Nasib etmasa — ketar qoshu qaboqdin.
Elyor Bo‘ritosh opasini juda yaxshi ko‘rardi. U madaniyat uyidan qaytib keldimi, atrofida parvona bo‘lib, biron narsa bilan uning ko‘nglini ovlashga harakat qilar, so‘ng yoniga o‘tirib, gap so‘rar edi:
— Uylaring mana shu tog‘ni orqasidami?
— Ha, o‘sha yokda edi... Endi yo‘q.
— Nega yo‘q? Unda ota-onangiz qaerda turadi?
— O’sha yerda, uy ham o‘z joyida. Lekin men ularga begona bo‘lib qoldim. Endi, Elyorjon, mening uyim ham mana shu — sizlarning uyingiz bo‘ladi.
— Ur-re-e!... Opajon, tog‘ qo‘rqinchlimi?
— Juda. Lekin akang qo‘rqmas yigit... Qo‘rqoq bo‘lganda meni buyoqqa opqochib kelolmas edi.
— Akamni yaxshi ko‘rasizmi? -Ha.
— Meni-chi?
— Seniyam. Sen shunday aqllisan! Katta bo‘lsang, albatta yaxshi odam bo‘lasan. Mard, qo‘rqmas... Haqiqat uchun kurashadigan, haqiqatchi!
— Mayli. Mard, qo‘rqmas...
— Haqiqatchi — rostgo‘y degani. Aytishadi-ku, boshingga qilich kelsa ham to‘g‘ri gapir, deb.
— Bo‘pti... Opa, sizga o‘xshab dutorchi ham bo‘laymi?
— Aylanay sendan. Mayli.
— Tog‘ juda qiziqmi? Meni qachon olib borasiz?
— Nasib etsa.
— Qachon nasib etadi?
— To‘y o‘tsin... Men shu yerda qoladigan bo‘lay. Keyin boramiz. Berdiyor akang, sen, men, momomlar, amakimlar — hammamiz.
— Bo‘ritosh opa, kecha onam akamni chaqirib urishdilar...
— Nimaga?
— Men tushunmadim.
— Endi tushun... Xo‘pmi?
Elyorning chorbog‘i keng. Odokda olchazor, u tig‘iz o‘sib changalzorga o‘xshab qolgan. Devorning bir joyi o‘pirilib tushgan. Elyor ola sigirni o‘sha kemtikdan o‘tkazib, podaga qo‘shadi. Podachi mollarni tor ko‘chadan tez haydab, dalaga chiqaradi, u yerda zig‘irpoya bor, chetda yolg‘iz tol, eski chayla, zig‘irdan chetlatib adirga olib o‘tadi.
Bo‘ritosh opaning bo‘yi baland, xipchadan kelgan, bodomqovoq. Gavdasini g‘oz tutib yuradi. Faqat Elyorning otasi Quvondiq aka yo‘lddn kelganida boshini egib, past ovozda so‘zlaydi. Elyorning akasi Berdiyorning bo‘yi ham novcha, o‘zi sariqqa moyil, mallarang qoshlari ostidagi yirik ko‘zlari kulimsirab boqadi.
Elyor bugun oqshom buvisining ham Berdiyor aka bilan qattiq-qattiq gaplashganini eshitib qoldi:
— Nima bo‘lsayam birovning farzandi u! Endi boyoqishni kuydirma... Ayol kishining qarg‘ishi yomon bo‘ladi!
— E qo‘ying! — dedi Berdiyor. — Men unga yur debmanmi. Havaskorlar, o‘yinni bilar ekansiz, deyishgandi, o‘zi ergashib keldi.
— Unda uyiga jo‘nat bo‘lmasam yoki boshqa bir joyga ko‘chir. Sen yoshsan, u yosh qiz... Guzarda gap bo‘lyapti! O’ziyam chig‘atoylardan ekan, yaxshi ayol... vaqtida dovrug‘i ketgan el. Qo‘lli-oyoqli qiz... Haliyam shundan qolma, bolam.
— E-e!
To‘rt oydirki Elyor Bo‘ritosh opasining yonida yotadi — buvisi tayinlab qo‘ygan. U bir-ikki marta kechasi opaning Berdiyor aka bilan gaplashayotganini eshitib, uyg‘onib ketgan. Momosining nasihatiga amal qilib «Aka, keting. Joyingzga borib yoting!» degan.
— Bo‘ritosh opa-chi... momom ham urishdilar akamni.
