OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Qush tili (hikoya)

«Tangrim, bolalar bilan hayvonlarni o‘z panohingda asra».
Amerikalik rejissyor Kramer yaratgan filmning nomi


Jahongir bir tavaqali eshikdan tashqari chiqdi. Ro‘parada katta bog‘. Ulkan-ulkan daraxtlar. Osmon ham katta, shishadek tiniq. Tepadan gala-gala qora qushlar uchib o‘tyapti. Havodan turfa ko‘katlarning hidi keladi. Har yokda turli hasharot ovozlari vizillaydi, dizillaydi.
Bola uy biqinidan esayotgan bosiq shov-shuvni eshitdi-da, o‘sha yoqqa o‘tdi. Uzun ariq bo‘yida ham azim daraxtlar. Tepa shoxlari osmonga tekkudek. Quyi shoxlari yerga egilgan. Yaproqlari katta-katta, shapaloq-shapaloq.
U daraxt shoxlarida o‘ynoqlab yurgan chipor qushlarga hayajon bilan qararkan, bir yerdan qiyq-qiyq etgan ojiz tovush kledi. Jahongir alanglab qaradi. Ariqning u betidagi qalin xazonlar ustida bir qush yalpayib yotar, bir qanoti dumi tomon surilib qolgan, sarg‘ish tumshug‘ini ochib qig‘illar edi. Jahongir uyoqqa ikki qadam bosgan edi, qushcha jonholatda «qiyq-qiyq» etdi-yu tepadan bir balo yog‘ildi: barcha chipor qushlar quyilib, Jahongirning ustida charx urib aylana boshladi. Shamollari tyogadi bolaning yuziga! Jahongir ko‘zlari ola-kula bo‘lib, burila solib qochdi, yo‘lakka kirdi.
— Ada! — deb baqirdi.
Eshik ochilib, birovning tepakal boshi ko‘rindi.
— Ada! Anuv yerda bir qush yotibdi! Ucholmaydi! Qanoti mamundoq bo‘lib qolgan. Obering menga!
Dadasi ichkariga qarab qo‘yib, eshikni yopdi.
— Yur. Hovliqma... Dam olgani kelgan odam shoshmaydi.
Tashqariga chiqishdi. Jahongir otasining qo‘lidan tortib, ariq bo‘yiga olib borar ekan, qushlar yana chug‘urlashib, endi ota-bola ustida quyun bo‘lib ucha boshladi: ular go‘yo bularni qo‘rqitmoqchi, orqaga qaytarmoqchi bo‘lishardi.
Qamariddin xazon ustidagi qushni ko‘rib:
— Mayna-ku! E-e, — dedi. So‘ng arikdan hatlab o‘tib, qushni ko‘tardi. Qushcha jonholatda xazonlarga yopishgan ekan, ikki-uch bargni gajak tirnoqlarida changallab tipirchiladi. Qamariddin uning osilgan qanotini tortib ko‘rdi. Biqin patlariga puflab qaradi. — O’q yegan... Birov otibdi buni... Paq etkazib otibdi! Shu yerga kelib yiqilganga o‘xshaydi.
— Menga bering!
— Yo‘q. Buni davolash kerak.
— Nimaga otibdi?
— Yomon odam-da. Yaxshi odam qushlarga ozor bermaydi.
— Bu o‘lmaydimi?
— Nega o‘lar ekan? Lekin bu yerda yotaverganda o‘lar edi. Yo mushukka yem bo‘lardi.
— Uyga opketamiz-a?
— Opketamiz... tuzalsa. Ammo mayna odamga o‘rganadi. Yur... Hamma qushlar ham odamga o‘rganadi. Nima uchun buning nomini mayna deydilar, bilasanmi?
— Yo‘q.
— Hali aytib beraman.
Divanda «Vokrug sveta» jurnalini varaqlab o‘tirgan Ikroma o‘rnidan sapchib turdi.
— Nima u?
— Mayna. Yoding bormi?
— Qaydam... Doka bor.
— Ozgina ber.
— Menga bering maynani!
— Qo‘lingni cho‘qiydi, o‘g‘lim. Qara, og‘zini ochyapti... Yur, bir yerga borib kelamiz.
Uzun, qizil gilam to‘shalgan yo‘lak televizor ko‘riladigan zalga eltadi. Qamariddin dermantin qoplangan eshikni tiq-tiq urdi. Xalat kiygan Oqila opa chiqdi.
— Voy, mayna-ku?
— Yarador. Ariq bo‘yida yotgan ekan. O’g‘ilchamiz ko‘rib qopti.
Oqila opa Qamariddinning gapini bo‘lib, boqqa chiqiladigan ikki tabaqali eshikka qarab oldi-da:
— Kattaning o‘g‘li qilgan, — dedi. — Miltig‘i bor! Har kuni otadi.
— Qanaqa kattaning?
— E, anavi dachada kim turadi?
Ariq bo‘yidan o‘tgan devor orqasida bir ministrlikka qarashli dacha bor. U yerda, odatda, odam kam bo‘lardi. Temir darvozasi og‘zida o‘qtin-o‘qtin «Volga»lar tizilib ketadi.
— Ha-a, — dedi Qamariddin. — Yosh bola! Gaplashib qo‘yamiz u bilan... otasi bilan!
Oqila opa boshini sarkak-sarak qildi.
— Hamma shunday deydi. Bittasiyam yurak yutib bormaydi.
— Biz boramiz! Bizning qo‘rqadigan joyimiz yo‘q... Yod bormi?
