Adirlar qurshovida joylashgan bu do‘ppidekkina qishlokda tunlari oy qirlar ustidan chiqib kelar va borliqni yoritardi. Oy nurida qishloq uylari yashirinmachoq o‘ynayotgan bolalar saylini eslatadi. Men esa mushtdekkina bola, davradagilarning ba’zilari chordana qurib, ba’zi birlari yonboshlagancha miriqib qilayotgan suhbatiga quloq osaman. Bir vaqtlar nihoyasiga yetmay qolgan oy yuzida aks etgan cho‘pon tayoqli ayol haqidagi hikoyaning davomini kutaman. Dunyoda mutloq o‘zgarmaydigan narsaning o‘zi bormikan, hamma narsa o‘zgaradi, chunki hamma narsa tugaydi. Momom aytib bergich ertaklar ham... Oqshom cho‘kkanda biz mushtoq kutadigan televizordagi “Oqshom ertaklari”ning multfilmlari ham, ularning sehri ham...
Biroq u tugamaydi. U haqidagi gaplar ham tugamaydi. Otam qishloq markazidagi katalakdek sartaroshxonasidan qaytadi. Onam qo‘shnilarnikiga chiqib keladi.
— Ay-ay, qaqnusiga o‘t ketdi-ya, — gap boshlaydi momom oy sahnidagi kishidan ko‘z olmay. — Shuginaning ko‘rguliklari ko‘p bo‘lmasa-ya.
Kampir nimadandir noliganida, qaqnusiga o‘t ketdi-ya, degan gapni ko‘p takrorlaydi. Qiziqishim ustun kelib, u haqida takror-takror so‘raganimda, u indamaydi, balki hech narsa bilmas. Otam bu ayol haqidagi gaplarni unchalik xushlamaydi, gapni boshqa tomonga buradi:
— Radiodan aytishdiki, oy bizdan uch kunlik yo‘l emish...
— Oyga borib bo‘larmishmi, qanday borarmish? — onam uning gapini kuvvatlaydi-da so‘raydi.
— Uchar raketalarda-da.
Men ham katta bo‘lsam uchuvchi bo‘laman va manov oy yuzidagi ayolni yonginasidan ko‘raman.
Bu ayol haqida bilganim shunday: u asli shu qishloqlik badavlat xonadonning farzandi bo‘lgan. Ota-onaning esa, to‘ng‘ich farzand bo‘lgani uchunmi, uning opasiga, ya’ni katta kizlariga mehrlari bo‘lakcha edi. Kunlar o‘tib har ikki qiz ham go‘zal bo‘lib voyaga yetishadi.
Sovchilar eshik tagidan arimay qolishgach, katta qizni uzatishga qaror qilishadi. Ota-onaning roziligi bilan o‘zlariga teng ko‘rishgan bir xonadon bilan quda-andachilik rishtasini bog‘lashga qaror qilishadi. Opasi avvaliga qattiq qarshilik qilishga urinsa-da, imkonsiz qolganida sukutga o‘tganini rizolikka yo‘yishadi.
To‘y kuni kelin bo‘lmish allaqayoqqadir g‘oyib bo‘ladiyu otaning g‘ururu lafzi sinadi. Tahlikaga tushsa-da, ahdidan qaytmaydi. Subutsiz bo‘lib qolishni or bilib, singlisini opasining qaylig‘iga unashtirishadi.
Bir kundan so‘ng to‘y bo‘lib o‘tadi. Ammo singil Sumbula ham opasining yo‘lini tutadi va bir yigit bilan qochib ketadi. Davlatmand otaning fig‘oni falakka chiqadi. G‘azab ustida shu qizidan, aynan singil Sumbuladan voz kechadi, oq qiladi. Buni eshitgan qiz tosh qotadi, iztirob va nadomat ichida qolib ketadi. Qismatning sho‘rishigami, birga ketgan yigitning ota-onasi xam oq bo‘lgan qizni xonadonlariga kiritishni istashmaydi.
Bora-bora yigit ham, ijarama-ijara yashashdan toliqib, barchasiga qo‘l siltab ketib qolganida, Sumbula uchun bu dunyo va u dunyo orasidagi sargardonlik boshlanadi. Uning ado bo‘layozganini eshitgan qarindoshlaridan biri uyiga — bizning qishloqqa olib keladi. Kup o‘tmay Sumbula shu yerlik yosh o‘qituvchiga turmushga chikadi.
Ota qarg‘ishi — o‘q!
Otasining o‘shanda darg‘azablik bilan iloyo, erga yolchima, degan qarg‘ishi baayni ruyobga chiqib, yangigina turmushga chiqqan juvonning boshi uzra yana halokat yog‘iladi.
Turmush o‘rtog‘i tasodifiy halokat bilan olamdan ko‘z yumadiyu qaynota-qaynona kelinni shumqadam bilib uydan haydashadi.
