OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmon Otabek. Raqibing boshliq bo‘lsa (hajviya)

Ish qidira-qidira yangi tashkil etilgan gazeta tahririyatiga kelib qoldim. Kotiba bosh muharrirning band ekanligini aytgach, qabulxonada o‘tirib kuta boshladim.Kutganda vaqt o‘tishi qiyin, ammo kutmay ilojim qancha. Oradan yarim soatlar chamasi vaqt o‘tsa hamki boshliq bo‘shay qolmasdi. Axiyri sabrim chidamay kotibadan so‘radim:
— Kechirasiz, ichkarida muhimroq masala ko‘rilyaptimi?
— Ha, judayam muhim masala! — kotiba shunday dedi-yu negadir nozik burnini jiyirib, kulib qo‘ydi.
— «Letuchka» bo‘layotgandir-da? — dedim tahririyat ishidan xabardorligimni pisanda qilib.
— E-e, qanaqa letuchka? Shaxmat o‘ynashyapti!
— Yo‘g‘-e?! Rostdanmi? — beixtiyor suyunib ketdim. — Boshlig‘ingiz... shax-matni biladimi?
— Biladigina emas, Boqiboy Sagatovich g‘irt shaxmat jinnisi! — oldiniga hovliqib ketganimdan andak hayratlangan kotiba keyingi so‘zlarni deyarli shivirlab aytdi. Men xuddi ishim hal bo‘lgandek mamnun edim. Chunki men ham shaxmat jinnisi edim-da. Ikki jinnining til topishi qiyin bo‘lmasa kerak. Kambag‘alning ishini xudo o‘zi o‘nglaydi.
Yana kuta boshladim. Endi siqilmasdim. Boshimni ko‘taribroq o‘tirdim. O‘zimcha kulimsirab qo‘ydim. Chunki ko‘nglim to‘q edi. Kotiba mendagi o‘zgarishni tushunolmay yuzimga ajabsinib qarab qo‘ygach, shunday dedi:
— Agar ishingiz juda zarur bo‘lsa, sekin ruxsat so‘rab kira qoling.
— Bu...mumkinmi o‘zi?
— Aytyapmanku – ruxsat so‘rab...
— Shaxmat o‘ynayotgan bo‘lsa, jahli chiqmaydimi?
— Bu yog‘i endi omadingiz, agar yutayotgan bo‘lsa jahli chiqmaydi.
Men boshliqqa g‘oyibona omad tilab, sekin eshikni taqillatdim. Hadeganda javob bo‘lavermadi. Chamasi, jang qattiq ketayotganga o‘xshardi.
— Qattiqroq taqillatavering, — dedi kotiba, — bular o‘yinga bir mukka ketsa, bor dunyoni unutadi.
Kotibaning daldasidan dadillanib, qattiqroq taqillatdim, ichkaridan sado chiqavermagach, eshikni qiya ochib, «Mumkinmi?» deb so‘radim.
To‘ladan kelgan, siyrak sochlari to‘zg‘ibroq ketgan boshliq menga bepisand qarab, «Kiring!» dedi-yu oldidagi shaxmat taxtasiga engashdi. Qarshisidagi ozg‘in raqibi esa xuddi burni bilan sipohlarni suzishga chog‘langandek mukka tushib o‘ylayapti. Burishgan peshonasi suzmaxaltaga o‘xshardi. Yuzi deyarli ko‘rinmasdi. Men nima qilarimni bilmay bir lahza keng xona o‘rtasida turib qoldim. Boshliq yonidagi stulga o‘tirishimni ishora qilgach, omonatgina joyimga cho‘kdim. Beixtiyor taxtaga ko‘z tashladim. Jang ayni avjiga chiqqan edi. Malakali shaxmatchi emasmanmi, bir qarashda boshliqning qo‘li baland ekanini payqadim. «Xayriyat!» deb qo‘ydim ichimda. Raqibi esa hamon o‘ylar edi. Boshliq betoqatlanib, asabiy tomoq qirdi. So‘ng, jahl bilan so‘radi:
— Yurish sizdanmi o‘zi?
