“Qaerdadir bir xatolikka yo‘l qo‘yganman. Shuning hisobidan omadim yurishmayotgan bo‘lsa kerak, - deb xayol surardi u. – Balki menga shunday tuyulayotgandir. Aslida men bekamiko‘st insonman. Bundan tashqari, o‘zimga razm solsam, hamma a’zolarim joyida. Soch, qosh, ko‘z, burun, og‘iz, tish, bo‘yin, oyoq-qo‘l. To‘rt mucham ham sog‘u salomat.”
U shunday o‘ylar bilan tevarak-atrofdagi tengu to‘shlariga razm soladi. Ularning ham o‘zidan ortiq joyi yo‘q. Hammasi o‘zi bilan o‘zi ovora. Nima bilandir andarmon. Nedir umidvorligi bor.
-Balki men bu dunyoga kelmaganimda nima bo‘lardi, - deya o‘ylay boshladi. – Unda men kim yoki nima maqomida qaysi joydan o‘rin olardim? Ana shunda hayotim qanday bo‘lardi? Ne yo‘riqda yurardim. Hozirgidan boshqacha yasharmidim? Boshqacha yashashim qanday bo‘lardi? Aslida o‘sha hayotni idrok qilib bo‘larmidi? Yo‘q.Men baribir mana shunday yashashga mahkum ekanman. Taqdir tazyiqidan qochib ketolmasdim. Bu umr men uchun berilgan ekan, uni yashashga majburman. Keyin qolganiga bir gap bo‘lar.
Ayni o‘y-xayollarni surayotgan odam – Sherbek edi. Uning qisqacha hayoti yo‘li haqida ham sizlarni voqif etsak, harna tushunishga osonroq bo‘lardi. Keling, yaxshisi, hozir gapni shundan boshlasak.
U bundan qirq yillar chamasi avval mana shu tog‘li qishloqda dunyoga keladi. Otasi – Razzoq qishloqning qo‘yini boqadi. Onasi –Dilsora esa ro‘zg‘or ishlarini bajaradi. Kambag‘alroq oila. Sherbekdan so‘ng yana besh qiz va ikki o‘g‘il tug‘iladi. Ro‘zg‘or kattalashadi, hammasi o‘sdi, ulg‘aydi. Sherbek oilaning to‘ng‘ichi bo‘lgani uchun, ko‘p ishlarni otasi unga o‘rgatardi. U ko‘p tamizli bola edi. Bir ko‘rgan ishini o‘zi boshqatdan qila olardi. Xuddi mana shu xislati uchun uni otasi, onasi va boshqalar ham izzat qilardi. Buning ustiga u otasining yonida kecha-yu kunduz tayoq sudrab qo‘y boqardi. Odobi joyida, hulqi yaxshi. Maktabida o‘qishi ham yomonmas. Muallimlari ham maqtaydi. Tengdoshlarini Sherbekdan o‘rnak olishga da’vat qilarkan.
Xullas, unga ko‘pchilikning havasi kelardi. Va kimlardir Sherbekka hasad ham qilardi.
Uning ovozi do‘rillab, mo‘ylabi sabza urdi. Ota-ona bolasining voyaga yetganini ham sezmay qolibdi. Izidan singillari va ukalari ham bo‘y cho‘zib yetib kelaveribdi. Vaqt deganlari ko‘z ochib yumgunicha o‘tgani bilinmagan.
Sherbekni erta bahorda suruv boqishdan ozod qilishdi. Endi u betinim o‘qiy boshladi. Uning tarbiyasidan qishloqning atangan muallimi – Nishon Sattor xabar oladi. Negaki, Razzoq cho‘ponning o‘zi bir paytlari Nishon Sattor bilan birga o‘qigan. Eski qadrdon.
Nishon Sattor maktabda biologiyadan dars beradi. Hammaga birdek odam. El-ulusning bog‘idagi novdalarni o‘zlari istagan mevaga payvand qilib beradi. U payvand qilgan novdalar bexato oladi.
