OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Haykal (hikoya)

Boqqa kirsam, Stalinning haykalini buzishyapti... Shunday bir kuz kuni edi. Oltmish oltinchi yilmi-ettinchimidi — aniq aytolmayman. Xullas, egnimda mana shu kalominka kitel, mana bu «Za otvagu» ham — ko‘krakda; choy ichgani kirgandim-da boqqa. Eslaysizmi, qanday soya-salqin joy edi! O’riklari pishib, to‘kilib yotardi. Ha, apteka qurib, rasvosini chiqarishdi. Hozir park shahardan chetda: birov bormaydi... Stalinning haykalini eslang! Baland supada oppoq bo‘lib turardi. Shinel ham, mo‘ylov ham bir yarashgan. Kitelini ham hech mahal egnidan tashlamagan ekan.
Boqqa kirdim. Choyxonadagi odamlar har yoqqa sochilib-javdirab turishipti. Haykalning poyida ijroqo‘m raisi Bo‘taev bilan muzeyning direktori Xoliqberdiev! Dohiyning poyida karlik bo‘lib turishipti. Shunda haykalning orqasidan Qulmuhammad jo‘ram, frontovik oshnam, chiqib keldi-da:
— Ortiga ag‘anaydi. Ko‘chatni sindirmaydi, — dedi.
Eshityapsizmi, Stalinning haykali haqida gapiryapti? Dohiyni emas, ko‘chatni o‘ylayapti...
— Hey, nima qilyapsizlar o‘zi? — deb ularning oldiga bordim.
Bo‘taev puchuq burnini tortib:
— Keling, Kimsan aka. Shuni yiqitish kerak, yo‘qotish kerak bo‘p qoldi, — dedi.
— Kimni? Kimni yo‘qotish kerak? Yiqitish kerak?
U hiringlab kuldi.
— Bilamiz, siz veteranlarning bu odamga ixlosinglar baland. Lekin bu — eng katta xalq dushmani ekan, aka... Xrushyov boboning dokladini o‘qimadingizmi?
— O’qidim, — dedim. — Balki sizdan oldin o‘qigan-dirman, o‘rtoq rais! Lekin u kishiyam dohiyning haykalini buzinglar demagan...
— Kimsan aka, nervingiz burningizning uchida turadi-ya! Qizishmasdan o‘ylash kerak-da... O’ligi mavzoleydan olingandan keyin haykali bu yerda turadimi? Ming odam kiradi bu boqqa. Yoshlar kiradi... Axir, siyosatgayam qarash kerak-da!
Men jimib qoldim: siyosatni tilga olgandan ke-yin lab-dahaning bog‘lanib qoladi-da. Shunda qistaloq:
— Buzing, Qulmuhammad aka! Hamma ko‘rsin! — deb buyurdi.
Haligi beton supaning pastida kattakon gurziday bolg‘a turgan ekan. Qulmuhammad oldi-yu, aylantirib soldi deng! Dohiyning iyagiga urgan ekan, boshi uchib ketdi.
Ko‘z oldim qop-qorong‘i bo‘lib qoldi. Haykalning orqasiga qanday qilib o‘tganimni bilmayman. Kallaga engashgan edim, bolg‘a yana gursilladi. Shartta izimga qaytdim. Qulmuhammad dohiyning mana shu yeriga — ko‘kragiga uripti.
— E, baqqa ber-e, enangdi... — deb bolg‘ani tortib oldim. Qulmuhammadning basharasiga shapaloqlab solib yubordim. Keyin bolg‘ani Bo‘taevga tutdim. — Oling! Meni uring!.. Men roziman! — Yig‘lab yuboribman. — Shu odamni deb qon to‘kkanman, kantujin bo‘lganman. Haliyam biqinda askolka bor!
Odamlar kelib meni ushlashdi. Unga sari jahlim chiqib ketdi.
— Bu odam yurtni o‘ylaganda sen qayda eding?! E, jo‘jaxo‘roz, politik! ? — Og‘zimdan u kirdi, bu chiqdi. Esim ham joyida emas, shekilli. — Axir, axir... Bu odam dohiy-ku? — deb baqirdim. — Kecha «Yashasin!» deb yurgan eding... Ha, haromi! — Qulmuhammadniyam so‘kib ketdim. — Urushga «Za Stalin!» deb kirgan kim edi? Kurskiy duga esingdami, iplos? Sen salkam poshist ekansan-ku!
