OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Qariya (hikoya)

Qo‘ziboy cholning kasbi betayin. Bozor kunlarida jarchilik qiladi. Xususan, moli yo‘qolgan kishilarga asqatadi: «O’zi ola buzoq, bir pochasi qora, ikki yashar! Kimki ushlagan bo‘lsa yo ko‘rgan bo‘lsa, yo bog‘lagan bo‘lsa, o‘ttiz so‘m suyunchisi bor-ho-o!» deb baqira boshlaganda ovozi yetti mahalla nariga ketadi. Qo‘ziboy chol ana shu ishi uchun mol egasidan cho‘tal oladi. Biroq hozir bu kasbning omadi ketgan; rayon shaharga aylanayotgani uchun aholi ko‘payib, yer tag‘in torlik qilib, tomorqalarda mol saqlab bo‘lmaydigan darajaga yetyapti. Shuning uchun molini yo‘qotib, Qo‘ziboy cholga murojaat qiladigan kishilar ham juda oz! Biroq besh-olti yildan buyon Amudaryo yoqasiga yaqin ko‘llar bo‘yida guruch yetishtirayotgan koreys o‘rtoqlar bozorga serqatnov bo‘lib qolishgan. Ular kuzda kelib yotib olishlari bilan toki qishni chiqarmay ketishmaydi! Shundoq bo‘lgach, ular qo‘shimcha dastyorlarga muhtoj: keltirilgan qop-qop guruchlarni tushirish kerak, rastalarga joylash kerak. Vaqti-bevaqt ularga choydan qarashib turish lozim. Ishning eng qiyin va «sermahsuli» qishga qoladi. Ayniqsa, sahar paytida bozordan baralla ko‘rinib turuvchi tog‘lardan shundoq izg‘irin esadiki, toqat qilib bo‘lmaydi. Shunda beva xotin «jon olov, jon er» deganidek, sotuvchi o‘rtokdarga kul paqirda keltirilgan lag‘cha cho‘g‘ juda ham asqatadi-da! Bu cho‘g‘ni ularga Qo‘ziboy chol qilib beradi.
Bozorda bu qariyadan bo‘lak tag‘in beshta xizmatchi bor. Biroq chol sotuvchilar bilan toza elakishib, mijoz bo‘lib ketgan. So‘ngra u boshqalardek ortiqcha to‘ng‘illamaydi, berganini olib, haqiga mo‘l-ko‘l duo qiladi. Pishiqchilik mahalida ham Qo‘ziboy cholning ishi ko‘payib, qo‘li-qo‘liga tegmay qoladi. Hali qarasangiz, shartta yorib yeb ketiladigan qovun-tarvuz po‘choqlarini chelakka yig‘ib yuradi. Hali qarasangiz, oyoq osti bo‘lgan uzum, pomidor, karam po‘choqlarini terib yuradi. Ba’zan qo‘shni mol bozoriga o‘tib, tezak ham supuradi.
Shu ishi evaziga bozorkomdan maosh oladi, xizmatchilar ro‘yxatiga «ishchi» deb yozib qo‘yilgan. Maoshdan tashqari, sotuvchilarning himmatiga qarab tushadigan uch-to‘rt chaqa pul ham cholning cho‘ntagiga kiradi.
Qo‘ziboy chol — oriq, oyoqlari chilcho‘pdek. Yurganda boshini har tomonga burib, xuddi jarchilik qilayotgandek keskin-qaltis harakatlar qilib qadam tashlaydi. Kishilarga benihoya jiddiy nazar soladi. Choyxonaga kirsa, umrida ko‘rmagan odami bilan ham nihoyatda quyuq so‘rashib, avlod-ajdodlarini surishtiradi.
Darvoqe, ravoch chiqqanda ham qariyaning omadi yurishib qoladi: chunki eshaklarida qop-qop ravoch olib tushgan tog‘lik o‘rtoqlar ham Qo‘ziboy cholning mijozlaridir! Ular rayon markazidagi aholi singari og‘ir, «bardoshli»mas. Keltirgan mollarini donalab sotib o‘tirgandan ko‘ra uni ko‘tarasiga sotib, o‘zlariga kerakli narsalarni xarid qilib qaytshpga shoshadilar: tog‘ uzoq, kechga qolmay qishloqlariga yetib olishlari kerak. Ana shunda Qo‘ziboy chol ularning bamisoli hojatbarori bo‘ladi. Biroq u bu xil olibsotarligidan kam foyda qiladi. Negaki savdoga qiziqib ketganidan keyin «o‘n tiyinga beshtalab» sotayotgan ravochini «o‘n tiyinga o‘ntalab» sotganini ham bilmay qoladi. Shunga qaramay, bu ishni qo‘ymaydi. Ayniqsa, kechasi kinoxona yonida chordani qurib sota boshlaganida o‘zi ham juda mamnun bo‘lib ketadi, boshqalar ham...

