U o‘zi ham o‘lishi mumkinligini o‘ylamasdi. U o‘ldirishni... hayvonlarni, parrandalarni, xullas, Olatog‘da ov qilishga arzirli o‘lja borki, u qo‘liga miltiqni olishi bilan o‘zi anglamagan holdd, ulardan nimanidir otish — o‘ldirishni o‘ylardi. Ba’zan, masalan, kiyik oviga ketayotgan bo‘lsa, yo‘lida duch kelgan kaklik, chillarni ham ayamasdi. Zag‘izg‘onu cho‘pon aldag‘ich qushi uchrasa ham tirik qo‘ymasdi.
Mabodo ovdan qo‘li quruq qaytsa — bunday voqea juda kam bo‘lardi — u bamisoli otasi o‘lgandek aza tutar, qovog‘i ochilmas, shunda xotini ham ko‘ziga yomon ko‘rinib, bechora biron-bir yetishmovchilikdan zorlansa, u: «Jonga tegding-ku sen ham!» deya miltiqni qo‘lga olardi...
U odam otmagan, biroq undan ko‘plar qo‘rqishardi, uni yolg‘iz uchratganda xushomad qilishar, gavjum joylarda unga yaltokdanib ovi baror olib turganmi ekanini so‘rashardi. Omon sovuqqonlik bilan qisqa javoblar berardi.
Uning otasi Rahmon polvon qirq yoshida ham kurashda yiqilmagan, keyin bir o‘rta yashar o‘rtacha polvon bir qoqmada yiqitib qo‘yganida — dardi shunchalikki, omborga bo‘yra to‘shab, ustidan suv sepib, unga bag‘rini berib yota-yota oldin yo‘talni orttirib, keyin qon qusa-qusa o‘lib ketgandi.
U kishi Omonga o‘n uch yasharligida, «indamas» miltiq — melkokolibr miltig‘i olib bergan, Omon birotar ov miltig‘ida emas, shunda qush otishni o‘rgangan, shu tariqa o‘tkir mergan bo‘lib yetishgan edi: u bolalikdan yovvoyi qushu yovvoyi hayvonlar otish va yeyish uchun yaratilgan deb o‘ylar, har qanday ovchida ham ma’lum bir yoshda paydo bo‘ladigan rahmdillik unda hamon uyg‘onmas, chamasi, uning yuragi ham baquvvat ko‘kragidek qattiq ediki, buning sababini ehtimol uning otasiga xos jihatlardan izlash mumkin.
Ular Olatog‘ bag‘ridagi uylari bir-biriga mingashgandek kichkina qishloqda yashardi. Atrofda undan bo‘lak qishloq yo‘q, rayon markazi sakkiz chaqirim etakda edi.
Maktabda begonalar orasiga tushib qolgandek har kuni markazga tushishda sakkiz chaqirim, qaytishda sakkiz chaqirimni bosib o‘qigan Omon o‘sha paytlarda rasm bo‘lgan harbiy darsga qatnashish uchun maktabga boradiganga o‘xshar, chindan ham uning boshqa fanlarga qiziqishi yo‘q, harbiy darsda — otishdan o‘qituvchini ham yo‘lda qoldirardi.
U harbiy xizmatga borganida ham shu jihati bilan darhol mashhur bo‘lib ketgan, ularning qismlari o‘rmonga yaqinmasmidi, ofitserlardan ovga ishqibozlari Omonni ergashtirib olar, Omon rus o‘rmonida los, ayiq otishni ham shu asno o‘rgangan, rusak quyonlarini otish — uning uchun ermak edi.
U harbiydan qaytgan yili otasi qazo qilib, Omon uning ishini oldi: qishloqchaga tutash sakkiz gektar o‘rikzor bo‘lib, otasi Rahmon polvon unga qorovul, ayni chog‘da unga bog‘bon ham edi.
Ikki yildan keyin onasi uni uylantirdi. Onani ham tuproqqa topshirgan yili o‘g‘il ko‘rdi.
O’g‘li to‘qqizga qadam bosganda...
... Omon bir kuni ovdan quruq qaytdi: Zovboshida bir qobon, bir megajin va o‘ntacha churpani kamarga qamab chiqishini kutib yotgan edi, tepada geologlarning vertolyoti paydo bo‘ldi-da, naq kamar ustiga pasayib shunday shovqin ko‘tardi, shamoli joni qattiq archalarni ham titratdiki, qamaldagi cho‘chqalar sel bosganday vahimada chiqib, xuddi Omon pisib turgan archa tagiga o‘zlarini urdi. Omon kalovlanib, archa orqasiga o‘ta oldi, xolos. Cho‘chqalar odamning beliga uradigan miyazorga oralab, ilonizi yo‘l qoldirib ketipdi. Omon birinchi marta o‘zini o‘q bo‘shatishdan tiydi: bunday paytda o‘q qobonga tegadimi, bolasiga tegadimi — bo‘ldi, qobon burila solib, ovchiga hujum qiladi.
Omonning ta’bi xira bo‘lib, qishloqqa qaytgandidi.
Xotini sigir sog‘dirmayotganidan koyinib edi, Omon o‘zi xurmani olib, sigir tagida cho‘nqaydi. Endi yelinni ushlaganini biladi, sigir bir qimtindi: oyog‘i ko‘zani urib, chil-chil qildi. Omon o‘rnidan turib chetga chiqdi. So‘ng xotirjam kavshanayotgan hayvonga birpas qarab turdi-da, pichanga sanchib qo‘yilgan panshaxani olib, sigirning beliga ikki tushirdi. Jonivor og‘ir mo‘rab yuborib, yotib qoldi: dir-dir titraydi.
