Uning bobosini Ziyod attor deyishardi. Uylari qishloqning teparog‘ida, suvga yaqin joylashgandi. Lekin ular dehqonchilik bilan shug‘ullanmasdi. Ziyod attor faqatgina mollarini shahardan opkelib, ustiga ustamasini qo‘yib, qishloqning odamiga sotib, ro‘zg‘orini tebratgan.
Ziyod attor bolalarni yaxshi ko‘radi. Ularga holva, mayiz, parvarda va boshqa shunga o‘xshash narsalarni in’om qiladi. Shu vajdan bo‘lsa kerak, qishloq bolalari uni ko‘rdi deguncha, ortidan ergashadi. Attordan ulushini oladi. Evaziga uning otu eshagini sug‘oradi, molu qo‘ylariga o‘t soladi. Tagini kuraydi. Ziyod attorning uyi xuddiki, bolalar bog‘chasiga o‘xshaydi.
Ziyod attorning Yoqub ismli o‘g‘li bor. U otasining uyiga egalik qiladi. Yoqub ham boshda ota kasbi – attorlik bilan shug‘ullandi. Biroq eplay olmadi. So‘ng, tog‘a kasbi – qassoblik bilan kun kechira boshladi. Ota-bolaning ro‘zg‘ori bitta. Qora qozonni Yoqubning xotini qaynatadi.
Ziyod attor nevarali bo‘ladi. Uning otini esa G‘afur deb qo‘yishadi.
Ziyod attor... Yoqub qassob... G‘afur... Mana shu shajara oralig‘idagi vaqt, masofa, tarix va taqdir haqida odamning qancha-qancha orzu-yu armonlari borligini bir karra yodga olsangiz... Yurak chidarmikan?!
G‘afur sinchkov bo‘lib, hovlidagi hamma narsa uning nazaridan chetda qolmasdi. Bobosining do‘ltaxonasidagi attorlik mollari qaerda qanday turishini yoddan biladigan bo‘ldi. Otasining anjomlarini ham xuddi shu taxlit bilardi.
Momosidan, onasidan turli xil ertak, masalu matallar eshitadi. Unga ayniqsa, itlar bilan bog‘liq bo‘lgan voqea-hodisalar juda xush yoqardi. Uni ot bilan kuchuk juda-juda rom etgandi. U bir paytlari o‘ziga tog‘asi sovg‘a qilgan – Olaparni erkalardi. U qulog‘i va dumi kesilgan yirik it edi. Bola itni minganida ham jonivor churq etmasdan turardi. U ot minishdan cho‘chir edi.
G‘afurning hatti-harakatlari o‘ziga mos, kishi havasini keltirardi. Uning ziyrakligi va kattalarga xos salmoq bilan gapirishi va fikrlash tarzi atrofdagilar uchun ajabtovur tuyulardi. U hayotdan ko‘rgan va ko‘rayotganlarinidan nedir saboq olayotgandi. Uydagilar: buvisi, onasi, otasi-yu bobosidan eshitayotganlaridan ham nedir ibrat olar edi. Mana shunday damlarda uning yuragidagi, aqlidagi nedir bo‘shliqlar go‘yoki to‘lishayotgandek edi. Bu hisdan uning o‘zi ham, unga ko‘z-quloq bo‘lib turganlar ham birdek xursand edi.
G‘afur birdaniga olam, borliq, turish-turmush haqida o‘ylay boshladi.
Bobosining oti kasal bo‘lib qoldi. Emlashdi. Foydasi bo‘lmadi. Ot borgan sari holidan toyib, so‘layib qoldi. Bobo otning yollarini siladi. Uning xo‘rligi keldi. Buni kuzatib turgan bolakayning ko‘zlariga esa yosh keldi. U bobosining shu bilan birga otning yoniga cho‘kka tushdi. Ular birgalikda otning yollarini silab, badanlarini qashlashdi. Ot esa boshini yerga solganicha yotardi. Bola uning boshlarini silaganda, ot ko‘zlarini yumdi. Aftidan, bu siylov unga yoqayotgandi. Ot biroz turib ko‘zlarini ochdi-yu ularga qaradi. So‘ng yana ko‘zlarini yumib oldi. Otning ko‘zlaridan yosh sizib oqdi. Bolaning eti uvushdi, u bir otga, bir bobosiga qarab turardi. Bobo esa ko‘zlarini nevarasidan yashirdi. Bolaning ham yuzi namlandi. Bobo achchiq xo‘rsindi.
Ziyod attorning oti o‘rnidan turmaydi. Otni Yoqub qassob halollab oladi. Uning go‘shtini ro‘zg‘orda kim yesa yeydi-yu, lekin Ziyod attor bilan nevarasi – G‘afur bir chimdim tatib ham ko‘rishmaydi. Otdan ayrilish G‘afur uchun hayotdagi katta saboqning boshlanishi edi.
Oradan vaqt o‘tib Olapar ham o‘z-o‘zidan yo‘qolib qoladi. G‘afur uni qidirib qarindoshlarinikiga boradi. Dashtu qirlarni izlaydi. Barisi befoyda. Olapar topilmaydi. Ancha vaqtdan keyin Otqamar darasida Olaparning o‘lib yotganini eshitadi. Bobosi bilan birga u yerga bordi. Itni ko‘radi. Xo‘rligi keldi. O‘pkasi to‘lib, yig‘laydi. O‘sha damda bobosining, yaxshi it o‘ligini egasiga ko‘rsatmaydi, degan gapi unga taskin beradi.
