OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Bulut to‘sgan oy (hikoya)

To‘xtasin og‘aga bag‘ishlayman.


1

Yomg‘ir shunday kuch bilan quya boshladiki, bekat ayvonida turishning iloji qolmadi. Buning ustiga, g‘uvillab shamol esar, yomg‘irni bukib-qayirib ayvon ostiga ham urar ediki, ustunlar orqasiga yashirinish ham foyda bermadi. Men plashning yoqasini ko‘tarib, shlyapa gardishini pasaytirib, restoranga qarab chopdim. Restoranga kiraverishdagi ayvoncha ostida ham yomg‘irdan qochganlar ko‘p edi. «Ke, shamollab-netib qolmayin. Baribir kechki ovqatga yetolmayman», deb oynavand, zalvorli eshikni ochib, ichkariga kirdim. Tabiiy, dimog‘imga ichimlik, sigaret hidi urildi, qulo-g‘imga jazavali g‘arb musiqasi eshitildi. Men shlyapamni silkitib, yoqamni tushirib, ustki kiyimlarimni olib qoladigan kishi tomon borayotgan edim, shundoq ro‘paramdan — aftidan, qo‘lyuvgich xonadan chiqib kelishayotgan novcha, norg‘ul yigit bilan etagi yerga tekkudek uzun, qora barqut ko‘ylakli juvonga ko‘zim tushdi.
Yigit... menga tanish, hatto «aka» darajasidagi qadrdonim. Tavakkal edi. Egnida to‘yga kiyib borsa arziydigan tim qora kostyum-shim, oyog‘ida poshnasi baland, uchli tufli (shuning uchun bo‘yi tag‘in ham baland ko‘rinar), hiyla siyraklashib qolgan jingalak sochlari yaltirar (nam qo‘li bilan siypagan bo‘lsa kerak), tilla tishlari yarqiragancha kulib kelar, juvonning tirsagidan tutish yoxud unga biron dildorlik ko‘rsatish, chamasi, xayoliga kelmas, juvon esa, boshini xiyol egib va kulimsirab kelardi.
Men teskari qaramoqchi bo‘ldim-u, ulgurolmadim.
— O’, pisatel! — deb baqirib yubordi Tavakkal. Men tabassum qilib, chetlandim. U keliboq, meni bag‘riga oldi, o‘pishdik. Og‘zidan aroq hidi kelar, yuzi shishinqiragan, ko‘zlari g‘iltillar edi.
— Bu kishi — bizning zemlyak! — deb ayolga qaradi «zemlyag»im, keyin uni unutgandek, menga tikilib, davom etdi: — Qalay endi? Kelin yaxshim-a? Kichkinalar ko‘payib qoldim-a?.. Ko‘rinishingiz durust. Klass! Ey, bu odam — yaxshi yozuvchi! — dedi yana ayolga ko‘zi tushib. — Mening yurtdoshim!
Men ham ayolga qaradim, u siniqqina kulimsirab bosh irg‘adi. Kaminayam bosh irg‘adi. Shunda Tavakkal:
— E, tanishmaysizlarmi? — deb kuldi. — Bu kishi bizning xonim. Otingiz... nimaydi?
— Guli, — dedi juvon (uning qizarib ketganini taxmin kildim), — Gulsara.
— A-aa, Gulsara, Gulsara, — deb tag‘in baralla kuldi Tavakkal. — Qani, zalga marhamat, Quvvatjon!
Men ust-boshimga ishora qilgan bo‘lib:
— Shunchaki kiruvdim, yomg‘irdan qochib, — dedim. — Dachaga ketishim kerak.
— Dachaga? O’-o‘, o‘zimiz oborib qo‘yamiz!.. Qani, plashti yeching! Ho‘, shveysar, baqa qara! — Tavakkal shlyapamni oldi. Men noiloj yomg‘irpo‘shimni yecha boshladim. — Obbo, Quvvatjon-e, uchrashganimizni qarang. Xudo bor... Qarshidan jo‘nayotganimda sizni eslab edim. Chestni aytaman...
— Men ham sizni eslab turaman, — dedim.
— Yolg‘on! Bitta telefon qilmaysiz. Qarshining chegarasidan o‘tib ketasiz.
— Yakin-orada yurtga borganim ham yo‘q.
— Men kecha keldim. Geyalogiya vazirligiga chaqirishgan edi... Ey, Gulsara, Mustaqillikkacha o‘zimizda geyalogiya ministrligi yo‘q ekan! Bor-u, Moskovga bo‘ysunar ekan. O’zbekistonga bo‘ysunmas ekan. Vey, qistaloqlar-e.
— Haliyam karerdamisiz? — deb so‘radim, shunchaki gap-gapga qovushsin uchun.
— Ha-a, —deya yana oltin tishlarini yaraqlatib kuldi. — Kattasi bo‘p ketdik marmar karerining... — U plashni ham shveytsarga berdi-da, kiftimdan olib, ikkinchi qavatga o‘rlagan zinapoyaga boshladi. — Gul, Gul-sara, ortda qolmang... E, siz oldinga o‘ting! O’ting, xonim. Ayol og‘rinib to‘xtadi.
— Yuraversangiz-chi.
— Shundaymi? Mayli. — U kulib qo‘yib, ikki zinapoyani bitta qilib bosdi. — Ishlarim avj, ukaboy. Marmar qimmat bo‘p ketdi. Ha-ha-ha. Kroshkasi — kapeyka edi.

2

Ularning stoli o‘ng tomondagi oyna-devor ostida, zal baralla ko‘rinadigan joyda ekan. Dasturxon to‘kin, stol chetida — vazada lola ham bor ekan.
Men stolning beri yog‘idagi pichog‘-u sanchqisi ishlatilmagan joyga o‘tira qoldim. Bilaman, ular bu joyga nisbatan to‘rga, ya’ni, stolning u yog‘iga o‘tkazmoqchi bo‘lishadi. Haqiqatan ham shunday harakatlar qilib, natija chiqarisholmagach, ayol o‘z joyiga — oynaga yaqin kursiga, Tavakkal uning yoniga o‘tirib:
— Xo‘p, yigit o‘lmaylik, balo ko‘rmaylik, — deya ishshaygancha fotiha o‘qivordi-da, birdan o‘ng-u so‘liga qarab, xuddiki to‘yxona bakovulidek baqirib yubordi:— O’y, apisanka! O’-o‘, jonidan, baqa bir kel. Davay, zajivo... Nakroy! Eto — moy gost! Nima dedingiz, xonim?
Xonim qisinib, yelkasini qisdi. Men esam (chin ko‘ngildan):
— Shu bo‘ladi-ku, — dedim. — E, alomat yigitsiz-da, Tavakkal aka.
— Mendan nima ketyapti? — xaxolab kuldi u. — Ikki moshin kroshka, xolos! Otamdan qolgan bo‘lmasa... To‘g‘ri, lekin Temur bobomdan qolgan. — Keyin jiddiy tortib, davom etdi: — Ey, Quvvatjon, o‘zimizdagi marmar konlarining to‘qson poyizi Temur bobo zamonida ochilgan ekan. — Keyin yana kuldi. — Hozir bo‘lsa, shundoq, yo‘lning yoqasiga bir ketmon uring, qars etib marmarga tegadi. Ochilib yotibdi-e.
Gulsara «qoyil» deganday boshini saraklatdi. Men ham qoshlarimni ko‘tarib:
— Zo‘r, zo‘r, — dedim.
— Gulsara, borasizmi? — Tavakkal, aftidan ilgari boshlangan suhbatni davom ettirib, so‘radi: — Xo‘p deng, xonim... Bir aylantiray! Taxtaqorachaga opchiqaman! Qalamqosh gullar ochilib yotshggi! Sapsarga o‘xshaydi-yu, kichkina... — Keyin menga qarab, bemalol kuldi. — Bular bilmaydi, shaharlik-da... Da, kechirasiz, bivshiy qishloqisiz! Turkiston ham qishloq-da endi, Toshkanga nisbatan? Shu-shu... O’x, malades, marja xonim! — U stolni tozalayotgan ofitsiant juvonning belidan ushlab qo‘ydi. U esa:
— Vsegda mi raln vas obslujivat, — dedi tabassum qilib.
— Tavakkal aka, kelsangiz, faqat shu mehmonxonaga qo‘nasizmi? — deb so‘radim yana yo‘liga.
— Ha. Bu yer — markaz, — dedi Tavakkal. — Bechoralar yaxshi kutib olishadi. Besh-o‘n so‘m ustiga bersang, bas-da, o‘rtoq yozuvchi... — Keyin yana kuldi-da, o‘ychan tortib so‘radi: — Uy ichlari tinchma, Quvvatjon? Yozgan asarlaringizni o‘qiy olmayapmiz. Ish ko‘p-da, uka. Lekin eshitib turamiz. Men so‘rab turaman, chestni...
— So‘rab turasiz-ku, bu yerga kelganda unutasiz? — deb qoldi xonim.
— O’o‘, biru no‘l, — dedi u. — Lekin shu gal bari-bir sizni topmoqchi edim, Quvvat. Bitta maslahatlik gap chiqib qoldi...
— Marhamat, — dedim.
— Keyin... Pirnisi, konyak! Ladna, pust «Napaliyon!» Slishish? Vot ta-ak...
Men nima qilishni bilmasdan sigaret tutatdim. Endi ikki kishilashib stol tuzayotgan ofitsiantkalardan biri darhol kuldon opkelib qo‘ydi.
Shu payt zalning to‘ridagi sahnada musiqachilar (kirganimizda, dam olishayotgan edi, shekilli) gumbir-gumbir qilib, sozlarini chala ketishdi.
— O-oh, yana boshladi bu ablahlar, — dedi Tavakkal. — Borib tinchitib kelaymi?
— Nega? — dedi Gulsara. — Birovlarga yoqadi, zakaz qilishvotdi-da.
— E-e, Mustaqil bo‘pmizam o‘zbekcha qo‘shiq aytishmaydi bu xumparlar!
— Aytishmasa, chalishar.
— Chaladi, — dedim men ham. — Hechqursa, «Tanovar»ni bilishadi. Tag‘in «Chingizxon» deganiyam bor.
— Temur degani-chi, Temur? — pixillab kuldi Tavakkal. — To‘xtanglar, hozir zakaz qilaman. Adin moment! Bir jinnisini chiqaray shularni. «Chingizxon»ni bilasan, uning dabdalasini chiqargan «Temur»ni bilmaysanmi, deyman.
— Chingizxonnimi yo chingiziylarnimi? — mayingina kulimsirab so‘radi xonim. Sezdimki, bu gapni munozara uchun emas, shunchaki, gapirish uchun aytdi.
O’zi, umuman, bunday joylarda shunaqa gapirish ma’qul. Chunki maqsad o‘zi — ma’nili bema’ni bo‘lsa-da, valakdashib o‘tirish, qolaversa, ichish-da.
— O’-o‘, yana biru no‘l! — dedi Tavakkal. Keyin: — Shtrapni to‘laymiz, — deb kuldi. — Aytmoqchi, Quvvatjon, bu kishini men Qarshiga taklif etayapman. To‘g‘rirog‘i, Shahrisabzga... — Keyin birdan g‘amgin tortib kulimsiradi. — Xotin yo‘q, tug‘ruqxonada ke-etdi, uka. Olti bola bilan qoldim. — Keyin yana kuldi. — E, kun o‘tayapti... U yog‘ini aytsam, men ham qariyb yetimlikda katta bo‘lganman. To‘g‘ri, qarindoshlar ko‘p edi, boboydan meros qolgan mol bor edi... Tak shto, xonim, bemalol kirib borishingiz mumkin uyga... Kimsiz? Marmar konini tekshirishga borgan — revizor! — U yana qah-qah otib kuldi-da, stolni bezab bo‘lgan ofitsiantkaning kiftini silab qo‘ydi. — O’lma, akang ailansin! — So‘ng nimanidir eslagandek birdan buyurdi: — Davay, naley ti sama!
— Konishno, konishno, — dedi u tumbochka ustidan oppoqqina sochiq olib, o‘sha bilan konyak shishasini o‘radi. So‘ng uni ochib, Gulsaraning ryumkasiga engashtirgan edi, u chiyillagan kabi:
— Net-net, — dedi. — Yaj vam skazala?
— Ax, da, izvinite.
Tavakkal xonimga chimirilib bokdi.
— Nimaga konyak ichmaysiz-a?
— Menga to‘g‘ri kelmaydi.
— A-a, mayli... Davay nam konyak! Quvvatjon, bi-ir o‘tiraylik!
— Rahmat.

3

Shundan keyin suhbatimiz sho‘x irmoqning oqish maqomida davom etdi. Irmoq nishablardan tez ensa, o‘rlarga asta ko‘tariladi, cho‘nqirlarni to‘ldirar ekan, sekinlab ham qoladi. Gurungimiz ham shunga o‘xshab, gapga gap ulanib, ammo ravon bir izga tushmasdan davom etarkan, qadah so‘ziga yetganda, konchi do‘stimiz:
— Qani, bir tos ayting, Quvvatjon! Zo‘r bir gap ayting! Biz shuni qoldirmay olaylik! — dedi.
Men xijolat bo‘lib, qadahini (unga yahudiy arog‘idan quyilgan edi) joyida asta aylantirayotgan Gulsaraga qarab oldim, undan uzr so‘ragandek.
Keyin yana qiynalib qoldim: nima deyman, axir? Qurib ketsin bu yozuvchilik ham... Ana shuning uchun ko‘pincha to‘ylarga borishdan ham tiyilaman yoxud borsam ham panada o‘tirib, chiqib ketaman. So‘z berishadi-da, tantanali qilib. Shunda to‘ychi «aka» «yaqining» bo‘lsaki, xo‘p-xo‘p. Aks holda oyog‘ing tortmay, urfni oyoqosti qilmayin, deb kelgan to‘yingni egasida yo‘q sifatlarini ham to‘qib chiqarib aytishga to‘g‘ri keladi.
— Qani, eshitovuz, — dedi Gulsara musiqa tinishi bilan. Va Tavakkal (endi) uning kiftini silab qo‘ydi.
— Sizlarning shunday chiroyli bo‘lib o‘tirishlaringni ko‘rib, xursand bo‘ldim, avvalo shuni aytishim kerak, — dedim. — Tavakkal akani o‘rta hisobda yigirma yillardan buyon bilaman, garchi kam uchrashib tursak-da... Gulsaraxon, bu inson — bir qop yontoq misolidir. Dali-g‘uli, mard. Xullas, Temur bobo yurtining vallamat yigitlaridan...
Tavakkal hazilakam bir quvlik bilan ko‘zlarini do‘laytirib:
— Ana shunaqamiz, xonim, — dedi. — Ayting, Quvvatjon. Sizning yozganlaringizam rost... Yo‘q, chestni aytayapman. Xonim, ko‘proq o‘rischa kitob o‘qigansiz-da, bilmaysiz... Kitoblaridan beraman...
— Ha, endi, baribir «to‘quvchi»miz-da, — dedim men. — Aytmoqchi, o‘ris yozuvchilari ham yaqin-yaqinga-cha, masalan «asarlar» deb emas, «sochinenie» deb aytishardi... Xo‘p, — qadahni sal ko‘tardim. — Ana shu ahilliklaring davom etsin. Xo‘sh, meni dasturxonlaringga taklif etganlaring uchun minnatdorchilik bildirish bilan birga, aytmoqchimanki, mana shu — o‘zaro hurmat, mehr-oqibat oramizdan hech qachon ko‘tarilmasin.
— Voh! — deb yubordi Tavakkal. — Bu tosdan keyin pujerni to‘ldirib ichsayam arziydi!
— Rahmat, — dedi Gulsara menga. Ichib bo‘lib, qazi-qartadan gazak qilganimizdan keyin xonim so‘radi: — Kechirasiz, pisatel aka, o‘ziyiz shunaqa kamtarmisiz yoki kamtar bo‘lib ko‘rinishni yaxshi ko‘rasizmi?
Menga hech kim bunday savol bermagan, qolaversa, bu savolda, harqalay, takabburlik bor edi.
— Xonim, men piesalar ham yozganman, — dedim. — Tabiiyki, o‘sha jarayonda ro‘l o‘ynayman. Aytishlaricha, obrazlarim rostmi-yolg‘onmi — o‘z gaplarini gapirishar emish.
— Tak-tak?
— Qozonda bori cho‘michga chiqadi, deganlaridek, inoningki, men qandoq bo‘lsam, obrazlarim ham shundoq chiqadi, deb o‘ylayman, ya’ni, rosti ham, yolgoni ham o‘ziniki, o‘zligidan kelib chiqqan bo‘ladiki, ularni, jumladan, meni ham riyokor, deb aytish qiyin... — shunday deb, daf’atan toliqqanimni tuydim. Keyin dangaliga ko‘chdim: — Siz qanday tushunsangiz, ixtiyor o‘zingizda.
— Bravo, — dedi u.
— Ha, malades, Quvvatjon, — dedi Tavakkal ham. — Qiziq gaplar... Ey, yana boshlashdi-ku bugi-vugini! Shoshmang, pul to‘lab bo‘lsayam tinchitaman.
— Undan ko‘ra, o‘zbekcha muzika zakaz qila qoling, — dedi Gulsara boyagi tabassumida.
Tavakkal o‘rnidan irg‘ib turdi.
— Yest! — Keyin birdan xonimga tepadan o‘tkir tikilib so‘radi: — O’ynaysizmi?
Gulsara yelkasini qisdi.
— O’-o‘, adin moment! — deb yubordi Tavakkal. — Ana bu boshqa gap! Kecha o‘zim ham sezib edim... Kuxnaga kirib chiqayotganingizda oyoq olishingiz g‘alati bo‘lib ketib edi. «Jigarpora»ni eshitayotganda.
Gulsara boshini egib kuldi. Tavakkal qatorlar ora-sidan lo‘killab yurib, sahna tomonga ketdi.
— Kecha tanishdik okayiz bilan, — dedi Gulsara «akam»ning orqasidan sezilarli faxr bilan qarab olgach. — Mani bezorilardan qutqardilar... — Keyin kulib hamda g‘ijinib, davom etdi: — Shundoq ketivossam, ro‘paramdan ikkita davangi kevotti. Trotuarda edim. To‘g‘ri kelishaverdi. Man chetlanib, yo‘l berdim. O’tishdi-yu, vay, sezmiy qoldim, qo‘lim bir silkindi. Qarasam, sumkam yo‘q. Bittasining qo‘lida, hech narsa ko‘rmaganday ketishvotti. «Hoy, shu kuningdan o‘lganing yaxshimasmi?» deb baqirdim. Chopib borishga qo‘rqaman. — U yana boshini egib kuldi. — Vaysovurdim. «Bo‘yingga qara, iplos! Kelib-kelib xotin ki-shini tunaysanmi?» — Shu payt Tavakkal kaftlarini bir-biriga ishqagan holda qaytib keldi. «Yest, gatop!» deb o‘tirarkan. Gulsaraning oxirgi so‘zlarini eshitganda, birdan tilla tishlarini ko‘rsatib ishshaygancha, uni rag‘batlantirib, bosh irg‘adi. — O’sha paytda ko‘rinib qoldilar... Bu yog‘ini o‘zingiz ayta qoling, — dedi Gulsara.
— Ha, — deya sezilarli mamnuniyat bilan davom etdi Tavakkal. — Taksidan tushib, mehmonxonaga borayotsam... bir ayol kishi pirtavolda qarg‘anayapti. Polvonlar menga yaqinlashib qolgan. — U mazza qilib, ammo yoltondakam kuldi. — Xonimning ovozlari juda-a yoqib ketdi-da!
— Rahmat, — deb qo‘ydi Gulsara.
— Bezbet... Keyin, ukaboy, akangizni bilasiz, yoshlik davrlari esga tushib ketdi. O’zi, ko‘pdan beri qo‘l qichib, qaerga ishqashni bilmay yurgan edim...
Men bosh irg‘adim. Gulsara tag‘in ovozida faxr bilan:
— O, yomon ekanlar bu kishi, — dedi. — Nu, paren... Qaytamga man qo‘rqib qoldim.
— E, xonim, yoshsiz-da, — deb taltaydi Tavakkal. — Undaylarning uchta-to‘rttasiga bas kelolmasak, munday qilib yurmas edik. Bittasi — o‘rismi, tatarmi, bilmayman. Ammo bittasi — o‘zbek edi, ana shundan boshladik.
— Voy, man o‘ldirib qo‘yadilar, deb qo‘rqdim, — deya yana luqma tashladi Gulsara.
— Yo‘-o‘q, — deb tag‘in kuldi konchi. — Och biqiniga uramiz-da... Yo‘g‘asam, tovon to‘lash bor. Xa-xa-xa... Tovon to‘laganmiz ham, a, Quvvatjon?
— Juda, — dedim. — Qimmat to‘lagansiz... — Gulsara eshitishga ishtiyoqi borligini anglatadigan nazar bilan boqdi. — O’zingiz aytib berarsiz, — dedim Tavakkalga.
— He, eski gap u, — dedi Tavakkal. — Keling, eslamaylik!
— Yo‘q, nega endi? — ozorlandi Gulsara.
— Bo‘pti, aytib beraman, — dedi Tavakkal. — Oldin yana bittadan olaylik. Hozir «Tanovar» bo‘ladi... — U uzun qo‘llarini bemalol uzatib, shishalardan quyarkan, men asta so‘radim:
— Keyin nima bo‘ldi? Haligi davangilar bilan... mushtlashuvingiz ?
— E, biz mushtlashmadik. Ularda kuch qayda? Aroq yengib tashlagan alkashlar ekan. Bitta-bitta bilan cho‘ziltirib qo‘ydim. Keyin o‘zbek bolaga: «Sumkani ko‘tar», dedim.
— Ha, bu kishiga qolsa, sumkani ko‘tartirib, uyimga obkirardilar.
— Kechiradilar, xonim.
— «Qo‘ying, yo‘liga ketsin», — dedim.
— Lekin, keyin nomardlik qildingiz-a? — deb chindan ham achinish va xijolatli nigoh bilan unga boqdi Tavakkal. — O’pkalasam arziydi! — degach, yana asliga — sho‘xchanligiga qaytdi. — Meni uylariga taklif qildilar, rahmat. Choy, kofe damlab berdilar,  rahmat, Ammo...
— Tavakkal aka, — dedi Gulsara og‘rinib.
— Yo‘q, to‘g‘risini aytishim kerak-da.
— Xo‘p. Ayting-ayting.
Tavakkal qo‘llarini yozib, juda hayron qolganini bildirdi:
— Yotishga qo‘ymadilar... Men bechora musopirdi. Gastinsaga haydadilar. «Voy, musulmon, tegmayman sizga», deyman. Ishonmaydilar... Shunaqa bo‘ldi, Quvvatjon.
Men bunday gaplarga hayron qolmaslik lozimligini tushunsam-da, uyaldim va Tavakkalning «o‘ziga ishonchi» anchagina oshib ketganini dilimda qayd etdim.
Keyin bu «ochiq gaplar» xonimga qanday ta’sir etganini bilish uchun unga qaradim...
E’tirof etamanki, ilk bor tikilib qaradim. Zero odatim shu: bundoq davralarda yigitlar ayollari bilan o‘tiradimi, boshqa tanish juvonlar bilanmi — erkaklar bilan gaplashardim-u, ayollarning savollariga javob berardim, xolos.
Ammo xotinlarga tikilib qarash... yo‘q. Bu — o‘zbek odatidanmi, tabiiy andishadanmi — bilmayman.
Gulsaraga tikilib qarasam, u qandaydir asabiy, nimanidir kutayotganday, o‘sha kutgani sodir bo‘lsa, shartta turib ketvoradiganga o‘xshardi.
— Qani, oldik-e! — deb yubordi shunda Tavakkal — Mayli, bu yog‘iga xudo poshsho!.. Aytmoqchi, men Gulsara uchun ichaman... Quvvat, siz ham xonim uchun iching. — Nihoyat, iymanib jilmaydi. — Men «nomard» dedim bu kishini. Aslida xursandman, xudo urinsin-a... Zo‘r ayol ekansiz. Chesni aytayapman. Gul, siz uchun!
— Qulluq-qulluq, — dedi u.
Men ham erkin nafas oldim.
— Rahmat sizga, Tavakkal aka, — dedim. — Gulsa-raxon, omon bo‘ling. Bizning yozuvchilar orasida bir gap bor: «Fe’ling o‘zgarmasin», deydilar. Urischasiga: «Nado b?t samim soboy». Shundoq.
— Tushunolmadim, — deb yana yolg‘ondakam ishshaydi Tavakkal. — Akamni ostonadan hatlatmang, demoqchimisiz?
Mendan oldin Gulsara e’tiroz qildi:
— Yo‘g‘-e.
— O, rahmat sizga, — dedim. — O’zi, odatda, buning aksi bo‘ladi.
— Ana! — dedi Tavakkal yana taltayib. — Demak, men indamaygina chiqib ketib, to‘g‘ri ish qilgan ekanman-da?
— Juda, — dedi Gulsara va hammamiz kulib yubordik. Xonimning hurmati uchun o‘rnimizdan turdik. Gul-sara ham o‘rnidan qo‘zg‘aldi-yu, «Tanovar»ga quloq tutib, tek qoldi.
Zal o‘zbekcha gumbir-gumbirga to‘lib, u-bu stoldan, xuddi o‘zlari buyurtma qilgandek o‘zbek yigitlar-u ayollar qo‘zg‘ala boshlagan edi.
Tavakkal shoyon xursand bo‘lib:
— Oldik! Keyin — o‘yin! — deya qadahni shartta bo‘shatdi-da, kursisini orqasiga qitirlatib surib, chetga chikdi. Gulsara idishini labiga tegizib, joyiga qo‘ydi.

