OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmonqul Salom. Mangu dostonim (badia)

Mening bir dostonim bor, har kuni, har paytda aytilavermaydi. Ichimda yaraladi, ichimda kuylanadi. Uni faqat bir o‘zim tinglayman, gap qo‘shmayman, gapini bo‘lmayman. Jimgina tinglayman xolos.
To‘qson birinchi yilning oktyabrida akamdan navbatdagi xat keldi. Undan xat kelishi bizning bayramlari ko‘p bo‘lmagan uyimizda quvonchli voqea bo‘lardi hamisha. O‘sha — akamning bosma harfday, dona-dona husnixati. Xat sentyabrning ikkinchi sanasida yozilgan bo‘lib, bir oydan ko‘proq “yo‘l bosibdi”. Akam Tayga o‘rmonlarida harbiy xizmatda edi. Uning yozishicha, faqat yer, osmon va o‘rmondan boshqa narsa ko‘rinmaydigan bu joyda birgina bizning tumandan yigirma to‘rt yigit xizmat qilar ekan. Onam shundan xursand bo‘lardi doim.
Bitay deb qolgan o‘rmak ustida o‘tirgan opam ham, oltinday tovlanib supani to‘ldirgan jo‘xoridan qo‘g‘irchoq o‘ynayotgan singlim ham, idish ortilgan eshakda suvga jo‘nayotgan men ham, chit ko‘ylagi kuzak yelida yuragiday hilpillab turgan ko‘zlari mayus onam ham — barchamiz ayvon ustuniga yelkasini berib xatni o‘qiyotgan ikkinchi opam — Turdixolning she’rga moyil ovozidan sehrlanib jim turardik. Xatni eng avval shu opam o‘qirdi, dalli-g‘ulli, o‘qimishli edi u.
...U yoqlarda yupqagina qor tushibdi, daryolar kechalari muzlay boshlabdi. Yana akam bog‘larda behi pishdimi, menga ham olib qo‘yinglar, deb hazil ham qilibdi. Shu yerga kelganda, biz kuldik, onam esa “g‘ilq” etib yutindi. Va “Sendan aylansin shu behilar, joning omon bo‘lsin”, dedi. Onamga qaradik, uning ko‘zlari g‘iltillab, yonog‘ida ikki tomchi yosh jimirlab ketdi. Opam xatni o‘qishdan to‘xtab, onamga po‘pisa qilib qo‘ydi: “Uzoqdagi kishining ortidan yig‘lamang, deb necha marta aytaman, sizga. Ulingiz to‘yga ketgan yo‘q-ku, xohlagan payt qaytib kelsa. Yigitlik burchini bajarayapti”. Onam “xo‘p-xo‘p, o‘qiyver”, deb qo‘ydi. Akamning yozishicha, ular O‘zbekistonning mustaqillik e’lon qilganini, bayram tantanalarini, Prezidentning qasamyodini yotog‘ida televizordan ko‘rishibdi. O‘zbekistonlik askarlar bir-birini tabriklab, o‘zlaricha bayram ham qilibdilar.