— Hozir. — Oqila opa xonaga kirib, qornidagi yozuvli joyi tirnoqda ko‘chirilgan shisha idishcha chiqarib berdi. — Ozgina qolgan ekan.
— Rahmat, Oqila opa! Ota-bola orqaga qaytishdi.
— Ada, bitta ushlab ko‘ray.
— Sabr qil.
— Nega mayna deydilar buni?
— Ko‘p usta qush bu, o‘g‘lim. Har qanday jonivorning ovoziga taqlid qiloladi. Xohlasa, mupguk bo‘lib miyovlaydi. Xohlasa, it bo‘lib hurishi mumkin... Bulbulga o‘xshab sayrab ham qo‘ya oladi. Ana shuning uchun buni mayna deb ataganlar: boshqa qushlarni, hayvonlarni mazaxu mayna qilgani uchun.
— Odamniyam mayna qiladimi?
— Buning uchun uni o‘rgatish kerak. — Qamariddin birdan mamnun kuldi. — Buni gapirishgayam o‘rgatsa bo‘ladi. Hozir aytib beraman.
Qamariddin xonada qushni qag‘illatib qanoti va biqiniga paxtaga shimdirilgan yod bosib, doka bilan bog‘laguncha, «aytib berdi».
— Rahmatli momomizning bir xolasi bo‘lar ekan. Befarzand ekan. Eri bir kelishida cho‘loq mayna olib keladi. O’shanda bizning yurtda mayna bo‘lmagan. Xo‘p de, Ikroma! Mayna keyingi yillarda paydo bo‘lib ko‘payib ketdi. Xullas, momomizning xolasi cho‘loq maynaga  mehr qo‘yib, parvarish qiladi. Keyin tilga o‘rgatadi!.. Ulug‘oy degan qo‘shnisi bo‘larkan. O’sha devordan mo‘ralasa, mayna darhol: «Uluq, Uluq!», deb qichqirarkan. Shunaqa. Keyin mayna o‘lib qoladi. Uni yarim gaz bo‘zga o‘rab ko‘mishadi. Go‘ri ustida o‘sha xolamiz ko‘p yig‘lagan ekanlar... Shundoqki, bu taqlidchini gapga o‘rgatish mumkin!.. So‘ngra, bu jonivor go‘shtni yaxshi ko‘radi.
— Go‘sht bor-a, opa?
— Kolbasa bor, — dedi Ikroma. — Adasi, endi buningiz shu uyda turadimi?
— Bo‘lmasa qaerda turadi? Shkafga solib qo‘yamiz.
— Kechirasiz, va’dangizni bajaring. Bizga alohida xona berishsin... Tutuningizga toqatim yo‘q. Buning ovozini ham o‘zingiz maza qilib eshitib yotasiz.
— E, xotinboy!.. Bo‘pti. Va’da berishdi-ku! — Qamariddin ro‘paradagi derazadan ko‘rinib turgan beton devorga ishora qildi. — Anu yokda bitta amaldor yashaydi. O’g‘li otgan emish buni. Hali u arzanda bilan o‘zim gaplashib qo‘yaman!
— Xudo xayringizni bersin, shu yerga tinch keldik, tinchgina ketaylik. Shunaqa qilsangiz, jo‘navoraman. O’zim uydan xavotirdaman. Salimlarning eshigini buzishgandan beri...
— Ularning eshigi chiroyli edi, shuning uchun buzishgan. Biznikiga birov qaramaydi.
— Ada, menga bering!
— Xo‘p. Mana... Ikki qo‘llab ushla. Tirnog‘i o‘tkir! Ana shunday. Qo‘rqma!
Jahongir ikkinchi qanoti ham qo‘shib bog‘langan qushni o‘zidan olisroq tutib tikildi. Kafti ham sezyaptiki qushning biqini qappayib puchayadi. Dokadan issig‘i o‘tadi.
— Boqqa chiqaylik!
— E-e! Bu yotishi kerak!.. O’zimiz boqqa chiqamiz. Bunga xo‘rak olib kelamiz. Chigirtka teramiz. Mayna chigirtkani juda yaxshi ko‘radi.
Qamariddin shkafni ochdi, quyi tortmasini tor-tib, ichiga qushni qo‘ydi. Mayna yotib oldi, so‘ng dik-dik sakrab, tortmaning to‘riga qochdi.
— Yuringlar!
Ikroma jurnalni yopib, shippagini kiydi. Jahongir xavotirlanib derazaga qaradi-yu, ko‘zlari kattayib ketdi: devor boshida bir necha mayna tizilib o‘irishar, qig‘-qig‘ degan ovoz chiqarib, buyoqqa qarashar edi. Qamariddin kuldi.
— Buning sheriklari!.. Yod qo‘yayotganimizda, ovozini eshitib kelishgan. Yuringlar, qaytib ketishadi... Qushlar ham taqdirga tan beradi, o‘g‘lim.
Jahongir shkafni yana bir ochib qarab, qayta yopdi. Boqqa chiqishdi. Ikroma ko‘rinmadi. Ota-bola beixtiyor uy biqiniga o‘tishdi. Ana xolos! Boya mayna yalpayib yotgan xazon ustida bir baroq mushuk cho‘nqayib o‘tirar, qo‘lini yalar edi.
— Maynangning baxti bor ekan! — dedi Qamariddin. — Sal kechiksang bormi!..
— Mushuk yomon-a, ada?
