Erta tushgan kuz chappor gulzorni bosgan qorday bir dunyo tashvish keltirdi. Yalt-yult quyosh kuzak chechaklaridagi, kahrabo chiroyga g‘arq chinor barglaridagi shabnam — marvarid donalarni simirib ulgurganiyam yo‘q ediki, to‘satdan jin shamol ko‘tarildi-yu, qorabotir bulutlar ko‘kda o‘rmalay ketdi. Kallai sahardan dala-bog‘imizni boshiga ko‘tarishgan sayroqi qushlar ham, zibildoqlar ham saylni yig‘ishtira qayoqqadir juftakni urdilar. Bir zumlik jimlikdan so‘ng, kutilmaganda boshlangan qasur-qusur, chaqmoq otishlar, shalabbo yomg‘ir olamni bossa bo‘ladimi...
Yeru ko‘kni savalay ketgan danakday-danakday tomchilarni ishxonam derazasidan kuzatar ekanman, negadir, o‘tgan yili — ilon yilining qishida kechgan, men uchun og‘ir tuyulgan kunlar xayolimni band qiladi: oqlanmagan ishonch... zahmat cheka-cheka bitilgan asar tomoshabinlar ko‘zidan qochirildi; tunni saharga payvand qilgan oyu kunlar oqibati voy. Ha-a... zamon kechinmalariga ijod kalitini topa bilish, hayotning aniq, puxta ifodasini yaratish mushkul mehnat. Ma’muriyat byurokratlariga bas kelish — undan ham qiyin gap. Bular ustiga tanqidchilik —olimlik yukini ko‘tarolmay yurgan ba’zi birovlarning dudmal chizgilarini, otga taqa qoqilganda chumolining oyoq ko‘tarishlarini ko‘rib, «o‘rgildim-ey», deyishdan o‘zga gap topolmaydi kishi.
Odam sharpasi o‘ylarimni bo‘ldi. Orqamga boqsam, yulduzi issiqqina bir ayol ishxonam ostonasini bosa ichkari kirmoqda. Ajab... imsiz-dimsiz so‘rashdik. Ko‘rsatilgan joydan o‘rin olganidan keyin, himranganicha, tilga kirdi:
— Xayolizni bo‘lmadimmi?
— Hechqisi yo‘q... ammo?..
— Mani tanimadiz, shundog‘mi?
— Ha.
— Ismim — Adiba. Kasbim,— bir oz o‘ylanib qoldi-da, davom etdi,— jurnalistman...
— Balli... balli... ey-a, endi esladim... Badiiy ocherklaringizni o‘qiganim bor. Haligi...
— Men boshqa niyatda...— Shu kezda chaqnagan chaqmoqning yorug‘i Adiba yuz-ko‘zlarida o‘ynab fikr-yodimni juvon tomon tortar edi. Adibaning do‘rdoq lablari allanechuk yana juftlandi.— Elnurni tanirdizmi?
— Elnurni?!
Endi mening ko‘zlarimda chaqmoq chaqnab, boshim aylanganday bo‘ldi. Xotiramdan g‘izillab o‘tmish Elnur fojiasi 1965 yilning qishida sodir bo‘lgani esimda. «Si-ay-ey» razvedkasining qaroqchilari iste’dodli sovet jurnalistini «o‘g‘irlashgan», uni vatan xoini qilish maqsadida bor hunarlarini ishga solib ko‘rganlar. Natija chiqavermagandan so‘ng va siyosiy janjaldan qo‘rqa, Elnurning dabdala jasadini go‘yo avtohalokatga yo‘liqqan odam o‘rnida, Nyu-York ko‘chalaridan biriga tashlab qochishga majbur bo‘lishgan. O‘sha chog‘larda gazetalar Elnur fojiasi to‘g‘risida talaygina narsalar bosishgandi. Nahotki qarshimdagi ayol o‘sha jasur o‘g‘lonning haloli bo‘lsa!
—Xotinlarimisiz?
— Ko‘z ochib ko‘rganim...— chuqur «uh» torta so‘zladi Adiba.— Yaqinda yili bo‘ladi.
— Umr o‘tishini qarang-a...
— Elnurimni menga, mening Elnurimga yozgan xatlarimiz bor, shularni bir ko‘rarmikansiz o‘yida bezovta qildim sizni?
— Qani?.. Yonizdami?
— Mana, deya Adiba bir qiyiqcha qog‘ozni xontaxtaga qo‘ydiyu o‘rnidan jildi.— Xayriz... ikki-uch kunlardan keyin olib ketsam bo‘lar-a?
— Albatta... Xayr...— Adibaning ishxonamdan chiqib ketishiniyam kutmasdan, qiyiqchani yecha xatlarni o‘qishga berildim. Ikki navqiron qalb yozishmalarini ko‘zdan kechirganim sari ko‘nglim g‘alayoni ming chandon oshdi, bir olam aql va mehr og‘ushida boshim «chir» aylandi. Mana o‘shalardan bir turkumi:
Nyu York 20.IX.1965 yil
ADIBAM, SEVARIM!