Xat so‘ngida odatdagidek Misha (komandirlari uni shunday atashar va akam doim xatlariga shunday deb yozardi) deb emas, Mamatqul Salomov, mustaqil O‘zbekiston fuqarosi, deb yozilgan va imzo qo‘yilgan edi. Biz yana kulishib oldik. Onam yana hiqillab qo‘ydi: “Jonim senginaning ichingda, bolam. Fuqaro bo‘lib yurginda shu sovuqlarda...”, opam yana uning gapini bo‘ldi. “Ena, davlat bor, hukumat bor, sizning bolangizdan boshqaning bolasiyam yuribdi. Yana palaj bo‘p qolsangiz, biz nima qilamiz. Ikki oy ham o‘tadi-ketadi”. Onam opamning gaplariga e’tibor qilmay uning qo‘lidagi xatni oldi-da asta ko‘ziga surib, hidladi. Bo‘ylaringdan-da sening, askarim, deb sekin shivirlab qo‘ydi. Biz hammamiz allanechuk mayus bo‘lib, uning atrofida g‘uj bo‘ldik. Onam akamni junun bo‘lib sog‘ingan edi. Namozshomda simyog‘ochga qo‘nib sayrayotgan boyo‘g‘liga haq so‘yla jonivor, deb un gardlaganida ham, ko‘rgan tushini nonday ushatib tonglarga ulashganida ham, kichik opam ikkimiz paykalda akam kelsa opchiqamiz, deb yashirib qo‘ygan qishki qovunni hech kimga aytmaymiz, deb bexos onamga aytib qo‘yganimizda ham, kino ko‘rganda ham hamma joyda onam va akam bor edi, yo‘q, bir qutlug‘ his—sog‘inch va mehr bor edi. Bir muddat o‘tgach, onamning chehrasi yorishdi, opamning gaplaridan o‘zini ancha tutib oldi shekilli, ha shulda, keladi-da, mustaqil davlatning fuqarosi, debdi-ku, deya kulgan bo‘ldi. Uning quvonchi bizga yuqib hammamiz birpasda xursand bo‘lib qoldik. Shu voqeadan so‘ng bir oycha avval televizorda rasman e’lon qilingan davlat mustaqilligi, bo‘layotgan o‘zgarishlar mening o‘n yoshli shuurimga o‘zgacha ma’no berdi. Qutlug‘lik, azizlik kasb etdi. Har bir ekranda berilayotgan narsani akam ham ko‘rayapti, degan tuyg‘u boshimni gangitar edi. Maktabda, uyda, yo‘lda, futboldan yengilganda hamma joyda akamning bir jumla gapi ichimda yurardi: Mustaqil davlatning fuqarosi! Aytib, o‘ylab charchamas edim. Qiziq bir ahvolda edim. Akamning o‘sha maktubi mening xayolga to‘liq ko‘nglimga, kunlarimga bir ohang berib ketgan edi.
 Uyimiz tepalikda bo‘lib, pastroqda, tomorqa yaqinida yana bir uy solgulik qulay joy bor edi. Onam ertalablari ba’zan o‘sha joyga borar va yonida kim bo‘lsa, nasib bo‘lsa, Mamatqulboyga shu yerdan vatan qilamiz, deb shoshilinch, kutilmagan shasht bilan uqtira ketardi.
Shu yerdan akamga Vatan qilamiz!
Uyli, joyli, tom-toshi tayin kishiga nisbatan, ha falonchiyam soyasini ostiga oldi, Vatani bor, deyishadi, bizning odamlar. O‘pkadan chiqib, undovlarga suyanib turadigan “Vatan”dan naqadar chin va qadimiydir bizning odamlar ta’rifidagi Vatan va bu so‘zga jam bo‘lgan mazmunlar. O‘ylaymanki, uy-joyga nisbatan Vatan so‘zining bunday qo‘llanilishi tor mazmunda emas, balki ramziy va haqqoniyroq ma’no tashiydi, menimcha.
Akam o‘zi yozganidek ikki oyda emas, ertaroq—noyabrda keldi. Xo‘jaqul buxgalterning qizil “Jiguli”ci uy oldiga to‘xtaganda, mashina ko‘zimga bir butun olovdek ko‘rindi. Onam u kishiga yuz so‘m suyunchi berdi, otam qo‘y bo‘g‘izladi. Odamlar kelishdi, bag‘rimiz to‘lib qoldi.
O‘sha kunlardan ko‘nglimda muhrlanib qolgan hislarni keyin ham bir necha marta boshdan kechirdim. Lekin bu kechinmalarning nomini topolmas edim u vaqtlarda.
To‘qson to‘qqizinchi yil fevral voqealarida bir g‘alati holga tushdim. Odamlar qandaydir hurpaygan, asabiy. To televizorda Prezident ko‘ringunicha odamlar yelkasida og‘ir bir nimani birgalashib ko‘tarib turganday ahvolda edi, so‘ng birdan chuqur xo‘rsiniqlar, bobomning “Aziz-avliyolar qo‘llasin-da. Shu tinch kunlarni ko‘rolmaydiganlar ham bor ekanda”, degan salobatli xitobi keldi qulog‘imga. Odamlarda biz har kuni gazetalarda yozadiganimiz “bir tanu bir jon” degan qiyos o‘shanda chin ma’nosi, haybati bilan bo‘y ko‘rsatgan edi. Bu tuyg‘ularning rukni yo‘q, sarlavhasi hali topilmagan. Bu hislarga nom qo‘yib bo‘lmas balki. Yo‘qsa, siri ketadi, sehri to‘kiladi. Bu so‘z ko‘ngilda, ko‘ngilning tub-tubidagina erkin bo‘ladi, yashnaydi.
