OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shahodatbonu Imomnazarova. Ilinj (hikoya)

Kuz sariq poyandozdan iborat matosini ko‘z-ko‘z qilib atrofga sochgan. Qishloq do‘koni oldidagi ikkita tut daraxti o‘rtasiga mahkamlangan yog‘och o‘rindiq bo‘sh. Ertadan kechgacha ezmalanib o‘tiradigan chollar ham bugun ko‘rinmaydi. Ariq yoqasidagi quriy boshlangan rayhonlarga tut barglari ilinib qolgan.
Kampir do‘konga kirganda, yerga cho‘kkalab saqich qog‘ozlarini bir-biriga urib o‘ynayotgan bolakay ichkariga qarab baqirdi.
- Dada, odam keldi.
- Assalomu alaykum, keling xola, keling. Anvar peshtaxta ortidan kampirni iliq qarshi oldi.
- Aylanay, Anvarjon bolam, yaxshimisan, kelin tuzukmi, bolalaring katta bo‘lyaptimi? Bu katta o‘g‘lingmi? Ayasiga o‘xshabdi. Kampir bolaning oldiga yaqinlashib, peshonasidan o‘pdi.
- Meni kirganim, yaxshi qand-qurslaring bormi? O‘tgan hafta narigi mahalladagi Maryam chevarning bolasi xizmatdan to‘rtta askar do‘stlari bilan kirib kelibdi. Maryam tushmagur mehmonlar oldiga qo‘yay desa, tuzuqroq shirinligi yo‘q ekan, shoshib qo‘shnilarga chopib chiqibdi. Ma’rakada xotinlar toza gap qilishdi. O‘tgan oyda o‘zingdan olib ketgan kampitlarim eskirib qoldi. Rustamjonim ham bugun-erta kelib qolsa, dasturxonga shularni qo‘ygani ko‘nglim bo‘lmayapti. To‘rt-besh xil sara qandlaringdan yana bir kilodan ber. Faqat “temir daftar”inga yozib qo‘y. Pensiyaga ham oz qoldi, olamanu, pulini keltirib beraman.
- Bo‘ldi momo, bugun tushdan keyin bazaga boraman. Atayin Sizga atab “toza”laridan olib kelaman. Ertalab bolalar uyingizga eltib berishadi. Pulidan xijolat bo‘lmang, bir qishloqdan bo‘lsak, qochib ketmaysizku!
- Baraka top bolam, onang rahmatlik ham yaxshi odam edi. Rustamjon kelsa, bu yaxshiliklaringni birini o‘n qilib qaytaradi. Aytmoqchi, o‘tgan hafta Yangibozordagi romchiga borib keldim. O‘g‘lingiz tirik, katta odam bo‘lib ketgan, sizni sog‘inibdi, tez kunlarda kirib keladi, dedi. Odamlar maqtaganicha bor ekan, to‘g‘ri topdi.
- E, astag‘furillo, Rustamjon o‘ladigan bola emas, xola. Xizmatga ketmasdan oldin ham bir o‘zi beshtasiga bas kelardi. Bizdan ikki sinf pastda o‘qisa ham, gap talashib-tortishgani qo‘rqardik. Sog‘-omon qaytib kelsa, ziyofatning boshida o‘zimiz turamiz.
- Xudoyi qilib, qo‘y so‘yaman, bolam. O‘tgan bozor Mamajon qassobga iltimos qilib, boqib yurgan qo‘yimni kattarog‘iga almashtirib keldim.
- Chollarga xudoyi, bizga ziyofatda, - iljaydi Anvar.
Kampirning yuzi yorishdi, yog‘och xassasini qo‘ltig‘iga tirab, ikki kaftini ochib duo qildi.
- Iloyim, aytganing kelsin, bolam. O‘g‘lim eson-omon kirib kelib, uyim to‘yxona bo‘lsin. Sen ham bola-chaqangning orzu havasini ko‘rgin.
Anvar duoga qo‘shilib, yuziga fotiha tortdi. Kampir tashqari chiqqandan keyin, chuqur xo‘rsinib, sigareta tutatdi. O‘yinni qaytadan boshlagan bolasiga “yig‘ishtir shaqir-shuquringni” dediyu, do‘kon ichkarisiga kirib ketdi.