— Voy, inakni o‘ldirdingiz-e, beshafqat! — deb yig‘lab yubordi xotini.
Omon miq etmay rayonga tushib ketdi. Yolg‘iz jo‘rasi Hamdamni oshxonada uchratib, u bilan ko‘k choy ichayotgan edi, Omonning qisqa bo‘lsa-da, birovlar uchun qiziq suhbatiga ishqiboz uch-to‘rt yigit bular stoliga o‘tishdi.
Keyin davraga rayon gazetasidan bir muxbir yi-git ham qo‘pshlib:
— Omon aka, hayvonlarga rahmingiz kelmaydimi? Otar emishsiz? — dedi.
— Shu gapni aytgan bekor aytipti, — dedi Omon.
— Bo‘lmasam nimalarni otasiz?
— Nimani otishimni istar edingiz?
— Bilmadim endi, masalan, qutirgan hayvonlarni, molga o‘rgangan bo‘rini, ishqilib, odamlarga shikast yetkazadigan jondor borki, u o‘limga mahkum...
Omon mergan somsaxonani to‘sgan taxta devorga bir nafas qarab turdi-da, sekin hikoya qildi:
— Bir kuni Kuntegmasdan chiqsam, bir eshakli shudgorda chirqillab kelyapti. «Ha?» dedim. Xalacho‘p bilan orqani ko‘rsatadi: nima deganini tushunmayman. U yoqqa qarasam, yo‘g‘onligi boldirday bir ilon o‘rmalab kelyapti. Otdim. Ilonni ko‘zlamay otsang ham o‘q tegadi, deydilr. Bekor gap... Ko‘zlab otdim. Ilon joyida qoldi... — Omon nihoyat kulimsiradi. — Uni otishim mumkin edi-ya?
Mushtumini iyagiga tirab tinglayotgan muxbir ishshayib:
— Yo‘gonligi qanday dedingiz? — deb so‘radi.
— Boldirday.
Muxbir u yoq-bu yoqqa qarab qiqillab kuldi-da:
— Ie bu siz ajdaholarni yeshtan milliy qahramonlarimiz traditsiyasini davom ettirayotgan kishi ekansiz-ku, aka! Sizni maqtash kerak ekan! — dedi.
Narigi stoldagilar kulishdi. Omon unga o‘qrayib turdi-da, piyolasidagi choyni uning yuziga sepib yubordi. Muxbir boshini egib qoldi.
— Ketdik, — dedi Omon Hamdamga.
Omon uyga qaytib kelganida, xotini tag‘in sigirni eslab:
— Jonivorning bir emchagi shishib qizarib ketgan ekan, menam bilmagan ekanman, — dedi.
— O’zi qalay?
— Ovqat yemayapti.
— So‘yamiz.
Omon ertasi kuni sigirni so‘ydi. Beli sinib ketgan ekan. Yarim go‘shtni qo‘shnilarga ulashib berishdi, yarim go‘shtni qovurib, xumga solishdi.
Shundan keyin qishloqda Omon sira kutmagan voqea sodir bo‘la boshladi: qo‘shnilar birin-ketin janubga — Bandixon cho‘liga ko‘chib keta berishdi: cho‘lquvar bo‘lib... Omon ularni gangib kuzatar, bu qishloqni, shimoldagi Olatog‘ni va unda bor archazorlaru hayvon-parrandalarni tashlab cho‘lga — pashsha qaynagan qiziriq cho‘lga tushib ketayotganlarini aqliga sig‘dirolmasdi...
Qovunni ko‘rib qovun rang olgani shumi — hademay qishloq bo‘shab qoldi.
Bu endi qishloq emas, satti chordevor edi: tomlari buzilgan, yog‘och to‘sinlari ham olib ketilgan. Tez orada u yerda kalamush va sichqonlar ko‘paydi. Keyin esa ularning kushandalari boyqushlar ko‘paydi: ba’zisi kunduz kunlari ham devor kemtiklarida hurpayib o‘tirar edi.
Omon negadir bularni sira otmas, aksincha, ularni uzoq-uzoq tomosha qilishni yaxshi ko‘rar, ba’zan kechalari tashqariga chiqib boyqush sayrashini eshitganda — yurak seskanishi qayda! — parishonxotir bo‘lib tek qolardi.
Shunda u bu tun qushlarining mungli hamda nimasi bilandir tunga o‘xshab ketadigan unlariga allaqanday singishar, go‘yo o‘zi ham shu tunga, shu mungli unga, boyqushga aylanib qolardi.
Uyda xotinning g‘ishing-g‘ishingi ko‘paygan edi.
— Yovvoyi odamlarga o‘xshaymiz... Siz ketganda, kunduz kuniyam qo‘rqaman bu yerda... Yosh bola bir o‘zi markazga qatnaydi. Hademay qish kiradi...
— Men hech qayoqqa bormayman... Men ham shuning yoshida qatnar edim markazga... — deb qo‘yardi Omon.
Bir kecha boyoqish juda zorlandi:
— Shamollapti o‘g‘lingiz. Ichiray desam, sut yo‘q, tomog‘iga malham bo‘lardi. Tog‘dagi juvanalaringiz inak bo‘lguncha kosamiz oqarmas ekan...
— Xotin, chidasang — shu, chidamasang jo‘na! — dedi Omon.
Xotin bir muddat boshini xam qilib turdi-da:
— Mayli. Taloq qilsangiz... — dedi.
