OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Jabbor. Katta oila (hikoya)

Arafa kuni shom payti esimni taniganimdan beri xonadonini hech yo‘qlamaganim, do‘stim va uzoqroq qarindoshim Habibning uyiga bordim. Men salom berib kirib borganimda eskicha qurilgan katta xonada bir uy odam – barcha oila a’zolari dasturxon atrofida jam ekan.
Xona to‘rida yosh boladay bo‘lib qolgan Oynaxolmomo oppoq ipak ko‘ylak kiyib o‘tiribdi. U yigirma yil avval foniy dunyodan boqiy dunyoga ko‘chgan erining sarg‘ayib uvadasi chiqib ketgan choponini tizzasiga yopgan. O‘zidan ham qarib ketgan, azbaroyi keksalikdan tishlari to‘kilgani uchun nonini choyga ivitib yeb o‘tirgan o‘g‘li Dalli cholning ta’biricha, momo bir yuz o‘n sakkizga kirgan. Lekin nevarasi Salmon ota­ning aytishicha, momo bir yuz o‘n olti yoshni qoralab qo‘yibdi. Momoga yaqinroq joyda o‘tirgan chevarasi ham oqsoqollik yoshiga yetgan bo‘lib, nazarimda otasi va bobosidan uyalib soqol qo‘ymaganga o‘xshaydi. Xullas, davrada yetti avlod vakillari – momo, o‘g‘il, nevara, chevara, evara, duvara... Erinmasdan sanab chiqdim, dasturxon tegrasida kattayu kichikni hisoblaganda o‘t­tiz uch nafar odam bor.
Meni turtkilab hammaga tanitgan, o‘z navbatida shivirlab ularni menga asta-sekin tanishtirayotgan do‘stim Habib esa momoga evara edi. Agar u ham istiholaga bormay soqol qo‘yadigan bo‘lsa, binoyidek “chol” bo‘lardi. Fotiha tortib, tanishib, choy ichib tomog‘imizni ho‘llab olganimizdan keyin Habib ovozini ko‘tarib momoga yuzlandi.
– Momo, mehmon kelgan! Mana, yonimda o‘tiribdi!
Habibning gapini eshitdimikin deb hamma Momoga qaradi. Momo esa bu so‘zni yaxshi eshitmagan shekilli javoban “Ha, yangi ko‘ylak kiydim!” dedi. Hamma kulib yubordi. Momo kulayotganlarga qarab o‘zini oqladimi, yo hamma olqishlab xursand bo‘lyapti, deb o‘yladimi bilmayman har holda “Bugun arafa-da, arafa! Ertaga bayram!” dedi. Shunda yonida o‘tirgan nevarasi Salmon ota momoga balandroq ovozda tushuntirdi.
– Mehmon keldi, deydi! Mehmon kelgan!
– Kim deysan? – Momo qulog‘igacha tang‘ilgan oq shoyi ro‘molini sal ochib nevarasiga tutdi.
– Qo‘rg‘onlik qarindoshingizni o‘g‘li! Besh og‘ayni degan urug‘ingizdan!
