OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sherzod Komil Xalil. Nayrang (hikoya)

Halizamon quyosh chiqib turganiga qaramay bemavrid yomg‘ir maydalay boshladi. Lager oshxonasiga asta qadam tashlab kirsam Kechin oshpazdan bo‘lak hech kim yo‘q ekan. U meni ko‘rgan zahoti har doimgidek aftini burishtirib qarshi oldi.
– Hali ovqatlar pishgani yo‘q , – dedi u xumrayib.
Men vrach sifatida lagerdagi ovqatlar sifatini nazorat qilardim. Albatta Kechin oshpazning ovqatlarining sifati ham, oshxonani saranjom-sarishta tutishi ham menga doimgidek maqul ersa-da, biroq uning sovuq muomilasi va menga bo‘lgan munosabatidan ko‘nglim ranjirdi. Yo‘q, uni tabiatan xumraygan badqovoq inson deb bo‘lmasdi. O‘zgalarga munosobatlarini kuzatish jarayonida men uning nihoyatda odamoxun inson ekanligini ko‘p bora kuzatganman. Shuning uchun aytishim mumkinki, uning sovuq va tund muomilasi asosan menga qaratilgandi. Bu safar ham u meni shunday qarshi olgach, undan ochiqchasiga menga bo‘lgan tund munosabatining sababini so‘radim. Kechin oshpaz bir muddat menga hayron bo‘lib tikilib qolarkan:
– Nahotki sizga qo‘pol munosabatda bo‘layotgan bo‘lsam?! – dedi.
– Nazarimda sizning meni ko‘rishga umuman hushingiz yo‘q, - dedim men. – Men sizga nima yomonlik qilibmanki, menga bunday muomiladasiz?
– Aslo unday emas, – dedi u. – Kechiring, men o‘zim bilmagan holda sizga shunday muomila qilibman.
U oldimga xushta’m limon choy damlab kelarkan, men unga:
– Keling o‘zingiz ham o‘tiring, – dedim.
Kechin oshpaz “duxobka”da hozirgina pishgan kekslardan oldimga olib kelarkan, qarshimdagi stulga cho‘kdi. So‘ng chashkalarga limon choy qo‘ydi va ulardan birini menga uzatarkan:
– Sizga bir gap aytaymi? – dedi. Unga qarab yuzlanarkanman:
– Albatta, qulog‘im sizda, – dedim.
– Sizga qilgan sovuq muomilamning boisi sizning vrachligingiz bilan bog‘liq, – dedi. – Ishoning, bunda sizning sira aybingiz yo‘q. Shunchaki, bir vrach bir paytlar meni rosa “tushirib” ketgan. Shundan buyon vrach zotini ko‘rsam qonim qaynaydi.
– Shunday deng, – deyman. – Nima bo‘lgandi o‘zi? U qanday doktor ekanki, sizni “tushirib” ketadi.
– U doktor emas, g‘irt nayrangboz, ablah deyavering, – uning ich-ichidan g‘azabi toshib keldi. – Men u bilan shu yerda, mana shu lagerda tanishgandim. Ming la’nat bo‘lsin o‘sha kunga. O‘shanda "Gulnora" lagerida yangitdan oshpaz bo‘lib kelgandim. U esa Toshkentdan doktor sifatida shu yoqqa ham ish, ham dam olish maqsadida kelgan ekan. Sochi silliq taralgan, mo‘ylabi endigina sabza urgan, novcha olifta yigit. Ko‘rsangiz ensangiz qotadi. Institutda doktorlik diplomini olgan zahoti kasofatni shu yoqqa yuborishibdi. Ismi ham Noilmi, Noyilmi xullas shunaqa edi. U ham sizga o‘xshab lagerdagi ovqat sifatini tekshirish uchun oshxonaga to‘rt mahal kirib turardi.