Sirasini aytsam, bu chuvalgan dunyoda ayriliq o‘tida yonganlar talaygina topiladiku-ya, ammo menday qo‘lga tushgani kamdan-kam uchrasa kerak. Xuddi ertak-a. Yillar davomida faqat xayolingiz bilan yashashga chidab, nihoyat, visolingizga erishsamu shiringina to‘yimizning (qavm-qarindoshlarimiz shodligi, yoru birodarlarimiz sho‘hliklari yodingizdadir!) ertasiyoq yo‘lga otlanishga majbur bo‘lsam... Buning ustiga yalakatlar parqu yostig‘i ostidagi gulg‘uncha, yalang to‘shimga tortilgan qizgina bu qilmishimdan allanechuk ozor cheksa, qiynalsa... Agarchi, Amuday chuqur mehru shafqatingizga ishonmasam, betiyig‘ingizni kechirarsiz degan qanoatga ega bo‘lmasam uyatimdan tars yorilib o‘lsam ajabmasdi.
Adibaginam, umrdoshim, burch majburiyati orqasida boshlangan bu safar oldidan, aeroportda aytgan so‘zlaringiz hamon qulog‘imda: «Qo‘zlarim yo‘lingizda... oy borib, omon qayting...» Bu iffat va latofat to‘la tilaklaringiz qanotida, besh soatlar chamasida Moskvaga yetib keldimu «Moskva — Nyu-York» samolyotiga narsalarimni olib o‘tishga zo‘rg‘a ulgurdim. So‘ngra, Moskvadan Shotlandiyaning Prespunk shahriga, undan Kanadaning Gander shahriga, Ganderdan Amerikaning Nyu-Yorkiga sakrab o‘tib, bir kun deganda o‘n ming kilometrcha masofani bosdimu Yer yuzi degan «tuxum»ning narigi tomonidan, imperialistik olamniing qoq kindigidan kelib chiqdim.
O‘zingizga ma’lumki, Amerikaning Nyu-York deb atalgan bu beso‘naqay, notinch karvonsaroyi menga yoqinqiramadi: havosi badhazm, yergayam-ko‘kkayam sig‘mas dollar-dorlar o‘ta beibo, shaharning chin egalari — mehnat ahliga xor. Xullas, kapitalizm dunyosining oltin ajdaho tili-yu, biznesmenning zahar dili shunda mujassam. Aeroportdayoq shu yozuvlarga ko‘zim tushdi: «Yigitlar, Vetnam ozodlik urushi sizlarni kutmoqda! Ko‘ngillilar safiga tezroq yoziling!» Yana urush sharpasi. Birinchi jahon urushida 8,5 million, ikkinchi jahon urushida esa 50 million xaloyiq qurbon qilingan bo‘lsa-yu, bu tirraqi buzoqlarning yugurishini qarang. Aqli kaltalar!
Bu og‘ir o‘ylardan qutulish uchun to‘g‘ri kelgan gazetalardan birini ochuvdim, mana bu e’lonlarga yo‘liqdim:
«Yaqin kunlarda shahrimizga ko‘chib kelgan janob, yoshi 55 da, sirti xushbichim, uylanish niyatida badavlat xonim bilan tanishuvni istaydilar. Din va millati bo‘yicha monelik bo‘lmaydi. Adreslari...»
«Istarasi issiq, bo‘ychan, 40 yoshdagi beva xonim qo‘lida hunari va ma’lumoti bor, o‘ziga to‘q janob bilan uchrashuvni xohlaydilar. Istaklari — turmushga chiqish. Yozilsin...»
«45 yoshlardagi so‘qqabosh xonim taxminan ayni yoshlardagi basavlat, kimsasi yo‘q janobni izlamoqda. Maqsadi — erga chiqish va o‘zining «erkaklar sartaroshxonasi»ni birga boshqarish. Shu sababli u janob ustasi farang sartarosh va sharqiy slavyanlardan yoki Balqonda tug‘ilganlardan bo‘lishi shart. Ma’lumot uchun... »
«64—66 yoshlarga chiqqan serg‘ayrat, ko‘rinishi ko‘rkam, madaniyatli va ma’lumotli, ziyolilar oilasidan tarqagan, 1914 yil urushi munosabati bilan Rossiyadan ketib qolgan hamda oilaviy turmush tajribasini beshidan kechirgan janobni — bir umrlik, do‘sti vafodorni istayman. Xonimning o‘zlarida shu sifatlarning barchasi to‘la-to‘kis. Telefonimiz...» va hokazolar.
Aqliga qurt tushgan va yoki aqli oshib-toshib ketganlar, zakovatining misi chiqqan va yoki zakovat ko‘chasiga kirishni unutib qo‘yganlar shular bo‘lishsa kerak. Odamni itdan ham xor, tovuqmiya aylagan bu jamiyatdan nimayam kutish mumkin o‘zi?!
Adibam, sevarim, erta-metandan ishni boshlaymiz. Boshlangach nihoyati ham bo‘lar-ku. Bor-yo‘q istagim oqila Adibam bilan tezroq ko‘rishuv. Volidai muhtaramim peshonalaridan bir o‘pib qo‘yarsiz.
Salom va xayr-xo‘sh. Cho‘lpon ko‘zlaringiz shaydosi — Elnur.
Toshkent. 25.IX.1965 yil.
ASSALOM, ELNURJON AKA!