4

Gulsarani musiqachilar o‘tirishgan sahnaning pastidagi bo‘sh joyga boradi, deb o‘ylagandim. Chunki, odatda o‘sha yerda o‘yin tushilar, zero stollaridan turishganlar ham o‘sha tomonga borishmoqda edi.
U esa shundoq yonimizda, qatorlar orasida turib oldi-da, eni atigi bir-bir yarim gaz keladigan oralikda birdan shox tashlay ketdi. Xayolimda Mukarram opaning raqsi jonlanib, «undan o‘rgangan», degan fikr keldi.
Biroq dastlabki harakatlaridanoq o‘zicha o‘ynay boshlaganiga iqror bo‘ldim. Ma’lumingiz, «Tano-var»— tantanali, sho‘x, ustiga yana — jo‘shqinlikni talab etadigan va bular jamisining namoyishidan iborat bir kuydirki, buning ifodasi o‘laroq o‘sha mashhur raqqosamizning o‘yinlari mukammal bir namuna sifatida qolgan... Gulsara o‘yin mazmunini o‘zicha talqin qila boshlagan, ya’ni tantanalar ichida g‘amnok va g‘arib bir kimsaning qalbini-da ifodalar, yuziyu lablaridagi siniq tabassum ham bu mazmunga bag‘oyat mos tushmoqda, qora barqut kiygan xonimning raqs etayotgan joyi ham — kutilmagan joy bo‘lgani sababmi — zaldagi nigohlarni o‘ziga qaratmoqda edi.
Ajabo, ba’zan shunday to‘liqib, to‘lg‘anib-to‘lg‘anib aylanib ketardiki, stollardan biriga urilib ketar-a, deb qo‘rqib ham qolardim. Yo‘q, u xuddi shunday tor joyda o‘ynayverib o‘rganib ketgandek edi. Asta-sekin zalda chapak chalina boshladi. Keyin raqsga mos juft qarsakka o‘tildi.
Tavakkal angrayib qolgan, ko‘zlari o‘qrayib boqar, aftidan xonimni taniy olmas edi.
Bir mahal yelkamga birov turtdi. Qarasam, zalning boshlig‘i, bu yerga kiradigan kishi borki — taniydigani, novcha, kelishgan, qo‘ng‘iroq sochli yigit Xusanbek ekan. U: «Jim, o‘rtog‘ingizga halal bermang» dedi-da, imlab chekindi. Men Tavakkalga qaradim, uning ko‘zlari hamon Gulsarada edi. Shunda juvonning sa-vol alomatli nigohiga ko‘zim tushdi va birgina barmog‘imni ko‘rsatib «bir minut» ma’nosini anglatdim. U o‘yinga mos holda bosh irg‘ab, aylanib ketdi.
Qatorlar adog‘iga yetib, Husan bilan ko‘rishdim. U, odatdagicha, mening uzatgan qo‘limni tirsagidan ham ushlab:
— Bu ko‘rinmay ketdingiz? — dedi. — Yozuvchilar Soyuzingiz ko‘chib ketgani uchunmi yo bozor iqtisodi ta’sir qildimi?
— Keyingi gapingiz to‘g‘ri, — dedim.
— Bu kommersant bilan ko‘pdan tanishmisiz?
— Yurtdoshim.
— Ja baevoy yigitga o‘xshaydi.
— Ha, tanishmasmisiz?
— Yo‘q. Nuqul mening dejurligimda kelmaydi. Keyin eshitib qolaman... Ammo anavi juvonni bir marta ko‘rganman. Ho‘, stenkaning orqasida o‘tirishgan. Ja kazo-kazolar bilan... Singlisiningmi, jiyaniningmi tug‘ilgan kuniydi. O’shanda yig‘lab o‘ynovdi... Ja ta’sir qiluvdi menga. Ikkita yapon o‘n minut suratini olishgan...
— Arzir ekan, — dedim. — Yuring, tanishtiraman. Do‘stimiz bilan ham...
— Yo‘q, bir vaqti keladi... Kechirasiz, aktrisamasmi u?
— U, bilmayman, Husanjon.
— Qoyil... Ayting, tez-tez kelib turishsin. Bizga yaxshi bo‘ladi.
Shunda kuy tugadi-yu, Gulsara stolga burildi. Chapak chalvorib o‘rnidan turgan Tavakkal, bilhol meni esladimi, alanglab qarab, qo‘lini cho‘zgan hol-da:
— Hu, Quvvat, nima qilib turibsiz u yerda? — dedi-da, dasturxonni ko‘rsatdi. Gulsara ham mening borishimni kutgan kabi o‘rniga o‘tirmasdan qarab turardi. Zal guvillagan chapakka to‘lib ketgan, musiqachilar esa yana «Tanovar»ni chalishga tushishgan, u yerbu yerdan «raqqosa»ni o‘yinga taklif etgan ovozlar ham eshitilar edi.
Men Husanning qo‘lini qisib:
— Uzr, — dedim.
— Kechirasiz, bezovta qildim, — dedi u. — Lekin men u yigit bilan tanishaman.
— Arziydi.
— Hoy, vaqt bo‘lganda, kirib turing. Hechqursa, nasiyaga mehmon qilarmiz.
— Rahmat.

5

Men qaytib borganimda, Gulsarani yo‘tal tutgan, oynadevorga yuzlanib, kursi qoshiga ilig‘lik turgan charm sumkasini kavlar edi. Ro‘molcha olib, og‘ziga bosgancha joyiga o‘tirdi.
— K-kechirasizlar.
— Nichevo, — dedi Tavakkal. — Men sizday o‘ynaganimda, cho‘zilib qolardim. — U shunchaki shod emas, juda ham mag‘rur ko‘rinar, illo, restoran ahlining yarmisi desam ham bo‘lar, bu — barvasta, bo‘yinbog‘ining tuguni pastlab — yoqasi hiyla ochilib ketgan va egasiga qandaydir erkin tus bergan hamda har bir harakatidan kuch-quvvatu yovqurlik yog‘ilib turgan yigitga havasu hasad bilan tikilishar, shubha yo‘qki, Tavakkal bu nigohlarniyu mazmunlarini uqib turar edi.
— Suv, hoy musulmon, suvdan bering...
Ont ichaman: Gulsaraga suv uzatishni stolga kelgan paytidayoq o‘ylagandim-u, istihola qilgandim, bilasiz-ku, sof qishloqi yigit (o‘zim ham qishloqdan chiqqanman) bu kabi tabiiy dildorlikni o‘zicha — «qishloq darajasida» tushunishi mumkin...
— A?.. E, suvdan boshqa nima bor! — deya hovliqib, «koka kola»dan fujerni to‘ldirib uzatdi Tavakkal.
Gulsara entikib-entikib bir necha qultum ichdi. Juvonning ahvolini ko‘rib tushunishdi shekilli, uni raqsga taklif etayotganlar ham, chapak chalayotganlar ham dasturxonga o‘nglanishdi. Musiqachilar ham bir pasdan keyin boshqa kuyni chala ketishdi... Gulsaraning o‘yiniyu «Tanovar»ning bir necha daqiqa davom etgan sehri jodusi totli shirinlik ta’mi kabi og‘izlarda va ko‘ngillarda qoldi, ha, juda baxtli onlar o‘tib ketdiki, men hamon «Tanovar» kuyini eshitsam, Mukarrama opaga taqlid qiladigan xiromon emas, azador kabi qora barqut kiygan Gulsaraning raqsi ko‘z oldimga keladi: u tug‘ma bir iste’dod ekan.
Gulsara vishillayotgan ichimlikni oynaga qaragan holda kalta-kalta sipqorib tugatdi-da, bizga, keyin atrofdagilarga shoshib ko‘z tashladi. So‘ng birdaniga:
— Ketsak-chi? — dedi Tavakkalga. — E, uzr, Quvvatjon... Man sal xijolat...
— Gap yo‘q, — dedi Tavakkal. — Uyingizga boramizmi?
Ayol qizg‘in tabassum qildi.
— Dacha esizdan chiqdimi?
— A-aa! Iskeliroz! Vsyo... Dachaga! Quvvatjon, qarshilik yo‘qmi, uka?
— Voy, nega... Faqat yo‘l uzoq, qaytib kelishlaring bor... Lekin yotib qolishlaring ham mumkin, — dedim. — Hozir bizning bog‘imizda yozuvchilardan ko‘ra kammersant ko‘proq... Shunaqa bo‘p qoldi. Ularsiz dacha o‘zini boqolmaydi...
— Ha, — dedi kesib Tavakkal. — Yozuvchilarning ahvoli yaxshimas hozir. Bilamiz.
— Bilar ekansiz, yordam qilmaysizmi? — deb qoldi shunda Gulsara. — Pul — siz uchun xazon-ku.
U yayrab kulib yubordi.
— Soddamiz-da, jo‘nmiz-da, xonim. Kechagi kun bi-lan bugungi kunning farqiga bormaymiz! Gap bitta!.. Quvvatjon, siz dachaning ishotini berasiz menga.
— Rahmat, Tavakkal aka, — dedim. — Gulsaraxon, sizgayam raxmat. Mening kunim o‘tayapti... Uyushmamiz, xo‘sh, Adabiy jamg‘armamiz rahbariyati uch-to‘rtga adibga muruvvat qilib, putyovka narxini ko‘tarishmagan.
— A-a, durust, durust... Xo‘p, turdikmi?
— Ha, — dedi Gulsara va yana entikib nafas oldiki, bu yerda unga havo yetishmayotganiyam ayon bo‘ldi. Keyin qandaydir g‘ijinib, qo‘shimcha qildi: — Ofitsiantkaga ayting, stoldagi taomlardan olib, tugun qilsin.
— O, mumkin emas! — deb yubordi Tavakkal. — Meni uyaltirmang, xonim. Biz svejiysidan zakaz qilamiz... A-a, dachada o‘tiramiz. Do‘rmonda, a?.. Ha, eshitganman... Hoy, marja xonim, a nu-ka kamne! Ke, akang aylansin.
Men bunday isrofgarchilikni hazm qilolmasdim, bunaqa «tantiboyvachchalik» ham yoqmasdi. Adiblarga tekkan kasallikmi bu: bunaqa to‘kin dasturxonni ko‘rsang, xursand bo‘lasan-u, keyin bir buxanka non uchun do‘konlar qoshida navbatda turgan xotin-xalaj, chol-kampirlar ko‘z oldingga keladi. Ba’zan tomog‘ingdan hech narsa o‘tmay ham qoladi...
Men plashim bilan shlyapamni kiyib, pastda kutajagimni aytdim va ulardan ruxsatini so‘ramasdan jildim. Oynaband eshikdan chiqayotganimda, yana Husanjon bilan to‘qnash keldim. U mening tirsagimdan ushlab:
— Ketasizlarmi? — dedi.
— Ha, Dachaga boradigan bo‘ldik.
— Chyort poberi, o‘shanda o‘ynagandan keyin ham shunaqa yo‘talib qoluvdi.
— O’ynaganda, o‘pka pishadi.
— Da-da.

6

Yomg‘ir hamon tinay demasdi. Shamol esa shashtidan tushganga o‘xshar, biroq turib-turib avj qilib qolar, shunda beixtiyor teskari qarab olardi, kishi.
Qunishib-yo‘rtishib bekatga yetdik. Bir zamonlar «taksi» to‘xtashi gumon bo‘lgan maydonchada ko‘zini «ko‘kartirgan» moshinalar ham, «shaxsiy»lar ham endi yo‘lovchi kutishar, biroq narxi osmondaligi bois, ularga yaqinlashish mushkul edi.
— Taksi, taksi! — deb baqirdi Tavakkal, xuddi «Eshmat! Toshmat!» deb chaqirganday. Shunday ro‘paramizda turgan «Jiguli»ning eshigi ochilib, bir yigitcha chiqib keldi. — Bo‘shmisan? — so‘radi Tavakkal sensirab.
— Bo‘sh-bo‘sh. O’tiringlar... — deya yo‘l boshladi haydovchi. So‘ng, yaqinlashib kelgan taksichiga o‘shqirdi. — Ani moi klienti!.. Kelinglar.
Men orqa eshikni ochib qo‘yib, oldingi o‘rindiqqa o‘tirib oldim. Tavakkal bilan Gulsara orqada joyla-shishdi. Shofyor mashinani jildirib, so‘radi.
— Qatga borasizlar?
Mendan avval Tavakkal (shang‘illab) javob qildi:
— Dacha pisatelga!
— O’-o‘o‘, okaxon, tuda-suda to‘laysiz-da.
— Haydayver. Mana shu — yoningda o‘tirgan odam...
— Tavakkal aka, — dedim.
— Xo‘p... Xo‘sh, xonim, endi qalay? Oynani ochib qo‘yaymi bir oz?
— Ha..
— Siz, albatta Qashqadaryoga borishingiz kerak! — dedi Tavakkal qat’iyat bilan. — Uning tog‘larida havo shunday tozaki, bir qo‘yning go‘shtini bir kunda yeb qo‘yasiz... Ha-ha-ha! Biz yeymiz-a, Quvvatjon!
— Ha, unday havoda ishtaha ochilib ketadi, — dedim. — Lekin Gulsaraxon, borsangiz ziyon qilmay-siz... Tavakkal akaga bemalol suyanish mumkin.
— Nega «mumkin?» Shart! — dedi Tavakkal. — Hozir kakraz shirvoz qo‘zilar so‘yilyapti... Quvvatjon, bultur ham o‘tmadingizmi-a, Qarshidan?
— O’tdim-u, poezd bilan, — dedim. — Avtobus ham yomonmas ekan.
— Moshina nima bo‘ldi, moshina?.. A, benzin qimmatlashib ketdi!
— Moshina sotildi.
— Kechirasiz, Quvvatjon aka, qanaqa kitoblaringiz bor? — so‘rab qoldi shunda Gulsara.
— Bor, — dedim.
— Dachada bormi? Bittasiga avtograf yozib bera-siz... O’qiyman, albatta. Kitobni yaxshi ko‘raman. Mana, okangiz ko‘rdilar, uyimda kichkina kugubxonam bor. Lekin ko‘pi o‘rischa... Him, tarbiyamiz shundoq bo‘lgan-de.
— Nichavo! — dedi Tavakkal. — Endi, qolganini o‘zbekchalashtirib yuboramiz. Ha-ha-ha!
— Rahmat.
— Lekin o‘yiningizga besh ketdim, Gulsara. Restoranni rom qilib oldingiz ammo... E-ey, tangrim, kunlarimiz qanday mazmunsiz o‘tadi, Quvvatjon. Yeysan, ichasan, birovni urishasan, birovining boshini silaysan.
— Birovini aldaysan, — deb qo‘shdi Gulsara.
Tavakkal tag‘in xoxolab yubordi.
— Albatta! Aldamasa bo‘ladimi?.. Umuman, «raqobat» degani o‘zi aldashga yo‘l ochar ekan. Kim ayyor bo‘lsa — marra o‘shaniki.
— Esiz, aldanganlar.
— E, achinmang, xonim! Hayotning o‘zi shu ekan... Shundaymasmi, Quvvatjon?
— Shundaymasligini o‘zingiz ham yaxshi bilasiz, — dedim mumkin qadar beozor ohangda.
Tavakkal bir soniya jimib, tag‘in qahqaha otdi.
— Lekin hamma bir-birini alday boshlagandan keyin... Nima dedingiz, xonim?
— Nima deyin?
— Siznikiyam to‘g‘ri.
— Kechirasiz, Quvvatjon, — deb yana gap qotdi Gulsara. — Pisatellarning dachasi bor, deb eshitardim. Shu yoqda — toqqa yaqinliginiyam bilaman... Lekin, u qanaqa dacha o‘zi? «Dam olish uyi»ga o‘xshiydimi? Boya biznesmenlar ham ko‘p dediyiz. Demak, sanatoriy tipida?
— Farq qiladi, — dedim. — Uning nomi to‘la-
sicha: «Yozuvchilarning ijod va istirohat bog‘i» de-yiladi. Uch qavatli imorat... Hali ko‘rasiz. Yaxshi. Ko‘pchilik xonalari bir kishilik. Yashash, ishlash uchun sharoit bor... Him, uch-to‘rt gektarlik bog‘imiz ham bor. Yozda salqin bo‘ladi; Toshkentda harorat qirqqa chiqqanda, u yerda o‘ttiz besh-o‘ttiz oltidan oshmaydi.
— O, yaxshi ekan. Yozda Toshkentda nafas obo‘miy qoladi... Bilasiz-ku, o‘ziyiz?
— Ha..
— U yerda, endi, faqat yozasizlarmi? — so‘radi Tavakkal. — Yo boshqa ish ham bo‘ladimi?
— Yozadigan —yozadi, yozmaydigan — hordiq oladi. Ilgari yaxshi edi: bir yilda bir oy tekin yo‘llanma berilardi yozuvchiga... Hozir yo‘q.
— Ponyatno, — deb qo‘ydi Gulsara. Keyin yana so‘radi: — Bizni begona deb...
— O’-o‘, yo‘q. Unaqangi temir qoidalar bizda yo‘q... Umuman, Uyushmamizdayam ilgaritdan qandaydir demokratiya bor edi. Muhim gaplar kitob sahifalariga chiqmasayam, u yerda aytilardi... Uylashimcha, sotsializmdan bizga qolgan eng durus meros — shu bog‘ bilan bugungi Uyushma bo‘lsa kerak...
— E-e, yozuvchilaringiz ham bir-birini juda qamatishgan ekan, — dedi Tavakkal.
— Ha, — dedim. — Afsuski, shunday bo‘lgan... Davr, siyosat taqozo qilsa, har qanday jamiyatda ham shunday bo‘lar ekan, Tavakkal aka.
— Hozir qalay, hozir?
— Hozir, yaxshi... Lekin yaxshi asarlar yaratilma-yapti hisob. Yangi turmush tarziga tushish mushkul. Uning mohiyatini bilib, adabiyotning maqsadi bilan uyg‘unlashtirish qiyin kechayapti... Kelinglar, boshqa mavzuda gaplashaylik. Bu — injiq mavzu... Yomg‘ir tindi deyman?
— O’zi-ku yoqqani tuzuk, — dedi shofyor. — Bu yil qish bo‘lmadi hisob.
So‘ngra suhbatimiz ob-havo mavzuiga o‘tib, sayr-sayohatlarga borib taqalganda, biz ham ijod bog‘iga yetib bordik. Darvoza ochiq, ammo moshina chirokdarini yirokdan ko‘rgan qorovul chiqib turgan ekan, meni tanib chetlandi.
O’tib ketdik.