– Men ovqatdan tanovul qilmagunimcha bolalarga ovqat suza ko‘rmang, – derdi u. Men nima ham derdim. U doktor bo‘lsa, lagerga kelgan bolalarning sog‘lig‘i uchun javobgar inson. Shuning uchun uni aytganini qilardim. Aytganini qilardim emas, o‘sha kasofatni hurmat qilib, o‘zimga yaqin olibman. Men savodsiz bir omi, u kishi doktor, o‘qimishli aqlli odam debman. Mutaxasisligim kardiolog, derdi u. Yurak do‘xtiri, buni siz mendan ko‘ra yaxshi bilasiz. O‘sha paytda u ham, men ham bo‘ydoq edik. Har kuni oshxonaga to‘rt mahallab kelganidan uncha-muncha yaqin ham bo‘lib ketgandik. To‘g‘ri u menga picha yuqoridan muomila qilar, men ham xuddi shunday uni o‘zimdan yuqori tutib hurmat qilardim. U meni shunchaki Kechin derdi, men esa unga doktor Noil deb murojaat qilardim. Bir kuni doktor Noilni uylanish to‘yimga aytmoqchi bo‘lib, bu haqda unga so‘z ochdim.
– To‘y qachon bo‘ladi, – dedi u.
– Lagerdagi “patok”larni tugatib olaylik, nasib bo‘lsa kuz oylarida rejalashtiryapmiz, – dedim.
– Yaxshi, – dedi u. – Ishqilib men Toshkentga qaytib ketmasimdan oldin qiling-da. Kechinni to‘yida qatnashsak qatnashibmiz-da. Ha, darvoqe, kelinbola o‘zi chiroylimi?
– Oydekkina, – dedim men soddalik bilan.
– Biron kun, kelinbolani ham lagerga olib keling, bizdek do‘stlaringiz bilan ham bir tanishtirib qo‘ying. Axir endi begona emasmiz. Do‘st sifatida kelajakda ham bordi-keldi qilarmiz. Nima dedingiz-a ?!
– Albatta, – dedim men. – Uni siz bilan biron kun tanishtirishga va’da beraman.
Men uning ablahligini qaydan bilibman. Niyati buzuqligini peshonasiga yozib qo‘ymaganku?! Men axmoq soddalik qilib, uning nayranglariga uchib Sunbulani u bilan tanishtiribman. Sunbula xipchabel, qomati kelishgan ko‘zga yaqin qiz edi. Qorako‘zlar, uzun kipriklar, qayrilma qoshlari jon olay derdi. Men u bilan unashtirib qo‘yilgandim. Xullas, doktor Noilni do‘stim sifatida qaylig‘im Sunbula bilan tanishtirdim. Men lagerdagi bolalarga ovqat tarqatgunimcha doktor Noil Sunbula bilan alohida stolda o‘tirib turdi. Doktor Noil nihoyatda nazokat bilan Sunbulaga savol berar, qaylig‘im uyalib, tortinib javob berardi. Men bunday tanglikdan uni qutqarish uchun bolalar ovqatini tarqatib bo‘lganim hamonoq ularni oldiga bordim.
– Zerikmay o‘tiribsizlarmi? – dedim.
– Yo‘q, aslo, – dedi doktor Noil. – Kechin, qaylig‘ing senga juda mos ekan, ammo ...
– Nima ammo, – dedim men unga. U gapni chalg‘itib:
– Yo‘q, shunchaki tilimdan chiqib ketdi, – dedi u. – Bilasanmi Kechin, Sunbula ikalang, biror kun meni qabulimga kelinglar. Bir ish bor.
– Nima ish ekan? – dedim men. Sunbula ham taraddudlanib unga qaradi.
– Men Sunbulada jiddiy bir narsa payqadim, buni qabulimda kelganlaringda gaplashamiz. Mayli, hozircha sog‘ bo‘linglar bo‘lajak kelin-kuyovlar. Men endi boray, sizlarni ham xoli qoldiray. Kechin, qaylig‘ing bilan tanishtirganingdan xursandman.
U shunday deb, men va Sunbulani hangu-mang qoldirgancha o‘rnidan turib ketdi. Biz uning ortidan qarab qoldik. Meni hayron qoldirgan narsa, uning Sunbulada nimani payqaganligi edi. U ketgach Sunbula:
– Kechin aka, bu doktor Noilingiz juda g‘alati odam ekanmi? – dedi. Men undan:
– Nega unday deyapsan? – deb so‘radim.