— Uni yaxshi ko‘radigan odamlar ham bor, o‘g‘lim. damzodning fe’li o‘zi g‘alati. Bir nima deb bo‘lmaydi... Bilasanmi, biz — odamlar ham qaysidir hayvonga, qaysidir qushga yoqamiz. Qay birlari bizni yomon ko‘rishadi... Xo‘sh, o‘z tillarida bizni muhokama qilishadi...
— Nima?
— Ularning ham o‘zlari tushunadigan tillari bor. E, bu olamda hamma jonli narsalarda til bor! Biz uni tushunmaymiz, xolos!
— Nimaga?
— Bilmasam... Ana, bilmas ekanman! Balki shunisiyam yaxshidir? Har jonzot o‘z sir-asrori bilan yashagani qiziq emasmi?
Ular imorat oldiga o‘tib, to‘g‘ri ketgan tekis yo‘lkaga chikdilar. Ikroma teraklar soyasida jurnal o‘qiyotgan ekan, bularga qo‘shildi. Bog‘ adog‘iga tushib, o‘t-o‘lanlar orasidan chigirtka, qo‘ng‘iz izladilar. Havo issiq, o‘t-o‘lanning hidi og‘irlashib qolgan edi. Asta-sekin ota-bolaning mashg‘ulotiga Ikroma ham qizikdi. Bir soatlar chamasi izg‘ishib, talay chigirtka, bitta qo‘ng‘iz, ikkita jigarrang kapalak tutishdi.
— Zerikaman deyayotgan eding, senga ham ish topildi, — dedi Qamaridin Ikromaga.
— Terlab ketdim!.. Maynangiz ham bor bo‘lsin! Lekin uning chirqillashiga men chidolmayman.
— Xo‘p!.. Biz chidaymiz-da! Nasib bo‘lsa, ishga bir sho‘ng‘iylik, Kamoliddinning qo‘shig‘iyam quloqqa kirmaydi keyin.
Qamariddin — texnikumda «Qadimgi dunyo tarixi» o‘qituvchisi. Gazetalarga tarixiy mavzularda maqolalar ham yozib turadi. Maqolalari, albatta, mavsumiy bo‘ladi. Bu galgi maqolasi «Toshkent — Qo‘shon imperiyasining shimoliy chegara shahri» degan sarlavha ostida yozilgan esa-da, bu haqiqatni shubha ostiga oladigan olimlar ham yo‘q emas. Masalan, O’rta Osiyo antik tarixining bilimdoni professor Masson bu masalaga bir oz shubha bilan qaraydi.
Holbuki, u kishining rafiqasi — antik san’at bilimdoni Galina Anatolevna Pugachenkova bu masalaga zarracha shubha qilmaydi... Qamariddin maqolaning bosilishiga ham ishonadi: chunki Toshkent shahrining 2000 yoshga to‘lishi respublikada keng nishonlanadi, demak, u to‘g‘rida maqolalar ko‘plab e’lon qilinadi.
Uyga yaqinlashganda, Jahongir o‘zib ketdi. Xonaga kirib, shkafni ochdi. Mayna shay bo‘lib turgan ekan, dikonglab to‘rga qochdi.
— Mayna, mayna! Senga chigirtka opkeldim, — dedi Jahongir.
Qamariddin maynani olib, qog‘oz chetini ochdi. Ariqdan topilgan yolg‘iz chuvalchang o‘rmalab chiqayotgan ekan. Mayna bo‘ynini ichiga tortib unga tikildi-yu, shu zahoti chiq etkazib chuvalchangni cho‘qidi. Ko‘z ochib-yumguncha yutib yubordi.
— Ada, yedi!
— Yeydi, yeydi!.. Bu go‘sht-ku!
— Menga bering! O’zim beraman!
— Qo‘lga ehtiyot bo‘l.
Mayna yomon xo‘ra ekan, yo juda ochiqqandi. Bular bir soatda tergan luqmani hash-pash deguncha yo‘q qil-di, «yana ber!» degandek sap-sariq og‘zini ochdi.
— Yosh ekan, — dedi Qamariddin. — Bu yil tuxumdan chiqqanga o‘xshaydi... gapga o‘rganishi oson.
— Gapiradi, a?
— Bilishimcha, bunga bir xil so‘zni takrorlayve-rish kerak. Masalan, «Jahongir!»... Yo‘q, bu bo‘lmaydi. Boshqa so‘z kerak. O’sha xolamizning maynasi «Uluq» degan-ku! Shunga o‘xshash so‘z topaylik. Uluq, buluq... Baliq... E, jiyanim bor-ku, Xoliq!.. Xoliq de. Bo‘ldi. O’rganadi.
— Xoliq, Xoliq, — dedi Jahongir. Mayna «qiyq», deb qo‘ydi.
— Ada, Xoliq, dedi!
— Aldama.
— Xoliq, Xoliq...
— Men juda qiynalib ketyapman, — dedi Ikroma.