7

Imorat oldidagi maydonchada «Deu» tamg‘ali avtobus turardi. Undan kimlardir tushayotgan ekan, «sportchilar» deb o‘ylagandim, o‘xshashmadi. Lekin ularning rahbarlari dacha ma’muriyati bilan kelishgani, demak, tunash uchun tushishayotgani aniq ediki, men:
— Tavakkal aka, sizlarga nomer olish qiyinga o‘xshab qoldi, — dedim.
— O, biz qolmaymiz... Man ketaman, — dedi Gulsara. Tavakkal ham shoshilinch:
— Unday bo‘lsa, albatta ketamiz, — dedi-da, haydovchining yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. — Ukaboy, kutasiz endi... Biz bir oz o‘tirib chiqamiz.
— Oka, unaqa vaqtim yo‘q, — dedi shofyor. — Nochorlikdan chiqovuz-de, bir-ikki soat ishlab qolay-lik, deb. Taksi zakaz qilishlaring mumkin.
— Eh-he... Mana, senga ikki yuz so‘m... Zakalad. Bir soatdan keyin qaytib kelasan. Agar biz seni aldasak, mana shu yozuvchi akangni ushlaysan.
— Ha, — dedim. Shofyor g‘udranib qoldi.
— Men endi qatga bordim... Bo‘pti. Qaysi nomer-dasiz, domla? Men rovno bir soatdan keyin sho‘tta bo‘laman.
— 37-nomer, — dedim. — Uchinchi qavat, o‘ngda. Bemalol kiravering.
Mehmonlar qaysidir viloyatdan kelgan havaskor ansambli ekan, ularning g‘ala-govuri, childirma-yu rubobning birov noxos tegib ketgandek sas-sadolari orasidan, o‘shalarning sheriklari kabi o‘tib, yuqori qavatga ko‘tarildik.
Men: «Xonam qay ahvolda ekan? Yig‘ishtirilganmikan?» — deb bezovta bo‘lgan holda yo‘l boshladim.
Umuman-ku, mening xonam — tuzuk nomerlardan biri. Ayvonchasi-yu derazalari nari tomonga — olmazor boqqa qaragan. Hozir bahor emasmi, tongda bulbullar sayraydi bog‘da. To‘g‘ri, qishda bu tomonning xonalari ancha salqin bo‘ladi, shuning uchun ko‘proq muddatga turuvchilar kungay tarafdagi xonalarga o‘tib olishadi. Men hamisha o‘sha yoqda turardim. Chunki uzoq yili o‘sha bog‘ ustida charx urib aylangan bir juft qaldirg‘och ochiq derazamdan kirib, uy burchagiga in qo‘ygan, bola ochgan edi. Shuning uchun bahor boshlandimi — derazani ochibroq qo‘yib yotardim, kun sovuq bo‘lsa ham qaldirg‘ochlar keladi. Hali kelishmagan, biroq derazam ochiq edi...
Eshikni ochdim-u, uyalayotganimni bildirib:
— Bir minut sabr qilasizlar, — deb ichkariga kirdim. Chiroqlarni yoqib qaradim. Xayriyat, o‘tirsa bo‘ladi. Shamolda deraza bekilib qolgan ekan, ochib qo‘ydim. So‘ngra, tuflimni yechsam — ular ham yechishga majbur bo‘lishini, ortiqcha shippaklarim esa yo‘qligini o‘ylab: — Marhamat! — dedim. — Bemalol!
— Machit emasdir. Oyoqni yechmasak ham bo‘lar? — deb ishshaygancha ostona hatladi Tavakkal.
— Men ham shuni aytmoqchiydim, — dedim. — Ke-ling, Gulsaraxon. Plashingizni bering...
— E, qishloqilik qursin, — deb burildi Tavakkal. — Qani, o‘zim yechintirib qo‘yay. — U charm plashni olib, menga berdi. Keyin o‘zining shunday kurtkasini yechib uzatdi. Men o‘zimning odmi plashimni ham devordan daromad qilib yasalgan shifonerga ildim. — O-o! — deb yana o‘zi ichkariga yo‘l tortdi Tavakkal. — Yaxshiii... A, Gulsara? Bir kishiga bo‘ladi-da!
Gulsara stol lampasi ustidagi javonga — kitoblarga, devordagi rasmga (romga solingan rasmda nilufarlar qoplagan ko‘l bo‘yidagi qo‘lbola yogoch o‘rindiqda tanho o‘tirgan oq libosli parivash tasvirlangan edi) jilmayib boqib, divan va yumshoq kursilarga ham qiziqish bilan ko‘z tashlab:
— Yaxshi, uyutna, — dedi. — Menimcha, yozuvchilar hayotdan nolimasayam bo‘ladi, Quvvatjon.
— Men haliyam nolimayman, — dedim. — Hayot qanday bo‘lsa, shu holida qabul qilishga o‘rganganmiz... Qolaversa, shunday islohotlar davrida bunday yashayotganimga shukrona aytaman... Qani, xohlagan joylarishta o‘tiringlar.
— Munday qilamiz, — Tavakkal burchakdagi stolchani ko‘tarib, divan oldiga qo‘ydi. — Quvvatjon, xizmat bo‘lmasa, anavini oling. Taqsimcha bordir?
Men yuvingich xona og‘zida qoldirilgan salafan xaltani (og‘irgina ekan) olib, Tavakkalga berdim. Keyin «Morozka» muzxonasi ostidagi tumbadan sopol taqsimchalarni chiqardim. So‘ngra «koka-kola» yozuvli plastmass stakanlar bilan piyolalarni yig‘ib, vannaxonaga kirdim.
Men baribir xijolatda edim: uyishta mehmon kelganda (qancha vaqt turmayin, bu — mening uyim-da), dasturxonga qo‘ygich yemishlar o‘zingdan chiqsin-da...
«Ha-e, tushunib turishipti-ku», deya idishlarni yuvib, qo‘l artilmagan sochiqni ham olib chiqdim. Xuddi aybdor xizmatkordek chuchmal tabassum bilan:
— Xush kepsizlar, — dedim. Va stoldagi xushbo‘y tovaki (tabaki)lar, bir juft xurmo, bir uyum apelsin, bir juft yopgan non, banka-banka pivolaru biri ochilgan (restoran stolida ochilgan) va biri ochilmagan yahudiy arog‘i hamda arman konyagini ko‘rib, umrida bunday ne’matlarni ko‘rmagan kishidek yasama shodiyo-nalik bilan:
— O-o, — deb yubordim. — Restoranni quritibsiz-ku, Tavakkal aka!
— Ha, endi, boyvachcha-da, bu kishi, — dedi Gulsara ham uni maqtagan bo‘lib.
— E, shuyam narsa bo‘ldi-yu! — Boyvachcha bamayli-xotir qo‘lini uzatdi. — Taqsimchani bering.

8

Bittadan ichishgach, suhbatimiz ravon oqayotgan irmoq maqomida davom etdi.
Butun bir tovakini (tovuqning to‘shini) bir zum-da etdan tozalab, chiqitni yalang stolcha chetiga uyub qo‘ygan Tavakkal yog‘li qo‘llarini sochiqqa artib olib, bir oyog‘ini tagiga qatlab o‘tirgancha, «Malboro» sigaretini tutatar va har tomonga loqayd ko‘z tashlab, gapga qo‘shilib turar, Gulsara barmog‘ida chimdib olgan etni o‘ychanlik bilan chaynar, men gapni gapga ulash bilan halak edim.
— ...Ha, Peredelkinadayam bo‘lganman bir marta. Yozuvchilarning konferentsiyasiga borganda. Ba’zi yozuvchilar bir umr yashashar ekan.
— Endi yo‘llar bekildi, — deb qo‘ydi Gulsara. Va Tavakkal birdan buklab o‘tirgan oyog‘ini tushirib:
— Gruziyaga bormaymizmi? — deb qoldi Gulsaraga qarab. — Men Qrimda bo‘lganman, Gruziyada — yo‘q... Ey, boraylik, Gul! Dunyo o‘tdi-ku! — Keyin menga qarab bidillab aytdi: — Kennoyingiz soppa-sog‘ yurgan edi.
Bir kechada o‘lib chiqdi... Undan sal oldin bitta akam ketgan edi. Juda omonat ekanmiz-da, Quvvatjon! Ey, siz hayotning mana shu tomonlarini ham yozing!
— Albatta, — dedim. Qandaydir yozilmagan axloq qoidasiga ko‘ra, Tavakkal bu begona xonimning, aniq-rog‘i, o‘ziga ergashib yurgan «qizi»ning oldida oilasi haqida bemalol gapiravermasayam bo‘lardi. Biroq konchi yigitimiz bu haqda jilla mulohaza qilmas, aniq-rog‘i, haligiday «andisha»ga bormas edi.
Rost, u to‘g‘ri — bor gapni yashirmasdan aytayapti. Ammo... Ana shu «ammo»ga yetganimda, shunday xulosaga kelgandek bo‘ldim: bu ayol bilan o‘zining orasida chegara qo‘ymoqchi, ya’ni «sen — ko‘ngil xushisan, mening o‘z hayotim bor», demoqchi.
Sezib turardimki (restorandayam his etgandim), juvon o‘zini noqulay ahvolda sezayapti, mening oldimda xijolat chekayapti. Bu hol uning qayrilma qoshlarining ko‘tarilib tushishidan bilinar, taomni chaynab turgan jag‘lari harakatdan to‘xtab qolar edi... U sochiqni dadil olib, barmoqdarini artdi-da, yonidagi sumkasini tizzasiga qo‘yib, undan «Bashan» yozuvli yupqa pachkani chiqardi, sof yaproqni o‘rab yasalgan sarg‘ish sigaret chiqarib, labiga qistirganda (Tavakkal angrayib qarab turardi), men shoshib chaqmog‘imni yondi-rib tutdim. U tutatib:
— Rahmat, — deb qo‘ydi bilinar-bilinmas jilmayib.
— Ha-a, bu qanaqa sigaret ekan? — Tavakkal karton qutini dangal olib, yo‘ton barmoqlari bilan yirtgudek qilib ochdi. Bittasini chiqarib hidladi. — Sigara. Sigarami shu? — U mengayam qarab oldi. — Zo‘ridan chekar ekansiz.
— Bitta qo‘shnim sovg‘a qilgan edi, — deb qo‘ydi Gulsara. Keyin birdan qaddini rostlab: — Gruziyaga boramiz, dedingizmi? Eto seryozni? — dedi.
Tavakkal hushyor tortib:
— E, meni... meni... — deya bo‘g‘ilib, birdan xitob qildi. — Hozir desangiz, hozir ketamiz!
Gulsaraning xiyol suzuk, ammo surmaning kuchi bilan katta ko‘rinuvchi ko‘zlaridan bir nur chiqqanday bo‘ldi.
— Hozir?
— Ha, ha. Jo‘naymizmi?
— Bo‘pti.
— Gap tamom! — yigit menga dedi: — Quvvatjon, biz ketamiz! Gap bitta... O’zi, o‘ylab yurardim. Mana, xonim ham istab qoldilar. Bir aylanib kelaylik bu o‘tar dunyoda... He-he, — deb ilhomlanib ketdi.
Gulsara sigarasini sumkaga soldi. Tavakkal chekib turganini kuldonga bosib ezdi.
Men Tavakkalning dangalligini, aytgan gapidan qaytmasligini bilardim. Ammo juvonning ham bunaqa fe’li borligi... qiziq va zavqli edi. Shu bilan birga kishida noxush taassurot qoldiradigan fikr ham uyg‘otardi: «Boyoqish g‘amgin ko‘rinadi. Buning ustiga, soxti-sumbatiga qaraganda, anchagina o‘ziga to‘q, «ko‘rgan» oilaning farzandiga o‘xshaydi. Haligiday bezorilarga sumkasini oldirib yurgan bo‘lsa, tag‘in: «xaloskor»ni uyiga olib kirgan bo‘lsa, demak, yolg‘iz... Boyvachcha «tantiboy»ning sharofati bilan bir o‘ynab qolgisi keldi, shekilli...» Ayni chog‘da boshqa mulohazayam tug‘dirardi shijoati: «Tavakkalni sinamoqchi. Undan qandaydir alam o‘tgan-u, shu alamdan forig‘ bo‘lmoqchigayam o‘xshaydi...»
Harqalay, bir manzara ko‘z oldimga kelib, mamnun bo‘ldim: Gurjistonning qandaydir xiyobonida, ikkovi ketishmoqda, ikkisi ham bashang kiyingan va bir-biriga yarashgan... Tavakkal uni har qanday sharoitda ham himoya qila oladi. Va o‘sha gurjilar makonida ham sira past tushmaydi.
Ularni ko‘rgan-kuzatganlar: «Kimlar ekan bular?» deb bir-biridan so‘rashar va bittasi aytar: «O’zbeklarga o‘xshaydi, tili turkchaga yaqin...».

9

Ular dabdurustdan o‘rinlaridan turishganda, tag‘in xijolat hissi ezdi meni: «Hozir bularni samolyot ham kutib turmas... Demak, Gulsaraning uyiga borishadi, albatta. Albatta, bu kiyimini almashtirishi, yana ul-bul olishi kerak. Tavakkal ham mehmonxonaga (nomeriga) kirib chiqadi...»
Xullas, tag‘in biron yeyimlik-ichimlik olishlarini taxminlagach, ertaga lohas bo‘lishimni bilsam-da:
— Hoy, musulmonlar, yana ikki minut sabr qilinglar, — dedim shoshilib. — Axir, yo‘l ketadigan odamlar ham qursoq o‘lgurning nafsini qondiradi oldin.
— O’-o‘, yana bittadan! — deb shang‘illadi Tavakkal. — Ketar jafosiga! Bizga oq yo‘l tilang, Quvvatjon uka! Bu safardan har birimizning orzu-armonimiz ro‘yobga chiqsin! — shunday deb, nimagadir qah-qah otib kulib yubordi.
Gulsara ham birdan yayrab kulvordi-yu:
— Ilohim, ilohim, — dedi.
Shunda angladimki, bularning o‘zaro sirlari bor. Qandaydir istaklari borki, ro‘yobga chiqmabdi ekan... Ana shunda, ont ichaman, ichki bir andisha bilan eslab qoldim: Gulsara Tavakkalni kecha uyida yotqizmagan...
Demak, bu borada ularning o‘rtasida qandaydir hazil-huzulga yaqin, biroq jiddiygina ochiq gap-so‘zlar ham bo‘lgan... Bo‘lgani aniq, shuning uchunki, Tavakkal restoranda xonimning kecha yotishga ruxsat etmaganini aytgach, uyalmay-netmay: «Tegmayman desam ham, ko‘nmadilar», dedi.
— Oy borib, omon kelinglar, — dedim Tavakkal quyib uzatgan piyolani olib. Shunda miyamdan bir malolsiz xayol kechdi: «Tavakkal — bo‘ydoq hisob, buyam — yolg‘iz ekan, bir-biriga mos tushardi-da, til topishsa...» Keyin, bu fikrni ochiq aytolmasligim bois: — Bir-birlaring bilan yanayam yaqin bo‘lib kelishlaring uchun, — deb gapni tugatdim.
Ular, nazarimda, biron soniya o‘yga tolib qolishdi. Keyin, yana kula-kula piyolalarini uzatib cho‘qishtirishdi. Ichib bo‘lgach, tovakidan yeyishga qistadim.
Har ikkisi ham rad etdi.
Ular sirtqi engillarini kiyib, men choponimni yelkamga tashlab, yo‘lakka chiqqanimizda, ikkilanib so‘radim:
— Putyovka topilishi... Axir, hozir birov tayyorlab turgani yo‘q, Tavakkal aka.
— E, ukajonim-e, — deb kiftimdan quchdi Tavakkal. — O’g‘riga mol qahatmi? Ha-ha-ha!
— U yerda ijaraga beriladigan kvartiralar ja ko‘pmish, — dedi Gulsara. — Hatgo aeroportga chiqib kutib olisharkan. Shuning ustidan kunini o‘tkazadiganlariyam ko‘p...
— Ha-a. Men u tomonlarga borib ko‘rmaganman. Lekin ulardayam Ijod uylari bor.
Maydonchaga tushganimizda, «Jiguli»ning bir soatdan keyin kelishini eslab, turib qoldik. Tavakkal menga zimdan qarab qo‘yib, cho‘ntagini kavlar ekan, men soatga qarab olib, uning yetib kelishiga o‘n to‘rt minut qolganini aytdim. Tavakkal baribir «shoshmang» deganday qilib, pul chiqarganda, men tislanib ketdim va ular katta yo‘lga chiqqunlaricha o‘n besh minut o‘tishini, demak, moshinaga yo‘liqishlarini aytdim-da:
— Ketdik, o‘zim kuzatib qo‘yaman, — dedim. — Yo‘lni ko‘rib olganlaring qoladi. Axir, yana kelarsizlar?
— Albatta, — dedi Gulsara. — Bu yerni kunduz kuni ko‘rish kerak ekan.
Tavakkal o‘ylanib qoldi-da:
— Bo‘pti, — dedi.
Shunda chiroqlarini lovullatib, sassiz kelayotgan yengil moshina signal berdi-ku!
O’sha «Jiguli» ekan.
Ular o‘tirib ketishdi. Men «oq yo‘l» tilab qoldim. Yomg‘ir allaqachon tinib, endi shu sokinlikka mos shabada esar, uyg‘onayotgan dov-daraxtlarning namxush (elimni eslatuvchi) hidi kelar, bechora oy esa bulutlarni oldidan o‘tkazar, nazarimda, ulardan oldinga chiqishning ilojini topolmay xo‘mrayar, ba’zan qalin pag‘alar soyasiga yashirinar edi...
Yozning jazirama issig‘i qaytib, shu daraja barobarida salqin tunlaridan biri edi. Men balkon-ayvonchada ichkariga kiritishning ham, pasgga tashlavo-rishning ham «iloji» bo‘lmaganidan qolavergan, suyanchig‘i baland, enligina kresloda chekib o‘tirardim. Xonam shiftining devor bilan ushlashgan joyidagi million qatnash evaziga qurilgan inida ona qaldirg‘och yaqinda ochib chiqqan bolalarini bosib yotar, ota qaldirtoch esa darparda ilig‘lik moslama ustida qunishib turar, ikkisi ham «chiy-chiy, chiriq-chirq» etib so‘zlashib qo‘yishar, goho ota qaldirtoch xonani bir aylanib, uskunaning boshqa joyiga qo‘nardi. Ular shundoq inoq, ahil, bir-biriga mehribon edilar.
Men esam ularning sasini eshitib, o‘zlarini kuzatib zavkdanar hamda totli bir xo‘rsinish bilan Buddaning mashhur so‘zini bot-bot eslar edim: «Inson har qancha baxtsiz bo‘lsayam, yorug‘ olamni ko‘rib turganidan xursand bo‘lishi kerak. Chunki uni ko‘rmasligiyam mumkin edi». Keyin esa o‘zimizning Muhammad payg‘ambar hadislaridan birida insonning boshiga tushguvchi barcha og‘irliklar, qalbini larzaga soluvchi iztiroblar Alloh taolo tarafidan bandasini sinash uchun berilajagi, illo bandasi shularga-da shukrona qilsa, farovon kunlarningu qalbni xushnud etguvchi quvonchlarning qadriga ko‘proq yetishi haqida xabar berganlarini esladim.
Qolaversa, bu ikki hikmat — menga tasalli, quvvat berguvchi «hamrohlarim» edi.
Eshigim taqillaganday bo‘ldi. Men pastga qaramoqchi edim, haqiqatan ham eshigimni birov ishonch va shahd bilan taqillatdi. Men yo‘lakda turgan kishining begona ekaniga zarracha shubha qilmasdan borib ochdim.
Ishoning-ishonmang... Gulsara jilmayib turardi. «Soat o‘ndan oshdi-yov» degan gap xayolimdan kechgan ko‘yi, tashqariga bosh chiqarib qarashni ham o‘yladim-u:
— Kiring, kiringlar, — dedim birdan chekinib.
— Predstavti sebe, man bitta o‘zimman! — dedi mehmon yanada chaqnabroq jilmayib. — Hayronmi-siz?.. Hayron bo‘lmang, do‘stmiz-ku? Do‘st do‘stning uyiga so‘roqsiz kelar emish... — Uning egnida ilon po‘stidek yaltirab turgan matodan tikilgan uzun ko‘ylak, g‘oz bo‘ynida bir tizim dur, qo‘lidagi salafan xalta og‘irlik qilayotgandek o‘sha tomonga mayishibroq turardi.
— O’, albatta, albatta. Marhamat, — dedim. Va xayolimdan tag‘in o‘sha o‘y o‘tdi: «Xonam saranjommidi?» Beixtiyor xaltasiga qo‘limni uzatib, yana chekindim.
Gulsara yo‘lakning bosh tomoniga qarab olib:
— Hayron bo‘lishvotti, kim bo‘ldi bu satang, deb... Nu i k chyortu, — dedi.
— Hayron bo‘lsa arziydi, xonim, — deb eshikni yopdim. Gulsara tim qora tuflisini do‘qillatib, xonamga kirdi.
— O, salom sizga, kitoblar... E, qaldirg‘ochmi u? O’sha! Vey, muni qarang-a! Yaxshi odamlarning uyiga in qo‘yadi, deyishardi.„ Kampliment emas, siz yaxshi odamsiz, Quvvatjon... Yo‘q demang. Ba’zan kamtarlik manmanlikdan dalolat beradi. Topib aytdimmi? Marhamat, o‘tiraylik. Man qaytib ketaman. — Keyin divanga o‘tirib (stolcha divanning oldida edi) irimiga yarasha fotiha o‘qilguncha Gulsara ancha-muncha gaplarni aytib tashladi: — Singlimmi uyida den rojdeniyada edik. Uning eri shishkalardan. Sudya... Da, nu ix... Kechirasiz, Quvvatjon, tanasida madaniyat, aristokratlik bo‘lmagan odam baribir xol qo‘yadi. Hech qurmasa, o‘zini tutishni bilmaydi. Amalini unutmaydi... O’zidan lavozimi balandroq kishi kelsa, unga poy-patak bo‘lib ketadi. Bu yoqdagilarni unutadi.
— Ha, undaylar bor, — dedim. — Menimcha, ular rahbar bo‘lib ko‘rishmagan odamlar.
— Vo-vo-vo! Toqqa tirmashgandek tirmashib, tirnoqlari qonab ketib, mansabga erishgan-de.
— Choy icharsiz?
— Yo‘q. Shu oqshom, ishonasizmi, mast bo‘lgim keldi... «Mastlik qanaqa bo‘larkin?» deb o‘ylasam, juda yoqimli bo‘larkan. Bemalol gapirvorarkansan...
— Men ichimlik saqlamayman, — dedim. — Ba’zan hamma narsani unutging keladi, shunda ichib qo‘yganingni bilmay qolasan.
— Xuddi shunday, azizim! Bugun man ham dunyoni unutgim keldi... Xaltani oching, hamma narsa bor... Singlimga aytdim: «Eng yaxshi zakuska, ichimlik sol», dedim. U mani yaxshi ko‘radi... Xayrlashayotganda ko‘ziga yosh oldi.
— Him, nimaga?
— E, manga achinadi-da... Qo‘yovuring, birovning achinishiga zor emasman. Qandoq bo‘lsam, shundoq o‘taman. Gunoh-savobim — o‘z bo‘ynimda.
— O, yana yahudiy arog‘i...
U (bemalol) qah-qah otib kuldi.
— Voy, jugutlar-e, juda ustamon-da. Aroqniyam xushta’m qilishgan. Qoyil.
— Him, adashmay topib keldingizmi? — Aslida: «Taksi bilan keldingizmi?» demoqchi edim.
— O, bitta ko‘rgan joyim pamyatimda qoladi. Taksis injiqlik qiluvdi, bor pulimmi... Uchdan birini berdim, — dedi-da, yana kulib yubordi. — Nichego, uyda bor... Qani, quying, Quvvatjon. Sizni «Azizim» desam, maylimi?
— E-e, bemalol... Lekin meni ismimni aytib chaqirishsa, ko‘proq yoqadi.
— Ha-a, siz ham...
— Marhamat.
— Sizday... Tavakkal akaning sizday do‘sti, ukasi borligi uchun olaman.
— O, men esam, akamning sizday suyuklisi borligi uchun olaman shuni, — dedim.

