yurishibdi. Ikkitasi viloyat mar­kazida, ikkitasi poytaxtda o‘qishyapti. Ular ta’til chog‘lari qishloqda namoyishkorona izg‘ishib o‘zlarini ko‘z-ko‘z qilishadi. Abdumurod bu sinfdoshlariga o‘r­tanib-o‘rtanib, havaslanib-havaslanib qaraydi. Beixtiyor ko‘zlariga yosh qalqadi. Ayniqsa, talaba-sinfdoshlardan biri Abdumurod uchun juda qadrli, juda aziz. Abdumurod uning jajji suratini hamisha ko‘krak cho‘ntagida asrab yuradi. Ovloq-ovloqda, ayniqsa, qo‘y-qo‘zi boqib yurgan kezlarida unga tikilib-tikilib qaraydi, o‘zicha pichirlab gaplashadi. Juda-juda sog‘indim deydi. Bu talaba-sinfdosh – Gulchehra. Berdiqul muallimning qizi. Kulcha yuz, quralay ko‘z. Abdumurod uni sakkizinchi sinfda o‘qib yurgan kez­lardayoq sevib qolgan. Pinhona o‘rtangan, yongan. Boshqa sinfdoshlaridan Gulchehrani qizg‘angan. Nazarida qiz ham unga befarq emasdek edi. Ko‘rganda kulib qarardi, suhbatlashib qolishsa, oldidan darrov ketishga bahona izlamasdi. Abdumurod Gulchehrani turganda ham, xayolidan o‘tkazganda ham olam-olam quvonchga chulg‘anadi. Uni uzoq yillar ko‘rmaganday sog‘inadi. Lekin Gulchehraga sevgi izhor qilishga hech botinolmadi. Hali mavridi emas deb o‘yladi. Abdumurod biror oliy o‘quv yurtining talabasi bo‘lib, so‘ng sekingina qizni bir chekkaga tortib, ko‘ngil dardini aytishni istardi. Aytganda ham po‘rim ust-boshda, madaniy, shaharcha lahjada aytishni, qizning so‘zsiz taslim bo‘lishini istardi. Afsuski, charxi kajraftor deganlari chin ekan.
Abdumurod xo‘rsinib, boshi uzra qop-qora chod­raday yastangan osmonga ko‘z yugurtdi. Yo‘q, hiloldan darak yo‘q. Ko‘k toqining u yer-bu yerida paydo bo‘lgan yulduzchalar hamma-hammasiga o‘zlari aybdordek xokisorona mo‘ltirashadi.
Qishloqni yaylovdan qaytgan mol-holning o‘kirik-bo‘kirigi tutdi. Yem yeb o‘rgangan jonivorlar o‘zlari tegishli xonadonlar taraf ildam odimlashardi. Og‘illarda aksariyatining murg‘ak bolalari qolgan. Ular ham onalarini kutib betoqat ma’rashadi, og‘il eshiklariga o‘zlarini urishadi.
Abdumurod zarang tayoqni horg‘in sudraganicha o‘z hovlilariga yaqin keldi. Bu yerda ham qiyomat-qoyim, dashtdan qaytgan ona sovliqlar bolalarini so‘roqlab achchiq-achchiq ma’rashadi, unga javoban og‘ilxona ichidan qo‘zichoqlarning qiy-chuvi eshitiladi. Yangasi va onasi qo‘ra saranjomlash bilan band.
Shu payt darvoza yonida bir sharpa ko‘rindi. Oq oralagan sochlari o‘siq-paxmoq, ozg‘inligidan xiyla novcha ko‘rinadi. Egnidagi odmi ko‘ylagi, xuddi qo‘riqchi yog‘ochga ilingan matoday shalvirab turibdi. Abdumurod Omonmurodni darrov tanidi.
“Akam kelibdi-da”, yalt etib xayolidan o‘tdi uning. Bu o‘ydan xufton ko‘ngilning bir chekkasi andak yorishganday bo‘ldi. Chunki Omonmurod oxirgi marta otasi bilan janjallashib ketganida, Abdumurod akam endi qaytmasa kerak, deb o‘ylagandi. Yo‘q, Omonmurod qaytibdi! Ana, chala yongan g‘o‘laday bo‘lib, darvoza yonida turibdi.
– Assalomu alaykum, aka, – dedi Abdumurod iljaygancha Omonmurodga peshvoz yurib. – Qishloqqa ke­libsiz-da.
Omonmurod ham iljaygan ko‘yi ukasi bilan iliq ko‘rishgan bo‘ldi.
– Sizlarni sog‘indim-da.
– Qachon keldingiz?
– Peshinga yaqin. Biroz yonboshlab oyoq uzatgandim, uxlab qolibman. Hozir uyg‘onib tashqari chiqqanim.
– Charchabsiz-da.
– O‘zing qalay, Murod, – dedi aka ukasiga achingannamo ko‘z tashlab, – yuribsanmi suruv ortidan?
Abdumurod achchig‘landi.
– Boshqa nima qilay? Akaga o‘xshab munday yordam beray demaysiz.
– Sabr qilib tur, – dedi Omonmurod negadir sirli ko‘z qisib jilmayarkan, – hali hammasi zo‘r bo‘ladi.
– Kim biladi, sabr qila-qila charchadim, – dedi Abdumurod og‘ir so‘lish olib.
– Seni Qushqiyada ko‘ringaningdan beri kuzatib turibman, nega muncha osmonga alanglaysan? Yo o‘z yulduzingni izlayapsanmi?
– Yo‘-o‘g‘, – dedi Abdumurod xijolatlanib, – o‘zim shunchaki...
Omonmurod hamon ukasiga istehzoli kulimsirab, tikilib turardi.
– Yo hilol chiqishini kutyapsanmi?
– E, boring-e, – dedi Abdumurod battar uyalib, – hilolni nima qilaman? Ko‘p ezma bo‘lmang.
U shosha-pisha darvozadan kirib ketdi.

* * *

Omonmurod yoshligida xiyla xushro‘y edi. Qop-qora sochlari ko‘pirib, quloqlarini ko‘mib turardi. Qizlarnikidek qora qoshlari ostida allanechuk xumorlanib boquvchi qo‘y ko‘zlari necha-necha jononlarning es-hushini o‘g‘irlagan. Ayniqsa, kiygan kiyimi, xuddi Omonmurod uchun atay tikilganday yarashib turishini aytmaysizmi? Xullas, Pasurxi qishlog‘idan chiqqan bu xushsurat yigit poytaxtdagi oliy o‘quv yurtini bitirib, eng nufuzli, eng dovrug‘i doston teatrda ishlash orzusida yurardi. Iste’doddan ham Xudo qismagan Omonmurodning iqtidorini, qobiliyatini ustoz-o‘qi­tuvchilar ham bot-bot e’tirof etishardi. Pasurxilik bo‘lajak aktyor ham o‘z ustida betinim ishlardi. Tez-tez u-bu spektakllarning yordamchi ijrolarida, kinolarning ommaviy sahnalarida ko‘rinib turardi. Bu Omonmurodning ham tajribasini oshirsa, ham hamyonining to‘lov quvvatini oshirardi. Yaxshigina qo‘lga kiritgan gonorariga Omonmurod saxovat bilan hamsaboqlarini, ora-chora ustozlarini mehmon qilib turardi. O‘zi tug‘ilib o‘sgan tumanida esa kundan-kunga obro‘si oshib borardi.
Xullas, Omonmurod oliy o‘quv yurtini tamomlaguncha ko‘zga yaqin bo‘lib qoldi. El og‘ziga tushdi. So‘ng to‘satdan suvga tushgan ignadek yo‘q bo‘lib ketdi.
Yo ko‘zikdimi, Xudo biladi. Omadsizlikning ham­masi Omonmurod institutni bitirib, shahardagi nufuzli teatrlardan biriga ish so‘rab borgan kundan boshlangan edi. O‘shanda teatr ma’muriyati yosh aktyorni go‘yoki xushmuomalalik bilan kutib olgan bo‘ldi-yu, lekin uni ishga olish masalasini achchiq ichakday cho‘zgandan cho‘zdi. Avvaliga bo‘sh o‘rin yo‘qligini, biroz sabr qilib turish lozimligini aytishdi, so‘ngra Omonmurodning shahar doimiy qaydidan o‘tmaganini bahona qilishdi. Omonmurod hali-hanuz qishloqi sodda yigit edi. Ustiga-ustak talabalik kezlari oz-moz orttirgan shon-shuhratining shamolida hamon uchib-qo‘nib yurardi. Shu sabab teatr ma’muriyatining gap-so‘zlariga laqqa tushdi. Ularning vajlarini chin yurakdan deb qabul qildi. Erta-indin teatr jamoasiga qabul qilinishga ishonch bilan kunora hashamatli bino oldida paydo bo‘lib, goh xodimlar bo‘limiga, goh bosh ish yurituvchiga uchrashib, ivirsib yurdi. Omonmurod bunday besamar kelib-ketishlardan, havoyi orzularga berilishdan charchamadi-yu, lekin ma’muriyat charchadi. Yigitchaning sobit iroda bilan kutib yurishi ularning joniga tegdimi, yoki yosh aktyorga rahmlari keldimi, ajoyib kunlarning birida nihoyat masala uzil-kesil hal qilindi.
– Sizni direktor so‘rayapti, – dedi yuz-ko‘zi obdon bo‘yalgan xodimlar bo‘limi mudirasi, – hoziroq kirarkansiz.
Ayol bu gapni Omonmurodning yuziga qaramay, ko‘z­larini bir uyum qog‘ozdan uzmay aytdi. Omonmurodning yuragi gurs-gurs ura ketdi. Tizzalari bilinar-bi­linmas qaltiradi.
– Xo‘p, xo‘p. Hozir kiraman, – deya arang g‘o‘ldiradi u, keng zalning to‘ridagi qabulxona tomon odimlarkan.
Omonmurod direktorning huzuriga o‘sha ilk ish so‘rab kelgan kuni kirgan edi. Shundan beri ham hash-­pash degancha olti oy o‘tibdi. Keyinchalik uni yo‘­lakda, aktyorlar bo‘lmasida bir-ikki uchratdi-yu, lekin uzuq-yuluq salom berishdan nariga o‘tmadi. Sust bosdi. Chunki qarshisidagi nafaqat teatr direktori, balki butun mamlakatda dovrug‘i doston, mashhurdan mashhur aktyor ham edi-da. Uncha-muncha aktyorlar uni ko‘rdim deguncha “ustoz-ustoz”lab yetti bukilib qolishadi.
Omonmurod ming bir hayajon va hadik og‘ushida qabulxonaga kirdi. Yeng-yoqasiz, kaltagina ko‘ylagi badanini sirib turgan, qosh-kipriklari tarang tortilgan o‘q-yoyday kotiba unga savol nazari bilan qaradi.
– Sizga kim kerak, – dedi u Omonmurodni xushlamay ko‘zdan kechirarkan.
– Direktorga kirmoqchi edim.
– Qanday masalada?
– Chaqirtirgan ekan... – dedi Omonmurod uzuq-yuluq g‘udranib. So‘ng o‘zining kimligini aytgan bo‘ldi.
Kotiba minnatu iddao bilan o‘rnidan turib, qiz­g‘ish qoplamali eshikdan kirib ketdi.
Qabulxonaning keng-mo‘l derazasidan bahor mo‘­ralardi. Yam-yashil daraxtlar, shoxdan-shoxga qo‘­nib-uchib o‘ynoqlayotgan qushchalar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Cha­raqlab turgan oftob ichkarini charog‘on qilib yuborgan.
Kotiba shu kirganidan yarim soatcha yo‘q bo‘lib ketdi. Nihoyat u ko‘ylagi etaklarini bir qo‘li bilan pastga tortqilab, bir qo‘li bilan esa biroz qo‘qib qolgan soch turmaklarini to‘g‘rilab chiqib keldi.
– Kirarkansiz.
Direktor kabineti juda keng va hashamdor edi. To‘rdagi qizg‘ish stol ortida sochlari tepaga qaratib tekis taralgan, qalin qaboq ustidagi qoshlari siyrak, semiz yuzlari biroz salqi tortgan ustoz o‘tirardi. U Omonmurodning salomiga bilinar-bilinmas bosh irg‘ab alik olgan bo‘ldi.
– Xo‘sh, nimalar qilib yuribsiz? – deb so‘radi u tomdan tarasha tashlaganday.
Omonmurod dabdurustdan nima deyarini bilmay qoldi. Ustoz unga allanechuk begona ko‘z bilan qarab turardi. Shunday bo‘lsa-da, olti oylik sarguzashtlarini uzun-yuluq aytib berdi, ustozning va’dasi haqida bot-bot eslatdi.
– Uka, – dedi ustoz uzundan-uzoq esnab olgach, – gapning ochig‘i, bu yerda ortiq ovora bo‘lmang. Shtatlarni qisqartirish haqida yuqoridan buyruq olganmiz, qolaversa, shaharda propiskangiz yo‘q. Xullas, endi bu yerda ko‘p o‘ralashmay, viloyatingizga qaytib ketavering. Axir u yoqda ham teatr bor, madaniyat uylari bor. Ko‘ringan odam poytaxtda qolib ketaversa nima bo‘ladi? Xullas, uka...
Xullas, “uka”ning qilichi sinib, qalqoni teshilib direktor huzuridan chiqdi. Ish yo‘q. Butkul rad etildi.
Omonmurod qachon teatr hududidan chiqqanini, qachon uning yonidagi qahvaxonaga kirganini bilmaydi. Butun borlig‘ini zulmat qoplagandi. Quloqlari ostida direktorning qilichdek keskir so‘zlari jaranglab turardi: “… ish yo‘q. Viloyatga qayting...”