— E, tirik jonmiz-da! — deb kuldi Qamariddin, so‘ng maynani silab, jiddiy tortdi. — Ana shu tirik jon ekanimiz bizni tabiatga bog‘lab, o‘rtada kontakt o‘rnatib turadi. Bir vaqtlar o‘zimcha tasavvur qilganman. Ko‘z oldingga keltir. Tog‘ bag‘ri! O’rmon, unda qush-hayvonlar bor deylik. Odam ham bor. O’sha yerga tushib qoldim. Nima qilaman? Turgan gap: birinchi galda «bu yerda odam bormi?» deb o‘ylayman, uni izlayman. Odam zoti yo‘qligiga ishonsam, albatta, qushlar yoki hayvonlardan do‘st topishga intilaman. Robinzon Kruzodek! Qushlar ham, hayvonlar ham bo‘lmasa-chi? Unda, shak-shubhasiz, bir yashil daraxtni ko‘nglimga yaqin olaman. Chunki daraxt — tirik! Tomirida hayot bor!.. Ko‘karib turgan shu daraxt ham bo‘lmasa-chi? Menimcha, qoq yalang‘och qoyalar orasida mendek yolg‘iz, g‘arib kimsa bo‘lmaydi...
Eshik taqillab, oq xalatli Oqila opa ko‘rindi. Ikroma:
— Keling, opa — deb shoshib qoldi.
— Bir minutga kirdim, — dedi Oqila opa. Eshikni yopib, yopganiga ishonmagandek yana qarab qo‘ydi. — Qamarjon uka, bir narsani eslatib qo‘yay... Direktorimiz Oloviddinxo‘ja injiq odam, o‘zingiz ham sezgandirsiz... Vannaxonaning oldida, shiftga bir juft qaldirtoch in solgan edi. Vijir-vijirini eshitsak, quvonib ketardik. Bir kuni Oloviddinxo‘ja: — «Yo‘qotinglar buni!» deb qoldi. Men bilmas ekanman, shiftdan axlati to‘kilar ekan. Klava supurib tashlar ekan. Oloviddinga: «Beziyon-ku, u-bu», degan edim, o‘zi shvabra bilan inni buzib tashladi. Jonivorlar yana in qura boshlagan edi, Oloviddin vannaxona oldidagi derazani yopib, orqasidan mixlab qo‘ydi. Qaldirg‘ochlar ikki kun deraza orqasida uchib vijirlashdi. Keyin ketishdi... Demoqchimanki, maynaga ehtiyot bo‘linglar. Endi, Qamarjon uka, ko‘pchilik keladigan joy-da bu. Qush ovozini yoqtirmaydiganlar ham uchraydi...
— Bizning Ikromaga o‘xshab!
— Hazilmas. — Oqila opa Jahongirning boshini siladi. — Xo‘pmi, yigitcha?
— Rahmat, opa! — dedi Qamariddin.
— Sizlarga yana bitta xona kerak-a?.. Ochib qo‘ydim. Devor ortidagi xonani. Yig‘ishtiryapti.
Oqila opa chiqib ketdi. Qamariddin sigareta oldi. Tutatishga ikkilanib:
— Ajoyib ayol! — dedi. So‘ng o‘g‘lini bag‘riga tortdi. — Odamzod ana shunday, mulla Jahongir! Bu hayot kutilmagan ziddiyatlarga to‘la!
— Falsafangizni ertaga qoldiring, — dedi Ikroma. — Men nimalarni olay? Jahon mening yonimda yotadi. Mayna... siz bilan.
— Ho-ho-ho!
— Men mayna bilan... — deb yig‘lamsiradi Jahongir.
Ota uni ovutdi:
— Ana, shkafda turadi. Uyoqda bo‘lsa, opang qo‘yvoradi. Bu yerda bexavotir... Ko‘rging kelsa, bemalol kiraverasan. Ana, direktor ham qushlarni yomon ko‘rar ekan.
— Yomon odam, a?
— Yaxshi emas, menimcha.
Ikroma chamadonni ochdi. Jahongir shkafning oldida cho‘nqayib o‘tirdi.
— Ada, qanoti og‘riyapti-ya?
— Ha-a! Albatta!.. — U endi bemalol sigaretani tutatdi. — Daraxtlarni kesganda, ularning ham joni og‘rir ekan. Daraxt suvsiz qolsa, ingragan ovoz chiqararkan. Fan aniqlagan!.. Faqat biz — odamlar buni sezmaymiz!
— Buni dadasi, opasi bor, a?
— Ha! — Qamariddin ta’sirlanib, derazaga qaradi. Endi devor boshida ikki mayna qolgan, biri hurpayib turar, biri panjalari orasidagi allanarsani cho‘qib yer edi. — Balki anavilardir? Aka-ukasiyam bor buning!... Yasha, o‘g‘lim. Ana shunaqa o‘yla! Bu yaxshi odat.
— Ular yig‘layaptimi?
— Ey, sen geniy bo‘lasan! — deya xitob qildi Qamariddin. Keyin past tushdi. — Yo‘q, sen tarixchi bo‘lasan. Tarix juda qiziq! Qadimgi davrlar qiziq... E, o‘shanda ko‘p narsalar boshqacha bo‘lgan. — Qamariddin xotini chamadondan olib qo‘ygan kitoblarni ko‘zdan kechirar ekan, shoshib qoldi: — Pugachenkova qani?
— Hammasi shu yerda.
— Pugachenkova! Buyuk ayol!... E, mana-ku!.. Ammo lekin, o‘g‘lim, qushga qarash, uni davolash ham ko‘p zavqli! Nima deding? Umuman olganda, hayotning har qanday ko‘rinishi ham qiziq, g‘aroyib!.. Tushunyapsanmi?
— Chigirtka opkelamizmi yana?
— Albatta!.. Bir donishmand aytgan ekan: «Inson hamma narsadan baxtsiz bo‘lganda ham, bari bir shukur qilishi kerak. Tug‘ilganiga — yorug‘ dunyoni ko‘rganiga shukur qilishi kerak. Chunki shuni ham ko‘rmasligi mumkin edi». Zo‘r gap-a! Tushunyapsanmi?.. Ochma dedim-ku! Jindek yotsin boyaqish!