* * *

Cholning ota avlodidan ham, ona avlodidan ham hech kimi yo‘q. Shuni es-es biladiki, bolaligida qishloqlarini qurollangan odamlar bosgan. U somonxonaga bekinib jon saqlab qolgan. Keyin chorbozorchilarga qo‘shilib, ko‘mir koni yaqinidagi qishloqqa borgan. Qo‘y boqqan, pochtachilik qilgan. Bir eshonga murid tushib, yetti yil uning izidan yurgan. Qo‘ziboy chol bola ko‘rmagan. Xotini bundan sakkiz yil muqaddam o‘zining qo‘lida jon bergan. Xotinining qabri Qizil Gazada. Uchiga paxta qo‘shib o‘rilgan qubbali jamalagi bilan kiygichi hamon qariyaning uyida, tokchada...
Shundan beri chol yolg‘iz. To‘rt yil bo‘ldiki, uni o‘lim vahimasi chulg‘ay boshladi. Ko‘zi pishib ketgani uchun o‘limdan emas, jonkuyari bo‘lmagani uchun o‘lganini hech kim bilmay qolishidan qo‘rqadi.
O’limligini tayyorlab, tayinli bir kishiga berib qo‘yishni o‘z burchi deb bildi va bu yillar orasida jamg‘argan pulini Qobil qassobga berib qo‘ydi. Onda-sonda qassobning do‘koniga kirib: «Qalay, zo‘rmi?!» deya pulning omon-eson turganiga shama qilib qo‘yadi. Qassob ham kalta iyagini qashiyotgan bo‘lib: «Xotirjam bo‘l!» deydi.
...Bu yil kuz barvaqt tushdi. Bargi pastidan to‘kilgan daraxtlar uchi qontalash. Chug‘urchuqlar serob. Mezonlar ko‘p — simyog‘och simlarida, daraxt shoxlarida, tom bo‘g‘otidan chiqib turgan yog‘och uchlarida. Chumchuqlar ham sertashvish. Rayon ko‘chalarida odam siyrak. Hamma paxta terimida. Qo‘ziboy chol ham bir hafta terimda bo‘lib keldi. Juda yayradi! Biroq qaytib kelgan kuni kimsasiz bozorga kirib huvillab yotgan rastalarni ichki bir mamnuniyat bilan aylanib ko‘rarkan, bozor odog‘idagi kichkina darcha qattiq itarilib, ochilib ketdi. Ro‘molining uchini og‘ziga tutib olgan to‘lagina ayol qizargan ko‘zlarini yashirib, darvozaga qarab yo‘naldi.
— Bahay? Tinchlikmi? — so‘radi bozor ishchisi.
— O’, akajon... Otamni berib qo‘ydik. Bilasiz-ku, qandoq odam edi! — kelinchak o‘tib ketdi.
«E, miskar olamdan o‘tibdi-da... Chakki ish bo‘pti. O’zi rahmat qilsin», — dedi qariya va bu kelinchak haqiqatan ham miskarning kelinimi-yo‘qmi ekanini bilmoqchidek, uning ketidan tushdi.
Kelinchak chorrahadan o‘tib, past ko‘chaga enib ketdi.