Momo bu safar boshini silkib qo‘ydi. Keyin hozirgina fotiha qilganimiz esidan chiqib, qo‘lini fotihaga ochdi. Yana kulgu ko‘tarilayotgan edi, Salmon ota “Jim bo‘linglar, mayli, mayli, yana bir marta ilohi omin!” deb fotihaga qo‘l ochib otasi Dalli boboga qaradi. Bobo esa men gapirolmayman o‘zing aytaver deganday Salmon otaning o‘ziga ishora qildi. Xullas, yuzimizga yana fotiha tortganimizdan so‘ng, Habib boyagindan balandroq ovozda:
– Momo, mehmonga tarixingizni aytib bering! –deb baqirdi. Salmon ota bu gaplarni yana qaytarmoqchi edi, momo eshitdim deganday qilib boshini silkib qo‘ydi. Momo xuddi ustozlar huzurida o‘z qarashlarini bayon qilayotgan yosh olimday gapini dona-dona qilib, ba’zi so‘zlarga urg‘u berib, ko‘zlarini yumib olib, yuz yillik sarguzashtlarini so‘zlay ketdi. Men momoni tinglash asnosida oila vakillarini asta kuzataman. Bu hangomalar momo tomonidan juda ko‘p takrorlangani uchun ba’zi oila vakillari zerikib bir-birlariga boshqa narsalar haqida shivirlab qo‘yishadi. Biz o‘tirgan uyga tashqaridagi o‘choq yaqinroq edi, shekilli, viqirlab qumg‘on qaynagani deyiladi. Bu orada yosh kelinchaklar hammaga mastava tashib bo‘lgach, mendan iymanishdi shekilli, boshqa xonada bemalol o‘tirish uchun o‘zlari ichadigan mastavalarini olib, bola-baqralarini yetaklab qo‘shni xonaga chiqib ketishdi. Bu katta dasturxonga qiziqqan ba’zi bolalar xarxasha ham qilib qo‘yishdi. Katta onalardan kimdir “To‘g‘ri qildinglar. Narigi xonaga chiqa qolinglar. Emasa bu zumrashalar gapni gapga qo‘shmaydi. Boshing ham aylanib ketadi” deb qo‘ydi. Shu orada duvaralardan bo‘lsa kerak, bir bolakay dasturxonning har yeriga sochib qo‘yilgan pechak qandlardan biriga, qo‘l cho‘zdi. Shu payt uning onasi bolaning qo‘liga ohista shapatiladi. Qarasam, bolaning qovog‘i osilib, lab-lunji yig‘lashga tayyorgarlik ko‘rayotganday cho‘chchayayotgan edi, darrov bir juft pechak qandni qo‘liga tutqazib qo‘ydim. Onasi esa bolaning qo‘lidan tortqilab, yetaklab qo‘shni xonaga olib chiqib ketdi. Momo esa tarixini gapirib bera boshladi:
– O‘rik gullagan payti otam rahmatlik sallasini peshini tushirib olib qiblaga qarab namoz o‘qiyotgandi, shu payt bobongni uyidan sovchi bo‘p kelishdi...
– Shoshmang momo, qizlik paytingizdan boshlang! – dedi jilmayib Sulaymon otaning o‘g‘li, Habibning otasi – Rahmon aka.
– San jim tur! – deb dakki berdi Sulaymon ota. – Ha, keginchi?! – deb Momoga qaradi. Momo xuddi kechagi voqeani aytganday gapida davom etdi:
– Bobong minan huv eski bog‘imizda tanishganmiz. Jundor ola sigirimiz boridi. Buvixalfa minan sigirimizni junini to‘pladik. Taroq minan mundoq- mundoq qilib tarab-tarab dumaloqlayversa to‘p bo‘ladi. Buvixalfa minan bir-birimizga to‘p otib o‘ynayapsak, bobong o‘g‘riga o‘xshab bog‘imizga kirib, bizni tomosha qilgan ekan... Bilmay qopman... bo‘yim yetib qolganakan-da. Rosa talash bo‘lganman. Uyimizdan sovchilarni qadami arimay qolgan. Anavi Ergash o‘rtog‘ingni ota­siyam sovchi qo‘ygan. Lokin onam rahmatlik “Bo‘zchida baraka bo‘lmaydi, qizimni bo‘zchini bolasiga bermayman!” deganlar. Keyin bobongdan sovchi bo‘p kelishgan. Mandan so‘rashganida indamaganman. Qiz bola sukuti “Xo‘p, roziman” deganida! Onam “Bu oila ja boy, bizni oyog‘i minan ko‘rsatadi, o‘zimiz tengiga beramiz!” deb diydiyo qilganlar. Otam rahmatlik qattiqqo‘l edilar. Otam onamga “Lafz berib qo‘ydim! Ishingni qil!” deb bir do‘qlab berganlar...
– Oling, bolam, bo‘g‘irsoqlardan olib o‘tiring! – deb momoning gapini bo‘lib qo‘ydi chevara kelin, Habibning onasi menga manzirat ko‘rsatib. Momo esa ko‘zini yumib olib hikoyasida davom etardi.
– Qiz bola palahmon toshida. Qayga otilsa o‘sha yoqqa tushib, bir umr o‘zidan tinib-tinchib ketadi. Bobong har turlik ishni boshini ushladi. Bazzozlik qildi, ko‘nchilik qildi, eski hovlini olti tanob yerga almashtirib dehqonchilik qildi. Bundan tashqariyam yerimiz ko‘pidi. Bobongni qo‘li barakalik-da.