11

Gulsara qo‘lidagi piyolaga tikilib qolgan edi. Irg‘ib o‘rnidan turdi-da, ayvon eshigidan yarim tanasini chiqarib, aroqni pastga sepib yubordi. So‘ng siniq jilmaygancha (shu onda asli qiyofasiga qaytgandek edi) joyiga o‘tirib, piyolani tutdi.
— Quying. Mening tostim uchun ichamiz. — Keyin, o‘ychanlik bilan davom etdi: — Ijodingiz aslo... aslo bo‘shashmasin, Quvvatjon. Qandaydir qiyinchiliklariyiz bo‘lsa, iloyi, vaqtinchalik bo‘lib chiqsin. Him, o‘tgan gal odamning fe’li o‘zgarmasin, debmikan — bir nima devdingiz. Shundoq: sizning shu fe’lingiz sira-sira o‘zgarmasin... Kennayim borlar-a?
— Albatta, — dedim. — Ikkita farzandim ham bor... Xudoga shukr, meni tushunishadi, o‘z holimga qo‘yib qo‘yishgan... Men ularni har qancha boshimga ko‘tarsam, arziydi.
— O’shalarning boshidayam omon bo‘ling... Avvalo, siz — yozuvchisiz. Him, menimcha, ancha ob’ektiv pisatelsiz... Bunday odam kimligiga aqlim yetadi...
— Bu sovub qoldi.
U qah-qah otib kuldi (yana sarxush kayfiyatiga qaytdi). Besh-olti parrak qazi bilan bir taqsimcha norin olib kelgan ekan, ulardan gazak qildik.
Tabiiy, Gulsara shunchaki gaplashib o‘tirish uchun kelmagan, qandaydir (Tavakkal bilan bog‘liq!) dardini ochib, hasrat qilmoqchi, balki maslahat so‘ramoqchi edi.
Men gap tizginini o‘sha tomonga tortishga bahona izlar ekanman, u xuddi o‘sha kungi (!) sigara qutisini chiqarib, birini labiga qistirdi. Men chaqmog‘imni chaqib, unga tutdim. Keyin o‘zim ham «Rodopi»dan tutatib oldim.
Gulsara uzun va keng etak ostidagi oyokdarini cha-lishtirib, bir-ikki dud oldi-da, tavba qildim, shunaqayam yo‘talib qoldiki, ko‘karib ketayozdi.
— Kechiring-kechiring, — dedi hansirab. — Maning... maning qandaydir kasalim bo‘lsa kerak. — So‘ng shu holida jilmaydi. — Lekin yuqumlimas. O’zim feldsherman, axir... — Keyin sigara pachkasini birdan g‘ijimladi. — Juvanmarg bo‘l... Olti oydan buyon tugamiydi bu savil.
— Kuchli bo‘lsa kerak, — dedim men. — Shuning uchun men cheksam ham yo‘taltirvoradi.
— Yo‘q, maning o‘pkamdami, yuragimdami bir illat bor, Quvvatjon. O’zim bilaman... Salbiy bo‘lib qolganmi, chyort znaet. O’sha kuni restorandayam ko‘rdiyiz-ku... — Shunda men unga tikildim. U menga tikildi: endi maqsadga o‘tmasa bo‘lmas edi. — Aytmoqchi, — deya birdan yana jilmaydi, — okayiz kelib turiptilar-mi? Yo o‘sha-o‘sha badar ketdilarmi?
— Kelgani yo‘q, — dedim. — Lekin bir-ikki marta qo‘ng‘iroq qiliptilar Qarshidan. Mening yo‘g‘imda. Borimdayam telefon qilgan bo‘lishi mumkin. Tusholmagandir... Buning ustiga, yozda mehmonlar ko‘payadi dachada. Hozir ham bor.
— Telefon zaynit?
— Xuddi shunday... Sizga qo‘ng‘iroq qilib turgandir? Balki uchrashgandirsizlar yana?
— Yo‘q, yo‘q, — deb beozorgina kuldi. Kulgisida yig‘ining saslari bor edi.
— Nega endi? — dedim. — Balki o‘zingiz...
— O, man hech qachon telefon qilmiyman! — U bu gapni teran bir ishonch bilan aytdiki, «g‘ururdan ham xudo bergan ekan», deb o‘ylash mumkin edi.
— Tushunarli, — deb qo‘ya qoldim.
Shunda u qandaydir kinoya aralash nopisandlik bi-lan so‘radi:
— Nega bizning Tiblisi safarimiz haqida so‘ramiysiz? Nahotki qiziq bo‘lmasa? O’ziyiz kuzatgan, oq yo‘l tilagan edingiz, janob yozuvchi?
— Men istihola qilib turibman, — dedim. — Ortiqcha lyubopitstva yaxshimas deyishadi.
— Rahmat. Aytib beraman, — dedi u. Va mening sigaretimdan birini oldi.
Keyin hikoya qila boshladi.

12

— O’sha kecha Tiblisga uchib ketdik... Bo‘tdan chiqqanimizdan keyin mani uyda qoldirib, o‘zlari aeroportga ketdilar... Tavba, «siz»lab gapirgim kemavotti. Ha, mayli, man uchun shuncha sarf-xarajat qildilar. U yoqdayam, e-he...
— U kishi aeroportga ketdi, — dedim jilmayib (bularning qismatiga qiziqib qolganimni shunda sezdim).
Gulsara kulib yubordi.
— Ha. Man uyda kiyinib turadigan bo‘ldim. Soat ikkiga yaqin ikkita bilet bilan kirib keldilar. Nu ne mogu... Munaqa yigitlar kam topiladi, Quvvatjon aka!
— Kechirasiz, u Toshkentga nima uchun kelgan ekan? Ha, geologiya vazirligiga devdi-ya...
— Man so‘ramovdim. Man, prosto, hayron edim u yigitning pavideniyasiga... Shunday qilib, tong oqarganda Toshkentdan uchib ketdik. Da. Xo‘p, Tiblisga borib tushdik. Aytganimdek, uyini ijaraga beradiganlar chiqib turishgan ekan... Janoblari gaplashdi. Taksiga o‘tirib jo‘nadik...
— Qaerga?
— Gagraga. Avtobus ham, hatto trolleybus ham qatnar ekan. Biz taksida ketdik, kak palagaetsya... O’rischa so‘zlarni ko‘p ishlatvomman, kechirasiz.
— Bemalol.
— Oy, juda ajoyib joylar ekan. Tog‘, dengiz, tinchlikki, qo‘yovurasiz... Biz uyiga tushgan odamlar — abxas musulmonlari ekan. Bitta kampir bilan o‘g‘li turarkan. Unaqa kampir olamda yo‘q. Shunaqayam mehribon, mani shunaqayam yaxshi ko‘rib qoldi. Eri baliqchiyakan, shtormda halok bo‘lgan ekan.
— Uzr, bitta yda turdinglarmi?
— Ha-ha-ha! Io‘q... Janobi Tavakkalbek shuni istadilar, albatta. Qolovursa, sizga bo‘ladigan gapni aytsam, o‘sha maqsadda mani oborgan ekanlar.
— Him, tushunarli.
— Tasavvur etingki, man yonimga qo‘ymadim.. Ishonmasangiz, tepamda xudo bor. Man xudodan qo‘rqaman, irimchi ayolman. Ba’zan o‘ylaganim o‘rnidan chiqadi. Hatto Toshkentdan jo‘nayotgandayoq: «Bu boyvachchaning maqsadi shu-yov», degan edim. Xuddi shunday bo‘lib chiqdi.. U manga, bilasizmi, ming dollar turadigan brilliant ko‘zli uzuk sovg‘a qildi. U-hh. Bitta mestniy xotin opkeluvdi, narxini so‘ramay-netmay oldi. Shunaqayam chiroyli, tomosha qilib o‘tirsam deysiz... Kechirasiz, biz ayollar lattaga, yaltiroq narsalarga o‘ch bo‘lamiz-de! Ayniqsa, man... Ha-ha. Ba’zan bitta kiygan ko‘ylagimni boshqa kiymasdim, derdim...
— Qachon?
— O, tarixga qaytishga to‘g‘ri keladi.
— Uzr.
— Uniyam aytib beraman. Balki bir narsa yozarsiz?.. Chem chyort ne shutit! Ha-ha-ha... Hazil. Bu gaplarni, azizim Quvvatjon, sizga aytvomman, xolos. Hatto singlimgayam aytmadim. Ichimni kemirivordi...
— Qulog‘im sizda.
— Shunday qilib, uzukni olmadim... Vey, vijdonan aytivomman! Agar o‘sha uzukni «sovg‘a» deb berganida, ehtimol... Unga munosabatim o‘zgarib ketarmidi... Yo‘q, u kishim: «Shu kecha birga yotamiz, xolos, dedilar. — Uzukning haqiga...» Axir, bu — mani haqorat qilish emasmi? O’ziyiz ayting... Man nima o‘yda edim-u, u kishi... Yig‘lavorishimga oz qoldi. Uydan chiqib ketdim. O’zimga ajratilgan xonagayammas, kampirning xujrasiga kirib yotdim. Bechora ko‘p achindi manga... «Eh, qizim-e, soddasan», dedi. «Bir kun pushaymon qilasan», dedi. Haqiqatan ham keyin, shu kunlarda pushaymon qildim. Ishonavering, azizim. Shunaqa bo‘ldi...
— Keyin?
— «Yo‘q, oyijon, man unaqa qilolmiyman», dedim. Keyin yig‘ladim. Ja xo‘rligim keldi... Keyin kampirga Tavakkal akangiz bilan qanaqa vaziyatda tanishganimni aytib berdim... Kampir uni yoqladi. Va-abshe, maqtasa arziydi-da u inson! Faqat, nima desam ekan, tarbiya ko‘rmagan-a? Siz nima deysiz? Qani, fikringizzi ayting-chi? Yashirmang, iltimos.
— Endi, qishloq joyning ta’siri bo‘ladi, albatta, — dedim. — Buning ustiga, u — gapini ikki qildirmagan yigit. Ishoning, Qashqadaryoda uni tanimaydigan kishi kam bo‘lsa kerak.
— Him, shuniyam aytdi... Ertasi mast bo‘lib kelib, yuzimga soldi. «Meni xor qilding, yaramas!» dedi.
— Shunday dedimi?
— O, bundan kottalariniyam aytdi... So‘ng, uchinchi kuni safarimiz qaridi. Qaytdik janoblari bilan...
— Keyin?
— Sovuqqina xayrlashdik... Malades, u uyimgacha olib keldi taksida. Man shundoq chiqqan edim. Da, esimda: bir-birimizga qarab kulishdik. Uning kulgusi... Lekin ja ezildi bechora, g‘ururi poymol bo‘ldi. O’rganmagan-de, toes, munaqasini ko‘rmagan-da... Xo‘rozga o‘xshab yugurganda, makiyonlar pas-s etib... Kechirasiz, aynib ketdim. Vabshe, bilasizmi, kunlarning birida mana shanaqa aynishniyam istab qolar ekansan. Axir, tilimizda so‘kishlar bor, haqoratlar... Nega ularni birovlar ishlatadi-yu, biz ishlatmay o‘tamiz? Ha-ha-ha... Hazil, azizim.
— Bilaman.
— Odam. Har qanday sharoitdayam odam bo‘lib qolishi kerak. Aks holda, hayvondan nima farqi qoladi? Mana, siz yozuvchilar yozasizlar. Har baloni: seks bormi, urush-janjal bormi — barini qog‘ozga tushirasizlar. Lekin bir maqsadni ko‘zlaysizlar-ku? Yaxshiliknimi? Ezguliknimi?
— Albatta, — dedim. — Chunki, Gulsaraxon, bu jihatlar odamzotning tabiatida bor. Lekin muayyan sharoit ta’sirida...
— Ponyatno! — Keyin kulimsirab, shunchaki dedi: — Meditsinada shaxsning xarakteri embriondayoq ma’lum bo‘ladi, degan gap bor, janobi pisatel.
— Bor, bor. Albatta, — dedim. — Insonning tabiatida «bor» deganimdayam shuni ko‘zda tutgan bo‘lsam kerak. To‘g‘ri, u yoki bu tomonga, o‘rischasiga aytsak, otklaneniya bo‘ladi, albatta.
— Otayizga rahmat.
— Yana quyay, a?
— A-aa, mayli!
— Gulsaraxon, siz anchagina o‘ziga to‘q, ham madaniy oiladan chiqqansiz-a?
— O, so‘ramang, — deb tag‘in kuldi u. — Yeshyo kak... Lekin, lekin ularning konstitutsiyasi boshqa edi.
— Nimasi?
— «Axloq kodeksi», — deb qah-qaha otdi-yu, darhol jiddiy tortdi. — Yo‘q, man ularning... — keyin menga yalinish bilan bokdi. — Keling, o‘sha yoqqa o‘tmaylik. Hozirgi dardim ham yetadi. Hozir ham man nimadandir umidvorman... Tushunasizmi, masalan, o‘h, Tavakkal akangiz sal boshqacha... Voy, man tushunaman, u erkak odam! Uning talabi, ehtiyojlari boshqacha... Eto yestestvenno. Him, man ham uning nog‘arasiga tushdimmi, demak, u istagan raqsni o‘ynashim kerak... Tushunyapsizmi?
— Ha, albatta.
— Lekin, man... Maya o‘zi jinniman, bu hayotga to‘g‘ri kelmiyman. Qiz bolaligimda singlim, singlim-a... manga: «Sen romantiksan, dadammi aytganini qil», der edi. Qilib ham ko‘rdim, dadamning aytganlarini. Natija chiqmadi. Qaytamga... Keling, shuni ichaylik. Man uchun hozirgi damlar, mana shu o‘tirishimiz ham g‘animatga o‘xshaydi.
— Qaysi ma’noda aytayapsiz, bilmayman-u, ammo har bir daqiqaning qadriga yetish kerak, deydilar.
— Da, nu! Ba’zan tezroq bu umr o‘ta qolsaydi, deysan. Umr — yelkangdagi yuk, mashaqqatlardan iborat bo‘lib ko‘rinadi... O’h, xvatit falsafa.
— To‘g‘ri aytasiz. Biroq, menga ishonib shuncha gaplarni aytganingiz uchun rahmat.
— Da, — dedi u mubham bir ohangda, boshini egib. — O’ylab qoldim-de, ziyofatdan chiqib: «Qatga borsam ekan? Kim maning dardimni tushunadi?»
— Rahmat.
— Balki sizning xolisligingiz uchun, yo‘q... ana-vi boyvachcha vallamatga yaqinligingiz uchun, ha-ha, bizning u bilan munosabatlarimizni faqat siz bilardingiz. Beixtiyor guvoh bo‘lib qolgan edingiz. So‘ngra odamlarning gaplarini yaxshi tinglaysiz. Va hokazolar! Qani?... — U yana kulib yubordi. — Sizdan uyalmiyman, Quvvatjon. Anchadan buyon biladiganga o‘xshiyman. Yoshimiz ham teng bo‘lsa kerak... Eng muhimi — siz odamlarning ustidan kulmaysiz.
— O’, aslo, — dedim. — Haqqim yo‘q. Kulish lozim bo‘lsa, mening ustimdan ham juda kulish mumkin.
— Ko‘p yashang.
— Sizlar bilan, el qatori.

13

Shundan keyin sezib qoldimki, suhbatimiz ado bo‘lgandek: illo Gulsara hasratini qilib bo‘lgan, men eshitgan, u ko‘nglini bo‘shatgan, xo‘-o‘sh, Tavakkalga nis-batan munosabatini aniq aytmagan hali, balki aytib bo‘lgan ham edi.
Shundoq gurungga yangi ruh bergan narsa — mening aziz mehmonlarim — qaldirg‘ochlarim bo‘ldi. Derazalarda ochilgich uskuna ustidagi xo‘rozi «chirq-chirq» etdi, xonani bir aylanib, derazaning yuqori ko‘ziga o‘rnatilgan sovutgich ustiga qo‘ndi. Shunda makiyon qaldirg‘och ham asta-asta chirqillab qo‘ydi. Voy, bularning bir-birini tushunishlari!
Qaniydi, Sulaymon payg‘ambar ular so‘zlarini sharhlasalar-u, biz eshitsak!
Biroq, shunday taxmin qilish ham mumkin edi: «Qalaysan? Yaxshi yotibsanmi?» dedi erkagi. «Durust, harholda», deb qo‘ydi makiyoni. «Ha, unday bo‘lsa, yotaver», — «Siz ham damingizni oling». O’sha kunlarda, ishonasizmi, ona qaldirg‘och inida ko‘proq yotib qolsa, ota qaldirg‘och unga tumshug‘ida xo‘rak opkelardi: xuddi jo‘jasiga berganday qilib og‘zini ochar, ona qaldirg‘och kattagina boshini uning og‘ziga tiqib, naq jig‘ildonidan yemish olardi.
— Voy voy, — der edi Gulsara o‘zicha. — Oynanib ketay sizlardan.
— Bultur ham shu ikkisi kelgandi, chamamda, — dedim. — Umuman, bular bir-biriga juda sodiq bo‘ladi. Hatto aytishadiki, juft oqqushdan biri halok bo‘lsa, ikkinchisi ko‘kka ko‘tarilib, o‘zini qoyalarga urib o‘ldirar emish.
Gulsara xayollanib, totli «oh» yegan qizboladek tanglayini taqillatdi.
— Udivitelno! — Keyin menga jo‘ngina tikilib so‘radi: — Demak, bular bir-birini sevib, oila qurishar ekan-de? Fikrimni tushuntira oldimmi?
— Ha, — dedim. — Sevishmi bu, ko‘nikishmi bu, harholda tabiiy tanlanish yo‘li bilan juftlashadi bular.
— A, yestestvenniy otbor... — Keyin sho‘xgina tabassum qildi. — Baribir tanlashar ekan-de, azizim?
— Ha, endi, shunday, — dedim. — Lekin ularda tanlashning mezonlari boshqacharoq bo‘lsa kerak.
— Yerunda! Kechirasiz... Makiyonlari erkagining faqat kuchliligiga maftun bo‘ladi, deysizmi? Bari-bir... Zot qoldirish uchun erkakning kuchli bo‘lishi har qancha shart esa-da, baribir urg‘ochi uni sevishi kerak. — So‘ng u o‘z fikriga yana sho‘ng‘iy boshladi: sezib turibman, bu — uning uchun muhim edi. — Siz ular munosabatida qandaydir mezon bo‘ladi, dediyiz. Bo‘ladi, albatta. Ammo o‘sha mezon faqat kuchni o‘lchamaydi...
— Ajoyib fikr aytdingiz, — dedim uning ko‘ngliga borib. Va darhaqiqat, Gulsaraning fikrini quvvatlaydigan misol yodimga tushdi. Ana shu «yodga tushgani»ni aytgach, qolganini ham sharhladim: — Afrikada o‘zimizning zag‘izg‘onga o‘xshash bir qush bo‘larkan. Juda chiroyli, «Hayvonot olamida» ko‘rsatishgan edi. Xo‘rozi, ayniqsa, go‘zal bo‘lar ekan... Siz yeb o‘tiring, iltimos. Menimcha, ziyofatda to‘yib ovqatlanmagan bo‘lsangiz kerak?
— Topdingiz, azizim. Man, umuman, mehmondorchilikda deyarli ovqatlanmiyman. Ayniqsa, bizning... Nu ladno. Fikringizni davom ettiring, qiziq gap gapirvossiz.
— O’sha qushning xo‘rozi in qurib bo‘lgandan keyin shu uyasining atrofiga har xil latta-putta, yaltiroq-toshlar, hatto shisha siniqlarini ham opkelib, sochib, qo‘yarkan. Buyam kam, keyin uyasining atrofida aylanib, raqs tushar ekan. Qanotlarini hurpaytirib... Biram qiziq! Maqsad — makiyonning diqqatini tortish. Qizig‘i shundaki, bitta makiyon haligi molga qiziqib yoniga kelsa, boshqasi kelmay — o‘tib ketar ekan.
— Oh, qoyil! — deb yubordi Gulsara. — Siz ko‘p narsani bilasiz.
— Ko‘rganim-da... Shuni nazarda tutganda, sizning fikringizga qo‘shilish mumkin, — dedim. — Ya’ni, mana... mana shu qaldirg‘ochlar ham juftlashishdan ol-din bir-birini tanlagan ham, balki sevgan bo‘lishla-riyam mumkin.
— Mumkin emas, xuddi shunday!
U «shunday»ligini istar edi.
— Balki, balki, — dedim. — Xo‘sh, bundan murod.. Kechirasiz, siz ilgari turmush qurgan bo‘lsangiz kerak?
U divanga birdan yastanib, uh tortib yubordi. Keyin piyola tubida qolgan ichimlikni birdan sipqordi-da:
— Mne pora, dorogoy moy, — dedi. — Uzr, bezovta qildim bemahalda, — so‘ng yig‘ishtirina boshlab, davom etdi: — Tavakkal akangiz telefon qilib qolsalar, salom ayting... Him, mejdu prochim, aytmasangizam bo‘ladi.
— Aytaman, — dedim. U qah-qah otib kuldi.
— Qaniydi...
— Nima?
— «Kazaki» filmini ko‘rgansiz-a? Bir zamonlar ja tomosha qilardik. O’shanda Orlova degan bir go‘zal ayol... aktrisa Gardi Gardievich degan bir... barvasta, shop mo‘ylov rais bilan vidolashgach, chiroyli bir ashula aytib ketadi. Foytunda, — So‘ng Gulsara ovozini bemalol qo‘yib aytib yubordi: — «Kakim t? bil, takim ostalsya... T? moy dorogoy...»
Man qo‘shni xonadagilar eshitadi, deb jilla xavotirlanganim yo‘q, aksincha, uning yana aytishini istar edim... Chunki, yana ont ichib aytaman, xudo bunga ovozdan ham bergan ekan.
Afsuski, yo‘lakdan kimningdir nimadir degani eshitilib, Gulsara kafti bilan og‘zini yopti.
— Uyat, a?
— Yo‘q, — dedim.
— Mayli. Kulishsa — kulishar... Da, Tavakkal haqida (u «aka»ni tashlab ketdi) yana nimadir demoqchiydim. O’x, chyort.
— Shoshmang, — dedim men ham qo‘zg‘olib. — Sizga qo‘ng‘iroq qilmadimi?
U lablarini cho‘chchaytirib, kulumsiradi. Keyin:
— Man kvartirammi almashtirvordim, — dedi. — Ha, tovarish pisatel. — Keyin birdan xo‘rsindi, — Jinniman-a?... O’z, o‘zimni o‘zim o‘ldirib qo‘ygim keladi... Shunaqa. Janoblari ketayotganda mani taksidan tushirib qo‘ygandan keyin: «Baribir qo‘limga tushasiz», dedilar...
— O’h, qaysar.
— Qaysarlik emas, johillik bu, azizim... Bilasiz, u yigitning qo‘lidan har ish keladi.
— Men fikringizga qo‘shilmayman, — dedim. — Shunday yot yurtlarda qo‘pollik qilmagan kishi...
— Him, bu gapingiz ham to‘g‘ri.
— Bekor almashtiribsiz kvartirani... Gulsara, balki telefon nomeringizni tashlab ketarsiz? Men unga berib qo‘ysam, yomon bo‘lmasdi.
— O, o! Mutlaqo, — dedi u.
Men bo‘sh kelmadim, illo bunga to‘la asosim bor edi:
— U ayol kishiga zulm qilmaydi hech qachon, — dedim. — Men eshitmaganman, aksincha, surxondaryolik uch-to‘rtta qizlar Qarshi pedinstitutida o‘qiyotganda, ularni bezori bolalardan himoya qilib, bittasini pichoqlab qo‘ygan. Shuning evaziga sakkiz yil yotib chiqdi... — Gulsara menga so‘mrayib qoldi. — Ehtimolki, o‘sha voqeadan keyin biz aka-ukadek bo‘lib ketdik. Him, o‘sha qizlardan biri menga yaqin qarindosh bo‘lardi. O’sha yig‘lab aytib bergan. «Bular — mehmonlar-ku, nokaslar! Tarqalinglar!» deb baqirgan. Ular Tavakkal akaga tashlanishgan, u kishi...
— Nu-nu, eto j strashno, — dedi Gulsara. Keyin chehrasi birdan yorishib ketdi. — Umuman, yigit kishining ishini qilgan ekan. Qoyilman.
— Shunaqa.
— Nega bo‘lmasam menga «unaqa» dedi?
— Endi, alami kelib... O’zingiz yaxshi tushunasiz-ku? Kvartirani almashtirib chakki qilibsiz.
U boshini xam qilib, dasturxonga tikilib qoldi. Keyin parishonlik bilan:
— Shu shishani olsam maylimi? — dedi. Dedi-yu, ko‘zi yoshga to‘lgandek yiltirab ketdi. Men uning charm sumkasini qo‘lidan tortibgina olib, shishani soldim. Keyin qazi-qartaga qo‘l cho‘zgandim, u endi sumkani tortib oldi. So‘ngra «Rodopi»dan birini-da olib: — Bilasizmi, kvartirani ikki xonaliga almashtirmoqchiydim, — dedi. — Uch xonalik edi.
— Telefon nomeringiz...
— O, yo‘q. — So‘ng kuldi. — Kerak bo‘lsa, topib oladi. Ha-ha-ha! Erkaman-a?
— Yo‘q, siz o‘zingizning qadringizga yetasiz. Lekin, aybsiz parvardigor, deydilar.
— Da, kaneshna... Xo‘p, mani pastgacha kuzatib qo‘yarsiz?
— Katta yo‘lgacha.
— Uf-f. Da-a... E, xayr qaldirg‘ochlar! Azizlarim! Bir-birigata sadoqatli bo‘linglar!
— Rahmat, Gulsara.
— Endi uchrashmasak kerak.
— Nega?
U hiringlab kuldi.
— «Chuyu» degan ekan chukchi.

