OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shomirza Turdimov. Sirtlon (hikoya)

U kun qizigan payt, tiqilinch avtobusda uyiga qaytdi.
 Bir tomoni ro‘zachilik, issiqda yo‘l yurish og‘ir keldimi, yuzlari qizarib ketdi.
Eshik ochgan qizi uni ko‘rib ajablandi:
– Ichdingizmi?
Savol unga erish tuyuldi. Kesatib javob berdi.
– Pivo!
– Voy, ro‘zangiz-chi?
– Uxladi.
– Ichganga o‘xshayapsiz.
– O’zing o‘xshaysan.
U jahl bilan ichki uy tomon yurar ekan, hovli burchagida o‘ziga hushyor tikilib turgan iti – Sirtlonga ko‘zi tushdi. Sirtlon egasini ko‘rib o‘rnidan turdi, so‘ng kerishib uychasiga qaytib kirdi...

* * *

Qo‘lida qizil yelim chelak bilan ariq labida turibdi. Ariqning ikki qirg‘og‘i betonlangan. Suv tiniq, bir qarichcha pastda sokin ko‘rinadi, oqayotgani sezilmaydi. Ariq kichkina ko‘prikka taqalgan, go‘yo suv shu ko‘prikdan chiqayotgandek. Ko‘prikning balandroqda joylashgani shunday taassurot uyg‘otadi. Ko‘prikdan mashinalar bemalol o‘tsa bo‘ladi, lekin ikki chetida beldovlari yo‘q.
Ayolini ko‘prikning suv chiqqan joyida ko‘rdi. Ayol eriga xavotirli qaraydi.
Ko‘prikdan yursa qulay edi, nimagadir ariqdan hatlamoqchi bo‘ldi. Ariqni chamaladi. Kenglik bir odim. O’tishga taraddud ko‘rar ekan, ko‘zi qarama-qarshi tomonda o‘tirgan ikki begona xotinga tushdi. “Bozorchilar”, lip etib xayolidan o‘tdi. Hatlashga chog‘landi, birdan o‘zini noxush sezdi. Oyog‘i, qo‘llari o‘ziga bo‘ysunmay sarxush bir kayfiyat tuydi.
Ayoli sergak tortdi:
– Hoy, bu netadi?! 
Ayol boshqa so‘z aytishga ulgurmadi.
Qadam olingan, oyoq yerdan uzilgan edi. Gavda egasiga bo‘ysunmasdi. Hushi hali o‘zida, bor kuchini yig‘ib ariqqa yuztuban yiqilmaslikka intildi. Ko‘tarilgan oyoq ariqning u qirg‘og‘iga yarim ulashib tushdi, qaddi egildi. Qizil yelim chelak tutgan qo‘l suvga botdi.
Uzilgan barg sokin, sollanib-sollanib yerga uchib tushgandek, ayolining ko‘z o‘ngida u ham ohista ariq ustiga engashib bukchaygan holatda to‘xtadi.
“Itning ovqati, suvga ketdi!” Qizil yelim chelakning suvga botayotganini imkonsiz kuzatar ekan, tortib olishga madori kelmay xayolidan shu fikrni o‘tkardi.
Qo‘llar unga bo‘ysunmasdi. Gavdasini to‘xtatib qolishga kuch topdi xolos.
Chelakli qo‘l bilagigacha suvga kirdi, suv yuziga yog‘ halqalanib yoyildi, to‘rt-besh makaron va ushoqlar qalqib chiqdi. “Suyaklar og‘ir, tubda qolar”. Hech bo‘lmaganda itiga suyak borsa ham mayli, shunisiga ham shukr qiladi.
Ayol nimagadir: “Turing!”, degan so‘z aytdi. Kutilmagan holat ta’sir qildimi, joyidan jilmadi, yordam berishga shoshmadi.
U bu payt ko‘prik ustida qotib turgan ayolini, narida tekin tomoshabin bozorchi xotinlarni butunlay unutgandi.
Itining ovqati oqib ketsa, nima qiladi, “Itim och, itim och”, degan o‘y asiri edi, tamom..
Ichida qandaydir kuch uyg‘ondi. Sarxushlik tarqaldi. Tanasiga bo‘ysunmay osilib turgan qo‘llari, egilib, bukilayotgan oyoqlariga qayta jon kirdi. Shoshilinch qizil chelakni suvdan shaloplatib ko‘tardi. Chelakni suvdan ayirish barobarida qaddini rostlab, narigi qirg‘oqqa o‘tdi. Chelakka qaradi. Itning nasibasi omon qolibdi. Chelakka kirgan suvni to‘kdi, suyagu sarqitlarni chamalab ko‘rdi: “Laychaga yetadi”. Taskin topdi.