Ming — yuz ming qatla shukr: xatingiz, xush-xabaringiz keldi. Baxtimizga hamisha salomat bo‘ling! Ayamlar aytishlaricha (tashvishlanmang, sihatlari yaxshi), butingiz orasidan shamol o‘tib yursa, bas emish. Gapga shahar berasiz. Lekin Elnurjon aka, meni munaqangi noqulay ahvolga qo‘yishingiz insofdan emas. Ayamlar hadeb maktubingizni to‘lasicha o‘qib berishni qistaydilar. Qani, ayting-chi, haligi sho‘xlik aralash erkaliklarni, «yomon yigit» ekaningizga iqrorlaringizni qay yuz bilan o‘qib beray u kishiga? Endi bilsak, sizda ham ayyorlikdan anchagina bor ekan. Qilar ishni qilib Amerikaga qochvorasiz-da, dunyoning bir chetida turib uzr-iltijo aytasiz, qo‘lim yetmasligini bila turib... Shu tobda qavatimda bo‘lsangiz-chi, agar... O‘zim bilardim... o‘ymalab-o‘ymalab... Yo‘g‘-e, esim qursin, keng peshonangizdan, ko‘zlaringizdan to‘yib-qonib o‘pgan bo‘lardim, jonginam.
Elnurjon aka, hijron bo‘roni qarshisida Adibangiz mo‘rt ekan, sinaman deydi. Buning ustiga har nafasi sizni eslatguvchi ipak kuzimizni ko‘rmaysizmi: shira-sharbatga g‘arq bog‘larimizda noz, g‘ujum-g‘ujum ochilgan paxtazorlarda zavq, serharorat yozning otashida bo‘g‘riqqan odamlar kuzakning mayin oromida. Qani siz? Sira-sira ajralmaymiz, hamisha birga bo‘lamiz, degan va’dalaringiz qayda? Ha, aytganday, «E’lonlar» antiqa. Oldin kuldim, keyin dovdir odamlar taqdiriga achindim. Kapitalizm — urush va haqorat dunyosi ekanini barcha bilishi kerak. Shu maqsadga qaratilgan harakatlaringizga madad tilayman, lekin yalinaman, ehtiyot bo‘ling.
Ertadan redaktsiyadagi mehnatim boshlanadi: xayr, dorilfunun, salom, mehnat! Ayamlardan bir olam duoi istak sizga. Yo‘llaringizga intizor yoringiz — Adiba.
Nyu-York. 30. IX. 65 yil.
SEVGILIM, ADIBAM!
Maktubingizni oldim. Chindan ham donosiz: yozganlaringiz bir shingilu ma’nosi, hosili g‘aram-g‘aram. Tashakkur. Sizni uchratgan taqdirimdan o‘rgilaman.
Bugungi Amerikaning kayfiyati meni chuqur tashvishga solmoqda. Nyu-York kabi katta shaharlaridan ruh butunlay ko‘tarilgan, ko‘pchilikning ko‘ngli siniq, narx-navo baland, zar va zo‘rlik shukuhining chaqchaygan ko‘zini to‘zon, qon bosganday. Hammayoqda urush sharpasi. Hatto Brodveyning qichiqtabiat ayollari ham Vetnamda o‘g‘li o‘lgan amerikalik notavon onalar uchun nafaqa to‘plashga bel bog‘lashibdi. Nomi ulug‘, suprasi quruq bu mamlakatning siyosatidan, «oliy» darajali siyosatchilarining qilmish-qidirmishlaridan arvoh labiga ham uchuq toshsa ajabmas.
— Nega mundog‘?— savol bersam, amerikalik bir diplomat, hazil-mutoyiba aralash, shu javobni qildi:
— Okey... 1945 yilning 31 yanvari eslaridadir?
— Albatta.
— Xuddi shu kuni Gitler stavkasida odatga kirgan tartib-intizom birinchi bor buzilgandi. Tuni bilan ishlashni, to tongtacha bo‘lar-bo‘lmas kengashlar o‘tkazishni yaxshi ko‘rgan Adolf kunning birinchi yarmini uyquda, o‘z g‘aftlatxonasida kechirar va ayni fursat davomida biron kimsaning uning xonasiga kirishga haqqi yo‘q edi. Biroq, 31 yanvarning ertalabki soatlarida natsional-sotsialistlar kantselyariyasining boshlig‘i Borman bu odatni buzishga majbur bo‘lib, Gitler uyqusini qochiradi. Sababi? Sovet tank qo‘shinlari Oderdan o‘tib, Berlin sari yo‘l solgandilar. Tushundilarmi?
— Yo‘q. Bu uzundan-uzun tarixni savolimga nima daxli bor ekan?
— Mister, daxli shundaki, o‘sha kundan boshlab bizning ham uyqumiz tozayam qochgan, jonimiz halakda! Yo biz kommunizmni yo‘q qilamiz, yoki kommunizm bizni — «ozod olam»ni... Endi tushundilarmi?
— Tushunganda qandog‘... ofarin.
Lenin Vatanining qudrati, sotsialistik lager g‘alabalari, Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidagi tarixiy o‘zgarishlar imperializm korchalonlarini qattiq sarosimaga solgan. Ular sarson-sargardonliklarining, urush qurolidan voz kechgan iqtisod o‘rniga jangu jadal maqsadiga asoslangan iqtisodga kuch berishlarining, insoniy madaniyat o‘rniga «qirg‘inlar madaniyati»ni ko‘kka ko‘tarishlarining sir-asrorini shundan izlash lozim. Ahvol shu qadar murakkabu Birlashgan Millatlar Tashkilotining XX sessiyasiga to‘planishgan 117 mamlakat vakillarining anchaginasi na yerni taniydi va na osmonni. Buning ustiga maslakdoshlararo kelishmovchiliklarni aytmaysizmi. Oq sut bergan onaga teskari qarash — oqpadarlar, telbalar hunari...