Eshik g‘iyq etib ochildi. Tomoq qirib, Berdiyor kirdi. Kesaki yonida qaqqaydi.
— Chiroqni yoqmang, — dedi Bo‘ritosh.
— Haliyam yoqmayman. Bu... uxladimi?
— Uxlaganim yo‘q! — dedi Elyor. — Keting.
— Bir yo‘la poyloqchi bo‘lib olding-ku! Uf... Bo‘ritosh, charchadim. Oblastdan odam keldi. Oblast havaskorlarining festivali bo‘lar ekan. Tayyorlaninglar, dedi. Qayokdan ham xalq teatri degan nom berishdi bizga! Tinim yo‘q.
Elyor o‘rnidan turib o‘tirdi:
— Berdiyor aka, to‘ylaring qachon bo‘ladi? Keyin Bo‘ritosh opamlar meni toqqa olib bormoqchi. Tog‘ qo‘rqinchli... Siz yurgan yo‘llardan yuraman.
— Hamma gapni biladi-ya bu?.. Momom chaqiryapti seni, bor!
— Yolg‘on. Gapingiz rost bo‘lsa, boraman!
— Rost, rost!
Elyor chiqib ketdi. Momosi:
— Seni aldapti u, — dedi. — Opangni yonidan jilma!
Elyor qaytib eshik tutqichiga qo‘l uzatdi-yu, tek qoldi. Ichkaridan ularning so‘zlari eshitilar edi.
— Berdiyor aka, men sizni deb keldim-ku, — der edi Bo‘ritosh opa. — Bilasiz-ku! Bo‘lmasam bu rayonda menga nima bor? Uyoqda, o‘z rayonimizdayam madaniyat uyi bor...
— Lekin meni xafa qilyapsiz-da, Bo‘ritosh, — to‘ng‘illadi Berdiyor aka. — Nega meni yoningizga yo‘latmaysiz? Yana sevaman deysiz? Ishonmay qoldim, sevgan odam munday bo‘lmaydi. O’g‘riga o‘xshab kiraman, haydab chiqarasiz!
— Men sizga o‘ynash bo‘laman deb bu yerga kelganim yo‘q, Berdiyor aka...
— Harholda... Ungacha... Buyoqda to‘y harakati taxt emas. Otam yo‘lda... Hatto bir o‘ptirganingiz yo‘g‘-a?
Elyorning xayoli uchdi: «Akam Bo‘ritosh opamni o‘pmoqchi. Nega o‘padi? Hozir...»
Eshik taraqlab ochildi. Berdiyor qaramay, chiqib ketdi.
— Yolg‘onchi! — deb qoldi Elyor.
Bo‘ritosh uni yoniga yotqizib, peshonasiga tushgan qo‘ng‘iroq sochlarini siladi:
— Elyorjon, men ketsam, xafa bo‘lmaysanmi?
— Nega ketasiz? Ketmaysiz... Endi bu uy mening ham uyim bo‘ladi dedingiz-ku?! Ketmaysiz!.. To‘y qilamiz, ota-onangiz kelishadi. Keyin meni toqqa olib borasiz... Akamga ayting... men siz aytgandek mard, haqiqatchi bo‘laman.
— Rahmat... Hali gaping uzilib qoldi: momong akangga nima dedilar?
— Him... Ishqilib, momom sizni maqtadi, akamga qattiq-qattiq gapirdilar.
— Elyorjon, Berdiyor akang mendan boshqa ayol bilan ham gaplashadimi?
— Rostini aytsam, Zumrad opa bilan gaplashadi! Zig‘irpoyada ko‘rganman.
— Qachon? Hozir ham gaplashadimi?
— Hozir bilmayman.
— Elyorjon, akangni bir kuzatmaysanmi, qani, o‘sha opang bilan yana gaplashadimi, yo‘qmi ekan? Keyin... meni yaxshi ko‘rishingga butkul ishonaman!
— Men sizni yaxshi ko‘raman...
Ertasiga Elyor buvisi atrofida o‘ralashib, kunni choshgoh qildi: katakdagi tovuq tuxumlarini terdi, buvisi ish tikmoqchi edi, ignasiga ip o‘tkazib berdi. Ola sigirning buzog‘ini zig‘irpoyaga yaqin eltib o‘tlatdi. Yarim xalta pechak yulib keldi.
U ko‘chaga chiqqanida guzar bolalari chillak o‘ynashayotgan ekan. Ergashali so‘rab qoldi:
— Bo‘ritosh opani nima deb chaqirasan?