Sumbula hech kimi yo‘q bir kampirning uyida yashab yuradi. Bo‘yida borligini sezgan keksa kampir unga panoh beradi. Azbaroyi rahmi kelganidan, albatta. Shu yerda uning ko‘zi yorib, o‘g‘il ko‘radi. Shu yerlik cho‘ponlardan biri juvonga rahmi kelganidan bir qo‘zili sovliq hadya etadi. Kimdir zakotini ilinadi, kimdir ushirini... harholda ona-bolaning kuni o‘tadi.
Qishloq odamlari ham fitr ro‘zasini yig‘ib juvonga tutqazishadi. Shundan so‘ng juvon qo‘liga tayoq olib qo‘y-qo‘zisini boqib yura boshlaydi, dashtma-dasht kezib yuradigan bo‘ladi.
Uning qo‘y ortidan o‘g‘lini yetaklab yurgan damlarini ko‘rganlarning aytishicha, juvon chindan ham chiroyli bo‘lgan. Ammo bu chiroydan ne naf. Jonga jabr. Buni ayol allaqachon anglab yetgan edi.
Odamlardan o‘zi haqida har xil uydirma gaplarni eshitavergach, juvonda ulardan uzoqroq yurish istagi paydo bo‘ladi. Bu mish-mishlarning zamirida qishloq ayollarining hasadi yotgan bo‘lsa ne ajab. Sumbulaning bir necha bor to‘y-ma’rakalardan yig‘lagancha ketib borayotganiga guvoh bo‘lganlar haliyam bor. Birovga qattiq gapirmaydigan, birov bilan ishi bo‘lmaydigan bu juvonda kimning alami bo‘lishi mumkin?
Odatdagi to‘ylarning birida kelin tomoni to‘yxonada o‘ralashib yurgan bu ayolni bexosiyat, shumqadam bilishib, kelin-kuyovga ziyon-zahmat yetishidan hadiksirab, to‘yxonadan chiqib ketishini talab qiladi. Paytdan foydalangan uch-to‘rtta shu qishloqlik og‘ziga kuchi yetmagan ayollar uning qandayligini ko‘pchilik oldida yuziga solib, izza qilishadi. Ulardan biri bu juvonning go‘zalligini ko‘ra olmasa, yana biri erining aqlu-hushini o‘g‘irlashidan xavotirda edi. O‘sha kuni ko‘zlari alam yoshiga liq to‘lgan Sumbula bolasining bilagidan tutgancha, ikkisi to‘yxonadan yig‘lashib, chopib chiqib ketishganini tom ustida quvlashmachoq o‘ynab yurgan bolalar qatori men ham ko‘rganimni elas-elas eslayman. Juvon endi odamlardan butkul yiroqda, uzzukun o‘rkach-o‘rkach adirlarda, dashtlarda, qo‘y-qo‘zilari ortidan yuradigan bo‘ladi.
Bu unga halovat, tinchlik va xotirjamlik baxsh etadi. O‘g‘li bilan zerikmaydi.
Har kuni uch-to‘rt qo‘y-qo‘zini haydab dashtga chiqar, oqshom cho‘kkanida o‘g‘lini opichlab, men yaxshi ko‘rgan adirlik ustidan o‘tardi. Chiqib kelayotgan oyning yuzida turgan bu ayolga ko‘zi tushgan momom, ota-onam har oqshom, albatta, u haqida bir gap ochishadi:
— Umri uzoq bo‘lsin-a, sho‘rlikning, qaqnusiga o‘t ketdi-ya, nima ko‘rdi dunyoga kelib...
— Sho‘rpeshonaning orzulari ko‘p emish.
— Uch sovliq qo‘yining qo‘zilab olishini juda-juda istayapti.
— Ha, bechoraga qo‘shni qishloqlik xotini o‘lgan bir tadbirkordan odam kelibdi, umrimni bolamga bag‘ishlayman, deb ko‘nmabdi.
* * *
Ulg‘aygach, o‘qish maqsadida shaharga yo‘l oldim. Oradan yillar o‘tdi. O‘qish, ish, hayot tashvishlari bilan bo‘lib, bu juvonni butkul unutib yubordim. O‘qishni bitirib, shaharchada ishlab qoldim.
Tag‘in qancha suvlar oqdi.
Kunlardan bir kun qishloqqa qaytdim. O‘sha tanish ayvonda, oqshom tushgan mahal o‘sha o‘zim sevgan adirlikka boqqanimcha ota-onam va yaqinlarim bilan suhbatlashib o‘tirar edik. Bu paytda “Qaqnusiga o‘t ketdi-ya” deb dunyosiga qo‘l siltagan momom allaqachonlar olamdan o‘tgan edi. Adirlik ustida to‘lin oyning bo‘y berishini, u ayolning jamolini ko‘rishni juda-juda sog‘ingan edim. Uzoq tikildim, o‘sha manzara. O‘sha sochlari shamolda silkinayotgan, chopon kiygan ayol. Avvalgilardan farqi yo‘q. Yillarning shamoli uning raftoriga daxl qilmagandek edi. Ammo yoshi o‘ta boshlagani bilinardi. Balki uni bilganim uchun menga sezilar bu. Faqat qancha shamollar esib, ulardan biri azroilning “ufi” bo‘lib, momomni bu dunyodan olib ketgan edi.