Qamariddinning ilhomi qo‘zib turgan edi, bo‘g‘ildi. Qaniydi, o‘g‘li yosh emas, uncha-buncha narsaga aqli yetadigan bo‘lsa! Shu tobda unga bu zo‘r hikmatni Budda aytgani, Budda dini bundan ikki ming yil muqaddam O’rta Osiyo tuprog‘ida yoyilgani, naq Toshkentning Oqtepasidan buddaparastlarning ibodatxonasi topilgani, bunday ibodatxona Farg‘onaning Quvasidan ham chiqqanini so‘zlab, mana shu faktlar ham Qo‘shon imperiyasining shimoliy chegara shahri Toshkent ekanini isbotlashini aytsa!
Tushdan keyin sayrga chiqishdi. Qamariddin tanishlarini uchratdi. Ikroma bilan Jahongirni ularga tanishtirdi. Ob-havo, kuz haqidagi gaplar aylanib, qo‘shni dachada miltiq paqillatib yuradigan «arzanda»ga taqaldi.
— Bo‘riboy tezroq kelsin-da! — dedi bir pensioner. — Hassasini do‘qillatib o‘tib turardi Bo‘riboy qaysar!
Moskvaga — televideniening «Hayvonot olami» redaktsiyasiga xat yozishni ham kimdir maslahat berdi.
— Kerak bo‘lsa yozamiz! — dedi Qamariddin va Ikromaga qarab olgach, injiqlanayotgan o‘g‘lini turtdi: — Nima deysan?
— Biz ovqat yedik-ku? Maynayam...
 Qamariddin asta-sekin ishga sho‘ng‘iy boshladi. Ikroma ham bu yerga xiyla o‘rganib qoldi. Uy tashvishi yodidan chiqdi. Ona-bolaga ermak ham topilgan edi: zerikdilarmi, bog‘ adog‘iga izg‘ib ketishadi. Hasharotlar terib kelishadi.
Maynaning yarasi bitib, qanotini osiltirib yuradigan bo‘lib qoldi. Jahongir hamon uni qo‘liga oldimi: «Xoliq, Xoliq!» deydi. Mayna tutilgan xo‘rakni ko‘rdim demaydi-yu, nuqul «qiyq-qiyq», deb ovoz chiqaradi.
Jahongir Oloviddinxo‘jani yaxshi tanib olgan. Unga yov ko‘z bilan qaraydi. «Yomon odam», deb o‘ylaydi va uni ko‘rishi hamono yodiga kulrang, baroq mushuk tushadi.
Goho mayna bilan «gurung» qiladi:
— Xoliq, sen gapimni tushunyapsan. Yashirma... Dadang bilan opang ham ketib qolishdi-ya! Sog‘inasanmi ularni? Boqqa opchiqaymi? Bilasanmi, direktor yomon odam... Bir kun boqqa opchiqaman. Sheriklaring bilan o‘z tilingda gaplashasan. Xoliq, de. Xoliq...
Bir kuni u yo‘lakda, xolodilnik oldida atrofga alanglab kelayotgan Oloviddinxo‘jaga to‘qnashdi.
— Mayna yo‘q. Yo‘q! — dedi shosha-pisha.
— Nima?
Jahongir unga birpas baqrayib qarab turdi-da, xonaga chopib kirdi.
Qamariddin ishga berilib ketdi. Xonada dik-dik sakrab, goho pir-pir qanot qoqib yuradigan maynaga endi parvo qilmaydi. Juda joniga tegsa, «kisht», deb qo‘l siltaydi. Yoki devorni mushtlab: «Jahon! Bunga qara!» — deb baqiradi.
Mayna qo‘shnilarga ham yoqib qolgan. Qushni ko‘rganlar «arzanda bola» haqida gapirishadi, uning miltiq otishini kutayotganlarini so‘zlashadi, so‘ng Jahongirga Oloviddinxo‘jadan ehtiyot bo‘lishni uqtirishadi: bir juft qaldirg‘ochning ini buzilgani ko‘pchilikni xafa qilgandi.
Bir kuni ona, bola, ota xonada gaplashib o‘tiri-shar, Qamariddinning kayfi chog‘, gapdon bo‘lib qolgan edi:
— Maqola yarmidan oshdi!.. E, ishlash kerak! Rosti,boshda xatoga yo‘l qo‘yganman. Na chora! Endi boriga bozor deb ko‘nikishga majburman... Ba’zan hayron bo‘laman-da. Biz — juda loqaydmiz, xotin! Yoki o‘tmishimizda ulug‘ allomalarimiz shu qadar ko‘p bo‘lgan, tariximizda porloq odamlar shu qadar behisobki, biz ularga beparvo qarashga o‘rganib qolganmiz... Chalg‘ib ketdim... Lekin, xotin, men o‘zimga tasalli berayotganim yo‘q.
— Faraz qilamiz.
— Kim biladi deysan...
— Bilasizmi, siz tabiatshunos yoki tsirkchi bo‘lganingizda, shu maynani allaqachon to‘tiqushga aylantirib yuborardingiz.
— Ana! Men bog‘dan kelsam, bu tog‘dan keladi.
— Gap uqtirishdan tolmaysiz, demoqchiman.
— A-a! Ammo sen ham noshukur banda. Kecha o‘zing: «Tuxum bosgan bu adang», deb yurgan eding.
