OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shuhrat. Mashrab (roman)

«... QOSHI QAROSINI KO‘RUNG»

Omadi kelgan yigitning sevgani ham oldidan chiqadi.
Bahor nafasi qayta boshlabdi. Ammo saraton yallig‘i hali olisda. Qamish bo‘totlarga bahor ko‘rkini baxsh etgan ko‘katlar orasida ungan munchoqko‘z sariq chechaklar va lolaqizg‘aldoqlar qoramtir tortib, yal-yal yongan gullarini to‘kkanlar. Bolalarning cho‘ntagida hovuch-hovuch g‘o‘ra, tishi yo‘q keksalar og‘zining suvini keltirib, kasir-kasir chaynaydilar. Barra o‘tu turli-tuman gul-chechagini ko‘z-ko‘z qilmagan bog‘u xiyobon yo‘q.
Bu paytda jajji shahar — Namanganning tili chuchuk qizlari-ku, juda ochilib ketadilar. Qirq kokil qilib soch o‘riigu satang qilib farq ochishni o‘shalarga chiqargan! Xipcha bellarni yanada xipcha va nozik qilib chiqqan beqasam nimchalar ularni sambitqomat qilib yuboradi. Ularning bu paytdagi yurish-turishlari va gap-so‘zlarida o‘zgacha bir latofat va nazokat bor. Tokzoru olmazor, anjirzoru anorzorlardan yangragan, zavq-shavqqa to‘lib toshgan ashulayu yallalari bahor nafasini gurkiratib, olis-olis umid manzillariga chorlaydi. Kampirlar yoshligini qo‘msab, dimog‘iga yalpiz tutsa, chollar nevarasiga yasab bergan varraklarining uchishini hassaga engahini tirab tomosha qiladilar. Faqat dala boshida dehqonning ishi jadal. Ayni tut pishig‘i.
Mashrab jildini bo‘yniga osib, tor ko‘chani yoqalab borarkan, bir to‘da qizlarning beg‘ubor va sho‘x qiyqirig‘i diqqatini tortdi. Tovush kelgan tomonga qarab edi, avvalon ko‘ziga tarvaqaylab o‘sgan tut va tagi bilan bitta bo‘lib to‘kilgan marvarid tutlar ko‘rindi. Tutning qalin shoxlari orasida bir odamning sharpasi ko‘zga chalinganday ham bo‘ldi. Tutning bir shoxi ko‘cha tomonga qanotini yozib tushgan, bahor yomg‘irida ivib nuragan devorga tirkalib turardi. Ustidagi odam shu shoxni silkigan shekilli ko‘cha tomonda ham tut yer bilan bitta bo‘lib yotibdi!
Yigitning ko‘ngli sust ketdi-yu, lekin terib yeyishga jur’at etmay turgan edi, yana qizlar chug‘illashib berdilar. Mashrab ularning so‘zlarini aniq eshitdi:
— Hoy, sal to‘xtab tur, yerdagilarni terib olaylik, axir.
— Voy, o‘l, boshimni g‘urra qilding!
— Voy-voy-voy, bo‘ynimdan ichimga tushib ketdi. Buncha muzday ekan!
Tut ustida sheriklari qotib-qotib kular, tepadan ularga ta’na qilardi:
— Men tutning ustida qaqqayib, senlarning terib bo‘lishlaringni kutib turamanmi! Ketmaydi! Chodir toplaring! Bo‘lmasa hozir tushib ketaman!
Oralarida tutga chiqadigan «azamat»lari yo‘q shekilli, qizlar chuvillashib qoldi:
— Jon Arzigul, bu shaxtingdan qayt, o‘zing yaxshi qizsan-ku.
— Aqlli qizsan, donosan!
— Chiroylisan, jiblajibonsan!
Kulgi orasida boshqa biri keksa xotinlardek salmoqladi:
— Iloyim, yaxshi joylardan ato qilsin!
Yana chuvvos kulgi-qiyqiriq ko‘tarildi. Hovlida qizlarning o‘zidan boshqa hech kim yo‘q shekilli, ular beg‘ubor hazillashar va behadik kulishardi.
Tutdan turib Arzigul «keksa xotin»ga piching qildi:
— O‘zingga tila, o‘zingga, mingyashar oyim! Meniki tayyor!
— Voy, o‘lmasam!! — bu kutilmagan gapdan qizlar hayrat aralash chuvillashdi. Ularni bittasi bosdi:
— U bir qop yong‘oq-ku, shunga ishonib o‘tiribsizlarmi, suf-e, hammalaringga!
— U ichidan pishgan! — dedi baribir qaysi biri uning ohangida.