14

Yo‘lakka chiqqanimizdan keyin men yana uyga qaytib kirib, stol tortmasidagi «bir qora kunga» deb saqlab qo‘ygan aqchamdan taksi puli olib chiqdim. O’zingiz ham payqagan bo‘lsangiz kerak, Gulsaraning qaytib ketishga puli qolmagan («borini uchdan birini bervorgan») edi; bundan tashqari, juvonning shishani olishi-yu, o‘sha paytdagi miskin holatidan ham ma’lum ediki, u har qancha go‘zal kiyingan va mag‘rur boyvuchchadek ko‘rinmasin, «cho‘ntagi kasal» ekan.
Omadni qarangki, yengil mashinalar to‘xtamiga chiqsak, bitta «VAZ-31»dan yelkasiga charm to‘rva osgan ajnabiylar tushishmoqda, haydovchi orqa qopqani ochib, g‘ildirakli charm chamadonni chiqarmoqda edi.
Uning yaqiniga borib so‘radim:
— Shaharga qaytasizmi, aka? — Ha..
— Bitta mehmon bor edi.
— Faqat skvergacha, — dedi-da, jomadonni yerga qo‘yib, Gulsaraga qarab oldi. — Shu kishimi?
— Ha..
— O’tirsinlar.
— Mana, yuz ellik so‘m.
— Bo‘ladi. Hozir... — U jomadonni g‘ildiratib ketdi. Men Gulsarani imlagan ko‘yi yoniga bordim.
— Sizni opketadi.
— Xayriyat, taksimas ekan. Men taksislarga ko‘p ishonmiyman... Rahmat sizga.
— Iltimos, pul chiqarmang, — shunday dedim-u, mehmonlarning yukini zinapoya pastida qoldirib qaytayotgan haydovchiga peshvoz borib, kira haqini berdim.
Gulsara kabinaga kirayotganda atayin kulib:
— O, bosslarning moshinasi-ku! Supervolga, — dedi. — Eslab qoling, janob pisatel!
— Xotirjam bo‘ling, — deb eshigini yopdim. Oyna-sidan boqib: — Ko‘rishguncha, — dedim.
U kulib yubordi.
— Yomonsiz...
— Balki nomeringizni aytarsiz? — dedim. — Eson-omon yetib borganingizni bilardim.
U yana qah-qah otib kuldi.
— Yo‘q. Kerak bo‘lsam, o‘zi topsin...Chao. Uzr, sizni ishdan qoldirdim.
— Aslo.
Shunday qilib, Gulsara ketdi va oradan biron hafta o‘tdimi — Tavakkalbek Kitob tumanidan qo‘ng‘iroq qilib qoldi. U shirakayf va tajang edi.
Mendan hol-ahvol so‘rashni orqaga surib:
— Gulsara tirikmi? Ko‘rdingizmi hech?.. Men borolmayapman! Har yerda — qurilish! Bosh qashishga vaqt yo‘q, uka. Lekin u yaramasni bir sekund ham unutganim yo‘q, — deb savol aralash gapni qatorlashtirib tashladi.
— Gulsarangiz o‘n kuncha burun kelib ketdi, — dedim. — Kayfiyati o‘rtacha.
— «Kelib ketdi?» Dachaga?
— Ha. Bir soatcha o‘tirib ketdi... Sizni so‘radi. Menimcha, u bilan uchrashsangiz yomon bo‘lmasdi.
— Telefoniga nima bo‘lgan uni? Ming marta qo‘ng‘iroq qildim... O’sha uchrashuvimizdan bir kun oldin olib edim nomerini. Telefon qilganimda, tushib edim...
— U kvartirasini o‘zgartirgan, — dedim. — Kerak bo‘lsam, izlab topadi, dedi.
. — Shundaymi? «Topadi» dedimi? — hovliqib so‘radi u. Xursand bo‘lib ketganiga shubha yo‘q edi. — He, qistaloqning qizi... Quvvatjon, unaqasi bitta tug‘i-ladi...
— Fikringizga qo‘shilaman, — dedim.
— Vsyo! Men yaqinda boraman. Toshkentda bo‘lsa, topaman uni... E, sizning telefoningiz nimaga zaynit bo‘ladi nuqul?.. A? Mehmonlar ko‘p? Ha-a... Bir-ikki marta so‘raganimda, shaharga tushib ketganlar, deyishdi...

15

Tavakkalning «yaqinda» degan muddati uzoqqa cho‘zilib ketdi: na ijod bog‘iga keldi, na sim qokdi. Men ular ikkovlonning juda yaqin, juda yaqin, hattoki birga bo‘lishlarini ich-ichimda istaganim uchunmi, nazarimda, ular til topishgandek, demak (ne ajab!) meni unutgandek edilarki, bundan ham qanoatda edim.
Biroq ko‘nglimda gumonlar ham kezib qolardi: «Til topisholmadi - yov.
Aks holda, deylik, «yarash-yarash»ni nishonlash uchun ham birrov kelib ketishlari lozim edi».
Shunday o‘ylashga qandaydir ma’naviy haqqim borligi uchunmi, hatto Tavakkalning qo‘ng‘iroq qilmagani qandaydir malolroq kelib turgan kunlarning birida...
...qaldirg‘ochlarim hayotida bir ajib tomoshani ko‘rdim.
Qosh qorayishiga yaqin ulardan qaysi biri tashqarida bo‘lmasin, albatta «chiy-chiy»lab uchib kelar, xonani shifti ostida bir aylanib, tupukda iylab va somon qipiqlarini qo‘shib «pishitgan» loylaridan yasalgan qattiqkina chipor inning labiga qo‘nar, xo‘rak keltirgan bo‘lsa, tumshug‘ini ochib sherigiga tutar, agar sherigi ilgariroq kirib o‘rnashgan bo‘lsa, bir-ikki sas chiqarish bilan qanoatlanar va o‘ng kelgan joyga qo‘nib, tunni o‘tkazardi. Goho ikkalasi ham tashqarida bo‘lishsa, ketma-ket uchib kelishar, shunda, tasavvur etingki, sap-sariq tumshuqchalarini boricha ochgan jo‘jalari chiyillashib qarshi olishar, ota-ona ularga navbat bilan yemak berishardi.
O, bularning tashvishlari!
Go‘yoki bor bisotlari — shu bolalariyu barcha xatti-harakatlari — ularning qornini to‘ydirish va, demak, uchirma qilishdan iboratdek tuyulardi!
Men bu ajib qushlarni taniganimdan buyon — inoq, ahil, bir-biriga mehribon, deb o‘ylab yurardim albatta va bu borada Gulsara bilan ham bir oz gaplashgandik.
Yo‘q, birodar, bularning orasida ham xuddi odamzotning er bilan xotini orasidagi...
Bir daqiqa bardosh qiling.
Bir oqshom ona qaldirg‘och xufton mahali chiyillab uchib xonaga kirdi-da, jon holatda og‘zini ochib, o‘ziga chorlay boshlagan bolalariga qaramay, qaytib chiqib ketdi. Biroq, ikki-uch daqiqadan keyin yana o‘kdek uchib kirib keldi-da, tag‘in xonani aylanib va asabiy chiy-chiylab, inining qirg‘og‘iga qo‘ndi. Keyin bolalarining nafsini qondirib, ular ustiga astagina o‘tdi-da, bag‘rini berib yotdi. Biroq, onlar o‘tib-o‘tmay chiy-chiy etar, uning zorlanayotgani shundoq bi-linib turardi.
Erkak qaldirg‘ochdan darak yo‘q. (Men ularning jussasi va dumining uzun-qisqaligiga qarab, nari qaysiyu modasi qaysi — taxminlab bilib olgan edim.)
Baxtga qarshi, havo sovib, yomg‘ir savalay boshladi. Derazani yopay deyman, ammo erkak qaldirg‘ochning kelishini kutaman: hozir kelar, endi kelar...
Makiyon hamon «chiy-chiy» etadi. Endi uning unidan nochorlik, ojizlik sezilardi.
Shunda ko‘p taxminlarga bordim: «Elektr simiga qo‘ngan bo‘lsa — tamom... Yoki biron yirtqich qushning domiga ilindimi? Yo‘q, uning qirg‘iylar bilan yonma-yon uchib yurganini ko‘rganman... Nima bo‘ldi ekan unga? Ha-a, sho‘x bolalar rogatka bilan... Qayda! Unga sochma o‘q ham tegmaydi...»
Xullas, shu kecha derazani yopmadim. Qalin kiyinib yotdim. Chiroqni ham o‘chirganim yo‘q: uchib kelishi mumkin. Adashib qolmasdan inini topsin...
Men-ku uxlab qoldim. Ammo ona qaldirg‘och uxlamadi hisob: qachon uyg‘onib ketsam, uning ingragan kabi nolasi eshitilar, yulduz-qurtdek ko‘zlari yiltillab ko‘rinar edi.
Odatdagidek, soat beshlarda o‘rnimdan turdim. Tong yorishib qolgan, ona qaldirg‘och esa, hamon... uyg‘oq edi. Xuddi shu mahalda derazani ochardim-u, u (ham) yemak g‘amida uchib chiqib ketardi. Bu gal joyidan jilmadi.
Bir mahal, sopol choygumimni suvga to‘ldirib, ichiga qaynatgichni solib, endi tokka ulayman deganimda, shuvillab, ha, o‘qdek uchib ota qaldirg‘och kirdi. Kirdi-yu, in labiga qo‘ndim deganda, ona qaldirg‘och unga shunday hujum qildiki, bir necha patchalari to‘zib ketdi. U qochib, darparda ilig‘lik temirga qo‘ndi. Ona qaldirg‘och uni quvlab borib, tag‘in boshini cho‘qiy boshladi. Ota qaldirg‘och tag‘in qochib, sovutgich ustiga qo‘ndi-da, qandaydir qunishib, bo‘ynini qisib turaverdi.
Xotini uni rosa cho‘qidi, hatto ustiga chiqib olib, yelkalarini cho‘qidi. Eri jim turib berdi. Nihoyat, makiyon toliqdi shekilli, erining kiftida bir oz turib, patlarini tozalagan bo‘ldi-da, iniga uchib chiqdi.
Keyin ota qaldirg‘och ham o‘zini silkitib, qandaydir oro bergan bo‘lib, «chirq-chirq» etdi va uyasining chetiga chiqib qo‘ndi. Makiyon ham «chirq-chirq» qildi-da, birdan uchdi. Uning ketidan erkagi ham uchdi. Shuvillab tashqariga chiqib ketishdi.
Men lolu hayron edim.
Bir narsa shak-shubhasiz ediki, erkak qaldirg‘och kechasi uyga kelmay qolgani uchun makiyoni uni talagan, uning miq etmasdan turib berishi esa — aybini bo‘yniga olganini ko‘rsatar edi.
Ammo u tongda kelar ekan-ku, nega tunda, to‘g‘rirog‘i, vaqtida kelmadi?
Biz insonlar o‘zimizcha fikrlaymiz, ya’ni, masalan, «mushukkina yilida bir marta mov bo‘ladi», deb qaldirg‘ochlar haqida haligiday, «o‘ynashining uyida qolgan», deyishimiz ham mumkin. Lekin bu — odamga xos «fikr» bo‘ladi xolos... Ona qaldirg‘och uni «rashk»dan taladi, «qizg‘anib» taladi, deyishimiz ham mumkin. Biroq bu taxminlar bari — ota qaldirg‘ochga tuhmat bo‘lishiyam mumkin... Demak, o‘sha gap-gap: erkak qaldirg‘och kechasi uy(i)ga kelmay qolgani uchun «xotini» dan jazo oldi.

16

Ushbu voqeadan keyin ham haftalar o‘tdi. Tabiiy, o‘z ishim — yozuvim bilan mashg‘ul bo‘lib, Tavakkal aka bilan Gulsaraning munosabatlari qanday kechgani (agar uchrashishgan bo‘lsa) haqida ham onda-sonda eslaydigan bo‘lib qoldim. Biroq, ular, xususan, Gulsara yodimga tushishi zamon makiyon qaldirg‘ochning qilig‘i ham xotiramda uyg‘onar, ular bilan ayniqsa, Gulsara bilan uchrashib qolsam, albatta «azizim» deb suygani qaldirg‘ochlarning bu mojarosini aytib berish va uni qandaydir taxdil etish, balki u bilan Tavakkalga tegishli xulosa ham chiqarish mumkinligini o‘ylardim.
Zero, o‘zim ularning aloqasini qushchalarning o‘zaro munosabatlariga o‘xshatolmas edim.
Biroq, makiyon qaldirg‘ochning «eri»ga qilgan «muomalasi»dan o‘zimga tegishli saboq oldim.
«Oilam meni erkin — o‘z holimga qo‘ygan», deb haftalab uyga — uyimga bormas edim va borsam, xotinim goho ilmokdi gaplar qilar, mendan noligan bo‘lardi.
Shunda men: «Qo‘ysang-chi, onasi. Rashk qilish — bizga yarashmaydi. Pirovardi, bu — bir-birimizni kamsitish bo‘lardi...», der edim va mana shu mantiqiy fikrga inonardim.
Qaldirg‘ochlarning o‘zaro aloqalari menga shuni ko‘rsatdiki, rashk, qizg‘anish, qolaversa, juftidan xavotir olish va nolish — bular barisi tirik jonzotlarga xos bo‘lib, faqat insongina «mantiqan fikrlash qobiliyati»dan foydalanib, uni inkor etmasa ham, panja orasidan qarashi mumkin ekan...
Qisqasi, kuz ham yetib keldi, to‘g‘rirog‘i, kuzga ham yetib bordik.
Qaldirg‘ochlarim bolalarini uchirma qilib, xonamni tark etib ketishdi...
Deraza yaqinidan o‘tgan simlarda son-sanoqsiz qaldirg‘ochlar tizilib o‘tirishar, keyin duv-duv uchishar, men aziz hamxonalarimni taniy olmas edim-u, shod edim: yaqinda ular uzoq — issiq o‘lkalarga uchib ketishadi. Va qishni o‘sha yoqda o‘tkazib, bahorda bizga qaytishadi.
Men esam — bu yerda turishi yana nasib etsa — ularni yana derazalarimni ochib, kutib olaman...
Voqeadan bir oz uzoqlashdim. Na chora, bu bahor qushlari — elchilari ham suhbatlarimizga rang bergan, fikrlarimizni tinikdashtirgan «ulfatlar» edi.
Ana o‘sha qaldirg‘ochlar gala-gala bo‘lib uchib keta boshlagan kunlarning birida...
...Jumhuriyat Radioeshittirish Qo‘mitasiga borayotgan edim. Anchadan beri yozayotgan qissam tugagani uchun undan bir eshittirishlik parcha diplomatimda, metroning Amir Temur bekatida tushib qolib, o‘sha restoran yonidagi daraxtzor xiyobondan tez-tez yurib (xayolimda Tavakkalu Gulsara bilan o‘tirgan chog‘imiz suratlanib) borayotgandim, qiyshayib o‘sgan yolg‘iz sanobar (sosna) ostidagi yog‘och o‘rindikda chekib o‘tirgan ayolga ko‘zim tushib, uni Gulsaraga o‘xshatdim.
Biroq, bu juvon xiyla ozg‘in, tag‘in — rangi o‘chgan jinsi yubka bilan ko‘ylak kiygan, sochini ham kalta kestirgan (o‘sha kezlar sochi yelkasiga tushib turardi), o‘tirishida ham qandaydir chapanilik bor edi.
Rost aytayapman, uning nimasini Gulsaraga o‘xshatganimni ham, unga sinchkovlik bilan qarab olganimning ham sababini bilmayman: qandaydir tuyqusdan ko‘zim tushgan edi. Balki restoranda o‘tirganimizni eslashim bunga sababdir.
Qisqasi, uch-to‘rt qadam bosgandan keyin yana unga qayrilib qaraganimni bilaman... tanish tabassumga yo‘likdimki, taqqa to‘xtab qoldim.

17

U — Gulsara edi.
Qandaydir hayajonlanib, nimalardandir xijolat tortib, ammo ichimdagini sirtimga asti chiqarmay, xayol qilingki, u bilan kuni kecha xayrlashgan kabi bir qalbaki mamnuniyat bilan oldiga yo‘naldim.
Gulsara, nazarimda, menga boshdan-oyoq razm solib chiqdi-da, qandaydir kerishib, o‘rnidan turdi.
— O, tovarish pisatel!
— Salom alaykum, Gulsaraxon. — Unga e’tibor berajagimni yashirish uchun darhol uzatilgan qo‘lini oldim. — Salomat bormilar? Yuz dollarga o‘xshab ketdilar?
— Ho‘-o‘, — deya piching qilganday kulib qo‘ydi. — Marhamat, o‘tiring.
— Albatta... Birovni kutmayapsizmi?
— Yo‘q, — dedi u keskinlik bilan. — Shu trotuardan o‘tvossam, ichkarida «Tanovar» chalinvotgan ekan. Bitta maymoq o‘ynayotgandir-da, deb to‘xtadim. — Keyin yayrab kulib yubordi. — O’sha o‘tirishimiz esimga tushib ketib, sho‘tda o‘tira qoldim... Mejdu prochim, man sizni hu o‘tda ko‘rgan edim. O’sha kishimi-boshqami, deb o‘yladim... Qarasam — siz.
— Keyin teskari qarab oldingiz? — Ha..
— Bizdan biron gap o‘tganmidi?
— Oy, shto vm? Tak prosto... — U menga tik qaradi. Ovozida sezilarli hayajon bilan: — O’zgarib ke-tibmanmi? — dedi.
— Menimcha, yo‘q, — dedim. — Faqat bu kiyim-boshda birinchi marta ko‘rishim.
— Konechno... Lekin o‘zgarganman. Siz... siz hamma vaqt odamni ayab gapirasiz. Bu — yaxshi odat, lekin ba’zan yolg‘on so‘zlashgayam majbur bo‘lsangiz kerak?
Men «ayb»imni bo‘ynimga olgandek bosh irg‘adim-u, Gulsaraning barmoqdari beo‘xshov titrab ketganini ko‘rib qoldim. Yuziga boqsam, pastki qovog‘i sal osilgan.
— Him, Gulsaraxon, shaharni sog‘inib tushgan edim, rosti, — dedim. — Keyin, tasavvur etingki, metrodan chiqiboq uchovlon o‘tirganimizni esladim.
— Nu i nu!
— Ha... agar vaqtingiz bo‘lsa, mana shu restoran ostidagi choyxonaga kirib, besh minut o‘tirsak. Odam kam. Salkin tushib qoldi... Halaqit berishmaydi.
U menga qandaydir achingandek qarab turgan edi.
— Jonim bilan, Quvvatjon, — dedi. — Siz yaxshi odamsiz... Umuman, gaplashadigan gaplar anchagina yig‘ilib qolgan. Man bir-ikki marta dachayizga bormoqchiyam bo‘ldim. No... Oyog‘im tortmadi. — Keyin kulib yubordi. — Tuzukroq bir vecherdan chiqqanimda, borardim albatta!
Men ham kuldim.
Choyxona oldidagi hovuzning suvi yashil bo‘lib ko‘rinar, demak, ko‘pdan beri suvi yangilanmagan, umuman, choyxonadan fayz ketib qolgan, beton ustunlar orasidagi ko‘pchilik stollar bo‘sh, bufetda qandaydir italiyacha kuy ingranar, mutasaddi yigit — peshtaxtaga tirsaklab olgan qo‘ng‘iroqsoch kishi bilan erinib gaplashardi.
Chap tomondagi ustun panasida turgan stolni tanladim. Bufetga yuzlanib, Gulsaradan so‘radim:
— Shampanga qalaysiz?
— O, o‘zi-da! — deb jilmaydi xonim. — Lekin holingizga qarang, Quvvatjon.
— Quvvatjoningizning quvvati bitta shampanga yetar, — dedim-u, ildamladim.
— Ikkita fujer, shampan va gugurt qutisidek bir juft shokolad olib (cho‘ntakda faqat avtobus puli qolib), keldim. Gulsara mening ahvolimni sezib turgandek iymanish ham achinish bilan tabassum qilib:
— Yaxshi kunlar o‘tib bo‘lgan ekan-u, bilmay qolgan ekanbiz-de, — dedi.
Ikkovlon kulishdik. Shunda... atrofga qarab olganimni bilmay qoldim: bilsam, Tavakkalni izlayotgandek, u hozir yetib keladigandek bir holga tushgan ekanman. So‘ngra jilmayishni qo‘ymasdan kursiga o‘tirdim.
Shishaning sim bo‘yinbog‘ini burar ekanman, Gulsara birdaniga toshqin va qandaydir hasratli ohangda:
— Poqillatvoring! — deb qoldi. — Azizim, shunday qiling... To‘kilsa to‘kilar. Bir soat, bir minut bo‘lsayam yayrab o‘tirayluk! Okangiz aytganlariday — dunyo o‘tdi-ku... Aytmoqchi, jentelmen okayizzi ko‘rib turasizmi?
Mavzu darhol Tavakkalga burilganidan mamnun bo‘lib:
— Yo‘q. Sizlar uchrashib tursangizlar kerak? — dedim. Va davomini ham aytib yubordim: — Kaminani unutishdi, deb o‘pkagina qilib yuribman, ha.
Gulsara qattiq kuladigan kabi boshini orqaga soldi-yu, qandaydir xo‘rsindi, xolos.
— Yo‘-yo‘q. Aftidan, u kishigayam o‘shanda «alvido» deganga o‘xshab qoldim.
— Demak, uchrashar ekansizlar. Mengayam shunday devdingiz, mana, xudoning yo‘liqtirgani.
U mujmal bosh irg‘ab kuldi. Shunda shampan tiqini otilib, poqillab ketdi.
— Hayotning g‘animat ekanini tushunib qoldim, azizim, — dedi Gulsara fujerni ikki barmog‘ida aylantirarkan. — Barcha iztiroblar, orzu-armonlar — behuda ekan. Hayot shunday ekanki, har qancha osmonlarga chiqib ketma, o‘zining izmiga solar ekan. Keyin san o‘zingga qandaydir...
— Xo‘sh?
— So‘qmoq tanlar ekansan... Umuman, maning omadim kelmadi hech. Bir hisobda shunday bo‘lishi tabiiy ekan. Chunki man hayotdan ko‘p narsalarni talab etar edim... Ishoning, do‘stim, Cho‘lponmikan, qaysidir bir shoir: «Bu dengizning chuqurligini bilmay, qulochni  katta otdim men», degan ekan.
— Ha..
— Hayot boshqacha ekan.
— Siz tushkun gaplarni aytyapsiz, Gulsara... Esdan chiqarmang, egachi, — siz tushkun bo‘lasizmi, hayotni boricha qabul qilasizmi yoki yaxshi orzu-istaklarning qachondir bo‘lsayam ro‘yobga chiqishini orzulab bunga inonib yashaysizmi — umr baribir o‘taveradi.
— Ay, maning umrim... umrimning eng yaxshi, nurli chog‘lari o‘tib bo‘ldi, — dedi u va fujerini uzatdi. Cho‘qishtirgan bo‘ldik. — Qolgani foydaga qoldi. O’shani yaxshi o‘tkazishni o‘ylavomman keyingi paytlarda. Ammo «yaxshi o‘tkazish» uchun... Nu i k chyortu! Oldik, azizim! Tavakkal okayiz ham qolgan umrini yaxshi o‘tkazsin... Uniki yaxshi o‘tadi. Chunki u perejivaniyani bilmaydi.
— Menimcha, unchalik emas.
Fujerlar ichidagi «jodugar» kamaygani sari suh-batimiz qiziy boshladi.
Bu orada u jildini tizzasiga qo‘yib, undagi ko‘zguga bir-ikki marta qarab oldi. Ko‘z jiyaklarini jimjilog‘ida artgan bo‘lib, anchagina qizil surilgan lablarini yalab qo‘ydi. Nazarimda, u vaqt o‘ggan sayin o‘zida qandaydir sifatli o‘zgarishlar yuz beradigandek — shuni umid qilayotgandek tuyular va ko‘zgudagi aksidan qanoatda emasligini bildirib qo‘yardi.
Ko‘nglimdan kechgan tag‘in bir holni qayd etishim lozim. Gulsara shu tobda ilk bor restoranda o‘girgan o‘sha mayin — uyatchan va g‘amgin juvonga deyarli o‘xshamas, «deyarli» deganimning boisi — favqulodda yangroq kulib yuborishi-yu, shijoatigina uni g‘ira-shira eslatar edi. Qolaversa, kechasi ijod bog‘imizga borgan chog‘idagi qiyofasi ham deyarli o‘zgargan, hozir u — xiylagina chapani, ya’ni betgachopar, qayoqqadir ketvorishga shaydek — bir jonsaraklik unda bor, yuzining biroz cho‘zilib, yanokdarining botinqirab qolgani va ko‘z qarashlarida asabiy bir iztirob, uyquga to‘ymay uyg‘onib, uyg‘otganning yuziga tarsaki tortib yuboradigandek teran bir holatda ham ediki, men uning siymosida odamzodning shugina o‘ggan vaqt orasidayam yetarli darajada o‘zgarib qolishi mumkinligini ko‘rib turardim. Va, o‘z-o‘zidan ma’lumki, bu qaydlar bari ichimda edi.