Momo har safar eri haqida gapirganda tizzasini yopib turgan eski choponni mahkam ushlab, badanining yuqori qismiga tortib-tortib qo‘yadi. Bu xuddi shu choponga o‘ranishni istayotganday tasavvur tug‘diradi.
– Keyin bizni yangi ukumat “Boysan!” deb ko‘­chirvordi. Bog‘imiz, yerimiz shundoq qolib ketdi. Yangi ukumat yerimizni, hovlimizni xatlab olib qo‘ydi. O‘sha voqti zab odamla bo‘lganakan-da. Yerimizni, hovlimizni mahalladagilarga bersayam bobongni hurmatidan hech kim olib ishlatmagan. Shundoqlig‘icha ancha yotgan. Axiyri hovlimizni buzib, yerimizni kengaytirib kalxozga bervorgan. Keyin bizni “Boysan!” deb ko‘chirvordi. Bizni qozoqqa, Qarag‘andaga ko‘chirishgan. Bobong ko‘nchilik qildi, ot boqdi, o‘sha yerlik qozoqlarga dehqonchilikni o‘rgatdi. Keyin bir pasda boyib ketdik. Bobongni qo‘li barakali-da! Momo bu safar ham erining choponini tizzasiga yaxshilab yopdi. Keyin ukumat o‘zing minan tilla olib kelgansanlar deb, hamma yerimizni obis qilib, tekshirib, otlarimizni, sigirlarimizni olib qo‘ygan. Keyin uyoqdanam ko‘chirvordi. Qora qirg‘iz tomonga. Qo‘y, sigir, tovuq qildik. Dehqonchilik qildik. Undan keyin O‘shga qarashlik Toshko‘mirga jo‘natishgan. Qayga ko‘chirgan bo‘lsa ship-shiydon bo‘lib ko‘chib borganmiz. Idishlarimni olishgayam ulgurmasdim. Mani qalinimga qo‘shilgan qaynanamni mis lagani bo‘lardi. Qayga ko‘ch­sak shuni olvolardim. Bobong yaxshi ko‘rardi-da. Tosh­ko‘mirgayam olvolganman.
Gap shu yerga kelganda Habib qulog‘imga shivirladi: “O‘sha mis lagan yo‘qolgan. Momom bilib qolmasin, deb aytmaymiz...”
– Lokin bobong u yerda shopirlik qilib, ko‘p pul topgan, – deya onaxon ko‘zini yumib olib hikoyasida davom etayotgan edi: – Sheriklari ishni tugatib bo‘lgach, yashirincha o‘z­lariga ajratilgan benzinni, salarkani to‘kib tashlarkan. Benzinni to‘kmasa, boshlig‘i baking to‘la turibdi, demak ishlamagansan deb so‘karkan. Bobong bo‘lsa benzinini to‘kishga ko‘zi qiymay yarim kechagacha odamlarni xizmatini qilib ko‘p pul topib kelardi. Shunaqa qib boyib qolaverganmiz-da, boyib...
– Hadicha! Huvv Hadicha, oshni tagini qarab qo‘­yinglar! – deb yana momoning gapini bo‘lib, Ha­bibning onasi qo‘shni xonaga qaradi. Ichkari xona ochilib bir kelinchak shoshilganicha chiqib tashqaridagi o‘choq tomon ketdi. Xola yana menga yuzlanib “Oling, bolam, olib o‘tiring!” dedi.
Momo chalg‘ib, tuyqus hikoyasini tag‘in boshidan bosh­ladi.
– Otam sallasini peshini tushirvolib qiblaga qarab namoz o‘qiyotgan payt bobongni uyidan sovchi kelgan. Anavi Ergash o‘rtog‘ingni otasidan sovchi kelganida onam rahmatlik “Bo‘zchida baraka bo‘lmaydi, qizimni bo‘zchini bolasiga bermayman!” deganlar...
– Momo, chalg‘ib ketdingiz! Boyib qolaver­gan­sizlar! Keyin-chi? – deb baqirdi Rahmon aka.