– Endi ko‘rib turganiga qaramay, menga shunday mulozamat qildi-ki, yana g‘alati-g‘alati savollar ham beradimi-ey.
– U senga nimalar dedi?..
– Shu bizning Kechinni rostdan ham sevasizmi desa bo‘ladimi?! Nima men uni sirdosh o‘rtog‘imanmi?..
– To‘g‘ri aytganda, – dedim men, doktor Noilning hali menga nisbatan g‘arazini bilmaganim uchun. – Rostdan ham meni sevasanmi?!
– Ey boring-ey, – Sunbula o‘rnidan turib ketdi. – Sizga ham g‘alatilik doktor Noildan yuqqan shekilli.
– Qaydam, – dedim men, uni kuzatish uchun tashqariga chiqarkanman. – Lekin u sendan nimani payqaganini tushunolmadim.
– Menimcha jinni u, – dedi Sunbula. – Payqagan emish.
U doktor Noilning ustidan qotib-qotib kuldi. Shu bilan men uni kuzatib oshxonaga qaytdim. Oradan bir-ikki kun o‘tdi. Doktor Noil shoshilinch kelib-ketib yurgani uchun Sunbula haqida unga og‘iz ochishga jur’at qilmadim. U ham menga bu haqda boshqa gapirmadi. Asta-asta doktor Noil oshxonaga kelmaydigan bo‘ldi. Hamshiradan ovqatni idishda suzib doktor qabuliga olib borishimizni ayttirib yuboradigan odat chiqardi. Men goh o‘zim, goh yordamchilarim ovqat sifatini nazorat qilish uchun doktor Noilning qabuliga bordim, biroq u bandligini ro‘kach qilib, bizni oldiga kiritmadi. Har gal ovqatni hamshira uning oldiga olib kirdi. Doktor Noil bilan avvaldan yaqinligimiz uchun hamshiraning so‘ziga ham qaramasdan bir gal uning oldiga bostirib kirdim.
– Nima gap?! – dedi u noodatiy sovuqqonlik bilan.
Men uning o‘tirgan kursisiga borib salomlashib qo‘lini olarkanman:
– Men tushunmadim, o‘zingizda nima gap? – dedim. – Oshxonamizga bormay qo‘ydingiz? Bizdan biron xafagarchilik o‘tdimi?
– O‘tganda qandoq? – dedi u. – Bizning Kechin doktorlarning gapini nazar-pisand qilmaydigan odam bo‘lsa, biz kim bo‘libmiz-ki, unga ta’sir o‘tkazsak.
– Unday demang doktor Noil, – dedim men. – Men sizni juda ham qattiq hurmat qilaman.
– Tilingiz boshqa, dilingiz boshqa, – dedi u. – Men buni sizning hatti-harakatlaringizda ko‘rmayapman.
– Nega unday deysiz? – dedim men. U menga jahd bilan tik qararkan:
– Nega Sunbulani haligacha qabulimga olib kelmadingiz? – o‘shqirdi u.
– Sunbulani?! – dedim men hayron bo‘lib. – Uni nega olib kelishim kerak?..
Birdan uning Sunbula bilan tanishtirganimdagi gapi esimga tushdi.
– Demak uni mendan rashk qilayapsiz? – dedi u. – Men do‘st sifatida sizning foydangizni o‘ylab o‘tiribmana.
– Nimalar deyapsiz doktor Noil, – dedim men. – Aslo hech kimni rashk qilayotganim yo‘q. Hammasi esimda. Faqat Sunbula o‘tgan galgi so‘zlaringizda jiddiy munosabatda bo‘lmagani uchun men nima deyishga ham hayronman.
– Mayli Kechin, sen hayron bo‘lib yuraver, oxiri pushaymon bo‘lmasang bo‘lgani.
– Nega unday deysiz doktor?..