***

Kampir Nodira folbinning uyiga yetib kelganida, kun peshindan oqqan edi. Yog‘och darvozani sekin ochib, ichkariga mo‘raladi. To‘rtta temir ustun ustiga shifer tashlab omonat qilingan soyabon tagidagi o‘rindiqda o‘tirgan xotin kampirga o‘girildi.
- Tezroq kirib darvozani yoping. Odam kirib chiqqanini melisa ko‘rib qolmasin ekan.
Xotin o‘rnidan turib, kampir bilan so‘rashdi. O‘rindiqda surilib qolgan to‘shakni to‘g‘riladi. Sojida kampir o‘tirib duo qildi.
- Omin, tinchlik-omonlik, mo‘l-ko‘lchilik bo‘lsin, har kim niyatiga yetsin.
Ko‘ngli sezib tursada, xotindan Nodira folbinning uyi shumi deb so‘radi, tasdiq olgach, xotirjam bo‘ldi. Keyin ikki xotinning gaplari o‘z-o‘zidan bir-biriga ulandi.
- Ichkarida birov bormi?
- Bir xotin kirib ketuvdi, bir soat bo‘ldi, nimadan fol ochirayapti bilmayman.
Keyin kampirning terlagan peshonasiga qarab so‘radi.
- Uzoqdan kelayapsizmi, xola?
- Ha qizim. Ertalab yo‘lga chiquvdim. Uchta aptovuz almashib keldim. Uyi ancha ichkarida ekan. So‘rab-so‘rab topib keldim. O‘ziz qaerliksiz?
- Meniki uncha uzoq emas. Oldin bu folbin haqida eshitmagan ekanman. Xotinlar “yangi chiqdi, kuchli deyishgan edi”, keluvdim.
Kampir istihola qilib, sababini so‘ramagan bo‘lsa ham xotinning o‘zi gap boshladi.
- Xola, hozirgi qizlardan qo‘rqish kerak ekan. Peshonamda tilab-so‘rab olgan yolg‘iz o‘g‘lim bor. Dadasi bilan papalab o‘stirdik, o‘qitdik, tanish-bilish bilan yaxshi ishga joylashtirdik. Patinka fabrikada hisobchi bo‘lib binoyiday ishlab yuruvdi. Bir qizga ilakishdiyu, hamma narsani esdan chiqardi. Uylansam, shunga uylanaman, deb turib oldi.
- Endi qizim, yoshlar shunaqada. Bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan bo‘lsa kerak-da.
- E, ena, kelib-kelib gulday bolam shu qizga ko‘ngil qo‘yadimi-a? Borib mahallasidan surishtirdim. Bir qo‘shnisi tayin gap aytmadi. Uch uy naridagi qo‘shnisidan so‘rasam, “bir-ikkitasi bilan oldin yaxshigina “yurgan”, onasi ham ziqna, “past” xotin” dedi. Qizni ko‘rsangiz, andiga o‘xshaydi.
- Qo‘ying, birovning qizini unday demang. O‘g‘lingizga yoqsa, qarshilik qilmang, aylanay.
- Ena, men ham orzu-havasli xotinman. Dadasi bilan topganimizni to‘yga deb yig‘ib yotibmiz. Bolamga kimlar qizini bermaydi? O‘qishini bitirmay turib, kuyov qilaman deganlar qancha bo‘ldi. Yolg‘iz bolamni, yillab yiqqanimizni shu andiga topshiramanmi? Dadasi bilan o‘g‘limni qattiqroq qisuvga oluvdik, jahl qilib, ishga ham bormay, uydan ham chiqmay yotvoldi.
- Bolangizga javr qilmang. Ko‘ngil ishi qiyin ekan.