18

— ...«Unaqasi bitga tug‘iladi» dedi, — deya takrorlab, gapimni davom ettirdim: — Menimcha, o‘sha kuni Toshkentga uchib kelgan bo‘lishi kerak.
Gulsara miyig‘ida jilmayib, iyagini boshmaldog‘ida qashib turarkan.
— Yo‘q, yo‘q, — dedi. — Toes, u kelgan. Kelgan ekan! Bizning pad’ezdagilardan ham so‘ragan ekan mani. Lekin, man ahmoq ularga: «Qatga ketganimni aytmanglar», devdim. Chunki okayizning kelishini bilardim.
— Chakki qilgan ekansiz-e.
— Aytvomman-ku, jinniman, deb... — Keyin yana lablarida menga tanish g‘amgin tabassum paydo bo‘ldi. — Bechora paliklinikagayam boripti. Glavvrachga: «Gulsarani topib bermasangiz, xapa qilaman» depti. U iplos qatga ishga o‘tganimmi bilsayam aytmas edi... Xudoning zorini qilib qutulipti...
— Shoshmang-shoshmang, siz ishdan ham ketdingizmi?
— Ay! — dedi u g‘ijinib. — Baribir ketmoqchiydim... — Keyin lablarini qimtidi-da, boshini saraklatdi. «Hozir yig‘lavoradi» deb o‘yladim. Xayriyat, uning ovozigina «yig‘lar» edi: — Odammi xor qilishadi.
— Ya’ni?
— «Men bilan yurgin» der edi-da-e... Og‘zidan qoni kelsin unaqa erkakning!
— A-a, past odam ekan.
— Past... — deb takrorladi-yu, boshini ilkis ko‘tardi. — Tavakkal okayizzi undan nima farqi bor? A?.. Xo‘p, okayiz — mard, vallamat yigit.
— Endi, yigitlik — itlik, degan gapam yo‘q emas.
— Itlik! Topib aytdingiz... E, xudojonim, nimaga munday, a, bu insonlar? — Uning surma tortilgan kipriklari pirpirab, ko‘zlari g‘ilq yoshga to‘ldi. — Axir, shu ishlari bilan ular o‘zlarini yerga urishadi-ku? Moldan farq qilishmayotganini nahot sezishmasa?! Yo‘q, sezishmaydi.
— Shampanning ko‘pigi uchib ketdi.
— Rahmat.
— Xo‘sh, Tavakkal akaga kelsak...
— Qo‘ying o‘sha kishini... O’ziyam bir tavakkalchi ekan. — Keyin vinodan sipqorib; yana o‘ylanib qoldi-da, tiniq jilmaydi. — «Unaqasi bitta tug‘iladi» dedimi?
— Xuddi shunday dedi, — qaytardim jonlanib. — Menimcha, u sizning qadringizga endi yetayapti.
— Bilmadim-de... Ha-ha-ha! — Kulgisi to‘xtamasdanoq tag‘in g‘amgin tortib qoldi. — Man ham o‘zimni «bitta...» deb o‘ylardim. — Menga yalt etib bokdi. — Kechiring mani. Ahmoqlik qivomman. Ammo sizga rostini etivomman. Albatta bu — soddalik, jo‘nlik... Vabshe, ko‘pchilik qizlar ham shunaqa deb o‘ylasa kerak. — Keyin yana ko‘zguga qaraydigandek sumkasini ochdi-yu, davom etdi: — Chesni aytaman: man o‘rtoqlarim orasida eng go‘zali edim. Kulmang faqat... Rahmat. Kitobiy tarbiya topdim shekilli, ritsarnamo yigitlarni orzu qilardim. Albatta, bittasini-de! Xa-xa-xa... Ja ochilib ketvomman. Mayli, siz kulmaysiz.
— Mutlaqo! — dedim. — Biroq, Gulsaraxon, sizsiz ham sizni bir ko‘rgan kishi xolis bahoyingizni beradi. Ont ichaman, hamon juda go‘zalsiz.
— Rahmat. Lekin keyingi vaqtda ozdim, ko‘p perejivaniya qildim. Juda... — Keyin shoshilib, aytmasa — esidan chiqib qoladigan bir holatda davom etdi: — Paliklinikadan ketganimdan so‘ng pulsiz qoldim.
— Boshqa ishga...
— E, o‘lib ketsin o‘sha iplos. Manga buyruq chiqarganida, «tani sog‘ emas, zakritiy tuberkulyozi bor», deb yozgan ekan. Man o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Yo‘talim bor, eskitgan bor... Balki o‘pkam xastadir. Ammo tuberkulyoz?! Izvenite... Yaponlarning apparatigayam tushib ko‘rdim. Soppa-sog‘man.
— Qachondir shamollagandirsiz-u, asorati qolgan bo‘lishi kerak, — dedim.
— Otayizga rahmat... Lekin u yaramas bir bahona topib, mani yiroqlashtirishi kerak edi. Chunki, ishoning, mani ko‘rsa, qaltirab ketovurardi.
— Ko‘rmayin ham, kuymayin ham depti-da.
— Shu-shu... — Keyin menga bir samimiy tikildi. — O’shanda, ishdan ketgan kunlarim Tavakkal akani har soatda... kutardim. O’liy agar, ros etivomman. Tag‘in nimani o‘ylardim deng? O’sha glavvrachchi urdirmoqchi bo‘lardim.
Ikkimiz ham mazza qilib kuldik. Lekin mening ko‘nglimda shunday bir fikr ham ildiz ota boshladi: «Bu juvonning Tavakkalda ko‘ngli bor...»
Ha-ha, oldingi suhbatdayam bir necha marta: «Qaniydi...» degan so‘zni aytgan edi.

19

Shu payt yonimizdagi eshikdan (shu eshikdan ham restoranga yo‘l bor) har doimgiday xipcha, bashan kiyingan, qo‘ng‘irsoch Husanjon qo‘lida bir dona nozik chinnigul bilan chiqib kela boshladi. Men o‘rnimdan turdim: aytishim lozimki, bu — zal boshlig‘i boshqa mijozlari bilan qanchalik yaqin bo‘lmasin, menga bir do‘sti kabi qarar (bir suhbatda mening undan ikki kun oldin tug‘ilganim ma’lum bo‘lgan, shundan keyin men unga «Akangizman, aka deb chaqiring», deya hazillashardim ham), bir ko‘rgan odamining nima kasb bilan shug‘ullanishiyu «soqqasi» ko‘p-ozligini ham bexato aytib berar, aksari o‘ris ofitsiantlarga bosh ekani, ovrupocha muomalani o‘rniga qo‘yishi ham menga yoqar edi.
— Assalom alaykum! — U gulni xonimga berdi.
Salom ham ko‘proq Gulsaraga qaratilgan edi. Biz o‘zaro «o‘pishdik», ya’ni, chakkamizni chakkamizga tegizib oldik. Keyin men uni bo‘sh kursiga taklif etdim. U o‘tirmayoq qo‘shni stoldan taqsimcha olib, shokoladlar qoldig‘ini joylab qo‘ydi. Keyin sho‘xgina jilmayib, fotiha o‘qidi-da:
— Nega bu yerda yashirinib o‘tiribsizlar? — dedi. Men bu savolni «hazil» deb o‘ylagan bo‘lsam ham:
— Kimdan? Sizdanmi? — dedim. Shunga Gulsara ham kaminani qo‘llab tushdi.
— Biz oshini ko‘chada ichadigonlardanmiz, o‘rtoq zavzal!... Xo‘sh, boyvachcha klientingiz keldimi yaqinda?
Men bularning, harqalay, tanishganlarini, o‘rtalarida Tavakkal haqida gap bo‘lganini ham tusmolladim. Va miyamning qandaydir orqa tomonidan bir o‘y o‘tdi: «Gulsara kim-kimlar bilan restoranga kirgan bo‘lishi mumkin?»
— Klientim, — deya qizg‘in tabassum qildi Husan, — mana, ikki minut oldin shu yerda edi.
— A? — Men o‘rnimdan turib ketayozdim. — Hozir qaerda? Shu yerda bo‘lsa, topish kerak!
— Nazarimda, ketdi-yov, — dedi Husan tepaga, ikkinchi qavatda joylashgan restoranning derazalariga qarab. Bitta hamrohiyam bor edi. Rashyot qildi-yu, xolga chiqdi. Sal oqsabroq ko‘rindilar... Nima, kelganidan bexabarmidinglar ?
— Do‘stim, uni topish kerak, — dedim. — Menga suv bilan havodek zarur.
— Ha, bir ko‘rsak, yomon bo‘lmasdi, — dedi Gulsara ham hayajonini bosib. — Sho‘tda tunadimi kecha? Qachon keluvdi o‘zi?...
Men uning o‘zini tutolmay qolayotganini sezdim: shuncha savolni qatorlashtirib tashladi.
— Soat o‘n bir yarimdan buyon o‘tirishuvdi, — dedi Husan o‘rnidan turib. — Abeddayam bo‘lishdi... «Tanovar»ni, bilmadim, necha marta chaldirdi...
Husan tez burilib ketdi. Men Gulsaraga qaradim.
U karaxt tortib qolgan, ko‘zlarida zsa yana... yiltiroq shu’lalar paydo bo‘lgan edi.
— Gulsara, menimcha, u sizni sevadi, — dedim. — Kechirasiz, sevib qolgan bo‘lishi kerak.
— Yerunda, — deb yubordi u birdan. — U odam ayol kishiga perchatka deb qaraydi.
— O’, xato qilyapsiz, — dedim. — To‘g‘ri, uni bu yo‘rug‘da «oppoq» deyish mumkinmas.
— «Oppoq?»
— Kechirasiz, shu so‘z tilimga kelib qoldi... Lekin, u ayol kishini hurmat qila biladiyam.
— Bilamiz, nima maqsadda hurmat qilishlarini... — Gulsara oldimdagi «Rodopi»dan oldi. Men chaqmoq chaqib tutdim. — Tavba, o‘zi «surqash»lar bir-birni himoya qiladi deb eshitardim bir vaqtlar. Uzr, ular guruhiga siz qo‘shilmagandirsiz balki... Ammo siz taraflarda mahalliychilik...
— Gulsara, — dedim keskin. — Chalg‘ib ketyapmiz... U mening singlimni, toes, jiyanimni himoya qilgan. Him, xotini haqida hurmat bilan gapiradi. Sizni esa... — Keyin jahlim chiqa boshladi. — Xonim, agar u yigit juvonga... zor bo‘lganida, o‘shanda... har qadamda topardi.
— Bunga shubham yo‘q.
— Sizni shundan o‘sha yoqqa — Gruziyaga olib ketishi, qolaversa, o‘sha billur ko‘zli uzukni xarid qili-shi...
— Ey, kechirasiz, siz mani kim deb o‘ylavossiz, — deb qoldi u birdan. — Ko‘nglingizga olmang, iltimos qilaman sizdan, Quvvatjon, o‘lay agar... Xudo tepamdan urib, tarikday sochib yuborsinki, man birov bilan yurmadim hech. Kulib qaragan bo‘lishim mumkin. Hazil-huzul deganday...
— Him, ishonaman.
— Mani o‘sha yoqqa olib boriptimi, demak, arzigan bo‘lsam kerak? — shunday dedi-da, g‘ururiga qo‘shib uyalganini ham yashirish uchun kulib yubordi. — Jichcha quying, azizim... kelgan, ketgan bo‘lsa — yaxshi bo‘pti.
— U sizni sog‘ingan, — dedim. — Bekorga «Tanovar»ni hadeb qo‘ydirmagan.
U menga tikilib qoldi va:
— Da, eto interesno, — dedi.
— Shunaqa.
— Bo‘pti, xafa bo‘lmang.
— Bir-birimizdan hech qachon xafa bo‘lmasligimiz uchun.
— Yashang! Xafa bo‘lishning o‘zi, vabshe, foydasi yo‘q, ekan... O’zing ezilasan. Dushmanlaring ahvolingni ko‘rib kulishadi. Do‘stlaringni rahmi keladi.

20

Husanjon shoshib kelib, stol chetiga kaftlarini tiragancha:
— Ketiptilar, — dedi. — Xizmat qilgan ofitsiantka taksi zakaz qilgan ekan. Kecha bizda yotmagan, administrator bilan ham gaplashdim.
— Him, o‘tiring... Qaerga ketishganini aytmagan bo‘lsa kerak? Taksi — shaharda qatnaydimi faqat yo mejdugarodniylari ham bormi hozir?
— Hozir farqi yo‘q, okajon, — dedi Husan. — Ommo-lekin bitta qarz gapni aytib qo‘yishim kerak... Xonim, sizni ikki marta so‘radilar. Ilgari kelishlaridayam so‘rovdilar. Man sizni bir bor ko‘rganimmi, siz ham u kishini so‘raganizni aytuvdim. Hu, biron oylar muqaddam...
Gulsara miyig‘ida jilmayib, sekin-sekin bosh irg‘adi. Keyin menga qarab kuldi.
— Bir marta so‘rovdim... Shu ko‘rgim keluvdi-de ablah okayizni.
— Attang-attang, — dedim men. Ammo Gulsara ham uni ko‘rishga, darhaqiqat, umidvor ekaniga shubham qolmadi. Bu esa, mening: «Gulsara ham uni sevib qolgan», deb hukm chiqarishimga asos bo‘ldiki, ularni uch-rashtirishni — do‘stona burchim, deb hisobladim. (Biroq «burch»ning ijrosi yana cho‘zilib ketdi...)
— Men tepaga chiqishim kerak, — dedi Husanjon. — Okamizzi endi qo‘ldan chiqarmayman!
— Omon bo‘ling.
— Ichkarigayam kirib turinglar... Mahalliy klientlar ja sanalib qolishdi. Hozir ham turislar o‘tirishipti.
— Bizgayam navbat kelar, — dedim.
— Kelmasayam o‘ksimiymiz, — dedi Gulsara. Kulishdik. Husanjon ketdi. Men fujerlarga yana shampandan quydim. Gulsara chinnigulni avaylab-avaylab hidlar edi, daf’atan kaftida qisib, burniga bosib turdi-turdi-da, stolga tashladi. Keyin birdan sergaklanib:
— Qaldirg‘ochlar qalay? Qaldirg‘ochlariyiz? — deb so‘radi. — Bola ochgandir?
— Allaqachon.
— Kichkina jishdir?
— Temirqanot ham bo‘ldi... — shunday deb, juvonning ul murg‘ak qushchalarga bo‘lgan g‘oyibona mehri menga ta’sir etib ketganini sezdim: nazarimda, u qush haqida emas, odam bolasi haqida so‘rayotgandek edi.
Keyin, ittifoqo: «E, bu ayolning ham farzandi bo‘lganmikan — bormikan? — deb o‘yladim.— Lekin buning qachondir oila qurganiga shubha yo‘q...»
Keyin, shu mavzuda ham jilla ma’lumotga ega bo‘lishni istab, tag‘in qaldirg‘ochlar haqida so‘zlashni ma’qul ko‘rdim: shoyad mavzu oila xususiga ko‘chsa...
— Keyin uchishni o‘rganishdi. Endi... janub mamlakatlariga uchib ketishadi.
— A-a, Gruziyaning ustidan o‘tishadi, — deb xayolchan jilmaydi Gulsara.
— Mening eshitishimcha, Bosfor bo‘g‘ozining ustidan uchib o‘tisharkan. Boshqa qushlar — laylaklar, turnalar ham... — Uning miq etmagani uchun yana davom etdim: — Buni bilgan lochinlar, yirtqich qushlar oldinroq borib, Bosfor osmonlarida uchib yurisharkan-da, bular o‘tishayotganda hujum qilisharkan.
— Voy ablahlar! — Gulsara hushyor tortib ketdi. Keyin mijg‘ovlanib davom etdi: — Baribir o‘shalarning hayoti — hayot. Nimagaki, do‘sti ham, dushmani ham ma’lum. Turmush kechirishlari bir izga tushgan: o‘zgarmaydi.
— Rost aytasiz, — dedim. — Faqat inson hayotida o‘zgarishlar ko‘p bo‘ladi. Bu aqlli maxluqlar bir kunda oila qurib, ikkinchi kuni ajrashib ketishlari ham mumkin.
— Oh, yaxshi gap aytdiyiz, — dedi Gulsara birdan. — Ajralib ketishadi... — Keyin yana chinnigulni olib silkitdi. Puflab gulbarglarini tikkaytirgan bo‘ldi-da, tuyqus so‘rab qoldi: — Man erimdan... Erim deyishga tilim bormaydi... O’sha — mani olgan shaxsdan qanday qilib chiqib ketganimni aytib beraymi?
— O’, Gulsaraxon, — dedim. — Shu narsaga qiziqqan bo‘lmasam, har narsa bo‘lay.. Kechirasiz, meni «qo‘rqoq» deyishadi ba’zi adiblar. Dangal gapirmaganim uchun. Him, birov urib ketgandayam indamagan paytlarim bor-da.
— O’, unaqa bo‘lmang, og‘ajon,— mayingina zaharxanda qildi Gulsara.
— Juda unaqayammasman, egachim. Shu, «andisha» degani meni bosib turadi.
— A-a, shuning uchun..
— Qulog‘im sizda.

21

— Men o‘ris maktabda o‘qirdim, — deb hikoyasini boshladi u. — Oilada tabiiy, o‘zbekcha so‘zlashardim. Tarbiyamda, lekin ovro‘pocha tarbiyaning ta’siri bor.
— Oz-moz.
— Anchagina.
— Xo‘p.
— O’ninchini bitiradigan yilim dadam turmushga chiqardi. O’nni bitirsa, biron yoqqa — Moskopgami, Leningradgami ketvoradi, deb o‘yladilar.
— O’zlari nima ish qilardilar?
— Hozir aytaman... Lekin ketvorishim ham mumkin edi. Moskva konservatoriyasigami, Leningraddagi xoreografiya maktabigami, vobshem, aktrisa bo‘lishim kerak edi-de... U kishi bo‘lsa, raqqosalarning o‘yinlarini, ashulalarini jon deb tomosha qilardilar, eshitardilaru, biroq o‘zlarining oilasidan shunday kipgalar chiqishini sira-sira istamasdilar. Eski o‘zbekcha odatlardan bas degancha bor edi, rahmatlida.
— «Rahmatlida?»...
— Ha, Gdlyanning qama-qamasi vaqtida olamdan o‘tdilar. Infarktdan.
— Joylari jannatda bo‘lsin.
— Him, iloho... Lekin dadam juda qattiqqo‘l edilar. Shunaqa odamning qanaqa bo‘lib bo‘shlik qilganiga akdim yetmaydi... Skaree vsego, vahima opketdi u kishini... Bilasizmi, dadam — sud raisi edilar.
— A-aa.
— Dadam «besh yil» bergan aybdor shaxslarni Gdlyanning shaykasi qayta sud qildirib, «o‘n yil»dan berdira boshladi. Manimcha, dadamni poraxo‘rlikda-yam... — U birdan uh tortib yubordi-da, g‘ijinib ketib: — Nega bu narsalarni aytivomman? — dedi. — Nu i k chyortu hammasi! Man dadamdan rozimasman, vassalom! Ha-ha, azizim, mani kuydirdilar. Xazon qildilar.
— Erga berganlarimi?
— Voobshem-to, da. Sigaretingiz bormi?.. Rahmat, — U shampandan ham bir qultum oldi-yu, soatiga qarab qo‘ydi. — Bitta jugut o‘rtog‘im chaqirgan edi... Nichevo, hali vaqt bor. U kutadi. Ko‘pdan beri uchrashmoqchiydik. — Keyin yayrab kuldi-yu, miskin bir tus olib, ilova qildi: — Ikki xonali kvartiraga almashtirdimu uch xonammi. Balki... Nima uchun, deb o‘ylarsiz? Maning ust-boshimga, o‘zimmi tutishimga qarab, ja boyvuchcha satang, deyish mumkin... Da-da! Lekin man iqtisodiy qiynalganim uchun shu ishni qiluvdim.
— Lekin, bitta kishiga ikki xonayam bemalol yetadi... Kechirasiz, farzandingiz bormi?
— Bor edi hisob, o‘g‘il, — dangaliga aytdi. — O’tgan oyning boshida Sirdaryoga cho‘ktirvorishipti do‘stlari... — Uning iyagi pir-pir ucha boshladi. — «Toshkanga ketaman, opammi topaman», der ekan... Xayriyat, uni tetapoyaligida ko‘rganim. Da, o‘sha qiyofasida qoldi. Bu yog‘iga...
— Pepsi opkelaymi?
— Shuyam bo‘ladi.. Yo‘q, man yig‘lamiyman. Bo‘lar ish bo‘ldi. Yomon bolalarga qo‘shilgan ekan... Bu gaplarning hammasini manga singlim aytib berdi. Erim... oting o‘chkur nokas, hatto xabar qilmadi manga.. Bilasizmi, uning ham nimasidir dadamga o‘xshar edi. Qarang, bir-birini topishganini.
— U kishi nima ish...
— Prokuror edi. — U entikib-entikib, shampandan sipqordi. O’zini bosib oldi-da, istehzoli jilmaydi. — O, ular o‘zlarini qandoq tutishar edi! Silnee mira vsego... Sho‘rlik aristokratlar... Butun harakatlari Ovro‘poga taqlid edi! Ammo o‘zlari — ichlarida g‘irt johil, konservativ o‘zbeklar edi.
— Eringiz sizdan kattaroqmidi?
— O, o‘n besh yosh katta edi! Qatdan bildiyiz?.. A-a, ularning o‘tirib-turishini aytdim-a... Ha, o‘sha o‘tirishlarda manam xizmat qilardim. Muzika qo‘yardim. Ba’zan o‘ynab berardim. Ashula aytgan paytlarim ham bo‘lgan. — Ko‘zidan tizilib yosh chiqib ketdi. — Vey, mani qanaqa ardoqlashardi. Hammasi kaftida ko‘ta-rardi, desam ishonovuring, do‘stim.
— Ishonaman.
— Man, man... prosto uchib yurardim. Yerdamas edim. Xohlaganimni kiyardim, yerdim. Tagimda — moshina. Shofyor aytganimmi qilardi. To‘g‘ri, mani olib yurishdan zavkdanardi u kishim. — Gulsara zavq bilan kulib qo‘ydi. — Notavon ko‘ngilga qo‘gir jomashov... A,mayli! Man parvo qilmasdim. Ko‘pincha maktabgayam moshinada borardim. To‘garak mashg‘ulotlari kech tugaydigan bo‘lsa, moshina mani kutib turardi. Dadam yeru ko‘kka ishonmasdi mani.
— Tushunaman.
— Ana o‘sha kezlarda — ziyofatlarda bo‘lajak kuyovto‘rayam o‘tirardilar ishshay-eeb. Dadamning shogirdi edi o‘zi... Kechirasiz, ja cho‘zvormadimmi? 
— Yo‘q-yo‘q.

