Tog‘oshar – bu nom yoki ism desak, egasiga juda mos. Tog‘oshar cho‘pon. Cho‘ponki, otasi ham unga tug‘ilgan zahoti peshonasida cho‘ponlik yoxud cho‘liqlik yozilganidek, aynan shu ismni qo‘ygan.
U esini tanibdiki, dashtu yovonlarda suruvining ortidan yuradi. Tog‘osharga bu yerlarning o‘t-o‘lanlariku mayli, hattoki tog‘larining toshlarigacha ma’lum, desak, lof aytmagan bo‘lamiz. U suruvini mudom bir yaylovda boqadi. Yaylovning nomi ham qiziq – Afandining soyi. Afandi kim ekan, dersiz. U tamomi qishloqdoshlaridan ajralib, soyning tepasiga chiqib, uy qurgan. Turmushi ham, fe’li ham farq qiladi. Shundan bo‘lsa kerak, el qo‘ygan afandi laqabi ham erish tuyulmaydi.
Xullas, Tog‘oshar suruvini boqadigan yaylovning toqqa tutashgan joyida unga tanish bo‘lgan, tanish bo‘lganda ham sakkiz yillik tanishi - kaltakesak yashaydi. Ular avval boshda ikkita bo‘lib, so‘ng urchib, ko‘payib ketishadi.
Ilk daf’a Tog‘oshar kaltakesaklarni ko‘rganida ijirg‘anib, yo‘lida ularni uchratganida tayog‘i bilan urib, o‘ldirmoqchi ham bo‘lgandi. Bu hisdan bexabar kaltakesak esa xuddi salomga chiqqanday, har kuni erta tongdan uning yo‘lida turadi. Shundan so‘ng, bora-bora Tog‘oshar kaltakesaklarning turqiga ham ko‘nikib ketdi. Kaltakesaklar ham unga ko‘nikishdi. Jonivorlar bu yil to‘qqizinchi marta o‘z yaylovlarida Tog‘osharni suruvi bilan kutib olmoqda. Endi ular to sovuq tushguniga qadar bir-birlarini ko‘rib, ko‘z-quloq bo‘lib turishadi...
Qo‘ylar tong saharda o‘rnidan turib, tog‘ tomon jilib ketishgan ekan, u suruvini tog‘ning ortidan qaytarib kelayotganida, soyning xilvatroq joyida bir kaltakesak dumini sudrab, orqa oyoqlarida turganicha, uch-to‘rtta sheriklarining tegrasida aylanib yurganini ko‘rdi. Tog‘oshar bu manzarani ko‘rib, jonivorlarning bazmidan irganmay, miyig‘ida kulib qo‘ydi. Endi u ilgarilari keksa cho‘ponlardan eshitgan kaltakesaklar haqidagi bad gaplarga unchalik ishonqiramay, andak shubhalanib qoldi.
Quyosh tog‘larning ortidan ko‘tarilib, Tog‘oshar soyning boshiga kelganida, Qo‘chqor cho‘ponning bir qo‘yni emlayotganing ustidan chiqdi.
-Hormang, Qo‘chqorboy, - dedi Tog‘oshar tomoq qirib.
- Salom, bor bo‘ling, keling tog‘a, - deya Qo‘chqor cho‘pon manzirat qildi.
-Qo‘yingizga nima qipti? – so‘roqlaydi Tog‘oshar.
- Kechagina qo‘zilagandi, boyna bir kaltakesakni ko‘rdim, yeliniga tarmashib turgan ekan. Shunga yarasini bog‘lab qo‘yay, degandim, - deya Qo‘chqor cho‘pon dovdiraydi.
- Kaltakesak ham suruvga daxl qilarmikan-a? – deya Tog‘oshar o‘smoqchilaydi. – Ana mening qo‘ylarimga teginmaydi-ku. Qo‘chqorboy siznikiga nima bo‘lgan ekan-a?
-Tog‘a aytsam, ishonmaysiz, boshqa jonivorlarga nisbatan bu yil kaltakesaklardan ko‘p jabr ko‘ryapman.
Tog‘osharning kulgisi qistadi. Biroq kulgidan tiyilib, asta gap qotadi.
-Qo‘chqorboy, inim hozir nisbatan degan kalimani og‘zingizga oldingizmi?