Qo‘ziboy chol choyxonaga kirdi. Kimsasiz, zax xo-naga o‘tib, bitta ko‘kchoy buyurdi-da, chorpoyaga chiqib chordana qurdi. Do‘ppisi ustidan qiyiqcha o‘ragan G’oziboy choy olib kelgan edi, uni ro‘parasiga o‘tqazib:
— Attang-a... miskar o‘tipti! — dedi. — Dunyo shu ekan-da, birodar!
Choyxonachi shoshib qoldi, surishtira ketdi.
— E, qizishmang, inim, — dedi Qo‘ziboy chol beparvolik bilan. — Ajal vaqtiki kelib, har birimizning ham eshigimizni taqillatadi. Musulmon odam o‘limni bo‘yniga olib qo‘ygani ma’qul... Meni boshqa bir nima o‘ylatadi, inim! Qodirboy ko‘p mo‘min-musulmon odam edi. Balli... Uning izzat-hurmatini joyiga qo‘yib chiqararmikan bu kelinchak? Shu yog‘i meni o‘ylatadi... Chakki ish bo‘pti-da! Balkim tayyorgarligi yo‘kdir? A?.. Unda qiyin! Inim, o‘lim degani to‘y emas, men sizga aytsam. To‘y degani bamaslahat bo‘ladi, o‘lim tuyqusdan keladi! Buning farqi katta!.. Attang!
Bo‘shashib qolgan choyxonachi Qo‘ziboy qariyaning uzun, oq oralagan echki soqoli, cho‘kik yonoqlariga o‘ychan tikildi.
— Ota, so‘raganning aybi yo‘q. Necha yoshga bordingiz? — so‘radi u.
Chol taltayib har tarafga qarab oldi:
— Nasib bo‘lsa, mening hisobimda... ikki kam yetmishga kirdim! Men bilan o‘sgan mana, Qobil qassob payg‘ambar yoshiga borganiga naq besh yil bo‘ldi. Shu hisobda uyam ikki kam yetmishga chikdi.
Choyxonada odam ko‘paydi. Qo‘ziboy chol ular bilan
so‘rashib, paxtadan olgan taassurotlarini hikoya qilib xiyla o‘tirib qoldi.
— E, bu Shoymardon Qudrat deganingiz toza zo‘r ekan! Desangiz, paykalda paxta oppoq bo‘lib, shu... charv moydek bo‘lib oqib yotibdi! Mashinasi bilan bir oralasa bormi, quruq g‘o‘zasini ko‘rasiz! U zo‘r ekan... Haloli bo‘lsin! Oltita bolasi bor ekan, xo‘sh... bitta qo‘li cho‘loq. O’zi anavi Sho‘rchidan bo‘ladi. Qo‘ng‘irotdan! Boysun Qo‘ng‘irotidan! Alpomishning urug‘i-da, baraka topsin...
Kechqurun uyga bordi. Qo‘shnining echkilari tomor-qaga kirgan ekan, ularni haydab kemtikdan oshirdi-da, o‘ylab turib bostirmaga chiqdi:
— Ho-ho-o! — deb baqirdi. — Biri ola, biri qora echki ko‘rgan bormi? Suyunchisini olib kelaver — ho-o! Qo‘ziboy jarchining makkasini yeb yuripti! Baraka topsin egasi-yo!..
