Ustimda nimadir yurganday bo‘ldi. Tizzamni, so‘ngra oyog‘im uchlarini bosib turdi. Ko‘zim yumuq holimda, mushuk deb o‘yladim. Onamning tovushi keldi: tushir anovi yetimchani, Chinnixol. Opamning kulguga to‘liq ovozi eshitildi: “Ena, siyib yubordi”. Onam ham kuldi va men sari talpindi chog‘i ko‘zimni ochdim. Uyqum ochilmay anqayib, menga ajablanib qarab turgan qo‘zichoqni ko‘rdim. Ko‘zlari qop-qora, momiq junlari ho‘lday jimirlab ko‘rinadi, kindigi uzun, qurimagan. Onam uni ko‘tarib pechka tomonga olib ketdi. Qo‘zichoq men yopinib yotgan ko‘rpaning ustiga... qo‘yib yuboribdi, yaramas. Bu uning yorug‘ dunyodagi birinchi ishi edi. Turib o‘tirdim. Uy to‘rida go‘sht supra yoyilgan, otam do‘qillatib yong‘oq to‘nkada go‘sht to‘g‘rayotir.
Qo‘zichoq tug‘ilibdi, aniqrog‘i boshi kattalik qilib, sovliqni yorib bolasini olishibdi. Kechaning bir vaqtida otam bilan akam shu ishni qilibdilar. Ertachi sovliqlar qo‘zilay boshlabdi-da. Tiyramohning izg‘irinli, so‘nggi kunlari qontalosh barglarni zirqiratib o‘tadi, maktab yo‘lida sumkadan non olib, kovshanib qaytayotgan bolalarning egniga bultirgi liboslarini iladi bu kunlar. Tonglar sovub, cho‘pon-cho‘liqning qo‘l va lablari baayni sovuq ochgan ko‘sakday yoriladi. Avval yomg‘ir, keyin qor...
Kichik opam burchakda paxta chigitlab o‘tiribdi. Onam esa qozon osilgan pechkaga kuymalanadi. Akam go‘sht to‘g‘rayotgan otamga qarashayapti. Otam har zamonda uni urishib qo‘yadi. Onam menga:
— Kaltaboy, tur endi. Qor tushdi,— dedi.
— Qor?
— Ha, endi tomning ustidan etigingni ob tushasan.
* * *
Qo‘limga uch-to‘rt bo‘lak non tugilgan shoyi belbog‘ni ko‘tarib choponchamning oldini bir qo‘lim bilan yopib ketayapman. Bobom (otamning akasi — amakimni bobo deymiz) og‘ilning ustida qor kurayapti. “G‘arch-g‘urch” qilib boryapman. Bobom menga qarab-qarab qo‘yadi, men undan ko‘z uzmayman. Uylarning mo‘risidan o‘rlayotgan tutun “Ketdik maktabga!” deyotgan qo‘shni qizlarday bir-biriga qo‘l silkiydi, so‘ng yer bag‘irlab ketadi.
— Uyga obbor, Kaltaboy,— deydi bobom menga. U bizning uyimiz yonboshida ertalab non sindirganimizni tom ustidan ko‘rgan edi.
— Itlaringiz bor,— deyman opam o‘rgatganday.
— Ha, opke bo‘lmasa. Dargayiga qabul qilsin!
Kurakni yerga tirab, tom ustidan uzaladi bobom. Men oyoq uchida tugunchani uzataman va yana opam o‘rgatgan gapni aytaman:
— Belqars sizlarniki ekan.
Tugunchani berishim bilan burilib yugura boshlayman. Bobom nimanidir sezganday bir ro‘molga, bir menga qarab, harnechuk tugunni yecha boshlaydi. Men tezlashaman. Og‘zidan chiqayotgan bug‘ moshguruch, bolta soqoliga qo‘shilib basavlat bobomni afsonaviy pahlavonday ko‘rsatadi. Endi kattalashib, sekinlayotgan qor uning quloqli askarcha telpagini oqartirib yuborgan. Bu telpakni o‘g‘li harbiydan opkelgan.