G’ala-g‘ovur bo‘lib ketdi. Qayoqqa qarayman! So‘kyapman!.. Endi, og‘a, bu jon — foydaga qolgan jon. Buyog‘iga nimadan qo‘rqaman? Shunda bir-ikkita musulmonlar ham bor ekan, mening tarafimni olishdi.
— He, shuni olish kerak bo‘lsa, buzish shartmi? Ul-bul... — degan gaplar qilishdi.
Chamasi, Bo‘taev ham shunday bir himoyaga mahtal ekanmi:
— Yo‘g‘asam buni ag‘anataylik. Mayli, o‘zlaring biron joyga oborib ko‘minglar, — deb qoldi.
— Mana, biz olamiz-da! — dedim. — Ko‘mamanmi, ko‘mmaymanmi — uyog‘i bilan ishlaring bo‘lmasin!
— Mayli, biz sizlarning oldingizdan o‘tdik. Biz xalqqayam quloq solamiz, — dedi-da, Xoliqberdievni ergashtirib ketdi.
Endi Qulmuhammadning yig‘laganini ayting:
— Menga qadri yo‘qmidi dohiyning? Chaqirib aytishdi-da: «Siz siyosatga qarshimisiz?» deb... Ularning gapini qaytarib bo‘ladimi, jo‘ra?
— Men sening jo‘rang emasman! Bugundan boshlab! — dedim. Keyin bolg‘ani otvorib, uf, dohiyning kallasini ko‘tardim. Juda og‘ir ekan. Lekin butun. Mo‘ylabiyam... Iyagi uchgan. Qattiq tsementdan yasashgan ekanmi, xayriyat, uncha shikast yemapti...
Bog‘dan chiqib, bozorga chopdim. Eshak bozorda Par-da qiyshiq aravasini endi minib turgan ekan.
— Jon aka, gap shunday-shunday, — dedim. — Mana, sizga o‘n so‘m! Pensiyamni olsam, yana beraman...
— E, pulni qo‘ying, — dedi u bechorayam. — Ishqilib, bizga gap tegmasa bo‘ldi.
— Tegmaydi!
Qarang, yoli oqarib ketgan shu aravakash ham qo‘rqadi-ya, politikadan. Bir zamonlar «qo‘sh ho‘kizing bor», deb otasi kuloq qilingan-da. Keyin «vrag narod» bo‘lib otilib ketgan.
Eshak aravani to‘g‘ri boqqa haydatib kirdim. Haykalni ko‘chirish, avaylab aravaga yotqizish ham ko‘p qiyin bo‘ldi. Odamlarga rahmat, qarashishdi. Axir ularniyam mana bu yerida bor-da Stalin!..
Keyin uyga jo‘nadik!
Ko‘chaning o‘rtasidan haydatib ketdim aravani. Odamlar u betdayam, bu betdayam g‘uj bo‘lib, ajoyibotga qaraganday qaraydi. Parvoyim palak. Nima bo‘lsa, ko‘rdim bu olamda: qo‘rqadigan joyim yo‘q. Bolalarim uyli-joyli bo‘lib ketgan.
So‘qqaboshim bilan bir hovlida yotardim! Mana, endi... ikki kishi bo‘lamiz.
Ha-ha, to‘ppa-to‘g‘ri soydan o‘tkazib, uyimga obordim. Darvozani lang ochib kiritdim. He, u yerdayam tomosha! Kim ergashib kelgan, kim meni alqayapti, kim qo‘rqityapti...
Ammo-lekin, uka, shu qo‘rqitish... degan gapimda jon bor: men har qancha botirlik qilgan bo‘lsam ham, ko‘nglimning osti dir-dir etib turganini tan olaman.
Ha. Endi bizam uncha-buncha ko‘rganmiz-da, og‘a! Lenindan keyin, Stalin bobodan keyin o‘tgan arboblarniyam ko‘rdik... To‘g‘ri aytasiz, haqiqatni keyinroq tushundig-u... Ha-ha, o‘rtoq Stalin hayotligidayam rosa g‘alati ishlar bo‘lgandi, rost.
Ming-minglab odamlar «xalq dushmani» bo‘lib ketgan. Anchayin gapning ustidan...
Endi deng, biz kimsan — Xrushchyovning zamonida stalinchi bo‘lib turgan bo‘lsak...
Meni oborib tiqib qo‘yishlari hech gap emas edi. Stalinni oqlash — Xrushchyov boboni qoralashga o‘tardi...
Qo‘ying-chi, haykalni hovlining o‘rtasiga yotqizib qo‘ydik...