— Gapimni egri tushundingiz. Qushni aytyapman. Jahongirning o‘rnida bo‘lganingizda, unga allaqachon «falsafa, tarix» degan so‘zlarni ham o‘rgatib qo‘yardingiz... O’g‘lingiz esa, nihoyati... Jahon, maynani chaqir!
Jahongir kaftida qisib turgan kapalakni tutib ko‘rsatdi. Stol lampasi tagida turgan mayna bir cho‘qishda uni yutib yuborib, yana og‘zini ochdi.
— Xoliq, Xoliq, — dedi Jahongir. Maynaning ochiq og‘zidan tovush chiqdi:
— Xoliq, xoliq...
Qamariddin yuragi gursillab urib, qushga tikildi.
— Ey, men nima degandim! — dedi baqirib. Yana qushga tikildi. Qush ko‘zini asta yumdi. — Qiziq! — dedi u. — Insonning otini aytdi bu! Lekin beparvo!... Nima deganini bilmaydi! Buyoqda biz quvonyapmiz...
— Kecha aytgan edi, — dedi Ikroma. — Sizni chalg‘itmaylik dedik. Bugun Jahongir chidamadi.
— Jahon, yana bitta «Xoliq», de.
— Xoliq, Xoliq!
Qush ko‘zini ochmasdan takrorladi:
— Xoliq, xoliq...
— Tag‘in bitta ayt, o‘g‘lim!.. Men toza xursand qilding-ku! Tavba! Qushlar ham ajoyib jonzot-da! Lekin, o‘g‘lim, sen bu so‘zni mayna uchun refleksga aylantirasan endi. Tushunyapsanmi? «Xoliq», deb chaqir. Oldingga kelmaguncha xo‘rak berma. Keyin, bir chaqirim joydan ham «Xoliq!» deb baqirsang, uchib boradi. Xo‘rak berar ekan-da, deydi... Umuman, bu boshqa narsalarniyam o‘ylashi mumkin.
Bir kech Qamariddin maqolaning ba’zi olimlarga malol keladigan joylarini yumshatish haqida o‘ylab o‘tirarkan, xona tutunga to‘lib ketganini ko‘rdi. Tura solib, eshikni ochdi. Shu zahoti alangladi. Mayna... bo‘lsa chiqardi. U joyiga qaytib o‘tirdi. Nihoyat, de-raza tepasidagi darchadan yelvizak esa boshladi. Qama-riddin o‘rnidan turdi-da, yo‘lakdan pir etib uchib o‘tgan qushni ko‘zi ilg‘ab qoldi. Shkafni shart ochib, tortmaga qaradi: mayna yo‘q... Shunda yo‘lak adog‘idan kelayotgan shovqin diqqatini tortdi:
— Nima gap bu? — deya zo‘riqib gapirardi Oloviddinxo‘ja. — Klava, o‘lganmisan? Eshikni nega ochib qo‘yding? Vey-ve-ey! Gilam rasvo bo‘ldi... Shvabra qani? Hayda uni!... Bultur nima degan edim senlarga?!
Qamariddin yo‘lakka chikdi. Shunda xolodilnik us-tiga kelib qolgan mayna burila solib, xonaga kirdi. Qamariddin eshikni yopib, qo‘l qovushtirdi.
— Bir qoshiq qonimizdan kechasiz, — dedi u Oloviddinga.
— Siznikimidi?
— Ha... Qo‘shni bola otgan ekan. Davolab oldik. O’g‘ilchaga o‘rganib qoldi.
Oloviddinxo‘ja boshini tez-tez silkitdi-da:
— Mumkinmi? — dedi. Qamariddin eshikni ochdi. Oloviddin kirib, stol lampasi qoshida qanotini tumshug‘i bilan titkilayotgan qushga qovog‘i ostidan tikildi. So‘ng: — Hidi o‘rnashib qopti. Sizga bilinmas ekan-da, — deya enkayib karavot va stol ostiga qaradi. O’tirib qo‘yipti jonivor. Oppoqqina qilib... — So‘ng qomatini rostlab tomog‘ini qirdi. — O’qigan, mulla odamsiz, domla. Bilmadim, o‘z o‘rningizni bu ahvolga solib qo‘ymas edingiz, deyman. O’ylash kerak ekan-da. — U yana tez-tez bosh chayqab chiqib ketdi.
Qamariddin eshikni tepib yopdi. Xo‘rsinib, xonada nari-beriga yurdi. Maynani shap ushlab, tortmaga soldi. Boqqa chiqib, xotini bilan o‘g‘lini topdi.
— Ha, adasi?
— Chatoq bo‘ldi.
— Nima gap?
— Sezmay qopman, mayna koridorga chiqipti... Oloviddin olovimni chiqardi. — Keyin jahli tutib ketdi. — Bir kun xonangda tursa, bir nima bo‘p qolmasding! Mening xayolim joyida emas! Oxirgi abzatsni ishlayotgan edim.
— Bir nima qildimi u?
— E-e... Sen ham ko‘p javdirama! Maynang shkafda! Bor, ol. U menga kerak emas, senga kerak!
Jahongir chopib ketdi. Yo‘lakdan o‘tayotib, Oloviddinxo‘jaga to‘qnashdi. Birdan to‘xtadi-da:
— Siz yomon odamsiz! Yomonsiz! — dedi.