— Ha, mendan, mendan, — dedi raqibi ichidan zil ketib.
— Sizdan bo‘lsa yuringda, do‘stim! Yurakni qon qivordingizku!
— Siz o‘ylasangiz men shoshirmaymanku! — dedi raqibi achchig‘lanib.
— Baribir men sizchalik ko‘p o‘ylamayman.
— O‘ylaysiz, o‘ylaysiz.
— Shaxmatni o‘ylash uchun chiqarganda, do‘stim. Agar istasangiz, bundan keyin soatni qo‘yib o‘ynaymiz. O‘shandayam baribir yutqazasiz.
— Katta gapirmang.
Men bu dahanaki aytishuvdan ularning bir-biriga haddi sig‘adigan eski raqiblar ekanini payqadim. Jang yana kelgan joyidan davom etardi. Taxtaga jiddiyroq razm solib qaradimu boshliqning ikki yurishda raqibini mot qilishi mumkinligini ko‘rib qoldim. Chetdan qaraganga yaxshi ko‘rinadi-da. Boshliq esa qayoqdagi keraksiz yurishlarni qilardi. Ichim qizib ketdi. O‘sha yurishni aytvoray dedimu o‘zimni arang tiyib qoldim. Shaxmatning ham o‘ziga yarasha odobi bor-da. Qolaversa, ishim tushib turgan boshliqning oldida shakkoklik qilishim yaxshi emas.
O‘yin unchalik uzoq davom etmadi. Boshliq shaxmatni yaqinda o‘rgangan havaskor yanglig‘ raqibining hamma donalarini erinmay, bitta qo‘ymay qirib tashlagach, yakka qolgan shohni bir amallab mot qildi. Suyunganidan semiz yuzlari yoyilib ketdi, ko‘zlari olovlandi. Qo‘llarini bir-biriga ishqab, o‘zicha g‘alaba nashidasini surdi:
— Ammo-lekin siz ham chakki emassiz, do‘stim, yaxshi qarshilik ko‘rsatdingiz. —Biroq zo‘rdan zo‘r chiqsa...
— Maqolamning keyingi taqdirini o‘yladimda, — dedi raqibi payrovni davom ettirib va eski sumkasidan qo‘lyozmasini chiqarib, boshliqning stoliga qo‘ydi. — Zo‘r narsa, nomerga bervorsangiz ham bo‘ladi.
— Raqiblarning hurmati bor, albatta bosamiz, — dedi boshliq qo‘lyozmani shunchaki yo‘liga varaqlab ko‘rgach. — Agar yoqmasa, yoqmasa... bosib yotaveramiz.
Boshliq bilan yolg‘iz qolgach, stolda tartibsiz sochilib yotgan shaxmatga qarab, boyagi fikrimni botinib-botinmay aytdim:
— Siz allaqachon ikki yurishda mot qilishingiz mumkin edi.
— Yo‘g‘-e?! — boshliq ishonqiramay, yuzimga xayrat bilan tikildi.
— Mana, hozir ko‘rsataman. — Men shosha-pisha donalarni o‘sha jang qizigan holatida qayta tikladim va oddiygina mot qilish yo‘lini ko‘rsatdim.
— E qoyil! — dedi boshliq xuddi ko‘zbog‘log‘ichning hunariga tan bergan tomoshabindek. — Siz ham...o‘zimiz qatori ekansiz-da?!
— Ha endi...ba’zan o‘ynab turamiz, — dedim kamtarlik bilan.
— Unday bo‘lsa, qani bir qo‘l tashlashaylikchi, — boshliq javobimni ham kutmay donalarni tera boshladi. Noiloj kutilmagan yangi raqibimga ro‘para bo‘ldim. Xayolimda ming xil o‘ylar g‘ujg‘on o‘ynaydi. Men ham anoyi emasman, ishim tushib turgan boshliqni yutish xavfli. Mabodo yutqazsam...yutqazsam osmon uzilib tushmas. Kim bilib o‘tiribdi, yonimda uyaladigan guvohlar yo‘q, yolg‘izmiz. Bemalol yutqazib, ishimni bitirsam bo‘ldida. Lo‘lini eshagini sug‘or, pulini ol.