– Sen Sunbula bilan kel, uni albatta tekshirib ko‘rishim kerak. Senga aytmoqchi bo‘lgan gumonimni keyin aytaman. Bu nihoyatda jiddiy masala tushunyapsanmi? Yaqin orada u seni xotining bo‘ladi axir.
– Tushunaman, – dedim men, garchi gap nima to‘g‘risida borayotganligini bilmasam ham.
Shu bilan suhbatimiz nihoyasiga yetdi. Men ertaga Sunbulani uning qabuliga olib kelishga va’da berib, u bilan xayrlashib chiqib ketdim. Ertasiga tushdan keyingi qabulda Sunbula bilan uning huzuriga bordim. U o‘zining yana avvalgidek nazokatli va nozikta’b tutdi. U Sunbulaga:
– Xonim o‘tgan gal sizda nimani payqaganimni bilasizmi? – dedi. Sunbula:
– Yo‘q, doktor, - dedi.
– Sizning xushro‘y va sohibjamolligingizni, – dedi u. Men doktor Noilga ilkis qaradim. Sunbula ham undan bunday javob kutmagani uchun cho‘chib menga qaradi. Lekin doktor Noil mutloqo bexavotir holda:
– Xonim nega cho‘chiysiz, bu gaplar, mana bu rashkchi Kechinni qitiq patiga tegib qo‘yish uchun omadi bir gapda, – dedi. – Rostini aytadigan bo‘lsam, Sunbulaxonim sizni o‘sha kuni qo‘llaringiz titraganini payqadim.
– Yo‘g‘-ey, qo‘llarim nega titrar ekan?! – hayron bo‘ldi Sunbula.
– Sizdan uyalgandir-da, – dedim men.
– Yo‘q, – dedi doktor Noil so‘zimni sharta kesib. – Bu yerda uyat va hayo haqida so‘z ketayotgani yo‘q. Gap Sunbulaxonimning sog‘lig‘i to‘g‘risida ketmoqda.
– Men soppa-sog‘man, – dedi Sunbula.
– Men ham sizni xonim, mana bu Kechin uchun doimo sog‘-salomat bo‘lishingizni tilayman. Agar ruxsat etsangiz, sizning yuragingizni kardiogramma qilsamda, keyin bu haqdagi mulohazalarimni bayon qilsam.
Uning bunday jiddiy gapirishi Sunbulaga ham, menga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Sunbula tekshiruvga rozilik berdi. Men uning fikrini ichimdan qo‘llab-quvvatladim. Doktor Noil Sunbulani kardiogramma qilmoqchiligini aytib, uni o‘z huzuriga olib qoldi. Meni esa tashqariga chiqarib:
– Yarim soatlardan keyin keling. Qaylig‘ingiz sizdan uyalmasin. Men uni tekshirib bo‘lganimdan so‘ng, bu haqda siz bilan alohida gaplashamiz, – dedi. Men:
– Unda yarim soatlardan so‘ng kelaman, – deb oshxonadan xabar olgani ketdim. Lagerdagi bolalar uchun soat to‘rtlarda beriladigan choyni tayyorladim. Yordamchilarimga bu yog‘ini o‘zlaring uyushtiraveringlar deb ko‘rsatma berdim-da, aytilgan muddatda doktor Noilning qabuliga bordim. Doktor tekshiruvlarni tugallab bo‘lgan, Sunbula bilan u yoq bu yoqdan gaplashib turgan ekan. Men kelganimni bilgach:
– Kechin, kir, – dedi. Men ichkariga kirdim.
– Nima gap tinchlikmi? – dedim.
– Ha, – dedi. – natijalarni ertaga ma’lum qilaman. Ikkalangizni ham ertaga shu mahalda shu yerda kutaman.
Biz u bilan xayrlashib chiqdik. Men Sunbulani kuzatib qo‘ydim. U men bilan gaplashishga uncha hushi yo‘qdek ko‘rindi. Shuning uchun uni kuzatganim hamonoq doktor Noilning oldiga kirdim.
– Nima gap doktor, – dedim. – Sunbula g‘amgindek ko‘rindi menga.