– Nima deydi? – yaxshi eshitolmay momo qulo­g‘idagi ro‘molni ochib Sulaymon otaga tutdi. Bu safar Sulaymon ota baland ovozda tushuntirdi.
– Qirg‘izcha irdab bering, deydi.
– Qo‘y, tomog‘im og‘rib qoladi.
– Ozgina irdang.
– Xo‘p, xo‘p, – deb Momo tomog‘ini bir qirib olib, irdashni boshladi
Irda deseng, irdayin,
Jerg‘a qarab turbayin,
Manas, Manas mano‘g‘li,
Manas otg‘a qo‘ng‘oni.
Xi, I-i-i-i, Xi, I-i-i-i...
Momo tomog‘ini erkaklardek xirillatib ancha irdadi. To‘g‘risi, Momodan bu eshitganlarimning ham­masini quvvayi hofizamga joylolmadim. Bu uzundan uzun dostonning o‘rtasidan va oxiridan bir-ikkita baytni eslab qoldim.
Quvdab kegen apchasin
Bashini suvg‘a tiq dedi.
Quvdab kegen jengesin
Bashini qumg‘a tiq dedi.
Xi, I-i-i-i, Xi, I-i-i-i...
Momo irdab bo‘lgandan keyin yana xotirasi pand berib, boshqa voqealarga o‘tib ketdi. U hasrat va ginaxonlik qilib, qanaqadir Gulbuvi ismini ko‘p yodga oldi. Masalan, “Qoraqozonim yog‘ ko‘rsin deb nimalar qilmadik, Gulbuvi! Erdan kuygan bitta sanmi Gulbuvi?! Ular odammas, betida tuki bor-da, Gulbuvi!..”
– Manavi mastavadan bobongga olib qo‘ydingmi?! deya Momo g‘alati so‘z qotdi:
Bu gapni eshitib hamma oila a’zolari ko‘zini olib qochib g‘imirlab qo‘yishdi. Men “Yana qanaqa bobo?!” deb Habibdan ohista so‘radim. O‘z navbatida Habib mening qulog‘imga pichirladi: “Ba’zida momom yigirma yil avval o‘lib ketgan erlarini, oppoq bobom hamon tirik deb gumon qilib har xil gaplarni gapiradilar. E’tibor qilma. Agar birov momomga oppoq bobomni o‘lgan desa, yig‘lab-yig‘lab kasal bo‘p qoladilar. Shuning uchun hamma jim. Sulaymon bobom boshlarini sarak-sarak qilib yerga qarab qo‘yishlari “Momom bilmasin!” degan ishora bo‘ladi. Ana qara, boshlarini qimirlatib qo‘ydilar.”
Momoning so‘zini to‘g‘rilab, aniqrog‘i chalg‘itib, yana Sulaymon ota voqealarni mantiqiy tizimga solib yubordi.
– Bizni Toshko‘mirga surgun qildi dedingiz! Bobom yaxshi pul topganakan, benzinini uvol qilmay. Keyin-chi?
– Ha Toshko‘mirga ko‘chirgan-da... Bobongni jah­li tez-da. U yerda birovni urib qo‘ydi. U Tosh­ko‘mirdagi partkomga arz qilib bobongni “Boy!” dedi. Keyin yana tekshir- tekshir bo‘ldi. Keyin “Kavantir, quloqsan!” deb bizni Turkmanistonni Doshovuziga ko‘chirishdi. Tovba, Doshovuzdagi ko‘p odamlar umuman dehqonchilikni bilmasakan. Somonni yilqi qoraga berishniyam bilmasakan. Somonni shundoq yoqib yuborisharkan. Biz somonni to‘plab, qishda sigirlarga tert-somon qilib ustiga kunjara sepib berardik. Yana to‘kin, to‘kis bo‘ldik... Rahmatlik Zebixonga o‘sha yerda yuklik bo‘ldim... Bobongni g‘o‘nonligidan boqqan oti bor... Hah o‘lsin... Bobong u yerda bir marjaga ilashib qoldi. Bobong uni otida olib qochib kelgan. Bobong meni o‘sha Rayhon megajin minan kundosh qilib bir tomda saqlamoqchi bo‘ldi... Man bu minan bitta tomda yashamayman, deb Rayhonni yaxshilab chochini yuldim. Bobong minan rossa urishdik. Ol, choponingni!... – Momo shunday deb yigirma yil avval o‘lib ketgan erining uvadasi chiqqan choponini zarda bilan tizzasidan surib, irg‘itib tashladi. Momo xuddi yosh boladay araz qilib labini chuchchaytirdi. Hamma kulimsiradi, lekin tabassum va jilmayishlarini Momodan yashirishga urinishdi.