Nishon Sattorning o‘zida ham yaxshigina bog‘ bor. Bo‘sh vaqtini topdi deguncha, qo‘liga ketmon olib, sarpoychan bo‘lib, bog‘ida ishlaydi.
Nishon Sattorni ota buvasining ham eskichadan xabari bo‘lgan. O‘zining ham eskicha-yu yangichadan durustgina ilmi bor.
Razzoq cho‘pon g‘irromlikni bilmaydi. Yolg‘onni xush ko‘rmaydi. Eski oshnochilikning hurmatiga Razzoq cho‘pon jo‘rasi Nishon Sattorga dardini aytadi:
-Jo‘ra, mana men o‘qimadim. Sen esa o‘qiding. Martabang ko‘z tegmasin yomonmas. Endi, shu desang bizni Sherbek ham maktabni bitiray deb qopdi.
- Xo‘sh, nima qilish kerak? – deya so‘roqlaydi Nishon Sattor.
-Bir tomondan xotin, ikkinchi tomondan o‘g‘ilning o‘zi ham g‘ingshiydi, - deya gap boshlaydi cho‘pon.
-Nima deb g‘ingshiydi? – yana so‘roqlaydi Nishon Sattor.
-O‘qiyman, deydi, jo‘ra, lekin bolaning zehni o‘tkir. Qarashlari ham o‘ktam. Odam bo‘ladigan siyog‘i bor. Salgina tarbiya kerak. Shunga sen madrasa ko‘rgan odamsan. O‘qishdan, yurish-turishidan xabardor bo‘lib tursang, deb turgan joyim, - deydi cho‘pon.
-Bo‘pti, oshno, sening nechta bolang bo‘lsa ham hammasiga yordam qilaman. Xavotir olma. Sherbekdan yaxshi shogirdi chiqadi. O‘zim ham uni ko‘zimning tagiga olib yuruvdim. Meni ham bu yerga bog‘lab qo‘ygani yo‘q, - deydi muallim.
-Ey, ana endi tilimning uchida turgan gapni topdim. Bolani senga shogirdlikka beraman. Enasi ham maqtadi. Surishtirsam, o‘qishi yomon emaskan, qolgan amru-ma’rufni o‘zing qilarsan, - deydi jo‘rasi.
Nishon Sattor rozi bo‘ladi. Ikki oshno oftobshuvoqda barraxo‘rlik qilishadi.
Sherbek – shogird. Nishon Sattor – ustoz. Shogird esa ustozning amriga muntazir. Berilgan topshiriqlarni bajaradi. Tushunmagan joylarini so‘raydi. Ko‘p narsalarni o‘rgandi.
Sherbekning maktabni tamomlash damlari yaqinlashardi. O‘qishi yaxshi ekan, tilla medal beramiz deyishdi. “Bersanglar, bola olaveradi-da,” dedi otasi. Bu orada maktar direktori Berdiqul Yo‘ldosh cho‘ponnikiga keladi. Bolani osmonu falakka chiqarib maqtadi. Unga Nishon Sattor ham jo‘r bo‘ldi.
Cho‘ponning xotini bu damda bir laganda dimlangan go‘shtni mehmonlarning oldiga tortdi. Cho‘pon taxmonidan yashirib qo‘ygan arog‘ini opchiqdi. Piyolalarga suzildi. Birinchi bo‘lib, Berdiqul Yo‘ldoshga uzatdi. Oldi. Ikkinchisini Nishon Sattorga uzatdi. Olmadi. “Ancha bo‘ldi, tashlaganman, ma’raka-mavridlarda namoz o‘qiyapman, uyat bo‘ladi,” deya rad etdi. So‘ng cho‘pon uni qistamadi.