– Kechin, mana bu yerga o‘tir, – dedi u menga bo‘sh stulni ko‘rsatib. Men u aytgan joyga o‘rnashib oldim. – Bilasanmi nima?! Qaylig‘ingda miakard infarktining belgilari bor. Dastlabki boshlang‘ich “forma”da.
– Bu juda yomonmi? – dedim men, miakard infarkti haqida hech nima bilmaganim uchun.
– Bo‘lmasamchi, – dedi u. – Lekin buni unga aytmadim. Oldin sen bilan maslahatlashay dedim.
– To‘g‘ri qilibsiz doktor, – dedim men. – Uni davolasa bo‘ladi-a?
– Albatta, – dedi doktor Noil. – Qaylig‘ingiz uchun Karlovi-Variga “putyovka” olib berolasanmi?..
– Qaerda u joy? – dedim men.
– Chexoslavakiyada, – dedi u. – Agar tegishli pulni topa olaman desang, “putyovka” olishda yordam beraman. “Putyovka”ni ikkita olish lozim.
– Bittasiga kimga? – dedim men.
– Kimga bo‘lardi, senga-da. Nima uni Chexoslavakiyaga yolg‘iz yubormoqchimisan?
– Yo‘q, albatta, – dedim men. – “Putyovka” qancha turarkan?..
– Men buni ertaga Toshkentga telefon qilib, bilib beraman. Faqat hozircha bu haqda Sunbulaga og‘iz ocha ko‘rma.
– Yaxshi, -dedim men. – Hammasini siz aytgandek qilaman.
Ertasi kuni tushlikda u oshxonadagi ovqat sifatini tekshirgani kelganida “putyovka”ni surishtirib bilganini, narxi falon pul ekanligini aytdi. “Putyovka” narxini eshitib meni ko‘zimdan o‘t chiqib ketdi.
– Nimaga qaltiraysan Kechin, - dedi u. – Yo, Sunbula Karlovi-Variga borishga arzimaydimi? Nima, shu pulni qaylig‘ingdan qizg‘onasanmi?..
– Balki o‘zimizda ham davolasa bo‘lar, - dedim.
U Qovog‘ini uydi. Ovqatni erinmay tekshirarkan:
– Buncha ziqna bo‘lmasang, – dedi. – Otangni suruvidagi qo‘ylardan sot, nima kamayib qolarmidi?!
Unga otamning cho‘pon ekanligini So‘qori tog‘larida uch yuzdan oshiq qo‘ylarimiz borligini aytib bergandim. Doktor Noil shunga sha’ma qilayotgandi. Men unga nima deyishimni ham bilmasdim. Hali uylanmagan qizimni Karlovi-Variga olib borishga qanday jur’at qilardim. Bu meni qo‘limdan kelarmidi?! Otamdan qo‘ylarni sotishni qanday so‘rayman?! Sunbulaning ota-onasidanchi?! Xullas, o‘ylab o‘yimga yetolmasdim. Meni kalovlanib qolganimni ko‘rgan doktor Noil:
– Kechin, seni bunchalik ziqna, deb o‘ylamagandim, – dedi. – Sunbulani tirnog‘iga ham arzimaysan.
U meni oldimdan shunday deb chiqib ketdi. Men uni do‘st deb bilganim uchun kelajagimni o‘ylab menga yuragi achiyapdi deb o‘ylabman. Tushdan so‘ng, uning qabuliga borganimda men unga hammasiga roziligimni aytdim.
– Ana endi o‘zingga o‘xshayapsan Kechin, – dedi u. – Unda Sunbulani chaqir, men unga hammasini tushuntiraman. Faqat Karlovi-Vari haqida og‘zingdan gullab o‘tirma. Menda bir reja bor. Sen va uni Karlovi-Varida uchrashtirish.
– Axir qanday qilib? – hayajonlanib unga qarayman.
– Buni keyin ko‘rasan. Buyog‘ini menga qo‘yib beraver. Sen yaxshisi hozir Sunbulani bu yoqqa jo‘nat-da, o‘zing “putyovka” va samolyot biletlariga pul hozirla. Bu senga to‘y oldi sayohati bo‘ladi. Meni senga beradigan yordamim shu. Keyin bir umr eslab yurasan.