22

— Shunday qilib, mani o‘sha maxluqqa berishdi. — Gulsara o‘sha «maxluq» ro‘parasida turiptiyu undan yuz o‘girgandek — ko‘cha tarafga qarab davom etdi: — U yaramas mani, o‘h-h, domkulturaga borishimmiyam ta’qiqlab qo‘ydi. Bilaman, u mani yaxshi ko‘rardi. Lekin insonlarga ishonmasdi. Dadamdan farqi shuki, u hamon tirik, dadam esa nomusdan... Oh! — u shoshilib, «Rodopi»dan yangisini oldi, men tag‘in chaqmoq yondirib tutdim: uning chalg‘ishini aslo-aslo istamas edim. Xayriyat, bir-ikki bor tutun tortgach, yana davom etdi: — Man: «Dadamga etaman, meni qafasga soldingiz», deb gapirovurganimdan keyin yaqinimizdagi medtexnikumga qo‘ydi. Harholda, yaxshi o‘qidim. Bitirgandan keyin esa, u isqirt mani ishlashga qo‘ymasa bo‘ladimi...
— A-a, Sho‘ro davridagi tashbeh bilan aytsak, «feodal» ekan, — dedim.
— Sto protsent! — ta’kidladi Gulsara. Va horg‘in tortib, allaqanday cho‘kib qoldi. — «Yo‘q, man siz bilan yasholmayman», dedim bir kuni... Aniq esimda bor: uyda yolg‘iz o‘zim zerikib, magnitafonda muzika qo‘yib, xirgoyi qilayotgan edim, kelib qoldi. «Ha, qo‘msayapsizmi?» dedi. «Ha, — dedim. — Qo‘msavomman! — dedim. — Chidasangiz, shu!» Shunda nima deydi deng... «Qo‘chqordek o‘g‘il tug‘ib bergan xotinlarga o‘xshab gapirasan-a?» Manikiyam tutib ketdi: «Siz, tug‘dirolmasayiz, man nima qilay?» dedim.
— Tushunolmay qoldim? — dedim. — Boya «o‘g‘lim bor edim», deganday bo‘luvdingiz.
— Ha, bor edi, — dedi u keskin. — Okasining o‘g‘li edi. Okasi serfarzand, lekin kambag‘al yashardi... O’shaning kenjasini oluvdik. — Keyin birdan eri hamon qarshisida turipti-yu, men tergovchi kabi — menga jahl bilan uqtira ketdi: — U odam ilgariyam uylangan ekan. Ammo farzand ko‘rishmagan. Orada gap qochib, xotini ketvorgan ekan. O’sha bechorani aybdor qilib... O’, prokuror deganiyiz istasa har qanaqa fitna, ig‘vo o‘ylab topib, bo‘yniyizga qo‘yishi hech gapmas. Menga ishonavuring.
— Ishonaman.
U sigaretni so‘rib, o‘ylandi. Shunda, meni O’zi kechirsin, Gulsaraning qandaydir darajada qariyotganini sezdim. Eshitganim bor: tug‘mas ayollar tez qartayadi, deb. Shundanmi yoki iztiroblardanmi... Bunday desam, bundan besh-olti oy burun yashnab ochilib turgan gulday juvon edi...
Keyin esladim: uning restoranga kirib turishi, afti-yu ust-boshining o‘zgargani, umuman, xulqidagi o‘zgarishlaru ozib, qovoqlarining osilib ketishi — bular bari meni aytishga noqulay bir xayolga olib bordi.
— Lekin u bolakayga mehrim tupshb qoluvdi, — dedi ohista ovozda. — Uyam mani «opa» der, manga ergashib yurardi. Ehtimol, ehtimol, shuning uchun man bir-ikki yil yashab qoldim u yerda... Him, nima deyatuvdim?
— Shu-shu... Faqat eringizga haligiday «ayb sanda» ma’nosida gap qilgan edingiz.
— Ha. — Gulsaraning chehrasi bir zumda ochilib ketdi. — Ja chiyillavordi-de... — Keyin o‘zicha xo‘p kuldi, boshini saraklatdi. Keyin birdan xo‘rsindi. «Ketasanmi?» dedi. «Albatta, — dedim. — Hozir ketishim mumkin!» Yaramas... Kuldi u. «Ahding shunchalik
ekan, nega ketmayapsan?» dedi. «Birinchi xotiningizning kuni boshimga tushishi mumkin, deb qo‘rqaman», dedim. — E, etdim-ku, fitnaning uyasi bo‘larkan bunaqa shaxslar... Kechirasiz, dadam bunaqamas edi.
— Bildim.
— U sho‘rlik ayol Jizzaxdanakan. Chegarada uni savdogar deb o‘ylashganmi, boshqalar qatorida sumkalarini tintishgan. Bitta sumkasidan yuz dollar chiqqan... Ha-ha. So‘rashsa, ayol «bilmayman» degan. Keyin janoblariga qo‘ng‘iroq qilishadi. Bu kishim: «Man yuz dollarimni yo‘qotuvdim», deb javob beradilar. Ayol boyaqish hibsga olinadi. Uf, keyin ablahning o‘zi uni go‘yoki avf etib, ozod qilib yuboradi. Shu tariqa ularning ajralishi qonuniy bo‘ladi. Er — oppoq, xotin — qop-qora.
— Tavba.
— Nazarimda, xotinga aytgan u: «Bola ko‘rmaganimizni ovoza qilib yurma», degan.
— A-aa.

23

U, peshonasi xunuk tirishib, ammo yayrab kuldi.
— Kaminai kamtarin ham janoblarining nozik joyiga tekkan ekanman. Buning ustiga, xotinini eslatdim... Ja bo‘lganicha bo‘ldi. Vey, bilasizmi, mana shunaqa befarzand erkaklar, ayniqsa, o‘z xotinlariga ishonmas ekan. Eta pravda!.. Da-da... — Bu gapni jiddiy aytdi-yu, keyin yana yumshadi. Va meni xuddi sirdosh bir dugonasi kabi bilgandek (endi) shivirlab davom etdi: — Kelishaylik, — dedi manga. Xarakterimiz to‘g‘ri kelmadi, vassalom». Man rozi edim, o‘liy agar. Uning peshonasidan o‘pib olishimga sal qoluvdi. Ammo miyam ishlab ketdi shu payt. Ha. «Uyimizga borganda shu gapni etsam, ular ishonishadimi?» dedim. Keyin yana aytdim: «Siz aytgan sababni aytsam, singlim ham mani yomon qabul qiladi. Tushunvossizmi?.. O’ziyiz bilasiz, dadamning qazosidan keyin hovlimizzi tortib olishdi. Singlimlar zo‘rg‘a uch xonali kvartirada turishadi. Xo‘sh, bu yog‘iga nima deysiz?»
— Nima dedi?
Gulsara boshini chayqab, o‘z-o‘zidan zavqlanib kuldi.
— Vey, makkorlik har qanday odamning qo‘lidan kelarkan. Man o‘zimmi... Net! Kim biladi deysiz, uni tushirmoqchi bo‘ldimmi yoki yengganimmi?...
— Lekin shartingizda logika bor, — dedim men. — Aks holda bir necha yil birga yashagandan keyin topilgan mol-mulkning... him, baribir farzandlaring bor ekan.
— Azizim, man uning davlatiga tupuraman! — dedi Gulsara birdan. — Man hozir kambag‘alman... Juda! Qim, qanaqa qilib kun kechirayottanimmi yolg‘iz o‘zim bilaman, Alloh biladi. Tavba qildim. Allaqachon do‘zax-da joyim tayyor bo‘lgan. — U gangib, shampandan tag‘in ho‘pladi. Men ham ichib, so‘radim:
— Keyin?
— Mana shu, — qo‘li bilan orqa tomonni ko‘rsatdi, — uch xonali kvartirasini berdi. O’ynashlari bilan mayishat qilarkan... Nu, ya tak dumayu.
— Hmm, shunday qilib...
— Qo‘zichoqni yedi o‘rmonda, — deb qahqaha otdi. Tavba, uning ovozida ham ko‘p ichuvchi ayollarga xos
xirillash bor ekan — shunda sezdim.
U esa qattiq kulganidan andak xijolat bo‘lib, birdan soatiga qaradi-yu, qoshlari chimirilib ketdi.
— Sizni ushlab qoldim, — dedim.
U men ilgari sira sezmagan betakalluf ohangda:
— Ha, — dedi. — Bir oz kechikdim... — Keyin g‘ijimlangan gulni oldi-yu, yana kuldi. — O’zim ham shu gulga o‘xshab qolganman... Xo‘p deng, azizim.
— Yo‘q, — dedim. — Kechirasiz, Tavakkal aka bilan uchrashib qolsam yoki qo‘ng‘iroq qilsa, nima deyin?
Gulsara xuddi to‘kilib kettanday mung‘ayib qoldi. Keyin boshini asta qimirlatdi.
— Bilmayman, yo‘q. — Keyin g‘amgin kulimsiradi, — shu payt hozir bo‘lgandamidi... — So‘ngra sovuqqon bir tarzda qo‘shimcha qildi: — U mani unutdi hisob... Da-da, o‘tirishimizzi, «Tanovar»ni unutmaydi, albatta. Tiblisni ham. Ammo u ayolsiz turadigan, yashaydigan yigit emas.
— Endi...
— Xayr, azizim.
— Xo‘p.
U chinnigulni yana bir-ikki bor hidladi-da, ustun tomonga otib yubordi.
Keyin ketma-ket maydonga chiqdik. U metro tomonga, men radio qo‘mitasi tomonga ketdim.
Ochig‘i, mening kayfiyatim yaxshimas edi. Ko‘nglimda allaqanday — aytib bo‘lmaydigan gumonlar.

24

Ko‘ngil sezadi, deganlari rost ekan (Men «ekan-pekan» kabi kashfdan darak beruvchi so‘zlarni ancha qo‘lladim. Ammo ularning — «endi» ekaniga ko‘p marta amin bo‘lganman).
O’sha kaldirg‘ochlarning, to‘g‘rirog‘i, makiyon qushchaning «rashki» — erini — «nimalar»dandir qizg‘anishi oqibatida olgan sabog‘im tufayli xotinimning ayrim hollarda tagdor gaplar qilib qolishini — tabiiy deb hisoblaganim uchun uyga ham tez-tez tushib chiqadigan bo‘lib qolgan edim.
Qish. Toshkent qishining achchiq sovuqlardan keyin kelguvchi ilimiliq kunlaridan biri edi. Bahor nafasi esar, istirohat bog‘imizdagi bir necha tup bodom daf’atan gulga kirgan, tabiiyki, ularning vaqtli gullashi bizni achintirar, ayni chog‘da ko‘zlarni quvontirar edi.
Restoran joylashgan tepalik bag‘ridagi bir necha tup do‘lanasimon daraxtlar xam oppoq bo‘lib gullab qolganini ko‘rdim-u, kayfiyatim yana-da ko‘tarilib ketdi. Kechasi — soat to‘qqizlar edi, chamamda. Men metro bekatidan chiqib, kurant tomonga borayotuvdim, u yerdan avtobusga chiqib, Yunusobodga ketmoqchiman.
O’sha dahada qurilgan yozuvchilar uyidan menga ham berishgan, bola-chaqam o‘sha yerda turishadi.
Xullas, metrodan chiqib, ko‘lmak suvlar yaltirab turgan kenggina xiyobondan tez-tez yurib borarkanman, anavi mehmon daraxtlarning gullariga ko‘zim tushib, haligiday quvonar edim. Va ixtiyorimdan tashqari holda — chap tarafimda qolib ketayotgan restoranning bo‘g‘iq saslarini ham eshitib, savqi tabiiy bir tarzda — aroq, sigaret va yana qandaydir hidlarga to‘la, nimasi bilandir jodugarning kulbasidek o‘ziga tortadigan o‘sha joy bilan bog‘liq xotiralar miyamning allaqaeridan zuv-zuv o‘tishar, ular orasida, ayonki, Tavakkal bilan Gulsara xonim dasturxonida o‘tirganim va ular ila bog‘liq xotiralar-da g‘ira-shira yuz ko‘rsatib o‘tardi.
Yozuvchilikning bir yomon jihati shundaki, har dam, soniya miyangu qalbingni band etgan asarni yozib tugatgach, sal vaqt o‘tmay uni izsiz unutasan: boshqa — yangi voqealar seni band etib, hushingni oladi.
Shundoqki, Gulsara bilan so‘nggi uchrashuvimizdan keyin u bilan Tavakkal akaning munosabatlariga nuqta qo‘yilgandek bo‘p qolgan edi: illo, men ularning na birini ko‘rgan, na biri bilan telefonda gaplashgan edim.
Yurtga borish esa mushkul bo‘lib ketgan, borar bo‘lsam ham Qarshiga tushishning iloji (ma’nisiyam) yo‘q edi.
Qisqasi, ularning aloqalariyu o‘zimning ishtirokim qachondir yozilgan asardek bo‘lib qolgan edi.
To‘g‘ri, ba’zi-ba’zida biron sabab bilan eslab qolsam, barcha voqea va uchrashuvlar lop etib ko‘z oldimga kelar, xuddiki o‘sha voqealar hozir davom etayotgan kabi tuyular edi.
Izohlarni to‘xtatdim.
... O’sha xiyobon biron ellik qadamlardan keyin chapga burilib, restoran ustidagi bahaybat mehmonxonaga olib chiqadigan zinalar pastidan o‘tadi. O’ng tomon — yengil moshinalar bekati, u yerda ko‘pincha xorijiy tamg‘ali avtolar ko‘p, ularning birlari — ajnabiy mehmonlarga qarashli bo‘lsa, birlari — o‘zimizdan chiqqan yosh puldorlarga tegishli.
Ana o‘sha zinapoyalaru bekat orasidan o‘tayotgandim, zinapoya chetida qo‘r to‘kib turishgan qizlar kulgisi eshitildi. Men jilla e’tibor bermadim. Chunki bu qizlarning aksari — yengiloyoq, ochig‘i, fohishalar ekanini Husanboy aytmasidan burun ham bilardim. Bi-roq shunda birov yo‘talib qoldi-ku!
Yalt etib qaradim: yo‘tal menga yuyat tanish edi. Qarasam, «soyavon»li shapka deymizmi, shlyapa deymizmi, ishqilib, urfga kira boshlagan antiqa bosh kiyimli, egnida yaltiroq charm plashi bor bir juvon chetga burilib, engashib yo‘talyapti. Tumshug‘i uzun bir juvon uning tirsagidan tutib turipti.
— Gul, Gulsara, — degani qulog‘imga kirdi-yu, qotib qoldim. Ko‘rinib turibdiki, yo‘tal tutgani — Gulsara, yonidagisi (talaffuzidan ma’lum) — uning dugonasi edi. Mening to‘xtab qarab turganimni ko‘rgan dugona Gulsaraga nimadir deb shivirladi. U boshini keskin ko‘tarib, menga qaradi-yu, tikilib qoldi.
Ont ichaman-a: ko‘zlarimiz bir-biriga to‘qnashdi. Ammo men qotib turardim. U esa o‘rmon kiyigidek mag‘rur boqarkan, birdan mehmonxona tomonga burildi.
Men asta jildim, Gulsara esa o‘rtog‘i bilan qo‘ltiqlashgancha zinadan ko‘tarilib ketdi.
Mening gumonlarim haq ekan. Ammo endiyam uni tilda ochiq aytolmayman.

25

Bahor ham yetib keldi. Ammo qaldirg‘ochlar kelishiga hali vaqt bor (20 martdan keyin kelishadi), shunga qaramay derazani ko‘pda bekitmayman. Gulga kirib qolgan olmazor bog‘dan qochoq bulbullarning sayrashi tonggi soat to‘rtda boshlanishi bilan uzzu kun tinmaydi. Tez-tez yomg‘ir yog‘adi, ba’zan tunlari yaxshi-gina sovuq bo‘ladi. Ko‘pincha ko‘kda bulutlar suzib yurishsa-da, quyosh ko‘rinib turadi: ish stolida bitadiganlarning ayni mavsumi.
Kechasi soat birmidi-ikkimidi eshigim taqillab qoldi. Navbatchi yigit ekan.
— Telefonga so‘rashyapti. Qarshidan, — dedi. Shoshilib quyi qavatga tushdim.
— Quvvatjo-on?
— Men. Bormisiz, Tavakkal aka?
— E, «aka» bo‘lmay ketay men, — dedi u. Kayfi yo‘q edi. — Oxiri ish olib ketadi bizni... Oyoq singan edi. Marmar qattiq bo‘ladi, deb jiyagidan borayotsam, ko‘chib ketdi.
— Shuning uchun qo‘ng‘iroq ham qilolmadingizmi? — dedim gina qilib. — Lekin Toshkentga kelib ketishga yarapti shu oyog‘ingiz... Husanboydan eshitdim. Oqsab kelib oqsab ketdilar, dedi... Bungayam ikki oydan oshdi.
— Quvvatjon, ishga berilib ketib, vaqtida borolmab edim do‘xtirga. Singan joyni ulagan simlari suyakka qo‘shilib ketgan ekan. Aperatsiya qilishdi...
— Ha, omon bo‘ling, aka.
— Xayriyat, oqsamayapman... Qaynardagi sanatoriyda yotib edim. Ammo ikki-uch marta telefon qildim. Sizni — «uyiga ketishgan» deyishdi. Yaxshi bo‘pti-da, uy, bolalar — birinchi o‘rinda turadi... Xo‘sh, xonim tirikmi? — jiddiy gapdan keyin bu savolga shunday tez o‘tdiki, asli so‘ramoqchi bo‘lgani shu ekaniga shubha yo‘q edi.
Ayni chog‘da uning «tirikmi?» degan savolini qo‘pol yoki nopisandlik belgisi, deb ham bo‘lmasdi: janubning gapirishi kaminaga ma’lum: ko‘pincha eng yaxshi fikrlarni yomon libosga solib ham aytishadi. Masalan, Navoiy hazratlari ham ishlatgan «yomonim» — u yoqlarda hamon amaldaki, «yomonam yaxshi ekan» degan kalima ham bor.
Biroq men ularning munosabatlariga nuqta qo‘yga-nim uchunmi, Tavakkal akadan ginam borligidanmi:
— Tirik bo‘lsalar kerak, — dedim.
— E, nahotki ko‘rmadingiz? Bir shaharda yashab... Da-da, tushunaman, — dedi keyin. — Lekin men bir borganimda uning adresini topaman, deb ko‘p urundim, uka. Ishlab ketgan joyidagilarni terror qilishimga oz qoldi.
— Tavakkal aka, siz uni ko‘rishni istaysiz-a?
— E, «mi»sini optashlang — Axir, men... nima desam ekan, qo‘ying, u yog‘ini aytmayin...
— Bo‘lmasam, Toshkentga kelganingizda o‘sha restoranga kiring-u, zavzal yigit Husandan so‘rang. U aytib beradi uning...
— Nima-nima? Restoranga ishga kirganmi? Men andak mulohaza qilib:
— Shunga o‘xshaydi, — dedim.
Dedim-u, ko‘nglim g‘alati bo‘lib ketdi; shunday qiz, shunchalik qobiliyati bor juvon, shunday pokiza, brilliant uzuk... Uf! U buyuk fojiaga yo‘liqqan ediki, bunga Tavakkal aka bilan munosabatlarining ham ta’siri yo‘q, deb bo‘lmasdi: o‘ylab ko‘ring axir, Tavakkaldan sovishi (agar sovigan bo‘lsa!) menga ham teskari qarashiga, tabiiy, boshqa ko‘p jihatlardan ham yuz o‘girishiga turtki bo‘lmaganmi? Turtki bo‘lgani aniq.
— Quvvatjon?
— Qulog‘im sizda.
— Men ertaga yetib boraman!
— Marhamat.
— Sog‘liq joyidami o‘zi?
— Xudoga shukr.
— Ha, bo‘lmasam, ko‘rishguncha, Gulsarani topsam... Topaman albatta, dachaga oboraman.
— Bemalol.
Uni ichimda so‘kib, dastakni joyiga qo‘ydim. Xonaga ko‘tarildim. Ishim yurishmay qoldi: bilsam, ular uchrashuvining nima bilan tugashini hoziroq kutayotgan ekanman.

