Tashqarida yomg‘ir quyar, magazin ichida namiqqan tuz va sovun hidi anqir edi. Eshik og‘zida turgan sovxoz direktori To‘raev:
— Sel kelar-ov, — dedi. Peshtaxta ortida turgan mudir bo‘ynini cho‘zib, soyni ko‘rmoqchi bo‘ldi.
Ko‘cha yoqasiga kelib, bir mashina to‘xtadi. Kabinadan militsioner tushdi. U to‘ladan kelgan, shapkasini bostirib kiyib olgan, pogonida uchta yulduzchasi bor, chehrasi tashvishli edi. Shoshib, magazin ayvoniga chiqdi. Etiklarini urib qoqdi va shapkasini boshidan olib, sochini kafti bilan siladi.
To‘raev unga iljayib qarab turardi: sekin ortidan borib, ikki qo‘llab uning ko‘zlarini berkitdi.
— Toping! — dedi.
Militsioner iljaydi, burildi va birdan qovog‘ini uydi:
— Salom.
— Yaxshimisan?
— Yaxshi... Yomg‘ir ham zo‘raydi!
— Juda!
— Hm...
— E, odammisan o‘zi?! — To‘raev uning tirsagidan ushlab o‘ziga qaratdi. — Nima bo‘ldi? Tanimayapsanmi?
Militsioner tomog‘ini qirib, shapkasini kiydi:
— Tanidim... Siz sovxoz direktori o‘rtoq To‘raev bo‘lasiz.
To‘raev burnidan nafas olib, boshini orqaga tortdi:
— Hazil qilyapsanmi? —Qanaqa hazil?
— Hali shunaqami?
— Nima?
— Bor, toshingni ter! — To‘raev burilib magazinga kirdi, bir ozdan keyin qaytib chiqib, ayvondan chiqdi. Tarnovdan oqayotgan suvga parvo qilmay, militsionerga burildi: — Katta bo‘p qopsiz-da, a? Zamnachalnik bo‘psiz-da?! Tuzuk, tuzuk... Tanimay qoldingizmi? O’zi, eskilar aytishar edi, milisa bilan do‘st bo‘lma, xotinga sir aytma, nomarddan qarzdor bo‘lma deb. Shu gap rost ekan!
Militsionerning qalin lablari uchdi, burun kataklari qappaydi, lunji shishdi:
— Ha, — dedi xirillab. — Bu rost gap. Milis bilan do‘st bo‘lma... Milisa bilan har kim ham do‘st bo‘lolmaydi!..
— Endi bildim. Ishondim, — dedi To‘raev va telpagini bostirib, toshloqdagi ko‘lmaklar ustidan o‘tdi va qumloq yo‘lga tushib, idora tomon ketdi.
Militsioner xo‘rsinib, har tarafga bokdi. So‘ng magazinga qarab, ichkarida o‘ziga tikilib turgan mudirni ko‘rdi. Tag‘in ortiga qarab olib, shitob bilan xonaga kirdi:
— Yuzta quy! — dedi. Magazinchi o‘ylanib:
— Bizda... grammlab sotilmaydi-ku, — dedi.
— Quy, quy! Gapni cho‘zma! — zamladi militsioner va peshtaxta burchagiga o‘tdi. — Hov, konfetdan ham bitta ol!
— Endi... yangisini ochar ekanmiz-da, — magazinchi to‘ng‘illab, rastada turgan aroqdan birini oldi-da, kir doka bilan artib, qopqog‘ini tishida ochdi. Peshtaxta ostidan piyola olib, pufladi. Aroqdan g‘uldiratib quyib, mehmonga uzatdi.
Militsioner piyolani bir ko‘tarishda bo‘shatib, konfetdan tishladi. Shimidagi piston cho‘ntagini kovladi.
— E, qo‘yavering, — dedi mudir piyolani olib. Militsioner peshtaxtaga pul tashlab, eshikka qarab turdi. So‘ng papiros tutatdi. Do‘konchi bergan qaytimni shineli kissasiga solib:
— Kofirunga qaysi yo‘l yaqin? — dedi.
— Hamma yo‘l ham, — javob berdi mudir unga hayratlanib qaragancha. — Piyoda borsayam bo‘ladi-yu, yomg‘irda qolasiz... Soydi kechib o‘tish kerak. Suviyam mo‘l.
— Shu yo‘l yaqinroq-a?
— Ha, bunisi yaqin. Qirdan oshsangiz, Kopirin-da.
Militsioner papirosni tashlab, tovonida ezdi. Shapkasini bostirib, yoqasini ko‘tardi. Shineli baridan chimdib ushlab, tashqariga chiqdi va shovillab yog‘ayotgan yomg‘ir ostida yo‘lning narigi betiga o‘tib oldi.