– Rahmon ota go‘yo hayron bo‘lganday so‘radi.
– Hah, momo, bobom Rayhonni Ko‘lobda otida olib qochgan degandingiz-ku!
– Uni momo dema, sani momongmas!
– Xo‘p, xo‘p, mani momommas. Hah, o‘shani bobom Ko‘lobda otida olib qochgan degandingiz-ku!
– Ha, shunaqa Ko‘lobda olib qochgan.
– Hah, siz bizga Doshovuzdagi voqealarni gapirayotgandingiz, bir pasda Ko‘lobga o‘tib ketdingiz!
– Doshovuzdan bizni keyin Ko‘lobga ko‘chirishdi-da! Boyib qoluvdik, bolam, boyib qoluvdik. Ko‘lobda bobongni Xurram degan bir o‘rtog‘i bo‘lgich edi. To biz uy qurgunimizcha o‘sha tojik o‘rtog‘i eski hovlisini bizga berib turdi. Xotini Gulbuviyam yaxshi juvon... Tavba... ming marta tavba...
– Ha, momo?
– Ko‘lobliklar qurut qilishni bilmasakan. - deb Momo ro‘molini og‘ziga tutib, silkinib kuldi. Bu kulguga hamma qo‘shildi. Aniqrog‘i, barcha Momoning kulishiga qarab kulishdi. Keyin Momo kulib bo‘lgach, ko‘z yoshlarini ro‘molining uchiga artib so‘z boshladi. - Bobongni haligi o‘rtog‘i bor-ku, o‘shani zavjasi Gulbuviga qurut qilishni o‘rgatganman. Kuvida saryoq, durda qilishni o‘rgatganman. Bizdagi chevatini Gulbuvi chapoti, lochira derdi. Gulbuvi tili shirin, pazanda juvon. U bilan o‘sha qishloqdagi bir to‘yga borganmiz. To‘yda kechagi G‘ayratning nevarasiga kelgandaqa artislar bo‘lmasdi. Kim qo‘shiq aytishni bilsa, o‘rtaga chiqib aytib berardi, hamma “Do‘st”, “Hah” deb baqirib turgich edi. Qalandar shoirlar ham kelib qolardi. O‘sha to‘y qilgan tojikni oti Abdurahmon sudxo‘r bo‘lib, nav­juvon, ona suti og‘zidan ketmagan o‘n uch yashar qizini ukumatdan yashirincha katta qalin evaziga yog‘furush bir qari boyga ikkinchi xotin qilib berayotgan edi. To‘yda Abdurahmon sudxo‘r g‘o‘ddayib turib qani mani haqimda kim she’r aytadi degan. Mana, mundoq g‘o‘ddayib shunaqa degan. Hmm. Shunday degan, bir qalandar devona shoir o‘rtaga kirib kelib, tojikchalab man qo‘shiq aytaman deb qoldi. Hamma o‘rtani ochib qo‘ydi. Keyin u baland ovozda:

Abdurahmoni sudxo‘r
Nafsi kalonat ba go‘r
Duxtarta dode ba shavxar

Guftiki nonxo‘r kam shavad...desa bo‘ladimi. Hammayoq muzdek bo‘lib ketdi. Bir pasda to‘y azaga aylanib ketay dedi. Ana to‘polon. Abdurahmon sudxo‘r o‘sha bechora shoirni rossa urib haydagan. Shoirni she’ri ta’sir qilib hamma to‘yni tashlab ketgan. Hmm. Bu she’rni hammasi esimda yo‘q. Bu she’rni ma’nosi shunaqa. Abdurahmon otli sudxo‘r hali norasida qizini bitta nonxo‘r kamaysin deb bir qari cholga turmushga bervoryapti. Ey xaloyiq, ko‘zingni och! Nima qilasan, bu to‘yga kelib, degan. Hmm. O‘sha payti shunaqa rostgo‘y shoirlar bo‘lgich edi. Bir noto‘g‘ri harakat qilsang shunaqa shoir yo‘lingdan chiqib qolsa she’r aytib sanga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgich edi...