Berdiqul Yo‘ldosh qo‘lida qadah bilan bolaga omad, cho‘ponning o‘ziga, oilasiga tinchlik, zafar tiladi. Keyin mezbon bilan piyolani to‘qishtirdi-da, bir himo bilan piyoladagi aroqni ichib yubordi. Aftini burushtirib lagandagi go‘shtdan bir parchasini og‘zini qiyshaytirganicha tashlab yubordi. Gurunglashib, shishadagi aroq tugay deganida, Berdiqul Yo‘ldosh cho‘ponga yuzlanib:
-Razzoq aka, Sherbek o‘g‘lingiz yaxshi yigit. Boshqa farzandlaringiz ham yaxshi. Maktabning oldi. Hamma ularni maqtaydi. Buning uchun sizga rahmat. Bu yerga kelishdan maqsad aka, o‘g‘lingizga medal obberish edi. Siz bunga nima deysiz va qanday qaraysiz?
-Qanday qarardim? Rahmat uka, siz bizni siylabsiz, sizni xudo ziyoda qilsin. Martabangiz bundan ham baland bo‘lsin. Bu yaxshiligingizni o‘la-o‘lgunimcha unutmayman, uka, - deydi cho‘pon.
-Tashakkur sizga, - deydi Beriqul Yo‘ldosh chaynalibroq va so‘ng ko‘zlari baqraytirib mezbonga yuzlanadi.
Bechora uy egasi o‘zida yo‘q xursand. Taxmondan yana bir shisha aroq keltirib dasturxonga qo‘yadi
-Ey, rahmat ukalar. Bu esdan chiqmaydigan yaxshilik bo‘ldi-da. Bolam bechora buni eshitib, xursand bo‘ladi. Sevinchim ichimga sig‘mayapti, - deydi cho‘pon.
-Men ham seni tushunaman, - deydi Nishon Sattor.
-Bularning hammasi sening sharofating bilan. Sen bolani tarbiyalamaganingda, uni tergab surishtirmaganingda mana shunday xursandchilik bo‘lmasdi. Umringdan baraka topgin, oshno, - deydi cho‘pon.
-Aka, siz tushunmayapsiz. Tilla medal bu juda ulug‘ narsa. Hammagayam nasib qilavermaydi, - deydi Berdiqul Yo‘ldosh.
-Qiziqmisiz uka, sizniyam, tillaniyam, mana shu oshnomniyam duppa-durust tushunib turibman. Lekin bizning Sherbekka shu narsani lozim topganlaringizdan boshim osmonga yetdi, - deydi cho‘pon.
Berdiqul Yo‘ldosh boshqa gap ochmaydi. Ikkinchi shishadagi aroqni ham to oxirigacha ichadi.
Cho‘ponni yana tabriklaydi. U xursand. Xayrlashuv chog‘ida Berdiqul Yo‘ldosh cho‘ponni bag‘riga bosib, yuzlaridan o‘pib oladi. Nishon Sattor Berdiqul Yo‘ldoshni o‘zi bilan birga opketadi.
Maktabni bitirar arafasida tilla medalni Sherbekka berishmaydi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Berdiqul Yo‘ldosh o‘sha medalni Joniqul noschining o‘g‘liga bir echkining puliga berib yuborgan ekan.
Razzoq cho‘pon bundan xafa bo‘lmadi. Faqatgina Berdiqulning onasi betayinroq edi, deb qo‘ya qoldi.
Sherbek azim shaharga o‘qishga keldi. Hujjatlarini topshirdi, imtihonlardan ham yaxshi baholar bilan o‘tdi. O‘g‘il bahonasida cho‘pon ham azim shaharga keldi. Sayru sayohat qildi. So‘ng o‘g‘lini yetaklab qishloqqa qaytdi.
Qaddini g‘oz tutib uyga keldi. Nishon Sattorni chaqirtirdi. Unga yaxshilab ziyofat berdi. Do‘ppi, chopon, qiyiqchani tugunchaga solib, uning oldiga qo‘ydi. Rahmatlar eshitdi. Ko‘pdan ko‘p duo oldi. Va o‘zi ham mezbonlarni duo qildi.
Razzoq cho‘pon o‘g‘li Sherbekni o‘zi bilan birga azim shaharga opkeldi. Boshdan oyoq kiyintirdi. Talabalar yotoqxonasiga joylashtirdi. Bolasining bo‘lajak domlalari bilan ham tanishdi.