Yuz qadam yurib, so‘qmoqqa burildi va tiyg‘anib ajriqzorga tusha boshladi. Ajriqzor keng maydonni ishg‘ol qilgan bo‘lib, bir tomoni yulg‘unzor, bir tomoni qamishzor, qamishlar orasidan bug‘ ko‘tarilib turardi. Militsioner ajriqzorni kesib, tuzi chiqib yotgan soy sohiliga yetdi. Soyning bu yeri kengayib oqar, suv bo‘tana, har yer-har yerda dumaloq toshlar chiqib turar edi. Militsioner o‘ylanib, suvga tushdi-da, yana shineli etaklarini ko‘tarib, olg‘a yurdi. Soyning o‘rtasiga yetganda, suv uning tizzasidan oshdi. U to‘xtab, orqasiga g‘amgin qaradi. So‘ng yana olg‘a jilib, beligacha shalabbo bo‘lib, narigi sohilga chiqib oldi. Ajriqzorga o‘tib, shimi pochalarini siqqan bo‘ldi. Bir-ikki qadam borib, xarsang toshga suyandi. Etiklarini yechib, suvini to‘kdi, yana kiydi va sal o‘tmay, nari yokdagi gaza o‘rkachiga chiqib bordi. Ko‘katlar nish urgan, yomg‘ir arnalardan oqar, yerga singib ketar edi. U adirdan oshib, qishloqqa tusha boshladi.
Qishloq etakdagi daryoning sohilida bo‘lib, yalang‘och, siyrak daraxtlari shuppayib turar, shiferli tomlardan tutun ko‘tarilar, pastdan kesib o‘tgan yo‘lda bir otliq bir buqani surib haydab borardi.
Militsioner yo‘lga yetdi. U yoq-bu yoqqa angrayib, ko‘rinayotgan uylardan durustrog‘ini tanladi-da o‘sha yoqqa yurdi. Biroq bu uyning ortidan ariq o‘tgan edi. Sakrash uchun qulay joy izladi, topolmay to‘xtadi. So‘ng... yonboshida qaqqayib turgan, tomiga shifer yopilmagan uyga yo‘naldi. Nishab so‘qmoqdan tushib, qo‘y qiylari erib oqayotgan maydonga yetdi. Shunda uy biqinidagi bostirmada yotgan tozi it hurdi, lekin turishga erinib, burchakka tiqildi.
Militsioner chimirilib, to‘g‘ri uy eshigiga bordi, taqillatdi:
— Kim bor?
Uycha ikki xonadan iborat ekan, ichkaridan ovoz keldi:
— Hozir... — bir ozdan so‘ng eshikdan oq ko‘ylak kiygan, siyrak soqol o‘rta yashar yigit chiqdi. Militsionerni ko‘rib, ko‘zlari kengaydi: — Keling, bobo, — dedi.
Militsioner uyga kirdi. Uy qorong‘i bo‘lib, ichkari xonada yonayapgan lampochka bunisini yorita olmas, xonadan anor, qatiq va rutubat hidi anqir edi.
— Ichkari kiring, bobo. E, etikni yechib o‘tirasizmi? — dedi uy egasi.
Militsioner shoshmay paltosini yechib, unga berdi. Etigini sug‘urib, yerga yotqizib qo‘ydi. Paypoqlarini ham yechib, eshikdan chiqarib siqdi, so‘ng etik qo‘njiga yoyib qo‘yib, oqem bo‘lib ketgan oyoqlarini bo‘yraga yengil bosib, ichki xonaga o‘tdi. O’rtada tancha tutar, devorga do‘mbira ilingan, burchakka o‘rin solib qo‘yilgan, to‘rda bir taxmon yuk, yerga kigiz to‘shalgan edi.
— O’tiring, bobo! Sandal ham sovib qog‘an. O’t qilaymi? Sovqotgan ko‘rinasiz?
Militsioner uning qiyshayib turgan gavdasi, cho‘loq oyog‘iga qarab:
— Kerak emas, o‘tiring! — dedi.
— Xo‘sh-xo‘sh, — uy egasi o‘tirgan yeridan yana irg‘ib turdi. — Choy qo‘yay, u-bu opkelay!
— Kerak emas! O’tiring. Otingiz nima?
— Otim Xushvaqt! — mezbon cho‘kkaladi.
— Shamollaysiz, ustingizga bir nima tashlab oling!
— E, shamollab yosh bolamizmi! Qatiq opkelay bo‘lmasam! — mezbon dasturxon yozdi, qo‘sh non keltirdi, kosada qatiq qo‘ydi. — Qani, oling!
Militsioner nondan sindirib tishladi:
— Xushvaqtboy, — dedi o‘ylanib. — Kim bo‘lib ishlaysiz sovxozda?
— Biz... iskaladga qorovul, bobo, — javob berdi mezbon.
— Nimaga uyingiz munday xarob? Xotin bormi?