Momoning gapi shu joyga kelganida tashqaridan etikning to‘pillagani va qandaydir eski qo‘shiqni xirgoyi qilgan erkak ovozi eshitildi. Habib menga past ovozda “Obbo, G‘ayrat amakim qo‘shiq aytib kelishiga qaraganda kayfi taroq bo‘lsa kerak” dedi. Chindan eshik ham chayqalib, mastona ochilib G‘ayrat amaki kirib keldi. Hamma yoshlar uning istiqboliga o‘rnilaridan turib ko‘risha boshladi. Men ham o‘rnimdan turayotganimda Habib yelkamdan tortib, qulog‘imga shivirladi: “Momomning harakatlarini qaragin, qara, qara!..” Momo G‘ayrat amaki bilan ovora bo‘lib hech kim unga qaramayotganiga ishonch hosil qilgach, boyagi otib yuborgan choponni xuddi yosh bola o‘rtog‘ining o‘yinchog‘ini o‘g‘irlaganday, mug‘ombirona harakat bilan pastki labini tishlab, asta-sekin tizzasiga tortib oyoqlarini yopa boshladi...
G‘ayrat amakiga qo‘l uzatgandim, u meni quchoqlab: “Ha qarindosh, qarindoshlik shumi, sani ko‘rmaganimga yigirma qovun pishig‘idan o‘tdi-ya” deb belimni og‘ritib mahkam siqdi. Uning og‘zidan aroq hidi gupillab kelib turibdi. G‘ayrat amakining mastligidan hamma kattalarning yuzi tundlashib, jahllari chiqa boshladi. U hamma bilan ko‘rishib bo‘lgach, o‘rnidan turmagan va turolmagan kattalarning yelkalariga bir-bir qo‘lini bosib chiqib, Momoga yaqinlashdi. Momo esa uni tanib, bezovtalana boshladi.
– Qoch, qoch, soqoling sanchiladi! – deb Momo ro‘­moli bilan betini yashirishga urindi. G‘ayrat amaki parvo qilmay ro‘molni ochib yuzini Momoning yuziga ishqay boshladi.
– Bo‘ldi, qiynama! O‘t bu yoqqa! – deb dashnom berdi Sulaymon ota.
– G‘ayyat, mehmo bo! Bas qi! – deb nihoyat ovozi qaltirab zo‘rg‘a tilga kirdi Dalli bobo.
– Hah, bu mehmon, o‘zimizni mehmon, – deb G‘ayrat amaki Momoni quchog‘idan bo‘shatib joy qidira boshladi. Uni Momoga yaqinroq joylashtirmaslik maqsadida Sulaymon ota ham, Dalli bobo ham yonlaridan joy bermadilar. G‘ayrat amaki Rahmon akaning yoniga o‘tirib qo‘lini fotihaga ochdi. Fotiha tortildi. G‘ayrat amaki Rahmon akaning ukasi bo‘ladi. Habib yana qulog‘imga shivirladi: “Qarab tur, hozir G‘ayrat amakim mahkamaga tortiladi”.
– San nima ish qilib yuribsan? Uyalmaysanmi, yoshing bir joydagi, nevarali odam aroq ichib gan­dirak­lab yurgani? – dedi gapini salmoqlab Sulaymon ota.
– Hah, bugun bayram-ku, ota!
– To‘g‘ri bayram! Lokin qanaqa bayram? Ha, arafa ichadigan bayrammas. Hah, noinsof, arafa muqaddas kun! Shundoq kunda ichasanmi?!
– ...
– Qaysi go‘sxo‘r minnan ichding?
– Hah, Yo‘ldoshni bir erigisi kelganakan...