— Bor. Taloqsan, uch taloq! — So‘ng ayvonga chiqib birpas turdi-da, qaytib kirib, o‘g‘liga: — Sen qol... Anaviday miltiq olib beraman, — dedi.
— Menga miltiq kerak emas, — dedi bola.
— Bo‘lmasam, sengayam katta yo‘l!
Ertasi Omon tajang holda ovga ketdi. Yoz EDI. PIshiqchilik. Har qanday shafqatsiz ovchi ham bunday paytda toqqa chiqib, endi jo‘jasini uchirma qilayotgan kaklikka yoki bolalari mushtdek bo‘lgan quyonga o‘q uzmaydi: ularning ham tirik jon, zurriyot qoldirishga huquqli ekanini his etishmi bunga sabab, balki ne bir sirli tuyg‘u ularning ham inson qavmiga yaqin ekanini sezdiradimi...
Omon ovchi shu ketishda katta bir burgutni ham otib, so‘ng uni xo‘p tomosha qilib, keyin uning xuddi besh yashar bolaning panjalaridek oq-sariq, biqqi barmoqli oyoqlarini kesib olib, uyga qaytib kelganda bari jihoz o‘z o‘rnida, faqat xotin bilan bola yo‘q edi.
«Enam ham otamdan chiqib ketgan edi bir-ikki marta. Keyin qaytib kelib edi. Bular ham keladi hali...» deb o‘yladi u va g‘ashlanib esladi: o‘shanda u har gal otasi yonida qolar edi.
Kiyik ovlarga chiqqanda to‘rt-besh kunlab kimsasiz kamarlarda yotib, pistirmalarda tunab, yolg‘izlikka mutlaqo o‘rganib ketgan Omon mergan xotinsiz uyiga ham ko‘nikdi. Boladan uning ko‘ngli xotirjam edi...
Sakkiz gektar chiqadigan o‘rikzorga qarash, qishda qovus suvi berish, bahor ayozlarida chalma tutatish, yoz boshida qurigan shoxlarini kesish (bir mikdor o‘tin to‘plash plani ham bor) va hosilini yig‘ib, qoqi qilib berish ham Omonning bo‘ynida edi.
Ana shu — o‘rikni qoqib, turshak qilish paytida uning ishi ko‘payar, kunora rayon markaziga qatnashga majbur bo‘lardi. Chunki, sovxoz odam bermaydi. Odamni, ya’ni, o‘rikni qoqib teradigan va bo‘yralarga yoyadigan «ishchi kuchi»ni u choyxonalarda valaqlashib o‘tiradigan, ko‘cha muyulishlarida to‘p-to‘p bo‘lib, tekkanga tegib, tegmaganga kesak otadigan bekorchilar orasidan yig‘ishi kerak. Yaxshiyam Omon ovchining ov sarguzashtlari ko‘plarni qiziqtirardi: ko‘plari hikoya eshitish uchun kelardi. Lekin har kun emas-da!..
Uning boshiga bir og‘ir kun tushdi.
Shundan uch oy oldin u qop-qop turshakni mashinaga ortib jo‘natgach, o‘ziga tegishlisini ham bir mashinaga yuklab markazga tushdi. Tayyorlov idorasiga topshirib, pulini oldi. Tentirab Hamdamning uyiga bordi.
U televizor ko‘rayotgan ekan.
— Ke, ke. «Hayvonot olamida» bo‘lyapti, — dedi.
Omon do‘stining xotini bilan so‘rashib, ko‘rpachaga cho‘kdi. Rangli ekranda Kavkaz tizmalaridan biri bag‘ridagi qo‘riqxona ko‘rsatilmoqda edi. Och jigarrang yonbag‘irda bir talay yovvoyi echkilar tizilib turardi. Boshlarini mag‘rur burib, pastga qarashadi. Pastlikda toshqin daryocha oqyapti. Tepadan tosh ko‘chdi. Kiyiklar dik-dik sakrab, yonbag‘irni aylanib o‘tib ketishdi. Keyin, ularni boshlab yurgan shoxi gajak arxar cho‘qqida paydo bo‘ldi. Omon bu manzaraga bir qadar horg‘in ko‘z bilan tikilib turarkan, xayolan arxarni nishonga oldi: «Bo‘ynidan otsam... Yo‘q, o‘q yo kurakka tegadi, yo qulog‘idan pastroqqa... Obbo, bu yoqqa burildi-ku! O’q sirpanib ketadi...»
— Yaxshi-ya! — dedi Hamdam. — O’zimizning kiyiklardan farqi bormi?
— Yo‘q, — dedi Omon. — Lekin bizda kam qoldi. Operatorlar suratga olib bo‘pti!.. Keyin, bular qo‘riqxonada ekan, odamga o‘rgangan, qo‘rqmaydi. Echkiga o‘xshaydi... Biznikilar juda shar. Odamning isini bir kunlik yerdan biladi.
Hamdam do‘stiga choy quyib berdi.
— Bu yil ham kiyik oviga chiqasanmi?
— Chiqaman.
— Bir kiyik uchun besh yuz so‘m shtarap to‘larmish... otgan kishi. Miltig‘iniyam olarmish... — Hamdam Omonga yuzlanib o‘tirdi. — Sen beparvo bo‘lma u muxbirga. Orqangdan tushgan, jo‘ra.
— O’lgisi kelgandir. Otmaganim — odam edi... — Keyin Omon ham unga yuzlandi. — Milisaning nachayligi nima deb edi senga?