Keyin Abdulla Tangriev olimpiya o‘yinlarida ko‘ksiga kumush medal taqqanida shunday bo‘ldi. Qibrayda edim. Uy egasi va mehmonlarning qariyb barchasi madhiyani televizor bilan baravar kuylashdi, qadah urishtirishdi. Abdullaning o‘rniga o‘zlari kurashganday biri olib biri gapiradi, izoh beradi, sharhlaydi. Ularni shunday bir kuch yaqin qilib yubordiki, ko‘rib kishining vujudi jimirlab ketadi.
Yana bir shunday voqea bo‘lgandi. O‘tgan yil yozda Janubiy Koreyadan ta’tilga kelgan yurtdosh ukamizning iltimosi bilan Boysunga borgan edik. U Shoberdi baxshi (Boltaev)dan “Alpomish” dostoni yozilgan kassetalarni olib o‘zi bilan obketmoqchi edi. Eshitgan, ko‘rgan kishilarning ko‘pchiligiga bizning bu harakatimiz erish tuyuldi. Hozir ham erish tuyulsa kerak. Lekin ayrimlari esa xorijda o‘qiyotgan yigitga, niyatini bilgach o‘zgacha, qandaydir juda boshqacha odam deb qarashdi. O‘sha olis manzilda boshini tebratib do‘mbira tinglashning ma’nisini, o‘sha vaqtda ko‘ngilga o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtining o‘rkach-o‘rkach qirlarini jo etib, sog‘inch va mehr tuyib xumori bosiladigan bu yigitning dilidagi gaplarning yukini tarozilab bo‘ladimi?
Go‘daklar va jonivorlarning ko‘zlari doimo jiddiy va samimiy boqadi. Uyni, qo‘ralarni aylanib tuni bilan bezovta bo‘lib chiqadigan manov sariq itning ko‘zlaridagi tuyg‘u sharhlanmaydi, tushuniladi. Konfet beraman, desangiz ham o‘zini onasiga — vataniga yashiradigan go‘dak ko‘zlarining ham izohi yo‘q. Shahidlar xiyobonidagi muzeyda Cho‘lponning bir rasmi bor. So‘nggi kunlarida olingan shekilli. O‘sha manzilning, yurtning bugungi sarvatini ko‘ray, deb g‘amday qavarib, iltijodan, ilojsizlikdan, mungdan qorayib ketgan bu ko‘zlarga o‘zbekman, degan odam xotirjam boqolmaydi. Shu ko‘zlar shomning qirg‘og‘ida akamni kutayotgan onamning, onasiga talpinayotgan go‘dakning ko‘zlari bilan birday toza, qavargan, kutgan, xotirjam bo‘lolmayotgan, o‘kinchu sevinch o‘rtasida chaqnab turgan sodiq nigohlardir. Bir onaning bir damlik nigohi o‘zi bir qo‘shiqdir asli. Shuning uchun ona-Vatan, deb qo‘shiq aytsa kerak-da san’atkorlar.
...Keyin o‘sha joydan akamga uy tushdi, uylandi, so‘ng ajralib chiqdi. Shu yerda yashayapti.
O‘tgan shu vaqt ichida aytib o‘tilgan ayrim voqealar sababidan ko‘nglimda omon kelayotgan bir his har qalqib yuzaga chiqqanda tanimni jimirlatib ketadi. Buni boshdan kechirish zavqli, lekin og‘ir. Boysunda doston aytishday qiyin, akamni kutishday totli, onamning sog‘inchiday abadiy. Cho‘lponning ko‘zlariday jim, sobit, umidli.
Shu mening dostonim, ertagim. Ko‘ngilni sehrga o‘rab, yurakka kuch berib turgan bu tuyg‘u rostdan ham doston. Aytilaveradi, tinmaydi. Vatan haqidami, yurt haqidami, odamlar xususidadir balki, harholda sehri tugamaydi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.