Qo‘shni chiqdi, chol bilan kulishdi. U dahlizga kirayotgan edi, yiroqdan kelayotgan yig‘i tovushini eshitib, turib qoldi. Xafa bo‘ldi. Siyrak, uzun qoshlarini chimirib, ichkari xonaga o‘tdi. Po‘stakday qotib ketgan palos ustida turib, xonaga razm soldi. Tokchadagi jamalakni ko‘rib, qo‘liga oldi-da, tomosha qildi. Yana avaylab joyiga qo‘ydi va qornidan ochiladigan yog‘och sandiq ustidan eski joynamozini olib to‘shadi. Tiz cho‘kib, rosa tilovat qildi. O’lganlarga jannatdan joy tiladi, tiriklarga insof-adolat... So‘ng pichirlab: «E, rasuli barhaq! Imonimni ber, — dedi. — Birovga yomonlik qilmadim, birovning haqini yemadim... Tog‘lik og‘aynilarni ham aldamadim. Ko‘pning duosini oldim... Ha, farzand ko‘rmadim. Senga bir yomonligim o‘tgandir-da... O’zingga shukur. Qobilboyga ham umr ber, bola-chaqasining boshida omon yursin! Meni ko‘msin! E, Qo‘ziboyning hech kimi yo‘q ekan demasin birov!..»
U yengil tortib qo‘zg‘aldi. Biroq tashqariga chiqib, tag‘in yig‘i ovozini eshitdi va tag‘in ta’bi kir bo‘ldi. Allaqanday vahima yuragiga tushib, tor ko‘chaga chiqdi.
Ko‘chaning bir boshi markaz tarafga ketar, bir boshi toshloq orqali soyga tushardi. Soyning tik qirg‘og‘ida qadimgi qo‘rg‘on vayronalari qaqqayib turar, uning vodiyga qarab ochilgan shinaklarini kaptarlar in qilgandi. Qo‘rg‘onning devori ustida ikkita bola ko‘rinar edi. «Xah, shumtakalar! Yiqilib tushsa, kimga qiyin?! Yosh-da, yosh...»
Shu kecha qattiq shamol bo‘ldi, chol bekorchilikda ekib, yaqinda o‘rib qo‘ygan makkajo‘xorilarini har tarafga sochdi. Bostirma eshiga ko‘p marta ochilib-yopildi. Allaqayoqda bir it uzoq hurdi, tongga yaqin uvladi.
Qo‘ziboy cholning ta’bi battar xira bo‘lib uyg‘ondi.
Shu kuni uning ishi yurishmadi: kecha shamolda to‘s-to‘poloni chiqqan bozorni supurib, supurindini axlat qutisiga solib qo‘ygan edi, bir mashina tislanib to‘kib yubordi. Chol bozorkom raisidan dashnom eshitdi. U Qodir miskarning o‘limiga ham kechikib bordi...
Kechqurun Qo‘ziboy chol gangib, qassobxonaga mo‘raladi:
— Hormang, usta? Zo‘rmi?
Qassob go‘sht sotilmayotganidan kuyinib o‘tirgan edi, tumshaydi:
— Bitta xolodilnik bersa, xotini taloq bo‘ladimi?! Mana, go‘sht buzilib qolsa, nima qilaman?
— E, tashvish chekmang, — dedi Qo‘ziboy chol. — Hademay paxtadan odamlar qaytishadi... Buyoqda kun soviyapti!
— Siz ham gapiraverasiz-da!