Hamdam uning tizzasiga urdi.
— Yaxshiyam eslatding... «Satti kiyik go‘shtini Omon polvonning bir o‘zi yeydimi yo sizlarni mehmongayam chaqiradimi?» deb edi. Uni mehmonga chaqirmaslik kerak. Lekin Omon ke, tavakkal-da, bir oqshom uning uyiga besh-to‘rt kilo kiyik go‘shti oborib tashla. Hozir emas, keyin, otganingda-da. He, qishdami...
— Besh-to‘rt kilo go‘sht nima bo‘ladi. Butunini oborib tashlayman.
— Mayli-yu, Hamdam Omonning jo‘rasi deb, qo‘ynimga qo‘l solib ko‘rgan bo‘lishiyam mumkin...
— Oyog‘i sinib yotgan ekan, harom o‘lmasin deb, so‘yib oldim deyman...
— Ha, bu gapingam ma’qul. U yer-bu yerini atay sindirib qo‘ysang, a?
— O’q yegan bilan darrov o‘lmaydi. Shunda biron joyiga ursang, qon uyushib qoladi. So‘yganingdayam bilinib turadi... Keyin urib sindirishdan foyda yo‘q.
— O’, sen bilasan.
O’riklar bargi qontalash bo‘lib to‘kila boshlagan, yomg‘ir savalab turgan kunlarning birida Omonni sovxoz idorasiga chaqirib, Bondixonga — paxta terishga borishini ma’lum qilishdi. Omon «Bondixon» nomini eshitib, oyoq tirab turib oldi: «U yoqqa bormayman. Boshqa nima ish buyursangizlar, qilaman... Mayli, boshqa rayonga bor denglar, boraman», dedi.
O’rmon xo‘jaligiga qarashi lozim bo‘lgan ko‘p joylar, archazorlar hamda yovvoyi hayvonlaru ov qushlari mo‘l bo‘ladigan qir-adirlar vaqti zamonida sovxoz chegarasi ichida qolgan, sovxoz unga qorovul qo‘ymas, bunday shtat ham unda yo‘q, shu xususda oblast gazetasida bir tanqid — maqola bosilgan ekan.
Sovxoz direktori shuni tilga olib:
— Mana, hademay qish tushadi, uka. Bu yil qish qattiq keladi degan gap bor... Sovxoz o‘z chorvasi bilan parrandasini bir amallab qishdan chiqaradi. Anavi yovvoyilar qirilib ketsa, yana boshimiz baloga qoladi, — dedi. — Shuning uchun, Omonboy, tog‘da, xususan bizning yerlarimizda — qaerlarda haligiday yovvoyi hayvonlar ko‘p bo‘ladi, qaerda kaklik, chil ko‘p bo‘ladi, bular sizga ma’lum...
Xullas, Omonning yoniga tag‘in bir kishini qo‘shib beradigan bo‘lishdi. Qiladigan ishlari: kiyiklar bor joylarda bitta-yarimta oxur yasab qo‘yish, kakliklar suv ichadigan, demak, o‘rganib qolgan buloqlari atrofini simto‘r bilan o‘rash... toki ularga sochib qo‘yiladigan donni o‘tkinchilar tashib ketmasin.
Omon merganga bu vazifa juda ma’qul tushdi. Keyin o‘ylanib so‘radi:
— Men to‘g‘rimda har xil gap yuradi, direktor bobo... Shu jihatdan meni sinash emasmi bu?
— Insofingiz bor-ku, uka, — dedi direktor. — Agar qo‘yni bo‘riga topshirib qo‘ydi deb o‘z bilganingizni qilsangizam Xudo bor-ku... Oxiri yaxshi bo‘lmasa kerak.
«Nima bo‘lardi! — deb o‘yladi Omon. — Izimdan tushgan odam meni qo‘lga tushirmasa, hech nima bo‘lmaydi. E-e, tushirib bo‘pti!..»
Omon mergan tunda: o‘rmonda, tog‘da hech narsadan qo‘rqmagani kabi jin-ajina degan narsalarga ham ishonmas, shu ma’noda «qon tutadi», «gunoh», «ko‘z tegadi» degan gaplarning ham uning uchun ma’nosi yo‘q edi.
Masalan, qadimdan qolgan gap bor: ovchi kiyikdan bitta otishi kerak... Aks holda, bir falokat yuz berishi mumkin emish. Omon bu gapga ham panja orasidan qarardi. Chunki bu gap — qadim-qadimdan kiyiklarni asrab qolish, ularni qirib yubormaslik uchun diniy tus berib aytilgan, deb o‘ylardi.
Tag‘in, xalqda: «Har kim o‘z kasb-koridan topadi», degan hikmat bor. Buning yaxshi ma’nosi o‘z yo‘liga, yomon ma’nosi — shu kasb-kor yo‘rig‘ida olamdan o‘tadi, degani bo‘lsa kerak. Masalan, o‘taketgan zo‘r qassoblar umrining ma’lum bir pallasida shu darajaga yetarmishki, yostiqdoshi ehtiyot chorasi deb uning pichog‘ini yotganda yashirib qo‘yarmish...
Shundayki, «ovchiyam ovdan topadi» deyishadi. Bunga ham hayotda misollar ko‘p...
Omon mergan bu xil hangomalarga ham panja orasidan qarardi va eshitgan har bir hikmati ta’birini o‘zga bir mantiq bilan izohlab bera olardi.