Omonmurod yoniga kelgan, oq etak tutgan xizmatchi qizga ikki yuz gramm aroq va gazak uchun narsalar buyurdi. Odatda u ichkilikka sira qiziqmasdi. Ora-chora, tug‘ilgan kun, to‘yu tantana munosabatlari bilan bir-ikki qultum yutishini hisoblamasa, Omonmurod kayvonilar boplab ta’riflaydigan, ichmaydigan "binoyi" yigitlar sirasiga kirardi. Biroq ayni paytda u qanday qilib aroq buyurtma qilganiniyu, bundan ne maqsadni ko‘zlaganini o‘zi ham bilmasdi. Nazarida, hozir to‘yib-to‘yib ichishi, hamma-hammasini unutishi kerakdek edi.
– Mumkinmi?
Qo‘llariga iyak tirab parishon o‘tirgan Omonmurod ovoz kelgan tomonga cho‘chib o‘girildi. Uning shundoqqina tepasida yoshi oltmishlarni qoralagan, yuzlari serajin, egniga ancha urinib qolgan ko‘ylak kiygan, siyrak sochlariga quyuq oq oralagan Orif Yo‘lchi turardi. Omonmurod uni ko‘rib, odatdagidek na hovliqdi, na shoshdi. O‘zini tanimaslikka olib turaverdi.
– Yoningizga o‘tirsak maylimi? – dedi Orif Yo‘lchi sigaret va quyuq qahvadan sarg‘ayib ketgan tishlarini ko‘rsatib iljayar ekan.
Omonmurod beparvo ishora qildi.
– Marhamat, o‘tiravering.
Orif Yo‘lchi stullarning birini og‘ir g‘ijirlatib cho‘kdi. Yigitga allanechuk istehzoli ko‘z tashlab qo‘ydi.
– Arog‘ingizga meni ham sherik qilasizmi?
Omonmurod bu gapga ne deb javob berishni bilmay, yelka uchirib qo‘ya qoldi.
Orif Yo‘lchi ham taniqli aktyorlardan. Talabalar o‘rtasida u haqida ham tez-tez suhbatlar bo‘lib turardi. Suhbatlar ba’zan uch-quyruqsiz bahslarga, tortishuvlarga aylanib ketar edi. Ayrim talabalar Orif Yo‘lchini yuksak iste’dodli, buyuk aktyorlar safiga qo‘shsa, ba’zilari uni o‘rtamiyona hisoblashardi. “Itning orqa oyog‘i” deb ochiq-oshkora masxara qilishardi ba’zilar. Ular buning isboti tariqasida Orif Yo‘lchining shu paytgacha birorta ham jiddiy bosh rolni ijro etmaganini, yuksak Davlat mukofotiyu unvonlari yo‘qligini ro‘kach etishardi. Omonmurod bunday bahslarga dadil aralashmasa-da, o‘sha paytlar shon-shuhratli talaba bo‘lgani uchunmi, har qalay u ham ich-ichida Orif Yo‘lchini omadsiz, o‘rtamiyona aktyor deb hisoblar, bir unga achinsa, bir ensasi qotar edi. Ich-ichida o‘zicha Tangriga ham iltijo qilib qo‘yardi: “Yo Xudo, shundaylardan bo‘lib qolishimdan o‘zing asra!”
Mana, non-nasiba ekan, bugun o‘sha, o‘zi bir paytlar o‘xshab qolishdan cho‘chigan Orif Yo‘lchi bilan yuzma-yuz o‘tiribdi.
– Adashmasam, siz Omonmurod Norboev bo‘lsangiz kerak, – dedi Orif Yo‘lchi, xizmatchi qiz keltirgan aroqni betakalluflik bilan o‘zi tomon surib qo‘yarkan.
Yigit sergaklanib bosh irg‘adi. Bosh irg‘arkan, o‘zining taniqliligidan, hatto, Orif Yo‘lchi ham uni bilishligidan ko‘ngli bir qur yorishib ketdi.
– Meni qaerdan taniysiz? – deya nomiga so‘rangan bo‘ldi.
– Qaerdan bo‘lardi, – dedi Orif Yo‘lchi yigit uchun keltirilgan aroqni qadahga quyib o‘zi sipqorib yuborarkan, – ijrolaringizni ko‘rganman, odatim shunaqa, yosh aktyorlarning ijodini erinmay kuzatib boraman. Harqalay, harakatlaringiz yomon emas.
Orif Yo‘lchi gazak uchun keltirilgan ko‘kat-sab­zavot to‘g‘ramalarini yutoqib chaynay boshladi. Shu orada yonlaridan o‘tib qolgan xizmatchi qizga o‘n six kabob va olma sharbati keltirishni buyurdi.
– Bugun sizni bi-ir mehmon qilay, – dedi Orif Yo‘lchi, grafindagi qolgan aroqni yana o‘z qadahiga quyib olarkan, – qolgan gaplar keyin.
Omonmurod uni angrayib kuzatib turardi. O‘zicha Orif Yo‘lchining yangi bir qirrasini, ya’ni shilqim aroqxo‘r ekanini ham kashf etganday bo‘ldi. Biroq uning qo‘lidan o‘zi buyurtma qilgan, keksa aktyor tap tortmay sipqorib yuborgan arog‘ini tortib olishga negadir jur’at etolmadi. G‘udranganicha Orif Yo‘lchiga “bemalol, bemalol” deb qo‘ydi. Shu orada xizmatchi qiz olma sharbati va o‘n six kabob keltirib qoldi.
– Qani, sharbatdan iching siz, – dedi keksa aktyor yigitga imo qilib, so‘ng dabdurustdan so‘radi, – teatr­ga ishga kirdingizmi?
Omonmurod bosh chayqadi.
– Yo‘q, kirolmadim.
– Nega?
Omonmurod to‘lib turganidanmi, yo Orif Yo‘l­chining allanechuk ochiq chehrasi ma’qul keldimi, ish­qilib boshidan kechirgan ovoragarchiliklarni oqiz­may-tomizmay aytib berdi.
– Shunaqa deng,– dedi Orif Yo‘lchi istehzoli iljaygan ko‘yi bosh chayqarkan. Uning istehzosi teatr ma’muriyatiga qaratilgan edi.
– Ha, bo‘sh o‘rin yo‘q, deyishdi.
– Qani, kabob sovib qolmasin, Omonmurod, tezroq tinchitaylik buni.
Qiziq, Orif Yo‘lchining betakalluf, qo‘pol qi­liqlari tobora yigitga yoqib borardi. Hatto, ko‘n­gilsizliklarni unutib ishtahasi ochilib ketdi. Keksa aktyor yana yuz gramm aroq keltirib ichdi. Omonmurodga bir tomchi ham quyib bermadi.
Qahvaxonada xo‘randalar siyrak edi. Sinchiklab qaragan kishi ularning aksariyati teatr xodimlari ekanini darov bilib oladi. Suhbatlar ham shu atrofda: ijrolar, spektakllar...
– Endi gap bunday, Omonmurod, – dedi Orif Yo‘lchi, nihoyat, kabob paqqos tushirilgach, – ertaga shu payt, shu yerda yana uchrashamiz. Men sizni teatrga ishga olishlarini iltimos qilib ko‘raman.
Ertasi kuni Omonmurod kelishilganidek hoziru nozir bo‘ldi. Biroq baribir kechikibdi. Orif Yo‘lchi kechagi stol ustini nozu ne’matlarga to‘latib, iljaygan ko‘yi yigitni kutib turgan ekan! Yeguliklar qatorida turgan grafinning bo‘sh turishiga qaraganda keksa aktyor allaqachon tomog‘ini ho‘llab olgan.
– Marhabo, marhabo, Omonmurod Norboev, – dedi u keng quloch yoyib, – teatrimizning, san’atimizning porloq ertasiga xush kelibsiz.
Orif Yo‘lchining iltifotlari yoqib tushdimi, yo uning avzoyidan ish bitganini sezdimi, harnechuk, Omonmurod quvonch va hayajondan biroz dovdirab qoldi. Keksa aktyor bilan kalovlanib ko‘rishib, poyintar-soyintar so‘rashgan bo‘ldi.
– Qani, dasturxonga marhamat, – dedi Orif Yo‘l­chi, – sovib qolmasdan paqqos tushiraylik.
Ular so‘zsiz ovqatlana boshlashdi. Ora-chora keksa aktyor Omonmurodning oilasi haqida, o‘qishlari haqida uzuq-yuluq savol bergan bo‘ldi. Lekin yigitning nazarida u javoblarni loqaydlik bilan eshitganday tuyulib, biroz og‘rindi. Orif Yo‘lchi yana ichdi. Omonmurodning olcha sharbati to‘la piyolasiga cho‘qishtirib, ortiqcha mulozamatsiz aroq sipqordi.
Kech kirib kelardi. Deraza ortidan tobora qorayib borayotgan osmon ko‘zga tashlanadi. Qahvaxonaning qay bir burchidagi magnitofondan hazin kuy taralmoqda.
– Gap bunday, Omonmurod, – dedi Orif Yo‘lchi, dasturxon uchun xizmatchi ayol bilan hisob-kitob qilib yuborgach, – siz ishga qabul qilindingiz. Ertadan boshlab mening guruhimda repetitsiyalarni boshlayverasiz. Kadrlar bo‘limiga uchrashing. Bo‘pti, ertagacha xayr. Yaxshi dam oling.
Orif Yo‘lchi ortiqcha gap-so‘zsiz, yigit tomon bir sho‘x ko‘z qisdi-yu o‘rnidan turdi. So‘ng allanechuk yengil qadamlar bilan, hatto tuzukroq xayrlashmay, tashqariga chiqib ketdi.
Omonmurod hangu mang bo‘lib qoldi. Xuddi sehr­langan baqaday keksa aktyorning ortidan angraygancha qotdi. Ko‘ngli beadoq minnatdorchilikka to‘lib toshgan edi. Lekin u so‘zga aylanib bo‘g‘zidan otilib chiqishga iymanganday, butun vujudini jo‘shtirib turardi.
– Rahmat, Orif aka, – dedi arang u hayajon bilan o‘rnidan turarkan.
U tashqariga chiqib keksa aktyorni topish uchun tevarakka alangladi. Lekin Orif Yo‘lchi g‘ira-shira qorong‘ulikda ko‘zga tashlanmadi. Shu payt Omonmurod taxtaday qotdi. Nogoh u ko‘k toqida tillaqoshdek yarqirab turgan hilolni ko‘rib qolgandi. Negadir beixtiyor o‘pkasi to‘lib, ko‘zlariga yosh qalqdi.
Ertasi kuni hammasi silliqqina kechdi. Xodimlar bo‘limidagi ayol allaqanday qog‘ozga qo‘l qo‘ydirib oldi-da, hisobchiga yo‘lladi. Biroq Omonmurod quvnoq kayfiyatda hisobchining xonasi tomon yo‘l olarkan, orqasidan xodimlar bo‘limi mudirasi ma’nodor qarab qolganini sezmadi. Ittifoqo, hisobchi ham yigitni, allaqanday qog‘ozga qo‘l qo‘ygach, ortidan ma’nodor nigohlar bilan ta’qib qilib qoldi.
Shunday qilib, Omonmurod Norboev – iste’dodli yosh aktyor, Orif Yo‘lchining guruhida ish boshladi. Keksa artist uni bir qadam ham yonidan jildirmas edi. O‘zi rejissyorlar bilan gaplashib, yigit uchun ikki-uch kichik-kichik rollar olib berdi.
Kunlar shu tariqa o‘tib borar edi. Hash-pash deguncha uch oy ortda qoldi. To‘satdan falokat ro‘y berdi. Yarim tunda allaqaysi qahvaxonadan mast holda chiqqan Orif Yo‘lchini mashina turtib ketibdi!
Bu xabarni eshitgan Omonmurod kasalxona manzilini aniqlab o‘sha yoqqa yugurdi. Butun vujudini xavotir, tahlika egallagandi. Yo‘l-yo‘lakay dilida, tilida bir iltijo aylandi: “Yo Xudo, ustozimni asra, dardini arit!”
Biroq charxi kajraftor deganlari chin ekan! Orif Yo‘lchi kasalxonadan chiqmay jon berdi. Omonmurod chinakamiga, xuddi o‘z otasidan ajrab qolganday o‘kirib-o‘kirib yig‘ladi. Uning yig‘laganini ko‘ribmi, har qalay, Orif Yo‘lchining karaxt turgan farzandlari ham ko‘zlariga yosh olishdi. Lekin ne baxtki, Omonmurod ustozi bilan vidolashishga ulgurdi. O‘sha kuni u halloslab yetib kelganida Orif Yo‘lchi butun a’zoi badani oppoq doka bilan o‘rab tashlangan ko‘yi, goh-goh hushidan ketib yotardi. Biroq u Omonmurodni tanidi.
– Sen, Xudo xohlasa, buyuk aktyor bo‘lasan, – dedi pichirlab, zo‘rg‘a-zo‘rg‘a nafas rostlab.
Omonmurodning ko‘ziga yosh quyilib keldi.
Orif Yo‘lchi qazo qilgach, u chinakam o‘g‘il, chinakam shogird sifatida hamma ma’rakalarda bel bog‘lab turdi. Hatto, cho‘ntagidagi oz-moz jamg‘armasini ham xarj qildi. Lekin ko‘ngli to‘q edi. Chunki oy oxirlab borar, yigitning chamasiga ko‘ra, u ba’zi bir gonorarlarini qo‘shib hisoblaganda yaxshigina maosh olishni mo‘ljallardi.
