Sibirning yovuq kengliklari bo‘ylab Bering dengizini* chamalab yursangiz yo‘lingizdan mahalliy ruslar Xatыrka** deb ataydigan Vatirkan*** qishlog‘i chiqadi. Bu chukchalar**** tilida qoq, oriq joy degan ma’noni bildiradi. Ehtimol bu yalanglikda joylashgan qishloqning unumsiz yeriga ishoradir, yana kim bilsin. Nima bo‘lganda ham vatirkanliklarning dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan xalq emasligini ularning yerlari aytib turibdi. Ularning asosiy kasbi baliqchilik. Qishloqning quyidan Vatirkan daryosi oqib o‘tadi. Suvi muzdek sovuq. Vatirkanliklar baliqni asosan shu daryodan ovlashadi. Katta ovchilar esa hatto Bering dengizigacha borishadi. Tutilgan baliqlarni boshqa bir qishloq Meynipilginodagi***** baliqlarni qayta ishlaydigan konserva zavodga topshirib u yerdan pul ham, oziq-ovqat ham olish mumkin. Bu gaplarni sizga aytayotganimning sababi taqdirning taqozosi bilan men shu Vatirkanga borib qoldim. Osmonning qovog‘i soliq, hamma yoqni oppoq qor qoplagan kezlar edi. To‘g‘risi hammasi Anadirda****** ishlagan kezlarimda vatirkanlik Akana degan qiz bilan tanishib qolganim tufayli bo‘ldi. Ko‘zlari biroz qisiq, sochlari mallatob, biroz qoracha bu qizni menga nimasi yoqqanligini bilmayman. Uning issiq yuz-ko‘zlari menga shunday qadrdon bo‘lib qolgan ediki, aytsam ishonmaysiz. Akanani bir kun ko‘rmasam yuragim siqilardi. Garchi uning ham menda ko‘ngli borligini bilsam-da, unga yuragimdagini ochilib aytolmasdim. Biroq bir kuni hammasini aytishga majbur bo‘ldim. Chunki Akana meni bu yerga tashlab Vatirkanga butunlay ketmoqchiligini aytganida yuragim taka-puka bo‘lib ketdi:
– Meni otam Kukki chaqiryapti. U qarib qolgan. Ko‘zi ochiqligida meni turmushga chiqishimni istaydi, – dedi qiz.
– Akana, – dedim men yuragimdagini aytish uchun qulay vaziyat kelganligini bilib. – Turmushga chiqishingiz zarur bo‘lsa, menga turmushga chiqing. Men sizni yaxshi ko‘raman.
– Buni aytmasangiz ham bilardim, – dedi Akana. – Ammo kechiring, men sizga turmushga chiqolmayman.
– Nima uchun Akana?.. Axir bir-birimizga ko‘nglimiz bor-ku?..
– To‘g‘ri, – kutilmaganda buni tan olib yig‘lab yubordi qiz. – Chukcha yoki rus bo‘lganimda ham sizga turmushga chiqardim, lekin men kerekman.*******
– Kerek?.. – hayron bo‘ldim.
Chunki ilgari bunaqa millatni hech eshitmagandim. Chukchalarning biron yuqori tabaqasi bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Shuning uchun qizga:
– Kerek bo‘lsangiz nima qilibdi, – dedim. – Men o‘zbekni mensimaysizmi?.. Bizda ham eshonlar qorachalarga qiz bermaydi. Ammo ishoning bularning bari safsata. Hamma odamlar Odam Ato va Momo Havodan tarqalgan bo‘lsa, nima keragi bor bunaqa oliftagarchiliklarni?!
– Yo‘q, Avaz aka, siz meni tushunmadingiz, – menga siniq qaradi qiz. – Nega mensimas ekanman?.. O‘zbeklar qayoqda-yu kereklar qayoqda?.. Bu umuman boshqa masala... Kereklar dunyoda haddan tashqari sanoqli qolgan millat. Qaysidir kitobda o‘qidim. Antropologlar bizni kam qolgan o‘nta millatlar qatoriga kiritibdi. Aslida yo‘qolib bo‘lgan millatmiz.
– Hozir qancha sizlar? – bo‘g‘zimga nimadir tiqiladi.
– Bor yo‘g‘i sakkiz kishi. Bu dahshat. Biz yaqinda yo‘q bo‘lib ketamiz. Tushunyapsizmi?..
– Ha, Akana, – og‘ir tin olaman men. – Kereklar fojeasini tushunmaydigan axmoq emasman, ammo sizsiz yasholmayman. Menga imkon bering.
– Yo‘q, – qat’iy rad etdi qiz. – Menga uylanadigan bitta kerek yigit bor. Otam Kukki meni o‘sha yigitga uzatadi.