Omon sovxoz idorasidan qo‘shilgan yigit bilan bir hafta Olatog‘ atrofidagi sovxoz yerlarida kezib, topshirilgan vazifani ado etib qaytdi-da, bu ishga beixtiyor qiziqqani uchun uyidan ikki do‘ng naridagi Quriqsoy yoqasida ham kakliklarga bir kichik qo‘riqxona yasashga kirishdi: Hamdamning yordamida yuz gaz simto‘r topib kelib, soy jiyagidagi Yolg‘izbuloqning atrofiga tutdi.
Soy bejiz Quriqsoy deyilmas, u ko‘klamda to‘lib oqqani bilan yoz o‘rtasiga yetmay, suvi qurib qolar, tevarak-atrofdagi bir necha gala «o‘troq kakliklar» shu — Yolg‘izbuloqning sal nariga oqib borib, yerga singib ketadigan suvidan ichardi.
Omon ovchi bu kakliklarni o‘z xo‘jaligidek bilar, toqqa chiqishga xushi bo‘lmaganda, ulardan uch-to‘rttasini otib olib, xumorini bosardi.
Shu orada — shu qish ichi uning boshiga og‘ir kun tushdi.
Qor tingan, havo ilmiliq edi. Omon «indamas»ni zanglatmaslik uchun o‘rikzorga oraladi. Bitta zag‘izg‘on otdi. So‘ng uni olvolish, tog‘da tulki ko‘rgan yerlariga qo‘yib poylashni o‘yladi-yu, buni o‘ziga ep ko‘rmadi. Otilgan zag‘izton otvarildi...
U kiyik oviga jo‘nadi. Uy orqasiga o‘tganda bo‘ri izini ko‘rdi. Iz naridagi choldevorlar tomon ketgan, qorda baayni bitta bo‘ri yurgandek edi. Biroq, Omon bitta emas, kamida ikkita bo‘ri yurganini izning kattaligidan bildi: odatda, bo‘rilar ovga chiqqanda, bir-birining izini bosib yurishadi.
Omon jilmayib qo‘ydi. Ertalab ovchiga bo‘ri uchrasa, ovi baror oladi, deydilar. Shuni eslagan edi. Keyin, bu udumning aksini qilishni istab, qishloqni chetlab o‘tib ketdi.
Qor qalin va yumshoq edi. Omon mergan mahsi ustidan choriq kiyib olgan, oyog‘i yengil, qorga botmasdi.
U Olatog‘ning ilk cho‘qqilaridan biriga yetguncha havo ochilib, kun chiqdi: ayni kaklik ovlaydigan payt bu. Kun sovuq emaski, kakliklar kamarlardan chiqmasa. Tuman ham yo‘qki, uni ko‘rish qiyin bo‘lsa.
Omon mergan Olatog‘ning o‘zi toshini sanagan so‘qmoqlaridan biriga tushganida, yuqoridagi cho‘qqilardan qor ko‘chdi. Guvillagan tovush tingach, jarlikdan oq to‘zon ko‘tarildi. Shunda qarshisida bir kiyik o‘ynoqlab chiqdi-ku!
Omon uning qoq manglayini nishonga olib otdi. Jonivor tepaga bir sakrab, pastga qulab ketdi. Shunda... uning o‘rnida yana bir kiyik paydo bo‘ldi. Omon miltiqni o‘qlay solib, uni ham otdi. U ham tepaga bir talpinib, quyiga uchdi. Keyin esa, shoxi gajak bir arxar ko‘rindi. Omon miltiqqa o‘q joylar ekan, allanechuk shoshar edi. Arxarning ham ajali yetgandek qochmasdan quyiga qarab turib qoldi. Omon uni ham otdi...
Keyin, ancha kutib yotdi. Boshqa jonzot ko‘rinmadi. O’z-o‘zidan ma’lum: bu kiyiklar ko‘chkidan vahimaga tushib qochgan, orqasidan bo‘ri-mo‘rining quvgan bo‘lishi ham ehtimol. Aks holda o‘zini o‘qqa tutib bermasdi bular.
Omon otishga... shunchalik berilgandiki, kiyiklarning qaerga yiqilib tushayotgani haqida ham o‘ylamasdi: yana otgisi, jonivorning sakrab tushib ketishini tomosha qilgisi kelardi.
Nihoyat, u iz tushmagan so‘qmoqdan qoplondek yengil yurib borarkan, ular yiqilgan joy suv urib ketgan arna ekani, kiyiklar u yerda bo‘lmasa, etakka uchib ketganlarini tusmolladi. Borib qarasaki, uchovi ham shu yerda, ostin-ustun bo‘lib, qonga belanib, hamon tipirchilab yotishibdi.
Omon ular yotgan joyga bir qur ko‘z yugurtirib, birini ham ola bilmasligiga ishondi: ular besh-olti gaz pastda — tokchada, ikki tomon esa tik devor.
Omon mergan ular ko‘p tipirchilasa, pastga tushib ketishlari uchun har biriga yana bittadan o‘q bo‘shatishni ma’qul ko‘rdi. Masofa arzimls darajada. Cho‘nqayib, birining qulog‘idan, birining yuragidan otdi.
Kayfi chog‘ holda kechki payt qishloqqa qaytib keldi.
... U kiyik otishga berilib, ularning qaerga tushayotganini o‘ylamagani singari, buning shavqi orqasida tag‘in bir narsani xayoldan faromush qilganini ertasi kuni do‘sti Hamdam bilan bir eshakka arqon va qop tashlab shu joyga kelganida bildi.