Shu mahal jiddiy tovush yangrab qoldi:
— Chodir yo‘q, Arzigul, choyshab topib chiqdim, mana.
— Nima balo, achangni o‘limligini olib chiqdingmi? — tepadan tegishdi o‘sha Arzigul degani.
Arzigulning gapiga kimdir pastdan javob qaytardi, lekin uni Mashrab eshitolmadi. Yana kulgi ko‘tarildi. Tepadagi qiz ularga qo‘shilib xandon solayotgan bo‘lsa ham, tovushi alohida ajralib turardi, xuddi bo‘g‘iq quvurdan otilib chiqqan bahor toshqinidek jarangdor va sho‘x edi. Mashrab bu alohida kulgi kelgan tomonga yalt etib qarab, bo‘z ko‘ylakli, sochini boshiga o‘rab tang‘igan, yalangoyoq, durkungina bir qizni ko‘rdi. Uning yuz-ko‘zi qalin barglar orasida yaxshi ko‘rinmas, buning ustiga yoni bilan turardi. Shu bahorda tovushi do‘rillab, qiz desa, qulog‘i qimirlaydigan bo‘lib qolgan yigitning shunday yoqimli tovush egasini ko‘rish ishtiyoqi shu onda uyg‘onib qoldi. Yo‘lning u betidan bu betiga o‘g‘ri yurish qilib o‘tdi. Bo‘ynini cho‘zib asta mo‘raladi. Eshikdan birov chiqib qolsa yo biron qiz ko‘rib qolsa nima bo‘ladi, degan andisha xayoliga ham kelmadi. Xullas, u yoqqa o‘tib asta qaradi, bu yoqqa o‘tib barglar orasidan mo‘raladi — axiyri, basharasini ko‘rdi. Ko‘rdi-yu, ilon avragan qurbaqaday qotdi-qoldi. Umri bino bo‘lib bunaqa istarali qizni ko‘rmagan! Haligina yerdan terib olgan tutning qo‘lidagisi qo‘lida, og‘zidagisi bo‘g‘zida qoldi.
Olamning bu tashvishlaridan bexabar qiz hamon sho‘xlik bilan o‘rtoqlariga gap otar, goh u shoxni, goh bu shoxni silkib, goh kichkina oyoqlari bilan gurs-gurs tepib, o‘rtoqlarini shoshirardi. Marvarid tutlar duv-duv to‘kilyapti.
Ana shunda tut ustidagi qiz torgina ko‘chaning chetida baqa bo‘lib turgan yigitni ko‘rib qoldi.
— Voy, o‘lmasam, ko‘chada bir kishi qarab turibdi! — dedi-yu bir qo‘lini yuziga parda qildi. Shu zahotiyoq bir qiz ko‘cha eshigini ochib qaradi va uni ko‘riboq eshikni tars yopdi, ichkaridan tovush keldi:
— O‘pkangni bos! Kishi emas, yoshgina bola-ku!
Shu gap sabab bo‘ldimi yoki boyagi harakati bir hazilmidi, tut ustidagi qiz qo‘lini yuzidan olib, peshanabog‘ining bir uchini qayirib tishladi va qiyo boqib yigitga gap qotdi:
— Silkitib beraymi, tut yeysizmi?
— Mayli, — dedi Mashrab oyoq-qo‘li bo‘shashib.
Qiz ikki shoxni hatlab o‘tib, ko‘cha tomon shoxiga oyog‘ini qo‘ydi va gurs-gurs tepdi. Marvariddek tut, garq pishib, bir imo-ishoraga ilhaq turgan ekan, duv to‘kildi. Yarmi ko‘chaga, devorning u yog‘iga, yarmi hovliga tushdi.
Mashrab minnatdor qarab, saralab-saralab tera boshladi. Tut chindan ham rosa pishgan ekan, qo‘lida shirasi qolib, barmoqlari bir-biriga yopisha boshladi. Garchand ko‘zi yerda, to‘kilgan tutlarda bo‘lsa ham xayoli tepada, to‘g‘risi, tut ustida turgan sohibjamolda edi. Xayolida u qiz ko‘zini uzmay kuzatib turgandek tuyulardi. Shu sabab boshini ko‘tarib yuqoriga qarashga botinolmas edi. Vujudida allaqanday mayin titroq va qalbida shu zamongacha bo‘lmagan allanechuk hayajon bor edi. Uni tizginlab, yerga qaratib turgan kuch ham shu titroq va shu hayajon edi. Yo‘q, bu kuch ham emas, boshqa bir narsa. U narsaning nimaligini Mashrabning o‘zi ham hali bilmasdi. Xullas, u boshini ko‘tarishga, qalbi intilgan qizga qarashga jur’at etolmas, ammo xayoli unda, uning yongan ko‘zlarida, qo‘ng‘iroq ovozida edi.
