OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shoyim Bo‘tayev. Qarz (hikoya)

Talaba yozgi ta’tilga chiqqach, tug‘ilgan qishlog‘iga jo‘namoqchi bo‘ldi.
Uning qishlog‘i tog‘ etagida.
Shahar do‘konlariga bir-bir kirib, katta boyvachchalardek ko‘ziga ko‘ringan narsalarning narx-navosini so‘rab-surishtirdi, ammo hech narsa xarid qilmadi. U oladiganini qishloq do‘konidan olishni o‘yladi. Shunisi ma’qul ekan. Qishlog‘iga mo‘ljalidan yarim soat barvaqt yetib borib, do‘kon oldida avtobusdan tushdi. Uch-to‘rt bekorchixo‘ja oftobshuvoqda nimalarnidir valaqlashib o‘tirishardi.
— Ha-a, og‘ayni, kelyapsanmi? – deb so‘radi o‘tirganlardan biri talabani har kuni ko‘rib yurgandek. — O‘rischani ham o‘rganyapsanmi?
Talaba ular bilan ko‘rishib-so‘rashmoqchi edi. Bu sovuq gap tufayli tuyqusdan to‘nini teskari kiydi.
— Nimani o‘rganyapman, nimani o‘rganmayapman, aytganim bilan baribir foydasi yo‘q, — dedi bo‘sh kelmay dabdurustdan tig‘li savol tashlaganni o‘yib olish qasdida. – Sen baribir tushunmaysan.
— O-ho, tushunadigan bo‘lib qoptilar-da, — dedi oftobshuvoqda kuch yig‘ib miyasini to‘ldirayotgandek ko‘ringan haligi shovvoz talaba bilan hoziroq janjal boshlab yuboradigandek bir alpozda. — Xo‘p, ana endi ko‘ramiz, qancha o‘qiganingni, o‘qigan bo‘lsang anavi bilan gaplash-chi...
O‘zi tomonga ishora qilinganini payqagan notanish yigit sergaklanib, goh o‘tirganlarga, goh talabaga qaradi.
— Tolik, — talabani qo‘yib, endi yon tomoniga o‘girilganicha notanish yigitga murojaat qildi u. — Vot student... Ruskiy gaplash, ruskiy biladi...
Notanish yigit o‘rnidan turdi. Uning bo‘yi baland, qo‘llari uzun-uzun edi. U talabaga dadil yaqinlashdi. Uning sap-sariq ot yuzining iyagi ingichka, qo‘y ko‘zlarining muloyim boqishi talabaga kimnidir eslatib turgandek edi. U qo‘l uzatib:
— Anatoliy, — deb o‘zini tanishtirdi.
Talaba uning kurakdek kaftiga qo‘lini qo‘yib ismini aytdi.
— Juda xursandman, — dedi Anatoliy notanish joylarda oftobda qatiq yalashgan eski tanishini uchratib qolgandek behad suyunib.
Shu choqda rus tilidan hamisha qiynalib, sinov va imtihonlarini amal-taqal yopib yuradigan talaba do‘kon oldini ishg‘ol etgan hamqishloqlari nazdida bir zumda donishmandga aylandi-qoldi.
Ular uch-to‘rt daqiqa gurung qilishdi. Tamom. Boshqa gap-so‘z bo‘lgani yo‘q. Talaba Tolik bilan xayrlashgan bo‘lib, bosh irg‘adi-da do‘kon tomon yurdi.
Tolik bir lahza xayollanib qoldi, keyin xayrlashgan odamiga nimanidir aytish yodidan ko‘tarilgandek talabaning ortidan ergashdi.
Talaba do‘konga kirib bordi.
Peshtaxta ortida kuymalanib turgan sotuvchidan bo‘lak do‘konda hech kim yo‘q edi. Talaba tomoq qirib qo‘ygancha, unga salom berdi.
— Vaalaykum... — deya bosh ko‘targan sotuvchi odam bolasini ham ko‘rar kun bor ekan-ku, degandek mahtallik bilan:
— E, kelsinlar! — dedi.
G‘o‘labirdan kelgan, oltmish yoshlardagi tepakal sotuvchi juda seriltifot, ostonadan kim qadam bossayam uning mavqeini bilib, kasb-koridan kelib chiqib gap-so‘zni do‘ndiradiganlar xilidan edi.
— O‘qish, o‘qish va yana o‘qish! – dedi u talaba bilan ko‘risharkan.