Uchala o‘lja ham dabdala bo‘lgan, besh-oltita bahaybat, bo‘yni tuksiz g‘ajirlar ularni «hashar» qilmoqda edi. Omon miltig‘ini o‘nglaguncha, ular o‘zlarini jarlikka «tashlab» uchib ketishdi. Shunday esa-da, Omon ular orqasidan o‘q bo‘shatib qoldi.
Uning ta’bi xira bo‘lgan, ikki kiyigu bir arxardan ajralgan edi. Bu yerda ortiq turmay, orqaga qaytishdi.
— Uvol bo‘pti-e, uvol, — dedi Hamdam. — Yomon ekan-ku, bular, a? Arxarning ko‘zini o‘yib yeyayotgan ekan bittasi.
Tog‘dan ena boshlaganda Omon mergan, nihoyat, tilga kirdi:
— Otam aytgich edi, urush yillari tog‘da yolg‘iz qolgan odamlarni ham yeb ketishgan bu qushlar. Rost aytding... Bo‘riga tashlansayam ko‘zini o‘yadi oldin. — Keyin u siniq kulimsiradi. — Biron joyda shikastlanib yotib qolsang, hech chalqancha yotma...
Qishloqqa yetishgan edi.
Yo‘lni kesib suv urgan arna o‘tadi. Uning tubidagi suv allaqachon muzlab qolgan, eni ikki gazdan oshiq esa-da, Omon undan bemalol sakrab o‘tib ketib yurardi.
Eshak qurg‘ur ariqning tor joyidan ham o‘tmay taysallayverdi. Hamdam narigi betga hatlab, no‘xtadan tortdi. Omon uning quymuchidan zo‘r berib itargandi, hayvon lipillab o‘tib ketdi-yu, Omonning oyog‘i ostidagi qor ko‘chib, to‘p etib muzga tushdi. Arnaning bu tor yeri ancha chuqur edi. Undan ham chuqurroqqa Omon sakrab tushsa, hech narsa bo‘lmasdi. Chunki, tabiiy hol, u tizzalarini bukibroq sakrar edi. Hozir esa, muzga tikka tushdi.
Oyoqlari sal og‘ridi, xolos. Biroq o‘rnidan turgan edi, to‘piqlarida og‘riq shunday zo‘raydiki, u engashib qoldi. Shu ko‘yi qirg‘oqqa tirmashdi. Hamdamning qo‘lidan ushlab, arnadan chiqib oldi. Biroq yana o‘rnidan tursa og‘rishini tusmollab qorda o‘tirgancha, mahsisini yechib qaradi. Ikki oyog‘ining to‘pig‘i ham shishib ketgan, yon-verida jigarrang dog‘lar paydo bo‘lgan edi. Omon mahsini kiyib:
— Jo‘ra, hech munday bo‘lmaganman. Eshakni qaytar, — dedi.
Hamdam eshakni qaytarib kelib, unga o‘ng qildi. Omon bir qo‘lini do‘stining yelkasiga tirab, eshakka minib oldi.
— Oyog‘im chiqqan bo‘lsa, chatoq... Eski siniqchi ustalardan qolganmi?
— E, ustani nima qilasan! — dedi Hamdam. — Balnisaga boramiz. Eng zo‘r ustalar o‘sha yerda. Rengin qilishadi. Bilishadi...
— Bo‘lmasam ko‘chadan yurmaylik.
— Mayli, Ichaksoydan boramiz.
Ichaksoydan borib, kasalxonaning etagidan chiqishdi. Omon miltiqni qopga solib, qorga ko‘mdirdi-da, nihoyat, to‘qimda boshini egib o‘tirgancha kasalxona darvozasidan kirdi. U garaj oldida Hamdamni bir oz kutib qoldi. Hamdam borib, xirurg va rengenchilar bilan gaplashib keldi.
Omon eshakdan tushib yurolmay qoldi. Uyalganidan ter chiqib ketib, do‘stiga suyana-suyana tegishli xonaga yetdi. Uni tanish hamshira tepasiga qandaydir apparatlar engashib turgan muzdek karavotga yotqizdi.
Oyoqlari shishib ketgan edi. Mahsilar qo‘njini yorib chiqarishdi. Keyin oyog‘i uchini dam shiftga qaratib qo‘yib, dam yonboshlatib, rengenga tushirishdi.
Bir ozdan keyin ho‘l, yaltiroq-sarg‘ish qog‘ozni keltirib, Omonga ko‘rsatyshdi.
— Ana. Katta boldir suyagingiz singan. Bolshoy bertsoviy kost singan... To‘piqning ustidan. Ikki oyog‘ingiz ham... Yomon bo‘pti, Omon aka. Ochig‘ini aytamiz, buning tuzalishi qiyin bo‘ladi. Oyog‘ingiz gipsdan chiqqandan keyin ham besh-olti oy qo‘ltiqtayoqda yurasiz. Gavdaning og‘irligi to‘piqqa tushadi-da...
Omon merganning oyoqlarini oq tsement aralashmasi shimdirilgan qalin dokalar bilan tizzasigacha o‘rab gipslashdi. Gips tezda qotar ekan.
Keyin Hamdam eshakni deraza pastiga olib keldi. Omonni o‘tqazib jo‘nadi.
— Kelgan yo‘limiz bilan ketamiz, jo‘ra. Qop bilan miltiqni olib berib, o‘zing qolsang ham, mayli.
— Gapirma. Mening boshimga shunday kun tushsa, nima qilarding sen?
Omon g‘amgin kulimsiradi.
— Bilmadim.
