Saratonning sariq chillasida sarg‘ayib, kaftdek soyaga, bir qultum zilol suvga tashna bo‘lib bir kishi yo‘l bosardi. Yo‘l tugamaydigandek, osmonga tikiladi. Qush uchib o‘tarmikin? Qush... ha, qush bor joyda suv bo‘ladi. Uning qalbini shu ojizgina istak, milt etgan shu’la, bir qatimgina nur olg‘a intilishga undardi. Yo‘l qancha og‘ir bo‘lmasin, uni bosib o‘tish kerak. Ko‘zlari to‘lguncha tikiladi. Ko‘z kosalari sarobu halqobdan to‘lguncha termulib yo‘l bosadi. Uning ko‘zlari ham negadir tashna, nenidir qidiradi, ammo, o‘sha kutgani, izlagani hamon olisda, judayam olisda bir sarob bo‘lib ko‘rinaveradi. Biroq u ortga qaytmaydi. Yo‘l bosish kerak. Qimirlagan qir oshar... bir qadam bo‘lsa-da, oldga qadam bosadi. Hech qanday kuch, hech qanday tashnalik yo mag‘lubiyat uning dunyoday keng, tog‘day ulkan, osmondek cheksiz irodasiyu orzularini yenga olmaydi. Uni yetaklayotgan kuch nima, qanday sir-sinoati bor uning... Ammo u butun umrini shunga bag‘ishlagan? Bunda qandaydir ko‘rib, qo‘l bilan tutib bo‘lmaydigan, faqat yurak anglab his qiladigan tuyg‘ugina bor. U buni biladi. Shuning uchun ham u yo‘lida sobit. Manzil esa olis... yetarmikan?...
* * *
Qahratonning qari qizdek mumsik, ko‘rbigiz ayozida, butun vujudini chimchilayotgan izg‘iringa parvo qilmay, yana bir yo‘lovchi bormoqda. Yo‘lida uchragan har neki bor — hayrat bilan tikiladi. Ayozni qarsillatib, qayoqqa ketayapti bu odam? Yo‘l yurgan sovqotmaydi. Buni yo‘lchi biladi. Bilgani sari jadallaydi. Maqsad bor, manzil bor, lekin qachon yetib boradi, manzilgacha umri yetarmikin? U hozir buni o‘ylagani yo‘q. Ko‘ziga siqquncha oldinga tikiladi. Bir qadam bo‘lsa ham yurib qolgani unga kuch beradi. Yurish kerak. Manzilga yetmoq kerak. Egni yupun — to‘shi yalang. Qor odamdek ko‘rinadi olisdan: oppoq. Bo‘ron aralash yog‘ayotgan qor unga o‘chakishgandek, uning yuziga sovuq shapaloq tortadi. Har shapaloq tushganida u yana-da olg‘a qadam bosib boraveradi. Bunga sayin tezlashayotgan kimsani ko‘rgan sovuq izg‘iringa aylanadi, bo‘ronga do‘nadi. Ammo... U yo‘lidan bir qadam bo‘lsin to‘xtamay, oldinga ilgarilayveradi. Bu yo‘lovchi ham manziliga yetarmikan?...
* * *
Besabab qush-da qanot qoqmaydi. Har bir harakat zamirida yashash ishtiyoqi bor. Bog‘imizning o‘rtasida tut daraxtiga har yili musicha in qo‘yadi. Bola ochadi. Kichkina poloponlar qanot qoqishi bilan shoxdan shoxga uchirma bo‘ladi.
Bir kuni mayna beozor musichaga tashlanib qoldi. Ona musicha qanotlari orasiga bolasini berkitgancha najot kutardi. Tabiatning o‘zgarmas qonuni-da: kuchli kuchsizga kun bermas emish... Ammo, musicha bolasi uchun jonini xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, maynaga tashlandi. Mayna bunday bo‘lishini kutmaganidan sarosimalandi, sariq tumshug‘ini ochib qochib qoldi. Inson-ku inson, jonzotning-da erki bilan o‘ynashib bo‘lmaydi. Erk, erkinlik ongli hayotning asl mohiyatidir.