Qo‘chqorboy esa uyalib, kelinlardek boshini ko‘ksiga tashlaydi. Yana indamay o‘z ishi – emlashda davom etadi.
Tog‘oshar chidab turolmaydi, tili qichiydi. “Mishiqi, otangni ko‘rdim, ahmadi forig‘, onangni ko‘rdim tovoni yoriq.” U o‘ylaganlarini tashiga chiqarmaydi. O‘zini bosib gap tashlaydi:
-Qo‘chqorboy, uka, ming qilsayam cho‘pon odammiz, shevamiz ham o‘zimizga yarasha. Tan oling, mana otingz ham Qo‘chqor. Osmondan oyoq uzatib tushmagansiz. Bizam sizchalik bo‘lmasayam, sal behroq qilib, gapga ishton-ko‘ylak kiygizamiz. Nisbatan degan gapga balo bormi? Sizga kerak bo‘lsa mana o‘zim aytib beray. Yaxshilab quloq soling.
-Misolga Xakim cho‘ponni olaylik. Xakim qasamxo‘r. O‘g‘illaridan oladigan bo‘lsak, Quvonboy bilan Manzar ham otasiga o‘xshagan – qasamxo‘r. Lekin o‘rtanchisi – Nuriddin peshroq. Xudodan qo‘rqadi, odamni aldamaydi. Mana bizning biladiganlarimiz shular, biror narsani da’vo qilmaymiz.
-Tog‘a cho‘ponlik yoqmayapti. Kecha boshpurtimni o‘zgartiraman, deb Suyun Pirimqulning qabulida bo‘ldim. U o‘ziga yordamchilikka chaqirdi. Elga yordamingiz tegar, dedi. Endi shunga borsammi, deb turibman, - deya Tog‘osharga yuzlandi.
Tog‘oshar ayni gaplarning yolg‘onligini, bu shunchaki ko‘ngil kuyi ekanligini biladi. Suyun Pirimqulning oyog‘i uzangida, uning yonida qanchalab laychalar tilini osiltirib yuribdi. Mabodo, erta-indin Suyun Pirimqul mansabidan tushguday bo‘lsa, yonida turgan laychalarning birortasini ham ko‘rmay qoladi. Shunda u boshini adlroq tutib qarasa, u laychalarning boshqa birovning yuvindi idishidan o‘ziga qarab turganini ko‘radi.
Suyun Pirimqul esini yegani yo‘q. Laycha bilan itning farqiga boradi.
-Boring, Qo‘chqorboy boring. Suyun Pirimqul to‘g‘ri gapni aytgan. Raiyatga yordam qiling, shular qatorida bizlarniyam eslab turing, - deya Tog‘oshar gapiraveradi.
-Tog‘a sizlarni unutib bo‘larkanmi, sizlarni ot, issiq kiyim va oziq-ovqat bilan ta’minlashni birinchi o‘ringa qo‘yaman.
Qo‘chqor cho‘pon gapga qiziqib, qo‘yni chala-chulpa emladi-da, joylashibroq o‘tirdi. Tog‘oshar hafsalasiz unga qaradi.
-Tog‘a qonunni bilasizmi? – deya so‘roqlaydi u.
-Endi biz avom odam. Gazet-pazetgayam ko‘z o‘tmay qolgan. Erta-indin siz o‘qisangiz bizgayam yetkizarsiz. Harna, bilib qo‘yganimiz yaxshi.
-Mana qarang: shuncha gazetani ortib yuribman, - deya u xurjuniga ishora qiladi.
-Baraka toping, siz o‘qing. Xukumatning odami bo‘larkansiz. Xurjunlab emas, qoplab, qanorlab o‘qing, - deya Tog‘oshar suruvi tomon yo‘l oladi.
-Qayoqqa ketyapsiz, tog‘a? – dedi Qo‘chqor cho‘pon xurjunidagi varaqlarni yerga ag‘darar ekan.
-Susambilga Qo‘chqorboy, qo‘ylarni bir yayratib kelay, borsangiz sizni ham opketay, keyin vaqt bo‘ladimi, yo‘qmi?
-Yo‘q borolmayman, men yana o‘rtoq Suyun Pirimqulning oldiga bormasam bo‘lmaydi.