* * *

Qo‘ziboy chol shu oqshom yotib qoldi. Saharda turganda yomg‘ir shivalab yog‘ar, tevarak tinch, bostirma biqiniga taqab taxlab qo‘yilgan sap-sariq jo‘xori poyalari ustida chumchuqlar g‘ujg‘on o‘ynashardi. Yomg‘irda shalabbo bo‘lgan bir it devor tagida iskalanib turardi.
— Tur! Yo‘qol! — Qo‘ziboy chol unga kesak otdi. It kemtikdan o‘tib ketdi.
Chol odati bo‘yicha soyga yuvinishga tushdi-yu, qaytishga madori yetmay qoldi. A’zoyi badani uvishib og‘rir, shundoq toza havo ham unga yetishmayotgandek edi. Uyga zo‘rg‘a yetib kelib, ko‘rpachaga cho‘zilgan edi, ko‘zi ilinib, tush ko‘rdi. Marhuma xotini emish. «Yuring, yuring!» deb qo‘lidan tortayotgan emish. Chol uyg‘onib, bu tushning ta’birini yomon tomonga yo‘ydi. Bozorga borishga ham hafsalasi bo‘lmadi. Ayvondagi dekchaning tagiga to‘rtta qurigan yog‘ochni tiqib, ichiga bir kosa suv, kartoshka bilan ikkita sabzi solib, miltillatib qo‘yishni o‘yladi-yu, erindi. Ovqatga ishtahasi yo‘q edi...
Shu bo‘yi yotib qoldi. Xayriyat, ertasiga qo‘shnisi Jamol aka tag‘in buyoqqa tushgan echkilarini haydagani kirganida uni ko‘rib qolib, uyidan bir kosa achchiqqina sho‘rva chiqardi. Qariyaning ichi ilib, sal madorlandi.
— Bahay, olamda nima gap? — so‘radi u. — Men... bozorga chiqolmadim, Jamolboy! Andak tobim aynib yotib qoldim deng... Shamol tegdimi, bilolmadim. Xo‘sh?
— Yangilik shulki, rayon odamga to‘lib qoldi, — dedi qo‘shni. — Paxadan qaytishgan, bozoringiz ham gavjum... Ko‘chaga chiqing, yaxshi bo‘ladi.
— To‘g‘ri aytasiz. Yotishdan foyda yo‘q!
Qo‘ziboy chol shundoq degani bilan tushgacha ko‘chaga chiqolmadi. Kechga tomon umrida birinchi marta hassa tayanib chikdi. Rayon markaziga oralaganda, uning kayfi xiyla chog‘ bo‘lib ketdi... E! Chol haqiqatan ham yolg‘iz emas! O’g‘li bo‘lmasa, o‘g‘lidek izzat qiladigan yoshlar bor... Ana, o‘zi tengi qariyalar ham unga izzat-ikrom ko‘rsatadi.. Shu koreys o‘rtoqlar ham eski mijozlarini asti unutishmaydi-da; paxtaga ketayotgan xalq chalg‘imasin, deb ularga ham guruch sotish man etilgan edi, yana mollarini olib chiqishibdi. Hammasi xursand! Qo‘ziboy chol ular bilan so‘rashib, choyxonaga kirdi.
G’oziboy uning oldiga bir choynak choy qo‘yib, aftiga tikildi:
— Nima bo‘ldi, ota?
— E, issiq jon... Olloyim sevgan quliga kasal berar ekan, inim. O’limni unutmasin, meni eslab tursin deb. Shundoqki, biz ham andak yotib oldik!
U ko‘chaga chiqqanida sovun, tuz xarid qilish uchun tog‘dan tushgan tojik oshnalariga yo‘liqdi. Ular g‘oyat so‘zamollik bilan choldan ahvol so‘rashdi.
— Akun in sol ham chukuri mo‘l meshad! — deyishdi ular. — Sizga rahmat... Bo bizdi esdan chig‘ormang, baxudo xapa bo‘lamez. Mana, bir yuzu oltmish panj kundan so‘ngra chukuri chiqadu!
— Ha, o‘limga sabr bersin, hammasi bo‘ladi, — dedi qariya.
U uyiga qaytar chog‘i qassobxona yonidan o‘tarkan, dili andak og‘ridi. Do‘stining xabar olmagani endi yodiga tushdi...
— Xo‘sh, tani sihatlikmi? — dedi u ichkariga qarab. Yo‘g‘on, baquvvat qassob unga o‘tkir tikildi:
— O’zingizni oldirib qo‘yibsiz?..
— Shunchaki...
— Mana, ish ham ko‘payib qoldi, qo‘l qo‘lga tegmayapti.
Chol yo‘lda o‘zini ovutdi: «U ishli odam... O’zidan ortib borolmayapti. Hozir birovdan gina qiladigan vaqtmi?»