Qiz chindan ham uni kuzatib turgan ekanmi, Mashrab yerdan sal boshini ko‘tarishi bilan yana gap qotdi:
— To‘ydingizmi, yo yana silkib beraymi?
— Bo‘ldi, rahmat, to‘ydim, — dedi Mashrab va qizning ko‘ziga ko‘zi to‘qnashib, bugun a’zoyi badani lovillab yonib ketdi. Uning qarshisida o‘n gulidan endigina bir gunchasi lab ko‘rsata boshlagan navnihol qiz turardi! Qiz emas, pari, deysiz: qosh-ko‘zi kelishgan, g‘uncha dahan, og‘zidan shakar to‘kiladi.
Shu hushini olib qochdimi yoki yigitlik jur’ati jo‘sh urib ketdimi, Mashrab birdan luqma otdi:
— Siz qoqsangiz, qancha bo‘lsa, yeganim bo‘lsin!
— Voy, o‘lmasam! — degan qiz tutning ustida shoshib qoldi. Tapir-tupir shoxdan-shoxga o‘tib, o‘zini yerga «gup» etib otdi. Uning ko‘zi Mashrabning ko‘ziga qamti bo‘lgan, uning qarshisida kap-katta yigit, yigit bo‘lganda ham ko‘zlari allanechuk hayajon bilan yongan chiroyli yigit turardi. «Siz qoqsangiz, qancha bo‘lsa yeganim bo‘lsin!» degan so‘zni ham shunaqa chertib aytdiki, uning yuragiga o‘qdek sanchildi. Ma’nosi yalt etib, hozirgacha beparvo bo‘lgan qizning ko‘zini moshdek ochib yubordi. U kelishgan bir yigit bilan hazil-mutoyiba qilayotgan ekan! Ana, xolos!
Arzigulning yuragi gup-gup urar, xayolida tut tagidagi yigit hamon o‘sha so‘zini takrorlab turardi.
— Ha, buncha! — dedi dugonalari u tomonda. — Yov quvdimi? O‘zingni bos.
— Yo dadang kelib qoldimi?
Qizlar biri olib, biri qo‘yib so‘roqqa tutar, lekin Arzigul nimadir deb javob berishdan ojiz edi. Faqat:
— Bola emas, kap-katta yigit ekan-ku! — deya oldi. Qizlar yana jonlanib, bir nechtasi yana kulgiga oldi, bir nechtasi eshikka chopdi.
— Yo‘q, ketib qolibdi! — dedi bittasi. Boshqasi gap qo‘shdi:
— Kelishgangina ekanmi? Balki qismatingdagi yigit o‘shadir.
— Yaxshilab ko‘rib oldingmi, tagin yo‘qotib qo‘yib, qidirib yurma! — deb kuldi boshqasi.
— Hey, o‘l, haziling qursin! — dedi Arzigul va lekin bu so‘zidan qalbining allaqaeri g‘alati bo‘lib ketdi. Ichidan «Ha, shunaqami, hali,o‘ylab gapir», degan nido keldi. Bu nidoni uning o‘zigina eshitib turardi. Shu bois gapni chalg‘itdi:
— Menga terib qo‘yganlaring qani?
— Mana shu chodirdagining hammasi seniki, o‘rtoqjon! — degan qiz uning basharasiga qarab, Arzigulning rangi qo‘rqqan kishinikiga o‘xshamay, o‘zi ham til bilan aytib berolmaydigan allaqanday his-tuygular to‘fonida ekanini aniq ko‘rdi. Nimanidir fahmlagandek bo‘lib, pastki labini asta tishladi. Buni Arzigul fahmladi va ko‘zini olib qochdi.
Bu paytda kutilmagan uchrashuvdan karaxt bo‘lib qolgan Mashrab to‘rvasini yo‘qotgan gadoydek talmovsirab, boshini quyi solib boradi. O‘zi nima gap? Butun vujudi o‘t bo‘lib yonib ketyapti. Umrida hech bunaqa bo‘lgan emas. Ha, tizzasida ham jinday titroq bor-a! Og‘ir yuk ko‘targani yo‘q-ku, yo charchadimi? Nimadan charchaydi? Tutga chiqqani yo‘qki, oyog‘i toliqqan bo‘lsa! Tutda qiz, Arzigul edi-ku! Ha, rostdanam, qiz nima dedi-yu, u nima deb javob qildi, nega qiz tutdan o‘zini tashlab qochdi?