Tog‘oshar qo‘ylarini sug‘orib qaytayotganida soyning o‘rtasida, kaltakesak ortidan beshtasini ergashtirgancha uning yo‘lini kesib o‘tdi. Ular bemalol o‘tganlaridan so‘ng, hammasi burilib Tog‘osharga qarashdi. U ham bir muddat yaylovdoshlariga qarab turdi. So‘ng katta kaltakesak hamzabonlariga bir narsa tushuntirganday bo‘lib, ularni jipsladi-da, bir pas turib, keyin hammasi qirga qarab o‘rmalab ketishdi.
Tog‘oshar bugun ertalab necha yillardan beri eshitib kelayotgan chirildoq tovushini bu yil hisobidan birinchi marta eshitdi. Ovoz biroz hazinroq bo‘lsa-da, biroq jarangdor edi. U soyga tushib kelayotganida kaltakesak zahkash harsangning tagida butun olamni unutib, chirillayotgan edi. Tog‘oshar unga yaqinlashganida ham kaltakesak jilmadi. Hatto yarim qadam qolganida ham qimirlamadi. Faqatgina chirillashini bas qildi.
Choshgohga kelib, Tog‘oshar yana Qo‘chqor cho‘ponga duch keldi. Sherigi uni yig‘lagudek bo‘lib, soy tomon yetakladi. Ikkita sovliq soyda turgan ekan. Ularning yonida esa bir kaltakesakning chalqancha yotganini ko‘rdi-da, uni tayog‘i bilan turtib ko‘rdi. Ammo kaltakesak toshday qotib qolgan edi.
-Tog‘a siz ishonmagan edingiz, mana shu kaltakesakniyam qo‘yning yelinidan ajratib oldim, - deya Qo‘chqor cho‘pon o‘lib yotgan kaltakesakka ishora qildi. – Bularning dastidan o‘ntacha qo‘y bolasini emizmay qo‘ydi.
-Qo‘chqorboy men o‘zimning qo‘ylarimga tegmagani uchun shunga qiyoslab bu gaplarni aytgan edim. Lekin rosti gap, hali meni qo‘ylarim kaltakesak jonivordan hurkkaniyam yo‘q. Nima bo‘lgandayam bekor o‘ldiribsiz, bola-chaqasi bordir, uyasida ko‘z tikib o‘tirgan chiqar. Uyam tirik jon edi.
Qo‘chqor cho‘pon yana nimalarnidir gapira boshlaganida u kaltakesakka qarab indamay jo‘nab ketdi.
Tog‘oshar bu safar yo‘lida jonivorlarni uchratmadi. Kechki salqin Tog‘oshar yana tanish chirildoq ovozni eshitdi. Qirning ustiga chiqib kelayotganida soyda bir to‘da kaltakesaklar ort oyoqlarida tik turganicha doira shaklida aylanishardi. Ularning boshlarida allaqanday ola-kula, qizg‘ish rangdagi tojsimon narsa ajib tusda tovlanib turardi. Ular dumlarini ham rosmana bellariga chirmab olgandi. Xuddi shu zaylda o‘lgan kaltakesakning atrofida aylanib yurishardi...
Tog‘oshar bu manzarani ko‘rib, allanechuk bo‘lib, ich-ichidan qayg‘urib, o‘tirganida to‘satdan yoniga Qo‘chqor cho‘pon keldi. Sherigi to‘satdan emas, balki atay, atayin kelgan edi. Tog‘oshar unga qayrilib ham qaramadi. Qo‘chqor cho‘pon noiloj cho‘kka tushib, kaltakesaklarning marosimiga qaradi.
Talay vaqt o‘tganidan so‘ng, Tog‘oshar o‘rnidan turib pastga, soyhonlikka qarab ketdi. Orqasidan sherigi ham yetib kelib, yelkasiga suykaldi. Ammo bu safar ham u burilib qaramadi. Soyga tushib, qirga yetay deb qolganida bir kaltakesak jonivor ortidan beshtasini ergashtirib, uning yo‘lini kesib o‘tdi. Tog‘oshar bir muddat to‘xtab turdi-da, so‘ng ularning ortidan ergashib, suruvi tomon ketdi...