— Xo‘sh, nima beray? — deb so‘radi sotuvchi uning qo‘lidagi pulni ko‘rgan zahotiyoq chap qo‘liga olgan qog‘ozni o‘ng qo‘li bilan karnayday o‘ray boshlab, talabaning ortidan kirib kelgan Tolikka ko‘z qirini tashlab qo‘yarkan.
Talaba oq qand, pechene, novvot so‘radi.
— Ofarin aqlingga! — deb maqtadi uni sotuvchi. — Bir kilodanmi?
Talaba bosh irg‘adi. U talabaning aytganlarini bir zumda alohida-alohida qog‘ozga solib, tarozida tortdi-da, ularni qog‘oz paketga joylab, qo‘liga tutqazdi. Talaba ortiga burilib, endi do‘kondan chiqayotganida peshtaxta yonida uymalashib, negadir hadeb cho‘ntagini kavlayotgan Tolik dabdurustdan:
— Ming so‘m qarz berib tur, — dedi.
Bu talaba uchun kutilmagan hol edi: negaki, bu qishloqda qoqqani qozig‘i, osgani xurmachasi bo‘lmaganlar ham qarz-havola qilishni xayollariga keltirishmasdi. Tolikning bu qilig‘i sotuvchining ham og‘zini ochib qo‘ygandi.
Talaba Tolikka aytgan pulini tutqazdi. Tolik darhol cho‘ntagidan chiqargan pullarni unga qo‘shdi-da, sotuvchidan bir shisha vino so‘radi.
Sotuvchi pulni olishga oshiqmadi.
— Qarzga vino olib ichganingni otang bilsa meni jonimni sug‘urib oladi, — dedi.
Tolik bu gapni ma’qullab, bosh irg‘adi. Lekin, pulni uzatib turaverdi. Sotuvchi o‘ylanib qoldi.
— Aslida bermasdim-kuya... — dedi yon berayotganini bildirib.
Tolik hamon pulni uzatgancha unga tik qarab turardi. Axiyri, sotuvchi uning qo‘lidagi pulni xuddi tortib olayotgandek shartta oldi-da:
— Bo‘pti, — dedi.
Tolik iljaydi.
— Faqat bir sharti bor, — dedi sotuvchi ogohlantirayotgandek talabaga va Tolikka bir-bir jiddiy qarash qilib.
— Qanaqa shart ekan? — deb so‘radi talaba pul berib baloni sotib olayotgandek ko‘ngli g‘ashlanib.
— Buni uchovimizdan bo‘lak hech kim bilmasligi kerak, — dedi sotuvchi qat’iy qilib.
Tolik shosha-pisha bosh irg‘adi.
Sotuvchi bir shisha vinoni qog‘ozga qand o‘ragandek o‘rab, uning qo‘liga tutqazdi. Tolikning og‘zi qulog‘iga yetib, avval sotuvchiga, keyin talabaga minnatdorlik bildirdi-da, do‘konni tark etdi.
— Ishqilib, oxiri baxayr bo‘lsin, — deya ming‘irlab qo‘ydi sotuvchi o‘ziga-o‘zi gapirayotgandek.
Talabaning ko‘ngliga shubha oraladi.
— Nega bunaqa deyapsiz? – deb so‘radi u sotuvchiga qattiq tikilib.
— Bu yerda or-nomus masalasi bor-da, odam shundan xavotir oladi, yo‘qsa nima, bir shisha emas, ikki shishani ham o‘zim berib yuboraverardim... Bu zormondani qishloqda birov og‘ziga olmasa...
— Qanaqa or-nomus? – deb so‘radi talaba uning keyingi so‘zlariga e’tibor bermay.
— Usmonali akaning or-nomusi.
— Qaysi Usmonali aka?
— Anavi... fermadagi molboqar bor-ku...nahotki, tanimasang?
— Nega tanimay, hamisha yerga qarab, bir nimalarni o‘ylab yuradigan Usmonali amaki-da.
Sotuvchi do‘konda hech kim yo‘qligiga ishonchi komil bo‘lsa-da, tevarak-atrofga olazarak nazar tashlab olib, peshtaxta ustiga engashdi.
— Shu-u Usmonali aka askarlikda bo‘lgan... — dedi shipshiyotgandek. — Haligi yigit Usmonali akaning o‘g‘li, — deb ma’lum qildi sotuvchi.
— Tolikmi?