...Qadim zamonda ikki mamlakat o‘rtasida nizo chiqibdi. Ularning biri yengilmas, askarlari ko‘p va qudratli ekan. Ikkinchisining imkoniyati unikidan kamroq bo‘lib, unga boj to‘lab kun ko‘rar ekan. Bir yomon kunlarda dovul qoqilib, jang kuni belgilanibdi. Harbiy jihatdan zaifroq bo‘lgan tomon esankirab, nima qilarini bilmay qolibdi. Shunda birinchi mamlakat podshosi unga chopar yuboribdi.
— Eshitdik, chiroyda tengsiz ayoling bor ekan. Uni menga bersang, askarlarimni maydondan olib ketaman. Oldin kelishganimizdek boj-xiroj to‘lab tursang bo‘ldi, — debdi.
Shoh chuqur o‘yga botibdi. Bir tomonda sevimli yori, bir tomonda vatan. Amaldorlari bilan maslahatlashibdi.
— Ne qismatki, qaysi barmog‘imni tishlamayin, og‘riydi.
Amaldorlardan jo‘yali maslahat chiqmabdi. Podshoh xotinini berishga majbur bo‘libdi. Barcha hayratda. Butun mamlakat shohni qoralabdi. Va’daga muvofiq g‘olib podshoh malikani olib ketibdi. Ammo oradan hech qancha vaqt o‘tmay, yana qo‘shin tortib kelibdi. Bu safar podshohdan shahzodani berishini, ikki mamlakat o‘rtasida shundan keyin urush chiqmasligini aytibdi. Podshoh bunga ham ko‘nibdi. Bu talab va ijrolar bir necha bor takrorlanibdi. Dushman taraf yana qo‘shin tortibdi. Bu galgi shart shunday bo‘libdi: ikki mamlakat o‘rtasidagi chegarada suv chiqmaydigan, giyoh o‘smaydigan keng yaylov bor ekan. Shuni berishni so‘rashibdi. Podshoh qarorimni ertaga aytaman, deb xobgohga kirib ketibdi. “Podshohimiz shuncha narsadan voz kechdi. Ularning oldida bu yaylov hech narsa emas,” deb o‘ylabdi a’yonlari. Ammo, ertalab podshohning qaroridan hayratga tushibdilar.
— Malikadan, shahzodadan kechdingiz. Nega endi yantoqdan boshqa narsa o‘smaydigan sahroni bergingiz kelmaydi, — debdi podshohga a’yonlari.
— To‘g‘ri, xotinim qalbimning gultoji edi. Siz aytayotgan har bir narsa hayotimning mazmuni edi. Ular, mening mulkim, mening hayotimning bir bo‘laklari edi. Ammo vatan yolg‘iz meniki emas. Ha, bu vatan, bu tuproq, siz aytayotgan o‘sha sahro barchamizning manzil-makonimiz. Ertaga bolalarimiz ulg‘ayadi. Ularga joy, vatan kerak. Ehtimol avlodlarimiz o‘sha tashlandiq yerlarni bo‘stonga aylantirar. Agar biz hozir o‘sha yerni ham bersak, bizda nima qoladi? Ertaga avlodlarga qaysi yuz bilan qaraymiz? Ular bizni kechiradimi? Yo‘q, men endi ularga hech narsa bermayman. Yo‘qotadigan hech nimam qolmadi. O‘lim men uchun qo‘rqinchli emas. Ey, xalqim kimki qo‘lida qilich tutolsa jangga! Yo hayot yo mamot!
O‘sha jangda ular g‘alaba qilib hamma narsasini qaytarib olishgan ekan. Inson har qanday xo‘rliklarga chidashi mumkin. Har qanday azobga dosh berishi mumkin. Ammo, hech qachon uning erkinligiga tahdid solayotganni, uning ozod nafas olishiga chang solayotganlarni kechirmaydi, shafqat ham qilmaydi.