Ayolining qo‘lidan tutgani laycha xayolini bo‘ldi:
– Dadasi, ana ular itga ovqat olganlarni qamayapti. Tashlang buni.
Ayolining ovozida ko‘hna xavotir bor edi.
Uzoqdan shoshilinch kelayotgan ikki kishini ko‘rib ayolining rost gapirganiga ishondi. Kishilar to‘g‘ri eru xotinni mo‘ljallab yurishdi.
“Chelagimni olib qo‘yadi”. Ko‘nglida shubha uyg‘ondi. “Bu aytdimi?” Ayoliga sinchil tikildi, “itimni azal-abad yomon ko‘rgan, shu aytgan”. Ayolining yuzu ko‘zidan shubhasiga tasdiq axtardi. Ko‘nglini yupatguvchi hech narsa topmadi.
Ayol erining qo‘lidan chelakni olib bekitmoqchi bo‘ldi.
Er chelakni kishilarga beradi, degan xayolda, ayoli qo‘lini itardi. Shubhasiga istagan tasdig‘ini olganday bo‘ldi. “Ayb undan o‘tdi, men haqman, haqman, haqman...” deb takrorlaganicha chopqillab, o‘zi bilmagan holda bozorchi xotinlar tomon o‘tdi. Bir qarashda ular kimligini bilib bo‘lmasdi. Xomush tortib o‘yladi: “Bozorchining bari bir go‘r. Savdochi chorbozorchilarning na irqi, na millati, na jinsi bo‘ladi. Foyda tushsa bo‘ldi”. Xotinlar oldida itlarning ovqati uyib qo‘yilganini ko‘rib, najot topganday bo‘ldi. “Bular itga ovqat sotadi-ku”, qabilidagi o‘y, chelakni shularga bersam, aybsiz qolaman, degan fikrni tug‘dirdi. Chelakni shoshilinch bozorchi xotinning oldiga qo‘yib, yo‘lning u tomonida qoldirgan ayoliga “uddaladimmi” deganday qaradi. Imkonsizlik odamni topqir etadi. U bozorchi ayolni bir so‘z demay o‘ziga el qilib, hamkoriga aylantirganiga o‘zi qoyil qoldi. Ayoliga ham buni ko‘rsatmoqchi edi. Ayolining ariqqa yuz burib turganidan, uning san’atini sezmaganligini angladi. Ayolining yoniga qaytdi.
Tekshiruvchilar to‘g‘ri ularning yoniga kelishdi. Bularda kiyimdan bo‘lak narsa topmay iziga qaytib ketishdi.
Negadir tekshiruvchilar bozorchi xotinlar tomon bormadi, go‘yo ular bu hududda yo‘qday bee’tibor o‘tib ketishdi. Hayron qolgan joyiki, tekshiruvchi degani kimdir itga deb bir narsa olib kelganini ko‘rib qolsa, ur kaltak, sur kaltak qiladi-yu, butun boshli bozor ochib o‘tirgan xotinlarni ko‘rmaydi. Zamonaning zo‘rini ko‘ring. Bular ochiqcha it yemi sotadi, unisi bexabar.
Ayoliga shu gapni aytmoqchi edi, yoniga burilib topmadi. Ayoli qachon ketgan, xayol olib qochganda sezmay qolibdi.
Nimagadir xavotir olmadi. O’y-xayolini yana iti egalladi.
Tekshiruvchilar ko‘zdan yitdi. U bozorchi xotinlar yoniga borib chelagini olmoqchi bo‘ldi. Chelagini bo‘m-bo‘sh ko‘rib kayfi uchdi. Bozorchi xotinlarning xayrixohligi uni tunash ekan-ku, degan hukmga keldi.
U endi gapga og‘iz juftlayotgan edi, xotinlardan biri chelakka har xil etu suyaklardan solib qo‘liga tutdi. Uning gapi og‘zida qoldi.
O’z-o‘zidan ko‘nglida: “It etu suyak bilan tirik, odamning etiga, itidan yaqin yo‘q”, degan fikr uyg‘ondi.