Hayot shunday g‘alati, shunday sirli ekan. O‘lgan o‘lib, tiriklar yana turmush tashvishlari bilan andarmon bo‘lib ketaverar ekan. Kun o‘tgan sayin Omonmurod ham ustozining o‘limiga ko‘nikdi. Ish haqida o‘ylay boshladi. Orif Yo‘lchining ma’rakalari o‘tgach, bir kun dam oldi-yu, yana teatrga yo‘l oldi. Yangi spektakl­dan kichik bir rol tekkan, mashg‘ulotga ulgurish kerak.
Tevarakda kuz sharpasi kezib yurardi. Yo‘l chekkasidagi daraxtlar horg‘in va ma’yus holda xazon sochadi. Yoz jaziramasining shashti xiyla susaygan. Ahyon-ahyon shamol allaqaerdandir parqu bulutlarni haydab keladi.
Omonmurod xayolan oy sanasini eslarkan, tuyqus maosh kuni ekanini bilib quvonib ketdi. Shu sabab avvalo kassa tuynugi tomon oshiqdi.
– Norboev, siz avval direktorga uchrashar ekansiz, – dedi kassir qiz, ko‘zlarini allaqaergadir olib qochib.
– Nega? – ajabsinib so‘radi Omonmurod.
– Bilmadim... tez uchrashsin deb tayinladilar.
Omonmurod ming bir xayol bilan qabulxona tomon yurdi. Chindan ham teatr direktori uni kutib turgan ekan. Lekin bu gal u o‘rnidan turib, yosh aktyorni xushmuomalalik bilan kutib oldi. Direktor allanechuk bezovta edi. Quyuq sochlarini panjalari bilan tez-tez asabiy taroqlardi.
– Hayot shu ekan-da, Murodboy, – dedi u og‘ir bir so‘lish olib, – yaxshi bir ijodkor do‘stimizdan ajralib qoldik. Orif akani Xudo rahmatiga olgan bo‘lsin.
Omonmurod bosh egib xomush o‘tirardi.
– Xo‘-o‘sh... uka, – gapida davom etdi direktor. Shu barobarida sarosimalanib goh u, goh bu qog‘ozga bemaqsad qo‘l cho‘zardi, – achchiq bo‘lsa ham sizga bir sir­ni ochishga majburman. Biz... biz sizni rasmiy ishga olganimiz yo‘q.
– Nima?
– Bilasiz... bo‘sh o‘rin yo‘q edi. Lekin rahmatli Orif aka oyoq tirab turib oldi. Shu yigit teatrimizdan ketmasligi kerak, dedi. Men vaziyatni tushuntirdim. Shunda Orif aka antiqa taklif tashladi. Omonmurod teatrda olti oycha ishlab turadi, shu payt ichida unga oylikni o‘z yonimdan berib turaman, dedi. Men ham o‘ylamay-netmay xo‘p deb yuboribman. To‘g‘rirog‘i, Orif akaning chin ko‘ngildan gapirganiga ishonmagan edim. Keyin bilsam… u kishi jiddiy aytgan ekan. Kadr­lar bo‘liminiyam, buxgalterniyam shunga ko‘ndiribdi. Ular go‘yoki sizga rasmiy qog‘ozlarga qo‘l qo‘ydirgandek bo‘lgani bilan, aslida Orif aka o‘z cho‘ntagidan pulni maosh sifatida sizga topshirgan.
Omonmurod taxtaday qotib qoldi. Tomog‘iga qattiq bir danakdek narsa tiqilganday bo‘ldi. Ko‘z oldi tobora qorong‘ulashib borardi.
– Endi bu oycha maoshsiz ishlab turasiz, kelgusi oydan biz sizni rasmiy ishga qabul qilamiz. To‘g‘rirog‘i, Orif akaning hurmati uchun shunday qilamiz...
Omonmurod direktorning gapi tugamasdan beixtiyor irg‘ib turib yo‘lakka otildi. Undan shitob bilan teatr bog‘iga chiqdi. Chiqdiyu, shu payt tomog‘iga tiqilib turgan narsa o‘kirik bo‘lib bo‘g‘zidan otildi. Ko‘zlari quyilib kelayotgan yoshdan xira tortdi.
Yo‘q, Omonmurod teatrda qolmadi. To‘g‘rirog‘i, har bir ustuni, har bir jihozi Orif Yo‘lchini eslatib turgan bu go‘shada ortiq xotirjam yurolmasligini, bemalol ishlayolmasligini tuyqus anglab yetdi.
Omonmurod o‘z viloyatiga ketishga qaror qilgani haqida direktor o‘rinbosariga quruqqina aytdiyu, o‘sha kuniyoq, oqshom payti poezdga o‘tirdi. Poezdga o‘tirarkan, shahar bilan butkul xayrlashish maqsadida tevarakka yaxshilab nazar tashladi. Shu lahza... shu lahza osmon toqining bir chetida uch-to‘rt mitti yulduz qurshovida diydirabgina turgan hilolga ko‘zi tushdi.

* * *

Dunyoda afsonalar ko‘p, rivoyatlar ko‘p. Afsonayu rivoyatlarga bog‘liq muqaddas joylar, muqaddas udumlar ko‘p. Xususan, pasurxiliklar ham hilol ilk balqqan uch kechani g‘oyat muqaddas sanashadi. Yangi oy miltirabgina turgan oqshom osmonga ko‘zi tushgan har bir yoshu qari beixtiyor duoga qo‘l ochadi, entikadi. O‘z tilaklarini, orzuyu armonlarini aytishga oshiqadi. Aytishlaricha, ya’ni, afsonalarda tilga olinishicha, xuddi hilol balqqan kecha Pasurxi qishlog‘ining kunchiqar tomonidagi Taqirqir yon bag‘rida Kokildor ota paydo bo‘larmish. Kimda kim ul zotni ko‘rib, ikki-uch og‘iz suhbatlashish baxtiga muyassar bo‘lsa, jamiki orzu- niyatiga erishar ekan. Uzoq umr, farovon hayot unga yor bo‘larkan. Ba’zi bir duoxon lo‘lilar lutf etganday, ham taxtidan, ham baxtidan tegar ekan!
Kokildor otaning muborak qiyofasini ko‘rganlar ham, ko‘rmaganlar ham e’zozu ehtirom ila bir xil ta’riflaydi. Bosh-adoq oppoq kiyingan. Qo‘lida buk­ri hassa. Qosh-kipriklari ham oppoq. Lekin negadir o‘ng qulog‘i ustidan bir qarichcha tushib turgan kokili qop-qora. Odamlar Kokildor ota qiyofasini behuda bu qadar ipidan ignasigacha tasvirlamaydi. Bunda o‘ziga xos saboq bor. Kimda kim hilol balqqan kecha Taqirqirda shunday qiyofadagi qariyani ko‘rsa, demak, u Kokildor otani ko‘rgan bo‘ladi. Lekin o‘pkasi yo‘q, hovliqmalar ham ko‘p. Nosir hisobchi bir gal hilol balqqan kecha Taqirqir yonbag‘rida Kokildor ota­ni ko‘rdim deb butun dunyoga jar solgan. “O‘lay agar, oppoq kiyimda ekan” degan u og‘zidan tupuk sachratib. Lekin ko‘p o‘tmay, o‘sha oppoq libosdagi qariya, kampirining dag‘dag‘asidan qo‘rqib, Taqirqirga sarpoychan qochib chiqqan Pardaboy oqsoqol ekani ma’lum bo‘ldi. Nosir hisobchi mulzam tortib qoldi. Shundagina Taqirqirda ko‘ringan har qanday sharpaga sajda qilib qolmay, odamlar og‘zida bot-bot takrorlangan alomatlarning bor-yo‘qligiga e’tibor berish lozimligiga iqror bo‘ldi. Ayniqsa, uning qop-qora kokiliga, egri hassasiga diqqat qilish kerak. Nosir hisobchi esa oq ko‘ylak-ishtonning shamolda yelkandek shishishini ko‘rishi bilanoq orqasiga qaramay qochgan. Qo‘rquv va hayajon iskanjasida Kokildor otaga yo‘liqqan chog‘ unga e’zozu hurmat bilan salom berishi kerakligini, u bilan suhbatlashish zarurligini ham unutgan.
Ha, Pasurxida Kokildor otaning nomi va sha’ni shunday ulug‘lanadi. U zot haqida dard va iztirobga limmo-lim, bir-biridan qiziqarli afsonalar yuradi. Odamlar bu xil rivoyatlarga shak-shubhasiz ishonadi. Kokildor otaga xoh yashirin, xoh oshkora e’zoz-ehtirom ko‘rsatadi.

* * *

Qadim-qadim zamonlarda, Surxon-Boysun tomonlarda bir kichkinagina podsholik bo‘lgan ekan. Bu mamlakat kichkinagina bo‘lsa-da, el-ulusi ahil, turmushi to‘kin va farovon ekan. Odamlarning yaxshiligidan, hukmdorlarning odil va mehribonligidan Tangri ham bu podsholikdan o‘z rahm va marhamatini darig‘ tutmas ekan. Bahorda dala-dashtini parrandayu darrandalarning o‘zlari shudgor qilib, o‘zlari urug‘ qadar ekan. So‘ng­ra vaqti-soati yetib, hosil yetilgach, don-dunni chumoli-qumursqalar lashkari odamlarning omborlariga ta­shib berishar ekan. Bog‘lar-chi, bog‘larni aytmaysizmi? Chor­bog‘lardagi mo‘l-ko‘l hosilni sho‘x shamollar avaylabgina yerga to‘kib, xirmon qilishar ekan. So‘ngra uni kishilarning o‘zlari xohlaganicha yeb, xohlaganicha g‘amlab olishar ekan. Lekin ularning eng yaxshi ko‘rgan amali, dalalarida, chorbog‘larida yetishtirilgan hosilning yarmisini xayru ehson qilish ekan. Xayru ehson qilganda ham yashirincha, hech kimga ovoza qilmasdan, minnatu ta’madan xolis ravishda bir-birlarining uylariga tashlab ketishar ekan. Qizg‘anchiqlik, hasad-adovat, baxillik va yovuzlik bu mamlakat odamlariga yot bo‘lgan. Balki shuning uchundir bu yurtni Sarsara, ya’ni tozalarning tozasi deb atashgan.
Xullas, Sarsaraning dovrug‘i butun dunyoga mash­hur bo‘libdi. Do‘stlar kulib, dushmanlar kuyibdi. Lekin bu ko‘hna dunyo shunchalar makkor, shunchalar chigalki, kundan-kun uning jumboqlariga javob topolmay, lolu hayron qolasan. Boshingni ming bir toshga ursang-da, uning ne bir siru sinoatini anglayolmay giryon o‘tasan. Ko‘hna dunyoning ajab hollaridan biri shundaki, bag‘riga yaxshilarni qancha ko‘p joylagan bo‘lsa, tag‘in yana shuncha yomonlarni ham qo‘ynida yayratib qo‘yibdi. Xuddi shunday badkirdor insonlardan biri sulton Sarmast edi. Sulton Sarmast ulkan bir mamlakatning ulkan bir hukmdori ekan. Qattiqqo‘l va yovuz, johil va ochko‘z bu tojdor o‘z xalqining qonini zulukdek so‘rib, azob-uqubatga qo‘yar ekan. Mamlakati xarob, eli och-yupun bu hukmdor boshqa qo‘shni podsholiklarga ham tez-tez bosqinchilik va talonchilik yurishlari qilib turar ekan. Kunlardan bir kuni xufyalaridan biri sulton Sarmastga Sarsara yurtining ta’rif-tavsifini yetkazibdi. Shunday go‘zal va obod yurtning daragini eshitgan yovuz hukmdor tinchini yo‘qotibdi. Qanday qilib bo‘lsa ham Sarsarani bosib olishni, boyliklarini talab, el-ulusni qul qilishni rejalashtiribdi. Shunday maqsadda o‘z amir-amaldorlariga katta lashkar to‘plashni buyuribdi. Aslida bu yurtda lashkar to‘plash unchalik qiyin ish emas ekan. Chunki och-yupun odamlarga qay yo‘l bilan bo‘lsa ham bir burda non topishning qanday farqi bor? Ular bir burda non ilinjida hech narsadan qaytishmaydi: lashkar desang lashkar bo‘ladi, chavkar desang chavkar bo‘ladi. Sulton Sarmastning ham katta yutug‘i xuddi shunday och-yupun xalqi ekan. Xullas, bu badkirdor hukmdor qo‘shin to‘plab, Sarsara sari yurish boshlabdi. Ular yo‘l yursa ham mo‘l yurishaverishsin, endi ikki og‘iz so‘zni Sarsara tomondan eshiting.
Sulton Sarmastning katta qo‘shin to‘plab kelayotganini eshitgan Sarsara podshosi, amir-amaldorlari zudlik bilan himoya choralarini ko‘rishga kirishibdi. El-ulus o‘z ulug‘larining chaqiriqlariga labbay deb javob bergan. Xullas, eng avvalo mamlakat hududi baland va mustahkam devor bilan o‘ralibdi. Lashkar yaxshi harbiy ta’lim olibdi. Yovuz dushmandan himoyalanish uchun barcha chora-tadbir ko‘rilibdi.
Lekin hamma balo shunda ediki, sarsaraliklar tabiatan tinchlikparvar, taraqqiyparvar xalq bo‘lgani uchun ularda na askar, na qurol-yarog‘ bor edi. Jangchilik, qon to‘kish ularga yot edi. Shu sabab tuyqus kelgan ko‘rgulikdan sarsaraliklar butkul gangib qolishgan. Ne qilish kerakligini, ne bir chora-tadbir ko‘rish kerakligini bilishmagan.