Men u aytgandek qildim. Sunbulani uni oldiga jo‘natdim-da, o‘zim yo‘l hozirligiga pul hozirladim. Otam ancha qarshilik qilsa-da, uni ko‘ndirdim. U sotiladigan qo‘ylarni menga ajratib berdi. Ikki haftaga qolmasdan doktor Noil aytgan pullarni unga keltirib berdim. U pullarni “putyovka” va bilet xarid qilish uchun aviakassada kassir bo‘lib ishlaydigan ukasiga berib kelish uchun Toshkentga jo‘nab ketdi. Oradan ko‘p o‘tmay yana lagerga qaytib keldi. Menga:
– Tayyorgarligingni ko‘raver, yaqin orada Sunbula bilan Karlovi-Variga ketasan, – dedi. – Aytmoqchi, unga bu haqda gapirmadingmi?!
– Yo‘q, – dedim men. – Hammasi siz aytgandek ketmoqda.
– Unda yaxshi, – dedi u. – Men Sunbulaga Karlovi-Variga bir o‘zi ketishini aytdim. Samolyot va “putyovka” to‘g‘rilab beraman dedim. U yoqqa borgandan so‘ng, seni ko‘rib hangu-mang bo‘lib qoladi. O‘shanda unga hammasini qanday bo‘lsa, shundayligicha aytib berasan. Men seni o‘z ukamdek ko‘rganim uchun baxtli bo‘lishingni tilayman.
– Raxmat doktor, – dedim men. – Bu yaxshiliklaringizni hech qachon unutmayman.
Shu bilan oramizda boshqa aytarli gap ham bo‘lmadi. Doktor ham, men ham o‘z ishimizni qilib yuraverdik. Bu orada lagerda “patok”lar ham yakunlanib qoldi. Doktor bir kuni meni oldiga chaqirib Toshkentga qachon yetib borishimni aytdi.
– Bilet va “putyovka”larni aeroportda qo‘lingga tutqizaman, – dedi. – Endi Sunbula bilan uchrashmay tur. Bira to‘la o‘sha yoqda ko‘rishasan. Unga “syurpriz” bo‘ladi.
– Xo‘p bo‘ladi doktor, – dedim men.
Shundan so‘ng biz boshqa gaplashmadik. Keyin bilsam u ablah mening qulog‘imga “lag‘mon” ilib yurgan ekan. U Sunbula bilan qabulda bo‘lganida imkon qadar o‘zini yaxshi ko‘rsatib, meni esa obro‘sizlantirib yurganligini men keyin bildim. U Sunbulaga bilet va “putyovka” olib berishini, u yerdagi sanotoriyada davolanishini, so‘ng turmushga chiqaverasiz deb aytgan. Shunday imkoniyatdan hozir foydalanmasangiz, keyin bu Kechin sizni hech joyga ham olib bora olmaydi degan. Qiz uning gaplariga laqqa tushgan. Mendan begonasirab asta-sekin unga yaqinlasha boshlagan. Men o‘shanda buni afsuski ilg‘amabman. Doktor Noilning so‘zlariga ishonganim uchun men axmoq, Sunbula bilan boshqa gaplashmadim. Sunbula albatta meni kelishimni kutgan. Lekin doktor Noil bilasizmi unga nima degan?..
– Sizning kasalligingizni eshitib u sizdan o‘zini olib qochib yuribdi, – degan. – Karlovi-Varida dam olib kelavering, balki tuzalganingizdan so‘ng unga kerak bo‘lib qolarsiz.