- Endi buyog‘ini eshiting. Bular ikkalasi bir bayramda tasodifan birga rasmga tushib qolishgan ekan. Xotinlar “qiz o‘g‘lingizni shu rasm bilan “o‘qitgan”, “issiq-sovuq” qilgan degandan keyingina kallam ishladi. Hammasini tushundim. Ikkita folbinga borib qaytariq qildim, foydasi bo‘lmadi. Qani bunisini ham bir ko‘raychi, deb keluvdim.
Ancha hasrat qilib yuragini “bo‘shatgan” xotin jim qoldi.
Rustamjon kelsa, o‘zi tanlagan qizini olib beraman, - o‘yladi kampir. Andi bo‘lsa ham mayli, o‘ziga yoqsa bo‘ldi. To‘xta! Bu yil yigirma to‘qqizga kirdi. Sinfdoshlarining oldi ikki bolalik bo‘lishdi. Yo o‘sha yoqlarda uylanib olganmikan? Uchko‘prikdagi folbin “uylangan, bola-chaqasi ham bor” degan edi-ku. Xotini qim ekan? Rusmi, tatarmi, armanmi? O‘sha megajin chulchit bo‘lsa ham mayli. “Qizim-qizim” qilib tilini ham, ko‘nglini ham topaman. Xotini qaytarib olib ketib qolsa-ya! Bunisiga ham mayli. Bolamni bir ko‘rsam bo‘ldi!..
Xotin kampirning yoshini hurmat qildimi yoki uzoqdan kelgani uchunmi navbatini unga berdi. Anchadan keyin kampir ichkaridan xursand chiqdi.
- Aylanay, qizim! Bolam tirik. Mana, bu ham tirik deb aytdi. Qaysi folbinga borsam, shunday deyapti. Mayli men boray, Rustamjon kelib qolsa, uyda bo‘lib turay.
Hech narsaga tushunmagan xotin kampirni yelkasini silab xayrlashdi. Kampir darvoza tarafga yurib, shoshilganidan qo‘lidagi hassasini yerga noto‘g‘ri bosdimi, sal qalqib ketib, yana o‘zini o‘ngladi. Ichkarida esa folbin u qoldirgan bir kiyimlik lattaga suqlanib qarab tasbeh o‘girar, tinmay “bobolarim yolg‘onni kechiring” deb pichirlar edi.

***

Mushtipar bo‘lib sandalda o‘tirgan kampirning tepasida, shundoq tokchaning yonidagi mixga bir tishlam tishlangan non osib qo‘yilgan. Azbaroyi po‘panak bosib, ko‘karib ketmasidan avval qotib ulgurgan non. Rustamjon o‘zi tishlab ketgan non. Onaning mungli nigohlarini ko‘p o‘ziga sindirgan non. Boshqa mixlarda esa qalampirmunchoq, ko‘ztikan, yaxshi niyatlarda osilgan tumorlar. Boshqa mixlarda Rustamjon uchun atalgan nasibalar bor. Kampirning odati shunday: to‘y-ma’raklarda “ilingan” ne’matlar, unga atalgan nasibalar tugunda yetib kelib mixga ilinganicha qolib ketgan. Bu mixlarning birida, osig‘liq turaverib qurib qolgan go‘sht bo‘lsa, yana birida novvot, kirlagan parvarda va hokazo. Kampir zo‘r-bazo‘r qo‘zg‘olib katakka, ya’ni tovuqxonaga yo‘l oldi. U to‘rtta tuxumni etagiga solib, tovuqxonadan chiqqanida eshik taqilladi. Aya, uydamisiz?- ayol kishining ovozi keldi.
- Kiravering. Kim u? – hovli etagidan javob qildi kampir. Darvoza ochilib, Ozoda muallim bilan, ikki bolaning boshi ko‘rindi.
- Kelavering, - muallimani tanigan kampir taklifni takrorladi.
Ozoda muallimaning orqasidan supurgi, belkurak, paqir ko‘targan bir to‘da bolalar xovliga yopirilishdi.
- Mumkinmi, aya!
Kampir tuxumlarni chorpoyadagi to‘shak ustiga qo‘yib, muallimaga peshvoz chiqdi.
- Kelinglar, aylanaylar, kelinglar! Bolalar birin-ketin kampirga salom berishdi.