Nihoyat, o‘yin boshlandi. Boyagi g‘alaba nashidasidan g‘ururlangan boshliq meni nazar-pisand qilmay, dadil-dadil yura boshladi. Ammo shaxmatda dadil yurgan emas, to‘g‘ri yurish qilgan yutadi. Ko‘p o‘tmay boshliq shaxmatning eng oddiy qonun-qoidasidan, debyut, mittelshpil, endshpil degan nazariyalardan mutlaqo bexabarligi ma’lum bo‘ldi-qoldi. Ilk yurishlardanoq yo‘l qo‘ygan qo‘pol xatolaridan unumli foydalanib, darhol popugini pasaytirib qo‘yishim mumkin edi, ammo shaytonga hay berdim. Yutqazishning oqilona yo‘lini izlay boshladim. Ammo men o‘qigan shaxmat kitoblarida bu usul o‘rgatilmagan edi. Shu bois uni o‘yin jarayonida o‘zim ixtiro qilishimga to‘g‘ri keldi. Raqibing kuchingga mos bo‘lmasa, bu ish ham oson emas ekan. Urinib-surinib, harqalay bu mushkulotning uddasidan chiqdim. Atay sezmay qolgan bo‘lib, ketma-ket sipohlarimni tekinga oldirib qo‘ydim. Ammo boshliq tushmagur oyog‘idan bog‘langan o‘ljani ham otolmayotgan ovchi yanglig‘ yutish yo‘lini topolmasdi. «E-e, mana bundoq-bundoq yurmaysizmi?» devorishimga sal qoldi. Axiyri, astoydil qilgan «sa’y-harakatim» besamar ketmadi. G‘alaba sururi zalvorliroq bo‘lishi uchun to mot bo‘lmagunimcha qarshilikni to‘xtatmadim. Axiyri mot bo‘lgach, sal yengil tortdim, shohimni ramziy yiqitib qo‘yib, boshliqning qo‘lini astoydil siqib tabrikladim.
— Yaxshi o‘ynar ekansiz, qoyilman! — dedim ko‘zimni chirt yumib.
— Men bir vaqtlar birinchi o‘zbek shaxmat ustasi Mamajon aka Muhitdinov bilan dona surishganman! — dedi boshliq yayrab-yashnab. — Agar jiddiyroq shug‘ullanganimda men ham allaqachon shaxmat ustasi bo‘lardim.
Boshliq jamiki shaxmatchilar kabi «kamtar» edi, shu jihati bilangina shaxmatchiga o‘xshardi. U bilan tortishish ortiqcha edi. Taraddudlanganimni ko‘rib, o‘zi gap ochib qoldi.
— Darvoqe, bizga nima xizmat?
— Men...ish masalasida keluvdim.
— Hmm, shunaqami? — boshliq birdan jiddiy tortib, qoshlarini chimirdi. Oldin qaerlarda xizmat qilganimni, nega ishdan ketganimni obdon so‘rab-surishtirdi. Keyin negadir bir chetda turgan shaxmatga tikilib turib qoldi. Ancha fursatdan keyin, bir qarorga keldi shekilli, sekin gap qotdi.
— Sport bo‘limini eplay olasizmi? Mana, shaxmatga qiziqar ekansiz, ammo sport degani faqat shaxmat emas.
— Tushunaman, mayli desangiz ishonchingizni oqlashga urinib ko‘raman.
— Oqlang, ukajon, oqlang! Ishonchda gap ko‘p. Sizni hozircha uch oylik sinov muddati bilan ishga olamiz. U yog‘i o‘zingizga bog‘liq.
— Xo‘p, rahmat.