Bu dargohda ham Sherbek yaxshi o‘qidi. Bo‘lajak do‘xtir – Sherbek tez orada tilga tushdi. O‘qishda ham, ishda ham faol edi.
Shu yerda xatirchilik Mahfirat degan qiz bilan tanishdi. Qiz esa o‘zidan ikki kurs qo‘yida o‘qirdi. Avval o‘qishu saboqdan so‘ng esa hayot haqida suhbat qurishardi. Voqealar tezroq rivojlandi. Ota-onalar ikki tomonni surishtirib, tezda to‘yni boshlashdi. Yosh oila ahil yashab yurishdi. Orada bolalar tug‘ildi. Ikkalasi ham katta shaharda ishlay boshladi.
Bir kuni er xotinini izlab, tungi navbatchilik paytida ishxonasiga keladi. Xotin esa joyida yo‘q. Qaytib ketadi. Yana keladi, yana ham yo‘q. Botinib va shubha aralash undan qayda yurganini so‘raydi. Xotin esa ovozi qaltirab, “vizov” bo‘luvdi, deydi. Sherbek gumonsiraydi.
Oqibat u Mahfiratni ishxonasidagi bir feldsher yigit bilan jinoyat ustida qo‘lga tushiradi. Ikkalasini ham rosa uradi. Onadan tug‘ilganiga pushaymon qildiradi. So‘ng uyiga keladi-da, o‘ziga tegishli buyumlarni jamodonga joylab, ishxonasiga keladi. Shu yerda bir muddat yotib turadi. Keyinchalik bir do‘stinikiga boradi. Va o‘sha joyda muqim yashaydi.
Do‘stining xotini uning ham osh-ovqatini pishirib, kirlarini yuvib qo‘yardi. Sherbek bu uyda bir yildan yashagach, do‘stining xotini unga kelin topadi. Uyi bor, ammo boshi ochiq. O‘qituvchi, bir marta og‘zi kuygan ayol ekan...
Tanishadi. O‘rtada ancha vaqt o‘tadi. Bordi-keldi asnosida ikkovi bir-biriga ma’qul tushadi. Mulla nikoh o‘qiydi. Ish oson ko‘chdi. Endi Sherbek o‘sha muallima ayol bilan yashay boshlaydi. Yangi kelin-kuyovlar olis tunlargacha shirin xayollar surishardi. O‘rtada o‘g‘il ko‘rishadi. Unga Sherbekning o‘zi Pahlavon deya ism qo‘yadi. Chaqaloq ikki yashar bo‘lganida muallima ayolning fe’li ayniydi. Erini uyga kiritmaydi.
Sherbek ko‘ch-ko‘ronini olib yana do‘stinikiga keladi.
Muhokama qilishadi. Muallima ayolni yozg‘irishadi. Hammasi befoyda.Tafsilot yo‘q.Sharh ham yo‘q.Gapu so‘zlar, nasihatu maslahatlar abas...
Keyinchalik muallima ayol boshqa er tutadi. Bu paytda esa Sherbek oltinchi marta uylanib, hattoki unisi bilan ham ajrashgan bo‘ladi.
Ana shunday kunlarning birida Sherbek o‘zining achchiq qismati haqida o‘ksik ko‘nglida xo‘rsiniq aralash xayol suradi.
U najot yo‘lini topishga intiladi. Biroq o‘sha yo‘lga qaerdan borishni bilmaydi.
Bir kuni onasi folbinga boradi. Sherbekka fol ochtiradi... So‘ng o‘g‘lining oldiga keladi. Bolasining aftadahol, miskin, g‘aribligidan xo‘rligi kelib, yig‘laydi. O‘g‘il onani tinchlantiradi. Lekin ona yana o‘ksib-o‘ksib yig‘laydi.
Emishki, Sherbek yettinchi marta uylansa baxti ochilib, omadi choparkan. Yulduzlar shuni bashorat qilayotgan ekan.
Biroq yigit bu gaplarga ishonmaydi. U yanayam indamasdan turib, onasining so‘zlariga quloq tutardi...