Bu rivoyat yoshi ulug‘ insonlar uchun yangilik emas. Ular buni ilgarilari ham eshitgan, o‘qigan, biladilar. Lekin Vatan qadr-qimmati haqidagi bu mardona qo‘shiq men tengi yoshlar uchun yangi rivoyat. Har qanday rivoyat kuch-qudrat kasb etishi uchun yosh avlod qalbida qayta uyg‘onishi kerak. Bu endi mening, men tengilarning rivoyati. Bu endi mening hayotim, bizning hayotimiz.
* * *
Bolalik... akam bu yil maktabga boradi. Kecha otam olib kelgan kostyum-shimini kiygani-kiygan. Xursand. Tong sahardan turib olgan. U endi “katta bola”. Otam shunday dedilar. Bir mahal ichkarigi uyda radio eshitib o‘tirgan otam birov quvgandek tashqariga otilib chiqdi va... tuyqus yig‘lab yubordi. Barchamiz qotib qoldik. Onamning qo‘lidagi suvli chelak yerga tushdi. Maktab kiyimidagi akam ham angrayib qoldi. Otamning bu holati onamni ham, bizni ham gangitib qo‘ygandi. O‘rtoqlarimga qahramon deb maqtab yurgan odamimning ko‘z o‘ngimda yig‘lashi... yo‘q buni sharhlab bo‘lmasdi. Alpomishga tenglashtirganim, Ravshandek biror qiyinchilikka duch kelsam, Hasanxondek yo‘qlaguvchim... Axir, men Bobomni Go‘ro‘g‘li, otamni Avazxon yoki Hasanxon, o‘zimni Ravshanmi, Nuralimi deb yurardim-da. Otimiz nega g‘irko‘k emas deb bobomga ham, otamga ham necha martalab xarxasha qilganman. Mening nazarimda, ular zo‘r, yengilmas odam edi, hech qachon yig‘lagan emasdi. Bugun... otam yig‘lab turibdi. Otalar ham yig‘lar ekan-da. Bola aqlim, murg‘ak tasavvurim ostun-ustun bo‘lib ketdi. Bobomga aytaman. Shu xayol bilan ikki qadam tashlagandim-ki, otam akam ikkimizni chaqirdi. Yugurdik. Bag‘riga bosdi. Ovozi qaltirab shu so‘zlarni aytdi:
— Sizlar mustaqil O‘zbekiston o‘quvchilarisiz. O‘zbekiston mustaqil bo‘ldi. Ha-ha, biz ozodlikka erishdik, bolalarim. Bu kun qancha yig‘lasam, qancha quvonsam oz, polvonlarim.
Men hamon hech narsaga tushunmasdim. Akam ham menga o‘xshab karaxt edi. Faqat onam hayajonini qanday ifodalashni bilmay, “Voy o‘lmasam” deya o‘tirib qoldi. O‘sha damda hamma narsa o‘zgargandi. Aniq bilmayman, lekin “O‘zbekiston mustaqil bo‘ldi” degan so‘z qulog‘imning ostida jaranglardi. Tavba, mustaqillik nima degani ekan? Yo‘q, o‘sha lahzada bu savol meni o‘ylantirgani yo‘q. Aksincha, otam nima uchun yig‘ladi? Mustaqillik deydi, u nima ekan? Voh, bexosdan: u nima ekan degan savol miyamni chaqmoqdek yorib o‘tdi. Demak, mustaqillik men tushunmaydigan, bilmaydingan, lekin juda ulug‘, qandaydir buyuk odam, ha men o‘shanda mustaqillikni odam deb o‘ylaganman. Uni ko‘rishni juda-juda istardim.