– Ey, xaloyiq, – debdi shunda ulug‘ yoshli oq­so­qollardan biri, – bizning yakkayu yagona himoya­chimiz, suyanchimiz yaratgan Tangri, kelinglar, baland toqqa chiqib Tangriga iltijo qilamiz, faqat O‘zidangina najot so‘raymiz.
Bu fikr el-ulusga ham, yurt rahnamolariga ham ma’qul bo‘libdi. Sarsaraliklar mamlakat hududidagi baland tog‘ etagiga yig‘ilibdi. Ulug‘ yoshli oqsoqol va yana uch-to‘rt ibodatgo‘y, taqvodor kishi cho‘qqiga ko‘­tarilibdi.. ular iltijo bilan duo qilishibdi.
– Ey, pok va qudratli Tangri! Biz hamisha senga ibodatda bo‘ldik. Amringga bo‘ysundik. Lekin bugun boshimizga falokat kelib turibdi. Yovuz va osiy bir bandang ustimizga qilich qayrab kelmoqda. Yo, Tangri, o‘zing ularga kifoya bo‘lgin. Bizni zolimning zulmidan O‘zing asra.
Xalq gulduros ovozda duoga jo‘r bo‘lib turibdi: “O‘zing asra!” Odamlarning qiy-chuvi, iltijo va o‘tinchi shu qadar jaranglabdiki, yeru ko‘k larzaga kelibdi. Larzaning zarbidanmi yo boshqa bir sababdanmi, iltijo va nolalar har gal gulduros bilan takrorlanganda tog‘ o‘z-o‘zidan bir quloch-bir quloch pasayar ekan. Nihoyat u kichik bir taqir qirga aylanib qolibdi. Shu asnoda xalq iltijosiga javoban sarsaraliklar ustidan g‘alati bir qush, g‘alati tovushda sayraganicha uchib o‘tibdi. Uning sayrog‘ida “omonlik”, “omonlik” degan so‘z yaqqol sezilib turar ekan. Bu mujdadan mutaassir bo‘lgan xalq sajda qilganlari holda yer quchib, Tangriga beadoq shukronalar aytishibdi. Ular sajda qilgan ko‘yi shukronalar aytaverishsin, ikki og‘iz so‘zni yov tomondan eshiting.
Sulton Sarmast Sarsara g‘ira-shira ko‘rinib turadigan behudud yalanglikka beadoq lashkarlari bilan qo‘nalg‘a qurgan edi.
Hammalari betoqat. Tezroq urush boshlab Sarsarani g‘orat qilishni istaydi. Ayniqsa, och-yupun lashkar ochko‘zlik va tashnalik bilan Sarsara tomon tish qayrab ko‘z tashlaydi. Lekin xuddi shu lashkar ichida Kokildor laqabli bir oqko‘ngil, pokiza yigit bor ekan. Uning o‘ng qulog‘i ustida bir qarichcha o‘sib turgan kokili bo‘lgani uchun teng-to‘shlari shunday deb atashar ekan. Bu kokilning ham o‘ziga yarasha rivoyati bo‘lgan. Rivoyat shulki, yigit ona qornidan shu kokili bilan tug‘ilgan. Balki bunga uning taqvodor, ibodatgo‘y ota-onasi sabab bo‘lgandir? Har qalay, ular sop-sog‘lom tug‘ilgan bolaning kokili bejiz emasligini, bunda biror hikmat borligini anglashgan. Anglashgan va yaratganga beadoq shukronalar aytishgan, bolalariga pokizalik, obidlik tilashgan. Qarangki, Kokildor chindan ham shunday inson bo‘lib voyaga yetgan. Qarangki, tevaragi jabr-zulm, riyo va yolg‘on, qashshoqlik va haromxo‘rlikka to‘la bo‘lishiga qaramay, u haq yo‘lidan ozmagan. Hamisha yaxshilik ta­rafida bo‘lgan. Ezilganlarga, xo‘rlanganlarga ko‘­mak bermoqqa oshiqqan. Lekin ming afsuski, Kokil­dorning bunday oqko‘ngilligi, olijanobligi qavmdoshlari orasida qadr topmagan. Barchalari uning ustidan ku­­­lishar ekan. Saxovatli, tantiligini nodonlikka, kal­tafahmlikka yo‘yishar ekan. Mabodo Kokildor yaxshilik va ezgulikka chorlab pand-nasihat qilsa, uni masxaralab haqoratlashar, hatto tosh otib, kaltaklashar ekan. Bechora yigit nima ham qila olardi? Hammasini Xudoga solib, afsus- nadomat bilan bosh chayqab qo‘yardi, xolos. Xuddi shunday qayg‘uli kunlarning birida, uning qayg‘usiga qayg‘u qo‘shilib Sarsara ustiga yurish boshlanadi. Kokildor Sarsara haqida ko‘p va xo‘b eshitgan edi. U yerning oqko‘ngil, mehnatkash va halol qavmiga havasi kelib yurardi. O‘zi ham juda ko‘p bor o‘sha yoqqa bosh olib ketishni niyat qilgan. Biroq ichidagi bir ovoz bunga mone’lik qilardi: “Sen shu yerda ko‘proq keraksan, qavmingni tashlab ketma”.
 Kokildor ich-ichidan bu ilohiy da’vatga beixtiyor bo‘ysunardi. Dala-dashtda cho‘ponlik qilib yurgan bu yigitni ham lashkar safiga majburlab olishadi. Bir-ikki bor askarlikdan bosh tortganida uni sulton navkarlari qattiq kaltaklashadi. Kokildor noiloj Sarsara urushiga jo‘naydi. Lekin kechayu kunduz ibodat qiladi, duo qiladi: "Yo, Tangrim, qavmimga insof va diyonat ber, yo Tangrim, Sarsarani o‘z himoyangga ol. Men mazlum bandangga to‘zim ber”.
 Kokildor odatda, tunlari, ovloq bir dashtlikka chiqib ibodat va iltijo qilar edi. Shunday tunlarning birida lashkar qo‘nalg‘asi tevaragida aylanib yuborgan sulton Sarmast va uning yonidagi mulozimlari Kokildorni tutib olishadi.
“Qaydan kelyapsan?” – deb so‘rashadi undan.
“Ibodat qilib oldim”, – deb soddalik va oq­ko‘ngillik bilan javob beradi yigit.
Sulton Sarmast unga ko‘p ham e’tibor bermaydi. “Ibodat qilsa qilibdi-da”, degan xayolga boradi. Lekin uning yonida yovuz folbini bor edi. U yigitni zimdan kuzatarkan, darrov hushyor tortadi.
“Hazratim” – deydi sulton Sarmastga yaltoq­lanib, – bir qoshiq qonimdan keching, sizga bir sirni ochaman.”
“So‘yla, qariya”.
“Menga ilohiy payg‘om yetdi, bu yigit sizga va saltanatga katta falokat olib keladi. Uni darhol qatl aylamoq lozim”.
Sulton Sarmast kibru havo bilan qah-qaha otib kuladi. Folbinning gaplariga ishonmaydi. So‘ng beparvolik bilan deydi:
“Qo‘yaver uni, qariya. Bunaqa ibodatgo‘y lapashang­lar birinchi jangdayoq o‘lib ketadi. Sho‘rlik, mening marhamatimdan o‘shangacha yashab tursin!”
Sulton Sarmast yana qah-qaha otib kuladi. Folbinning qayta-qayta aytgan gaplariga quloq solmaydi. Xullas, shunday qilib, Kokildor muqarrar o‘limdan omon qolibdi.
Sarsaraliklar sahar chog‘i tog‘ etagida ibodat va iltijoni boshlab yuborishgan bir paytda Kokildor ham uyg‘oq edi. Qo‘nalg‘a yonidagi ulkan xarsang ustida mung‘ayibgina o‘tirardi. Sarsaraliklarning gulduros solgan iltijo va nolalari yov qo‘nalg‘asiga ham eshitilib turardi. Bu guldurosdan hatto Sulton Sarmast va uning xos mulozimlari uyg‘onib ketishadi. Avvaliga hangu mang bo‘lishgan. So‘ng bu gulduros iltijo va nola tovushi ekanini anglashib, huzur qilishgan. “Eh, nodonlar, – debdi hatto Sulton Sarmast, – Tangridan najot so‘raguncha, mendan shafqat so‘rasalaring bo‘lmaydimi?”
So‘ng, miriqib qah-qah otib kulibdi. Mulozimlar ham unga qo‘shilib qah-qah urishibdi.
Bu paytda Kokildor hanuz harsang ustida tek qotib o‘tirar, ich-ichida Tangriga iltijo qilar ekan. Bir payt osmondan g‘alati bir qush paydo bo‘lib, g‘alati bir tarzda sayray boshlabdi. Kokildorning tevaragida charx urib uchibdi. Shunda yigitning qulog‘iga bir ilohiy sas eshitilibdi: “Shu qushga ergash”.
Kokildor qush yer bag‘irlab uchgan tarafga qarab yura boshlabdi. Hayronu lol bo‘lganidan anchagina yurib qo‘yganini sezmay qolibdi. Yigit qushga ergashib bir sayxonlikka tushibdi. Shu asno qush uning qo‘liga qo‘nib, qanotlari bilan kaftini silabdi-da, so‘ng sal naridagi kichik bir tosh bo‘lagi ustiga qo‘nibdi. Kokildor butkul hayronu lol. Qush qanotlari bilan o‘sha tosh bo‘lagini silabdi. Tosh shu lahzadayoq quyma oltinga aylanibdi. Qush esa g‘alati sayragan kuyi yigit tevaragida yana bir karra charx urgach, tuyqus ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi. Kokildor bu siru sinoatni darrov anglab yetibdi. Darhol yerdan bir tosh bo‘lagini olgan ekan, qo‘lidagi shu lahzadayoq oltinga aylanibdi. Yigit ko‘zida yosh bilan iltijo qilibdi: “Yo, Tangrim, meni siylab, karomat ato etganing uchun O‘zingga ming bora shukr. Qasamki, ne’matingni faqat yaxshilikka ishlataman”.
O‘shanda Kokildor sayxonlikdan ko‘ngli tog‘day ko‘tarilib qaytgan ekan. Lekin uni sulton folbini qo‘ygan ayg‘oqchi kuzatib yurganini yigit bilmas edi. Qo‘nalg‘a yonida ayg‘oqchi Kokildorning yo‘lini to‘sib chiqibdi.
“Men hammasini ko‘rdim!” – debdi u badxohlik bilan tirjayib.
“Qo‘lingni ber”, – debdi yigit xotirjam qiyofada.
Ayg‘oqchi ilkini uzatibdi. Kokildor uning kaftini bir silagan ekan, ayg‘oqchining qo‘lida bir uyum oltin paydo bo‘libdi.
“Lekin bu sirni hech kimga ayta ko‘rma, – debdi Kokildor, – agar aytsang, oltining tuproqqa aylanib qoladi”.
Ayg‘oqchi tirjayibdi.
“Aytib, o‘libmanmi, tuya ko‘rdingmi, yo‘q”.
Ayg‘oqchi sharpaday qilpanglab ko‘zdan g‘oyib bo‘­libdi.
Kokildor o‘sha tunda har bir chodirga kirib, uy­qudagi har bir askarning kaftini silab chiqibdi. Yigit faqatgina soqchilar hushyor qo‘riqlayotgan sulton qarorgohiga kirolmabdi, xolos.
Ana endi ertalab tomoshani ko‘ring. Sahar chog‘i uyg‘ongan askarlar mundog‘ qarasa, har birining qo‘y­ni to‘la tillo emish. Ular avvaliga hangu mang qo­lishibdi. So‘ng boyliklarini bir-biridan yashirishga kirishibdi. Endi ular aysh-ishrat qilishni istab qolishgandi. Jang qilib, o‘lib-netib qolishni hech bi­ri xohlamasdi. Shuning uchun keyingi tunda askarlar yakka-yakka, to‘p-to‘p bo‘lib yashirincha qo‘nalg‘adan qochib ketishibdi.
Sulton Sarmast ertalab ne ko‘z bilan ko‘rsinki, lashkar qo‘nalg‘asi huvillab yotibdi. Hammayoq to‘zg‘in. U darg‘azab bo‘lib xos mulozimlarini so‘roqqa tutadi.
“Nima gap? Bu ne hodisot?!”
Mulozimlar lom-mim deya olishmaydi.
“Ey, olampanoh, – deb gap boshlaydi shunda folbin, – bu hodisaning siri menga ayon”.
“So‘yla, qariya”.
“Bu o‘sha, siz qatl etishga rozi bo‘lmagan ibodatgo‘y yigitning ishi”.
Folbin shunday deb siru sinoatni o‘zi bilganicha ta’riflab-tavsiflab beradi.
“Tutinglar o‘sha Kokildorni!” – deb bo‘kiradi sulton o‘z xos navkarlariga.
Hukmdorning bu farmoni ibodatgo‘y Kokildorga ayon bo‘lgan ekan. U qochoq askarlarga qo‘shilib, qirma-qir, dashtma-dasht oshib ketayotgan joyida soch-soqoli oppoq, egri hassa tutgan qariyaga aylanib qolibdi. Biroq ne holki, uning o‘ng qulog‘i ustidagi kokili qop-qoraligicha hilpirab turaveribdi. Folbin boshchiligida askarlarni ta’qib etib, Kokildorni izlab kelayotgan navkarlar ibodatgo‘y yigitni tanishmagan. “Hoy, chol, yo‘ldan qoch” deb yonginasidan o‘tib ketishgan. Biroq tulkiday ayyor, ilonday zaharli folbingina cholga e’tibor berib qarabdi. Lashkar ichida bu qariya nima qilib yuribdi, degan shubha ko‘nglidan kechibdi. Shunda u cholning o‘ng qulog‘i ustida hilpirab turgan qop-qora kokilini payqab qoladi. “Bu o‘sha, o‘sha yigit!”