Jonim Adiba, bu galgi xatim sertashvishroq bo‘lsa — kechirasiz. Binobarin, biz hushyor bo‘lishimiz zarur. Yetar, kechgan tarix saboqlari, yetar. Ha, azizam, qaltis zamon, xalqlar tinchligi qil ustida turgan davr xunuk basharasini qayta ko‘rsatmoqda. Nahotki uchinchi jahon urushi o‘t olsa?!
Gul yaprog‘i — do‘rdoq lab ustiga qo‘ngan timqora xol va uning sohibasi meni sog‘inganmikan? Bir ko‘rsam... Bir suysam... Safarimiz cho‘ziladiganga o‘xshaydi. Ayamlarga ko‘pdan-ko‘p salom. Salomat bo‘linglar. Zargar qalbingizning zor-intizori — Elnur.
Farg‘ona. 12. X. 1965 yil.
ELNURJON AKA, SALOM!
Ochig‘ini aytsam, bu galgi xabaringiz ko‘nglimga andak ozor berdi. Ko‘proq notinch dunyoning noxush ishlari to‘g‘risida yozibsiz. Amerikalik diplomatning aytganlaridan bir g‘azablandim, bir shod bo‘ldim. G‘azabim boisi: xizmatga tuhmat... Agar Gitler fashizmini biz yer bilan yakson qilmaganimizda o‘sha janob mamlakatining ham holiga maymunlar yig‘lashini unutish, sovet xalqining mardona g‘alabasiga tan bermaslik—dunyoni qora o‘rmon tarzida ko‘rishni istagani, albatta. Shodligim sababi: uyqusi qochgan ekan — ajab bo‘pti. Uyqusizlik balosiga mubtalo odamning umri ko‘pga cho‘zilmaydi. Demak, bir kunmas-bir kun yo‘q bo‘lajaklarini, musht ko‘tarishlariyam qo‘rqoqlik, kuchsizlik alomati ekanini sezmoqdalar. Ko‘p soz!
Elnurim, jurnalist yoringizning dastlabki safari Farg‘ona vodiysi tomon tushdi. Qanotsiz uchdim, chunki, nazarimda, bu vodiy bilan uchrashuv go‘yo siz bilan ko‘rishishday shirin tuyulardi. Hozir-chi, kumush vodiyning ayni serzavq fasli ekan. Bu vodiy asl odamlari ta’rifini tilga olish qo‘limdan hali kelmas deyman.
Men quvalik Hurmat ona bilan tanishdim. Ona, birinchi qarashda, ko‘zlari ojiz ekaniniyam sezmaysan kishi. O‘g‘illari Erali urushda halok bo‘lgan, lekin ona umidida u tirik. Ona hamon o‘g‘lini kutadi.
— Onajon, yoshingiz qanchada?
— Aylanay sizdan, Erali nemis qironiga jo‘nashidan bir kun oldin: «Ayabuvi, oltmish oltiga chiqdingiz», degandi... bolaginam.
— Ko‘zingizga nima qildi?
— O-o, bolam, yigirma to‘rt yildan beri xayolim ana keldi-mana keldi bilan band. Erali tushmagurdan esa dom-darak yo‘q. Azobga dil chidadi, tirikman, ko‘z chidamadi, aylanay sizdan.
— To‘qsonga chiqibsiz, onajon.
— To‘qsonmi-yuzmi... Eraliginam boshini, oh, onang o‘rgilsin, boshini mana shu ko‘ksimga bir bosmaguncha o‘tiraveraman. Undan so‘ngra o‘limimga roziman... Qarigandan o‘lim yaxshi, bolam.
Birinchi ocherkim bardoshi tog‘ Hurmat onaga bag‘ishlanadi. Haligi siz aytgan urush jarchilarini shu mushtipar ona dod-faryodi ko‘r qilsa bo‘lmaydimi?!
Elnurim, «xol» haqidagi qochiriqlaringiz boisida nima o‘ylashimniyam bilmayman. Unga rashkim keladi, xolos. Demak, u kishining ko‘ngillarida men emas, birgina «xol» ekan-da kabi shubhalar dilimga ozor solganday. Nainki, xol, butun borlig‘im, bor xayolim siz bilan, Elnurjon aka. Hammamiz, ayamlar ham, Farg‘ona bog‘laridagi guli nihollar ham, hammamiz, sizni, bir qochoq yigitni besabr kutamiz, sog‘inganmiz. Tezroq qaytish ilojini qilsangiz — iltimosim va salomim shu. Ko‘ziyam, mayliz, holiyam, xullas, butun vujudi yo‘lingizga to‘rt — Adiba.
Nyu-York. 17.X. 1965 yil.
ADIBA QIZ, SALOM, OQILAM!
Bilmadim... Bu salomim qay fursatda yetib borarkan: kechqurunmi, kupduzmi yo nonushtada? Menga qolsa, maktubimni tunda, o‘ringa yotish oldidan qo‘lingizga tegishini istardim. Balki sababini so‘rarsiz? Aytishim mumkin. Keyingi, ko‘zlarimga surta-surta o‘qiganim nomangizdan payqashimcha, yangi taassurotlarga shunchalik boysizki (Hurmat ona — ajoyib tarix), aziz boshingiz hayot shavqi bilan shu qadar bandki, bechora Elnurni o‘ylashga sizda na vaqt va na majol boriga inonay. Tunni tanlashimning «siri» shunda. Kunduzning bor tashvishlaridan qutulganingizdan so‘ng, yotog‘ingizda qolganingizda yetib borgan maktubim zora xayolingizni men sari olib qochsa, uyqungizni o‘g‘irlab (xudbinligimni kechirarsiz?) ikkimiz kechinmalarimizni qo‘shnay qilsa degan umid meni shunga majbur etmoqda. Bu rashkmi? Betoqatlikmi? Sog‘inish telbaligimi?.. Ajrimini o‘zingiz qilib ko‘rarsiz, oqilam.