Bu gaplarni menga keyinroq doktor Noilning hamshirasi aytib berdi. U Sunbulani mana shunday tarzda asta-sekin mendan aynitib borgan. O‘zi esa unga qadamba-qadam yaqinlashgan. Lagerdagi “patok”lar tugagandan so‘ng aytilgan vaqtda doktor Noil bilan aeroportda uchrashgani bordim. Lekin uni topa olmadim. Sunbulani ham Toshkentga ketganini eshitgandim. Biroq na Sunbuladan, na doktor Noildan darak bo‘ldi. Bir necha kunlik sarson-sargardonlik so‘ng Toshkentdagi aviakassalaridan birida kassir bo‘lib ishlaydigan uning ukasini qidirib topdim. Undan akasini so‘radim.
– Akam Sunbula degan qiz bilan Moskva orqali Karlovi-Variga uchib ketdi, - dedi u.
Uni o‘sha yerning o‘zida o‘ldirguday do‘pposlamoqchi edim, odamlar ajratib qolishdi To‘g‘ri, uning aybi yo‘q edi. U akasining kirdikorlaridan umuman bexabar ekan. Shundan so‘ng, nima qilishni ham bilmay qoldim. Meni boplab aldab ketgan doktor Noilni ichimda ham, tashimda ham bo‘ralab so‘kkancha bir necha kunlar Toshkentda sandiroqlab yurdim. O‘zim Karlovi-Varida ishlatmoqchi bo‘lgan pullarni sarflab bo‘lgach, Rembrandning “Oqpadar o‘g‘ilning qaytishi” kartinasidagi yigitga o‘xshab, uyga shumshayib qaytdim. Men u kartinani maktabdagi tarix darsligida ko‘rganman. Ha, ahvolim ma’nan xuddi o‘shanday edi. Otam va onamga bo‘lgan voqeaning hammasini ro‘yi-rost aytdim. Bir ko‘ngil qo‘ylarni qolganini sotib bo‘lsa ham Karlovi-Variga borib, o‘sha doktor Noilni so‘yib tashlamoqchi ham bo‘ldim. Ammo otam shashtimdan qaytardi.
– Meni butun umrlik molu-dunyomdan ayirib kafangado qilmoqchimisan, – dedi u.
Unga nima ham derdim. Xo‘rligim kelib, uzoq vaqtlar otamning yoniga tog‘u-toshlarga chiqib ketdim. Cho‘ponlik qilib qo‘ylarni boqib yurdim. Odamlarning yuziga qanday qarardim. Shu taxlit Sunbulani kelishini kutdim. U kelganda hammasini gaplashib olmoqchi bo‘ldim. Biroq afsuski, Sunbula ham qaytmadi. Oradan uch-to‘rt yillar o‘tgach uyimizga Pragadan telegramma keldi. Telegramma doktor Noildan edi. Unda shunday yozilgan edi.
Qadrli Kechin!
Mendan qattiq xafaligingni bilaman. Ammo na iloj. Yugurganniki emas, buyurganniki bo‘ladi. Sunbulani Karlovi-Variga o‘zim olib ketishni ma’qul ko‘rdim. Chunki uni birinchi ko‘rishdayoq qattiq yoqtirib qoldim. Menga qizingni tanishtir deganimda, unga keyin o‘zim uylanaman deb o‘ylamagandim. Lekin taqdir ekan. U meni yuragimdan urib qoldi. Shuning uchun kardiogramma haqidagi nayrangni o‘ylab topdim. Unga yetishishim uchun menda boshqa yo‘l yo‘q edi. Baxtimga sening soddaliging ish berdi. Men Sunbulani Karlovi-Variga olib kelganimdan keyinoq bir haftaga qolmasdanoq o‘z niyatimga erishdim. Uzoq qarshilikdan keyin nihoyat u meniki bo‘ldi. Shundan keyin seni xayolidan chiqarib tashladi. To‘g‘ri u yig‘ladi, o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘ldi, endi qanday bosh ko‘tarib yuraman, dedi. Ammo men uni saqlab qoldim. Hammasini uylanish uchun uyushtirganimni unga tushuntirdim. Maqsadim aslo ermak qilish emas edi. Lekin sen Kechinni xafa qilganimni bilaman. Men “Anelik” orqali sening