– O‘rtamizdagi muhabbat nima bo‘ladi?
– Millatim yo‘qolib ketayotgan paytda, muhabbatni boshimga uramanmi?.. Iltimos, meni kechiring, – ko‘zlari yoshga to‘lgancha meni oldimdan yugurgancha ketib qoldi qiz.
Men ana shunday vayron ko‘ngil bilan Anadirda qolaverdim. Akana Vatirkanga ketib qoldi. Bir haftalar o‘zimga kelolmay karaxt bo‘lib yurdim. Tursam ham, yursam ham, Akana ko‘z oldimdan ketmadi. Axiyri nima bo‘lsa taqdirdan deb Vatirkanga uning ortidan keldim. Xachxatain******** posyolkasigacha vertolyotda bordim. U yog‘iga mashinada ketdim. Vatirkandagi dizel elektrostantsiyasida ishlaydigan men tengi Misha degan bir rus yigiti meni olib borib qo‘ydi. Vatirkan menga g‘alati ta’surot qoldirdi. Hamma yoqda yomg‘ir va qor ta’sirida qorayib ketgan yog‘och devorlaru xuddi shunday yog‘och uylar. Hammasi go‘yo kuyib ketgandek ta’ssurot qoldiradi. Oq-sariqdan kelgan daroz Mishaning aytishicha, qishloqda asosan chukchalar va ruslar yashar ekan. Men kereklar haqida undan so‘ragandim, u yelkasini qisib e’tiborsizlik bilan:
– Bo‘lsa bordir, – deb qo‘ydi. – Ular senga nima kerak?
– Men antropologman, – Mishaga yolg‘on aytishga to‘g‘ri keldi.
Dabdurustdan Akana haqida unga aytolmasdim. Dunyoning narigi chekkasidan shu qizni sevganim uchun uni izlab kelayapman deyish, muhabbat kamyob hodisa bo‘lgan bizning zamonda eshitmagan quloqqa g‘alati tuyuladi. Manzilga yetib kelgach Misha:
– Ey, antropolog, bu yerda qaerda yashamoqchisan, – dedi.
– Misha, buni o‘ylamabman, – unga to‘g‘risini aytdim.
– Menikiga yur. Bu yerda yolg‘iz o‘zim yashayman. Xotinim Nika posyolkada qolgan. Unga Vatirkan yoqmaydi, ko‘ngli tusamasa bu yerga kelmaydi. Kunduzi ishdaman. Bemalol turaverishing mumkin.
Ochiq ko‘ngil bu rus yigitining taklifi meni ma’qul edi. Musofirlikda bunday odamlarni uchratsang, boshing ko‘kka yetadi. Xudoning borligiga yana bir karra amin bo‘lasan. Xullas, Mishanikiga bordim. Hamma vatirkanliklarniki kabi oddiy yog‘och uy.
– Bu asli Darya xolamning uyi. U o‘n yil oldin qazo qilgandi. Uyi menga qolgan.
– Tushundim, – dedim men.
Mishaning uyiga joylashib olgach, Akana va kereklarni surishtirdim. Bir chukcha yuzimga baqrayib:
– Sen o‘zbak Kukkini qizini izlab keldingmi? – dedi. – Yaramas qiz-ey, Anadirga o‘ziga er topgani borgan ekan-da. Kukki yana chukchalardan kereklarni yutib yuboryapti deb noliydi. Qizini nima ish qilib yurganini o‘zi ham bilmaydi.
Men tishimni tishimga bosdim. Boshqa payt bo‘lganda bunday muomila uchun kim bo‘lishidan qat’iy nazar jag‘ini olib solgan bo‘lardim. Ammo u men izlayotgan odamlarni bilardi. Shu bois o‘zimni sipo tutdim. U menga Kukkini uyini tushuntirdi. Chukcha aytgan kergitagina******** ko‘chasiga bordim. Kukkini uyini topdim. Almisoqdan qolgan bir na’vi uy. Eshikni Akana ochdi. Meni ko‘rib yuzida bir lahzalik quvonch, so‘ng qo‘rquv va o‘kinch egalladi.
– Baribir kelibsiz-da, – menga xavotirli boqdi u.
– Men otangni ko‘rmoqchiman.
Akana meni Kukkining huzuriga boshladi. Kukki kereklar tilida qarg‘a degani. Ularda Kukki va uning xotini Mita******** haqida afsona ham bor. Ammo men ko‘rgan Kukki sira ham afsonadagi Kukkiga o‘xshamasdi. Uning xotini allazamonlar oldin vafot etgandi. Anadirda bu haqda menga Akana aytgandi. Kukki degani qarib-qurib borayozgan bir chol ekan. Uning yoshi nechadaligini birgina Xudoning o‘zi biladi. U mening qizi Akanaga uylanishim haqidagi gaplarimni qovoqlari uchgancha, jimgina tinglarkan:
– Millating nima yigit? – deb so‘radi.