— Opa deb.
— Ha-ha. Yanga deb chaqir... Yo‘q, kennoyi deb, televizorda aytadi-ku.
— Bekor aytibsan. Xotini emas! Yaqinda to‘y bo‘ladi. Keyin yanga deyman. Xohlasam, checha deyman... Bor!
Kechga tomon Bo‘ritosh ishdan qaytdi. Elyorni uyga olib kirdi.
— Elyorjon, ko‘chaga chiqsang... Akang o‘rtoqlari bilan gaplashib qoldi, dorixonaning oldida. Bugun o‘sha, sen aytgan opa kelib ketdi! Akangni bir kuzat...
— Xo‘p.
Elyor dorixonaga yetib, akasining sartaroxshonaga kirganini ko‘rib qoldi. Ariqdan hatlab o‘tib bordi.
Eshik og‘zida kursi qo‘yib o‘tirgan mo‘ylovli sartarosh unga tikilib qaradi.
— Akam ichkariga kirdi-ya? — so‘radi Elyor.
— Berdiyor sening akang bo‘ladimi? Ha. Kirdi. Elyor kosagullar ochilib yotgan pol pushtasiga cho‘qqaydi:
— Amaki, nimaga hammavaqt shu yerda o‘tirasiz?
— Sen sochingni oldirasanmi?
— Yo‘q. Buzib qo‘ygansiz bir gal, onam urishgan...
— Ana sen ham menga soch oldirmaysan-u, ichkariga kirib o‘tirmaysiz, deysan yana.
Elyor derazadan mo‘ralab qaradi. Sartarosh akasining yuziga atir purkar, Berdiyor iljayganicha aftini tirishtirib boshini qimirlatar edi. Elyor birdan tek qoldi: «Kuzatsam, o‘zimni ko‘rsatmasligim kerak-da!» U tag‘in ko‘chani kesib o‘tib, dorixona oldiga borgandi, ro‘parasiga yuk mashinasi kelib to‘xtadi, undan fufaykasini qo‘ltig‘iga qisgan Quvondiq aka sakrab tushdi.
— Ota!
— E, o‘g‘lim! — ota uning oyog‘ini yerdan uzib, manglaydidan o‘pdi. — Meni kutgani chiqibmiding?
— Yo‘q... Ha.
— Unda uyga ketamiz.
— Ota, men akamni kuzatishim kerak.
— Nima?
— Bo‘ritosh opam iltimos qildilar. Akam Zumrad opa bilan uchrashmasligi kerak, to‘g‘rimi?
Quvondiq aka qoshini uydi:
— Yur, akang bilan o‘zim gaplashaman.
Qoraboy it darvozaga o‘ynokdab chikdi. Quvondiq aka uni erkalab kulib qo‘ydi. It yana oyog‘iga o‘rala-shavergan edi, tepib yubordi. Elyor orqada qoldi. U supaga chiqib borganida, boloxonada onasi bilan gaplashayotgan otasining so‘zlari baralla eshitilar edi:
— Ey, qo‘y... Bu oqshom kelsin, qo‘lidan mahkam ushlab o‘tqizaman. Shu haftada to‘y qilib yuboraman. Buning nimasi yomon o‘sha qaqajondan?! Odobni bilsa, ishni bilsa... bir aybi o‘g‘lingning gapiga uchib kelganimi! E, nomard o‘g‘il!
— Biram yaxshi qiz, choljon, biram achinaman...
— Achinishdan foyda yo‘q, harakatingni qil! Elyor yugurib uyga kirdi.
— Bo‘ritosh opa... akamning qo‘lidan ushlab o‘tqazar ekan. Shu haftada to‘y... Nimaga indamaysiz?
— Elyorjon, bu gapni men ham eshitdim. Akang meni aldagan ekan...
— Aldagan bo‘lsa sirini ochamiz! Men bari bir uni kuzataman. Hozir ko‘chaga chiqaman.
Podaning qaytadigan vaqti bo‘lgan edi. Elyor bog‘ oralab ketdi. Olcha butasidan xivich sindirib olib, kemtikdan o‘tdi. Zig‘irpoyaga yetib to‘xtadi: «E... Akam Zumrad opa bilan anavi yerda turishgan edi. Chayla...»
Tepa bag‘ridan mollarning ma’ragan ovozlari kela boshladi.