Men nodonlik qilib, parkdagi tagsupaniyam ko‘chirib keltirmagan ekanman. Qaytib borsam, bog‘ning qorovuli devorga ishlataman deb buzib-tashib ketibdi, nokas.
Keyin u yoqqa chopdim-bu yoqqa chopdim: uch-to‘rt qop tsement topdim. Soydan shag‘al tashib kelib, su-pani o‘zim yasadim. Qo‘ni-qo‘shnini chaqirib, haykalni tikka qildik. Endi haykalning boshini o‘rnatish qolgan edi.
Xayriyat, qo‘shni sovxozda armanlar toshdan imorat qurayotgan ekan, cho‘tkachi Rama jo‘ram: «Shularga bor. Har balo qo‘lidan keladi armanining», dedi.
Borsam, haqiqatan ham biladigani bor ekan. Bir tiyin olmay, kallani joyiga o‘rnatib berdi.
O’lay agar-a, xuddi o‘ziday qilib berdi. Lekin bechoraning bir kun vaqti ketdi: iyakni yamatgach, ichidan suvadi.
Ishonasizmi, bir tiyin olmay ketdi. To‘g‘ri, keyin uchta tovuq oborib, dimlama qilib berdim jo‘ralariga. «Pensioner bo‘lmasam, qo‘y so‘yardim», dedim.
Ana endi deng, haykal hovlida turipti. Bala-and! Oppoq! Mo‘ylablari biram xushro‘y. O’ziga yarashib... Toqqa qarab turipti. Tomdan ham baland-da!
— Ey, dohiy, — deb qo‘yaman onda-sonda. — Qalaysiz, Iosif Vissaranovich?
O’lay agar, lablari qimirlaganday bo‘ladi.
— Yaxshi. Rahmat senga, Kimsanboy. Seni bilar edim. Menga sadoqatli eding! — deganday bo‘ladi.
Bir kecha haqiqatan ham gapirdi-yov!
Oy chiqib turgan edi. Uyimdan sal narida jar bor, qurib ketgur axlatxona bo‘lgan. Rayondagi bari singan butilkani keltirib to‘kishadi. Yana allambalo chiqindilar. Yovvoyi mushuk deysizmi, it deysizmi — makon qilib yuborgandi. Kunduziyam odam borishga qo‘rqardi. O’sha oqshom nimayam bo‘lib, bir gala it juda uvladi. He, uvladi. Uyqum qochib ketdi.
Tashqariga chiqsam, oy sutdek yorug‘... Qo‘rqdimmi deyman, eshik tepasidagi lampochkani yokdim. Hammayoq ravshan bo‘lib, ko‘nglim sal joyiga tushdi.
Dohiy bo‘lsa, turiptilar!
Xuddi menga qo‘riqchiday!
Gangib, poylariga o‘tirdim. Chekipshi tashlagan edim, bitta tutatdim. Juda g‘ussaga botdim. Endi odam o‘ylaydi-da, og‘a: «Bu inson olamga kelib, nima orttirdi? Bitta shinel, bir juft etik, kalominka kitel, furajka bilan o‘tdi...»
O’, o‘zingizdan qolar gap yo‘q: Hozirgi dumbul rahbar ham «bir narsali bo‘lay» deydi. Xalqdan yulay, deydi. Keyingi vaqtda partiya safiga kiraman deb ariza berganlarning to‘qson foizi rahbar bo‘lsam, qo‘lim uzun bo‘ladi deb o‘ylaydi...
Axir, rahbar odam — partiya a’zosi bo‘lishi kerak-ku bizda?
Sizga yolg‘on, xudoga chin, «Ikki ming so‘m ber, partiyaga o‘tkazaman», degan partkomlarni eshitganmiz...
He, hammayoq buzilib ketdi!
Lekin bu odam... Iosif Vissaranovich xuddi Leninga o‘xshab yashadilar-da!
To‘g‘ri, to‘g‘ri, tushunib turibman: Lenin boboyam Stalin haqida biroz...
Ammo-lekin umrini xalqqa berdi-ku buyam!
Ha! Men shunday deb o‘ylayman! He, Xrushchyov taxtga o‘tirishidan oldin xalq ham shunday deb o‘ylar edi.
Stalin o‘lganda minglab odamning ko‘ngli ozib qolgani bejiz emas-da! Mening kasalxonaga tushganimga ishonmaysiz-da?
Ana shunaqa, og‘ajon.
Bi-ir mahal shivirlab qoldim:
— O’rtoq Stalin, bu ishlar... qandoq bo‘ldi? — Keyin sekin o‘rik soyasiga o‘tdim.