– O‘zbekman, – dedim.
– O, o‘zbeklar ko‘p yaxshi millat. Men eshitganman. Seni ko‘rib bunga yana bir karra amin bo‘ldim. Ammo tushun, mening kereklardan boshqaga beradigan qizim yo‘q. Bekor shuncha yo‘l bosib kelibsan. Akana faqat kerekka tegadi.
– Men uni sevaman!
Kukki istehzoli va ayni paytda o‘kinchli jilmaydi. So‘ng butun dardini menga to‘kib soldi:
– Shundoq ham, be’mani va maqsadsiz muhabbatlar tufayli kereklar yo‘q bo‘lib ketish arafasida turibdi. Yaqinda bir rus og‘aynim menga Rossiyadagi aholi yo‘riqnomasini ko‘rsatdi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng kereklar yuz kishidan sal ziyod qolgan ekan. Endi o‘ylasam, o‘shanda ham millatimizni saqlab qolish uchun ozgina imkoniyatimiz bor ekan. Faqat barchasini to‘g‘ri izga solish lozim edi. Biz bir hududda yashashimiz, xotinlarimizga ko‘proq bola tug‘dirishimiz va qizlarimizni faqat kereklarga berishimiz kerak edi. Qizlarimizni boshqa millatlarga bergandan ko‘ra, kerak bo‘lsa, ko‘p xotinlikka ham yo‘l qo‘ysak bo‘lardi. Ammo biz hammasini teskari qildik. Oxir-oqibat nima bo‘ldi?! Chukchalar bizni yutib yubordi. Rus og‘aynim buni assimilyatsiya********* deydi. Men bilaman. Ilgari biz ko‘p edik. Bizni asta-sekinlik bilan yo‘qotishdi. Ko‘chirish, chechak epidimiyasi, dengiz izg‘irinlari, urushga yuborish, seniki kabi bema’ni muhabbatlar – mana, shundoq ham ozchilik bo‘lgan kereklarni nima yo‘q qildi?! Nemislar Rossiyaga bostirib kirganida otam Xudoning zorini qilgan. Kereklarni urushga olmanglar deb. Timofey Vozduxov degan komandir otamni tinchlantirib:
– Yaxshi, – degan. – Bironta ham kerek urushga bormaydi.
So‘ng askarlarga buyurgan:
– Urushga yaraydigan kereklarni hammasini o‘ldiring. Ular urushga borishmaydi.
Komandirning birgina gapi bilan o‘ldir-o‘ldir, qocha-qoch boshlangan. Shunday qilib kereklar urushga bormaydi. O‘lik holda uyda qolishadi. Bir vaqtlar ana shunday bo‘lgan. Yana kim biladi?! Yaqinda cho‘chqa sanagandek sanashgandi. Bor-yo‘g‘i sakkiz kishi qolibmiz. Vatirkanda, Minipilginoda va Xachxatainda – boshqa joyda kerek qolmadi. Holbuki, ilgari mingga yaqin edik. Endi bizni sanash uchun qo‘ldagi barmoqlarning o‘zi yetadi. Bilaman, sanoqli yillardan so‘ng, biz yo‘q bo‘lamiz. Ammo hozircha mavjud ekanmiz, bir-birimiz bilan kerek tilida gaplashayotgan ekanmiz, kerek xalqi yashashi uchun kurashamiz. Shunday ekan, senga beradigan qizim yo‘q. Sevsang sevibsan-da. Meni tushungan bo‘lsang, uyimdan ket va boshqa bu yerga qaytib kelma. Qachonlardir kelgan taqdiringda ham biz yo‘q bo‘lamiz. Akana, uni kuzatib qo‘y.
Men Kukkining huzuridan ana shunday iztirob bilan chiqdim. Uni yo‘ldan qaytarish uchun menda hech qanday dalil yo‘q edi. Kukkining haqiqati oldida, mening muhabbatim hech narsa edi. Bunga hatto o‘zim ham ishona boshladim. Akana bilan tashqariga chiqgach, uni oxirgi bor bag‘rimga bosib peshonasidan o‘pdim. Qiz qarshilik qilmadi. Uning qisiq ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgandi.
– Bu yerdan tezroq keting, kun sovuq, – dedi qiz, atrofdagi oppoq tumonatga qarab.
– Akana, – dedim, uni hamon quchog‘imdan qo‘yib yubormay. – Men hammasini tushundim. Men bu yerdan butunlay ketaman. Sen otang aytgan o‘sha kerek yigitga albatta turmushga chiq. Meni unut. Biz endi bir-birimiz uchun yo‘q bo‘lamiz...