Endi bu yerdagi gaplardan so‘rasangiz, shu kunlarda g‘arb firibgarlarining bor diqkati katoliklar payg‘ambari papa Pavel VI ning Nyu-Yorkka kelishi va Bosh Assambleyadagi nutqi bilan band. Uch mingdan ortiq muxbir, o‘n sakkiz mingga yaqin politsiya gumashtasi, boringki, Amerika prezidentidan tortib Brodzey savdogarlarigacha — hammasi shu mashmasha atrofida girdikapalak.
Go‘yo Vetnamda, Dominikan respublikasida, Afrika va Osiyo qit’alarida qon to‘kilayotgani yo‘q.
Go‘yo imperializm marazi emas, kommunistlar dunyosi inson va zamon shuurini haqorat qilmoqda.
Go‘yo Amerika boshliq imperialistlar oqu Moskva boshliq kommunistlar qora.
Go‘yo Amerika habashlarining qirg‘inida ham, kuppa-kunduzi Oq uy darvozasi oldida ro‘y bergan bezoriliklarda ham, tirikchilik o‘tkazish yuzasidan kart dumbasiga surat ishlatib, teri-merisi bilan kesib, shinavanda boyvachchalarga sotishga majbur bo‘lishgan student-qizlarning fojiasida ham aybdor kommunistlar va faqat kommunistlar emish!
Papa Pavel VI Bosh Assambleya minbaridan «balandparvoz» nutq so‘zlayotgan bir vaqtda, Pentagon binosi oldida, uch bolaning otasi Vetnamdagi urushga norozilik bildirib o‘zini o‘tda yondirdi. Ana tuhmatga javob!
Adiba qiz, Vatanimizga umr, halqimizga saodat tilaylik. Hali dunyoda qiladig‘on ishlarimiz ko‘pga o‘xshaydi. Ayamlarga alohida xat yozdim. O‘qib berarsiz. Orzungiz va qalbingiz maftuni — Elnur.
Samarqand. 24. X. 1965 yil.
ASSALOM, ELNURJON AKA!
Bu nomani nonushtadayam, kunduziyam tundayam — hamisha sizning dardingizga g‘arq, Elnurisiz bir nafas yashashniyam tasavvur qilishdan uzoq bo‘lgan Adibangizdan deb bilursiz. Azizim, izim tushgan qadimgi Samarqand ko‘chalarini kezganimda, osmon o‘z gumbazi va rangini ularga taqlidan yaratgan asriy yodgorliklarini tomosha qilganimda, ahli tamizlarning «noni po‘lotiy»dek shirin suhbatini eshitganimda xullas, har qadam, har daqiqada beixtiyor sizni o‘ylayman. Hatto Ulug‘bek rasadxonasidayam xayolga ketibman: bo‘ychan, qotmadan kelgan bir o‘t yigit ko‘zlarimga tikilganicha, «Adibaxon, taniyolmadingizmi? Mirzo Ulug‘bek izlagan yulduz men bo‘laman!» dermish... «Uzoqda siz, yulduzingiz yulduzimga tushganida, javobini olasiz», derkan xayolparastingiz.
Ikki dunyo — yaxshilik va yomonlik dunyosi. Albatta-da, nihoyatda mushkul «falsafa». Lekin Elnurjon aka, ba’zi raqamlarni esingizga solmoqchiman. 1955 yil hisob-kitobining xabar berishicha, jahonda 2,3 milliard xaloyiq yashar ekan. Shundan 850 millioni kolonializm bilan imperializm zulmi ostida tirikchilik kechirishga majbur. Faqatgina 180 million xalq sotsializm qurish sharafiga erishgandi. Endi-chi, oradan o‘n yil o‘tgandan keyin-chi? Yer yuzining xalqi — 2,5 milliard, shundan 850 million xalq sotsializm qurishga bel bog‘lagan, faqat 180 million xaloyiq hanuz kolonializm zulmi ostida. O‘zingizga ma’lumki, so‘nggi raqam kundan-kunga kamayib bormoqda. To‘g‘ri bu ko‘z ilg‘amas tarixiy o‘zgarishlar osonlikcha bo‘layotgani yo‘q, biroq haqiqat va adolat tantanasini to‘xtatib qolish hech kimning qo‘lidan, hattoki badavlat Amerikadagi urush jarchilarining ham qo‘lidan kelmas. XX asr — sotsializm asri. Bizning haqiqatimiz, Elnurjon aka, garchi sermashaqqat bo‘lsa-da, baland tog‘ qoyalari bag‘rini yorib oltin vodiy sari yugurgan obihayot kabi tiniq va adolatsevardir. Shu muqaddas yo‘lga bag‘ishlangan imonimizdan, ota-bobolarimiz haqlari, toymasak bas, marra bizniki!
Elnurjon aka Adibaning sabri qarori benihoya, chidaydi deb o‘ylaysiz shekilli... yana kuzak qurmagurni aytmaysizmi: biram bezangan, har shevasi sizni deydi, har sayqali sizni sog‘intiradi.
