«Oqsuyak, chillak, to‘p, olatayoq, ko‘chmak”, hattto “bekinmachoq” ham bolalar uchun nayinki o‘yin-ermak, balki rostmana kurash, Izlanish-topish, bu oradagi xafagarchiliklar, o‘zlariga xos iztiroblaru g‘alaba nash’asini surishlari haqida xayolga tolsak beixtiyor shu fikrga kelamiz: “Bu o‘yinlar – shunchaki o‘yin emas, bil’aks – hayot. Yashash uchun kurashning o‘ziga xos ko‘rinishidir.”
Shukur Xolmirzaev
Ilmiliq bahor kunlari edi. Biroz xira, oqish bulutlar qishloq osmonida qo‘nim topgan, bamisoli oq tovuqning pari kabi taram-taram bo‘lib tizilgandi. Biz shag‘al yotqizilgan ko‘cha boshida bekinmachoq o‘ynash uchun yig‘ilgandik. Biz deganimiz men, Zarifa, Rafiq guppi yana bir-ikkita bola. U bolalar bizdan bir-ikki yosh kichik, Rafiq guppi aksincha, bir yosh katta, Zarifa ikkalamiz esa tengdosh bo‘lib, beshinchi sinfni bitirish arafasida edik. Endi bekinmachoqning qoidasi shundayki, o‘yindagi bolalar, avval boshda davra bo‘lib yig‘ilishadi. Davraboshi bo‘lgan kishi qur’a bilan o‘yinda kimlar yashirinishini biror aytim bilan belgilab oladi. Aytishning oxirida qolib ketgan kishi izlovchi sanaladi. U ko‘zini yumib teskari qarab turadi-da, yuzgacha sanaydi. Sanoq tugaguncha qolganlar yashirinib olishi shart. Chunki izlovchi yuzgacha sanab bo‘lgach, yashiringanlarni izlashni boshlaydi. O‘yin hamma topilgunga qadar davom etadi. Birinchi bo‘lib topilgan kishi, keyingi o‘yinda izlovchi bo‘ladi. Izlovchi bo‘lmasliging uchun shunday joyda yashirinish zarurki, toki seni birinchi bo‘lib topisha olmasin. Xullas gapni qisqa qilsak, biz shu o‘yinni o‘ynash uchun ko‘cha boshida to‘plandik. Doimgidek Rafiq guppi o‘zining kattaligini pisanda qilib aytim ayta boshladi:
Et-dim, bit-dim,
Bir tep-dim,
Po’-ezd yo‘-li-ga tush-dim.
Po’-ezd yo‘-li bu-ta-zor,
Bu-ta-zor-da a-yiq bor,
A-yiq me-ni qo‘r-qit-di,
Qu-lo-g‘im-dan sil-kit-di.
Iq-biq, sen-chiq.
Aytim aytayotganda u, har bo‘g‘inda har bir bolani ko‘rsatib o‘tarkan, ohirgi bo‘g‘inda navbati kelgan bola davradan chiqib ketaveradi. Rafiq guppi atayin meni oxirida qoldirdi. U lunji osilgan avvaldan shunaqa, meni uncha xushlamasdi. Aftidan u Zarifani mendan qizg‘onardi. Albatta buni yuzimga aytmaganu, ammo men uning hatti-harakatlaridan, o‘zini tutishidan, Zarifa ikkalamizning do‘stligimizni ko‘rolmasligini ich-ichimdan sezib yurardim. Shuning uchun u meni aytishning oxirida qoldirib, o‘zi Zarifa bilan biron joyda yashirinishni maqsad qilgandi. Men yuzgacha sanarkanman, bolalarni Oqsuvdaryo tomondagi chakalak tomon yugurib ketganligini tushunib turardim. Chunki ko‘chamizda yashrinadigan tuzuk-quruq joy yo‘q, bunday joy bo‘lsa, faqat chakalak atrofida edi. Sanab bo‘lganimda ko‘cha boshida bir o‘zim qolgan, bolalar zim-g‘oyib bo‘lgandi. Men talmovsirab daryo bo‘yiga tushdim. Sohil yoqalab alanglagancha chakalak tomon yurdim. Yurib borarkanman har bir do‘ngligu, xarsangtoshlar atrofiga qarardim, nimadir ko‘rinib qolishiga umid qilib chakalak ichkarisiga bo‘ynimni cho‘zib, uloqib borardim. Chakalakzor quyuq daraxtlaru maysalar bilan qoplangan, bu yerda yolg‘iz yurish, bir qaraganda