Yeng shimarib yangi joyda ish boshladim. Xodimlar bilan tezda til topishib ketdim. Qizig‘i shundaki, bu yerda mendan boshqa shaxmat o‘ynaydigan odam yo‘q ekan. Shu bois o‘z-o‘zidan tahririyatning erkatoyiga aylanib qoldim. Boshliq xudoning bergan kuni xonasida men bilan shaxmat o‘ynaydi. O‘z vaqtida materiallarni topshirolmay qolsam ham indamaydi. Imtiyoz katta. Goho tushlikka ham chiqolmay qolamiz, kotibaning o‘zi qaerdandir sovubroq qolgan somsami pirojkimi keltirib, choy damlab beradi. Mukka tushib o‘yinga berilamiz. Natija o‘sha-o‘sha. Endi boshliqqa yutqazishning ancha hadisini olvoldim. Atay yutqazganimni bilib qolmasin deb goho qarshilikni ancha cho‘zaman, ba’zan durang qilaman. Agar istasam six ham, kabob ham kuymaydigan qilib doimo durang o‘ynashim ham mumkin edi. Ammo men shaxmatda durangni yoqtirmayman. O‘ynaganga yarasha natija bo‘lgani yaxshida. Ikkinchidan, ishxonada menga ijod qilishim uchun barcha sharoitni muhayyo qilib qo‘ygan, hamisha mukofotlar berib, letuchkalarda maqolalarimni maqtab turgan shunday oliyhimmat muharrirga yutqazib bermasam insofdan bo‘lmas. Buning ustiga, hali sinov muddatidaman.
Hamma narsaning avvali, oxiri bo‘larkan. Mening tahririyatdagi dorilomon kunlarimga ham ko‘z tegdi. Gadoning dushmani gado bo‘larkan. Tahririyatdagi mavqe-obro‘yimni ko‘rolmaganlar shunday gap tarqatishibdi: «Boshliqqa yoqishning oson yo‘lini topib olgan. Agar mard bo‘lsa, qo‘rqmasa, boshliqni shaxmatda bir yutib ko‘rsinchi! O‘shanda ko‘ramiz!»
Men yosh edim, qiziqqon edim, birdan oriyatim qo‘zib ketdi. O‘sha gapni tarqatgan xodimni surishtirib topdim. U ham so‘zidan qaytmaydiganlar xilidan ekan, tap tortmay aytgan so‘zini takrorladi. Tortishuvimizga beixtiyor guvoh bo‘lgan xodimlar ham o‘zlaricha bosh chayqab, o‘sha xodimga xayrixohliklarini yashirmadilar. Axiyri boshliq bilan xodimlarning ko‘z oldida shaxmat o‘ynashga kelishdik. Bellashuvni yo‘lini topib («Yuksak mahoratingizdan biz ham bir bahramand bo‘lib, zavqlanaylikda, Boqijon Sagatovich!») xodimlarning o‘zlari tushlikdan keyin tashkil etadigan bo‘lishdi.
Nihoyat, mening taqdirimda katta burilish yasagan o‘sha tarixiy o‘yin boshlandi. Men ikki o‘t orasida qolgandek edim. Yutsam ham bir balo, yutqazsam ham. Men ikkilanar, o‘yin boshlanganda ham bir qarorga kelolmagan edim. Atrofda xodimlar ko‘zlarini lo‘q qilib qarab turishibdi. Ularga qaramaslikka harakat qilib, donalarni istar-istamas sura boshladim. Baribir xom sut emgan bandamiz-da, jon shirinlik qilib, boshliqqa yutqazib berdim. Xodimlarning negadir hafsalasi pir bo‘ldi, xuddi o‘zlari yutqazgandek mulzam tortib, serrayib qolishdi. Ularga tomosha kerak-da. Hadeb boshliq yutaversa qizig‘i yo‘q. Shundagina ularning menga yon bosib turishganini sezdim. Nimadir alam qildi. Ichimni it tirnay boshladi. Boshliq esa hammangdan o‘zim zo‘rman degandek mag‘rur tirjayib qo‘ydi. Oraga azobli sukunat cho‘kdi. Shunda xodimlardan biri gap qotdi:
— Bitta o‘yin bilan masala hal bo‘lmaydi.
