OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmon Otabek. Imtihon yaqinlashganda (hajviya)

Xullas-kalom, ana shu ajoyib davrning ajoyib gashtini «maza» qilib surib yurgan qahramonlarimiz — Toshpo‘lat, Mo‘min, Hamidlar yotoqxonada shirin uyquda edilar. Talaba xalqini bilasiz — uzzu kun tinib-tinchimaydi, qoq yarim tungacha uxlashni xayoliga keltirmaydi. Jamiki muammolarning yechimini oxirgi kechaga taqab qo‘yadi. Katta allomalar butun umrini sarflab o‘rganadigan fanni talaba bir kechada o‘rganib-o‘zlashtirib, ertasi kuni imtihon ham topshiradi.
Qahramonlarimiz tuni bilan kuymalanib, alla-pallada uxladilar. Ertasi kuni yakshanba bo‘lgani uchun bemalol yotaverdilar. Odatda gavjum, sershovqin yotoqxona ayni tong pallasida nogoh sokin bo‘lib qoladi. Ammo ana o‘sha sokinlikka bugun ko‘z tegdi. Hali so‘fi azon aytmasdan qahramonlarimiz yotgan xona eshigi qattiq taqilladi. Birinchi bo‘lib yoshi sheriklaridan kattaroq, harbiy xizmatni o‘tab kelgan Toshpo‘lat uyg‘ondi. Erinibgina o‘rnidan turib, eshikni ochdi. Ochdi-yu hayratdan lol qoldi. Ostonada «Materiallar qarshiligi» darsining domlasi, qattiqqo‘lligi bilan talabalarning yuragini olib qo‘ygan G‘oyipov turardi. «Kimki shu darsdan eson-omon imtihon topshirolsa, institutni bitirdim deb hisoblashi mumkin», degan gaplar bejiz aytilmagandi.
— E, keling, domla, — dedi Toshpo‘lat andak taraddudlanib, — qani ichkariga...
— Rahmat, arzimas bir iltimos bilan keluvdim, — domla dangaliga ko‘chdi.
«Ajabo, domlaning talabada qanday iltimosi bo‘lishi mumkin? Hamisha buning teskarisi bo‘lardi-ku!» deya Toshpo‘lat hayron bo‘ldi.
— Shu... uchastkada ozgina ish bor edi. Shunga yordamlashvorsanglar. Bugun yakshanba, bahonada bir «razminka» qivolasizlar.
Toshpo‘lat bo‘shashibgina «Mayli» deb yuborganini sezmay qoldi. Boyaqish bundan boshqacha javobni tasavvur ham qilolmasdi. Bir haftadan keyin G‘oyipovning imtihoni! Qani yo‘q deb ko‘r-chi! Faqat arboblar emas, domlalar ham har bob bilan urishga usta bo‘lib ketishgan. Ayniqsa, G‘oyipov! «Materiallar qarshiligi»ni o‘qib-o‘qib yengish mumkin, ammo domla bir o‘chakishsa, uning qarshiligini yengib bo‘lmaydi.
— Bo‘pti! — dedi domla ishning oson ko‘chganidan mamnun iljayib. — Pastda sizlarni kutib turaman, sheriklaringni uyg‘otib tusharsan.
Sheriklarni uyg‘otish oson ko‘chmadi. Mo‘min harqalay o‘z nomi bilan mo‘min edi, uni bir amallab uyg‘otdi-yu injiq va nozikmijoz Hamidni o‘rnidan qo‘zg‘otguncha ancha xunob bo‘ldi.
Qahramonlarimiz yuz-ko‘zlarini chala-chulpa yuvdilaru shosha-pisha pastga tushdilar.
Tashqarida tez-tez soatiga qarab, betoqat kutib turgan domla talabalarni avtobus bekatiga boshladi. Hamid Toshpo‘latga iddao bilan o‘qraydi: «Qurumsoq domlang tekin ishlatganiga yarasha taksida olib ketsa o‘ladimi?»
Toshpo‘lat «ilojim qancha» deganday yelka qisdi. Yo‘l ham ancha olis ekan, domlaning shahar chetidagi hovlisiga yetguncha uyquga to‘ymagan yigitlar avtobusda tik turib, mudrab-tebranib borishdi.