Bir zamon qir ustidagi oy yuzida paydo bo‘lgan ayoldan so‘ng ko‘pdan-ko‘p qo‘ylar to‘dasi namoyon bo‘ldi.
U haqida gurung-gurungga ulanadi.
O‘sha gurunglar kemtik bo‘lib qoladi. Boisi, momom bir og‘izgina “Qaqnusiga o‘t ketdi-ya” demaydi.
Aytishlaricha, bu juvon endi qishloqning eng boy, badavlat kishisi ekan-u, biroq hamon otar ketidan o‘zi yurarkan.
Yana o‘sha ayollarning aytishicha, u qancha boyib borgani sayin, otarga o‘zi bosh bo‘lishi boshqalarga ishonmasligidan, ziqnaligidan emish.
— Anov... oy yuzidagi qoramtir dog‘lar tog‘lar emish, — gapni ilib ketadi otam.
— Odamning ham surati bor!
Yana anov oy yuzidagi qoramtir dog‘lar ajdahoni eslatadi. Bir zamonlar quyosh tutilganida, u tomonga suzayotgan oy va yuzidagi ajdahoni, oftobimizni bizdan to‘sib qo‘yganida odamlar yovuz maxluq uni yeb qo‘yadi deb o‘ylab qo‘rqishar, xaloyiq nog‘orayu childirmalar chalganicha urholar bilan uni hurkitishga, haydashga urinisharkan.
Oradan yillar o‘tdi.
Qishloqqa tag‘in yo‘lim tushdi.
O‘sha qirlar, o‘sha oy... go‘yo oradan bir lahza ham vaqt o‘tmagandek. Qir ustida esa ayol yollagan ikki cho‘pon bola.
Suruv-suruv qo‘y podasi, boycho‘pon ot ustida – oy yuzida otliq surati.
— Cho‘ponlardan biri o‘g‘limi? — so‘radim.
— Yo‘q, o‘g‘li katta shaharda falon o‘qishda o‘qiyapti!
— Yo‘g‘e, nahotki? Ho‘v bir zamonlar qishning sovuq kechalari A’zamboyning dosh o‘chog‘ida uxlab tong ottirgan ona-bola-ya? O‘qimasdirov, dashtdan beri kelmasdi-ku, o‘qiyman deb butun qishloqni aldab yurganlar qancha, o‘qish osonmasdir, — deyman.
— O‘qiydi, o‘qiydi, — hamqishlog‘im meni gapiga ishontiradi.
Ey, qari dunyoning katta-kichik bolalari, ishongilarim keladi, ishonaman ham, biroq xom sut emgan bandamiz-da, g‘ayirligim ishontirmaydi. Yillar o‘taverdi, ba’zan tortqilab, ba’zan yulqib-yulqib o‘taverdi. Qishloqqa o‘tdim. Endi bu safar sog‘inib-sog‘inib o‘tdim.
Endi men ham ulg‘ayib qolgan, o‘zimga yarasha savlat va yarasharlik gapim bor edi.
Shunda men ko‘rgan manzaralar ichida eng go‘zaliga yana ko‘zim tushdi: adir ustida yigit va o‘rta yashar ayol bir-biri tomon shoshardi.
Yigitni ayol bag‘riga bosadi.
— Kim? — so‘rayman hayron bo‘lib.
— O‘g‘li, u katta odam bo‘lib ketgan, televizordan ko‘rsatishdi.
— Kim deyishadi, ismi nima?
— Yozuvchi Yodgor Usmon.
— Men bu kishimni “Qaqnus”idan taniyman.
“Qaqnus”ning mazmuni bunday edi:
Dunyoda shunday ilohiyotga va abadiyatga doxil qush bo‘larmishki, tiriklikning nohaqliklari, ilhaqliklaridan tolganida nolakor qo‘shig‘ini boshlarmish. Uning g‘amgin kuyidan, xazonu xashaklardan bunyod bo‘lgan iniga lov etib o‘t tutashar, yonar, unga qo‘shilib o‘zi ham yonib ketarkan. Zamonlar o‘tib, yana bir zamonlarda, uning yonganidan qolgan kulidan yangi qaqnus palaponlari dunyoga kelaverarkan.
Bu kishi, bu yigit el tanigan inson.
Men va men ishlaydigan kichkinagina tashkilot ham uning rahbarligidagi boshqarmaga bo‘ysunar edi.
Yaqin orada uning ulug‘ bir ishlar qilganini eshitsam, aslo ajablanmayman.
Chunki uning hamon oy yuzida yurgan onasi bor!
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 25-son