Oradan ma’lum vaqt o‘tib, otam akamni qo‘lidan ushlagancha qishloq ko‘chasidan ketib borardi. Akam... Egnida yangi kiyim. Otam... O‘sha holat hamon ko‘z o‘ngimda, u boshini mag‘rur tutgancha, viqor bilan qadam tashlardi. O‘shanda yolg‘iz otam emas, qishloqda tag‘in boshqa otalar, bobolar ham yig‘lagan ekan. Buni kechqurun bolalar bir-biriga aytib berishdi...
* * *
...Har kim o‘z elida bekdir, to‘radir, Bek Alpomish yaratgandan so‘radi...
— Menga qara, sen maktabda o‘qiysanmi? — deb qoldi bobom.
— Hali kichkinaman-ku...
— Shunaqami... Hozir eshitganlaringni birovga aytib yurma.
— Nega? — deyman hayratlanib.
— Katta bo‘lsang tushunib olarsan...
Chuqur xo‘rsinadi. Yana bir gapni ko‘p takrorlardi:
— Har bir o‘zini o‘zbekman degan odam Alpomishni o‘qishi kerak.
Bu so‘zlarni nasihat desam nasihatmas, o‘git desam o‘gitmas, bular shunchaki bobomning meni o‘z tengdoshidek bilib aytgan so‘zlari edi.
Bobom biror joyda o‘qimagan, ammo dunyo ko‘rgan bilimdon odam edi. “Mendan eshitganlaringni birovga aytib yurma”, deganlarining sababini ham, otamning yig‘laganining sababini ham so‘ng angladim. Buni otam aytib berdi. Bobom ilgari qo‘ldan kelgancha, o‘zi aytganidek, tomoq yetgancha baxshichilik qilib turar ekan. Albatta, nom qozonish uchunmas, shu dili yayraganda, ha, tog‘ning odami-da... Men tug‘ilmasimdan ancha avval bir sangardagining to‘yida qiziq-qiziq bilan bobom uch-to‘rt terma aytadi. Kechqurun esa... uyga ikkita odam keladi. «Kishilarni eski rivoyatu afsonalar bilan chalg‘itayapsiz», deb ayb qo‘yadi va... yuzxotir qilib, kechirishadi. Xullas, kelganlar bobomdan ikki enlik «Endi takrorlamayman», degan mazmunda xat olib ketishadi. Bunga guvoh bo‘lgan otamning qalbi o‘ksiydi. Otasi birovning oldida yelka qisib turishi... otamga qattiq botadi. Ehtimol, shu bois otam bizni lol qoldirib, yig‘lab yuborgandir. Harholda, kap-katta odamning kuzyosh qilishiga ham goho yetarlicha sabablar topiladi...
* * *
Har bir ismning o‘z ma’nosi, tarixi bor. Masalan, Avaz... Ona qornida ovoz bergani uchun shunday ism beriladi. Sunnat, Musurmon, Qudrat, Ziyodullo va hokazo. Mening ismim ham shunga o‘xshash.
Otam menga guvohnoma olgani borganida, shu hujjatni beruvchi mas’ul shaxs ko‘nmagan.
— Aka, sizni taniyman. Bir qishloqning odamlarimiz. Faqat iltimos, bu ism bo‘lmaydi. Boshqa ism qo‘yaylik.
Otam ziyoli, barchasini tushungan. Rozi bo‘lishdan boshqa iloji yo‘q. Ismim... asli Navro‘z. Chunki 21 martda tug‘ilganman.
Bu yaqin o‘tmishning voqeasi. Oradan uch yil o‘tib, qishlog‘imizda Navro‘z ismlari ko‘payib qoldi. Ularni ko‘rsam, qalbimda iftixor va shu bilan birga o‘ksinish bo‘ladi. Bayramning bunga nima aloqasi bor, deng? Qattol sho‘rolar tuzumining xotirasini o‘chirish, uning ma’naviyatiga zahm yetkazishning har qanday yo‘llarini qilishgan ekan-da.