* * *
U itim yolg‘iz ochlikdan sillasi qurib o‘tirgandir, deb bordi-yu, lol qoldi.
Dunyoda shuncha och it borligini ko‘rib vahimaga tushdi. U yer yuzida odam ko‘p, deb o‘ylardi, ko‘rdiki, och it ko‘p ekan. Har bir itlar borki, tomday-tomday. Zanjirlarini sharaqlatib, ko‘ringanga o‘zini tashlaydi.
Sarhadsiz hududni egallagan bu itlarni boqishning o‘zi bo‘ladimi?.. U chetdan ser solib, laychasini axtardi. Laycha ko‘rinmadi. Kuzatganlari xayolini oldi. Bir chetda ikki katta it kuchukchani o‘rtaga olib ketkazgani qo‘ymaydi. Kuchukcha, qochsam, deb yo‘l axtaradi. O’zini chetga olsa, katta itlar oyoqlari bilan bosib, kuchukchani yerga qog‘ozdek yopishtirib qo‘yishadi. It oyog‘ini oladi, kuchukcha dam kirgan koptokdek qad rostlab ketmoqchi bo‘ladi, boshqa it boshidan bosib, yerga qapishtiradi. Kattalarga ermak, kuchukchaga qismat. Uning ko‘zi katta bir qanjiqqa tushdi. Qanjiq bezovta, jonsarak halloslab chopqillaydi, orqasidan bolasi tug‘ilib yerga tushmoqchi, tipirchilaydi. Izidan semiz, irkit bir cho‘chqa iskalanib ergashadi. Kuchukcha tug‘ilib, to‘g‘ri cho‘chqaning og‘ziga tushdi. Cho‘chqa kuchukchani tishlaganicha, o‘zini chetga urib, ko‘zdan yitdi.
U, laychamni topmasam kerak, deb xomush tortdi. Qaytmoqchi bo‘ldi. Oxirgi bor itlar hududiga tikildi. Shunda uzoqda mung‘ayib o‘tirgan Olapari ko‘ringandek bo‘ldi.
Olapar unga qaramas, kutmagan bo‘lsa kerak, boshini quyi solganicha tek turardi.
U Olaparning oldiga o‘tmoqchi bo‘ldi. Bir-birini, duch kelganini yeb yotgan quturgan itlar to‘la bu hududga qanday o‘tishni bilmadi.
Boshqalar qanday o‘tdi ekan, nahotki shuncha itning egalaridan birortasi kelmasa, deb atrofga tikildi.
O’zi bilan och itlar hududini ajratib turgan sarobdek harir pardaga yaqin borib, nimanidir aniqlarman, deb o‘yladi. Adashmagan ekan. Pardaga yaqin yondosh yo‘lakka bir mashina kelib to‘xtadi. Mashinadan chiqqan erkak va ayolning ikki qo‘nji oziqqa to‘la edi. Ular avvallari ham ko‘p bor kelib-ketishgan shekilli, pardaga yetib, hech ikkilanmay qo‘l ushlashib och itlar hududiga “qiyqirib” sakrashdi... Parda ortiga singishdi...
U ismsiz vahima ichida qoldi. Titray boshladi. Butun badani qizib, yuzlari lov-lov yondi. Haroratidan qizil yelim chelak avval burushdi, so‘ng bujib, erib yerga oqib tushdi...

* * *

Telefon jiringladi. U avval raqamga qaradi. Bir past tikilib, yashil tugmachani bosdi.
– Qanday bordingiz?
– Qil ko‘prikdan o‘tganday...
– Ketib qoldingiz, birdan, tinchlikmi?
– Qo‘rqdim.
– Qo‘rqoq...
– Aybim bo‘ynimda...
– Qutuldim deysiz-da.
– Itimga tutilmadim...
– Qanaqa it yana?
– Bo‘shab-bo‘shalmagan it.
Ayolining gapi tashqaridan kelib, suhbat uzildi.
– Kim bilan gaplashyapti, ana iti yana bo‘shalib ketdi, boylasa-chi.

* * *

U hovliga chiqdi. Iti uyasini oldida bog‘langanday turardi.
– Joyida-ku?
Ayol darvozaning kiraverishini supurar ekan, javob qildi:
– Hozir meni ko‘rib uyasiga qaytdi-da.
U itining yoniga bordi. It egasining oyoqlariga erkalanib boshini qo‘ydi. Itning bo‘yinbog‘i zanjirdan chiqqan ekan. U zanjirni bo‘yinboqqa ilmoqchi bo‘lib to‘xtadi. Qarshisida allaqachon o‘lib ketgan Olapar yotganini ko‘rdi. U hayrat bilan ayoli tomon o‘girildi. Ayb ustida qo‘lga tushgan boladay dovdiradi. Ayoli qo‘qimlarni olar ekan, qayrilmay gapirdi:
– Bog‘lasa bog‘lasin-da, o‘tiradimi?..
U bu gapdan hushyor tortdi. It tomon burildi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, Olapar yo‘q, malla Sirtlon ko‘zlari yiltiragancha uning oyoqlariga tumshuq tirab tikiladi.
U Sirtlonning bo‘yniga zanjirni ildi.
Sirtlon zanjirni shildiratib nari ketdi.

* * *

Oshxonadan qizining ovozi eshitildi:
– Dada, og‘iz ochish vaqti keldi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.