kishini qo‘rqitadi ham, ammo bolalarning shu yerda ekanligiga ishonchim komil bo‘lgani uchun bundan zarracha ham tashvish tortmasligim tayin edi. Men burganzor oralab borarkanman, birdan shu o‘rtadagi shivir-shivir qulog‘imga chalindi. Tagida suv sizib yotgan yalpizlar tegrasidan o‘tib sekin o‘sha tomonga yaqinlashdim. Shu on ko‘zim birdan qarag‘aylar tanasida o‘tirgan Zarifaga tushdi. Undan nariroqda haligi ikki bola ham ko‘rinib o‘tirardi. Men ularga sizlarni topdim, chiqinglar u yerdan desam bas edi. Ammo bunday qilsam bu gal izlovchi Zarifa bo‘lardi. Chunki, aslan olganda, men uni birinchi bo‘lib ko‘rgandim. Biroq qiz bolani izlovchi qilish menga sira ham to‘g‘ri kelmasdi. Endi u Rafiq guppini axtarib yuradimi?! Yo‘q bunaqasi ketmaydi. Rafiq guppi ham shu yaqin orada bo‘lishi tayin. Uni birinchi bo‘lib topaman-da, keyin boshqalarga yashiringan joyingizdan chiqinglar deyman. Bu guppi meni oxiriga qoldirgani uchun, bu gal bir izlovchi bo‘lib ta’zirini yesin. Men shunday o‘yda atrofga sekin alanglarkanman, Zarifani yonida, shunday o‘tloqning ichida cho‘kkalab yotganiga ko‘zim tushdi. Voy, yaramas-ey, Zarifani yoniga yotganini qara! Men o‘sha tomonga yaqinlashib bordim-da:
– Rafiq, chiq o‘tloqni ichidan, – dedim. Keyin esa boshqalarga:
– Chiqinglar, – dedim.
Rafiq guppi menga o‘qrayib qararkan:
– Birinchi bo‘lib kimni ko‘rding? – dedi. Men:
– Seni, – dedim.
– Yolg‘on aytayapsan? – dedi u men tomonga yaqinlashib kelarkan. – Sen anov bolalarni yoki Zarifani birinchi ko‘rishing kerak edi. Sababi men maysaning ichida yotgandim.
– Men seni ko‘rdim, – dedim. – Qora ilonga o‘xshab maysa orasida burishib yotgan ekansan.
– Ovozingni o‘chir, – dedi u mening bo‘g‘zimga chang solarkan. – Sen meni ko‘rishing mumkin emas.
– Ammo men seni ko‘rdim, – dedim uning qo‘lini bo‘g‘zimdan olib tashlarkanman. – Nima bu uchun meni urasanmi?..
Zarifa oldimizga yugurib kelarkan:
– Bas qilinglar, – dedi. – Agar urushadigan bo‘lsangiz men o‘ynamayman.
Shundan so‘ng guppi mendan nari ketarkan:
– Agar Zarifa bo‘lmaganda mendan yaxshigina kaltak yerding, – dedi.
Boshqa bolalar bizga angrayib qarab turishardi. Biz diydiyo bilan chakalakdan tashqariga chiqdik. Taram-taram bulutlar endi shaklini o‘zgartirib vodiy osmonini qoplab olgan, toqqa qarab shamol esardi. Nazarimda Rafiq guppi bilan bo‘lgan bu dilshikastalikdan so‘ng, nimdog‘ bulutlarning oqish yuzi ham biroz qoraygandek edi. Quyosh bulutlar tagida qolgandi. Zarifa Rafiq guppiga:
– Endi mard bo‘ling, – dedi. – U sizni topdim deyapdi. Bu gal siz izlovchi bo‘lasiz. Guppi uning so‘zini qaytarolmadi. Hatto Zarifaning bu so‘zidan so‘ng, ancha yumshab ham qoldi. Boshqa bolalar – Davron va Zamira ham Rafiqning bunday bo‘shashib qolganligiga hayron bo‘lib qarab turishardi. Faqat mengina uning nega bunday qilayotganligini bilardim. Biroq bu haqda keyinroq. Xullas, guppi izlovchi bo‘ladigan bo‘ldi. Bu men uchun ba’ayni g‘oliblikdek gap edi. U olayib qoshlarini chimirgancha menga qararkan, men uning ustidan kulgandek:
– Teskari qarab ko‘zingni yum, – dedim. – Endi biz yashirinamiz.