nomingga pul yubordim. Ushbu pullarni olib otangni pullarini qaytarib berishing mumkin. Lekin mening oldimga kelishni aslo xayolingga keltirma. O‘ch olishni ham o‘ylama. Karlovi-Varidagi “roman”dan so‘ng men Sunbulani o‘z nikohimga oldim. Keyin biz Pragaga ketdik. Praga katta shahar. Bu yerlarga kelsang adashib qolasan. Men katta bir klinikada kardiolog bo‘lib ishga kirdim. O‘sha yerda bir badavlat slovakni operatsiya qildim. U meni Pragada ijarada yashayotganimni eshitib o‘zi yashaydigan Bratislavaga taklif qildi. Bilasan, Chexoslavakiya hozirda Chexiya va Slovakiyaga bo‘linib ketgan. Men operatsiya qilgan o‘sha slovak davlat amaldorlaridan biri. U menga o‘sha qilgan yaxshiligim uchun hovli-joy sovg‘a qildi. Endi xotinim Sunbula va bolalarimni olib Bratislavaga ko‘chib ketamiz. Ehtimol bu xat sening qo‘lingga borganida biz Bratislavada bo‘larmiz. Albatta Toshkentni qattiq sog‘indim. Lekin buni senga aytganimdan nima foyda. Mayli sen ham baxtli bo‘l. Sunbulani endi unut. Biror yaxshi qiz topib uylan. Faqat mendan xafa bo‘lma. Kechin, sen o‘z nomingga muvofiq Sunbulaga yetishishga kechikding. Bu voqealarni xotirangdan butkul o‘chirib, baxtli yashashingni tilayman, deb doktor Noil.
Undun ana shunday mazmundagi xatni olgach, butunlay tamom bo‘ldim. U xatga ilova tarzda Sunbula va bolalari bilan tushgan suratlarni ham menga jo‘natibdi. Ularni ko‘rib men tamom bo‘ldim. Lagerga ishga keladigan vrachlarni nega yomon ko‘rishim sababini endi tushungandirsiz?!
Men oshpaz Kechin pishirgan oxirgi keksni tanovul qilgancha, limon choydan icharkanman, unga boshimni saraklatib qo‘ydim.
– Hozir uylangandirsiz-a?.. – dedim.
– Ha, o‘libmanmi, uylanmay, – dedi u. – Xotinim va to‘rt farzandim bor.
Oshpaz Kechin o‘rnidan turarkan:
– Halizamon bolalar keladi, - dedi. - Ovqatni sifatini ko‘rib bering. Men:
– Albatta, – dedim. – Limon choy va keks uchun raxmat.
Lager oshxonasidan tashqariga chiqqanimdv, yomg‘ir yog‘ishdan to‘xtagan, quyosh charaqlab turardi. Qabulxonaga borib qancha o‘tirganimni bilmayman. Nimaga deysizmi?! Yo‘q, oshpaz Kechinning g‘amgin taqdiridan o‘yga botganim yo‘q. Men shunchaki oshpaz Kechin aytib bergan, o‘sha doktor Noilni tanirdim. Ha, taniganda ham juda yaxshi tanirdim. Chunki u meni amakim bo‘lardi. Endi meni tanigandirsiz. Ha, men o‘sha, oshpaz Kechin do‘pposlamoqchi bo‘lgan kassirning o‘g‘li doktor Yoqubman. Men shu paytgacha har doim amakim bilan faxrlanib yurardim. Chunki u hozir ham Yevropada taniqli doktorlardan biri, men shuning uchun uning jiyaniman deb kezi kelsa birovga so‘z bermasdim. Amakimning yo‘lidan yuray deb mana shu Oqsuvdaryo bo‘yida, o‘rmon ichkarisidagi “Gulnora” lageriga ishga kelgandim. Endi u haqidagi haqiqatni eshitgach, balki hayotga teran qararman. Bas, amakim haqida endi hech kimga gapirmayman. Hatto oshpaz Kechinga ham, endi meni tushungandirsiz. Yo‘q, bu qo‘rqayotganim uchun emas. Bu – bu haqda boshqa gapirishni istamasligim uchun. Ha, ana shunaqa, aziz birodar.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.