OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shuhrat. Shinelli yillar (roman)

BIRINCHI QISM

I


«Balki, muhabbat deganlari shudir? Bo‘lmasa nega yuragim arziqadi. Uni ko‘z oldimga keltirsam, qalbim gurs-gurs uradi, shirin orzu vujudimni erkalab o‘tadi. Chindan ham muhabbat shumi? Deydilarki, odatda, sevishganlar o‘z ko‘ngillarini til bilan izhor etmaydnlar, imo-ishora va ba’zan qochiriq gaplar juda yaxshi vosita emish. Xo‘sh, Muharramda shunday alomatlar bormidi? Uning ko‘nglida sevgi bor ekan, nega so‘nggi kungacha yuzida biror marta barq urmadi, ikkovimiz ham bir institutda o‘qidik. U ham a’lochi edi. Ba’zan «A’lochilar taxtasi»da suratlarimiz yonma-yon ham qo‘yilib qolardi, lekin shunda ham nega biror ishora qilmadi? Jilla bo‘lmaganda «O‘zimiz bir-birimizdan uzoq yursak ham, suratimizni yenma-yon qo‘yishibdimi, a?» demadi. Institutni bitirganimda birinchi bo‘lib tabriklagan, qo‘limni qattiq siqqan edi. Yoki shu ishora edimi?
Nahotki, men payqamagan bo‘lsam? Ha, Lev Tolstoy «Anna Karenina»da Darya Aleksandrovnaning tili bilan bekorga shunday demagan: «Siz erkaklar, qizlarni ko‘rasiz, suhbatlashasiz. Ko‘nglingizda birontasiga bo‘lgan sevgingiz pishib otgandan keyingina qo‘lini so‘raysiz. Bechora qizlar-chi! Doimo kutishda. Qizlik hayosi bosib, ko‘nglidagi bor sevgisipi ham ochiq aytolmaydi, Sizning taklifingizga «yo‘q» yoki «ha» deb javob berishga haqli, xolos!»
Ehtimol, Muharram ham shunday holatda bo‘lgandir? Mening harbiyga jo‘nash kunimni eng yaxshi fursat bilib, mendan bir narsa eshitish niyatida kuzatib chiqmadimikan? Shu bilan o‘z ko‘nglini izhor qilmadimikan? Men uning bu ishini samimiy do‘stlik deb, xato qilmadimmi? Uning bu ishini oddiy do‘stlik deb bilgan ekanman, nega poezd jilgach, ko‘nglim allanechuk bo‘lib ketdi? Yo‘l-yo‘lakay xayolimdan u uzilmadi. Har raz’ezd, stantsiyadagi qiz ko‘zimga u bo‘lib ko‘rindi. Nega nazarimda, u hamon Toshkent stantsiyasida qo‘l silkib xayrlashayotgandek bo‘lib turadi? Nega Krasnovodskka kelib, paroxod kutar ekanman, poezd qichqirganini eshitib, yuragim bir arziqib ketdi, shu poezdda Muharram jo‘nagandek bo‘ldi-yu, parovoz o‘txonasidan chiqqan qora tutundek bir narsa ko‘nglimga soya solib o‘tdi? Nega u ko‘z oldimdan ketmay qoldi?
Shu muhabbat bo‘lsa kerak!»
Elmurod shunday o‘ylar selida g‘arq bo‘lib, uyqusi qochdi. O‘zicha biror aniq fikga kelolmas edi. Bu o‘ylar shu darajada chuvalib ketdiki, bora-bora u hech birini ravshan tasavvur qilolmay qoldi. Boyatdan beri g‘ashiga tegayotgan allakimning xurrak otishi ham endi unga eshitilmasdi. Uyqu elitdi. O‘ylarining oxiri, tog‘lar etagi qirga tutashgandek, tushga ulanib ketdi...
— Pod’yom!
Haligina shirin uyquning belanchagida allalanayotgan jangchilar duv ko‘tarildi, go‘yo sokin o‘rmonda nogahon o‘q uzildi. Har kim tezroq kiyinib o‘zini tashqariga urar, kazarmaning narigi burchidan kimdir: «Ikkinchi vzvod, bo‘sh kelmaysan!» deb qichqirar, o‘zi ham shosha-pisha kiyinayotgan bo‘lsa kerak, tovushida bir narsaga urinayotganlik zarbi bor.
Elmurod shoshganidan bir oyog‘iga shim pochasini kiymay obmotka o‘rab qo‘ydi. Uni chuvatib qaytib kiygunicha, deyarli hamma tashqariga chiqib «safga tizilish» komandasini kutmoqda edi. Axir obmotka, ham ikki quloch bor-da! Yechib, o‘rash to‘rt metr. Otdelenie komandiri uning qoshiga keldi:
— Kechikdingiz-ku! 
Elmurod voqeani bayon qildi. Komandir o‘zini tuta olmay birdan kulib yubordi.