– Yana Yo‘ldosh ichirdimi? U birovga shunchaki ichiradigan odammas. Sanga ichirib bo‘lib, suv navbatingni yarim kunga berib tur, yarim kun kartoshkamni sug‘orvolay degan, shundog‘mi? G‘ayrat amaki Sulaymon otaning taxmin-tusmolini tasdiqlab, boshini xam qilib “ha” ishorasini qildi.
– Yo‘ldosh sandaqalarni daryoga obborib sug‘ormay qaytarib keladiganlardan. O‘zingni kartoshkang, ekinlaring qaqrab, suv so‘rab turganida suv navbatingni ochopat nafsing uchun, bitta aroq uchun bervordingmi? Qanaqa fermersan? A? Endi sanga qachon navbat tegadi, bilasanmi? O‘g‘lingchalik aqling yo‘q sani!.. Bor narsaniyam yo‘q qilasan! Bo‘ldi, Dehqonobodga o‘g‘ling chiqadi. San o‘zingni hovlingdagi ishlarni qilaver, – deb Sulaymon ota G‘ayrat amakini urishib bo‘lib yonimdagi G‘ayrat amakining o‘g‘li G‘ofurga qaradi:
– San ertaga Dehqonobodga borib, otangni xatosini tuzatib qayt! Ertaga hayit-ku, o‘qishing yo‘q, to‘g‘rimi, bolam?.. Ertagayoq chiqib, suvni ekinlarga burgach, anavi Ahmadaliga yaxshilab tayinlab qo‘y, suv dahanini poylab yotsin! Artizon bitta Yo‘ldoshnikimas, ham­maniki, hammani haqi bor!..
Bu gaplardan so‘ng ancha sukunat bo‘ldi. Men Habib bilan shivirlashib, bu katta oila faqat bayramda emas, balki har kuni shunday jamlanishlarini bilib oldim. Yosh kelinlar shakarob, ya’ni osh bilan qo‘shib yeyiladigan hazmi taom – pomidor-bodring­lar qirqilgan likoblarni tashiy boshlaganlaridan bildimki, hozir palov tortiladi. Osh solindi, “oling-oling” degan so‘zlardan va yana G‘ayrat amakining Momoga erkalanishlaridan tashqari biror gap gapirilmadi, jimgina yedik. Osh yeb bo‘lingach, bu sukunatni yana Sulaymon otaning o‘zi buzib, o‘rtadagi g‘ilu g‘ashlikni yo‘qotish uchun Momoga yuzlandi:
– Momo, Doshovuzda o‘rgangan turkmancha qo‘shiq­laringiz bo‘lgichidi-ku, shulardan aytib bering, meh­mon zerikib qoldi.
Momo eshitdim deganday bo‘lib boshini sarak-sarak qildi va biroz sukutga toldi. So‘ng bir narsalarni eslaganday bo‘lib xirgoyi qilishga tayyorlandi:
– Maxtumqulidan bor, Maxtumqulidan. Durdi shoir minan aytishuvi boru esimga kemayapti-da...
– Ha, unda Maxtumqulini o‘zidan ayting.
– Boshi nimaydi, ha, bibilim.

Bibilim, ohi-zor chakip,
Toza gulzordan oyrildim.
Go‘zdan qonli yoshim do‘kup,
Vu savar yordon oyrildim.
Yoro yoroshor uch mucha,
Sipotin so‘ylaram ancha.
Lavi shakar, ovzi g‘uncha,
Zulpi qorodon oyrildim...

Men yana bir qur bu keng uyni kuzatdim. Bir chetda zamonaviy rusumdagi katta yapaloq ekranli televizor turibdi. Negadir televizor ustiga yopinchiq yopib qo‘yibdilar. To‘g‘ri, Momoning o‘zi televizorday gap, deb o‘yladim. Yoshu qari birday tikiladigan Momo turganda kim ham televizor qo‘yardi... Momo esa hamon kuylamoqda:

Maxtumquli oshiq maston,
Boyladim shanina doston.
Manzilgohi bog‘u bo‘ston,
Olmoli yordon oyrildim...

Tavba, bu katta oila ba’zi sirlarni Momodan yashirar ekanlar. Masalan, Momoning qaynonasidan qolgan mis lagan yo‘qolganini, eri, ya’ni Oppoq bobo bundan yigirma yil avval o‘lib ketganini, yana bir qadrdon sopol ko‘za singanini, qaysidir qarindoshlari vafot topganini, G‘ayrat amakining yana bir xotini borligini... Boya aytganimday, bular haqida gap ochiladigan bo‘lsa, Sulaymon ota yerga qarab boshini sarak-sarak qiladi. Bu “Momom bilmasin!” degan gapidir.