Folbin bir guruh navkarlarga cholni tutishni buyuradi. Kokildor lashkardan ajralib, tik tog‘ tomon qochibdi. Bu orada xiyla kech tushib qolgan ekan. Osmonda uch kunlik hilol balqib turar ekan. Sulton nav­karlari Kokildorni darhol o‘rab olishibdi. Shunda yigit ko‘kka qo‘l cho‘zib iltijo qilibdi: “Yo, Tangrim, o‘zing madad ber!”
Bir payt hilol yog‘dulari yerga arg‘amchiday eshilib tushibdi. Kokildor esa darhol nur arqonga osilib osmonga chiqib ketibdi.
Alqissa, Sarsara mamlakati shu taxlit yovuzlar bosqinidan omon qolgan ekan. Sulton Sarmast va uning ochko‘z lashkari o‘sha dashtu biyobonda oltin, boylik talashib, o‘zaro jang qilib, qirg‘inga uchrabdi. Buning hamma-hammasini Kokildor yigit hilol ustida turib kuzatib turgan ekan. U hanuz tirik emish. Hilol balqqan tunlari ahyon-ahyon yerga tushib, yaxshi insonlarga yo‘liqar emish. Kimki, Kokildorning suhbatiga muyassar bo‘lsa, uning tole’i porlab, rizqu nasibasi butun, izzat-obro‘si baland bo‘lar ekan. Shu sabab ham bu avliyo zotni el-ulus ardoqlab Kokildor ota deb atashar ekan.

* * *

Bu qadimiy, mahzun va masrur rivoyatga birov ishonadi, birov ishonmaydi. Lekin hamma ham o‘sha serxislat, serhimmat avliyoga yo‘liqishni, o‘z dardu hasratini aytib najot so‘rashni va alal-oqibat uning sohir duosidan kushoyish topib, murod-maqsadlariga erishishni, baxtiyor, saodatmand insonga aylanishni juda-juda xohlaydi. Aytishlaricha, pasurxilik Jabbor, Nurilla, Eshim deganlar qachonlardir Kokildor otaga duch kelishgan ekan. Shu sabab iqbol yulduzlari porlagan ekan. Eshim hozir Eshim Pirimqulovich, Jabbor esa Jabbor Gurganovich, har ikkisi ham poytaxtda ishlashadi, nufuzli amaldorlardan. Nurilla esa viloyatda eng epchil, eng boy-badavlat tadbirkorga aylangan. Yegani ham, yemagani ham oldida. Bir-ikki marta Kokildor otaning haqiga deb Taqirqirda qo‘y so‘yib, xudoyi ham qilgan. Bu haqda pasurxiliklar hali-hanuz og‘izlaridan dumba yog‘i tomdirib gapirib yurishadi.
Qishloq ahlining barmoq bukib, qayta-qayta hi­sob-kitob qilishicha, tabarruk avliyoga eng oxirgi yo‘liqqan pasurxilik, bu – Eshmirza. U bundan to‘rt yil avval, yo‘qolib qolgan qari echkisini kechki payt Taqirqir tomonlarda izlab yurgan mahali Kokildor otaga duch kelgan. Kokildor ota yigitchaga ro‘yxushlik ko‘rsatgan, mol savdosida suyagi qotgan bo‘lgani uchunmi, yigit ham tuyqus uchrashuvdan dovdirab, o‘zini yo‘qotib qo‘ymagan. Butun rasm-rusumini kelishtirib tabarruk avliyo bilan gaplashgan. O‘z orzu-tilaklarini aytgan. Eshmirzaning keyinchalik to‘lib-toshib hikoya qilishicha, u Kokildor otaga obdon tavoze’ ko‘rsatgach, uch yildan beri universitetga o‘qishga kirolmayotganini aytibdi. Avliyo uning haqiga duo qilibdi. O‘sha yoz Eshmirza chindan ham o‘zi orzu qilgan universitet talabasi bo‘ldi. Uning bot-bot qasam ichib ta’kidlashicha, imtihon chog‘i to‘g‘ri javoblarni kimdir qulog‘iga shivirlab turgandek bo‘libdi.
Eshmirzaga omad kulib boqqan yili Abdumurod ilk bor shahar bilan to‘qnashgan va ilk bor peshonasidan lat yeb, ya’nikim, o‘qishga kirolmay qaytgan edi. Ammo u hali tushkunlikka tushmagandi. Kelgusi yili albatta talaba bo‘lishiga ishonardi. O‘zini osmondagi yulduzni benarvon uradigan uchar, zukko bilimdon hisoblardi. Biroq ming afsuski, Abdumurod tag‘in ikki yil ketma-ket yiqildi. Imtihonlarda hatto o‘sha birinchi yildagi natijaga ham erisha olmadi. Bu hol yigitchaning ruhini sindirdi, shashtini pasaytirdi. Endi u najot istab to‘rt tarafga javdiraydigan bo‘ldi. Abdumurod ayniqsa bir narsadan juda-juda qo‘rqardi. Gulchehrani yo‘qotib qo‘yishdan! Gulchehradan ayrilib qolishdan. Aslida uning poytaxtdagi institutga intilishiga ham sabab shu. Abdumurod quralay ko‘z sinfdosh qizga munosib bo‘lishni istaydi. Tamom-vassalom.
O‘tgan yoz, g‘alati bir voqea yuz berdi. Abdumurod ikkinchi gal ham o‘qishga ilasha olmay, dardu dunyosi qorong‘u bo‘lib, birovlarning ko‘ziga ko‘rinishga ham yuzi chidamay, uyda ko‘kragini zaxga berib yotardi. Bir payt akasining jajji qizalog‘i yoniga keldi.
– Aka, sizzi Guli opam chaqiryapti, – dedi u kimdir bergan yaltiroq konfetni og‘ziga solarkan.
– Qaysi Guli? – istar-istamas po‘ng‘illadi Abdumurod.
– Gulchehra opam... menga konfet berdi.
Abdumurod ilkis qad rostladi.
– Sizni maktab bog‘iga kelsin dedi.
Abdumurod konfet yeyish bilan ovora jiyanining yuzidan cho‘lpillatib o‘pdi-da, dik etib o‘rnidan turib, apil-tapil kiyinishga tutindi.
Maktab soylikka yaqin joyda edi. Chindan ham uning tuzukkina bog‘i bor. Berdi muallim maktab bog‘­bonligini ham o‘z zimmasiga olgan. Tirikchilikka har­na-da...
Gulchehra aldamagan ekan. U kattakon qayrag‘och soyasida allaqanday gazetani o‘qib o‘tirar, goh o‘sha gazeta bilan yelpinib-elpinib olardi.
Abdumurod uni ko‘rib beixtiyor to‘xtab qoldi. Gulchehra kundan-kunga chinakam guldek chiroy ochib, yal-yal yashnab borardi. Havorang ko‘ylagi andak to‘lishib qolgan qiz qomatini sirib, uni yanada jozibaliroq ko‘rsatardi. Qalin, qop-qora sochlarining turmaklari ham o‘ziga yarashgan. Bir so‘z bilan aytganda, shahar havosi, talabalik hayoti Gulchehraga ancha yoqqanligi sezilib turardi.
Abdumurod sekin hushtak chalib kelganini bildirdi.
– Voy, Murod, salom, – deya Gulchehra o‘rnidan dik etib turdi. Jilmaygan ko‘yi sinfdoshiga qo‘l uzatdi.
– Salom, – deb qo‘ydi Abdumurod qizning oppoq, lo‘ppi qo‘lidan botinmaygina tutib ko‘risharkan.
Gulchehra sinfdoshining bu yil ham o‘qishga kirolmaganidan xabardor edi. O‘tgan gal, do‘kon yonida tuyqus uchrashib qolib biroz hasratlashishgan edi.
– Hali ham xafa bo‘lib yuribsizmi? – dedi Gul­chehra jilmayib. – Qo‘ying-e, sizga yarashmas ekan.
– Juda sharmanda bo‘ldim-da, – deb po‘ng‘illadi Abdumurod.
– Umidsizlanmang, kelgusi yil albatta kirasiz.
Qizning shirin so‘zlari, samimiy, beg‘ubor jilmayib turishlaridan Abdumurodning ko‘ngil g‘ash­lik­lari tumandek tarqab ketdi. Uning o‘rnini al­laqanday surur va quvonch egalladi.
– Rahmat, rahmat sizga, Guli, – deya oldi Abdumurod arang, yurak g‘alayonlarini ifodalashga boshqa so‘z topolmay.
Ikkovlon bir-biriga ancha payt so‘zsiz tikilib turib qolishdi. Har ikkovining ham bir-biriga aytar gaplari ko‘p edi. Lekin kerakli so‘zni topolmay qiynalishar va bu shirin qiynoqdan huzurlanishardi.
– Dadam beda o‘rib qo‘ygan ekan, – dedi nihoyat Gulchehra, daraxtzor ortiga ishora qilib, – shuni bog‘­lab chiqishni menga tayinlagandi. Qarasam, bir o‘zim eplay olmaydiganga o‘xshadim, shuning uchun sizni chaqirtirgandim, uzr, sinfdosh.
Abdumurod shunday go‘zal, ustiga-ustak, talaba qizning shuncha qishloq yigitlari orasidan atay uni tanlab chaqirganidan osmonu falaklarda beqanot uchib yurardi. Mastu mustag‘raq edi.
– Yaxshi qilibsiz, Guli, – dedi u hayajonli bir tovushda, – bekorga ham uyda bijg‘ib yotgandim. Meni ochiq havoga olib chiqib ko‘p savobga qoldingiz.
Ular yengilgina kulishib olishdi. So‘ng bog‘ etagidagi bedazor tomon yonma-yon ketishdi.
Avgust quyoshi ayovsiz qizdirardi. Xiyla qaqrab qolgan daraxtzor allanechuk qoramtir tusda ko‘zga tashlanadi. Oyoq ostidan ohista ko‘tarilgan chang, unda-bunda hurpayib turgan o‘t-o‘lanlar yantoqlar ustiga ohista qo‘nadi.
Berdiqul muallimning bedapoyasi anchagina bor ekan. O‘n-o‘n besh kun avval chalg‘ida o‘rib chiqilgan beda tutamlari, yerda bir tekisda yoyilib, qurib-qovjirab yotardi. Tevarakni allaqanday dasht o‘t-o‘lanlarining hidi tutgan.
Ular ishga kirishdilar. Abdumurod qovjiroq be­da uyumlarini chaqqongina bog‘lam holiga keltirar, Gulchehra esa unga shpagat ipidan bir quloch-bir quloch kesib uzatib turardi.
Yigit qizning oppoq bilaklariga, goho engashgan payt chala-yarim ko‘rinib qoladigan bo‘liq ko‘kraklariga o‘g‘rincha ko‘z tashlar ekan, allaqanday yoqimli hislarga chulg‘anar, bu hislardan battar hayajonlanar, battar kalovlanar edi. Ayniqsa, ip uzatgan paytlari qizning lo‘ppi barmoqlariga dag‘al qo‘llari tegib ketarkan, go‘yo elektr simini bexos ushlab olganday butun a’zoi badani jimirlab ketardi.
Ular chamasi bir soat vaqt ichida hamma o‘rilgan bedani bog‘-bog‘ qilib chiqishdi.
– Rahmat sizga, Murod, – dedi Gulchehra sinfdoshiga ichgali suv uzatarkan, – sizsiz juda qiynalardim.
– Qo‘ysangiz-chi, Guli, arzimagan ish-ku bu.
Abdumurod yelim idishdan suvni to‘kib-sochib, yutoqib icha boshladi. Gulchehra uni zavq bilan kuzatib turardi.
– Qora ishga qolganda Alpomish ekansiz, – dedi u andak noz bilan.
Abdumurod qizning maqtovlaridan o‘ng‘aysizla­nib, ichkisi kelmasa-da yelim idishni yana og‘ziga olib bordi.
– Murod, kelgusi yozgacha poytaxtda ishlab tur­sangiz-chi, – deb qoldi bir mahal Gulchehra. Uning qu­ralay ko‘zlari nimanidir chamalayotganday, rejalashtirayotganday andak qisilib, andak suzilib turardi.
– Qanaqa ish? – ajabsindi Abdumurod.
– Shu... shunaqa ish-da. Ana... ko‘plar ishlab yuri­shibdi-ku...
– Mardikorchilik qil, deyapsizmi?
– Shunday desa ham bo‘lar. Nimasi yomon buning?
Abdumurod kallasiga kaltak tekkandek, gandirak­lab ketdi. Ham uyatdan, ham g‘azabdan bo‘g‘riqdi.
– E’tiboringiz uchun rahmat, – deb po‘ng‘illadi u. So‘ng qo‘lidagi idishni bir chekkaga uloqtirib, ilkis yurib ketdi.
Gulchehra hangu mang qotib qoldi. U Abdumurodning xatti-harakati hazil yo chinligini bilolmay sarosimada edi. Qiz es-hushini yig‘ib olguncha Abdumurod xiyla uzoqlashib ketdi.
– Murod! – deb qichqirdi Gulchehra, tuyqus o‘ziga kelib, – Murod, to‘xtang! Sizga nima bo‘ldi?