Bu gap guppining jon-jonidan o‘tib ketdi. U Zarifa bilan meni yonma-yon yurishimni har doimgidek sira istamasdi. Men buni har doim maktabda ham, ko‘cha-kuyda ham ichki bir his bilan sezardim. Biz yashirinish uchun chakalak tomonga yugurib ketarkanmiz, Rafiq guppining ichidan qanday qirindi o‘tayotganligini men ilg‘ab turardim. Chakalakka kirganimiz hamanoq Davron va Zamira shu yaqin atrofga yashirinisharkan, men guppini ichini battar yondirish uchun Zarifani chakalakning uzoq chekkasi tomon boshlab ketdim.
– Shu atrofda yashirinaveraylik, – dedi Zarifa. – U baribir bizni birinchi topa olmaydi-ku?
Men o‘zimni izlovchi bo‘lgan holatimni esladimda:
– Yo‘q, – dedim. – Uni qanday ayyorligini bilmaysan. U meni birinchi bo‘lib topishga harakat qiladi.
– Xuddi senga o‘xshab-a? – dedi Zarifa munchoq ko‘zlarini menga qadab. – Nega unga nisbatan g‘irromlik qilding?
– Nima, uning o‘zi g‘irrom-ku?! – dedim men. – Seni yoningda maysaning ichida yotib olganini qara. Chunki u birinchi bo‘lib o‘zini emas, seni ko‘rib qolishimni istagan. Tushunyapsanmi?
– Ha, – dedi Zarifa, faqat bu gal mayin ovozda. – O‘zi avval kimni ko‘rganding?!
– Kimni bo‘lardi?! Seni-da, – dedim men. – Lekin qiz bolani izlovchi qilish men uchun nomardlik.
– Lekin bu o‘yin, – dedi Zarifa. – Nima eshitmaganmisan?
– Nimani?
– O‘yinni chidaganga chiqargan, – dedi u. – Sen meni qiz bola deb ayab o‘tirishing kerak emas edi. O‘yin hammaga bir.
– Tushundim, – dedim men. – Boshqa bunday qilmayman.
– Mana bu boshqa gap, – dedi Zarifa chakka sochlarini qulog‘i ortiga oshirib yonimdan yurib kelarkan. – O‘zi qayoqqa yashirinamiz.
– Men bir joyni bilaman, – Unga ma’nodor qaradim. – U joy Rafiq guppini yetti uxlab tushiga ham kirmagan.
– Yaxshi, – dedi Zarifa. – Nega uni guppi deysan?
– Gupposday semizligini qara, – dedim men. – Bu laqabni unga men bermaganman. Orqa-ravotdan hamma uni shunday deydi.
– Lekin sen unday dema, – dedi Zarifa. – Eshitib qolsa, seni kaltaklaydi, o‘zi, nega u bilan chiqisha olmaysan?
– Uni senga... – Nima deyishni bilmasdan to‘xtab qoldim men.
– Nima menga?.. - dedi Zarifa tushuniksiz alfozda. – Gapir?..
– Senga yaqinlashishga intilishi menga yoqmaydi, – unga to‘g‘risini aytdim.
– Nimalar deyapsan? – dedi u. – Rafiq menga to‘g‘ri aytgan ekan.
– Nimani? – dedim, ta’jub bilan Zarifaga qararkanman.
– Nima bo‘lardi?! Seni esingni joyida emasligini-da, – dedi qiz.
– Voy yaramas-ey, – dedim men. –U hali men haqimda senga shunday dedimi?
– Ha, nima qilarding uni? – dedi Zarifa. – Agar men bo‘lmaganimda boya u seni yaxshilab kaltaklagan bo‘lardi.
– Nima, Zarifa, sen uni tarafini olayapsanmi? – dedim men.
– Jinnimisan, – dedi u. – Haqiqatan ham aqlingni yeb qo‘yibsan. Menga kim bo‘libdi u tarafini olib. Faqat sinfdoshim kaltak yeb qolmasin deyapman.
Uning bu gapidan ko‘nglim sal joyiga tushdi. Xayriyat-ey, dedim ichimda. Shunda ilk bor men ham Zarifani Rafiq guppidan qizg‘onishimni his qildim. Ammo nima edi bu, do‘stlikmi, yo boshqa narsa, buni his qiladigan yoshda emasdim. Faqat bilganim Rafiq guppini Zarifaga yaqinlashishini ham, gapirishini ham istamasdim. Lekin buni Zarifaga qanday aytardim. Men uni chakalak ichkarisiga boshlab borarkanman, ilondaraga yaqinlashib qolganligimizni ko‘rib birdan qo‘rqib ketdim. Ilondara deganimiz shu atrofdagi bir chuqurlik. U yerda bahor keldi deguncha shunaqangi ilonlar g‘ujg‘on bo‘ladi-ki, uni bir ko‘rgan kishi keyin, xayolidan ketkiza olmay bir necha kun qo‘rqib yuradi. Men ana shu Ilondara haqida Zarifaga aytishim kerak deb o‘yladim.