* * *

Qo‘ziboy chol o‘nglanmadi. Tag‘in uch kun yotib, ko‘zlari do‘layib, olti oylik kasaldek bo‘lib qoldi. Yarim kechada tag‘in tush ko‘rib uygondi va xotinini eslab o‘tirgandi, tashqarida jo‘xorilar qattiq shitirlab, it g‘ingshidi. So‘ng cho‘zib uvladi, chol dang qotdi.
«He, endi vaqt yetipti, — deb o‘yladi u to‘shakda chordana qurib, engashib o‘tirarkan. — Kun to‘lipti endi... Rahmatli kampirim ham sezipti. Ana, it ham... Bekorga uvlamaydi-ku? Ovqatdan ham qoldim... Rizq-nasiba uzilyapti. Endi tayyorgarlik ko‘rish kerak».
Ertalab u xotirjam bir holatda hovliga chikdi. Odamlardan rozi-rizolik olish, qo‘shnilarning uyiga mo‘ralash, keyin bozorga borib, tanish-bilishlar bilan ham xo‘shlashish, Qobilboyga uchrab, xotinining qabrini qanday qilib topishi va uchinchi kuni xaloyiqni chaqirib, yettisini ham, qirqini ham, yilini ham biryo‘la o‘tkazib yuborishni tayinlash, so‘ngra bozorkomga yo‘liqib, u bilan ham vidolashishni diliga tugdi...
Odamlar ham qiziq-da!.. Qo‘ziboy chol bilan vidolashib, undan rozi ekanlari, bemalol oyog‘ini uzatib o‘laverishi mumkin ekanini aytish o‘rniga nuqul kuli?di. Hatto bir-ikkitasi «vos-vos bo‘psiz, o‘qiting o‘zingizni», deb hazil ham qildi. Yoshlar esa, dangaliga: «Qo‘ying-e! Bo‘ydoq odam ham shunday deydimi? Avval uylaning, bola-chaqa ko‘ring, keyin bir gap bo‘lar-da!» deyishdi. Lekin cholning bukchayib, behol qadam tashlab ketishini orqadan kuzatgan ba’zi bi-rovlar achinib xo‘rsinishdi ham.
Albatta Qo‘ziboy chol ko‘plarning gapi, kulgisidan mamnun bo‘ldi. Bu narsa o‘limning avval sezilmay kelgan hayajonini ham bosdi...
Nihoyat, yoshlik do‘sti Qobil qassobning do‘koniga kirdi.
— E, gapirmang-e! — dedi u.
— Xo‘p deyvering, do‘stim! — dedi Qo‘ziboy chol kursida qo‘zg‘alib qo‘yib. — Menga ayon bo‘ldi...
Yo‘g‘on yong‘oq to‘nkasi ustidagi go‘sht parchalari, suyak siniqlarini sidirib terib olayotgan qassob unga tikilib qoldi va birdan xo‘rsinib, skameykaga o‘tirib qoldi.
Bu baquvvat, barvasta, sog‘lom odamga — Qo‘ziboy avvallari ham oriqligi, qotmaligi uchun kasaldek ko‘rinar, ming so‘m pulni keltirib sanab berganida, «shu o‘ladi-yov» deb ko‘nglidan o‘tkazgan edi. Hozir uning botib ketgan ko‘zlari, za’faron yuzi, qo‘lidagi dag‘al hassasiga tikilib: «Ha, o‘ladi», deb o‘yladi.
— Shuning uchun, do‘stim, — davom etdi qariya, — men avvalambor, sizdan rozilik olmoqchiman. So‘ngra... andak vasiyatim bor.
— Vasiyat?!
Qassob Qo‘ziboy cholning pulini o‘shandayoq ishlatib yuborgan va bu odamning hech kimi yo‘qligi, o‘zi xudojo‘y hamda urish-janjaldan nari yurishini bilgani uchun o‘shandayoq quvonib: «Bu o‘zimniki bo‘ldi», deb qo‘ygan edi.
— Ha, esim borida vasiyat qilib qo‘yay, do‘stim. Bir haftadan beri mazam yo‘q! Siz ish bilan ovorasiz... Inchunin, o‘lib o‘qolganimni bilmay qolishingiz ham mumkin, labbay? Shuning uchun har uch kunda anavi dastyoringizni yuborib, mendan ahvol so‘ratsangiz, haqiga o‘sha puldan bir so‘mdan bering...
Qassob piyolasidagi choyni to‘kib tashlab, peshtaxtani tushira boshladi. Xona qorong‘i bo‘lib qoldi. — Tashqariga chiqaylik.
— Xo‘p bo‘ladi... Yo siz ham menga ishonmayapsizmi? Undog‘ bo‘lmasin...