Davr o‘zgardi, insonning tafakkuri tiniqlashdi. Baribir... bola tasavvurim hamon o‘sha. Hamon otamning o‘sha holati ko‘z o‘ngimda. Vatan haqida kitob o‘qiganimda, qo‘shiq eshitganimda yoki biror bir yurtdoshim dunyo sahnasiga chiqqanida, umuman O‘zbekiston nomini eshitganimda, beixtiyor otamni eslayman. Demak, vatan ota degani emasmikan? Bolaliligimizda barchamizni otamiz yelkasiga mindirib: “Qara, dunyoni bo‘yla bolam”, demaganmidi? Shu ovoz, shu ishonch yurak-yuragimizga kirib ketmaganmidi? Olmaning ostiga olma tushadi. Qonida beklik bor xalq baribir bek bo‘ladi. Ot aylanib qozig‘ini topgandek, vujudda kezib yurgan ruh, oqib turgan qon baribir bir kun kelib kimligini aytadi. Aytdi. Buni tarix isbotlab berdi.
Saratonning sariq chillasida yo‘l tortgan bobom emasmikan? Qahratonning qahriga qaramay shiddat bilan yo‘ldagi yo‘lovchi... U ham bobom emasmikin? Bobolarim emasmikan? Ularning qalbidagi tashnalik, ko‘ksidagi olov istiqlol emasmi? Olovday lovullab turgan sahro, bo‘ronday shovullab turgan cheksiz ayozlik, bu o‘tgan yillarning, o‘tgan bobolarimning umrlari emasmi? Ular izlagan manzil, ular intilgan yorug‘lik, sahrodagi qumlardan-da ko‘p mashaqqatlar, qahratondagi qordan-da ko‘p uqubatlardan ham azizroq, buyukroq mustaqillik emasmidi? Ularning yuragida nish urgan kurtak ulkan daraxtga aylandi. Ular qadagan nihol bugun chinorlarga aylandi. Bu kunlar osmondan tushgani yo‘q, yerdan ham unib chiqqani yo‘q. Bu kunning har bir lahzasida, har bir nafasida qanchadan-qancha erkka, ozodlikka tashna o‘tgan bobolarimning umrlari bor. Ularning shonli yo‘llari bor.
Mustaqillik maydonida farg‘onalik bir otaxon bilan suhbatlashib qoldim. U “Motamsaro ona” haykaliga uzoq tikilib qoldi. So‘ngra menga bir gapni aytdi:
— Bu mening onam. To‘rt akamni urushga jo‘natib, ikkitasini yarim jon holida quchib olgan, ikkitasining qaytishini bir umr kutgan onam bu. Buncha o‘xshaydi-ya, — otaxonning mijjalari yoshlandi. Keyin menga “Baxtiyor ona” haykalini ko‘rsatib gapida davom etdi. Sening onang ana. U Senlarning onalaring shu baxti butun ona. Bor, onangning oldiga bor. Lekin, mening onamni ham unutma...
Men undan ismini, yoshini so‘ramadim. Negaki, men uchun uning ismi o‘zbek, yoshi shu xalqning yoshi bilan teng. O‘zbek qancha qadimiy bo‘lsa, u ham shuncha abadiydir. Men unda butun O‘zbekistonni ko‘rganday bo‘ldim...
Mustaqillikni bir vaqtlar odam deb tushungandim. Hozir ham u men uchun eng buyuk odam.
Ey, sen mening buyuklarimni quvonchdan yig‘latgan kun. Ey sen, men suyanganlarim senga suyanib, sening kelishingni sevinch yoshlari bilan kutib olayotgan ulug‘ sana. Men ayni shu sanada zaminga tomir tashladim, mangu ildizlarimga tutashdim go‘yo. Men senga topinaman! Saratonda sovqotgan, qahratonning qahriga qaram bo‘lmagan bobolarim haqqi, musicha bolasi uchun qilgan jasorati haqqi, neki ongsiz mavjudotlar o‘z go‘shasi uchun kurashganlari haqqi, otamning yig‘lagani haqqi, endi doimo mangu bo‘l!
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 26-sonidan olindi.