– Zarifa, bo‘ldi u yog‘iga bormaylik.
– Nega? – deb so‘radi u, menga xiyol jilmayish bilan boqarkan.
– U yoqda Ilondara bor.
– Ilondara?! – hayratlanib menga boqdi u. – Qanaqa Ilondara?!
– U yoqqa bormaymiz, – dedim men. – Huv anov chuqurda ilonlar ko‘p. Shunaqangi ko‘pki, ko‘rsang qo‘rqib ketasan.
– Yur, ko‘ramiz, – dedi u qo‘limdan tortib . – Men bunga qiziqaman.
– Yo‘q, – dedim men . – U yoqqa bormaymiz. Men qo‘rqaman.
– Qo‘rqma, – dedi Zarifa. – Yoningda men bor-ku?
– Bormaylik, – dedim men. – Axir bekinmachoq o‘ynayapmiz-ku? Orqaga qaytib biron joyda yashirinamiz. Bilmasdan bu yoqqa ko‘p yurib yuboribmiz. Yur ketdik.
– Unda o‘zing ketaver, – dedi Zarifa. – Bu men uchun bekinmachoqdan ham qiziq. Ularni borib ko‘raman.
U meni qo‘limdan qo‘yvorib Ilondara tomonga keta boshladi. Men noiloj uning ortidan yurdim. U mendan taxminan o‘n qadamcha oldinda edi. Yurib borarkan, noxosdan birdan dodlab yubordi:
– A-a-a-a-a! I-lon! – dedi u. Men o‘rnimda taqa-taq qotib qoldim. Sababi Zarifaning oyog‘i ostida katta chamasi mening bilagimday keladigan chipor ilon mahkam o‘ranib olgandi. Aftidan Zarifa uni to‘satdan bosgan bo‘lib, ilon jon vahmida uning oyog‘iga o‘ralgandi. U “qutqar” deya men tomon chopib kelarkan, men qo‘rqqanimdan orqamga qarab qochdim. Biroz chopib to‘xtadim. Zarifa orqamdan yig‘lab yugurib keldi. Uning oyog‘iga o‘ralgan chipor ilon shu yaqin o‘rtada tushib qolgan va qoqigullar orasida qayoqqadir g‘oyib bo‘lgandi. Zarifa esa hamon dod solib yig‘lar, men esa uning oldida nima qilarimni bilmay turardim. U ilon o‘ralgan oyog‘ini ko‘rsatib yig‘lardi. Men uning o‘sha oyog‘iga qaradim. Aftidan uni chipor ilon chaqqan, Zarifaning oyog‘ining ikki-uch joyi biroz qonagandi.
– Endi nima qilaman? – deb u oyog‘ini ko‘rsatib yig‘lardi.
– Qattiq og‘riyapdimi? – dedim men nima qilarimni bilmasdan.
– Yo‘q, lekin juda ham qo‘rqdim, - dedi u.
Men yaqin o‘rtadagi chashmadan unga qo‘limda suv olib kelib berdim. U suvni bir-ikki ho‘plam icharkan:
– Sen ham qo‘rqding-a, – dedi birdan ovunib. Men:
– Ha, biroz, – dedim. Biz yerda cho‘kkaladik.
– Ilon chaqsa nima bo‘ladi? – dedi u. Men:
– Nima bo‘lishini bilmayman, – dedim. Biroq buni uning o‘zi aytdi.
– Ilon chaqsa odam o‘ladi, – deb eshitganman. – Lekin bu yolg‘on ekan. Mana men tirikman-ku?!
U menga jilmaydi. Shunda men uning oppoq yuzlariga, chiroyli qosh-ko‘zlariga, qirq kokil qilib mayda o‘rilgan sochlariga qarab, uning nihoyatda istarali va kelishimli qiz ekanligini ko‘rdim. Shunda men uni nega Rafiq guppidan qizg‘anishimni tushundim. Men uni yaxshi ko‘rardim. U mening bolalikdagi ilk muhabbatim edi. Biz shunday o‘tirarkanmiz, bir mahal u o‘zining holsizlanib borayotganligini aytdi. Ha, shunday dedi-yu, shilq etib yerga yiqilsa bo‘ladimi?! Men uni hatto ushlab qololmadim. Uning yuziga shapatilarkanman:
– Zarifa, ko‘zingni och, axir nima qilyapsan, ko‘zingni och, – dedim.