26

Ertasi kuni qattiq yomg‘ir yog‘di. «Samolyot ucharmikan? Uchar-ov...» deb, yog‘inning tinishini iltijo qilib yurdim. Tasavvur eting, kunduzi ham ishim siljimadi,
Ammo ularning yonma-yon kirib kelishlarini endi tasavvur etolmasdim: axir, Tavakkal akaning «gap ko‘tarmas» yigitligini yaxshi bilaman...
Gulsaraga kelsak, u Tavakkalga muhtoj...
Kech tushdi. Tun yarimdan oshganda, divanga cho‘zilib yotdim. Ammo quloqlarim tashqarida...
Imoratning qo‘sh tabaqali oynaband eshigining gursillab urilayotganidan uyg‘onib ketdim. Derazaga qarasam, tong yorishyapti, bulbullar sayray boshlagan.
«Oshpazlar kelishdi, — deb o‘yladim. Keyin soatga qaradim, endi to‘rtdan oshayotir. — Ular beshdan keyin kelishadi-ku? Kim bo‘ldi bu — shunday paytda nozik odamlar ham yotadigan korpusning eshigini bor kuchi bilan gursillatib urayotgan?!»
Shu payt eshik qars-qurs etib ochildi. Kelgan kishi navbatchi qorovul bilan gaplashdi. Keyin, bir-ikki soniya o‘tmasidan uchinchi qavatga olib chiqadigan pil-lapoyaning shahdam qadamlardan gup-gup etayotgani eshitila boshladi va men bemahalda kelgan betakalluf mehmonning — Tavakkal ekaniga mutlaq ishondim. Ishondim-u, uning bunchalik kech kelishini — «biron xususiy kafeda ichib o‘tirgan-da», deb ta’birlagan bo‘lsam, uning yolg‘izligini ham shu yo‘sinda tushungan bo‘ldim.
Alqissa, «ular urishgan. Tavakkal qandaydir no-jo‘ya ishlar ham qilgan. Keyin alamidan mast bo‘lgan, keyin esiga men tushib, bu yoqqa jo‘nagan», degan fikrga keldim.
Men xonam eshigini qulflamayman, shundoq bo‘lsada, yo‘qlovchi kishi eshikni taqillatadi.
...Qishloqi aka eshikni taraqlatib ochib kirdi. Men o‘rnimdan turib ketgandim. Shiftdagi qandil ham, stol lampa-chirog‘i ham yoniq: yerga igna tushsa, ko‘rinardi.
Tavakkalni, aytish mumkinki, tanib bo‘lmas edi: lablari yorilgan, labining chetlarida qon yuqi bor, yap-yangi charm kurtka ostidagi tivit jemperining yoqasi lang ochiq — bittayam tugmasi yo‘q, yuzida o‘zidan o‘zi kulayotgan kishiga xos shikasta alamzada tabassum javdirab turar edi.
— O’-u, Quvvatim! — deb xitob qildi: sezDymki, tiliniyam tishlab olgan. — Akangizni tabriklang!
— Keling, Tavakkal aka, — dedim va ne bir xush istak ila so‘radim: — Nima bilan tabriklay?
— O-ozodlik bilan! — dedi u. Keyin, loyga be-langan tuflisini bir-biriga ishqab yechib tashladi-da, xonaga kiriboq meni mahkam quchib oldi. — Azizim, ukam, yurtdoshim... Akangiz rasvo bo‘ldi. Hammasi tugadi, uka.
— Tavakkal aka, o‘tiraylik, — dedim. Uning kayfi bor-u, kishini «qochiradigan» darajadamas edi.
Buning ustiga, butun bir viloyat yigitlariga so‘z bermay yurgan vallamatning bu turqi-tarovati-yu, so‘zlari meni larzaga solib yuborganki, sababini tezroq bilgim kelardi.
— Rahmat. O’tiramiz, — deb meni darhol qo‘yvordi-da, divanga gurs etib o‘tirdi. — Kechirasiz...
— Shunday gaplar bo‘lmasin, — dedim uzr so‘ramoqchiligini anglab. — Rosti, men sizni kutayotgan edim.
— Meni? Bitta o‘zimni? — U tilla tishlarini ko‘rsatib iljaydi-da, keyin qah-qah otib kuldi. — Qoyilman... Unga — Gulsaraga qoyilman. Meni yana yengdi... Bu safar ma’rakadan chiqarib yubordi. Kurash tushmaydigan qilib yubordi.
— Bir minut sabr qilasiz, — deb, choynakni olib, vannaxonaga chiqdim. Idishni chayib, sovuq suvga to‘ldi-rib kirdim. Choy qaynatgichni solib, u yog‘ini tokka uladim. — Ana endi gaplashamiz... — Unga tikildim-u, aftidagi o‘zgarishlar haqida savol bermay turishni ma’qul ko‘rdim: baribir o‘zi aytadi. — Xo‘sh, bir boshdan eshitamiz-da? Restorandamidingiz? U yana qah-qah otdi. So‘ng:
— Milisadan kelayapman, — dedi boshini ko‘tarmasdan. — Ayb o‘zimda...
— Nima qilib qo‘ydingiz?
U shiftga qarab, oyoqlarini chalishtirib oldi.
— Samolyotdan — oxirgi reysdan tushib, to‘g‘ri restoranga bordim. Husan bugun ishlamas ekan. Ya’ni, kecha, ha, kecha... Uning adresini olib, uyiga bordim. Yaxshi yigit, dilbar inson... Menga ochig‘ini aytmadi-yu, gapni aylantirdi: «Sevasizmi? Uylanasizmi?» Yana ko‘p gaplar... — Tavakkal ko‘zlarini yirib ochib, menga tikildi. — «Ha — dedim. — Uylanaman, do‘stim. Gap tamom...» Men uni deb... U mening mana bu yerimdan juda-a chuqur joy olib qolgan. Men unga... men uni oddiy marja... Kechirasiz! Xullas, Gulsarani uzoqdan ko‘rsatishga va’da berdi. Jonimni hovuchlab yo‘lga tushdim. Yo‘lga tushdik... «Nima gap o‘zi? Nima bo‘lgan?» deyman. Gapirmaydi. Xo‘p, restoranga yetib bordik. — U bilagidagi oltin soatiga qarab oldi. — Xayriyat, shuni olishmadi milisalar... Borganimizda, soat o‘n yarimlar bor edi. Men u  restoranda ming marta bo‘lganman.
— Bilaman.
— E-e, superlyukslarida yotganman, jononlar bilan... O’shalarning aylanib turadigan joylarini ham bilaman. Uch-to‘rttasining telefon nomeriyam bor edi. Bir yil burungi gaplar bu... Xullas, Husan jo‘rangiz meni restoranning ichidan o‘tkazib, zavzal o‘tiradigan stolga olib bordi-da, apisankalar bilan gaplashdi. Keyin yo‘lakka chiqdi. Liftga bordik. Shu yerda Husan qoldi. Men uni tushundim. O’ziyam aytdi: ular restorandagi intim sirlarni hech qachon hech kimga aytishmaydi.
— Men ham shu gapni eshitganman, — dedim. — Lekin Husan baribir odamgarchilik qipti.
— O’-o‘, albatta!
— Keyin?
— Oltinchi qavatga chiqsam, dejurni o‘tiripti. Boshqa zot yo‘q. Bir amallab Gulsarani izlayotganimni aytdim. «Maya rodstvennitsa», dedim. Oxiri, g‘aladonini shartta tortim-da, ikki yuz so‘m tashladim. «Sestrichka, skaji...»
— 
27

Mening nazarimda, Tavakkal aka Gulsaraning «ahvolini» eshitishi zamon iziga qaytishi, ya’ni Husanning to‘mtoq gaplaridanoq voqeani anglab, unga qo‘l siltashi lozim edi.
Shuning uchunmi:
— Xo‘sh, uni topib nima qilmoqchiydingiz? — deb gapini bo‘ldim.
Tavakkal bir muddat angrayib qoldi.
— Xudo ursin, bilmayman, — dedi keyin. Keyin esa peshonasiga qars etkazib urdi. 
— Keyin nima bo‘ldi?
— Keyin, — u endi qontalashgan ko‘zlarini palosdan uzmay gapira boshladi: — Keyin o‘sha apisanka... e, dejurni ular o‘tirishgan xonani ko‘rsatdi-da, tuya ko‘rdingmi — yo‘q, deganday qildi. «Gap bitta!» deb, bordim... — U o‘tirgan yerida baxshiga o‘xshab bir-ikki chayqaldi. — Voy-voy, boryapman-u, butun borlig‘im titraydi. Hech, hech qachon bunday bo‘lmagan...
— Demak, u bilan o‘tirgan kishini urmoqchisiz?
— Kim biladi! — deb do‘q qilganday bo‘ldi. — O’zim o‘zimni tushunmay qoddim... Yo‘q, uning kavalerini urish niyatim yo‘q edi. O’zi rozi bo‘ptimi — tamom. Ammo, qiziq, o‘zini ko‘rmoqchiman-da! Ha-ha... Bir ko‘rsam deyman...
— Qiziq.
— Shunday qilib, eshikni shartta ochdim! — U xo‘rsinib, timirskilanib, nimanidir izladi. Men «Rodopi» pachkasini uzatdim. Mamnun bo‘lib, birini tutatdi. Bir-ikki dud olgach, ancha hovridan tushib, davom etdi: — Eshikdan... dejurnilarga ishonganlari uchunmi, eshikni ichkaridan qulflashmagan ekan. Men, men... haligiday manzarani ko‘raman, deb o‘ylab edim, shekilli. Yo‘q, ikkovi stolchaning ikki yog‘ida o‘tirishgan ekan, endi konyakli rumkani ko‘tarib turishgan ekan. Meni ko‘rib qarab qolishdi.
Tavakkal hikoya qilarkan, meni hayajon tutgan, ishonishingizni so‘raymanki, yozuvchi bo‘lib bunday nozik, hatto xavfli manzarani tasvirlamagan edim.
— Keyin? — dedim.
— Bilasiz, bir jonon bilan ketayotganingizda, boshqa bir jonon ro‘parangizdan chiqib qolsa, u albatta sizga qaraydi. To‘g‘rimi?.. Buning aksi bo‘ldi: men yigitga qaradim. Bir nozik, galstuk taqqan, sochlarini o‘xshatib taragan, umuman, intiligent yigit edi. Bilasizmi, mundaylarga qo‘l ko‘targing ham kelmaydi. Lekin, umuman, birov bilan janjal qilish niyatim yo‘q edi... Qolaversa, Gulsaraning bu ko‘chaga kirganini Husan bilan gurungdanoq payqab edim. Ha... Lekin shunday qizning, shunday mag‘rur, hatto meni nazariga ilmagan juvonning...
— Men tushunaman, — dedim.
— Yo‘q, siz ham tushunmaysiz, — dedi Tavakkal. Keyin o‘ylanib so‘radi: — Qanaqasiga tushunasiz?
— Harqalay, o‘tmishini aytib bergan... Sizga-chi? Gagrada bo‘ldinglar...
— E-e, o‘tmishini so‘rash... O’tmishi menga bir kapeyka edi. O’zi yoqib qolgandi, xolos...
— Attang.
— Arog‘ingiz yo‘qmi?
— Qatdadir bo‘lsa kerak... Shishaning tagida... Ha, anavi «Morozka»ning ichida. Hozir... Mana, mana, pechene ham bor ekan. Oling. Omon bo‘ling.
— Rahmat, uka. O’zim opkelmoqchi edim. Milisalar bor pulimni qoqib olishdi. Taksiga zo‘rg‘a yetdi... Nichavo, ertaga topamiz... E, tong otib ketipti!
— Ha..
— Him... Shunday qilib, erkakdan keyin Gulsaraga qaradim. Qaradim-u, yiqilib tushishimga oz qoldi. Boshim aylanadi deng... Men uni yaxshi ko‘rarkanman, uka... Yo‘q, yaxshi ko‘rib qolgan ekanman. Keyinchalik...
— To‘g‘ri aytasiz. Uyam sizni keyinchalik yaxshi ko‘rib qolgandek edi.
— Rosti bilan-a?
— Ha, o‘zi aytuvdi.
— Voh, voh!.. Nega bo‘lmasam... Him, — u bosh irg‘ab qo‘ydi. — Ha-ha, oxirigacha Gulsara bo‘lib qoldi u... Lekin bitta gapi o‘lgunimcha yodimdan chiqmaydi! Aytdiki...
Men bularning ikkovining takdiriga yana qiziqib qolgandim, zeroki, bular munosabatlariga so‘nggi nuqta endi qo‘yilayotgani boisidanmi, Tavakkal akaning Gulsara bilan o‘sha qaltis nozik damdagi gap-so‘zlarini bilib olish maqsadida yana uning gapini bo‘ldim:
— Kechirasiz, Tavakkal aka, eshikdan kirdingiz, xo‘sh, keyin Gulsaraga ko‘zingiz tushdi-yu...
— Ha-ha! — deb baqirib yubordi. — Voy Quvvatjon, qiziq-a? O’lay agar... Birov shunday bo‘ldim desa, sira ishonmasdim. Chunki, bilasizmi, uka, men «muhabbat, sevgi» deganlariga, — u o‘qlovdek-o‘qlovdek panjalarini yozib ko‘rsatdi, — mana shularning orasidan qarardim. Kitoblargayam ishonmasdim. To‘g‘risi-da... Kechirasiz, sizga tegib ketmasin. Siz ishq-muhabbat haqida...
— Deyarli yozmaganman, — dedim. — Men bilganlarimni yozganman, xolos.
— Balli.
— U-chi, u qanday holatga tushdi? Sezdingizmi sal-pal?
— Ha, vabshe, kallam joyida edi, ko‘rib turibman uni... U, nazarimda, menga tikilib qoldi. Keyin sal-pal kulumsiraganday bo‘ldi-yu, «Sizga kim kerak?» deb so‘radi.
— Shunday dedi?
— Ha. Meni, umuman, tanimaydigan kishidek so‘radi... Vo-oy, o‘yinni biladi desam, aktyor ekan!
— Balki bu aktyorlik emasdir, — dedim menga ham teskari qaragani esimga tushib.
— Axir... — Tavakkal yana boshini egib qoldi-da, butun tanasi bilan irg‘aldi. — Siz haqsiz, uka. Men unga begona edim endi. Qoyil.
— So‘ngra siz nima dedingiz?
U yana qomatini rostlab o‘tirdi.
— Nima der edim. «Sizga bir og‘iz gapim bor edi», dedim. Hatto yigitga qarab, uzr so‘radim. Yo‘q, ruxsat so‘radim. U bechora yelkasini qisdi.
— Keyin?
— Keyin Gulsara... «Men sizni tanimayman», dedi... Quvvatjon, o‘sha paytda orqaga qaytishim kerak ekan. Ablahman-da, inim! Ablahman... Balki shu tariqa undan ayrilishni istamagandirman? Shu-pgu. Uni qoldirib, orqaga burilsam, nima bo‘lardi?.. Nima qilardim? O’zingiz ayting...
— Xo‘sh, keyin?
— Keyin... — U siyrak, jingalak sochli boshini kaftlari orasiga olib, yana baxshinamo chayqaldi. — «Kel bu yoqqa, men seni opketish uchun keldim», depman... — U boshini yana ilkis ko‘tardi. — Shunday dedim. Shu gapim rost edi! Tepamda Olloh bor, gapim rost edi... O’zim ham uni bu yerdan olib ketish uchun kelganimni o‘sha paytda bildim...
Men ittifoqo ko‘nglimda bir mamnunlikni tuydim. Xorijiy adabiyotning ayrim mashhur asarlarida, masalan, fohishaga yoki lo‘liga o‘ylangan «shahzodalar» tasviri bor.
Tavakkal «kitoblargayam ishonmayman» degani kabi men ham o‘sha qahramonlar harakatiga ishonmas edim-u, inkor ham etmas edim.
Ro‘paramda o‘tirgan bir chapani o‘zbek yigitning fohishalik ko‘chasiga kirgan bir qizga bo‘lgan munosabatini deymizmi, sevgisinimi, xullas, biz — xom sut emgan yozuvchilar ham inson ruhidagi bu singari o‘zgarishlarni anglashga ojizlik qilamiz, albatta.
Alhol, men Tavakkalni so‘nggi gapini eshitib, qal-bimda ajib bir mamnuniyatni tuydim. Tuydim-u, Gul-saraning nima deb javob bergani meni ohanrabodek tortib:
— U, u nima deb javob qildi sizga? — dedim.
Ajabo, Tavakkalning ham chehrasida bir mayin tabassum yoyilgan ediki, qandaydir hasratli yig‘ining sirtqi ifodasiga o‘xshardi.
— «Endi kechikdingiz», dedi. Ha, haligina «sizni tanimayman», deb turgan xonim endi shu gapni aytdi... Anavi kavaleriga ta’sir qilishiniyam o‘ylamadi.
— Yaxshi.
— Sirayam kech emas, Gulsara, dedim men. Keyin men ham ochig‘iga o‘tganimni bilmay qoldim: axir, sir ochilgan edi. — Men sizni yaxshi ko‘raman, — dedim. Allaqachon yaxshi ko‘rib qolgan ekanman-u, bilmay yurgan ekanman, — dedim. — Ishoning, Gul... Men, men ham ko‘p ayollar bilan yurganman. Xo‘p, siz ham... Nima bo‘pti? Gap bunda emas-ku?
— Xo‘sh? U...
— Yaramas yig‘lab yubordi-de... Vey, ichkariga qanday otilib kirganim esimda yo‘q.

28

Tavakkal o‘rnidan irg‘ib turib, ayvonga ochiladigan eshik oldiga bordi. So‘ng eshikni lang ochib, negadir kurtkasini yechdi-da, divanga otdi.
— He, bu dunyoning onasini... Puf-f. — So‘ng menga keskin qayrildi. — Qarang, uka, gap nimada-yu, men nimani so‘kayapman... Ahmoqlik shu-da.
— Siz xonaga otilib kirdingiz.
U bosh irg‘ab, yana divanga cho‘kdi. Va qolgan gaplar-ni, ya’ni, voqeani qandaydir hissiz bir ohangda tezgina aytib tashladi:
— Uning bilagidan ushlab tortdim. Yigit bir nima deb edi, unga mana bu qo‘limni cho‘zdim. «Og‘zingai yum», dedim shekilli. Gulsara dodlab yubordi. Qarang, Men tek turib qoddim... Shunda ikkita milisa paydo bo‘ldi. O’zimcha o‘ylaymanki, haligi dejurni xotin chaqirgan. U bilan gaplashganda, vajohatim yomon edi, shekilli. Kim biladi, o‘zidan qo‘rqqanmi...
— Shu gapingiz to‘g‘ri, — dedim. — Sizni opke-tishdimi, Tavakkal aka?
— Ha, albatta... Anavi so‘tak ham bir nima dedi melisalarga. — Lekin Tavakkal menga yana xo‘rsinish ifodasi kabi bir nigoh bilan bokdi, — Gulsaraning gapi gap edi. «Bu odam nomerga bostirib kirdi. Biz tanimaymiz. Aftiga qaranglar, g‘irt mast», dedi. — Tavakkal qah-qah otib kulvordi. — Ichmagan edim. Bir gramm ham... Gulsaraga qarab kuldim. U kresloga o‘tirib, yana yig‘lay boshladi. Bilasizmi, uning bu galgi yig‘isiyam boshqacha edi... Endi oxirgi gapini eshiting. Milisalarning oldida «Bu odamni biz tanimay-
miz», deb turgan juvon yig‘lab turib: «Mani esdan chiqaring, Tavakkal aka. Bo‘lar ish bo‘ldi. Sizzi ko‘chayizga begonaman. Maning yo‘lim bo‘lak endi. Tamom», dedi.
— Siz lol-hayron...
— Ha, milisalar meni itarib-itarib chiqarishdi. Karidorga chiqqanda, bittasining quloq-chekkasiga qo‘yib yuboribman... Banditlik-da. Lekin meni milisa zoti turtmagan edi, qamoqda yotganimdayam... Ha-e...
— Keyin?
— Nima bo‘lardi. Shunisi shaytonlab qoldi, unisi chopib borib, dejurnining telefonidan zvanit qildi... Menga hamma narsa baribir edi. Hey, undai joydagi kresloga borib o‘tirdim. Besh-oltitasi kelib edi, men aytdim: «Tegmanglar, qo‘l tegizsanglar, chatoq bo‘ladi. Xohlagan joylaringga o‘zim boraman», dedim. Ular ham qandaydir ishonishdi. Endi ishonmasayam bir-ikkitasining jag‘-pag‘i sinar edi.
— Keyin milisaxonada urishdi?
Tavakkal bosh irg‘adi.
— Ha..
— Keyin?
— Ekspertiza qilishdi. Tarsaki yemagan milisa — odam ekan. Gulsaraning oxirgi gaplarini aytib edi, tushunishdi... Kattasi tushundi. Lekin formadagi milisani urganim uchun tovon to‘ladim hisob. Bor pulimni berib qutildim...
— Pulsiz chiqqan bo‘lsangiz, nimaga ichdingiz?
— Ha-ya. — Tavakkal horg‘in kulib, tikilib o‘tirdi. — Husanboy yigit ekan. Otdeleniyadan chiqsam, kutib turipti meni. Quchokdashib ketdik.
— Keyin kafega bordinglar?
— Ha, uyiga yaqin joyda bitta xususiy oshxona bor ekan. Meni mehmon qildi. Uni qadrlang, Quvvatjon... Xo‘sh, bor gap mana shular, uka.
U yana irg‘ib, o‘rnidan turdi-da, kurtkasini egniga tashlab, ayvonga chiqdi.
Men ham choponimni yelkamga ilib, uning yoniga borsam, shundoq ro‘paramizda oy, ha, rangi o‘chgan to‘lin oy turibdi.
— Ko‘ryapsizmi? — dedi Tavakkal. Men uni bog‘ni tomosha qilayapti, deb o‘ylagan esam-da:
— Nimani? — dedim.
— Oyni-da, e, yozuvchi, — kinoya qildi Tavakkal. — Bulut to‘sdi.
— Ha-ha. Hozir o‘tib ketadi. Oy yana ko‘rinadi... Kallangizga biron gap keldimi?
— O’zimni shu qora bulutga o‘xshatdim. Oyni nima desam ekan, keling, muhabbat deb ataylik... Ha-ha-ha! — Keyin g‘amgin tortib qoldi. — Shu o‘tdi-ketdi. Bilmay qoldim... Xuddi umrga o‘xshaydi-ya muhabbat ham. O’tganini bilmay qolasan... Bo‘pti, endi menga javob berasiz, uka. Shaharga tushib, tanishlardan uch-to‘rt so‘m qarz olayin. Keyin to‘g‘ri Qarshiga!
Men qattiq hayajonga tushib qolgandim: axir, ushbu voqeaga — Tavakkal akaning Gulsara bilan munosabatiga, boringki, boringki, qismatlariga beixtiyor so‘nggi nuqta qo‘yilgan, bunda, ayniqsa, o‘zining «mohiyati» ochilib ketgan edi.
Shuni idrok etdim-u, ishoning, shunaqayam mayin tortib, mamnuniyatga to‘ldimki, undan keyingi gap-so‘zlar qulog‘imga kirmay qo‘ydi.
Lekin Tavakkal akaning so‘zlarini eshitardim, munosabat ham bildirardim.
— ... Namgarchilikda og‘riydi.
— Issiq tutish kerak.
— Vannada issiq suv bormi?
— Bir oz oqizsangiz, keladi.
— Quvvatjon, vaqtingiz bo‘lsa, men bilan chiqmaysizmi?
— Sizni kuzatib qo‘yaman.
— Rahmat.

1996

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.