– San baribiram tushunmaysan, o‘rtoq, buni tushunishing qiyin, – u shunday deb sigaret tutatdi.
– Nimani tushunishim kerak? Ahvolingga bir qara, Sanjar, tirik murdaga o‘xshab qolgansan, – dedim dimiqib ketgan xona derazasini ochishga chog‘lanib.
– Zato, hali tirikman, – Sanjar hiringlab kulgancha karovati gunchida osilib yotgan odeyalni yelkasiga tashlab oldi.
– Tirikman deysanmi?! Itday o‘lib ketasan-ku, bu ketishingda!
Nam tortgan romlar ham ochila qolmadi. Qattiqroq itarib yubordim chog‘i, taraqlab birvarakayiga ikki tabaqasiyam ochilib ketdi.
Ilgarigi qil o‘tmas do‘stligimizga orqa qilibmi, ayamay gapirishga haddim sig‘ayotgan edi.
Sanjar bilan kollejda, u paytlarda texnikum deyilardi, bir guruhda o‘qiganmiz. Institutga kirolmagach, o‘zini tijoratga urib ketdi. Ishi avj bo‘lib, sekin-sekin bizning doiradan uzoqlashdi.
Raqamimni kimdan olgan, bilmadim, o‘tgan hafta telefon qilib “bir kelib ket, gap bor” deb qoldi. Ko‘rishmaganimizgayam uch-to‘rt yil o‘tib ketibdi.
Eski shahardagi tug‘ilib o‘sgan hovlisiga qaytgan ekan, topib bordim. Oxirgi marta bu hovliga otasining janozasida kelgan ekanman. Hech narsa o‘zgarmaganday go‘yo.
Tasavvurimga sig‘dirolmaganimdan bo‘lsa kerak, Laziz “Sanjar ninaga o‘tirib qolgan” deganida ishonmagan edim. Iljayib qarshilagan do‘stimning ahvolini ko‘rib, o‘pkam to‘lib ketdi.
Oldin onasidan hol so‘ray deb, darvozaxona ustidagi bolaxonaga ko‘tarildim. Xushlamaygina so‘rashganidan o‘ng‘aysiz bir ahvolda qoldim. Shunday bo‘lsa-da o‘zimni tanitib, ilgari, Sanjar bilan bu hovliga kelib yurganlarimni eslatgan bo‘ldim. Negadir eslayolmadi. So‘ng, “asr qazo bo‘lmasin” deya xontaxta ustidagi tasbehni olib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
Hayron bo‘ldim, hali peshin vaqtiyam kirmagan edi.
Ko‘nglim xijil tortib tushdim. Ahvolimni tushungan Sanjar “Mamashkaning toblari yo‘q”, degancha hovli etagidagi o‘zining xonasiga boshladi.
Izidan borarkanman, oyog‘idagi orqasi bosilgan jigarrang tuflisiga ko‘zim tushdi. Huv birda, bitta “kattakon”ning mashinasini turtib olganimda qarz so‘rab kelganimni eslatdi u menga. O‘sha tufli.
“Uch oy katta srok. Bir oy de, berib turay”, degan edi o‘shanda do‘stim negadir ko‘zimga yo yuzimga emas, oyog‘idagi mana shu tufliga qarab.
– Qolganlar ko‘rinmaydi? – dedim xayolimni chalg‘itish uchun. Hayhotdek hovlidagi jimjitlikka ko‘nikolmayotgan ham edim.
Ichkari kirdik.
– Xotin ishda, bolalar bog‘chada, – dedi Sanjar devordagi soatga qarab qo‘yarkan.
– Sen uyda yotibsan, lo‘lining erkagiday, – dedim karovatdagi o‘ringa ishora qilib.
Javob bergisi kelmadimi, indamadi. Xonadagi yakkayu yagona kursini men tomon surib qo‘yib, o‘zi karovatiga chordona qurib o‘tirib oldi.
Oilamni, ishimni so‘ragan bo‘ldi.
Do‘stingdan “ishlaring yaxshimi” deb so‘rolmasang, g‘alati bo‘larkan.
Kursiga cho‘kib, do‘stimga tikildim. Jussasi maydaroq bo‘lsayam, chayir, mushaklari po‘latday yigit edi. Yanayam kichrayib ketganday ko‘rindi ko‘zimga. Bardoshim yetmadi.
Hovli sahni ko‘rinib turgan derazaga qarab oldim.
Nimadir yetishmayotganday tuyuldi. Topdim.
– Gilos qani? – so‘radim bir paytlar daraxtning uchigacha chiqib terganimiz “buqako‘z” giloslar esimga tushib.
– Kesib tashladim, – dedi Sanjar quruqqina qilib.
– Esing joyidami, gilosni-ya?
– Qurib boshladi, o‘rtoq. Keyin kesib tashladim. – u uyqudan endi uyg‘ongan odamday xomuza tortdi-da, qo‘shib qo‘ydi: – Uyam manga o‘xshab quriy boshlovdi...
Tomog‘imga bir nima tiqildi. Beixtiyor stol ustidagi oxirlab qolgan sigaret qutisiga qo‘l cho‘zdim. Anchadan beri chekishni tashlash uchun o‘zim bilan olishib yuruvdim, shu tobda bosib-bosib chekkim keldi. Qutini bir muddat ushlab turib, uyoq-buyog‘ini aylantirib ko‘rganday bo‘ldim-da qaytarib joyiga qo‘ydim. “Shuning oldida chekmay...”
– Eshitgan gaplarim rost ekan-da? – so‘radim uning ko‘zlariga tikilib.