Lekin sinfdoshi to‘xtamadi. Unga javoban bir qo‘l siltab qo‘ydi-da, yurishni jadallashtirdi. Gulchehra uning ortidan uch-to‘rt qadam qo‘ydi-da, yana to‘xtadi. So‘ng negadir xo‘rligi toshib beixtiyor yig‘lab yubordi.
Qayrilmay, telbalarcha odimlayotgan Abdumurod ortidan ko‘z yosh qilib qolgan qizni ko‘rmadi. Uning xayolida bir-biridan alamli, bir-biridan nafratli o‘ylar palaxmon toshiday charx urardi.
“Mardikorlik qil dedi-ya?! Ustimdan kuldi-ya?! Bu kuningdan o‘l demoqchi-da?! Tengim emassan demoqchi-da?!”
Abdumurod bir dardi ming bo‘lib, ich-ichida far­yod urib uyiga yetib keldi. U shu-shu yana odamovi bo‘lib qoldi. Lekin Gulchehradan qanchalar xafa bo‘lgan esa-da, ichi-tashi qanchalar nafratga to‘lib-toshgan bo‘lsa-da, qizni yana shunchalar sog‘inar, uni yana ko‘rgisi kelardi. Biroq yigitlik g‘ururi ustun kelibmi, Gulchehra bilan uchrashishdan o‘zini tiydi. Bu orada yozgi ta’tili tamom bo‘lgan Gulchehra yana poytaxtga ketib qoldi. Abdumurod esa bu qaysar qizni taslim qilishning birdan bir yo‘li o‘qishga kirish, katta obro‘-e’tiborga erishish degan qat’iy fikrga keldi. O‘qishga kirish esa... hanuz ushalmas armon. Shunday nochor-notavon kunlari Abdumurod tuyqus Eshmirzani esladi. Uning baxtli uchrashuvi yodiga tushdi.
“Men ham Kokildor otaga yo‘liqsam edi...” – degan xayol omadsiz yigitchaga tinchlik bermay qo‘ydi.
Hilol balqqan kechalari tez-tez Taqirqirga chiqib keladigan bo‘lib qoldi. Biroq zim-ziyo tunda hech kimni uchrata olmay noumid ortiga qaytardi.
Bu gal Abdumurod boshqacha niyat qilgan. Hilol chiqsa, Taqirqirga borib to tong otgunga qadar o‘sha yerlarda kezinadi. To Kokildor ota uchraguncha yuraveradi. Kerak bo‘lsa, hilolga boqib bo‘zlaydi. Tabarruk avliyoni yerga chorlaydi. Mayli, ko‘rganlar nima desa deyaversinlar. Ustidan kulishsa ham, butun qishloqqa gap-so‘z qilishsa ham mayli. Lekin Kokildor otani ko‘rsa, unga niyatini aytsa, oxir-oqibatda o‘qishga kirsa, bas. U buning uchun hamma narsaga tayyor.
Abdumurod talasha-talasha oxurdan yem yeyayotgan qo‘ylarga xomush tikilib turarkan, shularni xayolidan o‘tkazdi. Yurak-bag‘ri beadoq anduhga to‘ldi. So‘ng boshini ohista ko‘tarib osmonga qaradi. Lekin beixtiyor quyilib kelgan yoshdan ko‘zlari xira tortib hech narsani ko‘rmadi.

* * *

O‘sha xudoyida Omonmurod ham qatnashgan. Katta qirning bir chetida istehzoli iljayib o‘tirgan. Chunki u bunday afsona-cho‘pchaklarga shubha bilan qarardi. Lekin iste’dodli bir ijodkor sifatida bunday ertak-rivoyatlar zamirida el-ulusning orzu-armonlari yashiringanini, kishilar xuddi shunday avliyonamo zotlarning ko‘magiga, marhamatiga mangu muhtoj bo‘lib kelishganini chuqur anglardi. Anglagani uchun ham xalqning ishonchiga, udumiga hurmat-izzat bilan qarash kerak deb hisoblardi. To‘g‘ri, huv o‘shanda, Orif Yo‘lchi unga yo‘liqqan o‘sha oqshomda, ko‘k toqiga zeb berib turgan hilolni ko‘rib, nogoh Kokildor ota afsonasini eslagandi. Nazarida ulug‘ avliyo Orif Yo‘lchi qiyofasida unga duch kelgandek tuyulgan va ko‘nglida allaqanday umid paydo bo‘lgandi. Biroq viloyat markazidagi teatrda ish boshlagach, tag‘in mashaqqatlar girdobida qolib o‘sha umidlari so‘ndi. Yangi ishxonada Omonmurodni ma’muriyat ko‘p ham xushlamasdi. Unga hech bir jiddiy rol berishmadi. Holbuki, poytaxt tuprog‘ini yalab qaytgan, uncha-muncha ustozlarning nazariga tushgan bu yosh aktyorning qobiliyatini, iste’dodini tuzukkina payqab turishardi. Hoynahoy, hammamizdan o‘zib ketadi, mansab kursimizni egallab qo‘yadi, degan badbin o‘ylarda unga xayrixohlik qilishni istashmasdi. Ustiga-ustak Omonmurod rostgo‘y, betga-chopar inson edi. Teatrda qo‘yilayotgan asarlarning aksariyati xom-xatala, sayoz va quruq ekanligini ro‘y-rost aytib, katta-kichik yig‘inlarda baralla tanqid qilib qolardi. Teatrni o‘z tomorqasiga aylantirib olgan ba’zi birovlarni ayamay fosh qilardi. Biroq, ko‘kka tuflasang yuzingga tushadi deganlaridek, bunday ha­qiqatparastlikdan sho‘rlikning faqat o‘zigina jabr ko‘rardi. Rahbariyat, aktyorlar uning qarshisida ilja­yib turishsa-da, orqavarotdan bu yosh aktyorni siquvga olishga, e’tibordan qoldirishga harakat qilishardi. Omonmurod jamoaning o‘ziga ko‘rsatayotgan sovuq munosabatini avvaliga nazar-pisand etmadi, ishonch-ixlos bilan ishga kirishdi. Albatta, hammasining mehrini, hurmatini qozonaman degan umidda edi u! O‘lib-tirilib mehnat qildi. Omonmurodning teatr­ga, san’atga nisbatan o‘z qarashlari bor edi. Sahnaga qo‘yilgan har bir asar, tomoshabinning yurak-yuragiga singib ketishi, ularni ruhan boyita olishi, ko‘ngillarida umid chiroqlarini yoqishi kerak deb hisoblardi. Ammo uning bunday ezgu his-tuyg‘ulariga barcha-barcha loqayd va istehzoli qarashardi. (Har holda Omonmurodga shunday tuyulardi). Bu noxushlik uni butkul ruhan yerga urdi. Ustiga-ustak oila masalasida ham omadi chopmadi. O‘zi sevgan, misli farishta bilib ardoqlagan qiz ham, to‘ydan so‘ng yalmog‘izga aylandi-qoldi. U Omonmurodni nazariga ilmay, shallaqilik qilar, har narsani bahona qilib janjal chiqarar, kunora ota-onasinikiga ketib qolar edi. Bu ham yetmaganday oshkora xiyonat yo‘liga kirdi. Bunga Omonmurod o‘z ko‘zi bilan guvoh bo‘ldi. Guvoh bo‘ldi-yu, lom-mim demay, yelkasiga to‘nini tashlab uyidan chiqib ketdi. Butkul bosh olib ketdi. Ishxonadan ko‘rayotgan jabru jafolari ustiga oila mojarolari ham qo‘shildi-yu, Omonmurod butkul mag‘lub bo‘ldi. Ichkilikka berildi. Mast-alast ko‘cha-ko‘yda yumalab yotadigan bo‘ldi. Bundan dushmanlari kulib, do‘stlari kuydi. Mana, ikki yildirki shu ahvol. Yigit topgan puliga mayxo‘rlik qiladi, yengiltak juvonlarga ilakishadi. Ijarada turgan katalakdek hujrasi to‘zg‘ib-bijg‘ib ketgan. Ustiga kiyadigan tuzukroq kiyimi ham yo‘q. O‘zi ham ozib-to‘zib, qoq suyakka aylangan. Ora-chora hech qursa bir marta qorin to‘yg‘azib ketish ilinjida qishloqqa kelishini hisobga olmaganda, Omonmurod o‘z qarindosh-urug‘laridan ham butkul uzilishib qolgan. Endi bu yog‘iga qanday kun ko‘rishni, qanday tirikchilik qilishni bilolmay boshi garang.
O‘zi tug‘ilib o‘sgan xonadon darvozasi yonida ma’­yus turarkan, Omonmurod ana shularni xayolidan o‘tkazdi. Ich-ichini kuydirib kelayotgan dard-hasratni butkul chiqarib tashlamoqchiday, chuqur-chuqur uf tortdi. Chor-atrofiga g‘amgin ko‘z tashladi.
Shom qorong‘usi qurumday quyulib kelardi. Qay bir xonadonda dog‘lanayotgan yog‘ hidi havoni tutgan. U yer-bu yerdagi g‘o‘zapoya, pichan g‘aramlari qop-qora sag‘anadek ko‘zga tashlanadi. Dala ishlaridan horg‘in qaytayotgan kishilar ahyon-ahyon sharpadek ko‘zga tashlanib qoladi.
Omonmurod ukasi Abdumurodni qandaydir bo‘­lakcha mehr bilan yaxshi ko‘rardi. Shuning uchunmi, garchand uni ahyon-ahyon ko‘rsa-da, ukasining dard-hasratlarini teran anglardi. Boya ham qo‘y-qo‘zilarga ergashib, ko‘kka alang-jalang qilib kelayotgan Abdumurodga ko‘zi tushdi-yu, inisining niyatini darrov payqadi. Abdumurod osmondan hilolni izlayapti! Yangi oy chiqishini betoqat kutyapti! U Taqirtog‘da Kokildor otaga yo‘liqish, undan najot so‘rash orzusida. Abdumurod bu dunyoda hammadan umidini uzgan. Birgina ilinji endi faqatgina o‘sha afsonadan.
“Akaga o‘xshab bunday yordam ham beray demaysiz”.
Abdumurodning bu gapi to‘la o‘kinch, to‘la o‘pka-gina edi. U shunday deb darvoza yonida turgan Omonmurodga o‘z xafagarchiligini bildirib o‘tdi. Lekin o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib turgani uchun akasidagi ichki bir o‘zgarishni payqamadi.
Bu o‘zgarish bir oycha avval boshlangan edi. O‘shan­da cho‘ntagida bir chaqasi ham yo‘q Omonmurod torgina hujrasida isqirt, janda ko‘rpaga burkanib uxlab-uxlayolmay, turib-turolmay yotar, azob-ma­shaq­qatlardan zada ko‘nglida o‘z-o‘zini o‘ldirish rejasi shilliqqurtday g‘imirlar edi. Bir payt ko‘zi ilinganini bilmay qoldi. G‘alati bir tush ko‘rdi. Tushida Orif Yo‘lchi Taqirtog‘da cho‘nqayib o‘tirgan emish. Tinmay Omonmurodni yoniga chorlar emish. Bunday qarasa, uning yonida ukasi Abdumurod xandon kulib turgan ekan. Oldida bir suruv qo‘y-qo‘zi o‘tlab yuribdi. Omonmurod harchand urinsa-da ustozi tomon borolmas emish. Shundagina oyoq-qo‘li mahkam bog‘langanini anglabdi. Tepasida teatr direktori tamaki tutatgan ko‘yi tirjayib turgan emish. Orif Yo‘lchining: “Omonmurod, sen buyuk aktyorsan, sen buyuksan! Tur o‘rningdan, tur!” degan ovozi baralla eshitilib turardi.
Omonmurod jon holatda o‘rnidan turishga, qo‘l-oyog‘ini bo‘shatishga urinibdi.
Shunda u cho‘chib uyg‘onib ketdi. G‘arq terga botgan, o‘ng oyog‘i janda ko‘rpaning yirtig‘iga kirib qolgan ekan.
Omonmurod ko‘rgan tushidan o‘ziga kelolmay ancha payt shipga termulib yotdi. Yuragi gurs-gurs urardi. U ko‘rgan tushini miridan sirigacha eslashga, ta’birini anglashga harakat qildi. Biroq jo‘yali biror fikrga kelolmadi. Lekin ich-ichida bir iliqlik, bir yorug‘lik paydo bo‘lganini payqadi.
“Yo‘q, bunday zaiflik menga to‘g‘ri kelmaydi, o‘zimni qo‘lga olishim kerak, – deya xayolidan o‘tkazdi Omonmurod, – ustoz menga tanbeh beryapti, o‘rningdan tur deyapti”.
Yigit irg‘ib o‘rnidan turdi. Vannaxonaga o‘tib obdon yuvindi. So‘ng hujrasini tartibga keltirgan bo‘ldi. “Endi og‘zimga bir qultum ham olmayman”, – xayolida qat’iy ahd qildi Omonmurod. U avvaliga ahdimda turolmasam kerak degan xavotirda edi. Yo‘q, hali irodasi kuchli ekan. Ichkilikdan butkul tiyildi. Hamkasblarining istehzoli qarashlariga e’tibor bermay, o‘z yumushlari bilan astoydil shug‘ullana boshladi. Shu alfozda o‘n-o‘n besh kun o‘tdi. Omonmurod to‘satdan qishloqni qo‘msay boshladi. Lekin cho‘ntaklari bo‘m-bo‘sh edi. Hatto yo‘lkiraga ham puli yo‘q. Yaxshiyam shu orada teatr ro‘parasidagi institutda ishlovchi bir tanishini uchratib qoldi. Tanish ruhshunoslikka oid ilmiy risolasini tahrir qilib berishni iltimos qildi. Omonmurod bajonudil rozi bo‘ldi. Va nihoyat yaxshigina xizmat haqi oldi. Omonmurod qo‘liga pul tushgach, bozorga yugurdi. Otasiga mahsi-kalish, onasiga jun ro‘mol sotib oldi. So‘ng, tag‘in rejasidagi ba’zi bir xaridlarni qilgach, darhol qishloq yo‘liga otlandi. Negadir u o‘z-o‘zidan shoshilar, butkul begona yurtga borayotganday hovliqar, hayajonlanar edi. Nazarida hamma uni ilhaq-intizor kutayotganday tuyulardi. Biroq keldi, ko‘rdi. Afsuski, hech kim u qadar sog‘inib qolmagan ekan. Hatto olib kelgan sovg‘a-salomlari ham ota-onasining chiroyini ocholmadi.