Ayamlarning xatlariniyam qo‘shib jo‘natdim. U kishining ham ko‘zlari yo‘lingizda. Bor vujudi bilan visolingizga otilgan yoringiz — Adiba.
Nyu-York. 30. X. 1965 yil.
ASSALOM, ADIBAM, YAGONAM!
Ajabki, yomon yaxshini, xunuk chiroylikni eslatar ekan, 110 qadoqdan (Amerika o‘lchov vaznida) oshishni gunoh sanagan daroz, taxtakach, suvi qochgan shilqim ayollarni uchratganim sari bir kimsani, tabiatning tanti san’ati yaratgan bo‘y-bast, bug‘doy rangli bejirim chiroy, xayol bilan sho‘x nazokat egasini, ya’ni sizni ko‘rish orzuyi meni bir zum ham tinch qo‘ymaydi, mast-alast qiladi, bir o‘ldirib, bir tiriltiradi... Jonim, ko‘pi ketib, ozi qoldi. Tezda uchrasharmiz, agar salomat bo‘lsak.
Sizni bir voqeadan ogoh qilmoqchiman. Amerika prezidenti Lindon Jonson o‘t qopidagi toshni oldirish uchun operatsiyaga yotgan kunlarida men Nyu-York atrofidagi Gaydparkka, Franklik Ruzvelt yashagan va jasadi ko‘milgan manzilga borgan edim. Ko‘rimsizgina bog‘ning bir chekkasidagi qabrini, tug‘ilgan va umrining so‘nggi kunlarini o‘tkazgan oddiygina uy-joylarini ziyorat qilib yurganimda radio shu xabarni keltirdi: «Amerika prezidenti operatsiya stolida 130 minut yotadi. Shu 130 minut davomida hokimiyat vitse-prezidentga topshiriladi. Agar Sovet Ittifoqi vaziyatdan foydalanib, Amerikaga qarshi urush boshlasa, prezident o‘rinbosari 130 minut jarayonida Amerika himoyasini boshqaradi va so‘ngra, roppa-raso 130 minut o‘tgach, kommunistlarga qarshi urush jilovini Amerika prezidenti o‘z qo‘liga oladi...»
Ana shunga o‘xshash vaysashlar, bo‘htonlar bu tomonlarda ko‘p ekan...
Yagonam, uzundan-uzoq gaplarimii kechirgaysiz. Volidai muhtaramamga salom ayting. Sizning shirin xayolingiz bilan tirik — Elnur.
Buxoro, 5. XI. 1965 yil.
ELNURIM, AZIZIM!
Bu salomnomani Adibangiz Buxorodan — sizning qalbingizga yaqin antiqa shahardan yozmoqda. Salkam uch ming yillik notinch tarixni boshidan kechirgai Buxoro allanechuk navqiron ko‘rindi ko‘zlarimga. Menga aytganlaringiz haqqosi rostligiga yana bir sira inondim: Ibn Sinoga o‘xshash oqil keksalar, mehnatidan oppoq tog‘lar yaralgan dovyurak yigitlar bilan ohu ko‘z jamilalar, xalq dili bilan hamohang shoirlar har qadamda ekan. Mehnatdan ijodni, ijoddan mehnatni ayricha tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Ayni ahvol, Elnurjon aka, butun mamlakat bo‘ylab hukmron ekan, kelajak istiqboli (yo‘limizda qiyinchiliklar bo‘lishi turgan gap) bizniki, kommunistlarniki, albatta. Sizning dilingizni kuydirayotgan allob-qalloblar kuchala yegan laychaday tirishmasinlar — bizning azamat karvonimiz saodat yo‘lidan toymaydi...
Elnurim, aziz yigit, bu galgi xatingizda shoirona kayfiyat hukmron ko‘rindi. Adibangiz sifatlari haqida talaygina mubolag‘alar aytibsiz. Savolim bor. Qaralmagan nihol, parvarish qilinmagan gulning ahvoli nechuk kechadi?..
Elnurjon aka, yoringiz tars yorilib o‘lmasin desangiz, tezroq qayting, iltijo qilaman, yalinaman. Hijroningiz o‘tida parvona — Adiba.
Vashington. 12. XI. 1965 yil.
GULIM, KO‘ZLARI CHO‘LPONIM!
Qo‘lim ko‘ksimda: assalom. Sog‘indim sharqning oydin tunlaridagi shaloladek sochlaringizni, qayrilma qoshu bodomqovoq ostidagi ohu ko‘zlaringizni, himranib erkalanishu sho‘x-sho‘x kulishlaringizni, gungur-gungur suhbatlaringizni o‘lardek sog‘indim. Ba’zan xayolga tolaman: bor vujudi bilan o‘z guliga maftun yigit nechuk ayriliq — tikon zahrini chekishi kerak? YO, dunyo tashvishlaridan bir shingili boshiga tushgan, umrining yarmidan ko‘pini uz oilasidan uzoqda, safarda kechirishga majbur bo‘lgan diplomat yigit, sevgili yor mehri, do‘st-qadrdonlar davrasiga intiqlik tuyganmikan?!