* * *

Yarim soatdan keyin Qobil qassob darvozaga qarab borar, bozor xizmatchilarining yordami bilan rasta taxtasiga chiqib olgan Qo‘ziboy chol ko‘zidan shashqator yosh oqizib, atrofga xira ovozda jar solar edi:
— Eshitmadim demanglar! Suyunchisi bor... Qobil qassob past odam ekan. Men o‘limligim deb ming so‘m berib qo‘ygan edim, tondi! Xaloyiq! U pul sizlarning pullaringiz edi. Mening halol mehnatim uchun so‘mlab, tiyinlab bergan edingiz. Ana shu odamga berib, o‘limimga yarat deb edim... Tondi. Yeb ketadi endi... Odamlar, Qobil qassob haromxo‘r! Odamning haqini yeydi bu... Xudodan tilagim shuki, o‘ligi ko‘chada qolsin, bekafan bo‘lsin, xaloyiq... Meni bekafan qildi, odamlar!
Qobil qassob darvozadan chiqqan joyida orqaga qarab chopdi. U yetib kelganida yoshlar, qariyalar uning yo‘lini to‘sishdi. Cholni himoya qilishdi. Ishga militsionar aralashdi. Qassob bilan Qo‘ziboyni bozorkomning idorasiga kiritib, so‘roq qildi.
— Bunda pul bo‘ladimi, o‘zi o‘n tiyinga zor-ku?! — baqirdi qassob. — Jinni bo‘pti bu... Olibsotar! Guvohing bormi? Asti birovga yaxshilik qilma ekan... Hech kimi yo‘q deb do‘konga chaqirardim, choy quyib berardim! Mana, tovon to‘la, deb turipti... Ketmaydi! Haqiqat bor!
Oraga bozorkom raisi ham qo‘shildi. Natija chiq-madi. Qassob qutulib ketdi. Qo‘ziboy tashqariga chiqib, gujum ostiga o‘tirdi.
Janjalni uzokdan kuzatib turgan — baland bo‘yli, qozoqbashara, o‘rta yashar Mirg‘ozi qassob kelib, cholning tirsagidan ko‘tardi.
— Ota, xafa bo‘lmang... O’limni o‘ylamang... Siz bekor g‘avg‘o ko‘tardingiz, shu hassa bilan boshiga solishingiz kerak edi.
— O’, bolam...
Mirg‘ozi Qo‘ziboy cholni uyiga eltib qo‘ydi. Qo‘shnilariga choldan xabar olib turishni tayinlab qaytdi.

* * *

U jimjit uyda, palos ustida cho‘zilib yotib, shu fikrga keldi: «Bu ahvolda men qandoq qilib o‘laman? Asti mumkin emas, sirayam... Men yana mehnat qilishim kerak. Halol pul topishim kerak. O’limlik qilishim kerak... Undan keyin o‘lsam, boshqa gap...»
U qo‘shni chiqargan ovqatni zo‘rlab yedi. Yarim kechada turib, go‘sht qovurdi. Sahar uyg‘onib, soyga tushdi. Yuvindi. Tetiklanib, ko‘chaga yo‘l oldi...
Qo‘ziboy chol avvalgidek bo‘lib ketdi.

1975

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.