— E, toshni yesa bo‘lmasmidi go‘sht o‘rniga o‘sha nachalnik! Qani, endiyam izingdan tushib ko‘rsin!
— Bo‘lmasam, men bilan uygacha bor... Sandikda mo‘miyo bor... Olib bersang, bo‘ldi. Keyin, he-e, Qizilqishloqda Mazifa ammam turadi...
— Bilaman, bilaman. Senga birov qaramasa bo‘ladimi!
Shunday qilib, Omon mergan arzimagan bir ehtiyotsizlik orqasida ikki oyoqni nogiron qilib, yotib qoldi.
Amma kelib yig‘ladi.
— Senga ko‘z tegdi, — dedi. — Keyin — hadeb jonlini jonsiz qilishingniyam xosiyati yo‘q. Qusham xudoning maxluqi... Uyam bir vaqtlar odam bo‘lgan emish...
Omon oyoqlarining singan joylarini solayotganda ham inqillamagan edi. Endi ixrab yubordi.
— Miltiqni obering! Yonimda tursin...
Amma qo‘rqa-pisa «indamas»ni, keyin u aytgan yerdan bir changal o‘qni olib berdi.
... Kun degani shundayki, boshingga og‘ir savdo tushganda ham, o‘ynab-o‘ynoqlab yurganingda ham — o‘tave-radi.
Omon mergan birinchi kunlar, kishi bilmas, juda siqildi. Keyin bu siqilishni o‘zidan ham yashirishga bo‘lgan beixtiyor intilish tufayli ahvoliga ko‘nika... boshladi.
Hamdam ikki-uch kunda bir kelib ketardi. Mazifa opa esa kunora ayvondagi o‘choqda bir issiq piyova qilib, Omonning oldiga bir kosa tortadi-da, qolganini sandal qo‘riga qo‘yadi.
Omon mergan sandal yonida, ichkarida o‘tirgan odamga tashqari bemalol ko‘rinsin uchun past qilib qurilgan deraza tagida yotardi.
Iigirma kunlar o‘tib, Omon to‘piqlari usti qichishayotganini seza boshladi: bu — tuzalish alomati edi. Lekin boshqa narsa uning g‘ashiga tegardi: oyoqning shishi qaytib, «kichraygani» sari gipsga yopishgan tuklar tortilar...
Omonning o‘zi tizzasida cho‘kkalab yurib, hojatga chiqib kelardi.
...O’limidan bir kun oldin kechasi bilan qor yog‘ib chiqdi. Keyin qattiq shamol esdi: qor uchqunlari deraza oynasiga pshtirlab urilardi. O’rikzorda ikki-uch marta bo‘ri uvlagani epshtildi. Ertalab havo tund, osmonni past tushgan bulutlar qoplab olgan, ayvonda chumchuqlar chirqillashar edi.
Omon ittifoqo kaklik sayrashini epshtib qoldi!
«Ha, qor qalin. Yemish uchun qishloqqa engan», deb o‘yladi va shunday paytlarda choldevorlar ichida kezib, ham kakliklarni uchirib otgani, qanotlari muzlab qorga kirib qolganini tayoq bilan urib olganini... eslab, shunday betoqatlandi! Darhol turib o‘tirib, miltiqqa o‘q joyladi. Keyin derazadan boqka uzoq tikildi. Ammasi bilan Hamdam bosib keladigan so‘qmoq ham ko‘rinmas edi.
«Kak-kiba, ka-kiba, kak-kak-kak!..»
Kaklik uyi orqasidan, chamasi, o‘sha Quriqsoy tomonda sayrardi. Omon aqlini yo‘qotgandek kalovlanib, tik kiteli kissasiga ham uch-to‘rtta o‘q soldi-da, choponining yenglarini ham kiyib, o‘rmalay ketdi. Ayvonga chiqdi.
Kaklik haqiqatan ham Quriqsoy tomonda sayrardi. Shunda u Qamdamning yaqinda sovxozdan ikkita odamni yo‘lda uchratgani, ular ikki eshakka bug‘doy to‘la xurjun ortib, toqqa ketayotganlarini aytganini eslab miyig‘ida jilmaydi. «Soy bo‘yidagi qo‘riqqayam don sepishgan...»
Boshqa payt bo‘lganda Omon bu tariqa ovdan or qilardi.
Hozir...
U shahd bilan supa labiga emaklab bordi-da, qorga tushsa, gipsi nam tortishini o‘yladi. Keyin: «Sandal-da quritib olaman-da!» — deya bir qo‘lini qorga botirdi — qor tirsakdan keldi. Keyin ikkinchi qo‘lini botirdi. Keyin, sudralib tushib, oyoqlarini tizzadan ko‘tarib oldi.
Shu tobda uzokdan qaragan kishi uni ko‘rmas edi.
U ketarkan, harbiyda shunday qilib — «po plastunski» yurgan chog‘larini ham esladi...
Omon birinchi tepalik ustiga chiqqanida, oyog‘ini tizzadan bukishni unutgani, bemalol sudralib kelayotganini ko‘rdi. Garangsib uni siypab ko‘rayotgandi, kaklik narigi do‘ng ortida sayrab yubordi yana.
Omon mergan burila solib yana o‘rmalay ketdi. Bu yoq enshp edi. Tez tushdi. So‘ng oxirgi kuchini to‘plab olmoqchidek birpas hansirab, bo‘yniga osig‘liq miltiqni pastdan ko‘tarib turdi-da, yana shaxd bilan tepalikka tirmasha ketdi. U ba’zi joylardan sirg‘alib tushar, yana emaklar, bunga sari ko‘ziga qon to‘lib bo-rar edi.