— Anatoliy Usmonalievich, — ishshaydi sotuvchi talabaning so‘zini o‘zicha to‘g‘rilagan bo‘lib. — U kishi askarlikda o‘sha yerda uylanib, bir o‘g‘il, bir qiz orttirgan deyishardi. Askarlikdan keyin ham qolib ketib, besh-olti yilcha o‘sha yoqlarda yashagan. Keyin-keyin yurt sog‘inchi ustun kelib, ularni bu yerga olib kelmoqchi bo‘lgan, ko‘ndirolmagan, keyin shartta bariga etak siltab kelavergan...
— Oilasini tashlab kelganmi? — deb so‘radi talaba sotuvchi hamma narsani biladigandek.
Sotuvchi, shuyam savol bo‘ldimi, degandek g‘alati tarzda labini burdi. Keyin talabani ogohlantirayotgandek bo‘lib:
— Ammo-lekin, uning o‘g‘li sendan qarz olganini hech kimga og‘zingdan chiqara ko‘rma, — dedi. — Usmonali aka ko‘ra-bila turib bu ishga jim qarab turganim uchun avval kelib meni yeydi, keyin seni yeydi...
Talaba tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgancha tashqariga chiqdi.
Do‘kon oldida o‘tirganlar biroz ko‘paygan, ammo Tolik ko‘rinmasdi.
U tashqariga chiqishi bilanoq:
— Senga Tolik nima dedi? – deya kimdir qichqirdi.
Talaba kiftini qisdi:
— Hech nima...
— Ko‘zingga qara-da.
Talaba ketdi.
U katta yo‘lni endigina kesib o‘tgan ediki, yonboshdagi tor ko‘chadan yo‘tala-yo‘tala Tilla bobo chiqib qoldi.
— Ie, ie, Tojivoymisan? – deb so‘radi.
— Ha, Tojivoyman, — bosh irg‘adi talaba.
— Buni qara-ya...o‘qishdan kelyapsanmi?
Talaba yana bosh irg‘ash bilan uni tasdiqladi.
— Durust, durust, — Tilla bobo o‘z yo‘lida davom etmoqchi edi, qandaydir muhim narsa yodiga tushib qolgandek to‘xtadi. — Usmonalining o‘ris xotinidan bo‘lgan o‘g‘lini ko‘rmadingmi mabodo? — deb so‘radi.
— Ko‘rdim, — dedi talaba.
Tilla bobo unga sinovchan tikila turib:
— Shu bola biron falokatni boshlab qo‘yib, bu yoqlarga qochib kelgan-ov! – dedi tomoq qirib qo‘ygancha.
— Bilmadim, — dedi talaba kift qisib, o‘zini bu gaplarga aloqasiz ko‘rsatib.
— Yo‘qsa, o‘z-o‘zidan nima qiladi kelib? – dedi Tilla bobo o‘z mulohazasini asosli dalillar bilan tasdiqlayotgandek. – Usmonalini otam deganda, shuncha vaqt kutib yurarmidi, avvalroq kelardi-da. Tinchgina yuruvdig-a.
Tilla bobo karaxtlanib turgan talabaga sarosof nazar tashlab qo‘ydi-da:
— Yo, ovlo, o‘zing asra, — deganicha yo‘lida davom etdi.
Talabaning ichidagi noma’lum hadik battar kuchaydi...

* * *

Talaba keyingi safar kelishida qishloqqa yetmayoq avtobusdan tushdi. Bu choqda uzumlar g‘arq pishgan, talaba qishloq chetidagi o‘zlarining tokzor bog‘larini oralab, keyin uylariga borishni xayol qilgandi.
Shunday qildi ham. Kechqurun uylariga kirib borib otasi bilan ko‘rishib-so‘rashib bo‘luvdi hamki, izidan akasi keldi.
Endi o‘ttizga to‘lgan akasining qop-qora yonoqlari ichiga botgan, o‘z yoshidan o‘n-o‘n besh yoshlar katta ko‘rinardi. U ustachilik qilar, poyteshayu to‘ng‘izarra ishlatardi, kasbiga yarasha jahli ham burnining uchida turardi.
— Qalaysan? — dedi akasi qo‘lini uzatib, u har gal quchoqlashib ko‘rishardi.
— Durust, — dedi talaba ham qo‘l uzatib.
— O‘qishlar qalay?
— Yomonmas.
— Qishloqqa kelganingda ehtiyot bo‘lib yur.
— Tushunmadim...
— Nimani tushunmaysan? Usmonali akaning anovi o‘g‘li bilan nimalarni gaplashdilaring?
— Nimani gaplashibmiz?