Shu paytda dono sharq yaratgan bir latifa ko‘nglimdan o‘tdi. Qish ekan. Butun olam qorda. Hassasiga ko‘krak bergan shoir jonon g‘azallarining ilhombaxshi — yor visoli sari oshiqar ekan. Bir zamon. u o‘zidan bir qadam oldinda borayotgan hassasiga bejo tikilganicha taqqa to‘xtabdi. G‘azab-la hassani dast ko‘taribdiyu:
— Him-m... beor, kaminadan ilgariroq yorimga yetish niyating borga o‘xshaydi. Bor, yo‘lingdan qolma, do‘sti nodon, deya uni uloqtiribdi-da, iziga qaytibdi. Izg‘irin sovuq. Kechgacha bir ajib yorug‘lik ulashib yog‘mish momiq qor ikki bukchaygan shoirni beayov savalar ekan...
Latifa mag‘zini chaqish — sizga havola. Oy qiz.
Endi bu yerdagi gaplarga kelsak, kecha Vashingtonda bo‘ldim. Shahar menga yoqdi: yerda yurish, shahar ustidagi zangori osmonni ko‘rish, nisbatan sof havoda nafas olish ham mumkin ekan-ku. Prezident Kennedi dafn etilgan qabristonga bordim, mozori ustida u bilan xayolda suhbat qurdim:
Men. — Janob prezident, qabring ustidagi ko‘katni o‘ynayotgan shabada nechuk daraklar keltirayotganini payqayapsanmi?
Kennedi.— O‘lgan odam tiriklar ishidan bexabar bo‘lishini unutma.
Men.— O‘lganmi va yo o‘ldirilgan?
Kennedi.— To‘g‘ri, meni «do‘stlarim» o‘ldirishdi. Ko‘kragimga ajal o‘qini qadagan Amerika uchun, Vatanni ham, xalq osoyishtaligini ham za’faron chaqaga almashtirganlar uchun hushyor prezident kerak, albatta, biroq, uning raso aqli faqat va faqat ana shu zo‘ravonlar xizmatida bo‘lishi shart ekan. Yo‘qsa, kim bo‘lmasin, menim qismatimga tushgan qora kundan qochib qutulishi amrimahol... Amerikaning kelajagi, imoni qaysi ko‘chada? Qaysi yo‘l bilan borishi kerak? Tirikligimda meni qiynagan muammolar olami shu javobsiz savollardan iborat ekanini bilasanmi?
Men. — Sen degan javobsiz savollar, muammolar olami men uchun allaqachonlar ayon. O‘ylashimcha, peshona teri bilan tirikchilik o‘tkazayotgan amerikaliklar uchun ham bir qadar ayon. Faqat shu ayon maqsad ijrosi uchun izchil kurash yetishmayapti shekilli?
Kennedi.— Bilmadim. Bu savolingni Oq uydagilarga berib ko‘rgin-a?
Men.— Qaysar. Seni xalq yaxshi ko‘rib qolgandi, hozir ham xotirangni hurmat-izzat qilishadi. Ammo sen xalqingni sevmagan ekansan. Aksincha, oq uy adresini menga bermagan bo‘larding.
Adibajon, agar mendan ezmalik o‘tgan bo‘lsa, kechirarsiz. Ayamlarni bag‘ringizda tuting, duoyi salomimni topshiring. Shu kunlarda ko‘nglim notinchroq, izimni kuzatuvchi uzun quloqlar har qadamda... mayli, ahamiyat bermang. Qalbi doimo siz tomon intilgan yigitingiz — Elnur.
Xorazm, Urganch. 29. XI. 1965 yil.
ELNURIM, YASHULLI
Keksa shoirning chiston holatiga ishora ila o‘ralgan salomingiz meni Xorazmdan topdi. O‘zingizga ayonki, Xorazm tuprog‘i bir-biridan dono latifalar, bir-biridan go‘zal haqiqatlar xazinasi. Siz keltirgan latifaga unchalik payrov bo‘lmasayam, birini eslamoqchiman.
Oqsoch tarix Guliston atalmish shaharni bilar ekan. Adolat va oqibat shahri, mehnat va gul bo‘yi bilan ko‘ngli tog‘ xaloyiq kunlardan birida Chingizxon qo‘shini hujumiga uchrapti. Vahshiylar shahar atrofidagi bog‘lar, ekinzorlar kulini ko‘kka sovurdilaru qal’ani ololmadilar, kunu oylar kechaveribdi-yu, qamaldagilar jasoratini sindirish qo‘llaridan kelmabdi. Nihoyat, bosqinchilardan ham dahshatliroq kuch — ocharchilik o‘zining xunuk basharasini ko‘rsatibdi, ochlik iligini quritgan mudofiylar darmoni hatto qilich-qalqonni ko‘tarishgayam yetmabdi, qal’a ko‘chalarida shishib o‘lganlar soni kundan-kunga oshib boraveribdi. Shunda shahar oqsoqoli o‘z maslahatgo‘ylari za sarkardalarini to‘plab, yana qanday chora bor, degan savolni o‘rtaga tashlabdilar. Maslahatga yig‘ilganlardan biri so‘nggi tadbirni — ustomon rejani aytibdi. Shu rejaga ko‘ra gulistonliklar bisotlarida qolgan ikki nafar ho‘kizga ombordagi bor-yo‘q donni yegizibdilar-da, jonivorlarni shahar darvozasidan chiqarib yuboribdilar.