— Parvo qilma, Kimsanboy, — dedi u kishi. — Bu kunlar ham o‘tadi. Hali mening qadrimga yetadigan kishilar keladi taxtga... Xrushchyov ham o‘tadi. U aslida meni xush ko‘rmas edi. Men uni pisand qilmas edim. «Nikita» der edim.
Balki, balki bu gaplar xayolimda kechgandir? Balki men qo‘shib aytayotgandirman. Ammo gaplashdik!
— Kurskiy duga esingizdami? Tankada yonib ketayozgan edim?
— Esimda... Kremlda o‘tirgan bo‘lsam ham, ko‘rib turib edim! — dedi dohiy. Ha-da, u ko‘rib turardi. Be, ishonmas ekansiz-da odamga...
Bir vaqt qarasam, yig‘layapman. Keyin asta uyga kiraman degan edim, haligi itlar yana uvlab yubordi. Turib qoldim: «Dohiyni qo‘rikdayaptimi ular ham?»
A? Ha-da, haykalni ko‘rgani har xil odamlar kelib turishardi: biri yashirincha, biri oshkor. Biri qiziqib, biri mendan ahvol so‘rash uchun. Ishqilib, bizning hovli Xoliqberdievning muzeyiga o‘xshab qola boshladi.
He-he-he! Bilet sotsangiz bo‘lar emish! Yoshsiz-da! Undan ko‘ra o‘ldirib qo‘yarman o‘zimni...
E! Sizlar — boshqa avlod!
Xudoni bilasizmi? Bilmaysiz. Payg‘ambarni-chi? Yo‘q. To‘g‘risi, men ham bilmayman. Ko‘rganim yo‘q, o‘zi kechirsin... Lekin ahli musulmon xudoga ishonadi, to‘g‘rimi?
Xo‘p, qo‘rqadi deylik.
Stalindan ham ana shunday... Yo‘q, u kishiga ishonar edik.
Ishoning shu gapimga: Stalin — biz uchun ham xudo, ham payg‘ambar edi!
Ularga qarshi borib bo‘ladimi? Ularga sig‘inish mumkin, tavof qilish mumkin, xolos.
Ana shundan keyin...
E, e, tilingizga shakkar, kelishdi-da gruzinlar! Ikkitasi. Mana shunday yerga o‘tirishdi. Qaydan bilishgan bu savdoni? Xudo biladi. Keyin tusmolladimki, toshtarash armanilar borib aytishgan bo‘lsa kerak? Kapkazga borganda...
«Pakayaniy?» Darvoqe, yaqinda qulog‘imga chalindi: gruzinlar shunday kino qilishipti. Stalinga o‘xshagan — rasmiga xalq sig‘inadigan kishini ko‘rsatipti deyishdi.
Ha, rost: kinoda xalq qo‘rqqanidan sig‘inar emish... Ammo hayotda o‘z-o‘zidan sig‘inar edi, og‘ajon!
He, falak, unday odamlar bitta o‘tadi! Xudo haqqi, Stalin tirikligida Lenin boboniyam esdan chiqarib qo‘ygandik. Endi, asosiy ishlar, qiyinchiliklar Stalin davriga to‘g‘ri kelgandi-da... Ha-ha, lekin Stalin inqilobniyam tepasida turganlardan, axir.
Gruzinlar ketishdi.
Bir hafta yotishdi. Qo‘y so‘ydik. O’zlari opkeldi. He, yashik-yashik vino...
Qo‘shnilarniyam og‘zi tegdi.
Ular ketgandan keyin bizni raykomga chaqirishdi. Bordik. Birinchi bilan Bo‘taev o‘tirgan ekan. Bo‘taev aytdi:
— Siz nima qilyapsiz o‘zi?
— Nima qippan? Stalin sizlarga kerak bo‘lmasa, menga kerak, — dedim. — Xo‘p, ana, bitta-yarimta qiziqqan o‘rtoqlar borishadi. Ko‘rsa nima? Men ularga tashviqot qilmasam. Stalin yaxpti edi demasam... Miq etmayman. Tomosha qilib-qilib ketishadi. — Keyin Bo‘taev jig‘imga tekkan edi, jahlim chiqib ketdi. — E, o‘rtoq rais! — dedim. — Og‘zingizga qarab gapiring: men ham shu yurtning bir patriotiman. «Chet ellarda» emish! «Shu odam insoniyatni oyoqosti qilmoqchi bo‘lgan!» deb ko‘rsatishar emish!.. O’rtoq Stalinning nomini eshitsa, zir titrashar edi. Ular xursand... Menga o‘xshagan...