Sigirni haydab kelgan Elyor buzoqni ushlab turib sog‘dirdi. Buzoq dumini likillatib, tumshug‘idan oppoq ko‘pik tomchilar, sigir bo‘lsa, «hr-hr» ovoz chiqarib, buzog‘ining quymuchini yalar, oyoqlarini kerib turib olgan edi. Elyor tovuqlarni ham qaqolatib quvib, katakka qamadi.
Oy chiqib qishloqni yoritganda Elyor zig‘irpoyaga tutash o‘qariqda cho‘nqayib o‘tirar, ko‘zlari yalt-yult qilayotgan Qoraboyning baroq bo‘ynidan quchib olgan edi. Zig‘irning yoqimli, bir oz taxir hidi keladi. Qaerdadir baqa qurillaydi, chigirtkalar sayrashi avjida. O’qariq nam, botqoq, chirik yaproq hidi keladi.
Ufqni to‘sib turgan tepalik bag‘rida ikkita qora ko‘rindi, ular oqarib turgan so‘qmoqdan o‘tib, chayla ostiga kelishdi. Elyor ularning kulgisidan payqadi: biri akasi, biri tovushi yo‘g‘on Zumrad opa.
U shosha-pisha orqasiga burildi, itning bo‘ynidan quchib tortdi. Shunda ularning gap-so‘zlari qulog‘iga chalina boshladi:
— Voy, suv bosipti bu yerni...
— Ko‘tarib olay.
— Tegmang!.. Anavi tog‘dan optushgan qushchangizni ko‘taring! Sizda hech insof yo‘q! Buydoqsiz... Xo‘p, havaskorlarning rahbari bo‘lsangiz bo‘psiz, uni uyingizda saqlashingiz nimasi?! Meni aldamang... Ana, domkulturaning kattalariga murojaat qilsin, unchalik zarur bo‘lsa... Bo‘lmasam qishlog‘iga ketaversin!
— Yaqinda ketadi, sekinlik bilan. Lekin bitta iltimos...
— Nima?
— Shu... indamay kelib, indamay ketaveradimi? Yo‘q, to‘xtang-to‘xtang! Men uni... yaxshi san’atchi bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Kim biladi deysiz. O’zidan bilib, ketay demaydi ham.
— Sizga yoqadi! Yoqmay o‘lsin!
Elyor itni torta-torta so‘qmoqqa yetdi. Uyga qarab chopdi. It shing‘illab chaylaga qaradi, hurdi va Elyorga ergashdi.
— Opa... Bo‘ritosh opa, sizni ketsin, dedi. Zumrad opa! Akam ham yaqinda ketadi, dedi... Shunaqa dedi. Yurishipti. Chaylada, zig‘irpoyada...
Bo‘ritosh rangi oqarib karavotda o‘tiradi:
— Rahmat, aylanay. Menga katta yordam qilding, — dedi.
— Endi nima qilasiz?.. A... ayting... Lekin ket-maysiz! Hech qayoqqa ketmaysiz... to‘y bo‘ladi! Chig‘atoydan ota-onangiz keladi. Keyin biz ham boramiz... Opajon, ketmang! Men aytganingizdek bo‘laman, mard, haqiqatchi.
— Men ishondim, ukam.
Ertasi Elyor uyg‘onib, tashqariga chiqqanda, Bo‘ritosh tugunchasi qo‘lida, boloxona tagida turishgan uy egalari bilan xo‘shlashar edi:
— Momojon, rahmat. Onaxon, sizga ham. Otajon, men yengiltaklik qilib, bu kishining so‘zlariga kirgan ekanman...
— Axir bu yolg‘on gap! — baqirib yubordi Berdiyor. — Mana bu shipiyonbachchadan chiqqan bu gap. Hu ko‘zingni...
Elyor supadan tushdi. Yig‘lab, Bo‘ritosh opasining tuguniga yopishdi:
— Opajon, qoling... Aka, nega baqirasiz?! Men haqiqat gapni aytdim! Bo‘ritosh opa, haqiqatni aytganim uchun ketasizmi?!
Bo‘ritoshning ham ko‘ziga yosh to‘lib, bolani quchdi.
— Sen haqiqatchi bo‘lib olding, — dedi entikib. — Endi orqaga qaytmaysan, jonim!.. Haqiqat shunday narsa: u shafqatsiz bo‘ladi, u yig‘latadi. Buning uchun gap eshitishing ham mumkin... Lekin haqiqat hamma narsani joy-joyiga qo‘yadi. Yolg‘onchilik, aldanishga barham beradi...
— Axir...
Bo‘ritosh uy egalariga tag‘in bir ta’zim qildi.