Manzilga yetishgach, domla ishni ma’ruza o‘qigandek, qisqacha tushuntirdi: ayvondagi chala kavlangan yerto‘lani qazib, oxiriga yetkazish kerak!
Shovvozlar yeng shimarib ishga kirishdilar. Yerto‘la qazilayotgan joy toshloq ekan, baquvvatroq Toshpo‘lat lom bilan shag‘alli tuproqni ko‘chirib, zambilga solar, Mo‘min bilan Hamid yukni hovli adog‘idagi chuqurlikka eltib, to‘kib kelar edi. Toshpo‘lat har gal zambilga tuproq solayotganda Hamid ming‘irlaydi: «Hey, zambilni ko‘p to‘ldirma, senga o‘xshab ho‘kizdek kuchimiz yo‘q!» Toshpo‘lat bunga javoban «Ho‘kizdek kuching bo‘lmasa ham, endi eshakdek ishlaysan, ha, bo‘laqol, xix!» deya qitiqpatiga tegadi. Mo‘min mo‘mindek ko‘ringani bilan andakkina pismiqligi ham bor emasmi, «Mana ko‘rasanlar, domla to qorong‘i tushmaguncha qo‘yvormaydi, kelajagimiz porloq», deya sheriklar ko‘ngliga g‘ulg‘ula soladi.
Og‘ir ish qilib o‘rganmagan Hamidning nozik qo‘llari shilinib ketdi. Zambil dastasini ushlashdan bezillab qoldi. Axiyri azobga chidolmay, zambilni otib yubordi:
— E bor-e, kimga kerak bo‘lsa, o‘zi qilaversin. Menga nima zaril?!
Shu mahal domla ichkaridan eski chelakni ko‘tarib chiqdi va bostirma tagida bog‘loqlik turgan ulkan ovcharka itning yalog‘iga yuvindi quydi. It yutoqib ovqatni icha boshladi.
Ertalabdan nonushta qilmay ishlayotgan talabalarning ichini it tatalaganday bo‘ldi.
— Domla bizni nonushta qilib kelgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandir, — dedi Toshpo‘lat sheriklar nomidan ishga rozilik berib yuborgani uchun o‘zini aybdordek sezib.
— Haftada bir kun och yurish sog‘likka koni foyda ekan! — dedi Mo‘min. — Amerikalik olim Pol Breggning kitobida o‘qiganman.
— Safsatani bas qilaylik! — dedi Toshpo‘lat nogoh jiddiy tortib. — Baribir shu ishni bitirmasak qutulmaymiz. 
Nihoyat, domlaning tushlikka chorlagan chaqirig‘i eshitildi.
Talabalarning o‘ziday g‘aribgina dasturxonga ayni «mardikorbop ovqat» — makaron sho‘rva tortildi.
— Aksiga olib, bugun mahallada qassob mol so‘ymabdi!
— Hechqisi yo‘q, domla, go‘sht sog‘likka ziyon ekan! — dedi Mo‘min hozirjavoblik bilan.
— Shunday deng?! — domla kesatiqni payqamadi. — Tarixda o‘tgan juda ko‘p buyuk shaxslar go‘sht yeyishmagan!
—Lekin ular yerto‘la qazishmagan-da! — deb yubordi Hamid beixtiyor.
Toshpo‘lat «O‘chakishma!» degandek xontaxta ostidan uning oyog‘ini bosib qo‘ydi.
Tushlikdan keyin oradan bir-ikki soat vaqt o‘tgach, nihoyat yerto‘lani qazib bo‘lishdi.
Yigitlar «Endi bu yerni yelkamizning chuquri ko‘rsin!» deya ketishga chog‘lanib turishganda domladan yangi gap chiqib qoldi.
— Barakallo, yerto‘lani bopladinglar! Endi ishning ikkinchi qismi qoldi. Hovli chetidagi hov ana bu simto‘rlarni ko‘ryapsizlarmi? Hozir o‘sha yerga borib, avval armatura qoziqlarni qoqasizlar, so‘ng unga simto‘rlarni bog‘lab, hovli atrofini o‘rab chiqasizlar. Yana bir g‘ayrat qilsanglar, quyosh botguncha bitirvorasizlar.