— Yo‘qoting, — dedi Bo‘taev. — Mendan ham ayb o‘tgan ekan, o‘rtoq sekretar...
Birinchi bo‘lsa, kuldi.
— Mening qarshiligim yo‘g‘-u, Kimsan aka, — dedi. — Lekin shu haykal sizniyam boshingizga bir tashvish solmasa deb qo‘rqaman. Meni tushuning, aka... — Keyin Stalin davrida qirilib, «xalq dushmani», deb qoralanib, otilib ketgan odamlar, juda katta-katta rahbarlar, o‘zimizning o‘zbeklardan ham uch-to‘rttasini tilga oldi. Keyin: — Sizgayam kasofati tegmasa deb qo‘rqaman, — dedi.
Kasofati tegmaydi! — dedim. — Men frontovik! Men Stalin deb jangga kirganman. Balki shu gap menga quvvat bo‘lib, o‘lmay qolganman! — dedim. — Chunki Stalin: «Biz g‘alaba qilamiz!» der edi. Mana, g‘alaba qildik.
Keyin ikkisi ming‘irlab, menga bir gaplarni, bir gaplarni aytishdiki, asti so‘ramang...
Aytaveraymi ?
— Siz siyosatning o‘zgarib turishini bilmaysiz, aka, — dedi birinchi. — Ha. Xudo ko‘rsatmasin, «xalq dushmani» degan gap tilimizdan yo‘qolgan emas...
— E? — dedim. Ammo sizdan yashirmayman: bo‘g‘inlarim bo‘shashib ketdi. — Haliyam bormi?
— Axir siz rasmiy siyosat bilan o‘ynashyapsiz-ku?
— Qachon?
— Mana shu qilig‘ingiz nimadan dalolat beradi?
— Ey, o‘rtoq kotib! — dedim. — Men printsipli odamman, og‘ajon! Men agar bu ishni oshkora qilayotgan bo‘lsam, boshqalar ichida... yaxshi ko‘radi Stalinni. Xo‘p, yosh bolalarni qo‘ying...
— Siz xavfli odam ekansiz, — dedi Bo‘taev.
— Gap tamom. Uni o‘z qo‘lingiz bilan biryoqli qiling,— dedi sekretar. — Hech bo‘lmasa, ko‘zdan pana qiling!
Bir yoqli... qilamanmi men? Oxiri o‘ylay-o‘ylay, ustiga chodir yopib qo‘ydim. O’rabgina. Shunday turibdi... Ha, onda-sonda ochaman. Kechalari...
Ochib qo‘yib gurunglashaman. Ishonmaysiz-da? Bilasizmi nima, o‘zi ishonmaydigan odamlar... nima de-sam ekan, o‘zingiz sinab ko‘ring bir narsaga qattiq ishonsangiz, u narsa tosh bo‘lsayam tilga kiradi! Xudogayam odamlar ishongani uchun uni «bor» deb yurishadi. Ha, endi hammamiz ateist bo‘p ketganmiz-u, baribir-da...
Yo‘q, hozir hech kim bezovta qilmayapti. Odamlar ham oyog‘ini tortib qolgan.
Ikki yildan beri gruzinlar ham kelmay qo‘ydi.
Stalin bobo davrida haligiday bo‘lganlar haqida bo‘lsa, gazetalar har kun yozishyapti...
Ha, endi ta’sir etadi mengayam, bir gapni hadeb qaytaraversangiz, ta’sir qiladi-da...
Lekin men... tushunmayman, nimanidir kutganday, kutib yurgandayman.
Bir oqshom shu to‘g‘rida Stalindan so‘radim ham.
— Bekor gap. Senga o‘zim ziyon yetkazmasam, hech kim ziyon yetkazmaydi, — dedilar.
— Bu nima deganingiz, o‘rtoq Stalin?
— Qara, kechagi dovulda qimirlab qoldim. Bosib tushsam, o‘lasan.
Nachora?.. Bu yog‘iniyam aytayin. Bir oqshom Rama jo‘ram bilan tag‘in bir-ikki oshnalarni obkelib, dohiyni yotqizdik. Ustiga chodirni yopganimizdan keyin, ishoning-ishonmang, devning murdasiga o‘xshab qoldi. Keyingi kuni o‘zim u kishing ustiga tuproq uyub qo‘ydim.
Nazarimda, dohiyning oxirgi vasiyatini ado etganday edim.

1988

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.