— Xudoga shukur, bor. Uchovgina bolayam bor... Ammasinikiga qidirib ketgan edi. Kep qolar... Uyni so‘raysizmi? Nima qipti, vaqtinchaga bo‘ladi bu!
— Nimaga vaqtinchaga? Boshqa uy solyapsizmi?..
— Ha, bitib qog‘anda qish tushib qoldi. Yozda bitirib olamiz endi.
— Qaerda?
— He, dayradan norman. Bobolarding yurtidan. Cho‘pon bo‘g‘anmiz-da aslida.
— Hm... direktor yordam beryaptimi?
— Ey, men sizga aytsam, milisa bobo, bu direktorimiz ko‘p qoruvli bola chikdi. Ko‘z tiymasin, bo‘lali bola!
— Nimasi yaxshi? Siz bunday uyda o‘tiring, u tipovoy uyda tursin, yana uchastka solayotgan bo‘lsin!.. Shumi yaxshiligi?!
— E, uni aytasizmi? Lakin, milisa bobo, tipovoydan bizgayam birovini beramiz deyishgandi. Kampir ko‘nmadi, yurtqa boramiz, deb. O’zlarining lakin uchastka sog‘anini bilmayman. Tepamda xuda bor, yolg‘on gapiralmayman!
— Yo‘q... Bizga, rayonga ma’lumot borgan! Direktor bo‘lganiga bir yil to‘lmay, uchastka soldi deb... Yashirmang! Biz biribir aniqlaymiz!
— E, milisa bobo, biz yashirib nima qilamiz. Yashirsak, direktor kun tug‘dirib beradimi bizga... Bor gap. U yog‘ini so‘rasangiz, u bola asli shu qishloqdan, milisa bobo. Bir kambag‘aldan chiqqan. Ko‘p qiynaldi bechora. Qiyinchilik bilan o‘sgan... Uni bilgan biladi, bilmagan bilmaydi!
— Asli shu yerda tug‘ilgan-a? Xo‘p... O’sha tug‘ilgan yerida nima bor hozir?
— U yerda hech gap yo‘q, oborib ko‘rsataman xohlasangiz. Zatexnik bo‘g‘anda, bir kulba solaman, deb jurdi. Hasharga chaqirdi odamlardi. Paxsa devor qilib, uyi tikka bo‘g‘anda, direktor ko‘tarilib ketdi... Shuytib, u kishi tipovoyga ko‘chdi. U kulba shu ahvolda qolib ketdi.
— Qani, menga ko‘rsatasizmi? Yo‘q, siz turmang... O’zim topib olaman!
— E, oyoq cho‘laq bo‘g‘ani bilan jurishga yaraymiz, milisa bobo. Qani, qatiqdan oling... Boramiz-da! Choy qilay. Go‘sht bor...
Militsioner soatiga qarab oldi:
— Yo‘q... Bo‘lmasam menga bir kalish bering, — dedi. — Payafzal qurib tursin. Sovuq o‘tib, burinni tortib yurmay.
— Xo‘p-xo‘p. Kalishdan boshqa nima bor. — Mezbon halloslab turib, sandiq ustidan ko‘rpalarni tushira boshladi. Qopqoqni ko‘tarib, bir juft kalish olib militsionerning oldiga tashladi. — Bo‘ladimi?
— Bo‘ladi, bo‘ladi.
Bir ozdan so‘ng ular baland o‘riklar ostidagi bir yon devori yomg‘irda yuvilib ketgan uy oldida turishar, uning supalari ham yemirilib tusha boshlagan edi. Ayvonga chiqishgan edi, ichkaridan bir it chiqib qochdi. Militsioner ichkariga mo‘raladi, suyak, jun, teri parchalari, rom qo‘ndirilmagan derazadan sovuq shamol kirar edi...
Militsioner qishlokdan chiqib, soydan o‘tdi. Magazinga keldi. Do‘kon berk, qorovulxonada odam ko‘rinardi. Militsioner budkaga yaqinlashdi:
— Direktor qani?
— Idoraga ketgan edi, — dedi do‘konchi.
— Borib... chaqirib keling! Birov so‘rayapti deng.
Direktor militsionerni ko‘riboq to‘xtadi va shart burilib keta boshladi. Militsioner unga yetib olib, tirsagidan ushladi:
— O’rtoq To‘raev!
— Ha, men o‘rtoq To‘raevman! Sen zamnachalnik bo‘lsang, men direktorman... Nima deysan?! - deya burildi direktor.
— Yo‘q... Sen Abdushokirsan, sen mening o‘rtog‘imsan.
— Senday o‘rtog‘im yo‘q.
— Yur magazinga. Ish bor...
To‘raev burildi. Bir necha daqiqadan so‘ng ikkovlon kulishib yo‘l yoqasida turishar, do‘konchi magazin eshigidan ularga hayratlanib qarardi...
Shukur Xolmirzayev. Sirli militsioner (hikoya)
1966