Ocharchilik qal’a ichidagina emas, qamal qilganlar orasida ham o‘z nag‘masini ko‘rsata boshlagan: atrof qishloqlarni yalaganday qilishgan bosqinchilar ham sarosimada. Shahar darvozasidan ko‘ringan ho‘kizlarni xippa bo‘g‘ib xomtalash qilar ekanlar, qorinlari bug‘doyga jiqqa to‘laligini ko‘rib hayron qolibdilar: «Demak, qal’adagilar to‘q hali... Hayvongaki beradig‘on bug‘doylari bormi? Yengib bo‘pmiz...» deganlaricha zudlik bilan jo‘nab qolish taraddudiga tushibdilar.
Ammo qal’a oqsoqolining yagona qizi Gulbeka bu ishdan rozi emas, chunki u bosqinchilar sarkardasini — yosh, dovyurak pahlavonni sevib qolgan ekan. Uni ko‘rmoqchi, birga bo‘lsam degan niyati bor ekan. Tunning qorong‘i sharpasidan foydalanib, Gulbeka bosqinchilar sarkardasiga maktub jo‘natibdi. «Bahodir yigit, sen shoshma, «bug‘doy» masalasi nayrang, o‘stomonlik. Bir kun toqat qilsang — zafar seniki».
Bosqinchilar tuyalarga ortilgan asbob-aslahalarini, chodir-chudirlarini qaytadan o‘rnatib, qal’a qamaliga zo‘r beradilar. Ertasiga esa shahar taslim bo‘ladi. Qal’aga bostirib kirgan alamzada vahshiylar bor tirik jonni qilichdan o‘tkazib, shaharni o‘t balosiga topshiradilar.
Bo‘g‘riqqan, ko‘zlari ehtiros o‘ti bilan mastona Gulbeka sevgi va minnatdorlik umidida bosqinchilar sarkardasiga to‘g‘ri bo‘lar ekan, shu so‘zlarni eshitibdi: «Otasini, ona shahrini sotgan ayol menga vafo qilarmidi?! Bu manjalaqini ikki baytal dumiga bog‘lab, orqasidan ayg‘ir qo‘yilsin!.. Xizmatlariga tashakkur, bekam».
Latifa mag‘zini chaqish — sizga havola, jon yigit.
Sirasini aytsam, dardsiz darmon bo‘lmagavdek, rashksiz sevgi, sevgisiz rashk ham yo‘q, azizim. Xullas, sevgingiz ham, rashkingiz ham hamisha boshimda durra ekaniga ishonsangiz bas.
Adibangizdayam bir yangilik bor. Ayni kunlarda ahyon-ahyon boshim aylanadigan, ko‘nglim Xorazmning shira-sharbat ne’matlarinimas, sho‘rtak narsalarni tusaydigan odat chiqardi. Bu nimadan ekan? Bir o‘ylab ko‘ring-a, Elnurjon aka?
«Izimni kuzatuvchi uzun quloqlar har qadamda...» Bu nimasi? Yuragim orqamga tortib ketdi-ya. Elnurjon aka, o‘tinaman, qayting! Sizni behad sog‘inganmiz. Tezroq qaytarsiz, degan umiddamiz; ko‘zlari yo‘lingizda tolgan yoringiz — Adiba.
Nyu-York. 30.XI. 1965 yil.
IFTIXORIM, ONAGINAM!
Salom... assalom... Xorazmdan yuborgan maktubingiz bulutni haydagan shamol, tunni qochirgan tong savobini bersa bo‘ladimi. Aqlu nazokatni, sabru qarorni sizdan o‘rganmoq kerak. Rahmat, ming qatla tashakkur, onaginam.
Chamamda, payqagandirsiz? Umrimda birinchi bor sizni «onaginam» deb atadim. «Ko‘ngil aynishlar» farzand diydoridan darak, azizim. O‘zingizni asrapg, tortayotgan aziyatlaringiz uchun meni kechiring. Oqibati xursandchilik bilan tugashiga umid va qanot tilayman, nodiram.
Iison qadri yer bilan yakson qilingan, butunasicha «sariq chaqa — dollar» manfaatiga qul kabi sotilgan dunyo markazida, oqpadarlik, bezorilik, vijdon va tan fohishabozligi, yoshlik va avlod juvonmargligi odatiy manzara bo‘lib qolgan muhitda, ozodlik deganda zodagonlar erkini, baxt deganda bosqinchilikni, xalq deganda bir siqim puldorlar nafsini nazarda tutgan odamnamo basharalar orasida yurgan chog‘ingda yangi mehmon — to‘ng‘ich farzand daragini eshitish...— boshim osmonga yetdi, dunyoga sig‘may ketdim.
Qolganlarini uchrashganimda aytarman. Safar azobi tugadi, onaginam. Bajargan ishlarimiz yakuni Moskvada bo‘ladi. Azonlab yo‘lga chiqamiz. Ko‘rishgunimizcha xayr, xayr, qalamqoshim. Siz va volidai muhtaramamizga sihat-salomatlik tilab, visolning noyob daqiqalarini kamoli betoqatlik bilan kutib qoluvchi — Elnur.
Tamom... yozishmalar tugadi. Tashqarida esa allaqachonlar yomg‘ir tingan, ko‘m-ko‘k osmon, yuzlari yomg‘irda yuvilgan tabiat quyosh nuriga cho‘milib nafas olmoqda. Sayroqilar, zibildoqlar sayili ayni avjida. Mening xayolim bo‘lsa ikki olamni — oq bilan qorani ajrim etuvchi mana bu xatlar ma’nisidan — navqiron dil yozishmalaridan o‘zga narsani istamaydi.