— Ho‘, Kaltaboy to‘xta, yaramas. To‘xta, — ortimdan bobomning do‘lvor ovozi keladi. Burilib qarayman. U kurakka tayanib yerga “gurs” etib sakrab tushdi. Kuldim va uyga qarab yugurdim. Uy yonida otam, onam, opalarim turishibdi. Xuddi poygada kelayotgan otga ishqibozlik qilayotganday menga qarab “chop-chop” deyishadi. Kenjamiz Manzura esa derazadan qarab turibdi, unga “gul” chiqqan. Bobomning meni yetishiga gap ko‘p, tuyajun chaqmoni o‘zi bir otga yuk. Qiyqirib chopaman, choponimning oldi ochiq etagi ikki yonga borib kelaveradi. Menga qarab itimiz yugurdi. Bobomning chakmoni yarim yo‘lda yechilib qoldi. Lekin shunday bo‘lsa-da meni acha joygacha “to‘xta-to‘xta”lab quvib keldi. Yetolmasligiga ko‘zi yetdi chog‘i “qo‘lga tushiraman hali” deb, iziga qayta boshladi. U kishining savodi yo‘q. Ammo onam Cho‘pon ota haqiga, deb qo‘shnilarga ulashgan nonga qo‘shib berilgan qorxatning nimaligini biladi. Bu narsa har yili bor.
* * *
— Qaynatma sho‘rva, tarvuz... keyinchi? — allaqachon maktab kiyimini kiyib olgan katta opam yozayapti, hammamiz unga o‘rgatib turibmiz.
— Palov.
— Qat patir.
— Chuvillashma-e, — onam bizni jerkigan bo‘ladi.
...Va kechqurun ayoz zabtiga olib tiyra quyosh shomga yaqinlay boshlaganda bobomning kichik o‘g‘li keladi. Men sog‘in sigirlarga yem qorib turib uning onamga aytayotgan gapini eshitaman. “Hammalaringiz biznikiga borarkansizlar.” Quvonib, allanechuk mag‘rurlanib qo‘yaman.
* * *
Bobomning uyida bizning oiladan boshqa amakimlar ham yig‘ilishgan. Erkaklar yuqorida, ayollar pastda. Bola-baqraning ovozi gapni gapga qo‘shmaydi. Kichkina Muqaddas beshikdan qo‘lini cho‘zib injiqlanib ingillaydi. Tashqaridan yenglari shimarilgan bobom choponini egniga tashlab, tahorat olib kiradi, qo‘lida belbog‘i. U beshikdagi nevarasiga enkayib erkalagan bo‘ladi-da:
— Bu qizni ko‘p yig‘latmanglar-e, qalini kamayib ketadi,— deydi.
Bobomning tovushini eshitib kichik amakim va bobomning to‘ng‘ichi sergaklanadi. Ular ikkovi bobom tashqarilaganda paytdan foydalanib o‘zlari choynakka solib olgan aroqni urib olishgan. So‘zamol, yuzlari bo‘g‘riqib o‘tirishibdi.
— Nurman tog‘aning otini bugun Ko‘char minganda birovga uloq bermaydi ekan-da, o‘zi.
— Ko‘charning qo‘li singan ekan-da.
— Ha, shundaymikan?
Bobom ularning bugun bo‘lib o‘tgan ko‘pkari haqdagi suhbatiga e’tibor qilmay ikkisiga ham ser solib to‘rga-joyiga o‘taveradi-da, sezadi shekilli, kichik amakimga:
— Gapingiz ko‘payib qoptima, rais? — deb qo‘yadi. Amakim indamaydi.
To‘kin dasturxondan hamma taom tanovul qilayapti. O‘ngdan-chapdan turli gurung. Ziyofat so‘nggida bobom duoga qo‘l ochadi:
— Omiyn! Iloyim, shu qor bilan boshlangan yilimiz qut-barakali yil bo‘lsin!...
* * *
Birinchi qor — Yaratganning bandalariga maktubi!
Birinchi qor — tabiatning samimiy taskini.
Birinchi qor — bolalikning qo‘l bilan ushlasa bo‘ladigan hayratlari rangida bo‘ladi.
Birinchi qor — yuraklardan elanib o‘tib kelgan, dilning bir pok manzilida yotgan tuyg‘ularning dunyoga termulishi (xuddi derazadan qarab turgan Manzuraday).
Birinchi qor — muhabbatning sirli tortig‘ini birovga aytmasa bo‘lmaydigan qutlug‘ xabar.
Birinchi qor — qorxatday uchayotgan qushlarning ko‘zlarida olamning beadoq aksi.
Birinchi qor — ko‘ngli kengaygan dunyoning oromli xo‘rsinig‘i.
Birinchi qor...