Yangi ishning daragini eshitgan talabalar qishda boshidan sovuq suv quyilgandek junjikib ketishdi. Balki hazillashayotgandir, deya domlaga mo‘ltirab qarashdi. Yo‘q «Materiallar qarshiligi» jiddiy edi.
Sho‘rlik talabalar tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, yana ish boshlashdi. Mo‘min bilan Hamid bilakdek yo‘g‘on armatura qoziqlarni qo‘llari qaltirab zo‘rg‘a tutib turar, shashti ancha tushib qolgan Toshpo‘lat uni gurzi bilan inqillab urib, yerga arang kiritar, so‘ng simto‘rni bog‘lashar edi. Bu ishning oxir-adog‘i ko‘rinmas edi.
— Topdim! — dedi Hamid kutilmaganda.
— Nimani topding? Tillami? — ensasi qotib so‘radi Mo‘min.
— Yo‘lini topdim, yo‘lini! Bu la’nati ishdan tezroq qutulish yo‘lini topdim.
— Xo‘sh, xo‘sh? — Toshpo‘lat ishonqiramay, og‘ir gurzini ushlagancha qarab qoldi.
— Ana bu qum uyumlarini ko‘ryapsizlarmi?
— Ko‘rdik, xo‘sh?
— Najot o‘sha yerda. Mana bu armatura qoziqlarni sekin, birov ko‘rmaydigan qilib o‘sha qumga ko‘mib qo‘yamiz.
— Xo‘sh, keyin-chi?
—Keyin, domlaga «Qoziqlaringiz tugadi» deymiz. Qoziqlar tugagach, ish ham tugaydi.
—Boshladik. Tavakkal!
— Tavakkal!
Ishdan zada bo‘lib, ezilib-siqilib turgan talabalar xash-pash deguncha armaturalarni qumga gumdon qilishdi. Qolgan sanoqli armaturani tezda yerga qoqib, simto‘rni nari-beri tortgach, «Xayriyat, endi qutuldik bu dahmazadan» deya sekin o‘tirib tin olishdi.
Gurzining ovozi eshitilmay qolganidan xavotirlangan domla darhol yetib keldi.
— Armatura tugab qoldi, domla! — Toshpo‘lat tantanali ravishda masalaga aniqlik kiritdi.
— Yo‘g‘-e?! Chamamda bemalol yetishi kerak edi-ku! Birontasi o‘g‘irlab ketdimikin? Atrof ochiq. Hay mayli, qo‘shni mahalladagi Qambaralida bor, so‘rasam yo‘q demaydi, kelasi yili o‘g‘li o‘qishga kiradi. Ketdik, o‘sha yoqdan tashib keltiramiz!
Ozodlikka chiqarilgan mahbusga «Avf noto‘g‘ri ekan, Siz yana qamoqqa olindingiz!» deyilsa qanday holga tushadi? Boyaqish talabalar xuddi shunday ahvolda edilar. Hangu mang bo‘lib, noiloj domlaga ergashdilar. Yo‘lda Mo‘min Hamidning yarasiga tuz sepdi: «He, yo‘lini topmay o‘l!..»
Ikkovi ham alamzada emasmi, mushtlashib ketishiga sal qoldi. Toshpo‘lat kattalik qilib, ajratib qo‘ydi: «Jim! Janjallashgan... imtihonga yolchimaydi!»
Ishning osonini ko‘zlab, qiyiniga tutilgan boyaqish talabalar oqshom cho‘kkuncha sillalari qurib, qo‘shni mahalladan armatura tashidilar. So‘ng, chiroqning yorug‘ida allamahalgacha qoziq qoqib, simto‘r o‘rnatdilar. Yotoqxonaga yarim tunda qaytib kelganlarida, ularni ajoyib bir xushxabar kutib turardi: Domla G‘oyipov pensiyaga chiqqanligi munosabati bilan «Materiallar qarshiligi»dan imtihonni professor Azroilov shaxsan o‘zlari oladigan bo‘ptilar...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.