Oloviddinxo‘ja uning... cho‘g‘dek gilamga tushgan izlariga qarab qoldi. So‘ng eshikdan chiqib, marmar zinadagi nam to‘shamaga tikildi. Jahongirning oyog‘i albatta unga tegmagan edi. Oloviddin ro‘paradan kelayotgan Qamariddin va Ikromani ko‘rdi-da, burilib, devor yoqalab ketdi.
— Ketvoraylik! — dedi Ikroma. — Shuning qovog‘iga qarashimiz qolganmidi!
— Mening ishim chalaroq.
— E, sizdan olim chiqmaydi!
— Senga quloq solsam, tarixchiyam chiqmas edi mendan.
Qamariddinning maqolasi bitdi. Endi uni Toshkentga yuboradigan bo‘lsa, qaysi gazeta tezroq bosib chiqarishini o‘ylar edi. Ikroma tag‘in uy qayg‘usiga tushgan, kunora shaharga qo‘ng‘iroq qilib, uyim tinchmi, deb qo‘shnilardan so‘raydi.
Jahongir esa «Xoliq»ni shaharga olib ketganda, qachon balkonga chiqarish, qachon qo‘yvorish va chaqirib olishni o‘ylaydi.
Bularning safari qarib qolganidan xabardor qo‘shnilar xonaga serqatnov: maynani — ermakni ko‘rib, jilmayishadi; uni shaharda qanday boqish xususida Jahongirga maslahatlar berishadi.
Kechki payt. Bog‘ adog‘idagi anhor. Qamariddin: «Ketar jafosiga», deb yechindi, suvga tushdi.
— Oh-oh! Ikroma, sen ham yuvin!
— Odamlar bor-e... Jahon, sen cho‘mil!
Jahongir o‘t-o‘lanlar orasidan chigirtka ovlayotgandi, birdan baqirib yubordi:
— Muni qarang! G’ij-g‘ij chigirtka!
Ikroma o‘g‘lining yoniga bordi. Chindan ham sarimsog‘i kavlab olingan jo‘yakka anhordan suv toshgan, jo‘yak pushtalari, xas-cho‘p aralash oppoq ko‘piklar ustida chigirtkalar g‘ujg‘on, uyoq-buyoqqa pitillab uchishar, suvga botib «suzishar» edi.
Qamariddin cho‘milib chiqquncha ona-bola bir do‘ppi chigirtka terishdi.
— Dadasi, shu chigirtkalargayam odamning rahmi keladi-ya!
— O! Ana tabiatning kuchi! — deb xitob qildi Qamariddin. — Faylasufsan, xotin!
— Jahon! Bo‘ldi qil, ketamiz. Ovqat mahal bo‘p qoldi. Bu qurg‘urning shirasi bo‘lar ekan-a! Nega qoni chiqmaydi muning? Ushlasang, oyog‘ini tashlab uchib ketaveradi.
— Tabiat shunaqa. Shunaqa, xotin!... Bilasanmi, nima uchun tabiatni yaxshi ko‘raman? Bunda bepoyon bir mangulik bor!.. Mana, juda xafasan, deylik. Yoki tarixda yuz bergan bir xatolikdan qalbing yara. Yoki juda xursandsan. Sababsiz xursandsan, deylik. Ana shunda tabiat qo‘yniga chiq — birdan xotirjam bo‘lib qolasan, birdan! Dunyoning asli haqiqati mana shunda, deysan, xotin.
Shimining tizzalarigacha loy bo‘lgan Jahongir hansirardi.
— Adavoy, shaharda chigirtka yo‘g‘-a?
— Juda oz. Boshqa narsa berasan-da. Masalan, go‘sht.
— Kolbasa.
— Ammo-lekin, Jahongirboy, sizniyam bu yerga kelganingiz zo‘r ish bo‘ldi!
Biroq xonada ularni xunuk fojia kutayotgan ekan.
— Xolik! Xoliq!
Mayna javob bermadi.
Shunda Qamariddin bilan Ikroma ham xonaga kirishdi.
— Ada, Xoliq yo‘q!
— Eshik ochiq ekanmi?
— Salgina... ochiq ekan! Topib bering! Siz chiqargansiz!
— Jinni! — Qamariddin shkafni ochdi. Divan, stol, karavot tagiga qaradi. Isitgich batareyalari orasiga boqdi. Burilib, eshikni ochdi-yu, itarib yopdi. Eshik zichlanib qoldi. — Mana, eshik yopildi!.. Qattiq itargan bo‘lsam, ochilib qoldimikan, deb o‘yladim. — U xotiniga tikildi. — Oloviddinning ishi!.. — Yana tashqariga chiqdi. Ikkita qo‘shni tashvishlanib turar edi. — Mayna yo‘q.
— Biz ham yaqinda keldik... Yo‘qmi?
— Yo‘q. — Qamariddin vannaxona tomon ketdi. Derazaga qaradi: berk.
Shunda yo‘lak adog‘ida Oloviddinxo‘ja ko‘rindi. Ham-ma unga tikilib qoldi. Jahongir yig‘lab yubordi:
— Shu kishi o‘ldirib qo‘ygan!.. Otgan! Oloviddin ko‘zlari pirpirab:
— Nima gap? — dedi.
— Tinchlik, — dedi Qamariddin. — Mayna yo‘q, xolos. Yerga kirganmi, ko‘kka uchganmi — yo‘q. — So‘ng birdan kinoyali jilmaydi. — O’zlari bir balo qildilarmi-yov? Aytavering... Biz o‘lib qolmaymiz. Faqat bolaga qiyin bo‘ladi-da.