Omonmurod chuqur tin olib tobora quyuqlashayotgan qorong‘ulikka ma’yus tikildi. So‘ng yulduzlar birin-ketin jilvalanayotgan samoga yuzlandi. Yuzlandi-yu osmon toqining bir chetida, allaqanday g‘uborlar ortida xiragina qalqib turgan hilolga ko‘zi tushdi.
“Yangi oy chiqibdi! Hilol ko‘rinibdi!” – beixtiyor shivirladi uning lablari. Negadir yuragi hapqirib ketdi. Uzoq izlagan qadrdonini tuyqus uchratgan odamday entikdi.
“Buni ukam ko‘rdimikan? Lekin juda xira ekan”, xayolidan o‘tkazdi Omonmurod. So‘ng xuddi birov ko‘rib qolishidan qo‘rqqanday, tevaragiga alang-jalang ko‘z tashlab darvozadan ichkariga kirdi.

 * * *

Abdumurod ham hilolni ko‘rgan edi. Mol-hollarni saranjomlab, ust-boshlarini obdon qoqarkan, so‘nggi bor osmonga umidvor termularkan, nogoh yangi oyga ko‘zi tushdi. Bir zum taxtaday qotib qoldi. Beixtiyor yuz-ko‘zlariga quvonch qalqdi. Kun bo‘yi tinkasi qurib dasht kezganiga qaramay, o‘zini allanechuk bardam-ba­quvvat sezdi.
“Salom hilol, salom azizim, – deya ich-ichida ha­y­­qirdi u, – omonmisan, men seni sog‘indim, juda-juda so­g‘indim”.
Abdumurod shosha-pisha obdastadagi suvga yuz-ko‘­zini yuvgan bo‘ldi. Ayvon ustuniga osig‘liq sochiqqa nari-beri artindi. So‘ng ichkariga bosh suqdi. Otasi Xolnazar aka xona to‘rida yonboshlab o‘tirar, siyrak soqollarini o‘ychan tutamlab nimalarnidir chamalardi. O‘rtaga yuvilaverib ohori to‘kilgan dasturxon yoyilgan. Onasi kuymalangan kuyi dasturxonga non, qand-qurs qo‘yayapti. Oshxona tomondan suzilayotgan shav­laning yoqimli isi dimoqqa uriladi.
– Assalo‘-o‘m, – ming‘irlab otasiga salom bergan bo‘ldi Abdumurod.
Xolnazar aka alik o‘rnida bosh irg‘ab qo‘ydi.
– Suruvni qaerda boqding?
– Olasho‘rda, – deb qo‘ydi Abdumurod poygakroqqa cho‘karkan.
Xolnazar akaning yuzida mamnunlik zohir bo‘ldi. Lekin u sir boy bermay norizo po‘ng‘illadi:
– Yalchitmaganga o‘xshaysan, mollar qo‘raga kirar-kirmas yemishga ot qo‘yib ketdi.
Abdumurodning jahli chiqdi. Chunki u bugun suruvni yaxshi o‘tlatgandi. Hatto ba’zi bir qo‘ylar to‘qlikdan kavsh qaytarib, yotib qolgandi. Lekin u otasiga e’tiroz bildirib o‘tirmadi. Biladiki, baribir befoyda, otasi bolalarining yumushidan mamnun bo‘lib hali hech qachon boshini silamagan, “barakalla, bolam” demagan. Qolaversa, hozir talashib-tortishishning mavridi emas. Undan ko‘ra ovqatlanib bo‘lgach, bir bahona topib ko‘chaga chiqib ketish kerak.
Ko‘k toqida xiragina qalqib turgan hilol ko‘z o‘n­gida yana bir jonlandi-yu, Abdumurod beixtiyor jilmayib qo‘ydi.
– Nega tilla topgan tentakday o‘z boshingga ish­shaya­psan? – dedi uni zimdan kuzatib turgan otasi.
– O‘zim, – ming‘irladi Abdumurod, – bir narsa esimga tushib ketdi.
Shu payt xonaga Omonmurod kirib keldi. Min­g‘irlab, dimog‘ida salom bergan kuyi otasining yoniga o‘tib omonat cho‘kdi.
– Manovi shaharlik akang esa, – deya Omonmurodga istehzoli ishora qildi Xolnazar aka, – shomgacha sasib uxladi. Bundan na ro‘zg‘orga, na davlatga naf bor.
Abdumurod, akam odatdagidek tutaqib hoziroq otam bilan aytisha ketadi degan xayolda edi. Lekin Omonmurod hamma aybini tan olgan mullavachchaday, muloyimgina jilmayib, itoatgo‘ylik bilan bosh irg‘ab qo‘ydi. Onasi quyib uzatgan issiq choydan bosib-bosib ho‘plagan bo‘ldi.
Abdumurod bu holdan yana bir karra quvondi. Ich-ichida “xayriyat” deb qo‘ydi. Zimdan akasiga ko‘z tashladi. Bildi, Omonmurod ham unga zimdan qarab turibdi. Ularning nigohlari tuyqus to‘qnash keldi. Shunda Abdumurod akasining yuz-ko‘zidan allanechuk o‘zgacha mehr, o‘zgacha xayrixohlikni payqadi. To‘g‘­rirog‘i, yurak-yuragidan his qildi. Beixtiyor jilmay­di. Akasi ham unga javoban jilmayib, ko‘z qisib qo‘ydi.
Yangasi go‘sht o‘rniga bug‘i chiqib turgan kartoshka bostirilgan bir lagan shavla keltirib dasturxonga qo‘ydi.
– Qani, bismillo, – deya laganga intildi Xolnazar aka, – qani, ovqatga qaranglar, sovib qolmasin.
Ular jim-jit ovqatlana boshlashdi. Abdumurod azbaroyi ochiqqanidan hamda shoshilganidan chala chaynab yutar, og‘zini tez-tez chapillatar edi.
Onasi odatdagidek mehribonlik bilan choy uzatdi.
– Choy ho‘plab-ho‘plab ye, bolam, tiqilib qolasan.
– Buningning odati shu, doim orqasidan yov qu­va­yotganday hovliqadi, – deb po‘ng‘illadi Xolnazar aka.
Abdumurod o‘zini oqlagan bo‘ldi.
– Bugun dashtda juda ochqab ketdim-da.
Hash-pash deguncha laganning tagi ko‘rinib qoldi. Lagan tagi ko‘ringan sayin Abdumurodning ko‘ngliga g‘ulg‘ula tusha boshladi. Axir, ko‘chaga chiqib ketishga hali bahona yo‘q! U qanchalar bosh qotirmasin, jo‘yali bir bahona topolmay garang edi. Nihoyat, lagan pok-pokiza tozalangan paytda xayoliga bir fikr keldi.
– Usta Sayfullaning ola sovlig‘i Ulbo‘sin opanikiga ketib qoldi, – dedi Abdumurod botinmaygina.
– Nega? – ajabsinib so‘radi Xolnazar aka qo‘l­larini sochiqqa artarkan.
– Bilmadim.
– Ola sovliqni usta otindan yaqinda sotib olgandi, – deya gap aralashdi onasi, – o‘sha yerdan yem yeb o‘rgangan-da, shunga ketib qolgan bo‘lsa kerak.
– Buni ustaga aytdingmi? – Xolnazar aka o‘g‘liga savolchan tikildi.
– Aytganim yo‘q.
– O‘rgildim senday cho‘pondan. Buni darrov aytishing kerak edi. Bechora usta chirqillab sovlig‘ini izlab yurgandir. Avvali hozir shu yerga bostirib keladi.
– Borib, xabar berib qo‘ysammikan, – dedi Abdumurod ehtiyotkorlik bilan.
– Xabar berish ham gapmi, – deya zarda qildi Xolnazar aka, – iloji bo‘lsa, otinnikidan sovliqni olib kelib ber. Ishingni halolla-da, serri.
Bahonasining bu qadar silliq va oson kechishini kutmagan Abdumurod biroz dovdirab qoldi.
– Xo‘p, xo‘p, – deya ming‘irladi u chaqqongina o‘rnidan qo‘zg‘alar ekan.
– It-pitlardan ehtiyot bo‘l, – deb qo‘ydi uni zimdan kuzatib turgan Omonmurod.
Abdumurod akasiga ko‘z qirini tashladi. Ularning allanechuk sirli porlab turgan nigohlari yana to‘qnashdi. Aka-uka xuddi kelishib olgandek bab-ba­ravar bosh irg‘ab, bab-baravar jilmayishdi.
– Bu bolalaring qachon pishiq-puxta bo‘ladi, bilmadim, – deya po‘ng‘illadi. Xolnazar aka kampiriga yuzlanib, – biror narsani yalchitmaydi-ya.
Abdumurod ich-ichida hayajon qo‘zg‘alib tashqariga chiqdi.

* * *

Qop-qora zulmat qo‘yniga cho‘mgan Taqirtog‘ tepasida singan qilich tig‘iday hilol yarqirab turardi. G‘uj-g‘uj yulduzlar allanechuk sirli jimirlaydi. Tog‘ tomondan g‘ir-g‘ir esayotgan muzdek epkin kun bo‘yi issiq quyosh taftidan lohaslangan borliqning hovurini bosardi.
Abdumurod qiyalik yon bag‘ridagi xarsang ustida cho‘nqaygan ko‘yi naq bir yarim soatdan beri o‘tiribdi. Tevaragini qurshagan baland-past tepaliklar qop-qora qabrning gumbazlaridek tobora vahimali ko‘rinmoqda. Qaylardadir horg‘in hurayotgan itlar tovushi elas-elas quloqqa chalinadi. Abdumurod ichu tashini tobora qoplab kelayotgan qo‘rquv, vahimani haydash uchun hayotidagi eng shirin, eng shodmon lahzalarni eslashga harakat qildi.
Abdumurod yana Gulchehrani esladi. Uning tabassum balqib turgan yuz-ko‘zlari xotirasida jonlanar ekan, qop-qora borliq nogoh yorishib ketganday bo‘ldi.
Abdumurod o‘sha maktab bog‘idagi arazidan so‘ng Gulchehrani naq olti oy ko‘rmadi. O‘ziga g‘urur, yigitlik sha’ni haqida matal to‘qib o‘z-o‘zini ovutib yurdi. Ich-ichida o‘sha arazi uchun ming-ming pushaymon qilayotganini hech tan olgisi kelmasdi. Hatto bir-ikki bor kechirim so‘rab qizga xat yozmoqchi ham bo‘ldi. Lekin qo‘li bormadi.
Gulchehra yangi yil arafasida yana qishloqqa keldi. Abdumurod uni “to‘satdan” uchratib qolish uchun zimdan yo‘lini poyladi. Aftidan qiz ham qattiq ranjigan bo‘lsa kerak, hech tutqich bermasdi. Oxir-oqibat ular uchrashdilar. Bu uchrashuv chindan ham hech kutilmaganda, tasodifan yuz berdi.
O‘sha kuni Abdumurod yangi yil oldi tuman markazidan bozor-o‘char qilib kelayotgan edi. Havo sovuq. Kuni kecha yengil yog‘ib o‘tgan qor qatron bo‘lib muzlab yotardi. Kirakash “Damas”dan tushgan Abdumurod to‘r­vaxaltasini ko‘tarib uyi tomon jo‘nadi. Shu payt bekatga yaqin uydan Gulchehra chiqib qoldi! Egnida yeng-yoqalariga momiq qoplangan kashmiri palto, boshida qizg‘ish sharf, oyog‘ida qo‘nji baland bejirim etik. Bosh-adoq shahar nazokatiga chulg‘angan bu qiz to‘g‘ri Abdumurod tomon yurdi. Yigit qadamini sekinlatdi.
– Voy, sinfdosh, – dedi Gulchehra yaqin kelgach. – Assalomu alaykum.
Abdumurod alik o‘rnida dimog‘ida ming‘irlab, bosh irg‘ab qo‘ydi. Gulchehra tabassumda yal-yal tovlanib, ko‘rishish uchun qo‘l uzatdi.
– Sizni tanimabman, boy bo‘larkansiz.
– Aytganingiz kelsin, – deb po‘ng‘illadi Abdumu­rod va xafagarchiligini bildirish uchun atay qosh-qovog‘ini uydi.
Gulchehra go‘yo hech narsani payqamaganday edi.
– Yangi yilingiz muborak bo‘lsin! – dedi u samimiy, beg‘ubor bir ohangda. – Omad, baxt hamisha hamrohingiz bo‘lsin.
– Rahmat... sizga ham.
Abdumurod arazi tarqamaganini yana bir bor ta’kidlash uchun to‘rva-xaltasini yana qo‘liga oldi.
– Kechirasiz, borishim kerak.
Yigit keta boshladi.
– Abdumurod!