- Sinfimiz bilan kelishib, Sizni mahallamizning keksa onaxoni sifatida otaliqqa oldik. Endi bolalar bilan tez-tez kelib xabar olib, uy ishlarida qarashib turamiz. Darslar tushdan keyin bo‘lganligi sababli ertalabdan kelaverdik, aya!
- Aylanay sizlardan, rahmat. Ming rahmat. Faqat bolalarni ovvora qilibsiz. Hovlidagi ishlarga mahallaning yosh-yalangi bor, baraka topishsin. Qizim ishga o‘tganda-qaytganda hol so‘rab ketadi. Ro‘zg‘orga hali o‘zimni kuchim yetadi.
- Maylida aya, ozgina foydamiz tegsa ham, xursand bo‘lamiz. Bir tomondan bolalar ham yoshligidan mehnatga o‘rganadi. Sizday onaxonlarni suhbatini oladi, oqibatli bo‘lib o‘sadi.
- Qani bolalar, boshlanglar, bo‘lmasam. Muallimaning ruxsatini kutib turgan bolalar o‘zlari bilib, darrov ishga kirishishdi. O‘g‘il bolalar tomorqaga, qizlar hovliga suv sepib supurgani ariqqa chopishdi.
Kampir muallimani uy sahnidagi chorpoyaga taklif qilib, o‘zi ichkariga kirib ketdi. Sal o‘tmay tol savatchada sabzavotlar, kosada guruch, lagancha va pichoq ko‘tarib chiqib, muallima oldiga borib o‘tirdi. Muallimani, bolalarni duo qildi. Chorpoya suyanchig‘idagi dasturxonga qo‘lini uzatgan edi, niyatini sezgan muallima qarshilik qildi.
- Ayajon, dasturxonga ovora bo‘lmang. Bolalar ham, men ham uydan nonushta qilib kelyapmiz.- Keyin savatchaga ishora qildi. - Undan ko‘ra pichoq bersangiz, sabzavotlarni to‘g‘rashib o‘tiraman. Mehmon kutayapsiz, shekilli?
- Mehmon kelib bo‘ldi, qizim. Sizlar mehmon bo‘lmay kim? Bolalar ishlab qorni ochadi, uyga borib choy ichmay, darsga yugurishadi. Tushliklari bugun shu yerda bo‘ladi. Rayhon solib, mastava qilib beraman. Aksiga olib go‘sht sal hidlanib qolibdi. Bo‘lmasa, kecha qassobdan olib keluvdim. Bolalarning ta’bi nozik bo‘ladi, hidi ovqatga ursa, ichmay ketishmasin. Go‘shtning o‘rniga tuxum chaqib beraman. Siz malol kelmasa, guruchni bir qarab bering. Qarichilik ko‘zim o‘tmay qolayapti.
Kampirni bu ra’yidan qaytarolmasligiga ko‘zi yetgan muallima kosani qo‘liga oldi.
- O‘ziz yaxshi yuribsizmi. Uylar tinchmi, ishlar yaxshimi?
- Rahmat, aya. Hammasi yaxshi. O‘zingiz bilasiz, kunim maktabda o‘tadi. Pensiyaga chiqishimga ham ikki yil qoldi. Baribir shu sinfimni bitirtirib qo‘yib chiqaman, deb turibman. Birovga bergani ko‘zim qiymaydi, sho‘xligini aytmasa, aqlli, odobli bolalar.
O‘tinxona tarafdan nimanidir guppillagani, bolalarning kulgani eshitilib, o‘qituvchining gapi bo‘lindi.
- Tinchlikmi, bolalar?
- Bu yerda qum to‘ldirilgan qop bor ekan, Zokir urayapti, – bolalardan biri javob qaytardi
Kampir xavotir bilan bostirma tarafga qaradi.
- Qo‘yinglar, bolalarim, ustinglarga tushib ketadi. O‘zi omonat ilinib turibdi. Bolalar tinchigandan keyin, xotirjam bo‘lib, muallimaga yuzlandi.
- Rustamjonniki. O‘zi o‘sha yerga osib ketgan edi. Har kuni ertalab va kechqurun urmasa ko‘ngli joyiga tushmasdi.
