Uni ota-onasi juda ko‘p kutishdi... Unga atab beshik, tuvaku sumakdan tortib boshqa anjomlargacha niyat bilan olishadi ham.
Ammo u kechikayotgan edi. Onasi hijolat bo‘ldi. Otasi ham o‘zini aybdordek his qildi. Bobolari ham u bilan tevarak-atrofdagilarning oldida g‘ururlangisi, maqtangisi kelardi...
Biroq u hanuz kechikayotgan edi...
Ota-onasi eskicha-yu yangichasiga davolanishdi. Tabib-mulla- do‘xtirlarga bearmon qatnab yurishdi. Chiqmagan jondan umid...
Uning tezroq kelishini yaratgandan nola qilib so‘rashdi. Va’dalar berishdi. Ohlari uzzu kun ko‘kka o‘rlayverdi.
Nihoyat u keladigan bo‘ldi. Endi uni kutib olishga tadorik ko‘rila boshlandi.
Ota-onasining umidlari ushaladigan bo‘ldi. Alhol, shaytongina noumid. Umidning so‘nmagani qanchalar yaxshi... Axir barcha a’mollar ham niyatga qarab bajo etiladi-ku!
Yaratgan egam ota-onaga uni ato etdi.
Otalik baxti...
Onalik zavqi...
Bolalik zavqi...
Ayni zavqdan bahramand bo‘lganlarning soni qanchalar ekan... Ularning xayollarida ne kechar edi. Ko‘ngillar g‘ururga to‘ldi.
Xesh-aqrabolar yig‘iladi. U esa yo‘rgakda bemalol yotardi. Uning oldiga hammaning ham kirishga ruxsat etilmasdi.
Dastlab uni cho‘miltirishdi. So‘ng artib-surtib yana yo‘rgaklashdi. Uning kelishi oilada bayram bo‘ldi. U o‘zidan oldin ham bir go‘dakning kelganligini va u ham ko‘p turmasdan yana darrov qaytib ketganligini umuman bilmasdi. U shiftga tikilganicha beparvo va bexavotir yotardi. Akasining darrov ketib qolganligi ota-onasini va boshqa qarindoshlarni esankiratib qo‘ygandi. Shu sabab bo‘lsa kerak, hamma “Iloyim, umri bilan bergan bo‘lsin,” deya yuzlariga duoi fotiha tortishardi.
Bobo uning qulog‘iga azon aytdi. Va so‘ng unga – Po‘lat deb ism qo‘yishdi. Hayoti po‘latdek mustahkam bo‘lsin, deya niyat etishgandi - da.
Onasi o‘choq boshda chiroq yoqdi. Uni buvisi beshikka beladi.
Endi unga hamma mehribon. Erkalab yonoqlarini qitiqlashadi. Boshini silaydilar. Beshik yonida o‘tirishib, bolakayning kelajagi haqida shirin orzularni xayol qilishadi. Uning obro‘li, baxtli, taxtli bo‘lishini chin dildan niyat etishadi.
Bolakay beshikda jimgina yotardi. U vassajuftli shiftga qaraganda nenidir kashf etishga shaylanardi. U shiftdagi simni va bu simga ildirilgan moychiroqning yonib o‘chishini bilib ulgurgandi. Deraza va eshiklarni ham va ular orqali keladigan yorug‘lik hamda cho‘kadigan qorong‘ulikni ham anglay boshlagan edi. Endilikda u o‘zining beshigi oldiga kelib, o‘zi bilan muomila qiladigan odamlarning aksariyatini tanib ham bo‘lgandi. Ammasi, xolasi, tog‘asi, amakisi, bobosi, buvisi – bularni u sekinlik bilan bir-biridan ajratib olardi. Ular turli toifa edi.
Hattoki, u o‘zining beshikdan olib, tashqari hovlida sayr qiladigan vaqtlarigacha bilib oldi. Agar uydagilar uni olishda kechikadigan bo‘lishsa, u darrov xarxasha qiladigan bo‘ldi. Endi uni atak-chechak yurgizadigan qilishdi.