– Menga qara, uning nima ishlar qilib kelganini kim biladi? Balki, birovni o‘ldirib bu yerlarda qochib yurgandir, balki, o‘g‘irlik qilgandir...
Talaba o‘zini zo‘rlab kuldi.
— Kulasan-da, kulasan, — dedi akasi bu kulgining yig‘isi ham bor, degan ma’noda. — U seni so‘rayverib holi jonimga qo‘ymayapti.
— Nima gapi bor ekan?
— Aytarmidi...
— Borib so‘ray bo‘lmasa.
Akasi talabani katta xavf-xatardan qutqarib qolmoqchi bo‘layotgandek:
— Kallang ishlamaydi-da, endi shu yetmay turuvdi, — dedi. — Sen, yaxshisi, uning ko‘ziga ko‘rinmay yur.
Talabaning otasi o‘mroviga bolishni tortgancha peshayvonda yonboshlab yotgandi. Aka-ukaning tik turgancha nimalarnidir muhokama qilishayotganidan toqati toq bo‘lib:
— Ha-a, nima gap ekan? — deya baqirib so‘radi.
Aka peshayvon tomonga uch-to‘rt odim bosib, ortga o‘girildi-da:
— Bu Usmonali akaning haligi o‘g‘li bilan nimalarnidir gaplashibdi, — dedi.
— Gaplashsa gaplashar, — dedi ota parvo qilmay. — Usmonalining o‘zi kim-u, o‘g‘li bo‘lsa?..
— U buni mendan so‘ragani-so‘ragan.
— Biron ish-yumushi bo‘lsa so‘raydi-da, — dedi ota, shungayam ota go‘ri qozixonami, degan ohangda.
Aka qo‘l siltadi.
— Siz ko‘chaga chiqmay yotasiz, qishloqda odamlar qanaqa bo‘lib ketishganini bilmaysiz-da, — dedi endi otasini ham ayab o‘tirmay nimalargadir ishora qilganicha. — Qarab tursam, ko‘cha-kuydami, to‘y-ma’rakadami ular pisir-pisir gap qo‘zg‘ashyapti.
— E! — ota yotgan joyida qandaydir hafsalasizlik bilan qo‘l siltadi.
— Nima, siz uni bu yoqlarga behuda kelgan deb o‘ylayapsizmi? — dedi aka.
— Men hech nima deb o‘ylaganim yo‘q, — dedi ota. — Boyoqish Usmonalining o‘g‘li ekan, hamqishlog‘imiz ekan, qondoshimiz ekan, qora tortib kelibdimi, o‘shangga balli...
— E, qo‘ying-e, siz ham o‘sha kasofatning yonini olmang.
Ota nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, o‘g‘li bilan gap talashib o‘tirishni o‘ziga lozim ko‘rmay, narigi yonboshiga ag‘darilib oldi.
Aka shundayam o‘z fikrida sobit qolganini bildirib:
— Ko‘ziga qarasin-da, — dedi-yu, tilining ostiga bir otim nosvoy tashlab, indamay chiqib ketdi.
Ertasi kuni talaba akasining nasihatiga ko‘ra Tolikka duch kelmaslik uchun do‘kon oldidagi bekatga tushmay, uzumzor oralab kelgan yo‘li bilan iziga qaytdi. Biroz olisligini aytmasa, talabaning o‘ziga ham shu ma’qul tushdi, do‘kon oldidagilarning har xil pichingli savollariga javob berish dahmazasidan qutiladi, Tilla boboga ham to‘qnash kelmaydi.
Talaba endi qishloqqa yetmay avtobusdan tushadigan, shu yerdan avtobusga chiqadigan bo‘ldi.
Uning baribir qulog‘i tinchimadi. U uyga kelgan zahotiyoq akasi ham paydo bo‘lar, g‘oyat tashvishli qiyofada:
— U seni yana so‘radi, — derdi.
Akasi bu gapni har gal har xil tarzda aytardi: bir gal, u falonchi-pistonchining janozasida otasining yonida turgan ekan, butun qishloq ahli yig‘ilgan edi, u esa janoza-panoza deb o‘tirmay menga yaqinlashdi-da, seni so‘radi, desa, boshqa gal, men falonchi-pistonchining uyini qurayotganimda hashar bahonasida uyam keldi, o‘ziyam rosa loy tashidi-yu, endi tushlikka chiqayotganimizda yana yonimga kelib seni so‘radi, derdi. Keyin sen u bilan nimalarni gaplashganding, ishqilib, o‘shanda unga qandaydir va’dalar bermaganmiding, agar shunaqa bo‘lgan bo‘lsa ochig‘ini ayt, ochiq-oydin hal qilib olaylik, degan so‘rab-surishtirishlar boshlanardi. Uni ko‘rishga meniyam yuragim bezillab qoldi, shunaqa qilaversa, men ham endi bu qishloqda ishlamay, boshqa joylardan ish izlashimga to‘g‘ri kelib qoladi, derdi akasi.