- Bilaman, aya, Rustamjonning ham sinf rahbari o‘zim bo‘lganmanku. O‘g‘lingiz sinfningina emas, butun maktabning faxri edi. Boks bo‘yicha qaerga musobaqaga borsa, g‘olib bo‘lib kelardi. Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi haligacha bolalarga o‘rnak qilib, gapirib yuradi. Sinfdosh qizlarniku birovga xafa qildirib qo‘ymasdi. Bitiruv kechasida rasmga tushganda “men muallimani yonida turaman” deb bolalar bilan janjal qilgani ham hamon esimda.
- Shunday bolamni salkam o‘n ikki yildan beri ko‘rmadim, Ma’muraxon. Bolamni sog‘indim. Har kuni besh-olti marta chiqib yo‘l qarayman. Kechayu kunduz darvozani qulflamayman. Ko‘chada mashina to‘xtasa, yuragim shuvillab ketadi. Uyga saharlab ko‘rpacha solib, dasturxon yozib, kechqurun yig‘ishtiraman. Kechalari ko‘zim ilinmaydi, o‘zim bilan o‘zim gaplashib chiqaman. Ko‘rpa-to‘shaklarini yangilab qo‘yganman, yoz bo‘ldi kun ora oftobga yoyib, qaytarib to‘shayman. Tovuqlarning bir dona tuxumi tomog‘imdan o‘tmaydi, kelib qolsa, ovqatim pishguncha, qovurib berarman, deb. Kelmayapti, Ma’muraxon, kelmayapti...
Kampirning gapi ham, to‘g‘ralayotgan piyozning shirtillagan ovozi ham to‘xtadi. Muallima kampirning ko‘zlariga qarab, kosani qo‘ydi. “Piyozdanmi yoki rostdan yig‘layaptimi?”. Bolalar tarafga qaradi. Hammasi o‘zlari bilan o‘zlari ovora, astoydil ishlashayapti.
- Meni sog‘inmadimikin? Ketishida biror nima deb, ko‘nglini og‘ritib qo‘yganmikinman? To‘g‘ri, yetti yil kutib, oldinma ketin bir qiz, bir o‘g‘illi bo‘ldim, peshonamda bittam deb, armiyaga borishiga qarshilik qildim. Rahmatli otasi urush faxriysiman, gapim o‘tadi, olib qolaman, bormaysan, deb toza qistadi. Urishdik, yalindik, baribir ketdi. Davlat ham jonday bolamni sovuq bir joylarga jo‘natdi. Po‘stin kiyib, qurol ushlab tushgan rasmini olgan kunimiz uyda bayram bo‘ldi. Erkak kishiga baribir ekan, otasi meni bolam askar deb ko‘ksiga urib yurdi. Bir yil o‘tib, bir haftaga kelib ketdi. O‘rtoqlari bilan ko‘chaga chiqib ketaverib, diydoriga ham to‘ymadim. Besh oy o‘tar-o‘tmas voenkomat bilan qaysi millat bilmayman, bir xarbiy kishi temir tobutni yuk mashinaga ortib keldi. O‘rischalab, nima dedi, nima qo‘ydi, tushunmadim. Otasi tobutni quchoqlab o‘kirganida sezib qoldim. Keyin uchastkovoy bilan otasini ergashtirib, bir soat ichida qishloq qabristoniga olib borib ko‘mishdiyu ketishdi. Ichidagi mening bolammi, boshqami, bilolmay qoldim. Odamlar ta’ziyaga kelishganda yig‘lashimni ham, yig‘lamasligimni ham bilmay kuzatdim.
Muallima noqulay ahvolda qoldi. Ko‘zlaridan shashqator yoshlar oqib, yuragining tubida yillab yig‘ilgan xasratlarini to‘kayotgan kampirni yupatishni ham, jimgina qarab o‘tirishini ham bilmasdi.