Oloviddin qo‘llarini yozdi.
— O’qigan odamsiz, domla. O’shanda bu to‘g‘rida gaplashgan edik. Sal achchiq qilib chiqdim. Shunchalik ham deymaymi? Siz mehmonsiz, ketadigan odam...
Topib be-er! Topib bering maynamni! — Jahongir qancha ko‘p yig‘lasa, mayna shuncha tez topiladigandek yer tepina boshladi.
Qamariddin:
— O’chir! — deb tashqariga chiqdi. Uy biqiniga o‘tdi. Jahongir ham chiqib, ariq bo‘yidagi xazonlarga tikildi. Yana chinqirdi. — Yig‘idan nima foyda! — deya baqirib yubordi Qamariddin. — Chaqirsang-chi! — So‘ng qo‘shnilarga qarab, «faylasufona», mung‘aydi: — Bir narsaga mehring tushmasin. Tushgandan keyin yo‘qolib qolsa, yomon kuyasan-da.
— Xoliq, Xoliq!
Birdan devor ustidan ovoz eshitildi:
— Xolq, xolq...
— Ana! Xoli-iq!
Shu payt ariq bo‘yidagi chinor ayrisidan otilib chiq-qan baroq mushuk qanotini endi yozgan maynani shart tishlab, pastga tushib ketdi. Ariq yoqalab ura qochdi.
— Mushuk!
— Hoy!
— Choping, adasi!
— Dada-a!.. Xoli-iq!
Mushuk chinorlar ortida ko‘zdan pana bo‘ldi. Lekin maynaning nolasi baralla eshitilardi:
— Xolq, xolq...
Mushuk maynaning belidan tishlagancha piyozpoyaga qochdi.
Qamariddin simga chalinib yiqildi. Jahongir dadasidan oshib, ariq bo‘yiga borib qoldi. Yana yig‘lab, kesaklar ustiga o‘tirib oldi. Qamariddin ariqdan hatlab o‘tdi.
U bog‘ oxirida keza-keza horib qaytdi. Jahongir ariq bo‘yida o‘tirgancha hiqillar edi.
— Yo‘q, o‘g‘lim. Nachora. Birniki o‘tdan, birniki suvdan deganday...
— Yo‘-o‘q!
Ikroma o‘g‘lining bilagidan tortdi.
— Bo‘ldi. Bas endi!
— Xoliq, dedi, opa! Bizni chaqirdi.
— Men ham eshitdim... Bas endi! Yana bitta mayna topamiz...
— Yo‘q. Menga Xoliq kerak.
...Qamariddin ovqatga zo‘rg‘a chiqdi. Xayoli chalg‘iganini sezib: «Unutish kerak endi, — deb uqtirdi o‘ziga-o‘zi. — Vassalom. E, bu olamga nimalar kelib ketmaydi. — Bu-ku bir mayna ekan... Odam o‘ladi! Butun-butun xalqlar qirilib ketishi mumkin...»
Ikroma ham ovqatdan nomiga tatigan bo‘ldi. Oqila opa stol qirrasiga qo‘lini tirab:
— Men aytgan edim-ku, aytgandim-a! — dedi.
— Iloyo, uning bolasiyam shunday...
— Unda bola yo‘q.
Nihoyat, Ikroma ham Oloviddinni ichida qarg‘ay-qarg‘ay, erini urisha-urisha hovridan tushdi.
Ketadigan kunlari Jahongir yana ariq bo‘yiga bordi.
«Xoliqning adasi bilan opasiyam yig‘lagan. Bolalarini mushuk opqochganini bilgan». U ariq yoqalab jildi. Piyozpoyada to‘xtab qoldi. Yana Xoliqni topib olgan joylariga keldi.
Tepasida chinor shoxlari, qushlar chug‘urlashar, nozik hiddar kelar, biroq Jahongir bularni his etmas, yurakkinasi bo‘m-bo‘sh edi.
Shunda tepadan uchib o‘tgan maynalarga diqqati og‘di. Nazarida, Xoliq o‘sha kuni mana shu devor ustiga qo‘nib turganda, sheriklariga o‘z tilida ancha-muncha gapirgandek tuyuldi. Albatta, «men Xoliq», degan. Bular bir-birining so‘zini tushunadi-ku! Meniyam aytgan... «Chigirtka terib berdi», degan. «Oloviddin yomon», degan. «Haydab chiqarib, derazani bekitib qo‘ydi», degan...
— Xoliq, Xoliq!
— Qiyq-qiyq!
Maynalarning ovozi endi Jahongirga «Xoliq» bo‘lib eshitildi. Keyin: «Albatta-da, — dedi yana. — Xoliq deyishyapti... Yaxshi o‘rganmagan-da bular. Ular-gayam ko‘p-ko‘p «Xoliq» desa, o‘rganib olishadi. Lekin ular bilishadi: xoliq — yaxshi degani. Sizlar — Xoliq. Men — Xoliq».
— Xoliq, Xoliq!
— Qiyq-qiyq!
Qo‘shnilar ularni avtobusga kuzatib qo‘yishdi. Ular uylariga yetmasdan Qamariddin Toshkentga tushib-chiqishga ahd qildi.
— Bozorga kirib o‘taylik. Uy qoq-quruq, — dedi Ikroma.
Jahongir derazadan olislarga boqar, olislarda... xoliqlar uchib yurar, o‘zaro gaplashishar, Jahongir ularning so‘zlarini tushunar edi.

1982

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.