Javob o‘rniga sviteri yengini shimarib, ko‘karib yotgan bilaklarini ko‘rsatdi-da, “Ahvol shunaqa” deb qo‘ydi.
Tilimga kelganini qaytarmay so‘ka boshladim.
Tutaqishimga parvo qilmay, tirjaygancha o‘tiraverdi. “Itday o‘lib ketasan” deganim og‘ir botdi, chog‘i, tusi o‘zgardi.
– Sani so‘kish eshitish uchun chaqirmadim, o‘rtoq, – dedi sigaretni kuldonga bosib ezg‘ilarkan, – Birinchidan, bunaqa gapirma manga, keyin, oldingda jinoyatchimas, kasal odam o‘tiribdi.
Uning gap ohangi hovurimdan tushirib qo‘ydi.
– O‘zi nega bunaqa bo‘ldi? – so‘radim biroz oshirib yuborganimni tushunganday bo‘lib.
– Aytdim-ku, buni tushunishing qiyin deb.
Indamadim. “Ilgari ibodatgo‘y eding-ku”, demoqchi bo‘ldim-u, tilimni tiydim. Sadqai...
U fikrimni o‘qiganday gapirinib qo‘ydi: “Taqvoimni ushlolganimda qatta edi bu kunlar...”
– Dispanserda... dispanserda ro‘yxatdamisan? – so‘radim xuddi bu nimanidir bildiradiganday.
– Bir yildan oshdi.
– Foydasi bo‘madimi? Bir xillar tuzalarkan-ku.
– Kim aytdi narkoman tuzaladi deb?
– Narkolog tanishim «tuzalib, normalniy hayotga qaytganlar bor» deydi...
– Tuzalishi mumkin, lekin ja qiyin masala. Do‘xtirimni aldamasam manam tuzalardim.
– Endi...
– O‘sha tanishing aytmadimi “”narkomanlar do‘xtirni aldaydi” deb? Ko‘chaning boshida mandaqa bittasi bor. Geradan qutilaman deb araqqa yopishdi. Hozir naturalniy alkash-de.
Sanjarning jag‘i ochildi.
– Mana san, bir paytlar yeganing gilosni eslading. Man-chi? Eslomiyman, o‘rtoq. Eslaydiganim qachon, qatta zo‘ridan urganim.
“Dom”da yashaganimda ikki pod’ezd narida qaynona-kelin geroinfurushlar bo‘lardi. Qamalib ketdi. Qattan olgan, bilomiyman, zo‘ri o‘shalarda edi.
Indamay o‘tiraversam, “o‘tlashni” boshlab yubormasin degan xavotirda gapini bo‘ldim:
– Xo‘sh, man bilan nimani maslahatlashmoqchiyding?
– Onamning ahvolini ko‘rib turibsan, o‘rtoq. Xotinim-ku, mani ko‘rishniyam xohlamaydi. “Bolalarim uchun chidab yuribman” deydi, yolg‘on. Hovli-joydan umidvor. Man o‘lsamu... Onam sho‘rlikka qiyin.
Qarindoshlar bu uydan oyoq uzishgan. Bilasan, hammasi “intelligentlar”, or qilishadi shakilli. Yo‘qlaydigan uchastkovoy bilan narkolog do‘xtirim. Ular manga nima qibberadi? Biri “qamalasan” deydi, biri “o‘lasan” deydi sanga o‘xshab. Xullas, san o‘zing bollarga bosh bo‘lib mani odam qillaring...
Oxirgi gapini ayta turib, Sanjarning bo‘g‘ziga yig‘i tiqildi.
Ikkovmizam derazaga qarab indamay qoldik.
– U kuni, – biroz o‘zini bosib olgan Sanjar yana gapira boshladi, – “lomka”da yotganimda o‘g‘lim Javohir shprits ko‘tarib keldi oldimga... Dod devordim. Bo‘lmasa o‘zim nima ahvoldaman. Ko‘rganmisan o‘g‘limni, ko‘rganmisan? – u endi rostakamiga yig‘lab yubordi. – U endi uch yoshga to‘ldi. Uch yosh! Mani qiynalvotganimni ko‘rib chidolmagan-da bolam. Xumor tutganda ukol qilib tinchishimni ko‘rgan, biladi. Geroinni dori deb o‘ylagan Javohirim...
Sanjarning o‘g‘lini ko‘rmaganman, lekin pildirab yurgan uch yoshli bola ko‘z o‘ngimdan o‘tdi. Xumori tutib jazavaga tushayotgan, azobdan baqirayotgan otasining ahvoliga achingan bolaga achindim.
Halitdan beri miyamda aylanib tinchlik bermayotgan “bekor keldim, kelmasligim kerak edi” degan o‘y qayoqqadir yo‘qoldi.
Men unga taqqoslaganda o‘zimni risoladagiday odam sanab, oxirigacha dadil turishga befoyda urinayotgan edim.
Nimadir deb do‘stimning ko‘nglini ko‘targim, bir chora topgim keldi.
Nimalar deganim esimda yo‘q. Faqat “bahorda bitta gilos ko‘chati olib kelaman, hovlingning o‘rtasiga o‘zing ekib qo‘yasan” deganim esimda.
Ketarimda darvozagacha kuzatib qo‘ydi. Hali aytar gapi ichida qolganini tushundim…
Ko‘cha boshiga yetganimda Lazizga telefon qilib “Xuddi sen aytganday bo‘ldi. Oldiniga “mani odam qillaring” deb yig‘ladi. Keyin “o‘lmasam bir oyda qaytaraman” deb qarz so‘radi” demoqchi bo‘ldim.
Fikrimdan qaytdim. Qo‘l telefonimni butunlay o‘chirib tashladim.