Mashrab bu qiziq lahzani tag-tomiri bilan idrok etib ololmas edi. Ancha yerga borgach, yana orqasiga, o‘sha tutga, qiz turgan shoxga qaragisi keldi, bir narsadan hayo qilgandek tortinib qaradi. Hech kim yo‘q. Saldan keyin yana qandaydir kuch orqaga undadi. Yana qaradi. Bu gal ham hech kimni ko‘rmadi. U qidirgan odamni ko‘rolmay entikardi.
Mashrabning butun badani mis bo‘lib qizib ketgan, nazarida lovullab yonardi. Ko‘cha yoqalab oqqan, qirg‘oqlarini maysa-giyoh qoplagan ariqdan chatanog‘ini kerib, yuz-qo‘lini yuvdi. Muzday suv shunday xush yoqardiki, asti qo‘yaberasiz! Butun vujudiga huzur-halovat nur bo‘lib unsiz taralardi. Bunga sari yana yuziga suv sochar, bo‘ynilarini qo‘shib yuvardi. Orombaxsh tomchilar qizigan yuz-ko‘zining taftini olib, nurli iz qoldirib pastga dumalardi, xayolidagi kimsani yanada ravshanroq, yanada jozibaliroq ko‘rsatgandek, uning ko‘rkini ochayotgandek bo‘lardi.
Mashrab ichki bir hayajon va qalbini larzaga solib kelgan notanish quvonch bilan suvni hovuchlab, yuziga sepmoqchi bo‘lib edi, qo‘llari sohildagi giyohlarga tegib ketdi. Yalpiz hidi anqib, atrof atrga to‘ldi. Bu unga yana ham xush yoqdi. O‘sib ketgan, ilk bahorgi ko‘m-ko‘k rangini kul tusiga almashgan, uzun va sershox yalpizning ikkita nozik shoxchasini tirnogi bilan uzib, dimog‘iga tutdi. Undan taralgan hidga to‘ymay, barmoqlari bilan erkaladi. Ana shunda hammayoqni tutgan allambalo bo‘y ko‘nglini yashnatib yubordi. Nahot, yalpiz shunaqa yoqimli hid taratsa?! Shu oddiy yalpiz-a! Bu mo‘‘jiza ona tuproqning hikmatimi yoki bahorning kishilarga saxiy in’omimi? O, bu yerlarda ne-ne gul-chechak, ne-ne gul-lolalar bor. Hammasining o‘z husni-ko‘rki, o‘z atri-anbari bor!
Mashrab yana ikkita yalpiz bargini uzib hidladi, huzur qildi. Shu alpozda turib qoldi. Beixtiyor belidan qiyig‘ini yechib, bir uchiga betini artdi. Artardi-yu, xayolini yana o‘sha tutdan, tutda turgan o‘sha qizdan uzib olomasdi, u quyundek behadik bosib kelardi.
Mashrab boshqa olamga kirib qolganga, bu olamda hali xayoliga keltirmagan his-tuyg‘ular hukmronga o‘xshar edi.
Mashrab yana orqasiga qaytib, o‘sha tutli hovlining eshigida turib qoldi. Alanglab, allakimni qidirdi. Tutning ustlariga qaradi. G‘arq pishgan tut marvariddek yiltillab, quyosh shu’lalari tushgan baland shoxlari esa, alohida tovlanadi. Chumchuqlar g‘ujg‘on o‘ynab, bazm quradilar, ularning tumshug‘idan uzilgan tutlar yerga tap-tap tushib turibdi. Boyagi bijildoq qizlar esa, qayoqqadir gumdon bo‘lishibdi. Shu vaqt birdan nimadir daranglab qoldi-yu, yuz chumchuqqa bir kesak degandek, parrandalar duv ko‘tarildilar. Yana hammayoq jimib qoldi.
Mashrab ovoz kelgan tomonga qarasa, chumchuqlarning o‘tini yorgan tutning baland shoxiga boglangan eski chelak ekan. «Ipini kim tortdi ekan? O‘sha qizmi? Ismi nima edi? Ha, Arzigul deb edi-ya! Qanday chiroyli ism! Arzi gul emish, arzi gulga o‘xsharmish! Qiziq! Bu nomni qo‘ygan odam shu ma’noni bilarmikin? »
Bu ism Mashrabning ko‘ngliga shunaqa yaqin tushdiki, agar birov «Bu ismni sen haligina eshitding» desa, asti ishonmas edi. Go‘yo esini taniganidan buyon bu ismni biladigandek va kunda takrorlab yuradigandek edi.
Mashrab xayol bilan qancha turib qolganini bilmaydi, bir vaqt bundoq qarasa, tutni yana chumchuqlar talay boshlabdi, chug‘ur-chug‘uri olamni buzyapti.

To'liq: Shuhrat. Mashrab (roman) - PDF

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.