«Ularni otmasam, qaytmayman!»
Omon o‘rkachda!..
Simto‘r bilan o‘ralgan «qo‘riqxona» ichida, qordan chiqib turgan yapaloq xarsang ustida uchta chiroyli oqish kaklik chug‘ur-chug‘ur, g‘ut-g‘ut qilib donlashar edi.
Omon g‘ayritabiiy olayib, bittasini nishonga oldi. Shoshilmasdan otdi. Kaklik nariga surilib ketib tek qoldi. Omon miltiqni o‘qlay solib, ikkinchi kaklikni ham otdi. U tipirchilab qoldi. Shundan keyin uchinchi kaklik uchmoqchi bo‘lib, chetga bordi-da, sheriklariga, keyin tevarakka bir oz qarab turib, tag‘in tez-tez donlayverdi.
Uning nihoyatda och ekani ko‘rinib turardi.
U ham cho‘zilib qolgach, Omon mergan tezroq tushib bormasa, uchovi ham tirilib uchib ketadigandek shitob bilan pastga ena boshladi.
Endi...
Yapaloq tosh. U yonboshlab yotgan ko‘yi kakliklarni bitta-bitta terib oldi. Nihoyat, ularga jilmayib qarab, patlarini titdi: o‘q tekkan joylarini ko‘rdi.
So‘ng o‘zidan qanoatlanib, hali... tuzalib, oyoqqa turib ketsa, yana ovlarga chiqishi, mayli, hozir kakliklar kamayib, kiyiklar yuksak cho‘qqilarga chiqib ketgan bo‘lsa ham, o‘zining o‘sha yerlarga ham chiqib borishini xayol qilib, bir muddat rohatlanib o‘tirdi.
Keyin tuyqus xayoliga bir gap keldi: «Olatog‘da jonvor zoti qurisa, nima qilaman? — Uning ko‘ziga Hamdamning uyida televizorda ko‘rgani Kavkaztog‘ manzarasi, kiyiklar ko‘rindi. — Boraman. U yerlargayam boraman...»
U mana shunday xayol bilan band ekan, qor yana uchqunlayotganini ko‘rdi. Shunda yana... oyog‘i esiga tushdi: chamasi, bu shunday ikki oyoqli maxluq ediki, yarim tanasi uzilib qolgan chog‘da ham, ruhi ovda... o‘ldirishda... bo‘lar, chamasi, shuning o‘zi unga bas, shu hayot edi.
...Omon mergan shu o‘ylaridan keyin besh minut ham o‘tar-o‘tmas nobud bo‘ldi.
U miltiqni tag‘in bo‘yniga osib, kakliklarning bittadan oyog‘ini bir qilib tishida tishlab, kelgan izi bilan o‘rmalab ketar ekan, simto‘rni tagidan ko‘tarib o‘tgan yeriga yetganda, bir sirpandi-yu, og‘zidan kakliklarning oyoqlari chiqib ketdi. Omon ularga qo‘l cho‘zganda yonbag‘irga ko‘ndalang bo‘lib qoldi. So‘ng asta-sekin dumalay boshladi.
U dumalagani sari bir o‘ram oq kigizga o‘xshab ko‘rinar, biroq, kigiz tobora yo‘g‘onlashar edi. Oqibat, ajabtovur paxta toyidek bo‘lib borib, yulg‘unlar ichiga kirib to‘xtadi.
... Omon bu paytda ham tirik edi. «Nima bo‘lyapti? Nimaga?» deb o‘ylardi. Nihoyat, nafasi bo‘g‘ildi. Ko‘tarilmoqchi bo‘lgan ko‘ksini qor bosib, dami ichiga tushib ketdi. Miyasida esa o‘sha savol javobsng qoldi.
Qor yoqqandan yog‘ib, kechasi bo‘ron turdi. Qorni to‘zitib, tekis yerlarda kurtuklar paydo qildi, qori qalin betlarni yalab-supurib ketdi.
Erta ko‘klamda o‘rikzorga qorovul etib tayinlangan Ulton piyon degan kishi qishloqda buzilmay qolgan yakka-yagona uy — Omon ovchining uyini ko‘rgani kelib, uni xosiyatsiz deb topdi: egasi g‘oyib bo‘lgan axir. Keyin, yonida olib kelgani yarimta aroqni maydalash uchun Quriqsoy bo‘yidagi tepalikka ko‘tarildi. Ancha o‘tirdi. Kun bota boshlab, pgasha ham yarimlaganda qo‘zg‘aldi. Soy ichi bilan ketishni ma’qul bilib pastga enayotgan edi, hali barg chiqarishga ulgurmagan yulg‘unlar orasida do‘mpayib yotgan g‘alati qor qurtugiga e’tibor qildi. Unga yaqinlashib o‘tarkan, undan chiqib turgan bir juft oppoq...
Burila solib soy ichi bilan qochdi. Uyiga yaqinlashganda, o‘pkasini bosib olish uchun shishada qolgan aroqni ham simirdi-yu, uyga yetib uchib qoldi.
...Ertasi Ulton piyonning vahimasiga «ergashib» rayondan chiqib kelgan bir to‘da odam Quriqsoy yoqasiga enaverib, ko‘ngil aynituvchi manzarani ko‘rdi.
Bir gala masliqxo‘r g‘ajirlar yulg‘unzor ichida, go‘yo qor supasida yotgan bir kimsani cho‘qib-cho‘qib yer edi.