Bir tomoni talabaning akasiga rahmi ham keldi. Namuncha u meni so‘rab-surishtirmasa, degan jumboq hamon talabaning boshini qotirardi. Tikka borib, nima gap, mana men keldim, desa bo‘ladi-ku, ammo akasi uning bunday harakat qilishiga mutlaqo qarshi, tinch yur, u qandaydir kasofatni boshlab kelgan – hamma shunday deyapti, buni o‘zimning ham ko‘nglim sezib turipti, sen yaxshisi u bilan uchrashma, gaplashib ham yurma, deydi.
Bu gaplarni eshitib, talabaning gumonsirashi battar ortadi.
“Balki, Tolikning yana vino ichkisi kelib pul topolmaganidan meni izlab-qidirib yurgandir?” degan fikr ham miyasiga bot-bot kelib qolar, bu dardisarning dahmazasidan qanday qutilsam ekan, deb o‘ylardi.
Oradan oylar o‘tib, talaba yangi yilni kutib olish uchun qishloqqa keldi. Shaharda qor uchqunlab turardi, qishloqda esa qalin yoqqan ekan.
U avtobusdan odatdagidek qishloq chetida tushib qoldi.
Hammayoq oppoq, ko‘z qamashadi. Talaba tizzadan qor kechib, tepaliklar oralab ketdi. Qachonlardir yog‘ishni boshlagan laylakqor hamon gupillab urib turardi. Tuyqusdan talaba ortidan kimningdir baqirib-chaqirayotganini eshitib qoldi.
U o‘girildi. Uzoqda uzun qora choponli kimdir birov u tomonga shoshib kelar, qo‘llarini tepaga ko‘targancha, to‘xta, ishorasini qilib to‘lg‘ar, oshiqib-shoshiqqanidan o‘qtin-o‘qtin yiqilib ham qolardi.
“Kim bo‘lsaykin?”, deb o‘ylagan talaba biroz to‘xtab kutishga qaror qildi. U yaqinlashaverdi. Orada ozgina masofa qolganda talaba uning Tolik ekanligini bildiyu, noiloj qoldi. Endi kech edi.
Tolik boshidagi telpakni yulqib yechdi. Shunda uning qora terga botgani ma’lum bo‘ldi. Telpagi bilan yuz-ko‘zini artarkan:
— Uf-f!.. – deganicha o‘zini shartta qor ustiga tashladi.
U nafas rostlay boshladi. Keyin choponining barini qayirib tashlab, shimining cho‘ntagiga qo‘lini suqdi va undan pul chiqazib o‘tirgan joyida talabaga uzatarkan:
— Ma, ol! – dedi.
Talaba beixtiyor:
— Nega? — deb yubordi.
— Nega bo‘lardi? — dedi hamon harsillab ko‘ksi ko‘tarilib tushayotgan Tolik. — Bu sendan olgan qarzim. O‘shandan keyin seni hech uchratolmadim, pulingni o‘shandayoq qaytarmoqchi edim... Kimga berishimni bilmayman. So‘rab-surishtirib akangni topdim, sendan olgan qarz pulni unga tayinlab berib yubormoqchi bo‘ldim-u anavi sotuvchi uchovimizdan bo‘lak hech kim bilmasin degani uchun bunday qilmadim. Akangdan seni so‘rasam biron aniq javob bermaydi, tovba, qiziq odamlar-a bular...
Talaba ham negadir shu choqda holdan toyganini payqab, uning yoniga o‘tirdi. Ko‘ngli xotirjam bo‘lganiga qanoat hosil qilgandek, Tolik ko‘ksini to‘ldirgancha chuqur nafas oldi.
— Keragi yo‘q edi, — g‘o‘ldiradi talaba.
— Nega endi?
Tolik jilmaydi. Uning jilmayishida o‘zini ketma-ket kunlar, ketma-ket haftalar, ketma-ket oylar mobaynida qiynab kelgan mushkulotdan forig‘ bo‘lganining quvonchi mujassam edi.
Talaba yuzini boshqa tomonga burdi.
Uning ko‘zlari jiqqa yosh edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.