U bilan tezgina xayrlashib orqamga ham qaramasdan ketaverdim. Shunda Akananing o‘krab yig‘layotganini eshitdim, ammo endi ortga qaytolmasdim. Ko‘cha bo‘ylab ketib borarkanman, ust-boshimga qor tomchilari qo‘nayotganligini ilg‘adim. Vatirkanda azal-azaldan yog‘ayotgan yirik-yirik laylakqor yog‘ayotgandi...
2014 yil 26-avgust.
Toshkent-Chilonzor.
Izohlar
*Bering dengizi – dengizchi Vitus Bering(1681-1741) nomi bilan ataladigan Chukotka avtonom ogrugi bilan chegaradosh dengiz. Bu dengiz Rossiya va AQSh territoriyalarni ajratib turadi.
** Xatыrka – Chukotga avtonom ogrugining Anadir tumanidagi qishloq. Aholi soni 2014 yilda 367 kishi bo‘lgan
*** Vatirkan – Xatыrkani chukchalar o‘z tilida Vatыrkan deb ataydi. Bu oriq, qoq joy degan ma’noni bildiradi. Bu yerdagilar asosan baliqchilik bilan tirikchilik qilishadi. Asosan chukchalar va ruslar yashaydi. Qishloqda kereklar ham bor.
****Chukchalar – asosan Chukotka, Kamchatka, Magadan viloyati va Saxa respublikasi hududlarida yashayotgan etnos. 2010 yilgi Rossiya aholisini ro‘yxatida ularning umumiy soni 15908 deb keltirilgan.
*****Meynipilgino(Meynыpilgыno) – Chukchalar tilida “katta og‘iz” deb ataladigan qishloq. Asosan chukchalar va ruslar yashaydi. Aholi soni 2012 yilda 406 kishini tashkil qilgan. Qishloqda kereklar ham istiqomat qilishadi. Maydoni 1.5 kvadrat km. U yerda baliqlarni qayta ishlaydigan konserva zavodi bor.
****** Anadir(Anadыr) – Chukotka avtonom ogrugidagi shahar. 1889 yilda asos solingan. 1923 yilgacha Novomarinsk deb atalgan. 1965 yildan shahar maqomini olgan. Aholisi 2014 yilgi ma’lumotda 14029 kishini tashkil qilgan. Anadirda ham baliq zavodi bor.
******* Kerek – chukchalar kereket deb ataydigan mayda etnos. 2002 yilgi Rossiya aholisi ro‘yxatida ular bor-yo‘g‘i sakkiz kishi qolganligi ko‘rsatilgan. 2010 yilgi ma’lumotda kereklar 40 kishi bo‘lganligi qayd etilgan. Holbuki, 1959 yilda ularning yuz nafardan ortiq bo‘lgan. Rus yozuchisi Andrey Belkovskiy o‘zining “Kereklarsiz Chukotka” nomli tarixiy ocherkida 1897 yilda kereklar 600 ga yaqin, 1901 yilda esa 644 kishi bo‘lganligini yozadi. 1926-1927 yilgi sobiq sovet aholi ro‘yxatida kereklar 315 kishiligi qayd etilganligini Andrey Belkovskiy keltirib o‘tadi. Hozirda ular Vatirkan va Meynipilgino qishloqlarida, shuningdek Xachxatain posyolkasida istiqomat qilib kelishadi.
********Xachxatain – Hozirgi kunda Beringovskiy deb ataladigan posyolka. Kereklar u yerni Gachgatagыn(Xachxatain) deb atashgan. Bu kereklar tilida qushlar g‘ala-g‘ovuri tugagan joy ma’nosini bildiradi. 2013 yilgi aholi sonida Xachxatainda 1102 kishi yashashi qayd etilgan.
*********Kukki va uning xotini Mita – Kereklar afsonasi, ertagi. 1971 yilda V.V.Leontev tomonida Meynipilginoda yozib olingan. Unda Kukki degan qarg‘a va uning xotini Mitining och bolalarini qorinlarini tuydirish va yashab qolish uchun kurashi aks ettirilgan. Xuddiki, bu ertak kereklar taqdiriga ishora qilgandek ta’surot qoldiradi.
********** Assimilyatsiya – Lotincha assimilatio so‘zidan olingan bo‘lib, “o‘xshatish” degan ma’noni bildiradi. Keng sotsiologik ma’noda bu tushuncha qo‘shilib ketishni anglatadi. Xalqlar assimilyatsiyasi muayyan xalqlarning boshqasi tarkibiga qo‘shilib ketishni anglatadi. Kereklar assimilyatsiyasi asosan chukchalar bilan bo‘lmoqda.