Po‘lat beshikni tark etdi. Endi u hovlining odami. Ish bo‘lsa-yu bo‘lmasa-da hamma qatori ko‘chada kuymalanib yuradi. O‘zicha qaysidir ishni do‘ndirgandek bo‘ladi. Suv, tuproq bilan o‘ynab ust-boshini kir qiladi. O‘choqdagi cho‘g‘ni olmoqchi bo‘lib, kulni titkilaydi. Olaparning boshini silaydi, so‘ng ustiga chiqib minib o‘tiradi. It ham uni tushunadi. Ustidagi bolaga bir qaraydi-yu homuza tortib yana tilini osiltirganicha atrofni kuzata boshlaydi.
Po‘latning barcha harakatlari oila a’zolarining nazorati ostida bo‘lardi. Hovlidagi hamma yumushlarni bobosi derazadan kuzatib turardi. Po‘latning endi imo-ishoradan so‘zga o‘tish lahzalari kela boshladi. Uning ovozida eng birinchi bo‘lib – “ona” so‘zi yangradi. So‘ngra uning eng lug‘atida yana bir – “ota” kalomi paydo bo‘ldi.
Keyinroq, u bobo va buvi degan so‘zlarni ham aytib murojaat qila boshladi.
Po‘latning tarbiyasi asosan bobosi bilan buvisining izmida edi. Ular bolakayning ota-onasini ham Po‘latga qo‘shib tarbiyalashayotgan edi. Oilani bobo boshqarar edi. Uning soqol-mo‘ylablari oppoq edi. Boshida doim salla bo‘lardi. Po‘lat bir kuni boboning soch yuvayotganini ko‘rdi. Sochlari ham soqoldek oppoq edi. Shunda u bobosidan oqlik sabablarini so‘ray boshlaydi.
Bobo esa boshidan o‘tganlarini gapira ketadi...
Tarix... taqdir... qarilik... umrning o‘tishi...
Boboning o‘tmishi alohida bir mavzu edi...
U nevarasi – Po‘latni qanchalar kutganligini ham aytdi. Uni so‘rab parvardigorga nimalar deb iltijo qilganligini ham gapirib berdi. Endi bearmon oyoq uzatib yotishi mumkin ekanligini, Po‘latning oila sha’nini himoya qilishga tayyorgarlik ko‘rishi lozimligini aytdi.
Po‘lat beshikdan tushgandan so‘ng har kuni nimanidir kashf etib borardi. So‘rayverib hammani bezor qilardi.
Momolar aytar edikim, bola hali tug‘ilmasdanoq, u o‘zining ota-onasini taniydi. Bu gaplarga chippa-chin ishonasan. Negaki, bu gapning haq-rost ekanligini bolangning ko‘zlaridan sezasan.
Ko‘zlar... ko‘zlar...
Ko‘zdan his qilish mumkin.
Ko‘zdan sezish mumkin.
Dunyoda boladek beg‘ubor hilqat yo‘q. Uning ko‘zlaridagi zavqni his eta olish hammaga ham nasib etsin ekan.
Bolaning ko‘zi aldamaydi.
Bolani aldash mumkin, lekin bola hech kimni aldamaydi.
Hovliga kirib kelayotgan otaning oldiga peshvoz chiqayotgan bolakayni kuzatganmisiz?
Bolakaydagi hayajon, undagi samimiylik, ko‘zlaridagi beg‘uborlik...
Uning qo‘llarini oldiga yozib, otasi tomon talpinishini yodga olsangiz, ko‘ngil ravshanlashdi. Yana olamdan umidvor bo‘lasiz.
Eh, deysan. Sen o‘zing ham bir paytlar otangga shunday talpingansan.
Mana bugunga kelib farzanding ham senga talpinyapti...
Charxpalak... falakning gardishi...
Bolangni ko‘ksingga bosasan-da, uni erkalaysan. Quvonchingdan entikasan, yuraging hapqiradi. O‘g‘ling bo‘yningdan quchoqlaydi. Sen uni asta opichlaysan. Bolalik zavqi otalik mehringni iyitib yuboradi.
Shunda taningdagi har neki bor horg‘inlikni unutasan. Yelkangdagi tashvishlar esdan chiqadi.
Bolakayning qo‘llarini dast ko‘tarasan-da yelkangga mindirasan.
Yelkangda farishtalar o‘tiradi.
Bu ishdan ular ham xursand.
Negaki, sen yelkangda uchinchi farishtani ko‘tarib boryapsan.