Ular tashqariga chiqqanda rota endi ertalabki zaryadkaga saflanmoqda, yomg‘ir rosa quymoqda edi. Bundan sal avvalroq shamol ham o‘z hissasiri qo‘shgan bo‘lsa kerak, eshikdan bir yarim-ikki metr ichkarigacha dahliz sirpanchiq va ho‘l edi. Bir-biridan quloch yozsa, barmoq uchi yetgudek yiroqlikda turgan jangchilarning qora botinka, qir o‘ti rangidagi shimlari va yalang boshlari aldamchi saharning surma rang tusiga singib ketgan edi.
Elmurod mashq har kungiday o‘n besh minut bo‘lmasa kerak, deb o‘yladi. Axir yomg‘ir quyib turibdi-ku. O‘n besh minut emas, besh minutdayoq hamma yog‘ingni shalabbo qilib yuborishi hech gap emas. Uning ustiga, jangchilar shamollab  qolishi mumkin...
Elmurodning yonida turgan jangchi birdan yo‘talib qoldi. Elmurod o‘zicha «ana, boshlandi» deb qo‘ydi. Ammo boshqa hech kim yo‘talmadi. Marsh har kungiday rasamadli bo‘ldi. Biror kishi «nega qisqartirilmadi» ham demadi. Go‘yo shunday bo‘lishi ham qarz, ham farzday. Faqat ba’zilar kazarmaga — ikkinchi qavatga ko‘tarilishda yomg‘irda qolgan tovuqday silkinib, oyog‘ini ikki-uch marta ketma-ket qattiqroq depsidi. Buni ham kechagina Elmurod qatori kelgan yangilar qildi. Eskilar ularni ko‘rib, miyig‘ida kulib o‘tdi: «Hali shungami? Shunday vaqtlar bo‘ladiki, o‘rdak bo‘lib suzasan».
Elmurod kazarmaga ko‘tarilayotib, devordagi shiorga yapa ko‘zi tushdi. Uning birinchisi Elmurodga ko‘pdan beri oshna — Armiyada xizmat qilish har bir sovet grajdanining muqaddas burchi haqida edi. Ammo ikkinchisi: «Qizil Armiya shiddatli maktabdir» degan shiorni kelganiga besh kun bo‘lsa ham ma’nosini chaqolmas edi.
Biroq, bugun yomg‘irda odatdagicha mashq bo‘lgach, bu shiorping ostiga Aflotunning kallasi yashirib qo‘yilganiga tushundi. «Shiddatli» degan so‘zga urg‘u berib, yaia bir marta alohida diqqat bilan o‘qib o‘tdi.
Elmurod institutni imtiyozli diplom bilan tamomladi. Kunlardan birida Moskvada Butunittifoq fizkulturachilar paradida bo‘lib qaytgan institutdoshi Muharramni ko‘rib qoldi. Undan Moskva xotiralarini so‘zlab berishni iltimos qildi. Gorkiy nomli istirohat bog‘ida kunduzi uchrashdilar, suhbatlashdilar. Qandaydir sabab bilan yana bir uchrashdilar. Elmurod kechqurungi seans kinoga taklif etgan edi, «Fotima opam ko‘rib qolib, tag‘in, kaltagina sochimdan ham ajralmay», deb belidan pastga tushadigan sochining uchini yerga qarab turib qo‘li bilan taroqladi. Elmuroddan «Xato qilasiz» javobini olgach, yalt etib unga qaradi, sababini so‘ramoqchi edi; Elmurod: «Bir kuni batafsil gapirib beraman» deb so‘zini qisqa qildi.
Fotima Elmurodga sinfdosh bir ayolniig jiyani bo‘lib, ammasining oldiga bot-bot kelib turardi. Studentlar buni Elmurodga yo‘ygan edilar. Muharram mana shu qizga ishora qilgan edi...
Ular boshqa bir kuni kechqurun uchrashishga va’dalashdilar. Elmurod uyga kelib, stoli ustida harbiy komissarlikping povestkasini ko‘rdi. Demak, «Mumkin bo‘lsa Kavkazga yuborsangiz» degan iltimosi o‘rin topgan. Ertalab borib jo‘nash uchun kerakli hujjatlarpi oldi. Shu kuni oqshom Muharram bilan uchrashdi, kinoga tushdi. Uyiga, Shayhantahurgacha kuzatib borib, vodoprovod budkasi yonida uzoq suhbatlashdilar... Elmurod Muharram bilan xayrlashib Xadraga kelganda, tramvaylar parkka kirib ketmoqda edi. Ertasiga Krasnovodsk orqali Tbilisiga — harbiy xizmatga jo‘nadi.

To'liq: Shuhrat. Shinelli yillar (roman) - PDF

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.