Endi G‘afur hayotdagi yo‘qotish, ayriliqlar haqida ham o‘z-o‘zidan o‘ylay boshlaydi. U o‘zicha yaxshi-yu yomonni, foyda-yu zararni solishtira boshlaydi. G‘afur qushlar, hayvonlar haqidagi xayollardan endi odamlar haqida ular orasidagi tafovut xususida fikr yurita boshladi. Endi u odamlar, ro‘zg‘or, oilalar orasidagi nomutanosibliklar haqida o‘ylar edi.
U jo‘rasi Ikromning nega otasiz yashashi kerakligini, Hoshim boboning kampiri nega o‘lib qolishi kerak, Inoyat bobo nega aroq ichadi, deya o‘ziga o‘zi savol berardi.
G‘afur bu dunyoning oxiri, hayotning sinoatlaridan tezroq boxabar bo‘lishiga oshiqardi. Dunyoni oxiriga qadar bilgisi kelardi. Yosh G‘afurga xayollari tutqich bermasdi. U savol beraverib, hammani bezor qilgandi. U nimanidir kashf qilmoqchi bo‘lardi. Va bu borada o‘zini ixtironing uddasidan chiqa olmayotgan noshuddek sezardi.
G‘afurni onasi oqshom tog‘oraga solib cho‘miltirdi. Sochlarini kuzadi. Tirnoqlarini oldi. Unga atab xalta tikishdi. Atalgan xalta xuddi bobosining attorlik to‘rvasiga o‘xshab ketardi. Ertasiga ertalab xaltasiga qalam, daftar, siyohdon solib bobosi qo‘liga oldi. Keyin G‘afurni ham qo‘lidan tutib yo‘lga opchiqishdi. Bobo nevarasi bilan maktabga borayotgan edi. Uni old partaga o‘tirgizishdi. Bobosi uni o‘zining eski oshnasi - Shermat muallimga topshirdi.
G‘afur darslarni yaxshi o‘zlashtirdi. Odobi, xulqi joyida edi. Unga o‘qituvchilarning ham o‘quvchilarning ham birdek havasi kelardi. Sinfida hamma uning gapiga quloq solardi. U xuddi shu taxlit – havas qiladigan darajada maktabda o‘qidi.
Maktabni bitirgandan so‘ng, uni otasi – Yoqub qassob Jizzaxga muallimlik kursiga opkeladi. Taassufki, G‘afur imtihondan yiqiladi. Keyin qishloqqa qaytishdan uyalib, o‘sha yerda cho‘lni o‘zlashtirish brigadalardan biriga ishga kiradi. Yana tinimsiz o‘qiydi, ham ishlaydi. Ko‘p narsa unga alam qilardi. U o‘zini qasdma qasdiga yashayotgandek sezardi. G‘afur taqdirida nima borligini tezroq bilgisi kelib, jangdagi sarkarda kabi hayotiga peshvoz chiqardi. U nedir yorug‘lik ko‘rishni istardi. U muallimlik kursiga kirishni va uylanishini o‘ylardi. Kechalari uyqusi qochardi.
“Hammasiga chidayman, yorug‘ kunlarim oldinda, yaratganning menga aytgani ham bordir. Men esa faqat sabot bilan olg‘a yurishim kerak.” Uning xayollari mana o‘ylar bilan band edi. Hayot uni qattiq sinadi. Dardga yo‘liqdi. Uch yil yana shifoxonada yotdi. Shunda ham uning qo‘lidan kitob tushmadi. Dardni bergan xudo da’vosini ham beradi, deganidek G‘afur tuzaldi. Jizzaxdagi muallimlik kursini ham bitirdi. Uning yuzi yorug‘ bo‘ldi. Yelkasidan tog‘ ag‘darilib, jonajon qishlog‘i – Jomga yo‘l oldi.
Maktabda matematika fanidan saboq beradigan muallim bo‘lib ishga joylashdi. Hamma bilan tez til topishib ketdi. G‘afur muallimning matematikadan dars o‘tishi bo‘yicha atrof maktablari orasida oldiga tushadigan yo‘qligi rost. U bir paytlar o‘qitgan bolalari bugungi kunda o‘zi bilan birga xizmat qilishadi. Ko‘pchilik ota-onalar o‘z bolalarini G‘afur muallim o‘qitishini juda-juda istashadilar.
G‘afur muallim baxtini rostakamiga maktabidan topdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. U turmush o‘rtog‘i – Zumradxonimni ham o‘z o‘quvchilari orasidan topdi. Muallimning maktublarini mahbubasi – Zumradga o‘z o‘quvchisi – Eldor eltib berardi. Zumrad ham xuddi ertakdagi kabi havas qilsa arziydigan zaifa. G‘afur muallimning ko‘nglini tushunadi. Eri bilan faxrlanadi.
G‘afur muallim o‘ziga, kuchiga, to’leiga ishonadi. Davralarda o‘zi o‘qitgan bolalarning hozirgi kunda erishgan muvaqqiyatlaridan so‘zlab beradi.