Gulchehraning allanechuk sohir tuyg‘ularga limmo-lim tovushi yigitning yurak-yuragiga borib qadaldi. U yalt etib ortiga qaradi.
– Mendan xafamisiz? – dedi qiz ma’yus tikilib.
Abdumurod ko‘zlarini olib qochdi.
– Yo‘-o‘g‘... nega...
– Agar mendan o‘tgan bo‘lsa kechiring. Men o‘shanda... o‘shanda... mardikorchilik qilib bo‘lsa ham yonimda yuring demoqchi edim...
Gulchehra shunday dedi-yu, shartta ortiga burildi. So‘ng boshini xam qilganicha tez-tez yurib ketdi.
– Guli, Gulchehra, to‘xtang, – dedi Abdumurod bo‘g‘iq, hirqiroq tovushda.
Ammo qiz to‘xtamadi. Abdumurod uning ortidan ancha payt qarab qoldi. Bir payt u butun vujudi allanechuk quvonchlarga qorilib yotganini his qildi. Butun olam ko‘ziga charog‘on ko‘rindi.
O‘sha uchrashuv ularning eng so‘nggi uchrashuvi bo‘ldi. Gulchehra Abdumuroddan o‘zini olib qochadigan bo‘lib qoldi. Abdumurod esa unga yetishning birdan-bir yo‘li o‘qishga kirish degan fikrga yana qat’iy yopishib oldi.
Abdumurod xarsang ustida cho‘nqayib o‘tirgan ku­yi o‘sha so‘nggi uchrashuvni xayolida o‘tkazar ekan. Gul­chehrani sog‘inganini, juda-juda sog‘inganini qat­tiq his etdi. Taqirtog‘ uzra ma’yus shu’la sochib turgan hilolga yurak-bag‘ri o‘rtanib termuldi.
Shu payt yonginasidagi qovjiroq shuvoqlar shitirlab ketdi. Abdumurod cho‘chib tushdi. Shuvoqlar orasiga qo‘rqa-pisa ko‘z tashladi. Lekin hech narsani ilg‘ay olmadi. Hoynahoy, qandaydir tunkezar kemiruvchi yegulik izlab yurgan bo‘lsa kerak.
Lekin bu fikr yigitga taskin berolmadi. Al­laqanday qora sharpalar bostirib kelayotganday tevaragiga alangladi.
Butun borliq quyuq zulmat qo‘ynida qunishib yotar­­di. Ko‘k to‘la yulduzlar ham go‘yo nimadandir hur­kish­gandek, g‘uj-g‘uj bo‘lib qolishgan. Tun ha­sharotlari biri qo‘yib, biri olib, nolakor-nolakor chirillashadi. Nozik bar­moqdan uchgan nozik tirnoqdek hilol ham qalqib-balqib tobora uzoqlashib borayotganday tuyulardi.
“Yo‘q, behuda o‘tiribman, behuda, Kokildor ota ba­ri bir tushmaydi”, – xayolidan o‘tkazdi Abdumurod, tobora umidsizlanib. U o‘rnidan turishga chog‘landi. O‘zini juda-juda yolg‘iz va zaif his etdi. Avval hilolga, so‘ng Taqirtog‘ do‘ngliklariga so‘nggi bor xomush tikildi. Shu payt... shu payt...
Abdumurod taxtaday qotib qoldi. Qo‘rquv va hayajondan butun vujudi dag‘-dag‘ qaltiray ketdi. Axir Taqirtog‘ yon bag‘ridan oppoq bir sharpa to‘ppa-to‘g‘ri u tomonga ohista yurib kelardi.
“Kokildor ota!” – yarq etib xayolidan o‘tdi Abdumurodning. Yuragi temirchining bosqonidek gursillab ura ketdi. U beixtiyor uch-to‘rt qadam orqaga tisarildi. Ich-ichida bir tovush “Qoch! Qoch!” deya qichqirardi. Lekin Abdumurodning oyoq bo‘g‘inlari lattadek bo‘shashib qolgandi. Bu orada sharpa ancha yaqin kelib qoldi. U allaqanday oppoq matoga burkangandi. Aft-angorini qoplagan quyuq soqoli ham oppoq. Qo‘lida egri hassa. U yigitni ko‘rdi shekilli, ohista to‘xtadi.
“Kokildor ota! Kokildor ota bu!” – xayolan o‘z-o‘ziga hayqirdi Abdumurod. Qo‘rquv-tahlika chekinib, yigit so‘ngsiz quvonch va hayajon og‘ushida qoldi. U ancha dadillanib Kokildor otaga peshvoz yurdi.
– Assalomu alaykum!
Ammo tomoqlari quruqshab qolganidan tovushi allanechuk xira va bo‘g‘iq chiqdi.
– Va alaykum assalom!
Avliyoning aligidan Abdumurod hangu mang qotdi. Nazarida u emas, hilol ovoz berganday bo‘ldi. Bu ovoz shu qadar mayin, shu qadar jarangdor ediki, xuddi son-sanoqsiz oltin buyumlar bir-biriga ohista urilgandek tuyulardi.
– Yo‘l bo‘lsin, bolam. Adashib qoldingmi?! – deb so‘radi Kokildor ota egri hassasiga tayanib.
Abdumurod ne deb javob qilarini bilmay ancha shoshilib qoldi. “Sizni izlab chiqdim” deyishga botinolmadi. Uydagi bahonani aytishga qo‘rqdi.
– Ko‘ngling toza, niyating xolismi, bolam? – yana so‘radi Kokildor ota.
Uning ovozida allanechuk sehr, allanechuk ohang bor ediki, beixtiyor Abdumurodning o‘pkasi to‘lib, hiq-hiq yig‘lashga tushdi.
Harchand urinsa-da o‘zini to‘xtata olmadi. Zo‘r-bazo‘r ho‘ngrab yuborishdan tiyildi, xolos.
– Mayli, yig‘la, yig‘layver, bolam. Alhol, pok qalbdangina pok ko‘zyoshlar to‘kiladi.
– Kechiring meni, ota, – dedi Abdumurod zo‘rg‘a, hirqiroq bir tovushda, – oldingizda odobsizlik qil­dim.
– Sendan hech gunoh o‘tgani yo‘q, bolam. Qara, senga qo‘shilib hatto moh ham yig‘layapti, qara, bolam.
Abdumurod chuqur bir xo‘rsinib hilolga yuzlandi. Yuzlandi-yu hayrat-hayajoni battar ortdi. Nazarida, tillaqoshdek yangi oy battar egilib ketgandek, sarg‘ish yuzida ulkan yosh tomchisi qalqib turgandek tuyuldi.
– Bu... bu nima... nima uchun?! – zo‘rg‘a g‘udrandi yigit.
Kokildor ota boshini sarak-sarak qildi.
– U sening g‘amingga sherik, bolam. Sening ko‘ng­lingdan kechayotgan g‘ussalar unga ayon. Ayt, bolam, seni nima qiynayapti? Ne tilaklaring bor? Mana, qismat charxi aylanib uchrashib qoldik. Men ham senga hamdard bo‘lay, bolam. Haqingga duo qilay.
– Sizning diydoringizning o‘zi menga katta baxt, – dedi Abdumurod yuragi toshib. Negadir uning vujudini allanechuk nekbinlik, qanoat qoplab olgan edi.
– Tortinma, bolam. Yaxshilar haqiga duo aylab, baholi qudrat ko‘mak berish, menga ham quvonch ba­g‘ishlaydi.
– Avliyo ota, – dedi Abdumurod tiz cho‘kishdan arang o‘zini tiyib, – mening bir tug‘ishgan akam bor. Juda yaxshi inson. Faqat hech omadi chopmayapti. Oilasi ham buzilgan. Akam g‘am-qayg‘uning zo‘ridan ko‘p ichadigan bo‘lib qolgan. Iltimos, akamning haqiga duo qilsangiz.
Kokildor ota allanechuk g‘ujanak tortib, boshlarini og‘ir ekkan ko‘yi, hassasiga butkul tayanib qoldi. Yigitning nazarida Avliyo ota uning gaplarini eshitib uxlab qolganday tuyuldi. Bu holdan hatto qo‘rqib ketdi. “Yo, gaplarim yoqmadimikan”, – degan vahima xayolidan o‘tdi.
Bir payt Kokildor ota ilkis bosh ko‘tardi-da hilolga yuzlandi.
– Og‘angning ismi kim?
– Omonmurod...
Kokildor ota oppoq, keng yenglarini shalviratib, hiloldan ko‘z uzmagan kuyi, qo‘llarini duoga ochdi.
– Yo, rabbim! Bandang Omonmurodni o‘z hifzu himoyangga ol. Ulug‘lik va buyuklik ato et! Rizqu nasibasini butun ayla.
Kokildor ota tag‘in a’robiy lahjada uzundan-uzoq iltijolar qilib, nihoyat kaftlarini yuziga tortdi.
– Qulluq ota, qulluq, – deya mutaassir bo‘lib pichirladi Abdumurod.
– Ammo – dedi Kokildor ota allanechuk o‘y­chan va horg‘in tovushda, – moh yuzidagi xiralik hali arimadi, bolam. Tag‘in ne tilaging bor? Tortinmay aytaver.
– Menga ham duo qiling, ota, – dedi Abdumurod yuragi gurs-gurs urib. Negadir o‘z iltimosidan o‘zi uyalib ketdi.
– Orzuing ne, bolam?
Abdumurod sarosimalandi. U o‘z orzu-armonini tabarruk insonga malol kelmaydigan tarzda, sodda va oson qilib tushuntirish yo‘llarini izlardi.
– Manglaying keng, ko‘zlaring katta-katta ekan, – dedi Kokildor ota vazmin va yoqimli tovushda, – senga ilmu urfon, hikmat joiz. Hoynahoy, ulug‘ dargohlarda tahsil olishni istarsan?
– Ha, – dedi Abdumurod shosha-pisha. U avliyo ota­ning sezgisidan, karomatidan yana hayrat-hayajonga chulg‘andi. – Dardimni topdingiz, ota.
Kokildor ota tag‘in ilkis bosh ko‘tarib hilolga yuzlandi. Ammo bu gal ancha payt oy va yulduzlarga termulib qoldi. Shundagina Abdumurod uning pichirlab duo-iltijo qilayotganini payqadi. Tabarruk otaxonning titrab-qaqshab shivirlashlarida, in­tiq-iltijoli tebranishlarida allanechuk mahobat, ulug‘­vorlik bor edi. Bu ulug‘vorlik, sirlilik kishida g‘alati bir ko‘tarinki hislar qo‘zg‘ardi.
– Mohga qara, bolam, – dedi Kokildor ota yuziga quyuq fotiha tortarkan, – nimalarni ko‘rayapsan?
Abdumurod hayajon bilan qop-qora samoga yuzlandi. Yuzlandi-yu hilolning odatdagidan-da yarqirab, odatdagidan-da yaqinroq balqib turganini his qildi.
– Oy juda charaqlab ketdi, – deb yubordi u beixtiyor.
– Bu orzularing ushalishidan darak, bolam...
– Qulluq, ming marta qulluq sizga, ota, – dedi yigit to‘lqinlanib, entikib.
– Ammo ba’d, – Kokildor ota negadir o‘ng kaftini yuz-ko‘ziga bosib-bosib oldi, – sening orzularingga tilakdosh yana bir pokiza qalb bor. U kim?
Abdumurod kalovlandi.
– Mohga qara, bolam, – dedi Kokildor ota ohista.
Yigit hayajon bilan hilolga tikildi. Shunda u oyning yog‘dulari ichida jilmayib turgan Gulchehrani ko‘rib qoldi! Butun vujudiga shodlik, xushhollik indi.
– Ko‘rdingmi?
– Ko‘rdim, – dedi Abdumurod uyatchanlik bilan, – aniq ko‘rdim.
– U sening yo‘llaringga ilhaq. Tezroq yoniga borishing kerak. Endi, xayr, bolam. Parvardigorning o‘zi seni qo‘llasin. Qani, tezroq uyingga bor. Ota-onani xavotirga qo‘yish yaxshi farzandlarga maqbul emas.
Kokildor ota ortiq so‘z demay, vazmin va ulug‘vor qadamlar bilan Taqirtog‘ tomon keta boshladi.
– Qulluq, qulluq, – dedi Abdumurod ta’zim bilan orqaga tisarilar ekan, – yaxshiliklaringizni unutmayman, avliyo ota.
Uning yuragi shodlik va hayajonga limmo-lim edi. Butun vujudida g‘alati bir yengillik, ko‘tarinkilik sezardi. Qishloq tomon yuzlanib, qadam tashlarkan, nazarida kimdir uni opichlab olib ketayotganday tuyuldi.
Abdumurod Kokildor otani so‘nggi bor ko‘rib qo­lish uchun ortiga o‘girildi. Lekin hayratu hayajonga limmo-lim nigohlari qop-qorong‘u zulmatda hilolning zarrin shu’lalaridan boshqa hech narsani ilg‘amadi.
Abdumurod katta-katta, dadil-dadil qadamlar bilan uylari tomon yugurgilab ketdi.
Ayni paytda olam-olam quvonchga qorishib, qushdek uchib borayotgan yigitni Kokildor ota qir etagidagi xarsang panasida turib kuzatib qolmoqda edi.
So‘ng ohista yuzidagi yasama soch-soqolini yulib tashladi. Bu – Omonmurod edi! U egnidagi oppoq libosiga burkangan ko‘yi qop-qora samoga yuzlandi. Nazarida hilol ustida ustozi Orif Yo‘lchi mamnun bosh irg‘ab, qarab turganday tuyuldi.
Omonmurod beixtiyor jilmaydi.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 4-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.