— To‘g‘ri, yana bitta o‘ynanglar! — uni boshqalar ham quvvatladi.
— Mayli, o‘ynasak o‘ynayveramiz, — dedi boshliq xuddi muruvvat ko‘rsatayotgandek va donalarni qayta terarkan, qo‘shib qo‘ydi. — Menga kecha tuxumdan chiqqan bunaqa churvaqalar pisand emas. Bilib qo‘yinglar, men Mamajon aka bilan bellashgan odamman-a!
Bu gap hamiyatimga tegdi. Ichimda nimadir qalqib ketgandek bo‘ldi. Bir lahza dunyo ko‘zimga qorong‘u ko‘rindi. Endi ortga chekinolmas edim. Churvaqa qanday bo‘lishini bir ko‘rsatib qo‘yay deya xezlanib, tushovlangan oyoq-qo‘li yechilgan navkarday jangga tashlandim. Bor mahoratimni ishga solib, cho‘ng raqibimni o‘n yurishga bormayoq mot qilib qo‘ydim. Boshliqning peshonasidan sovuq ter chiqib ketdi. Boyoqish boshini ko‘tarolmay qoldi. Yuzlaridagi o‘ynoqi ifodani yashirishga behuda urinishayotgan hamkasblarim «xayriyat!» deya yengil nafas olishdi.
— Yana ikki partiya o‘ynanglar! — kimdir shunday taklif qilib qoldi.
Biz yana to‘rt partiya o‘ynadik. Shaxmatda jahd qilganimda aqlim yaxshi ishlab ketadigan odatim bor. O‘ladigan ho‘kiz boltadan qaytmas degandek, boshliqni besh karra yutdim, tengsiz jangni muddatidan oldin to‘xtatib qo‘yadigan hakam bo‘lmagani uchun nokaut holatiga tushirdim. Yapasqi burnini yerga ishqab, xumordan chiqdim. Qaqshatqich mag‘lubiyatdan talmovsirab, garangsib qolgan boshliq arang o‘rnidan turib, og‘ir qadamlar bilan xonasiga kirib ketdi. Shu ketgancha kechgacha ichkaridan chiqmadi, hech kimni qabul qilmadi.
Ish vaqti tugashiga yaqin qolganda mas’ul kotib xonamga kirib, boshliqning topshirig‘ini aytdi. Zudlik bilan Qoraqalpog‘istonga borib, fermerlar haqida gazetaning navbatdagi soniga maqola yozib kelishim kerak ekan. G‘aroyib topshiriqdan ajablanmasam-da, sovuq shamolning bu qadar tez esishini kutmagandim: «O‘ynashmagin arbob bilan...»
— Birinchidan, bu mening mavzum emas! — dedim jig‘ibiyronim chiqib. — Ikkinchidan, yo‘l olis, keyingi songa sirayam ulgurolmayman, uchinchidan...
— Boshliqning buyrug‘i bunaqa muhokama qilinmaydi, agar istamasangiz o‘ziga kirib ayting, — dedi nimkosani payqab turgan kotib kulimsirab.
Boshliqning oldiga kirish uchun yuragim dov bermadi. Boyoqishning dardi o‘ziga yetarli.Unga yaxshi saboq bo‘ldi, endi katta gapirmaydi.
Xizmat safariga bormadim, buyurilgan maqolani ham yozmadim. Oqibati – «Sinov muddatidan o‘tolmagani uchun» degan ayb bilan ishdan bo‘shatildim.
Endi shaxmatni mendan ko‘ra yaxshiroq o‘ynaydigan bosh muharrirni qidirib yuribman. Hozir «Raqibingiz boshliq bo‘lsa...» degan ixchamgina risola-qo‘llanma yozayapman. Ish qidirib yurganlarga asqotib qolishi mumkin...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.