Momoga osh o‘rniga hazmi yengilroq taom berildi. Ovqatlanish payti Momoni hech kim savolga tutmagani uchun qayluqa, ya’ni “qush uyqu” qilib biroz ko‘zi yumilib pinakka ketdi. Keyin bir cho‘chib tushib o‘ziga gapirganday dedi: “Bir pasda tush ko‘ribman, degin. Tavba, bobong otam bilan huv eski hovlimizda menga qarab ariqdan o‘tishimni kutib turishibdi. Sakrayman deb uyg‘onib ketdim. Tavba otam rahmatlik o‘tib ketganlar-u, bobong nima qiladi u yerda?! Tavba... Xosiyat! Xosiyat qani? Xosiyatga aytinglar, bobosini ko‘ylagini yuvib qo‘ysin, ertaga bayram!..”
Osh yeyilayotgan payt G‘ayrat amaki “Soqolimni sanchaman,” deb Momoni bir necha marta qo‘rqitdi. Shu orada ichkari xonadan boya qo‘liga parvarda qand tut­qazib qo‘yganim – bolakay chiqib keldi. G‘ayrat amaki unga bir-ikki hazil qildi. Keyin “Kel, momongni og‘zi­dan yangi tish o‘sib chiqqan, ko‘rsataman!” dedi. Sulaymon ota G‘ayrat amakiga qarab, tomoq qirib, boshini zam­zama ohangda eniga qimirlatib “Yo‘q!” ishorasini qil­di. Sulaymon ota gap o‘zanini qanchalik qo‘shiq va o‘lan­ga burmasin, yana Momoning esiga kundoshi tushib qoldi:
– Bu xonaga bobong kirmasin! Etiginiyam tash­qariga qo‘y! O‘sha etigini tozalama! Rayhon megajinni uyini changini ko‘tarib kelgan etik obrezda, ostonada turmasin! O‘sha Rayhonni ko‘ray, chochini yulaman! Ol, choponingni!.. – deb Momo yana o‘ttiz-yigirma yildan beri erining titilib, to‘kilib bo‘lay degan choponini otib yubordi. Momo xuddi dugonalariga gapirayotganday labini burib, hasrat qilib qoldi: – Nima bo‘lsayam bu erkak zoti qursin, bular odammas, Gulbuvi! Betida tuki bor-da, betida tuki bor! Betida tuki borki odammas Gulbuvi. Betida tuki bordan qo‘rqish kerak, Gulbuvi!..
Sulaymon ota Momoni chalg‘itib, boshqa qiziqarli sarguzashtlarni so‘radi. Momo ham yosh boladay aldanib, tarixining boshqa puchmoqlariga kirib ketdi...
Yoshlar ham, kattalar ham bir-bir esnab qo‘­yish­moqda. Vaqt allamahal bo‘ldi. Ketgim kelmasa-da men ruxsat so‘rab fotihaga qo‘l ochdim. Fotiha qilingach, o‘rnimdan turdim. Meni kuzatish uchun ko‘pchilik o‘r­nidan turdi. Shu payt Momoga qarasam, yana boya otib yuborgan eski choponni “o‘g‘rincha”, pastki labini tishlab olib, mug‘ombirona harakat bilan tizzasiga yopa boshladi...
Men shu tariqa, arafa kuni, yarim kecha, esimni taniganimdan beri xonadonini hech yo‘qlamaganim, do‘stim va yaqin qarindoshim Habibning uyidan ularni bot-bot yo‘qlab turishni niyat qilib qaytdim. Bu hovlidan chiqib ketayotganimda meni kuzatishga chiqqanlar xayr-xo‘shlashishgach, nima haqdadir o‘zaro gaplashib bo‘lib, bittasi “Momom bilmasin!” deb qo‘ydi. Uzoqroqqa yetganim uchun eshitolmadim, nimani nazarda tutganlari menga qorong‘u edi...

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 2-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.