Lekin Zarifa ko‘zini ochmadi. Men uni paydarpay turtkilay boshladim. Uning atrofida shunday alfozda girdikapalak bo‘larkanman, bir vaqt men tomonga kimlarningdir kelayotganligini ko‘rdim. Ular Rafiq guppi, yana Davron va Zamira edi. Davron, Zamira va Rafiq guppiga:
– Ana ular, – deb bizni ko‘rsatdi. Guppi bizni ko‘rishi hamonoq yugurib keldi.
– Nima bo‘ldi unga, – dedi u menga talmovsirab qararkan.
– Uni ilon chaqdi, – dedim men yig‘lab. – Katta chipor ilon.
– Sen tomoshabin bo‘lib o‘tirdingmi? – dedi u menga bo‘kirib. – Qani, qaeridan chaqdi?
Men Zarifani oyoqlarini ko‘rsatdim. Vodarig‘ chipor ilon chaqqan joy qizarib qoraya boshlagandi. Guppi Zarifaning oyog‘iga engashib, og‘zini qo‘ydi-da ilon chaqqan joyni so‘rib, tashqariga tupurib tashlarkan:
– Vaqtni o‘tkazib yuboribsan, nega unga yordam ko‘rsatmading, – dedi.
– Men unga suv olib kelib berdim, – dedim.
– Yo‘qol ko‘zimdan, – dedi u. – Suv olib kelib bergan emish. Qanaqa bolasan o‘zi?! Axir Zarifa o‘layapti.
– O‘layapti? – quloqlarimga ishonmay yig‘lab yubordim men. – Yo‘q, Zarifa o‘lmaydi.
– Uni tez uyiga eltishimiz kerak, – dedi guppi. – Qani uni yelkamga ortishimga yordamlashib yuboringlar.
Menga Zarifani Rafiq guppining yelkasiga qo‘yish yoqmasa-da, noiloj Davron va Zamiraga qo‘shilib unga yordamlashdim. Rafiq guppi uni orqasiga ko‘tarib olarkan, men va Davron uning ikki yonidan mahkam ushlab oldik. Go‘ppi o‘larday baquvvat ekan. Zarifalarning uyigacha dam qo‘ymasdan yugurguday bo‘lib bordi. Men va Davron orqamizdan kelayotgan Zamira ham chopa-chopdan charchab, haliqlab qoldik. Guppi Zarifaning ota-onasiga uni bekinmachoq mahali Ilondarada ilon chaqqanligini aytdi. Zarifaning ota-onasi qizlarini zudlik bilan kasalxonaga eltishdi. Menga ma’lum bo‘lishicha, u yerda unga qandaydir vaktsinalar qilishibdi. Afsuski bu narsalar unga foyda qilmabdi. Uni kechga yaqin qaytarib olib kelishdi. Zahar qonga tarqab ketgan ekan. Joni kasalxonada uzilibdi. Ertasiga aza ochildi. Ularning uyiga meni qo‘yishmadi. Keyin bilsam Davron va Zamirani ham, hatto guppini ham qo‘yishmagan ekan. Men uyda yig‘lab o‘tirdim. Ko‘chamizdan uning tobutini olib chiqishganda, bitta-bita yomg‘ir yog‘a boshladi. Yomg‘ir tinimsiz uch kun yog‘di. Go‘yo osmon ham Zarifaning o‘limiga ko‘z yosh to‘kayotgan edi. Uchinchi kun, tushdan so‘ng yomg‘ir qolganda, men uni ziyorat qilish uchun yashirincha qabristonga bordim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki Rafiq guppi Zarifaning qabri tepasida yig‘lab o‘tirardi. Men uning tepasiga bordim. To‘g‘rirog‘i, guppini ko‘rib Zarifaning qabri shu bo‘lsa kerak deb o‘yladim. U menga hatto e’tibor ham qilmadi.
– Uning qabri tepasida senga nima bor! – dedim men.
– Men uni sevardim, – dedi u menga qayrilib ham qaramasdan.
Men nima deyishimni ham bilmasdan uning yonida cho‘kkaladim. Shu ko‘yi qancha o‘tirganimizni bilmayman. Kech kira boshlaganda, men uyga qaytish lozimligini angladim. Loyshang qabristonni oralab chiqib ketarkanman, guppi hamon o‘sha yerda qimir etmay o‘tirganligini ko‘rdim. Qabriston yo‘lagidan tashqariga chiqqanimda, uning qattiq o‘krab-o‘krab yig‘layotganini eshitdim:
– Zarifa men bunday bekinmachoq o‘ynashni istamayman, – deb yig‘lardi u. – Bunday bekinmachoq o‘ynashni istamayman. Eshitayapsanmi, Zarifa?!
Toshkent – Chilonzor. 2011 – yil.