- O‘lganiga ishonmayman. Ichimda nimadir bolang tirik deb aytadi. Kutaman, faqat kutaman. Otasining ham shu hasratda ko‘zi ochiq ketdi. Yoshim saksondan oshdi, qaddim bukildi. Besh kunligim bormi, yo‘qmi, xudoning o‘zi biladi. Faqat Rustamjonim ko‘zim yumilgan kunning ertasiga kirib kelsa-chi? Men bolamning ko‘zlarini ko‘rmay ketsam, bolam kelib meni topolmasa, ruhim shu hovli tepasida chirqirab yuraveradimi? Shularni o‘ylab, xudodan ertayu kech ozgina, yana ozgina umr ber deb so‘rayman.
Muallima o‘zini qo‘lga olib, dast turib, kampirning yoniga o‘tdi, boshini quchoqladi. Bir tomchi ko‘z yoshi kampirning ro‘moliga to‘kildi.
- Qo‘ying, aya! Xafa bo‘lmang. Xali keladi, bag‘ringiz to‘lib, bu kunlaringiz esdan ham chiqib ketadi.
Biroz shu holatda o‘tirishgach, kampirning ko‘zi hovlidagi bolalarga tushdi. Ko‘z yoshlarini ko‘ylagining etaklari bilan artdi. Ro‘molini yechib, kumushrang sochlari ustidan qayta o‘radi. Muallimaga qarab jilmaydi.
- Qo‘ying bolam, Siz nimaga keldingizu, men nima qilib o‘tiribman. Qarichilik qursin, odam sergap bo‘lib qolar ekan. Rustamjon kelib qolsa, Sizni ko‘rsam, bugungi qilig‘imga uyalib yuraman. Sizni yaqin olaman deb, kayfiyatingizni ham buzib qo‘ydim shekilli. Men turib ovqatni boshlay, tushlikka taqalmasin. Bolalar ham bunday yozilib o‘tirishsin.
…Kampir bolalarni ko‘chagacha kuzatib chiqdi. Hammasini qayta-qayta duo qildi. Ota-onalariga salom aytdi. Faqat bir gapni aytgandan keyingina ko‘ngli joyiga tushdi
- Xudo xoxlasa, Rustamjon eson-omon qaytsa, hammangizni Bog‘ishamolga olib borib, o‘ynatib keladi.

***

Omonat topshiriladigan vaqt keldi. Kampirning jon chiqari, naz’ holati hammani o‘rtab yubordi. Ha jon chiqmayman deb turib olsa yomon bo‘larkan. Ishi bor qo‘ni-qo‘shnilar oshkora aytmasa ham kampirning boshida turganlarida “qachon uzilarkin” degan tusmolni ichlaridan ko‘p o‘tkazdilar. Axiyri Azroyil Rustamjon qiyofasida eshikdan ko‘rinish berdi shekilli tildan qolgan kampir eshik tomonga qarab o‘zgacha holatda jilmayib omonatini egasiga topshirdi... Rustamjonning do‘stlari, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar rasamadini keltirib kampirni tuproqqa topshirishdi.

***

Xazonrezgi ochun bahor kabi lolaqizg‘aldoqlardan iborat qirmizi gilamini qabristonga yoymadi, lekin barglarni uchirib kelishi bilan o‘zgacha poyandoz soldi. Kuz yomg‘irlari bilan qabr toshlari va panjaralarni obdan yuvdi. Barq urib ketgan o‘t-o‘lanlaru chirqillab o‘ynayotgan chigirtkalarga tanbeh berib, sukunat o‘rnatdi. Daraxtlarni ham qabriston kayfiyatiga mos o‘yga cho‘mdirdi.
Kampirning qabri ustini esa nimqatqaloq qilib suvadi, nishon sifatida qo‘yilgan g‘ishtni mahkamroq bostirdi. Shamol uvillatib, tilovat qildirgan bo‘ldi. Sal naridagi qabrda yotgan, katta bir sir deb saqlayotgani endi hech nimaga arzimay qolgan temir tobut esiga tushib, uf tortdi. Daraxtlarning yaproqlari uzilib yerga to‘kildi. Yaproqlar rahmatli kampirning qismatga ilinj bilan qaragan yuzlari rangida edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.